Kecha urilgan “Fargʻona qizi” bugun ham kaltak ostida – bir film tarixi


Saqlash
18:02 / 29.02.2024 2054 4

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, shu kunlarda kinomuxlislarga notanish “Fargʻona qizi” kartinasidan olingan parcha ijtimoiy tarmoqlarda aylanmoqda. Xususan,  pivoxoʻrlik bazmi aks etgan kadrlar xususida turli bahs munozaralar urchidi. Shu bois Oyina.uz “Bir asar tarixi” ruknining navbatdagi sonini mazkur kinofilm tahliliga bagʻishladi.  

 

“Fargʻona qizi” filmi

 

Yaratilgan yili: 1948-yil.

Ssenariy mualliflari: N.Gʻaniyev, M.Melkumov.

Rejissyor: Nabi Gʻaniyev.

Bosh rollarda: Y.Rizayeva (Dilbar), A.Ismatov (Jabbor ota), Xadicha Ismatova (Jamol opa), M.Yusupov (Agronom), Gʻ.Aʼloyev (Sobir) R.Pirmuhamedov (Polvon).

 

Film syujetida fargʻonalik goʻzal va shaddod kolxozchi  qiz – Dilbarning ruhiyatida sodir boʻlgan evrilishlar hikoya qilinadi. Dastlabki kadrlarda uni yirik planda koʻramiz. Mayda oʻrilgan sochlar ustidan iroqi doʻppi kiygan aktrisa Yulduz Rizayeva ijrosidagi Dilbarning qiyofasi tomoshabinni maftun etadi. Bu qizning begʻubor orzusi – kolxoz raisi boʻlgan onasining “Oltin yulduz” medali topshiriladigan teatr binosiga kirish va katta tantanada ishtirok etish. Ammo unga bilet yoʻq. Mashinada onasi bilan Toshkentga kelgan Dilbar shaharning goʻzalligini koʻrib koʻzlari quvnaydi, hayratini, havasini yashirmay, chiroyli tabassum qiladi.

 

Zavodda injener boʻlib ishlaydigan akasi Sobirjon bilan onasi Jamol opa tantanali kechaga kirib ketishganida Dilbarning ruhiyatida katta oʻzgarish roʻy beradi. U orden va medallar bilan taqdirlangan ayollarga qattiq havas qilib,  ularday boʻlishni diliga tugadi...

 

 

Film davomida paxta dalalarida koʻtarinki kayfiyat bilan mehnat qilayotgan yosh-u qarini koʻramiz. Dilbarning otasi Jabbor ota nomdor paxtakor. Uning rafiqasi Jamol opa esa shu kolxozda rais. Arzimas bir sabab boʻlib Jabbor ota xotinidan arazlaydi. Uning ustiga, majlisda Dilbar dadasining brigadasidan chiqishini, oʻzi alohida yangi yer olib, mashinalar yordamida xirmon koʻtarmoqchiligini aytadi. Qizi va rafiqasini toʻgʻri tushunmagan Jabbor ota uydan bosh olib ketadi. Film soʻngida “sovet kishisini qayta tarbiyalash kerak” koʻrsatmasiga binoan Jabbor ota xatosini tushunib, uyiga, kolxozga qaytadi. Dilbar esa film debochasida oʻzi orzu qilganidek, Toshkentdagi oʻsha katta teatrda “Sotsialistik mehnat qahramoni” unvoni bilan taqdirlanadi.

 

 

Tarixiy faktlar

 

Tasavvur qiling, 1948-yil. Ikkinchi jahon urushi tugaganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq. Urushda gʻolib sovet davlati aslida oʻta qashshoq holga kelib qolgan. Koʻplab yoʻqotilgan ishchi kuchi, janglar oʻtgan yerlarda don-dun yetishtirish murakkabligi sababli quyoshli oʻlkamiz Oʻzbekiston asosiy  ozuqa manbaiga aylangan. Ayniqsa, paxtachilikda bor eʼtibor moʻl hosil olishga qaratilgan.

 

Manbalarda keltirilishicha, Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda Oʻzbekistonda paxta yakka hokimligini shakllantirishga zoʻr berilgan. 1946-yil 2-fevralda SSSR Xalq komissarlari Soveti qabul qilgan “1946–1953-yillarda Oʻzbekistonda paxtachilikni qayta tiklash va yanada yuksaltirish rejasi va tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda davlatga paxta sotishni ikki baravar koʻpaytirish belgilangan.

 

Bu vazifani bajarish uchun oziq-ovqat yetishtirishga moʻljallangan yerlarning kattagina qismini paxtaga ajratish, yangi yerlarni oʻzlashtirish, irrigatsiya va melioratsiya ishlarini yaxshilash, qishloq xoʻjaligini kompleks mexanizatsiyalash lozim edi. “Fargʻona qizi” filmi aynan mana shu gʻoyaga yoʻnaltirilgan buyurtma film edi.

 

Targʻib qilingan gʻoya

 

Ssenariyda mamlakatda oʻzlashtirilayotgan yangi yerlarga paxta ekilayotgani, irrigatsiya va melioratsiya ishlari rivojlanayotgani, kolxozlarni kompleks mexanizatsiyalash yoʻlga qoʻyilayotgani aks etishi kerak edi. Shunday boʻldi ham. Ssenariydan farqli tarzda film juda koʻp qisqartirilgan, degan taxminimiz bor. Chunki mazmunan qiyomiga yetmagan, tomoshabinni ochiq savollarga koʻmib tashlaydigan epizodlar bisyor.

 

Bir koʻrishda “Fargʻona qizi” filmi faktlarga asoslangandek tuyuladi. Ammo yana oʻsha davr mafkuraviy koʻrsatmalarini eslasak, Jabbor ota “eskilikni” yoqlovchi antagonist, Dilbar va Jamol opa esa yangilikka intiluvchi qatlam sifatida bir-birlariga atayin qarshi qoʻyilganini sezish qiyin emas.

 

Xoʻsh, mazkur film buyurtmachiga manzur boʻldimi? Afsuski, yoʻq. Davlat buyurtmachi sifatida hamisha sovet kishisi va unga qarshi obrazlar oʻrtasida kuchli konfliktni talab qilgan. “Fargʻona qizi”da esa oʻzbekning oilasi, ota-bola, er-xotin oʻrtasidagi rishtalar muqaddasligi saqlangan. Dilbar otasiga, boshqa sovet filmlarida kuzatilganidek, betgachoparlik qilmaydi. Jamol opa ham turmush oʻrtogʻi Jabbor otaning hurmatini joyiga qoʻyadi. Diqqat qilinsa, film gʻoyaviy jihatdan davr mafkurasiga xizmat etsa-da, milliy oʻziga xos obrazlar ifodasi bilan dilga yaqin. Oʻzbekning choyxonachisi, traktorchisi, qaysar dehqoni, shaddod, mehnatsevar xotin-qizlari milliy muhitda, milliy kiyim boshda namoyon boʻladi. Ayniqsa, sof xalqona dialoglar, qoʻshiqlarni qayta-qayta eshitgingiz keladi.

 

 

Lekin film tayyor boʻlgach, badiiy kengash tomonidan ham, matbuot tomonidan ham “urildi”. Shu tariqa urushdan keyingi oʻzbek qishlogʻining manzarasidan, kelajakka umid bilan qarovchi mehnatsevar kishilar hayotidan hikoya qiladigan “Fargʻona qizi” badiiy filmi tomoshabinga koʻrsatilmay, arxivda qolib ketdi.

 

Tanqid

 

“Qizil Oʻzbekiston” gazetasining 1948-yil 29-noyabrdagi sonida “Fargʻona qizi” filmiga bagʻishlangan maqola chop etildi. Kinoasarga “partiyaviylik prinsipi” yetishmasligi, “partiya tashkiloti va qishloq kommunistlarining roli avtorlarning eʼtiboridan chetda qolganligi” taʼkidlandi. Ushbu imzosiz maqola hamda redaksiyada kechgan muhokama bilan tanishish jarayonida yana bir bor amin boʻldikki, sovetlar davri sanʼatida xoh zamonaviy, xoh tarixiy asar yaratilmasin, albatta, partiya rahbarligi, mehnatkashlar ommasining mutlaq gʻalabasi nafasi ufurib turishi asosiy talab edi.

 

Xususan, bu maqolada ham “Fargʻona qizi” haqida shunday fikrlarni oʻqiymiz: “Rus injeneri Zarubin va oʻzbek intelligensiyasining vakili Sobirjon obrazlari juda ham kuchsiz. Ularning roli, xatti-harakatlaridan tomoshabin hayratlanmaydi. Ular sxematik ravishda harakat qiladilar. ... Bizningcha, bu obrazlarni boʻrttirib yaqqol ifoda etish juda ham zarur edi... Artist Maxsum Yusupov agronom Olimjon Rahimov obrazini taʼsirsiz oʻynagan. Unda haqiqiy agronom qiyofasi koʻrinmaydi. Ekranda shahardan chiqqan olifta oshiq savlat toʻkib yuradi, xolos”.

 

 

Bu gaplar ijodiy jamoa mehnatiga berilgan bir taraflama baho edi. Boshqa tomondan shuni ham inobatga olish kerakki, bu vaqtda Nabi Gʻaniyev NKVD tomonidan kuzatuvda boʻlgan. Ehtimol, shuning uchun ham buyurtma maqola yozdirilgan. Agarda film hechqursa Oʻzbekiston kinoteatrlarida namoyish etilganida muxlislarini topardi, albatta. 1945-46-yillari “Tohir va Zuhra”, “Nasriddin sarguzashtlari” filmlarini suratga olib, Y.Rizayeva, Gʻ.Aʼloyev, A.Ismatov, R.Pirmuhamedov kabi aktyorlari bilan xalqning eʼtiboriga tushgan rejissyorning navbatdagi asari ham iliq qarshi olinishi shubhasiz edi.

 

Qarangki, oradan shuncha vaqt oʻtib, 2021-yili Rossiya Davlat arxivida saqlanayotgan “Fargʻona qizi” filmi katta saʼy-harakatlar tufayli Oʻzbekistonga qaytarildi. Youtube platformasiga qoʻyilgan film ayni damdagi maʼlumotga koʻra 80 mingdan ziyod koʻrilgan va 558 ta izoh yozilgan. Film  oxirrogʻidagi epizodlardan birida kolxozchilar paxta planini ortigʻi bilan bajarib, katta bayram qiladilar. Ularning pivoni sipqorayotgani aks etgan kadrlar zamondoshlarimizga har xil taʼsir etdi. Barcha qurbi yetgan ogʻirlikdagi toshni “Fargʻona qiziga” ota ketdi.

 

Mustamlakachilar bosimi ostida ishlangan asarlari uchun oʻz davrida nohaq “urilgan” ijodkorlar bugungi zamonda ham avlodlar tomonidan “kaltaklanmoqda”. Biz esa 16 yoshida “Tohir va Zuhra” filmida Zuhra rolini oʻynagan Y.Rizayevaning bu kartinadagi Dilbar obrazidan, Tohir rolini oʻynagan Gʻ.Aʼloyevning Sobirjon obrazidan, Boboxonni ijro etgan A.Ismatovning Jabbor ota rolidan va, umuman, barcha aktyorlarning ijro mahoratidan tomoshabin zavqlanishini istardik. Rejissyorning kasbiy mahorati hali ham katta maktab vazifasini oʻtashi mumkinligini sezishlarini, buni eʼtirof etishlarini kutgan edik.

 

Berdisini aytguncha...

 

Keyingi paytlari oʻtgan asrda yaratilgan, bugun tarixga aylangan oʻzbek filmlaridan ayrim kadrlarni qirqib, ijtimoiy tarmoqqa joylashtirish va shu bilan auditoriyani hayratga solish tendensiyasi avj olgan. Bu hayratlar esa gohida filmga yoppasiga tosh otish, gohida zamonaviy filmlar bilan behuda solishtirish tarzida ifodalanadi.

 

 

Olomonga ergashsang, “berdisini aytguncha urib oʻldirish”da ham beixtiyor ishtirok etishing turgan gap. Badiiy asarmi, kinofilm yoki boshqacha ijod mahsulimi, uning yaralish tarixini bilmay turib, “tosh otayotganlarga” qoʻshilib ketishdan Yaratganning oʻzi saqlasin. Tushunmovchiliklarni anglash uchun esa oʻtmishga biroz chuqurroq nazar tashlansa kifoya. Aslida, yaqin tariximizda qattiq ruhiy va ijodiy bosim ostida mehnat qilgan katta sanʼatkorlar faoliyati bugun hammamizga oʻrnak boʻlmogʻi kerak.  

 

Shohida ESHONBOBOYEVA,

Oyina.uz

4 Izohlar

Gulira’no

07:03 / 03.03.2024

Ajoyib maqola, umuman qiziqib yurgan edim. Shunday film nega shu paytgacha namoyish qilinmagan, uning qanday siyosiy jihatlari bor deb. Faqat “pivoxo’rlik” jarayoni to’liq yoritilmagan. Ayni shu vaziyatni “in details” bilishni xohlardim.

Mardon

01:03 / 03.03.2024

Diqqat qilinsa, film gʻoyaviy jihatdan davr mafkurasiga xizmat etsa-da, milliy oʻziga xos obrazlar ifodasi bilan dilga yaqin... Demak, film mafkurasiga e'tibor bermasdan, aktyorlarning mahoratidan qoil qolishimiz kerak ekanda. Taxmin qilaman. Maqola egasi, Shohida ESHONBOBOYEVA savet odami.

Мирзаев

19:03 / 02.03.2024

Shohida opa, baraka toping, haqiqatni aytganingiz uchun.

Maqsuda

15:03 / 02.03.2024

O'qib xursand bo'ldim! Yaxshi va o'z vaqtida qilingan tahlil bo'libdi. Ijodkorlarga omad qo'lingiz dard ko'rmasin! Ozgina bo'lsayam ulug' san'atkorlarning mehnati, eng qiyin paytlarda ham xalqini sotmagani, sevgani insonni ta'sirlantiradi. Afsuski sof insonlar, kuchlik shaxslar hamma zamonlarda ham jamiyatga sig'magan!

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 286
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17503
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//