“Kiyimlaringizni parvarish qiling”, “Apelsin olamiga sho‘ng‘ing” – Reklamalardagi til va tasvir masalasiga qachon yeng shimaramiz?


Saqlash
12:04 / 08.04.2024 619 0

Bugun deyarli barcha telekanallarimiz, soʻz ustasining taʼbiri bilan aytganda, “Mazza qilib reklama koʻrib oʻtirganimizda orada kino qoʻyvoradi”. Bundan oʻn yillar avval aytilgan ushbu kinoya hamon dolzarbligini yoʻqotmagan. Kamiga reklamalarda sifat, mazmun borgan sari noyob narsaga aylanib boryapti. Bunday qadriyatlarimiz va tegishli qonunchilikka zid harakatlar aks etgan reklamalar borgan sari koʻpayib, telekanallarimizda bemalol berilayotgani birpas toʻxtab, oʻylab koʻrishimizga arziydi.

 

***

Kunda oʻnlab, balki yuzlab marotaba efirga uzatiladigan ichimlik reklamasida “Fanta – takrorlanmas taʼmi va rangi bilan apelsin olamiga shoʻngʻing…” deyiladi. Undagi “apelsin olamiga shoʻngʻing” degan jumlaning begonaligini birinchi marta eshitgandayoq payqasa boʻladi. Apelsin – meva, unga nisbatan “olami” degan jumlani ishlatish qanchalar toʻgʻri? Bu soʻz insoniyat, hayvonot, nabotot olami deya qoʻllanilganda, tugal maʼno kasb etishi mumkin. Ammo uning oʻzbek tilshunosligida isteʼmol qilinadigan mahsulotga nisbatan qoʻllanilishiga duch kelmaganmiz. Ishlatilganda ham biroz ajabtovur hol yuzaga keladi: olma olami, anjir olami, behi olami... Gʻaliz, shunday emasmi? Boz ustiga ushbu reklamadagi tasvirlar ham gʻayritabiiy.

 

 

Ichimlikni ichayotgan qiz goʻyoki moʻjizaviy holatga duch kelgandek oʻz hayajonini boshqarolmay parvoz qiladi, kishi hayoti uchun xavf tugʻdiruvchi harakatlarni amalga oshiradi. Garchi, reklamada “Ushbu sahna uyushtirilgan, iltimos takrorlamang” degan yozuv boʻlsa-da, qoidaga binoan, mayda harflarda yozilgani uchun teletomoshabin eʼtiboridan chetda qolishi mumkin.

 

 

Yoki kanallarda eng koʻp “aylanayotgan” yana bir mahsulot – “Styx” saqichining reklamasida “Musaffo nafas, styx olgin bas, zoʻr-zoʻr tanlov, styx chaynay qol”, degan uzundan-uzun qofiyali gapni eshitish mumkin. Shu oʻrinda soʻz ustasining bir gapi yodga tushadi: “Qofiya kelganda mazmun yoʻl beradi-da”.

 

 

Qovurilgan kartoshka reklamasidagi “Kino Layʼs bilan totliroq” degan jumla ham oʻrinsiz qoʻllangan. Ilk dafʼa eshitgan kishida “Mazmunli kino”, “qiziqarli film”, “zerikarli kartina” boʻlishi mumkin, ammo “totli kino” qanday boʻlarkan, degan savol tugʻiladi.

 

 

Boshqa reklamalarda ham bunday gʻaliz iboralarni koʻplab uchratamiz. “Forsil ekspress – ogʻriqsiz dunyoga sizning ekspresingiz”, “Asl Farxod – mukammal boʻlish uchun yaratilgan”, “Urolesan – sistitdan tezkor plan”, “Perwoll bilan kiyimlaringizni parvarish qiling”, “Gliss shampuni – xush koʻrganingizni qayta tiklang” kabilar shular jumlasidan. Ayrim eʼlonlardagi yaqqol koʻrinib turuvchi imlo xatolarni qanday oʻtkazib yuborish mumkinligiga tushunmaydi kishi. Masalan, turar-joy majmuasi reklamasida “Baxtli hayot – kaliti!” degan yozuvni koʻramiz. Aslida jumlani “Baxtli hayot kaliti” tarzida qoʻllash toʻgʻri boʻladi.

 

 

Baʼzan til xususiyatlari hisobga olinmasdan, soʻzma-soʻz qilingan tarjimalar kutilgan maʼnoni anglatmaydi. Masalan, dori-darmonlar reklamasida “Yoʻtaldan (yurakdan, allergiyadan…) samarali vosita” qabilidagi gap qurilishlari tez-tez quloqqa chalinadi. Rus tilidan toʻgʻridan-toʻgʻri, mantiqqa eʼtibor qaratilmasdan tarjima qilingan bunday reklamalardagi “yoʻtaldan...” soʻzi rus tilida “ot kashlya” birikmasi ifodalaydigan “yoʻtalni tuzatishda yordam beradi” degan maʼnoni anglatmaydi. Ammo buni na reklama egasi, na uni efirga berayotgan kanal muharriri oʻylab ham koʻrmaydi aftidan.

 

Juda koʻp teledasturlarda boʻlgani kabi, baʼzi reklamalarda efirga uzatilayotgan tasvirlar xalqimizda asrlar davomida asrab-avaylab kelinayotgan odob, ibo, hayo kabi xislatlarga nisbatan ochiq-oydin hujumga oʻxshaydi. Vaholanki, “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning 16-moddasiga koʻra, milliy va oilaviy anʼanalarga, shuningdek axloq va maʼnaviyatning umum qabul qilingan normalariga zid boʻlgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish taʼqiqlangan. Birgina misol keltiraman, erkaklarning jismoniy kuchini oshirish va ayollarning tezda homilador boʻlishiga koʻmaklashuvchi dorilar, shuningdek, nozik xilqat vakillari uchun turli gigiyenik mahsulotlarining reklamalari oila aʼzolari bilan dasturxon atrofida oʻtirgan kelin va qizlarni qay ahvolga solishini tasavvur qiling…

 

Hammada birday “Ispancha uyat”ni uygʻotgan reklama – homiladorlikni rejalashtirishda yordam beruvchi dori eʼlonida farzandsizlikdan siqilayotgan yosh er-xotinning uyiga oʻzbekona zar choponlarni kiyib olgan katta yoshli bir gala erkak karnay-surnaylar bilan bostirib keladi va dori reklamasini boshlab yuboradi! Tasavvur qilyapsizmi, er-xotinning ichki, intim mavzusiga kap-katta yoshli amakilar besoʻroq aralashyapti uyalmasdan! Juda achinarli va oʻzbek xalqini yerga uradigan reklama aslida bu. Ammo negadir biz bungayam befarq boʻldik, balki bu kabi holatlarga qulogʻimizni oʻrgatib qoʻyishganidanmi?..

 

Ammo, berilayotgan reklamalar orasida mazmun-mohiyati, shakli jihatidan puxta va aniq qilib ishlanganlari ham talaygina. Masalan, eʼlonlardagi “Barchaning oʻz Ramazon hikoyalari bor. Biz ularning bir qismi boʻlishdan xursandmiz…”, “Ezgu amallarga bolalikdan ilhomlantiring...” singari samimiy va toʻgʻri tuzilgan jumlalar brendga nisbatan hurmat va yaqinlikni paydo qiladi kishida.

 

Xullas, aytsa gap koʻp, misollar talay… Yuqoridagilardan xulosa qilib, bir nechta takliflarni oʻrtaga tashlamoqchimiz:

 

Har bir reklama Madaniyat vazirligi, Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi masʼul mutasaddilardan iborat Jamoatchilik guruhi koʻrigidan keyin efirga uzatilishi maqsadga muvofiq, bizningcha.

 

Shuningdek, inson sogʻligʻiga salbiy taʼsir etuvchi mahsulotlar reklamasini kamaytirishga ham alohida eʼtibor qaratilishi zarur.

Biz reklamalar qonunda koʻrsatilmagan baʼzi bir cheklovlar asosida tayyorlanib efirga uzatilsin, degan fikrdan yiroqmiz. Faqat reklamalarda qoʻllanilayotgan iboralar va tasvirlar qonunda yozib qoʻyilganidek, odob-axloq meʼyorlariga mos, mantiqan toʻgʻri, oʻzbek adabiy tili meʼyorlariga amal qilingan holda efirga taqdim etilishi tarafdorimiz. Umid qilamizki, ushbu masalani tegishli mutasaddilar va telekanallar jiddiy oʻrganib chiqishadi.

 

Dilfuza MAHKAMOVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 293
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17504
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//