Kinotavsiya: Yaponcha vatanparvarlik, baxtsiz askarlar va urush fojialari tasvirlangan film – “Ivozimidan xatlar”


Saqlash
12:03 / 11.03.2024 871 0

Insoniyat paydo boʻlganidan beri urushlar unga hamroh. Ularning aksariyati arzimas sabablar, maʼnosiz harakatlar bilan boshlanib, shafqatsiz janglarga aylangan. Shulardan biri 1945-yil, Tinch okeanidagi Ivozimi orolida sodir boʻladi. Amerikalik mashhur aktyor va rejissyor Klint Istvud ushbu ayovsiz jangni tasvirlovchi ikki film – “Ivozimidan xatlar” va “Otalarimiz bayroqlari”ni suratga olgan hamda urush kayfiyati, vatanparvarlik ruhini ikki mamlakat rakursidan koʻrsatib bergan.

 

 

Kartinaga asos boʻlgan Ivozimidagi jang qanday boshlangan?

 

1944-yilning oxiriga kelib, Yaponiya birlashgan floti AQSH dengiz floti tomonidan tor-mor etiladi va Tinch okeanida hukmronlik Amerika qoʻliga oʻtadi. Shundan so’ng AQSh harbiy-havo kuchlari bevosita Tokioga havo hujumlarini amalga oshira boshlaydi. Biroq aeroportlardan Tokiogacha masofa juda uzoq, shu bilan birga Ivozimi orolida joylashgan yapon garnizoni Tokiodagilarni AQSh samolyotlari hujumidan oldindan xabardor qilib turardi. Natijada Amerika qoʻmondonligi ushbu kichik, kimsasiz, biroq strategik jihatdan muhim orolni egallashga qaror qiladi.

 

Yaponiya rahbariyati Ivozimi tez orada blokada qilinishini sezadi va orolga qoʻshimcha harbiy kuchlar hamda tajribali general-leytenant Tadamichi Kuribayashini yuboradi. Kuribayashi AQShda taʼlim olgan (mashhur Harvard universitetida oʻqigan) va xizmat qilgan boʻlib, samuraylar avlodidan edi. Bundan tashqari u imperator bilan ham yaqin boʻlgan. Aynan uning jangovar mahorati sabab yaponlar amerikaliklarga qattiq qarshilik koʻrsatadi va kichik orol uchun jang bir oyga choʻziladi. Natijada AQSh dengiz piyodalari korpusi ushbu operatsiyada oʻz tarixidagi eng koʻp qurbonni beradi (5 mingdan ortiq dengiz piyodasi halok boʻladi). Yaponiya esa 20 mingdan ortiq askaridan ayriladi, shu jumladan, general Kuribayashidan ham. Ivozimi janggi AQSh va Yaponiya tarixida juda mashhur boʻlib, gʻolib askarlarning oroldagi Suribati choʻqqisiga bayroq oʻrnatish jarayoni AQShda Ikkinchi jahon urushi ramzlaridan biriga aylangan va unga atab haykal ham oʻrnatilgan.

 

 

Urushda baxtlilar emas, gʻoliblar boʻlishi haqidagi film

 

Film ikki bor “Eng yaxshi erkak aktyor” nominatsiyasi boʻyicha Oscar mukofoti sovrindori boʻlgan Klint Istvud tomonidan suratga olingan. Istvud avvaliga Ivozimi jangini amerikalik askar koʻzi bilan tasvirlovchi “Otalarimiz bayroqlari” filmini tomoshabinlarga taqdim etadi. Oradan koʻp oʻtmay, xuddi shu jang yaponiyalik harbiylar tomonidan hikoya qilinuvchi “Ivozimidan xatlar” filmi ekran yuzini koʻradi. Bu bilan Istvud urushlar har ikki tomon uchun ham dahshatli va ogʻriqli ekani, har ikki tarafda ham oddiy insonlar jang qilishini taʼkidlashga uringan.

 

Har ikki filmda urush fojialari haqida hikoya qilingan boʻlsa-da, “Ivozimidan xatlar” kuchli vatanparvarlik, anʼanalarga sodiqlik, urushga oʻlimni tan olib borish kabi tuygʻularni boricha tasvirlagani bilan ajralib turadi. Filmda oddiy askar Saygo va general Kuribayashi xatlari jonlantiriladi. Lavhalar harbiy xronikalardagi kabi kulrang rangda koʻrsatiladi, faqatgina qon va oʻt ochish sahnalari bo’yoqlashtirilgan (Shu jihatda Spilbergning “Shindler roʻyxati”dan ilhomlanilgan. Darvoqe, Spilbergning oʻzi ham ushbu filmning prodyuserlaridan biri boʻlgan). 

 

 

Kinoda katta miqyosdagi epizodlar, shafqatsiz jang, oʻz joniga qasd qilish sahnalari va ajoyib dialoglar mavjud. Ivozimida amerikalik askarlarga qarshi qandaydir maxluqlar emas, oddiy insonlar kurashgandi. Ular ham onasidan xatlar olgan, uyga qaytishni, jang qilmaslikni xohlagan. Biroq hukmron qatlam gʻoyasi, vatan oldidagi burch sabab oxirigacha kurashishga majbur boʻlishgan. Kartina amerikalik rejissyor va jamoa tomonidan suratga olinganiga qaramay, ijodkorlar filmda xolis, haqiqiy manzara yaratishga uringan. Masalan, taslim boʻlgan, qurolsiz, yarador ikki yapon askarining amerikalik askarlar tarafdan otib tashlanishi amerikaliklar ham “oppoq” emasligini koʻrsatadi. Haqiqiy urushda ham 1945-yildan boshlab amerikaliklar tirik, sogʻlom yapon askarlarini asirga olishni toʻxtatgan va ularni uzoqdan turib oʻldirgan. Chunki yapon askarlari dushman ularga yaqinlashganida granata portlatib, amerikaliklarni ham oʻzi bilan birga oʻlimga mahkum qilgan.

 

Kartinada aktyorlar oʻz rollarini mahorat bilan ijro qilib, tomoshabinga yapon xalqi ruhiyatini yetkazib bera olgan. Umuman, filmda urush va yapon xalqi xarakteri asosiy planda tursa-da, unda haddan ortiq vatanparvarlik va uning oqibatlari, anʼanalarga koʻr-koʻrona sodiqlik (konservatizm), oddiy askarlar hayotiga befarqliklar ham mohirona, ta’sirchan tarzda tasvirlanadi.

 

 

“Ivozimidan xatlar” bir qancha muvaffaqiyatlarga erishadi. 19 million dollar byudjetga ega film qariyb 69 million dollar mablagʻ toʻplagan. Kartina “Oltin Globus” mukofotining “Xorijiy tildagi eng yaxshi film” sovrinini qoʻlga kiritgan. Kartina Oscar-2007ʼda ham toʻrt nominatsiya boʻyicha gʻoliblikka daʼvogarlik qilgan va yakunda “Eng yaxshi ovoz montaji” yoʻnalishida Oscar mukofoti sohibi boʻladi. Ikki bor Oscar sovrindori boʻlgan Istvud uchun bu ham ancha yaxshi natija boʻlgan, deyish mumkin. Shuningdek, “Ivozimidan xatlar” Yaponiyada ham mashhurlikka erishadi. Film Yaponiyaning III darajali “Porlayotgan quyosh” ordeniga loyiq koʻrilgan.

 

Baʼzi kamchiliklar(masalan, kadrlarning qaytalanishi)ga qaramasdan, “Ivozimidan xatlar”ni eng yaxshi harbiy filmlar roʻyxatiga kiritish mumkin. Unda harbiy kayfiyat, harbiy hayot, urushda tez-tez yuz beradigan tushkunlik ruhi ufurib turadi. Kinoda jang sahnalari ham ishonarli chiqqan. Istyudning ushbu filmidan urushlar maʼnosizligi, shafqatsizligi, vatanparvarlik har bir insonning burchi ekani, lekin hech qachon insoniylikni yoʻqotmaslik kerakligi haqidagi gʻoyalarni olish mumkin.

 

Muhammadqodir SOBIROV,

Oyina.uz

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 283
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17501
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//