Nurab borayotgan Buxoro obidalari – nega hokimlik milliardlarni tarixiy imoratlar taʼmiriga emas, sunʼiy park uchun sarflashga bel bogʻlagan?


Saqlash
12:03 / 14.03.2024 1740 2

Buxoro viloyati hokimligi jamoatchilikning koʻplab noroziliklari, arxitektura xavflari, YuNESKOning ogohlantirishlariga qaramay, Buxoroda sayyohlar uchun tarixiy-etnografik park qurmoqda. Viloyat hokimi Botir Zaripov noroziliklarga javoban, ushbu loyiha sayyohlar uchun jozibador boʻlishi, ularning oqimini koʻpaytirishini aytib oʻtdi. Demak, loyihaning maqsadi Buxoroga turistlarni koʻproq jalb etish. Ammo ushbu yangi qurilishlar uchun milliardlab mablagʻ sarflanayotgan bir vaqtda sayyohlar uchun haqiqatdan ham qiziq boʻlgan, shaharning ming yillik tarixidan shohidlik beruvchi, oʻtmishdagi ulugʻvorlik va bilim ramzi boʻlib kelayotgan tarixiy obidalarning aksariyati yarim xaroba holatda ekaniga nima deysiz? Ular bir necha yillardan buyon tuganmas restavratsiyada yoki umuman eʼtiborda chetda qolgan. Oyina.uz Buxorodagi shu kabi qadimiy va qimmatli bir necha binolarning bugungi holati haqida foto-reportaj tayyorladi.

 

Abdulazizxon madrasasi

 

 

Ushbu inshoot 1651-1652 yillarda Ashtarxoniylar sulolasidan boʻlgan oʻzbek hukmdori Abdulazizxonning mablagʻi va farmoni bilan oʻsha vaqtdagi saroy meʼmori Muhammad Solih boshchiligida barpo etilgan. Oʻz zamonasidan buyon Abdulazizxon madrasasi oʻzining hashamati, badiiy bezaklarga boyligi jihatidan Buxoro obidalari orasida alohida oʻringa ega boʻlib kelgan. Ammo bugungi kunga kelib, bu bezaklar ohoridan ayrilib, nurab bormoqda.

 

 

 

Madrasa Buxoroning Eski shahar qismida joylashgani uchun ham doim sayyohlar bilan gavjum boʻladi.

 

 

 

Inshoot atrofida koʻp yillardan buyon ishlaydigan tadbirkorning soʻzlariga koʻra, u bu yerda ishlashni boshlaganidan buyon bino doimiy taʼmirda, biroq deyarli hech qanday oʻzgarish yoʻq.

 

 

 

Imorat 1993-yili “Buxoro shahrining tarixiy markazi” tarkibi sifatida YuNESKOning Butunjahon merosi obyektlari roʻyxatiga kiritilgan, 1997-yilda esa umumiy taʼmirdan chiqqan.

 

 

Keyinroq uning yon tomonlarini buzib, qayta tiklamoqchi ham boʻlishgan. 2019-yili Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish inspeksiyasi Buxoro viloyat boshqarmasi OAVga madrasaning holati oʻrganilayotgani, tadqiqot ishlari tugallangach, tez orada loyiha ishlab chiqilishi va rekonstruksiya boshlanishini aytgandi

 

 

O‘shanda Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasining Buxoro va Navoiy viloyatlari bo‘yicha mintaqalararo davlat inspeksiyasi​ bergan xabarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash direksiyasi mablag‘lari hisobidan, Abdulazizxon madrasasida 2019 yilda ta'mir ishlarini ishlari amalga oshirish rejalashtirilgan.

 

 

Ammo oradan qariyb besh yil oʻtgan boʻlsa ham ahvol deyarli oʻzgarmagan. Bino hozir ham rasman taʼmirda, biroq negadir imoratni taʼmirlayotgan ustalarni ish joyidan emas, pastki hujralardan topasiz.

 

 

Albatta, “Bu tabiiy jarayon, sayyohlar tabiiylikni xush koʻradi” deyishimiz mumkin (sunʼiy etno-shaharcha qurayotganlarning bunday deyishi, oʻylashi qiyin), biroq bu nafaqat tabiiy koʻrinish, balki nurash, xarobaga aylanish hamdir.

 

 

 

Tarixiy binolar tez fursatda restavratsiyadan chiqmaydi, albatta, biroq taʼmirlash ishlari hozirgi “tezlik”da davom etsa, Abdulazizxon madrasasi qulaganda ham taʼmirlash hanuz tugamagan boʻladi. Madrasaga oʻz qiyofasini qaytarish uchun koʻproq mutaxassislar, ustalar va shubhasiz, kattagina mablagʻ kerak, bizningcha.

 

 

Ulugʻbek madrasasi

 

 

1417-yili temuriy Ulugʻbek mirzo tashabbusi bilan qurilgan ushbu madrasa qarshisidagi Abdulazizxon madrasasidan birmuncha yaxshi ahvolda boʻlsa-da, juda jozibador holatda deb ham boʻlmaydi.

 

 

Oʻz davrida mintaqa ilm-fani markazlaridan biri boʻlgan binoda taʼmirlash ishlari ketayotganiga qaramay, bu yerda ham ustalarni ish joyidan topishingiz mushkul.

 

 

 

Balki bunga uzoq vaqt davom etayotgan taʼmirlash ishlari, yaxshi yoʻlga qoʻyilmagan, vaqtida yetkazilmaydigan taʼminot sababdir.

 

 

Xoʻja Kalon masjidi

 

 

Gavkushon ansambli tarkibiga kiruvchi ushbu masjid 1573-1579 yillari, qudratli Abdullaxon II davrida bunyod etilgan. Masjid oʻsha davrning obroʻli kishilaridan biri, Joʻybor shayxi Xoʻja Sad yoxud Xoʻjayi Kalon (katta xoʻja) nomi bilan atalgan.

 

 

2020-yili ushbu masjid oldidagi hovuz Buxoro shahar hokimligi tomonidan buzilgan va muhokamalar markaziga aylangandi. Oʻshanda Madaniy meros departamenti bu buzib-qurishga norozilik bildirgan va Bosh prokuraturaga xat kiritgan edi.

 

 

2022-yilda esa Madaniy meros agentligi Buxorodagi 20 ta madaniy meros obyektida restavratsiya va konservatsiya ishlari olib borilayotgani, ular ichida Xoʻja Kalon masjidi ham borligini maʼlum qildi.

 

Oradan bir yil oʻtib, Buxoro shahar hokimligi ham Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-martdagi 110-sonli “2022-yilda turizm va madaniy meros obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Xoʻja Kalon masjidida Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazining malakali usta-restavratorlari tomonidan restavratsiya, konservatsiya, taʼmirlash-tiklash va obodonlashtirish ishlari olib borilayotganini xabar qildi va jarayon suratlarini ulashdi.

 

 

2024-yil, 7-mart kuni Oyina.uz jurnalisti tomonidan olingan rasmlarda masjidda restavratsiya hali ham davom etayotganini, ishlarda katta oʻzgarish boʻlmaganini koʻrishingiz mumkin. Inshoot taʼmiri bilan bor-yoʻgʻi toʻrtta usta shugʻullanmoqda.

 

 

Ularning soʻzlariga koʻra, taʼmirlash ishlari boshida jadal ketgan, ammo keyinroq moliyaviy qiyinchiliklar boshlangan. Koʻpchilik ustalar oylik maosh kamligi va oʻz vaqtida toʻlanmagani bois xorijga ishga ketgan. Ayni paytda bu yerda ishlayotgan ustalarning ham ikki oylik mehnat haqi hali toʻlanmagan.

 

Xalq uyi yoxud Sadriddin Ayniy teatri

 

 

1920-1923-yillarda qurilgan ushbu inshoot XX asrdagi oʻzbek meʼmorchiligi, siyosiy hayotida juda muhim oʻrin tutadi. Aynan shu binoda 1924-yili Oʻzbekiston respublikasi “tugʻilgan”, ilk oʻzbek kinokompaniyasi – “Buxkino” tashkil etilgan.

 

 

Xalq uyi “mavritancha” arxitektura uslubida bunyod etilgan boʻlib, u Oʻzbekistonda sovet davri arxitekturasiga oʻtish davrini boshlab bergan.

 

 

2021-yili Gazeta.uz nashri tomonidan chop etilgan maqoladan soʻng oʻn yildan buyon deyarli xaroba holda yotgan bino eʼtiborga tushgandi. Shu yili Madaniy meros agentligi Sadriddin Ayniy nomidagi sobiq musiqali drama teatri binosini 2022-yili respublika byudjetining 64.5 milliard soʻm mablagʻi asosida taʼmirlash rejalashtirilganini maʼlum qildi.

 

 

Ammo 2024-yilning 7-mart kuni holatiga koʻra, Xalq uyida restavratsiya hali boshlanmagan va maʼlum boʻlishicha, demontaj ishlari hozirgacha tugallanmagan.

 

Madaniy meros agentligi Xalq uyiga borgan Oyina.uz jurnalistiga qiymati 45 milliard soʻm etib belgilangan restavratsiya va demontaj ishlari qanday ketayotganini koʻrishga ruxsat bermadi. Holbuki, inshootda hech qanday taʼmirlash ishlari ketmayotgandi. Ammo tashqaridan ham katta tarixiy ahamiyatga ega bino hali-beri foydalanishga topshirilishi dargumonligini payqash qiyin emas.

 

 

Buxorodagi boshqa tarixiy yodgorliklarda ham shunday eʼtiborsizlik, loqaydlikni kuzatish mumkin. Buxoro viloyati hokimligi esa sayyohlarning Buxoroga kelishiga asosiy sabab boʻlgan bir necha asrlik ushbu obidalarni saqlab qolish oʻrniga, bir necha trillion soʻmni sunʼiy etnopark qurishga sarflamoqchi. Gʻalati mantiq. Bizningcha, hokimlik chindan ham Buxoroni yanada goʻzal, sayyohlar uchun jozibador qilishni istayotgan boʻlsa, eng avvalo tarixiy obidalar bilan bogʻliq yuqoridagi muammolar mavjudligini tan olishi va ularni hal qilishi lozim. Chunki yuz yillar davomida turli talafotlarni boshdan kechirgan, oʻzbekning kechmishiga guvoh boʻlgan ushbu qimmatli imoratlar bu ketishda koʻpga bardosh bermaydi. Keyin ularning oʻrnini hech qaysi sunʼiy parklar bilan toʻldirib boʻlmaydi.

 

Muhammadqodir SOBIROV,

 

Oyina.uz

2 Izohlar

Munojot Adilova

11:03 / 17.03.2024

Muhammadqodir juda kerakli mavzuni koʻtaribsiz.Endi bu masalaga mas’ullar ham bir qarasa yaxshi ish boʻlardi. Bir oy oldin MoxxiXosaga borib koʻnglim togʻday bioʻlib keldi lekin toqi va timlarimiz juda xarob ahvolda ekani juda qaygʻuli holat.ayniqsa Nodir devonbegi majmuasi juda achinarli, hatto xodimlarga sharoit yoʻq.hamma joy chang ekspanatlar chirib krtyapti,devorda osilgan xurjun borgan sari yoʻq bop ketyapti.😭

Rustam

20:03 / 14.03.2024

Fikringizga qöshilaman. Özim Buxoroda eski shahar qismida 4 yil yashaganman. Eski shaharni ichkari qismlarda bundan ham abgor ahvoldagi binolar bor. Hali ham o'zgarmapti. Nimadir qilish kerakdir. Bunga javobgarlar bilan matbuot anjumani ötkazish kerakdir balki. Balki insonlar e'tiborga köproq tushsa keyin e'tibor qaratishar. Hamma blogerlar, jurnalistlarni olib tur ötkazib xalq asl ahvolini yetkazish kerak. Binolarimizni saqlab qolish kerak.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 283
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17501
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//