Mayli, dunyo ahli sizga tushunmay boqsin, atrofingizda lovullab gulxanlar yonsin – biroq chekinmang!


Saqlash
08:11 / 12.11.2021 1409 0

Shunday bir zamon bo‘ldiki, isroilliklar o‘zlarini Bobil qafaslarida ko‘rdilar. Bobilning Navuxodonosor degan podshosi bor edi. Siz u haqda “Doniyol kitobi”da ko‘p va xo‘b o‘qigansiz. U haqdagi rivoyat avlodlar osha ongimiz qatlarida toshga o‘yilgan bitik yanglig‘ qolajak. Navuxodonosor qudratli hukmdor edi. Bir kuni u farmon berdiki, oltindan bir surat ishlansin, mening qalamravimdagi barcha xalqlar o‘sha suratga topinsin. Bibliyani o‘qiganlar biladi, Navuxodonosor qozilar, hokimlar va mirshabboshilarni huzuriga chorlaydi. Barchasi oltin suratga topingach, olampanoh ularga deydi: “Har bir fuqaro oltin suratga sig‘inishini amr etaman”. Shu yerda uch yigit ham hozir edi: birining ismi – Shadrax, yana biriniki – Meshax, uchinchisiniki – Abednego. Ular shunday javob berdilar – buni Muqaddas kitobdan o‘qib beraman: “O Navuxodonosor, senga beradigan javobimiz tayin. Bizning Xudomiz lovullab yonayotgan gulxandan ham salomat olib chiqishga qodir. U bizni sening changalingdan ham xalos etajak, ey hukmdor! Basharti, U shunday qilmasa ham, bilib qo‘y, ey hukmdor, biz baribir na sen aytgan xudolarga, na oltin suratingga sig‘inamiz”.

 

Shu yerda bir jihatga diqqat qilishingizni istardim: o‘sha yigitlar “fuqaroviy bo‘ysunmaslik”ni namoyish etdilar. Fuqaroviy bo‘ysunmaslik hukumat, davlat, hatto mahkamaning vijdoningiz adolatsiz deb topgan amr-u farmonlariga itoat etmaslikdir. Fuqaroviy bo‘ysunmaslik – vijdonga itoatdir. Boshqacha aytganda, fuqaroviy bo‘ysunmaslik – yuksakroq qonunga itoatdir. Shunday vaqtlar bo‘ladi, boaxloq kishi vijdoni adolatsiz deb topgan qonunga bo‘ysunmaydi. Shu tong sizlarga deymanki, birodarlarim, har bir avloddan “Men oliy qonunga itoatdaman”, deb baralla ayta olgan shaxslar yetishib chiqqani uchun ham tarix buyuk davrlar guvohi bo‘ldi. O‘sha zotlar “Men foniy podshohga emas, boqiy Podshohga itoatdaman”, der edilar. Fuqaroviy bo‘ysunmaslikni namoyish etishimiz shart bo‘lgan ayni shu damda bizni tanqid qilayotganlar bu tuproqda – Amerikada Britaniya imperiyasi zulmidan ozod bo‘lish uchun millatimiz aynan fuqaroviy buysunmaslikni ko‘rsatib qo‘yganini eslamaydilar ham. Fuqaroviy bo‘ysunmaslikni “Boston choyxo‘rlari”dan ham yaxshiroq namoyish qila olgan yana kim bor? Shuni unutmangki, Hitler Germaniyada nima qilgan bo‘lsa, bari qonunga muvofiq edi. Hitler yahudiylarning boshiga qanday kunlarni solgan bo‘lsa, bariga qonun ruxsat bergan edi. Uning Germaniyasida yahudiyga ko‘mak berish, uning og‘irini yengil qilish qonunga, aynan Hitlerning o‘zi qabul qilgan qonunga zid edi. Ochig‘i, agar men hozirgi tutumim bilan Hitler Germaniyasida yashaganimda edi, qonunni ochiq-oshkora buzar, fuqaroviy bo‘ysunmaslikni amalda ko‘rsatar edim.

 

Shunday vaqtlar bo‘ladiki, inson o‘ylab topgan qonun Borliqning axloq qonunidan chetga chiqadi. Shunday vaqtlar bo‘ladiki, insoniy qonunlar barhayot ilohiy qonunlarga ters kelib qoladi. Basharti shunday bo‘lsa, uni buzishga burchlisiz, men ham bajonidil shunday yo‘l tutaman. Bu borada menga xayrixohlar yo‘q emas. Shadrax, Meshax va Abednego yelkadosh menga! Iso va Suqrot ham mening maslakdoshimdir! Bo‘ysunishni istamagan barcha ilk xristianlar hamrohlarimdir!

 

Ikkinchi yana bir muhim jihati – bu kishilar Xudoga, uning qudratiga zarracha shubha qilmaganlar. Ular boshlariga ne savdo tushmasin, Xudo qutqarishga qodir ekaniga inonganlar. Axir ular hukmdorga aytmadilarmi, “Biz sig‘inadigan Xudo bizni xalos etishga qodirdir”, deb? Ular bunga beshak, begumon inonganlar. Ular Xudoga inonishardi, ular Xudoning barhaqligini his etishardi, ular Xudoning xoliqligini bilishardi.

 

Ijozatingizla sizga yetkazmoqchi bo‘lgan fikrimning asosiy jihatiga o‘tsam. Hozir aytganlarimning barini unutsangizda, mana shunisini yodda saqlab qolsangiz: “Bizning Xudomiz lovullab yonayotgan gulxandan ham salomat olib chiqishga qodir. Ammo aksincha bo‘lsa ham, U bizni xalos etmasa ham, biz baribir sening suratingga sig‘inmaymiz”. “Aksincha bo‘lsa ham” – nima demoqchiligimni payqadingizmi? Bu zotlar aytmoqdaki, “Iymonimiz shu qadar kuchli, shu qadar mustahkam, shu qadar mo‘tabarki, biror kuch bizni undan yuz o‘girtira olmas. Bizning Xudomiz bizni xalos eta olur. Ammo aksincha bo‘lsa...”. Bu shuni anglatadiki, kishining iymoni “Ammo aksincha bo‘lsa” deya ayta bilishida sinovdan o‘tadi. Ko‘ryapsizmi, “shartli” va “shartsiz” iymon bor. Doimiy, yashovchan, kuchli iymon aynan shartsiz iymondir. “Shart” iymoni aytadi: “Agar hammasi yaxshi ketsa; agar hayot umidbaxsh, farovon, baxtga to‘la bo‘lsa; agar men qamalmasam; agar boshimga azob-uqubat, mashaqqatlar tushmasa; a’molim uchun malomatlarga qolmasam; agar shularning birortasi bo‘lmasa, u holda Xudoga iymonim butun, zero, men uchun bari xayrli bo‘ladi”. Ana shu – “shart” iymonidir. Siz ko‘plab shunday iymon egalarini bilasiz. Yoqub bir gal shunday ikkilanishga tushib qolgan edi. Uning iymoni shartga asoslangan edi. U aytadi: “Agar Xudo men bilan bo‘lsa, safarimni bexatar qilsa, menga yeyishga non, kiyishga libos bersa, ota uyimga xotirjam qayta olsam, shunda U mening Xudoyimdir” (“Ibtido”). Bu “shart” iymonining ayni o‘zidir. Yoqub u mahal hali dinning mohiyatiga yetib bormagan edi.

 

“Shartsiz” iymonga kelsak, u deydiki, “Garchi hammasi xato ketsa ham; garchi yovuzlik muvaqqat g‘alaba qilsa ham; garchi xastalik ustun kelsa ham, baribir, e’tiqodimda sobitman, bardavomman; garchi dengiz ko‘tarilib, toshqin tursa ham, tog‘lar larzaga kelsa ham, baribir Yaratgan biz bilan, Yoqubning Xudosi bizga panohgoh” (“Plastir”). Keksa Ayyub ana shunday iymon sohibi edi, “shartsiz” iymon egasi edi. Unga nimaiki berilgan bo‘lsa, barchasi qaytib olindi, hatto xotini “Endi qiladigan yagona ishing – Xudoni la’natlamoq va o‘lmoqdir. Xudo senga adolat qilmadi, sen boshidanoq unga boy bo‘lib qolsamgina, mol-davlatimdan mosuvo etilmasamgina senga sig‘inaman deyishing kerak edi. Uni la’natla va omonatingni topshir, Ayyub, u senga adolatsizlik qildi”, dedi. Ammo Ayyubning javobi bunday bo‘ldi: “Azizam, meni kechirgin-u, lekin iymonim sen o‘ylaganchalik sust emas. U meni o‘ldirsa ham, baribir, unga ishonaman. Mening iymonim – beg‘arazdir”. Ana shudir hayotning, dinning mohiyati. Masala faqatgina sizning qanday iymon egasi ekaningizda.

 

Siz bilasiz buning nima ekanini, din savdolashiladigan matoh emas. Juda ko‘p odamlar Xudo bilan savdolashadi. “Agar meni xastalikdan xalos etsang, agar baxtimni to‘kis qilsang, menga azob-uqubatni yaqin yo‘latmasang, umidsizlikdan forig‘ etsang, shunda men mamnun bo‘laman, senga daromadimning o‘ndan bir ulushini bag‘ishlayman, cherkovga boraman, senga bo‘lgan imonimda sobitman”. Ammo chinakam din savdolashiladigan matoh emas, u oldi-berdi munosabati ham emas. Bilasizki, qayerda savdolashuv bo‘lsa, o‘sha joyni pokiza tuyg‘ular tark etadi. Do‘stlik, sevgi, nikoh haqida o‘ylab ko‘ring. Bular shartga emas, shartsizlikka asoslanadi. Bu oliy tuyg‘ular ustida savdolashilmaydi, ular shartlarni tan olmaydi.

 

Nihoyat, xulosaga ham yaqinlashyapman. Bu tong, birodarlar, sizga yetkazmoqchi bo‘lganim shuki, hayot yo‘lingizda o‘zingiz uchun shunday qadrli, shunday asl, qiymati boqiy bir e’tiqodni kashf etingki, undan zinhor voz kecha olmay qoling. Shunday tutum, shunday buyuk imonni kashf etingki, u sizning borlig‘ingizga aylansin, undan ayrila olmang. “Men taniydigan, topinadigan Xudo menga ko‘mak beradi, agar aksincha bo‘lsa ham, baribir, men o‘z yo‘limda davom etaman, undan aslo chekinmayman”, deb ayta oling. Bu nima degani? Bu shuni anglatadiki, to‘g‘ri yo‘lda yuring, ammo bu do‘zaxdan saqlanish uchun bo‘lmasin. Agar siz an’anaviy ilohiyot “do‘zax” deb ataydigan joydan saqlanish uchungina to‘g‘rilik qilsangiz, bu – asl to‘g‘rilik emas. Agar an’anaviy ilohiyotchilar “jannat” deb atagan joy ilinjida to‘g‘rilik qilsangiz, bu ham chin to‘g‘rilik emas. Agar siz azobdan qochish, baxtga erishish, lazzat uchun to‘g‘rilik qilsangiz, bu to‘g‘rilik emas. To‘g‘rilikni aynan to‘g‘rilik bo‘lgani uchun qiling. “Baribir” deb ayta oling. Sevgingiz mustahkam bo‘lsin, zero, sevishning o‘zi sevimlidir. Adolatli bo‘ling, zero, adolat to‘g‘rilikdir. Samimiy bo‘ling, zero, samimiyatning o‘zi to‘g‘rilikdir. Sizga demoqchi bo‘lganlarimning indallosi – shu.

 

Va nihoyat, to‘g‘rilik sizning jon tomiringizga aylansinki, uning uchun kerak bo‘lsa, o‘limga-da tik boqing. Shu tong sizlarga aytamanki, uning uchun joningizni-da fido qilishga tayyor bo‘lgan qadrli, bebaho e’tiqodni hali topmagan bo‘lsangiz, demak, chinakam hayotni yashamabsiz. Siz ham ehtimol mendek 38 yoshdadirsiz, tasavvur qiling, shunday ahvolga tushdingizki, o‘zingizning buyuk maslagingiz, muazzam maqsadingiz uchun sabot-la turib berishingiz kerak bo‘ldi. Ammo siz ortga tisarildingiz. Chunki qo‘rqdingiz, uzoqroq yashashni istadingiz; ishingizdan ayrilishdan, tanqid o‘qiga nishon bo‘lishdan, omma nazaridan qolishdan, kimdir pichoqlab o‘ldirishidan, kimdir o‘q uzishidan, kimdir uyingizga o‘t qo‘yishidan qo‘rqdingiz. Shu bois, o‘z qadriyatingiz uchun sabot-la turib berishni istamadingiz. Durust, ehtimol uzoq yashab, 90 ga kirarsiz, ammo bilib qo‘ying, siz 38 yoshdayoq o‘lgansiz! 90 ga kirgach, to‘xtagan nafasingiz – 38 dagi ruhiy o‘limingizning zohiri, xolos. To‘g‘rilik uchun kurashdan chekingandayoq o‘lgansiz, haqiqat uchun kurashdan chekingandayoq o‘lgansiz, adolat uchun kurashdan chekingandayoq o‘lgansiz! Bugun men o‘sha uch yigit uchun Xudoga shukr deyman, ular ilohiy nasibasini oldi. Qizib turgan gulxan ularni e’tiqodidan qaytara olmas. Ular “o‘tga tashlang bizni!” dedilar. Bilasizki, Bibliyada o‘shal mo‘jiza haqida gapirilmoqda. Ularning iymoni “shartsiz” iymon edi. Xudo ularning abadiy hamrohi edi.

 

Gapim so‘ngida yana bir bor takrorlayman: to‘g‘rilikni to‘g‘rilik uchun qiling, buning evaziga shaksiz mukofot bor. Muqaddas kitobda aytiladi: o‘sha lovullab turgan otashxona bamisli salqin xonaga aylantirildi. Kimdir ichkariga qaradi-yu beixtiyor hayqirvordi: “Bu yerga uch kishini qamagan edik, to‘rtta bo‘lib qolishibdi!” Aslo yolg‘izman deb o‘ylamang. Boring o‘sha qamoqxonaga, u yerda yolg‘iz qolmaysiz. To‘g‘rilik tomonda turing, dunyo sizni tushunmasin, malomat toshlari otsin, siz aslo yolg‘iz emassiz. Qayerdadir o‘qigan edim: Xudo hamrohi bo‘lgan odam – ozchilik emas. Xudoning o‘zi o‘sha ozchilikni ko‘pchilikka aylantirib qo‘yadi. U bilan bo‘ling shu tong, unga inoning, nimaiki to‘g‘rilik bo‘lsa, shuni qiling, U dunyo turguncha sizga hamrohdir. Ha, men chaqmoq nurlarini ko‘rmoqdaman, momoqaldiroq guldirashini eshitmoqdaman, ruhimni gunohga sudrovchi mayllar zabt etishga urinayotganini his qilmoqdaman, biroq, ayni choqda, Isoning kurashga chorlovchi nidosini ham eshityapman. U meni hech qachon yolg‘iz qoldirmaslikka so‘z berdi. Hech qachon! Hech qachon! Bugun qayerga yo‘l olmang, birodarlar, haqiqat bilan, adolat bilan, yaxshilik bilan ekaningizni dunyoga bildiring, abadiy Hamrohingizni taniting. Mayli, dunyo ahli sizga tushunmay boqsin, atrofingizda lovullab gulxanlar yonsin, mayli, biroq chekinmang. Nima bo‘lsa bo‘lsin, bo‘yin egmang, Xudo yovuzlik “ma’bud”lariga bosh egmaslikni amr etadi.

 

Martin Lyuter KING

 

Ingliz tilidan

Xurshid Yo‘ldoshev tarjimasi

 

“Tafakkur” jurnali, 2018-yil 2-son, “Basharti maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:06 / 11.06.2024 0 95
“Chetdagi odam”

Ma’naviyat

12:06 / 10.06.2024 0 338
Insoniylikning “propiskasi” bo‘lmaydi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19674
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17204
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//