Josuslikdagi inqilob – Pegasus loyihasi. Qanday qilib prezidentlar va sizning telefoningizni buzib kirish hamda kuzatish mumkin?


Saqlash
15:04 / 05.04.2024 1182 0

2021-yilda bir qancha davlat hukumatlari va maxsus xizmatlari Isroilning NSO Group kompaniyasiga tegishli dasturiy ta’minot orqali mamlakatdagi huquq himoyachilari va jurnalistlarni kuzatgani ma’lum bo‘ldi. O‘shanda isroilliklar yaratgan Pegasus dasturi smartfonlarga sezdirmasdan “kirib”, ulardan xabar, fotosurat va elektron pochta xabarlarini o‘g‘rilash, qo‘ng‘iroqlarni yozib olish va mikrofon hamda kameralarni yashirincha faollashtirishga imkon berishi aytilgan edi.

 

Pegasus dasturi o‘zi nima?

 

Pegasus – bu Isroilning NSO Group kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan dasturiy ta’minot bo‘lib, uni Android va iOS operatsion tizimlariga ega telefonlarga o‘rnatish mumkin. Dastur smartfonga “kirib olishi” uchun foydalanuvchi oldindan tayyorlab qo‘yilgan havolani bir marta bosishi yetarli. Pegasus dasturchiga foydalanuvchining ijtimoiy tarmoqlari va elektron pochtasidagi yozishmalar, fotosuratlar, audio va video yozuvlariga kirish, shuningdek, egasiga bildirmasdan qurilmada mikrofon yoki kamerani ishga tushirish imkonini beradi.

 

 

Ushbu soft (dasturiy ta’minot) nomi ilk bor 2010-2016-yillarda omma e’tiboriga tushdi. Rasmiy ravishda, hukumatlar uni terrorchilar va ayniqsa, xavfli jinoyatchilarni kuzatib borish uchun sotib oladi. Biroq, jurnalistlar va huquq himoyachilari 2021-yilda Pegasus dasturidan nafaqat jinoyatchilar, balki jurnalistlar, faollar, huquqshunoslar va umuman muxolifatni kuzatish hamda ularga bosim o‘tkazish uchun foydalanilganini aniqladi. Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi (OCCRP), Amnesty International hamda The Washington Post, The Guardian va Suddeutsche Zeitung kabi yetakchi jahon ommaviy axborot vositalari bir necha oy davomida tekshiruv loyihasi ustida ishladi va dunyo bo‘ylab 11 davlatda insonlar smartfonlar orqali kuzatilganini aniqladi.

 

Dastur takomillashmoqda, bu bilan barobar xavflar ham

 

Bugungi kunga kelib, Isroil kompaniyasining ishlanmasi yana-da kuchli kiberkuzatuv vositasiga aylanib boryapti. Agar ilgari telefonga “kirib olish” uchun uning egasi havolani bosishi kerak bo‘lgan bo‘lsa, endilikda Pegasus iOS qurilmalariga tashqi yordamisiz butunlay sezdirmasdan va jimgina “kira oladi”.

 

Qirqdan ortiq mamlakatlarning politsiya va milliy xavfsizlik xizmati ushbu dasturdan foydalanadi. Pegasus hozirda bozorda mavjud bo‘lgan eng kuchli josuslik dasturi hisoblanadi.

 

Har bir muvaffaqiyatli “kirish” smartfonni tom ma’noda to‘liq boshqarishga imkon beradi: dastur telefon orqali geolokatsiyaga kiradi, elektron pochta yozishmalari, matnli xabarlar, ma’lumotlar, fotosuratlar va videolarni ushlaydi hamda istalgan vaqtda qurilmaning mikrofoni va kameralarini masofadan turib faollashtiradi.

 

 

Giyohvand moddalar savdosi va terrorchilarni kuzatish hamda aniqlash uchun mo‘ljallangan Pegasus hozirda boshqa maqsadlar quroliga aylandi. Xususan, diktaturalar undan muxolifat, jurnalistlar va hukumatga qarshi har qanday odamni kuzatishda bemalol foydalanmoqda. Kiberkuzatuv qurolining keng ko‘lamli va muntazam nazorati eng asosiy inson huquqlariga, jumladan shaxsiy daxlsizlik, so‘z va matbuot erkinligiga tahdid tug‘diradi va demokratiyaga rahna soladi.

 

Ilk mijozdan katta siyosiy mojarolargacha

 

Fransiyaning Le Monde nashri ma’lumotlariga ko‘ra, 2010-yillar boshida Pegasus birinchi marta boshqa davlatga eksport qilingan. Dastlabki xaridor — Meksika. Ushbu mamlakatdagi bir nechta turli mijozlar ushbu ishlanmadan giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish, shuningdek, advokatlar, jurnalistlar va siyosiy raqiblarni kuzatishda foydalangan. Chunonchi, Pegasus yordamida meksikalik mashhur narkobaron El Chaponi qo‘lga olingan.

 

Dastlabki yillarda inson huquqlari buzilishi bilan bog‘liq boshqa holatlar kabi Pegasus ham ommaviy axborot vositalari e’tiboridan chetda qoldi. Faqatgina 2018-yil 2-oktabr kuni Saudiya Arabistonining Turkiyadagi konsulligida o‘ldirilgan dissident va jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘limida bilvosita Pegasusdan foydalanilgani haqidagi ayblovdan so‘ng dastur butun dunyoga mashhur bo‘ldi. 2018-yil dekabr oyi boshida Qoshiqchining Kanadadan boshpana topgan do‘sti Umar Abdulaziz NSO Group ustidan shikoyat qiladi. Shundan so‘ng Kanadadagi Toronto universitetining josuslik dasturlarini tahlil qilishga ixtisoslashgan bo‘limi – Citizen Lab Umar Abdulazizning telefonini o‘rganadi. Natijada telefon Pegasus bilan zararlangani va buning ortida Saudiya Arabistoni hukumati turganini ma’lum qiladi. Ushbu dastur yordamida Saudiya maxsus xizmatlari Jamol Qoshiqchi o‘z do‘stiga yuborgan yuzlab xabarlar bilan tanishishga muvaffaq bo‘lgan. Shuningdek, Qoshiqchining oʻlimidan 6 oy oldin unga yaqin boʻlgan ikki ayol, jumladan, rafiqasining telefoni ham Pegasus orqali kuzatilgan. Tabiiyki, NSO Group rasman ushbu ishga aloqadorligini rad etdi, ammo dalillar unga qarshi ishladi.

 

Isroil hukumatining quroli

 

Pegasusni tadqiq qilgan mutaxassislar NSO kompaniyasi Isroil hukumati, xususan, Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda ishlashini ta’kidlashadi. Aynan vazirlik eksport ruxsatnomalarini berish orqali NSO Group kimga Pegasus’ni sotishi mumkinligini hal qiladi. NSO Group'ga yaqin manbaning shaxsi sir saqlanib qolish sharti bilan Forbidden Stories nashriga bildirishicha, Isroil hukumati o‘z mamlakati, shuningdek, AQSh va Rossiyadagi fuqarolariga Pegasus'ni sizdirishni taqiqlagan.

 

 

Jurnalistlarning tasdiqlashicha, ishlanma allaqachon Isroilning “yumshoq kuch” vositasiga aylangan. Ba’zida josuslik dasturlari davlatlarga Isroil bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatish yoki tiklash sharti sifatida, aloqalar yo‘lga qo‘yilishidan oldin sotilgan. Marokash bunga misol.

 

Pegasus'ni boshqa mamlakatlarga sotishda Isroil, birinchi navbatda, inson huquqlarini emas, balki o‘zining geostrategik manfaatlarini hisobga oladi. Buni Marokash, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni va Ozarbayjonga eksportlar tasdiqlaydi.

 

Shu bilan birga, Tel-Aviv Pegasus sotilgan mamlakatlarda dasturiy ta’minot yetkazib beruvchisi o‘laroq, o‘z ayg‘oqchilik faoliyatini ham olib bora oladi.

 

Hatto prezidentlar ham Pegasusdan himoyalanmagan

 

2019-yili Facebookga tegishli WhatsApp tarmog‘i muhandislari bir guruh hakerlar ilovaning Android versiyasidagi xavfsizlik bo‘shlig‘idan foydalanib, telefonlarga NSO Group josuslik dasturini “kiritganini” aniqladi. Jami 1400 dan ortiq WhatsApp foydalanuvchisining smartfonlari “zararlandi”. Ularning orasida yuzlab jurnalist, ijtimoiy faollar va huquq himoyachilari bo‘lgan.

 

 

Ammo Pegasus bilan bog‘liq eng katta rezonansga sabab bo‘lgan xabar 2021-yili paydo bo‘ldi. Gap shundaki, 2019-yili Marokash xavfsizlik xizmati tomonidan Pegasus bilan “zararlantirish” uchun tanlangan raqamlar ro‘yxatida Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning muntazam foydalanadigan raqamlaridan biri, shuningdek, uning Bosh vaziri Eduard Filipp va yana o‘n to‘rtta o‘sha paytdagi vazirlarning telefon raqamlari bor edi. Ushbu hujjat qayerdan, qanday sizdirilgani oshkor bo‘lmagan. Biroq, “Le Monde” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Marokash xavfsizlik xizmatlari Pegasus orqali o‘n mingdan ortiq raqamga “kirishga” uringan va ularning taxminan 10 foizi Fransiya raqamlari bo‘lgan. Emmanuel Makronning zararlangan deb tahmin qilingan telefonining texnik tahlili unda Pegasus izlari borligini ko‘rsatdi.

 

Amnesty International tashkilotining Xavfsizlik laboratoriyasi o‘tkazgan tahlil shuni ko‘rsatdiki, Pegasus har qanday, hatto eng so‘nggi xavfsizlik yangilanishlari o‘rnatilgan iPhonega ham “kirishi” mumkin. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, NSO Group dasturiy ta’minoti har doim Apple tomonidan yaratilgan himoyadan bir necha qadam oldinda yuradi.

 

Fransuz jurnalistlari Loran Richard va Sandrin Rigo tomonidan nashr qilingan “Pegasus. Demokratiya kuzatuv ostida” (“Pegasus. Démocracies sous surveillance”) kitobida jurnalistlarning Pegasus dasturi bo‘yicha ikki yil davomida olib borgan tadqiqotlari hisoboti taqdim etilgan. O‘rganishlar NSO Group'ning alohida mijozlari tomonidan Pegasus bilan “zararlantirish” uchun tanlangan 50 mingdan ortiq telefon raqamlari ro‘yxatiga asoslangan. Ro‘yxatning haqiqiyligi bir qancha manbalar tomonidan tasdiqlangan.

 

Amnesty International tashkilotining Xavfsizlik laboratoriyasi ekspertlari, raqamlari ushbu ro‘yxatda ko‘rsatilgan 70 ga yaqin telefonni tahlil qilgan. Aksariyat hollarda ularda zararli dasturiy ta’minot va zararlanish izlari topilgan. Shu bilan birga, ekspertlar ushbu ro‘yxatda raqamning mavjudligi uning avtomatik ravishda “zararlanganini” anglatmasligini ham qayd etgan.

 

 

Telefoningizda Pegasus bor-yo‘qligini qanday aniqlash mumkin?

 

Amnesty International hisobotida qayd etilgan holatlarning aksariyati iOS qurilmalari bilan yuz bergan. Biroq, hisobotda Pegasus Android va boshqa OS smartfonlariga ham “kira olishi” aytiladi. Tadqiqotchilar operatsion tizimlardan qo‘lda olingan ma’lumotlar asosida tekshiruvlar olib borgan. Ammo kodlarini tushunmaydigan foydalanuvchilar uchun, Pegasus mavjudligini aniqlashga yordam beradigan vosita ishlab chiqilgan.

 

Mobile Verification Toolkit – bu Android va iOS qurilmalaridagi ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish jarayonini soddalashtiruvchi tizim. Unga buzib kirish indikatori joylashtirilgan – tizim barcha fayllarni tahlil qiladi va smartfoningizdagi zararli havolalarni topsa, sizga bu haqda xabar beradi.

 

Toolkit buyruqlar satri orqali ishlaydi, foydalanuvchi ushbu dasturni ishlatish uchun operatsion tizim arxitekturasi haqida asosiy bilimlarga ega bo‘lish lozim. shu bilan birga, buzib kirish indikatori doimiy ravishda yangilanib turadi, shuning uchun eng so‘nggi versiyani o‘rnatish muhim.

 

Agar smartfon Pegusus bilan “zararlangan” bo‘lsa nima qilish kerak?

 

 

Tahlilchilar va kiberxavfsizlik bo‘yicha ekspertlarning fikricha, Pegasus'dan butunlay qutulishning yagona yo‘li – “zararlangan” telefonni tashlab yuborishdir. Chunki viruslar hatto qurilma zararsizlantirilgandan keyin ham hisoblarga qayta kirishi mumkin. Smartfonni ishlab chiqarish sozlamalariga qaytarish ham ish bermaydi, chunki bu josuslik dasturlarini butunlay o‘chirib tashlamaydi.

 

Shunday qilib, XXI asrda insoniyat smartfonlarga tobora qattiq bog‘lanib borayotgan bir paytda ba’zi doiralar bundan o‘z manfaatlari yo‘lida unumli foydalanmoqda. Xususan, Pegasus loyihasi ham tobora takomillashib, kuzatish ko‘lamini kengaytirmoqda. Ya’ni “ulkan ko‘z”(Sauron ko‘zi)ning ko‘zi o‘tkirlashib bormoqda.

 

Muhammadqodir SOBIROV,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 286
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17502
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//