“Tarix bu yaxshi, bu yomon deb emas, undan xulosa chiqargan holda tahlil qilinadi”. Amir Olimxon shaxsiyatiga nazar


Saqlash
14:04 / 09.04.2024 3927 5

Tarixda shunday shaxslar borki, ularning hayoti doimiy ravishda muhokamalarga sabab boʻladi. Mustaqil Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda olib borilayotgan siyosat tufayli baʼzi tarixiy shaxslar hayoti va faoliyati borasida yangi maʼlumotlar eʼlon qilina boshladi. Biroq, Buxoroning soʻnggi amiri Said Olimxon hayoti, siyosiy faoliyati, oʻtkazgan islohotlari haqidagi maʼlumotlar haligacha yetarlicha ochib berilmayapti. Yoxud haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan holatda talqin qilinmoqda. Vaholanki, bu borada olib borilgan soʻnggi tadqiqotlar voqealikka boshqa tomondan qarashga imkon beradi.

 

Said Olim Toʻra 1881-yil 3-yanvarda Buxoro amirligining Karmana bekligidagi Olchin saroyida dunyoga kelgan. Olimxonning toʻliq ismi Said Mir Muhammad Olimdir. Olimxonni yoshligidan “Toʻrajon” deb erkalashgan. Onasining ismi Davlat Baxt oyim boʻlgan.

 

Amir Said Olimxon oilada ikkinchi farzand edi. Otasi Amir Abdulahadxon tomonidan Olimxonning akasi Said Mir Abdulloh taxt vorisi etib tayinlangani sababli hech kim Olim Toʻraning taxtga oʻtirishini kutmagandi.

 

Ammo 1888-yilda Said Mir Abdullohning kutilmaganda bezgak bilan kasallanib, vafot etishi Said Olimxonga taxt uchun yoʻl ochadi.

 

Olimxon otasi amir Abdulahad bilan

 

Amir Abdulahadxon oʻgʻlining zamonaviy taʼlim olishi va taxt vorisi sifatida Rossiya tomonidan eʼtirof etilishini xohlardi. 1893-yilda Peterburgga tashkil etilgan ilk safarida Aleksandr III Olimxonni Buxoro taxti vorisi sifatida eʼtirof etishiga erishadi.

 

Olimxon 13 yoshida otasi amir Abdulahadxon buyrugʻi bilan harbiy taʼlim olish uchun Peterburgga joʻnaydi. Uch yil davomida harbiy muhandislik boʻyicha bilim oladi. Aslida oʻqish davri yetti yil boʻlsa-da, otasining xastaligi sabab bu muddat qisqartirildi. Olimxonning taʼlim olish uchun Peterburgga yuborilishi uning merosxoʻr etib tanlanishining natijasi edi. Chunki Rossiya imperiyasiga qaram Buxoro amirligi uchun rus podshohi tomonidan valiahdning tasdiqlanishi oʻsha davr taqozosiga koʻra majburiy edi.

 

Olimxon Nikolayev kadet korpusida imperatorning faxriy qorovullari – “pajlar” boʻlimida oʻqishni boshlaydi. Olimxon rus zodagonlari taʼlim oladigan maktabga oʻqishga qabul qilinadi va bir muddat oʻtgach, harbiy qismga olib ketiladi. Bu qismda harbiy tayyorgarlikdan tashqari saroy qorovuli vazifasini ham bajaradi. Harbiy xizmatni muvaffaqiyatli tamomlab, kazaklardan tashkil topgan leyb-gvardiya polkiga komandir etib saylandi.

 

Buxoro taxtiga oʻtirgach, Olimxonning xuddi Peterburgdagi kabi qoʻriqchilar polkini tuzgan. Bu qoʻriqchilar polki amirning xizmatidagi qullardan iborat edi. Olimxon olgan taʼlim uning hayotiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi.

 

Yosh amir Olimxon

 

Rossiyada uch yil oʻqigach, 1896-yil 7-mayda diplom olib otasi yoniga qaytadi. Said Olimxon otasidan iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy masalalarini oʻrganadi. Otasi buyrugʻiga binoan, 1898-yil Buxoro amirligining Qarshi bekligiga hokim qilib tayinlanadi.

 

Olimxonning Qarshidagi beklik davrini uning oʻgʻli Sayyid Mansur Olimiy oʻzining “Buxoro – Turkiston beshigi” risolasida quyidagicha taʼriflaydi: “Oʻn ikki yillik hukmronligi davrida Qarshi nahri ustiga koʻprik qurdirdi, madrasa barpo etdi”.

 

Olimxon otasining sogʻligi yomonlashishi munosabati bilan, Karmanaga hokim etib tayinlanadi. Oradan ikki yil oʻtgach, Abdulahadxon vafoti etadi va Olimxon Buxoro amirligining yangi rahbariga aylanadi. Bu haqda oʻsha davrdagi Niva gazetasining 1911-yil 3 sonida ham eʼlon qilingan.

 

Shu tariqa Amir Said Olimxon Buxoro amirligini boshqarishga kirishadi. Olimxon Sankt-Peterburgda rus va Yevropa madaniyatlari bilan maʼlum darajada tanishish imkoniga ega boʻlgani uchun jamoatchilik va ziyolilar u mamlakatda islohotlar oʻtkazishidan umidvor edi.

 

Chunonchi, Olimxon taxtga oʻtirgach bir qator islohotlarni amalga oshiradi. 1910-yil 29-dekabrda Arkdagi yigʻinda vazir Nizomiddin Urganjiy amirning birinchi farmonini yigʻilganlarga oʻqib eshittiradi. Farmon asosan soliq tizimi va harbiy sohani rivojlantirishga qaratilgan islohotlar, poraxoʻrlik va tamagirlikni taqiqlashga doir koʻrsatmalardan iborat edi.

 

Amir Abdulahad

 

Farmon 4 banddan iborat boʻlib, Abdurauf Fitrat bu haqida oʻzining “Amir Olimxonning hukmronlik davri” asarida quyidagilarni keltirib oʻtadi:

 

1) saroyning tortiq va peshkashlarini man etish;

 

2) farsax(tosh) puli soligʻini tayinlash;

 

3) yer soligʻini oʻndan bir hissaga kamaytirish;

 

4) harbiylar oylik maoshini oshirish.

 

Bundan tashqari, amir Olimxon 1911-yil mart oyida “Juda isrofli toʻylarni tugatish toʻgʻrisida” ham qaror chiqardi. Bu haqda “Turkestanskiy vedomosti” gazetasining 1911-yil 28-aprelda chiqqan 92 sonida shunday deyilgan: “Toʻylarda palovdan boshqa ovqat berganlarga 75 darra jazosi tayinlanib, sunnat va nikoh toʻylarida tashkil qilinadigan uloq chopish va poyga tadbirlari bekor qilinsin. Amal qilmaganlar oʻlim jazosiga mahkum etilsin. Bundan tashqari toʻylarga kelgan mehmonlarga ziyofatdan tashqari toʻn kiydirish udumi taqiqlab qoʻyilsin. Qiz olganda beriladigan, oddiy xalq uchun ogʻir mahr pullari miqdori kamaytirilsin”.

 

Xuddi shu yili amir Olimxon taʼlim islohotiga ham qoʻl uradi. Oʻsha davr matbuoti boʻlmish “Tarjimon” gazetasining 1911-yil 18-martdagi 12-sonida amir buyrugʻidan parcha keltiriladi: “Madrasa talabalariga turli ʼHoshiyaʼlar oʻqitilmasin. Tafsir va hadis rasmiy dars sifatida oʻqitilsin. Vaqflardan yigʻilgan pullarga mamlakatning turli yerlarida maktablar qurilsin hamda ularga muallimlar tayinlansin. Maktab muallimi olim, xushxat va xushqiroat boʻlsin va ularga maktablarning vaqflaridan tashqari davlat xazinasidan yillik 120 tanga maosh tayinlansin. Tahsil uchun bolalardan pul olinmasin. Maktablarga bir nozir tayinlansin va u har oy maktabni taftish qilib, amirga hisobot bersin”.

 

Yuqoridagi faktlardan kelib chiqilsa, amir Said Olimxon sovet davri adabiyotlari va hozirgi ayrim “tarixchilar” tomonidan talqin qilingandek maishatparast, qoʻrqoq, xudbin emas, balki qaysidir maʼnoda xalq holiga befarq boʻlmagan hukmdor sifatida gavdalanadi.

 

 

Yaqinda internet nashrlarida amir Olimxon haqida ikki maqola eʼlon qilindi. Bulardan biri “Mushtum” jurnalining “Buxoro amirining qancha boyligi boʻlgan?” sarlavhali maqolasi. Maqolada “amir 1920-yilda taxtdan agʻdarilgach, oʻzi bilan 10 tonna oltinni Buxorodan olib ketgan” deyiladi.

 

Bu maʼlumotda biroz gʻalizlik bor. Birinchidan, bolsheviklar Buxoroni ham havodan, ham yerdan bombalab turgan paytda oltin u yoqda tursin, choʻp olib chiqish ham bir muammo edi.

 

Ikkinchidan, asli oltin ilinjida kelgan qizillar amirning 10 tonna oltinni olib chiqib ketishiga qarshilik qilolmaganiga ishonish qiyin. Amir oʻzi bilan xazinaning bir qismini olgan, albatta. Ammo 10 tonna – bu katta raqam. Ushbu maʼlumotni ruslar yozib qoldirganiga eʼtibor qaratilsa, uning haqiqatdan yiroq ekanligini taxmin qilish mushkul emas. Bolsheviklar butun SSSR tarixida davomida amir shaxsini obroʻsizlantirish, uning haqdagi maʼlumotlarni xalqqa ataylab buzib yetkazishga harakat qildi.

 

Maqolada aytilishicha, amir bu boyliklarni Hisor togʻiga yashirgan boʻlishi ham mumkin ekan. Amirlik boyliklari xususida tadqiqot olib borgan S. Xolboyevning “Buxoro amirining oltin xazinasi” asarida Buxorodan olib chiqib ketilgan boyliklar Buxoro istiqlolchilariga qurol yetkazib berish hamda ularning boshqa taʼminotiga sarflangani aytib oʻtiladi.

 

Bir davr yoki tarixiy shaxs haqida fikr bildirilar ekan, bir manba asosida xulosa qilish tarixiy haqiqatni ochib berolmaydi. Amir ikkita tojini va shaxsiy toʻpponchasini sotib, pulini Buxoro istiqlolchilari qoʻmondoni Ibrohimbekka yuborgani tarixiy hujjatlarda qayd etilgan. Agar maqolada aytilgani singari amir 10 tonna oltin bilan ketganida edi bu buyumlarning sotilishiga, katta ehtimol bilan, hojat boʻlmasdi.

 

 

Ikkinchi maqola “Hurriyat” gazetasida “Buxoro xalqining hasratli oʻtmishi yoxud amirlikka buyurmagan xazina” nomi ostida eʼlon qilindi. Maqolada “Buxoroni bolsheviklarga sharmandalarcha topshirib, xalqni yovga tashlab qochgan amir” jumlalari bor. Maqola muallifi Buxoro shunchaki topshirilmaganligi, 4 kunlik janglar natijasida olingani, amir esa qochmagani, obidalarni va Buxoro xalqini omon saqlash maqsadida shahardan chiqib, qarshilikni avval Boysunda, undan keyin Hisorda davom ettirganidan xabari yoʻq chogʻi.

 

Maqolada yana “hukmdorga yarashmagan holda yigʻlamsirab, Buyuk Britaniya qirolichasi Viktoriyaga maktublar yozdi” deyiladi.

 

Birinchidan, qaysi manbaga tayanib amirning yigʻlamsiraganligi aytilyapti?

 

Ikkinchidan, amir haqiqatdan ham maktub yuborgan, lekin, qirolicha Viktoriyaga emas balki qirol Georg Vʼga. Maqolada taʼkidlangan Viktoriya bu paytda allaqachon vafot etgan edi. Maktubda shunday deyilgan: “Inonamanki, onhazratlari ayni madadga muhtoj chogʻimizda bizdan yordamlarini ayamagaylar. Bizga 100 000 punt aqcha, oʻq-dorilari bilan birgalikda 20 ming qurol, 30 pulemyot, uchuvchilari bilan birgalikda 10 ta uchoq berish vositasi ila yordamsevarligingizni koʻrsatasiz degan umiddaman. Bu narsalarning biz yuborgan odamlarga berilishi meni baxtiyor etgay. Ruslar bilan qanday urush qilinishini siz koʻp yaxshi biladirsiz, oʻshanga munosib qurollangan 2000 yordamchi askaringizni Qorategin yoʻli orqali joʻnatsangiz, nihoyatda quvongayman. Bu oramizdagi doʻstlik va hamkorlikni kuchaytirishi shubhasizdir”.

 

Maktubdan koʻrinib turibdiki, Olimxon shaxsiy ehtiyoji uchun emas, balki Buxoroni bosib olgan ruslarga qarshilik koʻrsatish maqsadida inglizlardan harbiy yordam soʻragan. Angliya yordam yubormaganini esa maqolada aytilganidek “oʻz xalqini tashlab qochgan amir bilan ular gaplashishni ham istamaganligidan” emas, balki qizillar va Angliya hukumati oʻrtasida yashirin kelishuv borligi bilan izohlash mumkin.

 

Rossiyada hokimiyat almashgach, amir qoʻshinda islohot boshlaydi. Olimxon bir qator harbiy boʻlinmalar tuzgani haqidagi maʼlumotni hatto amirga muxolifatda boʻlgan Abdurauf Fitratning “Amir Olimxonning hukmronlik davri” asarida ham uchratish mumkin.

 

 

Maqolada yana “Amir Olimxon dastlab jadidlarning yangi islohotlar oʻtkazish toʻgʻrisidagi fikrlarini qoʻllab-quvvatlagandek boʻladi. Lekin keyin yana oʻz bilganidan qolmaydi, jadidlarni, xalqparvar insonlarni yaqiniga yoʻlatmaydi” deyiladi. Davr voqealigiga hozirgi zamondan emas, oʻsha vaqtdan kelib chiqib nazar tashlansa xulosa toʻgʻri boʻladi.

 

Hukmron sulola avlodidan boʻlgan amirga, albatta, uning hokimiyatini cheklaydigan, konstitutsion idora usulini joriy qilishni taklif qiladigan jadidlar yoqmasdi. Umuman, oʻsha davrdagi hech qaysi monarx muxolifatga homiylik qilmagan. Hatto oʻsha inqilobchi Oliver Kromvel, Maksimilyen Robespyer ham inqilobni oʻz foydasiga burib, diktatorga aylangandi.

 

Agarda Olimxon tujjor oilasida tugʻilganda yo savdogar, yoki jadid boʻlib yetishardi. Albatta, bu oʻrinda amirni kamchilikdan xoli shaxs sifatida tasvirlash xato. Amir Said Olimxon qahramon emasdi. Ammo bu shaxsni xoin ham deb boʻlmaydi. Davr, vaziyat taqozosi bilan Buxorodan chiqib ketsa ham, Olimxon qizillarga qarshi jismonan va maʼnan jangni davom ettirdi.

 

Tarixni tarixiy shaxslarning yutuqlaridan namuna, kamchiliklaridan esa saboq olgan holda xolisona oʻrganish lozim. Tarix bu yaxshi, bu yomon deb emas balki undan xulosa chiqargan holda tahlil qilinadi.

 

Navoiy davlat pedagogika instituti tayanch doktaranti

Mahmud Hamrayev

5 Izohlar

Abduxoliqov

13:04 / 17.04.2024

Juda zòr ma'lumotlar ekan rahmat!

Dovlatjon

09:04 / 17.04.2024

Assalom aleykum Yaxshi maqola chiqibdi qaysi adabiyotlardan foydalansangiz

Abdurahmon

23:04 / 16.04.2024

judayam yaxshi maqola, asl haqiqatlarni ochib beruvchi. Shubxasiz ota- bobolarimiz "shum bola" dagidek, biz o'ylaganchalik johil, molparast, fikr doirasi tor bo'lmagan. Afsuski biz o'zimiz o'sha propagandachilarning bobolari qilgan tuhmat-u yolg'onni bizning tarix deb yuramiz

Shoxsanam

15:04 / 14.04.2024

Ajoyib va juda toʻgʻri gaplar. Bravo👏

Sevinch

11:04 / 11.04.2024

Juda neytral yondashilgan maqola. Toʻliqroq variantini yana kutib qolamiz

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 288
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17503
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//