Insoniyat tinchlikda yashashga haqli


Saqlash
15:04 / 03.04.2024 458 0

Biz yashayotgan asr insoniyat uchun siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy taraqqiyot, ilm-fan va texnologiyalarda salmoqli yutuqlar davri bo‘ldi. Shu bilan bir qatorda, davlat va jamiyat barqarorligi, insoniyat erkinligi, hayoti uchun turli ko‘rinishdagi tahdidlar soni ko‘paydi. Mana shunday murakkab vaziyat va globallashuv sharoitida mamlakatlar rivoji, ulardagi xalqlar turmush sharoitlarini yaxshilash, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda davlat tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar ko‘lami, dolzarbligi ortdi. Nafaqat siyosiy, iqtisodiy sohalarni, shuningdek, gumanitar, ma’naviy, ma’rifiy, madaniy sohalarni ham takomillashtirish, tegishli ma’muriy islohotlar olib borish aktual vazifa ekanligi ayon bo‘ldi.

 

Yangi davrdagi siyosat, iqtisod, jamiyat siyosiy, mafkuraviy, harbiy tahdidlar kabi turli ijtimoiy fenomenlar bilan yuzlashmoqda. Dunyoning geosiyosiy modeli shunday murakkab, muvozanatsiz, o‘ziga xos o‘tish davridaki, har qanday ijtimoiy hodisalar siyosiy-ijtimoiy jarayonlar dinamikasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

 

Oxirgi yillarda radikalizmga qarshi kurashish masalasi global masshtablarda muhimligi jihatidan har qachongidan ko‘ra dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Jahon hamjamiyati davlatlarida sodir bo‘layotgan notinchlik, davlat va jamiyat beqarorligi, terrorizm xurujlari bu illatlarga qarshi kurashishda yanada faolroq va oqilona harakat qilishni taqozo etadi.

 

Joriy yilning mart oyida Moskva shahrida joylashgan Krokus markazidagi terroristik xuruj jahon hamjamiyatchiligini dahshatga soldi. Bu birgina Rossiya uchun musibat emas, balki butun insoniyat uchun tahdid sifatida ko‘rilishi lozim bo‘lgan fojia. Bugungi globalizatsiya sharoitida bir mamlakat hududida yuz bergan terroristik hujumlar boshqa davlatlar jamiyatida ham o‘ziga xos aks-sado beradi. Bugungi kun terrorizmi zamon va makon, hudud bilan chegaralanmaydi. Uning tahdid kuchi har qanday chegaralarni oshib o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lib bormoqda. Ushbu tahdidga befarqlik ko‘plab jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

 

Xalqaro hamjamiyat taraqqiyotiga jiddiy xavf tug‘dirayotgan zamonaviy tahdidlardan biri radikalizm hisoblansa, uning eng ayanchli ko‘rinishi terrorizmdir. “Tahdidning yana bir manbai – terrorchilar va boshqa jinoiy guruhlarning harakatlaridir. So‘nggi yillarda sodir etilgan terrorchilik harakatlari bunday tahdidlarning tobora jiddiy tus olayotganini ko‘rsatmoqda”, deya ta’kidlagan edi Prezidentimiz o‘zining “Yangi O‘zbekiston – taraqqiyot strategiyasi” asarida. Bundan bir necha yillar oldin aytilgan bo‘lishiga qaramasdan, bu ta’rif bugungi kunda ham o‘zining aktualligiga ega.

 

Har bir terroristik akt ekstremistik faoliyat natijasi, radikalizmning g‘oyaviy asosiga tayanadi. Shu jihatdan terror harakatlarini radikalizm bilan bog‘lash odat tusiga aylangan. Biroq, uni diniy motivlar bilan bog‘lash doim ham mantiqan to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Krokus markazidagi terror hujumlari borasida turlicha talqinlar berildi va berilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, ushbu hujumlarning diniy motivlarga asoslanganligi hanuz isbotini topganicha yo‘q.

 

Millat, hudud, zamon bilmas terrorizmga qarshi goh muvaffaqiyatli, ba’zan samarasiz kurash davom etmoqda. Uning turli ko‘rinishlari zamonaviy siyosiy jarayonlar va tendensiyalarga mos ravishda turlanib, moslashib, takomillashib bormoqda.

 

Terrorizm – o‘ta murakkab, oqibati ayanchli ijtimoiy fenomen. U buzg‘unchilik, zo‘ravonlik, insonlar hayotini barbod qilish, davlatlar va jamiyatlar barqarorligi va xavfsizligini izdan chiqaruvchi illat. Turli mintaqalarda, ko‘plab vaziyatlarda, terrorchi kuchlarga nisbatan turlicha munosabatning mavjudligi jihatidan unga aniq ijtimoiy hodisa sifatida umumiy ta’rif berish murakkab. Terror usullaridan konservativ, siyosiy, diniy, millatchi ruhdagi kuchlar ham foydalanishi mumkin, lekin ularning asosiy mazmuni, mohiyati va muddaolari aniq maqsad va siyosiy tusga ega bo‘ladi.

 

Terrorizmning eng xavfli jihati – zamonaviy globalizatsiya sharoitida hudud bilmasligi, uning uchun yopiq yoki daxlsiz hududning mavjud emasligidir. Dunyo hamjamiyatining barcha davlatlari mazkur illat bilan yuzlashishi ehtimoli juda yuqori.

 

Ta’qib, zo‘ravonlik, qo‘poruvchilik va qotillik terrorizmning har qanday ko‘rinishi uchun umumiy xususiyat bo‘lib, bularning barchasi insonparvarlik g‘oyalari, bag‘rikenglik, demokratiya, adolat tamoyillariga ziddir. Shu jihatdan, qanday niqob va maqsad ostida amalga oshirilmasin, mohiyatan, terrorizm – butun bashariyatga, taraqqiyotga, barqarorlikka, ezgulik va tinchlikka qarshi ijtimoiy xarakterdagi jinoyatdir.

 

Muayyan muddat o‘tib Krokus fojiasining asl ijrochilari, ularning maqsad va muddaolari ayon bo‘ladi. Lekin, bundan kimga qanday foyda bor. Teraktda qurbon bo‘lganlar oilalarining musibati yengil bo‘lib qolmaydi. Vaqt har qanday dardni davolaydi. Biroq insonlar qalbidagi ma’naviy, ruhiy jarohat asoratlari uzoq muddat saqlanib qoladi. Rossiya xalqi boshidan kechirgan fojianing mazkur asoratlari osonlikcha barham topadimi...

 

O‘zbekiston rahbariyati birinchilardan bo‘lib Rossiya xalqiga o‘zining hamdardligini bildirishi ham ramziy ma’noda katta ahamiyatga ega. O‘zbekiston doimo tinchlik, barqarorlik tarafdori bo‘lib kelgan. O‘zbekiston hech qachon jahon hamjamiyatida yuz berayotgan siyosiy, harbiy, ma’naviy tazyiqlarni qo‘llash siyosati tarafdori bo‘lmagan. Ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi doimo bag‘rikenglik, insoniylik, tinchlik va birdamlikni qo‘llab kelgan. Bugungi global muammolarni hal etish va uning samarasi dunyo hamjamiyatining birgalikdagi sa’yi-harakatlariga bog‘liq ekanligini ta’kidlash – Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim doktrinalaridan biridir.

 

Krokus fojiasi insoniyat xavfsizligini ta’minlashning zamonaviy yondashuvlarini ishlab chiqish zaruratini ko‘rsatdi. Hech bir hudud, davlat, jamiyat, millat bu kabi tahdidlardan xoli deb bo‘lmaydi. Bugungi kun haqiqati hushyorlikni, hamjihatlikni, birdamlikni talab qiladi.

 

Sarvarjon G‘AFUROV,

Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar

instituti bo‘lim boshlig‘i,

siyosiy fanlar doktori, professor

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19967
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17622
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//