Jahonda mumtoz adabiyot zamonga moslashtirish yo‘li bilan targ‘ib qilinadi, bizda-chi?


Saqlash
12:04 / 16.04.2024 866 1

Mumtoz adabiyotdan o‘quvchilar nechog‘lik bahramand bo‘layotir? Bugungi innovatsion zamonda bu masalani kun tartibiga qo‘yish lozim. O‘tmish osoriatiqalariga hurmat va undan foydalanish boshqa-boshqa masala. O‘tmish merosdan foydalanish masalasida faxrlanadigan jihatlarimiz kam. Xususan, mumtoz adabiyotga munosabatda yaqqol ko‘zga tashlanadi.

 

Adabiyotda shakl, mazmun va vazifa uchligi mavjud. Bu go‘zallik, hikmat va ezgulik sifatida ham tavsiflanadi. Ana shu uch jihat muvofiqligi adabiyotning muvaffaqiyatini ta’minlaydi. O‘quvchining uni qabul qilishi ushbu uch jihatni ma’qullashi bilan kechadi. O‘quvchi nega zamonaviy adabiyotni yaxshi qabul qiladi-yu, mumtoz adabiyot masalasida bunday fikrni ayta olmaymiz (albatta, “men Navoiyni sevib o‘qiyman” qabilidagi e’tiroflarni unchalik ham samimi y deb o‘ylamayman). Talabalar orasida o‘tkazgan so‘rovlarimizda ularning aksariyati Navoiyni tushunmasligini aytishadi. Hatto, filologlarning rostgo‘ylari ham “Men Navoiyni o‘qimagan filologman” deganlarini eshitganman. Bu o‘quvchi/kitobxonning fojiasimi? Men unday o‘ylamayman. Hozirgi zamon o‘quvchisining Navoiyni anglamasligi tabiiy hol. Axir, bizni 500 yil ajratib turibdi. Yana yuqoridagi uchlikka qaytamiz. Navoiy tilini tushunish uchun yo yuksak darajadagi mutaxassis bo‘lishi kerak, yo u davrda yashash kerak. Mutaxassis bo‘lib ham Navoiy asarlarining zamonaviy nashrlarida ming-ming xatolarga yo‘l qo‘yayotganimizning sababi ham mana shunda. Mutaxassis o‘laroq Navoiy tilini tushunmas ekanmiz, bugungi o‘quvchini tushunishga majbur qilishimiz – bema’nilik. Navoiydan ezgulik sabog‘ini olish uchun undagi hikmatni anglash kerak. Hikmatni anglash uchun esa uning tili (shakli)dan zavq ola bilish kerak. To‘g‘ri, Navoiy dostonlarining nasriy bayonlari, g‘azallarining sharhlari berilmoqda. Lekin bunda mazkur uchlikning muhim tarkibiy qismi – shakl yo‘q. Shaklsiz esa estetik zavq bo‘lmaydi. Estetik zavqsiz adabiyot – shunchaki bayon bo‘lib qoladi. Nasriy bayon va sharhlardan faqat mazmunni anglash mumkin, xolos. U endi biz sevishimiz kerak bo‘lgan mumtoz adabiyot emas.

 

Navoiy she’riyatini (umuman, mumtoz adabiyotni ma’lum davrgacha) hozirgi tilimizga yuqoridagi uchlikni saqlagan holda moslashtirmas ekanmiz, o‘quvchi uni tushuna olishidan umid qilib bo‘lmaydi. Jahon adabiyotshunosligida o‘tmish adabiyoti davrga moslashtirish yo‘li bilan targ‘ib etiladi. Birgina Shekspir ijodini bunga misol sifatida aytish mumkin. O‘zbek adabiyotshunosligida ham mumtoz adabiyotga bunday yondashishga katta ijtimoiy ehtiyoj mavjud. Adabiy moslashtirish nazariyasi va amaliyoti adabiyotshunoslikning amaliy yo‘nalishi sifatida shakllanishi va mumtoz asarlarning moslashtirilgan zamonaviy matnlarini tayyorlash mumtoz adabiyotdan ommaviy bahramand bo‘lishni ta’minlaydi.

 

Biz namuna sifatida Alisher Navoiyning nisbatan kam o‘qiladigan, lekin shoir idealini o‘zida aks ettiradigan shoh asari – “Lison ut-tayr” masnaviysining moslashtirilgan matnini tayyorladik. Quyida dostonning asosiy konsepsiyasini o‘zida aks ettirgan “Shayx San’on” qissasini hukmingizga havola etamiz.

 

Baxtiyor MENGLIYEV,

Toshkent amaliy fanlar universiteti tadqiqotchi-professori,

filologiya fanlari doktori

 

 

Shayx San’on qissasi

(moslashtirilgan matn)

 

Shayx San’on Haqqa vosil bo‘lgandi,

Shundan ko‘ngli g‘ayb siridan to‘lgandi.

 

Joyi Ka’ba – avliyolar oldida,

Bamisoli rasululloh holida.

 

Xaloyiqning Haq yo‘lida sardori,

Ka’badagi barcha shayxlar sarvari.

 

Eshigida gado edi bor shohlar,

Qulluq qilib iftixor-la ogohlar.

 

Duo qilsa magar bitta g‘amginga,

Maloyiklar qo‘lin ochar ominga.

 

Maqsadida turardi bo‘y ko‘rsatib,

Qalb oynasi uzra xush ro‘y ko‘rsatib.

 

Huzurida to‘rt yuz as’hob va murid,

Har bir bo‘lib Junayid[1] yo Boyazid[2].

 

Tubsiz falak shukuhidan yeb shikast,

Arshi a’zam himmatidan bo‘lib past.

 

Ofatlardan qoraysa gar bu olam,

Yorishardi duosidan yetsa dam.

 

Kimki bo‘lsa har baloga mubtalo,

Duo qilsa, daf bo‘lardi har balo.

 

Arshdan kelsa xabar misli payg‘omdek,

Voqe bo‘lar vahiy ila ilhomdek.

 

Har neniki tushda ko‘rar edi u, 

O‘ngida ham sodir bo‘lar edi u.

 

Necha kunlar bitta tushni ko‘rgizdi,

Va tush uning sabr ipin chirt uzdi.

 

Uyg‘onganda ado qilib istig‘for,

Ko‘zin yumsa, bo‘lar edi u takror.

 

Tushida u sayr qilib yurardi,

Ma’lum bo‘ldi u Rum uzra turardi.

 

Bu yerda u butxonada edi mast,

Butparastlar ichra go‘yo butparast.

 

Bu tush bo‘lgach qayta-qayta namoyon,

Dedi: “Bundan qutulmoqqa yo‘q imkon.

 

Maskan bo‘lsa Ka’ba yoki otashgoh,

Yozganidan qocholmaysan banogoh.

 

Kerak o‘shal yurtga azm etmoqlik,

Qazo tortgan manzil sari ketmoqlik.

 

Magar bizga bo‘lar ekan u nasib,

Boshimizga harna kelsa, yo nasib.

 

Shunday qilib qaradi o‘z holiga,

Muqobil yo‘l topmadi bu yo‘liga.

 

Ka’ba uzra yuzlarini qo‘ydi u,

Tavof qilib yuz hayajon tuydi u.

 

Hasrat bilan tavof ado ayladi,

Rum yurtiga qadam bajo ayladi.

 

Sahobalar topdi bundan ogohlik,

Va safarga qilishdilar hamrohlik.

 

Tariqatning piri yo‘lda ketardi,

To‘rt yuz as’hob safardoshlik etardi.

 

Shayx ko‘ngliga tushar edi savdolar,

Halokatli vasvasa-yu g‘avg‘olar.

 

Har nafasda o‘zgarardi ahvoli,

Qutulmoqqa yetmas edi hech holi.

 

Sahobalar lol-u hayron edilar,

Hush begona, dili vayron edilar. 

 

Yaqinlari ahvolini so‘rashar,

Va hech narsa anglayolmay turishar.

   

Savollarga olishmasdi hech javob,

Lek shayxdan ko‘p chekishardi iztirob.

 

Ketishardi qadam-qadam maqsadga,

Ko‘rgilikka – to‘lib-toshgan shiddatga.

 

Yetishganda mo‘ljaldagi ma’voga,

Shayxning ko‘ngli to‘ldi yuz xil g‘avg‘oga.

 

Har nafas bir joyni kezib yurishdi,

Va g‘alati butxonani ko‘rishdi.

 

Uning toqi samolarga yetardi,

Har bir toqda sirlar pinhon yotardi.

 

Toshlar joyi anduhlar va g‘am tog‘i,

G‘ishtning loyi dard-u balo tuprog‘i.

 

Ular pishgan ming usul va bo‘yoqda,

Yuzlab naqshi jilvalari har yoqda.

 

Ayvonlardan fitnalari boqardi,

Chorasizlar ko‘ngullarin yoqardi.

 

Har darchasi ishq nuridan yorishgan,

Ming balolar unda maskan qurishgan.

 

Kunguralar iymonlarning ofati,

Barchasi ishq balosining sifati.

 

Kungurada terilgan har dona tosh,

Ishq xanjari kesgan go‘yo bitta tosh.

 

Tosh qirrasi din boshini yorgaydir,

Olam uzra toshbo‘ronlar qilgaydir.

 

Darvozasi fitnalarga darvoza,

Fitnachi toq ko‘kdan olib andoza.

 

Halqalari zanjirida ming nayrang,

Junun dardi bilan qilib holni tang.

 

Ishq o‘tidan otashkada yuzlarcha,

Har birida savdolar yuz minglarcha.

 

Butxonani qoplab tutun haybati,

Bamisoli kufr-u isyon zulmati.

 

Dunyo hech ham o‘z joyida turmagan,

Ammo bunday butxonani ko‘rmagan.

 

Shayx jismida isitmalar oshardi,

Iztiroblar ichra qaynab-toshardi. 

 

Har tarafda parishonhol turganda,

Toshday qotdi aftodahol yurganda.

 

Ayvon uzra paydo bo‘ldi bir malak,

Yuz pardasi kun yuzida kamalak.

 

Shu on shamol yuzin ochib yubordi,

Go‘yo quyosh nurin sochib yubordi.

 

Quyoshmas, ming quyosh unga devona,

Jamolining sham’i uzra parvona. 

 

Qaddi qomat ruh suvratin timsoli,

Har lahzada o‘zga undan ruh holi.

 

Bir qarashda hur parizod edi u,

Gul yonoqli sarvi ozod edi u.

 

Ruhni maftun etib uning hay’ati,

Yuz holatga solib go‘yo suvrati.

 

Suvratidan hur-u pari xijolat,

Siymosidan quyosh nuri xijolat.

 

Sochlar tunday, gulchehrasi nurafshon,

Nur va zulmat din-kufrdan bir nishon.

 

Yuzlariga mushkin zulfi yoyilib,

Nurni zulmat go‘yo nihon u qilib.

 

Sochda pinhon savdoyilar o‘lkasi,

Har tolasi elga zulmat halqasi.

 

Qoshi go‘yo yangi oyning timsoli,

Sog‘ odamni majnun qilgan misoli.

 

Qosh tagida ofat solgan ko‘zidir,

Dayr toqida go‘yo uning o‘zidir.

 

Kirpiklari sochilibon har taraf,

Fitna ahli tortgan go‘yo bunda saf.

 

Ko‘zi bo‘lib qora xolin ustida,

Xoli nuqta, go‘yo balo ostida.

 

Balo osti, yuz ustida ikki xol,

G‘ayb siriga bamisoli qo‘sh misol.

 

Og‘zi bo‘lib g‘ayb siridan bir nishon,

O‘zi g‘oyib ahli kabi benishon.

 

Labi joni xastalarning malhami,

Nutqi Iso Ruhullohning pok dami.

 

Lablar rangi bamisoli yoqutdir,

So‘zi xasta jonga quvvat va qutdir.

 

Kulguchining yuz minglab jon asiri,

Chohida yuz Yusuf Kan’on asiri.

 

Qutqarmoqqa soch torlari bog‘lansa,

Soni oshar qanchalik ko‘p chog‘lansa.

 

Iyak girdi go‘yo “nun”dek tortilgan,

Misli gumbaz, hayot suvi berkilgan.

 

Qomatida yuz berib jon jilvasi,

Xirom aylab obihayvon jilvasi.

 

Ko‘zi bilan la’li san’at ko‘rgizib,

O‘ldirsa gar biri, biri tirguzib.

 

Jismi gulgun, ko‘ylagi gul uzra gul,

Ko‘rsa betob aylab u yuz ming ko‘ngul.

 

Ko‘ylaklari uzra naqshi rango-rang,

San’atida jonlar chekib Rum, Farang.

 

Ko‘ylagida qizil ranglar qotildir,

Ham atridan yuz jon qayta hosildir.

 

Qotil kofir ko‘zlariga barcha rom,

Ko‘zlar solib din ahliga qatliom.

 

Kimki xayol qildi sochi zunnorin,

Poymol aylab ham dini, ham iymonin.

 

Latofati jon aro joy tutgudek,

Bir qultum suv bilan go‘yo yutgudek.

 

Husnin o‘ti solib olov davronga,

Otash labdan tushib shu’la ham jonga.

 

Otashgohning ishqin topib oqillar,

Oshiqlikdan yonib-kuyib zohidlar.

 

Qasr uzra tarso qizi turardi,

Shams ko‘shkida Iso qizi turardi.

 

Shayx ko‘nglida chaqmoq shunday urdi barq,

Shu’la bahri uzra joni bo‘ldi g‘arq.

 

Tavba qilib, istig‘forlar etardi,

“Lohavlo”ni takror-takror aytardi.

 

Ochilganda shu’lasimon gul ruxsor,

Kuyib ketdi aytilgan bor istig‘for.

 

Behush jismin tuproqlarga tashladi,

Lek hassasi egik qaddin ushladi.

 

Orqa bilan devorga sal suyandi,

Chuqur hayrat bilan turar u endi.

 

Aso tushdi, ham vujudi egildi,

Hayajondan yerga asta yiqildi.

 

Xullas, tushdi ishq shu’lasi joniga,

Tomirlari to‘lib ishqning qoniga.

 

Goho behol, goh o‘ziga kelardi,

Muridlari lol-u hayron bo‘lardi.

 

Hayrat bilan bir-biriga boqishib,

Boshlar quyi, goho hovuch qoqishib.

 

Muridlari qalb shikasta, dil vayron,

Hatto shayx ham o‘z holidan ko‘p hayron.

 

Butxonada kufr qalblarni yaralab,

Tun zulmati cho‘kdi kunni qoralab,

 

Bu yoshida ezdi uni sho‘r qismat,

Ham barchaga taqdir bo‘ldi musibat.

 

Maskan qilib butxonaning tuprog‘in,

Tuproq emas, balolarning zo‘r tog‘in.

 

Shayx boshiga juda og‘ir kun tushdi,

Inson bilmas mudhish qaro tun tushdi.

 

Baxtsizlikdan ko‘kka parda yoyildi,

Yulduzlardan mixlar qoqib qo‘yildi.

 

Ko‘z yoshlarga charxi falak to‘lardi,

Har ne unda ostin-ustun bo‘lardi.

 

Aylanishdan falak to‘xtab qolganday,

Bamisoli tog‘dek muqim bo‘lganday.

 

Dard ahliga zulmin qilib beadad,

Anduhlardan tog‘day qilib u ijod.

 

Bu olamni tog‘lar ichra qoldirib,

Yuz tuman ming toshlari bilan to‘ldirib.

 

Osmon ko‘zi bilan yulduz yog‘dirib,

Shayx holiga motamini bildirib.

 

Bundan olam eli motamsarodir,

Yoqalar chok, liboslar ham qarodir.

 

Shayx notavon, bunday dardni ko‘rmagan,

Chora topmay bunday nochor turmagan.

 

Ishq zulmidan muningdek zor bo‘lmagan,

Butxonada dard ila xor bo‘lmagan.

 

Ishqi o‘rtab jismi ila jonini,

Kufri yoqib iymoni va dinini.

 

Ko‘z yosh to‘kar, lekin og‘zi qurirdi,

Dard shu’lasi og‘zidan o‘t urardi. 

 

Ishqi aylab bor ro‘zg‘orin ham qaro,

Tun ham qilib yo‘g‘-u borin ham qaro.

 

Yuz ming balo jonlarini yoqardi,

O‘z holiga yig‘lab-yig‘lab boqardi.

 

Derdi: “har dam ko‘nglim dardga to‘lmoqda,

Ayo falak, menga nima bo‘lmoqda?

 

Tinchim buzib, ishqing sari boshlading,

Lovullagan olov ichra tashlading.

 

Avval ko‘zga ko‘rgazib zo‘r mehri nur,

So‘ngra qilding shomi g‘amga sen asir.

 

Shomi g‘amim demam qilding xo‘p qaro,

Balki borliq chehrasini ko‘p qaro.     

 

Qoplab har yon g‘am do‘zaxi tutuni,

Shu’laga nur aylab ko‘nglim o‘tini.

 

Olloh! Olloh! Qanday kecha bu kecha?

Ming kechaga teng bo‘ldi-ku bir kecha!

 

O‘tkazganman ko‘p azobli kechani,

Lek ko‘rmadim bunday og‘ir kechani!

 

Tun emas bu, bu do‘zaxning tutuni,

Yo falakning ohlar to‘la bir tuni.

 

Bundayin tun boshqaga yor bo‘lmasin,

Birov unga hech giriftor bo‘lmasin.

 

Bilolmayman, bu qanday tun balosi,

Boshga tushgan qandaylar kun balosi!

 

Jism-u jon-u, hissiyot-u aql-u hush,

Ishqi sababli ayladilar pardapo‘sh.

 

Mahv o‘lganday ular ishqi zolimdan,

Go‘yo nobud azoblardan, zulmdan.

 

Madorim yo‘q, tanda toqat qolmadi,

Va ko‘yida yoshdek oqa olmadim.

 

Quvvatim yo‘q g‘amdan xalos o‘lmoqqa,

Toshga urib tilka-pora bo‘lmoqqa.

 

U nursiymo, quyoshdan nur oluvchi,

Menda ko‘z yo‘q unga nazar soluvchi.

 

Yuz yo‘q menda, ursam o‘shal dargohga,

Qul tazarru aylagandek podshohga.

 

Qo‘l yo‘q menda ko‘kragimga tosh ursam,

Boshlarimga tuproqlarni sovursam.

 

Hush yo‘q menda, o‘zni qo‘lga ololsam,

Adashmasam, to‘g‘ri yo‘lda bo‘lolsam.

 

Aql qani, qilsam g‘amim tadbirin,

Hamda vayron bo‘lgan ko‘ngul ta’mirin.

 

Sabrim qani, etsam dardim chorasin,

Davo qilib tuzatsam qalb yarasin.

 

G‘am-holimni qiladigan ko‘ngul yo‘q,

O‘zin tirik biladigan ko‘ngil yo‘q.

 

Bir dam nafas urguchalik jon qani,

Ko‘nglim kabi topolmayman men uni. 

 

Manga bu yo‘l ne balolig‘ yo‘l edi,

Uqubatlar bilan to‘liq yo‘l edi.

 

Koshki hozir o‘lib ketgan bo‘lsaydim,

Bunday kunni ko‘rmay zora o‘lsaydim.

 

Chaqmoq ursa balosini boshimdan,

Qoldirmasa asar tan-u loshimdan.

 

Ne bo‘lardi, menga madad qilsangiz,

Yig‘ilishib jonginamni olsangiz.

 

Qutulardi olam mening orimdan,

Bashariyat afg‘onlar-u zorimdan.

 

Birodarlar, xanjar tig‘in, bas, uring,

Va kuydirib, kulim ko‘kka sovuring.

 

To jahonda bunday rasvo bo‘lmayin,

Bir o‘layin, yuz martalab o‘lmayin”.

 

Ahvoliga as’hob hayron yig‘labon,

Har dam uning dardidan qon yig‘labon.

 

Yig‘lab-siqtab chorasiz jam bo‘lishdi,

Shayxga turli nasihatlar qilishdi.

 

Shayx pandlarni sira fahm etmasdi,

So‘zlarining ma’nisiga yetmasdi.

 

As’hob aql bilan xitob qilardi,

Ishq tavrida lekin javob olardi:

 

“Ey komil pir, dinimizning zo‘r tog‘i,

Ko‘zga surma bosgan izing tuprog‘i.

 

Ne ko‘rgulik bo‘lmaydi bu hayotda,

O‘zlik erur iroda va sabotda”.

 

Dedi: “Bolam,  qaydan topay o‘zlikni,

Koshki topsam, zabt etardim men uni.

 

Biri debdi: “Bu shaytonning bir ishi,

Zikr bilan xalos bo‘lgay chin kishi”.

 

“Zikr uchun jam bo‘lmoqlik shart erur,

Parishonman, ayt, bu menga ne berur”.

 

Debdi biri: “Ey sir ahlin a’losi,

Namoz o‘qing, yo‘q undan hech avlosi”.

 

Shayx debdiki: “Bunday so‘zni so‘ylama,

Telba uchun qonun lofin aylama.

 

Biri debdi: “Tur, tahorat aylagil,

Bizni toat uchun da’vat aylagil”.

 

Shayx debdiki: “Yo‘q ashkimdan o‘zga suv,

Qondek kelur bag‘irlardan ko‘zga suv”.

 

Biri debdi: “G‘usl poklar ko‘ngulni,

Bundan boshqa topolmasmiz chin yo‘lni”.

 

“O‘zni fano dengizida bilaman,

Shunday ekan, g‘uslni ne qilaman?

 

Biri debdi: “Tasbehingni qo‘lga ol,

Bu parishon ahvolingdan xoli bo‘l”.

 

Shayx debdiki: “Tasbeh tori sitildi,

Va belimga zunnordan bog‘ etildi”.

 

Biri debdi: Misvokka qil iltijo,

Og‘zinga sol, bo‘lur sunnat ham bajo.

 

Debdi: “Misvok qilsam agar men havas,

Hayrat qo‘lim og‘zim uzra bo‘lsa bas”.

 

Biri debdi: “Gar xatongni bilibsan,

Tavba ayla, yerga sajda qilib sen”.

 

Shayx debdiki oqizib qon yoshini:

“Ololmayman bu eshikdin boshimi”.

 

Biri dedi: “Turing, Rumdan ketaylik,

Navbat Ka’ba, endi unga yetaylik”.

 

Shayx debdiki: “Ne bor menga u yerda,

Axir, topdim izlaganim bu yerda”.


Biri debdi: “Yo‘l olaylik sahroga,

Ayni vaqti, azm aylaylik Bathoga”.

 

Shayx debdiki: “Bunda toptim men uni,

Rum bor ekan, nega izlay Bathoni.

 

Biri debdi: “Safar tamom etaylik,

Yetar endi, vatan sari ketaylik”.

 

Shayx der yana: “Tangri ehson etibdi,

Butxonani peshonamga bitibdi”.

 

Biri debdi: “Shayxlar xabar topsalar,

Ne qilgaymiz, malomatlar etsalar?”

 

Shayx debdiki: “Ular bilan yo‘q ishim,

Xarobatda men istagan bir kishim”.

 

Biri debdi: “Qayda qoldi e’tiqod,

Zohidlikda va poklikda o‘tgan vaqt?”

 

Shayx der yana: “Butxonada e’tiqod,

O‘tgan yuz vaqt bunda kechgan lahza vaqt”.

 

Sahobalar tortib yuz ranj, ming azob,

Shayx holidan chekishardi iztirob.

 

Ta’nalarga shayx hech parvo etmasdi,

Pand qilarlar, ammo fahmi yetmasdi.

 

Sahargacha barcha g‘avg‘o ayladi,

Din ahlini zo‘r tamosho ayladi.

 

Xo‘p masxara bo‘ldi bu din-diyonat,

Boshqa dinlar ko‘rsatdilar mahobat. 

 

Ular turli gumrohliklar qildilar,

Ilohin chin ilohga teng bildilar.

 

As’hob uchun bu bandalik bir tomon,

But ahlidan sharmandalik bir tomon.

 

Shayxning xos muridlari yonida,

Din-iymondan so‘z ochib har onida.

 

 But ahliga shayx berardi chin imdod,

Bundan as’hob har dam bo‘lib hijolat.

 

Tong otguncha bo‘ldi ahvol shunchalar,

Bundan as’hob dardlar chekdi qanchalar.

 

Shunday qilib, tong boshladi yorishib,

Butparastlar qo‘ng‘irog‘in chalishib.

 

Charx ko‘rguzdi quyoshining nurlarin,

Bamisoli tarso qizi ruxsorin.

 

Butxonada kuchayardi mojaro,

Shayx ahvoli battar bo‘lib ishq aro.

 

Butxonada kufr ahlining bayrami,

Shodliklarga to‘lib tongdan har dami.

 

Din ahlining hijolati ko‘p oshib,

Shayxni tashlab ketishardi tarqashib.

 

Bo‘lib hatto bolalarga masxara,

Kulishardi shayx emas bir tasqara.

 

U g‘ari-u ishqda kuygan zor qari,

Yo‘l ustida yotib ko‘shkda ko‘zlari.

 

Ustidan el o‘tar edi kulishib,

Zarra parvo ko‘rmay battar qilishib.

 

Rahmi kelib mo‘minlar-u kofir ham,

Azobiga g‘oyiblar-u  hozir ham.

 

Ammo shayxning kunin rasvo aylagan,

Dindan mahrum va mosuvo aylagan.

 

Qilib shayxni kufr ahliga sharmisor,

Parda uzra boqar edi u beor.

 

G‘aflatlarga solib uning sho‘r holin,

Ko‘rmaganga olar edi ahvolin.

 

Diniga qasd, tanin bejon etardi,

Ammo o‘zin go‘l-u nodon tutardi.

 

Furqatidan shayxning joni o‘rtanib,

Ham borligi, ham nihoni o‘rtanib.

 

Bag‘ri kuyib, kunduzdan shom yetguncha,

Furqatidan shomdan to tong otguncha.

 

Lahza-lahza ortib borib mehnati,

Bir oylarga yetib qoldi holati.

 

Haddan ortib uning ranj-u g‘amlari,

Tuproqlarga qorishib jon-tanlari.

 

Yotganida bir ahvolda notavon,

Yana paydo bo‘ldi zolim nogahon.

 

O‘tlar solib olam uzra noz bilan,

 So‘radi hol jon yoquvchi so‘z bilan:

 

“Ayo islom ahli uchun pir-rahbar,

Din-u iymon olamida zo‘r sarvar.

 

Tavofinga olam bergan edi tan,

Butxonani nega qilding sen vatan?

 

Din eliga dunyo sardor, peshvo der, 

Butxonaga nega bo‘lding sen asir.

 

Bir manzilga kimdir safar etardi,

Bir kech tunab tong otganda ketardi.

 

Bir oy bo‘ldi, dayr sening vataning,

Tuproqlarin qilib olding maskaning.

 

Maqsading ne butxonada bo‘lmoqdan,

Kufr ahlidan har ne umid qilmoqdan?”

 

Shayx ko‘rganda husni tutgan jahonni,

Tinglab nutqin – tirgizuvchi har jonni.

 

Jumla jismin titratardi hayajon,

Qaddini goh egib, goho tiklabon.

 

Hushdan ketib, bo‘ldi o‘zdin bexabar,

Tiriklikdan qoldirmayin jon asar.

 

Butparastlar gumon qildi o‘ldi u,

Bu dunyoda yo‘qlarga teng bo‘ldi u.

 

Kecha-kunduz o‘liklardek yotardi,

Ahvoliga sanam afsus etardi.

 

Hayratlanib musulmon-u kuffor ham,

Rahmi kelib hatto qotil-xunxor ham.

 

Keldi boshi uzra ahli kufr-u din,

Bari komil ishqiga deb ofarin.

 

Boqishganda boshin yerdan ko‘tarib,

Angladilar ketmaganin jon chiqib.

 

Ta’sir qildi ishqi elning ko‘ngliga,

Ta’sir qildi hatto sanam holiga.

  

Boshi uzra sanam qo‘ygach oyog‘in,

Maqsud isi ochdi shayxning dimog‘in.

 

Gulchehraning ruxsoriga ochdi ko‘z,

Yuzda rang yo‘q va tilida biror so‘z.

 

Biroz muddat qarab turdi gung-u lol,

So‘z aytmoqqa bo‘lib ojiz, til behol.

 

Keldi o‘zga biroz zavqi visoldan,

Zolim kofir so‘z boshladi savoldan:

 

“Savol berdik biz holini bilmoqqa,

Hushdami deb ishonch hosil qilmoqqa.

 

Hiyla qilib o‘zin behush ayladi,

Bir so‘z aytmay bizni xomush ayladi.

 

O‘zga keldi, endi qilsin u javob,

Savol bilan qilgan edik biz xitob”.

 

Shayx oh urib, dedi ko‘zga yosh olib:

“Ey ko‘nglumga qiyomatlar sen solib.

 

Gar so‘rabsan, arz qilmayin naylayin,

Ne takalluf bilan pinhon aylayin.

 

Endi hech ham sir bo‘lolmas bu ishim,

Axir, qanday berkitgayman qilmishim.

 

Butxonada bundayin zor bo‘libman,

Ishq bandiga xor, giriftor bo‘libman.

 

Jonlarimga ne havodis yuzlandi,

Orazingni ko‘rmoq bois yuzlandi.

 

Ajab joyda malohating bo‘ldi fosh,

To‘rtinchi ko‘k uzra go‘yo u quyosh.

 

Asar ham yo‘q, sabr-u chidam toqatdan,

Aql-u hushim ham yo‘q o‘sha soatdan.

 

Muxtasar o‘z holim izhor ayladim,

Dardlarimdan ham xabardor ayladim.

 

Choram ko‘rsang ham sen uchun osondir,

Qatl etsang, mangu jonga imkondir.

 

Mana senga arz ayladim holim bil,

O‘zing hal et – qatl qil yo rahm qil”.

 

Dedi shaddod:Ey murshidi pursifat,

Ahli islom ichra yo‘qmish hech uyat.

 

Sen erursan islom yalovbardori,

Bunday so‘zni qanday der din sardori?

 

Na hayo bor, na fahm bor, na adab,

O‘zing g‘alat, aytganing har so‘z ajab.

 

Kimki bo‘lsa, ahli oshiq, ey peshvo,

Bo‘lmaydimi sohib adab ham hayo?

 

Bunday so‘zlar senday pirga yarashmas,

Hatto kichik bolalarga yarashmas.

 

Axir, sening shayxlik oting yo‘qmidir,

Ey oqsoqol, hech uyating yo‘qmidir?

 

Balki to‘qson va yo balki yuz yoshsan,

Qari demak mumkin seni ham yoshsan.

 

Qari desam, hali aqling kirishmas,

Gar yosh desam, ko‘rinishing yarashmas.

 

Yosh emassan, munkillagan bir cholsan,

Aql-u hushing boshdan uchgan bir holsan.

 

Bir so‘zlarni gapirasan, men hayron,

Bunday so‘zni aytmagaydir hech inson.

 

Havoyi shayx, sening holing bir havas,

Ko‘ngling bilan tiling sira bir emas.

 

Oshiqlar o‘z ishqlarini sir tutar,

Qimning ishqi havas bo‘lsa, fosh etar.

 

Ma’shuqaga ishqni aytib bo‘lurmi,

Ishqni shunday shoshib bayon qilurmi?

 

Ishq domiga tushgan shunday bo‘lurmu,

Zohidlarda viqor bunday bo‘lurmu?”

 

Tinglab go‘zal, oysuluvning so‘zini,

Qo‘yarga joy topolmadi o‘zini.

 

Ko‘p hijolat bilan shayxi nomurod,

Dedi: “Inson ko‘rinishli parizod!

 

Bu ishq meni zor-u zabun ayladi,

Aqlim olib, xor-u majnun ayladi.

 

Devonadan qachon aql so‘rabdi,

Savdoyida kim ham adab ko‘ribdi?

 

Qachon junun bilan biror so‘z dedim,

Avf aylagil, men o‘zimda yo‘q edim.

 

Nima aytgan bo‘lsam, bari rost edi,

Aybdorman, zotan aqlim past edi.

 

Ne takalluf bilan so‘zlay, ey nigor,

Zero, tanim zor bo‘lgan va qalb afgor.

 

Shunday edim so‘raganing u zamon,

Barin aytdim, qilolmayman hech pinhon.

 

Chunki oshiq emasman man deyinmi?

Yor vaslini istamasman deyinmi?”

 

Shunday qilib, shayx so‘zidan qaytmadi,

Yolvormadi, uzr-ma’zur etmadi.

 

Sho‘xi sarkash dedi: “Johil va nodon,

Rozi bo‘lsang qismatga dey men hamon.

 

Vaslimni kim orzu agar aylamish,

Bajarmog‘i kerak bo‘lar to‘rtta ish:

 

Maylar ichib, zunnor bog‘lab, mast-alast,

Qur’on yoqib, bo‘lmoq lozim butparast.

 

Bular erur ishq uchun to‘rt shukrona,

Yana ikki ish bor ular jurmona.

 

Chunki to‘rt yo‘l fano tomon eltajak,

Ikkitasi o‘zlikni mahv etajak.

 

Birinchi yil kerak cho‘chqa boqmoqlik,

Keyingi yil o‘tgohda o‘t yoqmoqlik.

 

Shayx agar bu butxonada oshiqdir,

Ishqning agar da’vosida sodiqdir.

 

Bu edi ham shukrona, ham jurmona,

Ko‘p balolar bormi bundan ham yana.

 

Mening vaslim agar senga matlubdir,

Bo‘lmoqligim sen-la agar marg‘ubdir.

 

Aytganlarim agar qabul etasan,

Mayli, mening visolimga yetasan.

 

Basharti sen rozimassan bunga hech,

Ket yo‘lingga, erta kunni qilma kech”.

 

Dediki Shayx: “Xasta jonim ofati,

O‘rtamoqda ko‘nglim ishqing o‘t tafti.

 

Shavqing o‘ti vujudimni o‘rtagan,

Neki vujud, bor-budimni o‘rtagan.

 

Men g‘arib-u oshiq-u ham devona,

Aql-u hush-u ham sabrdan begona.

 

Neki amr etsa menga pari yor,

Men faqirda qolmas sira ixtiyor!

 

Har ne lozim bo‘lsa, mayli, sen buyur,

 Qilmasam gar, tig‘ing bo‘ynum uzra ur”.

 

Shayx shunday so‘zin tamom ayladi,

But ahliga ahd batamom ayladi.

 

Butxonada go‘yo jannat yasashdi,

Takalluflar bilan xiyla bezashdi.

 

To‘rga osmon o‘par bir taxt qurdilar,

Haddan ziyod zeb-u ziynat berdilar.

 

Tarso sanam taxtga chiqib o‘tirdi,

Shayxni go‘yo shu zahoti o‘ldirdi.

 

Izdihomga shayxni olib keldilar,

Iymon-yuzin qaro qilmoq bo‘ldilar.

 

Shosha-pisha kelar edi dayr eli,

Turg‘un eli bo‘lsin yoki sayr eli.

 

Bunda ko‘p-ko‘p mayni hozir etdilar,

Ham gazakni rosa zohir etdilar.

 

Savti noqus va navoyi arg‘unun,

Shayxning dini motamiga chekar un.

 

To‘rt tarafda to‘rtta rohib o‘tirdi,

O‘t yoquvchi shu’la-olov keltirdi.

 

Hayajon-la hamma boqib turishdi,

Va Qur’onni keltirmoqni so‘rashdi.

 

Qilinganda hozir zunnor va salib,

Turdi taxtdan yuz afsun-la dilfirib.

 

Pastga tushib kelardi ming noz ila,

Shayx oldiga keldi qaddi g‘oz ila. 

 

Naq yonida turib qadah may ichdi,

Buni ko‘rib shayxdan aql-u hush uchdi.

 

Bir qadahdan kayfi bo‘ldi labolab,

Boz qadahni to‘ldirdi u lab-balab.

 

Dedi: “Qultum ham qoldirmay ichasan,

Qultum qolsa, bilki, mendan kechasan”.

 

Ishqqa taslim edi Shayxi ishqiboz,

Mayni tutgan edi o‘zi dilnavoz.

 

Ko‘z yosh to‘kib, mayni ichgan zamoni,

Tark etardi uni dini, iymoni.

 

Shunday ichdi boshlaridan chiqdi dud,

May o‘tida bo‘lar edi u nobud.

 

Yana unga tutdilar may necha bor,

Aqli-hushi bo‘ldi ishqdan xor-u zor.

 

Boda uning hushin bekor ayladi,

Va visoldan umid izhor ayladi.

 

Sho‘xi tarso fikrin bayon qilibdi,

Bajarganin bir shart ayon qilibdi.

 

Dedi Shayx: “Ey, yana ne bor, so‘ylagil,

Ne istasang, buyur, mendan istagil”.

 

Mahvash kufr sardorlarin chorladi,

Ular kufr ilmi ichra zo‘rlardi.

 

Shayxga kufr afzalligin so‘ylashdi,

Mahorat-la nasoroniy aylashdi.

 

Yelkasidan pir libosin olishib,

 Ko‘rganlarni aftodahol qilishib.

 

May hovuzi ichra uni soldilar,

Shayx ham uni ikkilanmay qildilar.

 

Kufr elining xil’atini keltirdi,

Shayxga uni boshdan oyoq kiydirdi.

 

Bellariga mahkam bog‘lab zunnorni,

Kofir aylab komil piri asrorni.

 

Butxonaga uni olib keldilar,

Kayfda shayx ham butga sajda qildilar.

 

Pir hirqasin olov uzra otishdi,

Qur’onni ham o‘tga solib yoqishdi.

 

Uzatilgan qadahlardan bo‘lib mast,

Ham mast edi, hamda edi butparast.

 

Hech rasvolik bu jahonda qolmadi,

Nima qoldi – falak boshga solmadi.

 

Ka’ba piri mushkilin hal qildi ishq,

Va masxara bir ahvolga soldi ishq.

 

Bolachalar hazil-mazax aylashar,

Ustlariga chiqib tepib o‘ynashar.

 

Hushlaridan ketar ichib paydar-pay,

O‘zlariga kelsa, tutib yana may.

 

Kecha-kunduz o‘zni bilmay yotardi,

Bilmas edi, kun va tunlar o‘tardi.

 

Bir kun kelib ishqi tug‘yon ayladi,

Bir saharda oh-u fig‘on ayladi:

 

“Ey ko‘nglimga solgan dard-u iztirob,

Vujudimni aylagan xor va xarob.

 

Ishqi uchun zulm-u bedod aylagan,

Iymonim va dinim barbod aylagan.

 

Kufr elining dini shunday bo‘lurmu,

Shart-u ahd-u rusum bunday bo‘lurmu?

 

Nahot maqsad shunday ravo qilinar,

Va’da uchun shunday vafo qilinar.

 

Ko‘nglung neni tusasa garqilyapsan,

Boshlarimga balo toshin uryapsan.

 

Qay istaging qadriga men yetmadim,

Qay shartingni, aytgil, bajo etmadim.

 

Vafo vaqti yetsa, g‘ofil kishi sen,

Visol dami g‘ayri vasl kishi sen.

 

Ham g‘aribman, hamda qari, ham xasta,

Kufr domi bilan har dam payvasta.

 

Kecha-kunduz mayga tutib sen meni,

Va’da berib va unutib sen meni.

 

Ahdlar qilding, lek darak yo‘q isbotdan,

Qo‘rqmaysanmi ham Manotu ham Lotdan”.

 

Sho‘x-u shaddod dedi: “Ta’na qilma ko‘p,

Bori shartni maromiga yetkaz xo‘p.

 

Bo‘ldi to‘rt ish visol uchun shukrona,

Qoldi ikki – ishqing uchun jurmona.

 

Jarima shu, visol uchun batamom,

Dayr atrofin kezgaysan bir yil, tamom.

 

O‘zingni hech horidim deb bilmaysan,

Otashgohda o‘t yoqmoqdan tinmaysan.

 

Kunduz esa o‘zing tutmay notavon,

Cho‘chqa boqish uchun bo‘lib tez ravon.

 

Tunga qadar cho‘chqaboqar bo‘lasan,

Shom tushganda otashgohga kelasan.

 

Yil tugagach savolingni bergaysan,

Va muhayyo visol bazmin ko‘rgaysan.

 

Kufr yo‘lida to‘y bilan shod etaman,

Vayron ruhing shunda obod etaman.

 

Bu yo‘l sari hech ham qadam qo‘ymassan,

Ishq yo‘lida magar yetuk emassan.

 

Kufrni tark etib, dining qabul qil,

Dayrdan ket va Ka’bani vatan bil.

 

Necha kundir maylar ichding labolab,

Bu maylarni senga qildim behisob.

 

Kuygan eski libosingdan ham voz kech,

Hatto o‘rish-ipdan umid qilma hech.

 

Baho da’vo qilsang, mana, puling ol,

Yo‘lda balki xarj aylarsan, yonga sol.

 

Tasavvur qil, ko‘rganlaring – ko‘rmading,

Butxonaga go‘yo oting surmading”.

 

Shayx mahvash so‘zlarini tinglarkan,

Ishqi battar yonib tug‘yon aylarkan.

 

Dedi: “Jonim ichra ishqing shiddati,

Xotiramga orom, ko‘nglum quvvati.

 

Ne istarsan, men qulingman, hukm qil,

Bajarmasam, qatlimdan, xo‘p, so‘z degil.

 

Turib dedi: “Tuz suruvni keltiring,

To‘ng‘izlarni huzurimga yetkiring.

 

Madadlarga muhtoj menday bir gumroh,

Yo‘lni boshlang, qayda o‘sha otashgoh?”.

 

To‘ng‘izlarni unga vosil qildilar,

So‘ng istakni tag‘in hosil qildilar.

 

Kunduzlari suruvlardan u ogoh,

Kechalari manzil bo‘lib otashgoh.

 

Tong otquncha yoqib chiqmoq o‘t ishi,

Kufr o‘tin ravshan etmoq qilmishi.

 

Tong otganda qo‘ng‘iroqning unidan,

Ayrilardi kunduz zulmat tunidan.

 

Kuldan chiqib, qorakuya, tutunday,

Otash bilan o‘ynashgan bir majnunday.

 

Noqus uni bilan kuylab kelardi,

Kufr eli kabi so‘ylab kelardi.

 

Sabohlayin yuz to‘ng‘izga yuzlashar,

To‘ng‘izlar ham go‘yo uni izlashar.

 

U shundayin bu zulmatga giriftor,

Unga tobe muridlar-u do‘st-u yor.

 

Qilardilar ko‘p chora-yu tadbir ham,

Ammo qilcha qilmas edi ta’sir ham.

 

Hech ilojsiz pirlarin tark etishdi,

Ka’ba tomon yo‘lga chiqib ketishdi.

 

Ka’bada ham qolmasdan – ne etdilar,

Uyatlardan tarqab-tarqab ketdilar.

 

Shayxning sodiq bir muridi bor erdi,

Haq ishqiga haddan ortiq yor edi.

 

Bo‘lgan edi ko‘p manzilga yo‘lovchi,

Karvonlarning yo‘lin tortgan boshlovchi.

 

Shayx San’on Rum mulkiga ketganda,

U boshqa bir yurtga safar etgandi.

 

Qutlug‘ qadam vataniga qaytardi,

Ka’ba sari yo‘l azimat etardi.

 

Eng birinchi manzil bo‘ldi honaqoh,

Zero, shayxdan topmoq istar u panoh.

 

Xarob erdi xonaqoh va piri yo‘q,

To‘rt yuz murid qayda, hatto biri yo‘q.

 

Surishtirdi bilmoq bo‘lib bor holni,

So‘yladilar unga kechgan ahvolni.

 

Shayxning Rumga tomon azm etganin,

Va boshiga ne balolar yetganin.

 

Xalifa der uni shayxning as’hobi,

Unga quloq tutar murid-ahbobi.

 

Shunday ekan, yig‘di borin himmat-la,

So‘radi Shayx ahvolini diqqat-la.

 

So‘yladilar tushni va Rum azmini,

Butxona-yu, nasoroniy qizini.

 

Ishq ichida u beqaror bo‘lishin,

Aql-u hushda beixtiyor bo‘lishin.

 

May ichganin, mast-u alast bo‘lganin,

Tark etib din va butparast bo‘lganin.

 

Otashgohni makon-manzil etgani,

Va “Mus’haf”ni olov uzra otgani.

 

Zunnorni u qanday tortib ko‘rganin,

Beli uzra aylantirib o‘rganin.

 

Kechalari qanday olov yoqishin,

Kunduzlari to‘ng‘izlarni boqishin.

 

Dedi bo‘lib voqeadan boxabar:

“Hamiyatda to‘ng‘izdan ham siz battar.

 

Shayx pir edi, sizlar esa bir murid,

Kutardingiz undan najot va umid.

 

Bu mazhabda muridlikning sharti shu –

Piri kabi ulug‘ bo‘lmoq kerak u.

 

Yaxshi-yomon kunda taqlid aylamoq,

Lek Tangriga ham itoat aylamoq.

 

Siz vafosiz uchun komil atvor hayf,

Ahli taqvo kiygan hirqa, dastor hayf.

 

Yaxshi kunda sadoqatdan lof urib,

Bunday kunda yuzingizni chet burib.

 

Shayxingizga bevafolik boshlabsiz,

Qiblangizni butxonaga tashlabsiz.

 

Haqdan qo‘rqmay, boz eldan ham uyalmay,

Yomon kunda endi pirim deyolmay.

 

Peshvongizni ne yerlarga qo‘yibsiz,

Demak, xizmat, diydoridan to‘yibsiz.

 

Yana o‘zni andishali tutgaysiz,

Bir-biringiz darvesh ham deb aytgaysiz.

 

Zuhd-u tasbeh, ridongizga uyat-e,

Kavush, salla, asongizga uyat-e!

 

Shayxga bo‘lsa itboqarlik bir yumush,

Qilsa edi itlarni u parvarish. 

 

Charxdan unga yetganida bir jafo,

Itlaridan ko‘rmasmidi u vafo.

 

Biri ketsa, ko‘pi qolar edilar,

Sodiq turib, vafo qilar edilar.

 

Dushman bilan so‘ng ongacha urushib,

Motamida aza tutib ulishib.

 

Bir odamdan vafo bo‘lsa gar yiroq,

Vafodor it undan ko‘ra yaxshiroq.

 

Gar bo‘lsangiz edi siz ham mardona,

Ixlos ichra ham oqil-u ham dono.

 

Shayx boshiga tushganida bu balo,

Ishq dardiga bo‘lganida mubtalo.

 

U o‘ziga jafo qilgan chog‘ida,

Turmoq lozim edi so‘l-u sog‘ida.

 

Ko‘rsatibsiz bunda bori bedardlik,

Zohir qilib tariqatda nomardlik.

 

Yolg‘ondakam “erman” degan ermikan,

Qo‘ldan kelmas ishni qilgum dermikan?”

 

Jon o‘rtovchi so‘zlarni u aytardi,

As’hob boshin egib sukut etardi.

 

Shu tarzda ularni xo‘p koyidi,

“O‘tirmoqdan hal bo‘lmaydi ish” dedi.

 

Turdi-yu yo‘l oldi u Rum tomonga,

Olov yoqqan joyga din-u iymonga.

 

Jamoat ham unga etdi yo‘ldoshlik,

Chorasizlik ichra qilib qo‘ldoshlik.

 

Cho‘l-u sahro, tog‘lar oshib o‘tdilar,

Va bir kuni cho‘chqazorga yetdilar.

 

Shayxda zarra qolmagandi din-iymon,

Aql-u hushdan, andishadan bir nishon.

 

Ishqdan jinni, maydan bo‘lib ko‘p sarmast,

Bo‘lgan edi bexudlikka u hamdast.

 

Tanimadi, borganlardan yuz burib,

Ketdi to‘ng‘iz to‘dasiga yo‘l surib.

 

Solik Shayxning holin ko‘rib ko‘rardi,

Ko‘ngli vayron bo‘lib ohlar urardi.

 

Ko‘z yoshlarin to‘qdi komil piriga,

Dedi boqib muridlarning bariga:

 

Xudojonga hamd-u sano aytingiz,

Bunda turmay orqangizga qaytingiz.

 

Sohibkamol shayx ishq ichra qolibdi,

Ishq dardida hushdan judo bo‘libdi!”

 

U shaharga qaytdi o‘sha zamonda,

 Muqim bo‘ldi bir xaroba vayronda.

 

Haq dargohi uzra yoshlar to‘kardi,

Intihosiz iltijolar etardi.

 

Ishi edi munojot-u ham duo,

Shayxni xalos qilmoq edi muddao.

 

Maqsadiga har dam edi u sodiq,

Sodiqlarga o‘zi edi muvofiq.

 

Duo aylab chekar edi iztirob,

Va Haq qildi duosini mustajob.

 

Bir kecha ko‘z yoshin qildi u ravon,

Yig‘lamoqdan o‘zi bo‘lib notavon.

 

Tong otarda behol bo‘ldi o‘zi ham,

Horigandan tez yumildi ko‘zi ham.

 

Tush ko‘rdi u: ajoyib nur bo‘ldi fosh,

Nur ichidan paydo bo‘ldi va quyosh.

 

Quyosh emas, yuzlab quyosh ham hayron,

Zarra mehri uchun bo‘lib sargardon.

 

U so‘ng nabi, risolatning yakuni,

 Payg‘ambarning Allohga eng yaqini.

 

Tabassumga moyil bo‘lib kelardi,

Takallumga moyil bo‘lib kelardi.

 

Sir g‘aznasi kelganida yoniga,

So‘z boshladi hurmat bilan sha’niga:

 

“Ey risolat mamlakatin sohibi,

Latofatda aftodalar muhibi.

 

Hojat yo‘qdir dardim bayon aylasam,

Senga ravshan neki ayon aylasam.

 

Dedi aylab marhamat yuz ming rasul:

“Umid bog‘i uzra ochgan ey sen gul.

 

Sadoqating, niyatingga ofarin!

Harakat-u  himmatinga ofarin!

 

Dargohida yolvorishing qabuldir,

Ojizliging, o‘rtanishing qabuldir.

 

Tengri maxfiy hikmatining izhori –

Sayr dashti va sulukning atvori.

 

Solik uchun yuborsa gar bir sinov,

Najot uchun ochmoq kerak bo‘lsa g‘ov.

 

Shayxdan boshqa bunday sinov ko‘rmagan,

Haq o‘zgaga bunday sinov bermagan.

 

Haq najotin o‘zi berdi, sen shod bo‘l,

Shukur qilib, qayg‘ulardan ozod bo‘l.

 

Boshlaringga tushdi shunday mashaqqat,

Sen tufayli Haqdan bo‘ldi iltifot”.

 

Bu sirlarni rasul bayon ayladi,

Sohibniyoz ko‘z yosh shoyon ayladi.

 

Shodligidan behush bo‘ldi shu zamon,

Xastajonni yiqitdi bu hayajon.

 

Mushk hidi-la nasim esa boshladi,

Qaro tunga tong gilamin tashladi.

 

Notavonning keldi hushi o‘ziga,

Ko‘rinardi olam ravshan ko‘ziga.

 

Xudo farzin to‘g‘ri ado qildi u,

Piri murshid tarafga yo‘l oldi u.

 

Sahobalar tezda ogoh bo‘ldilar,

O‘ng-u so‘lda unga hamroh bo‘ldilar.

 

Shamol yanglig‘ ustoz tomon kelardi,

Maysa-yu suv uzra yeldek yelardi.

 

Goh nishablik, balandlikdan o‘tdilar,

Va shayx muqim makon qadar yetdilar.

 

Shayxda ham daf bo‘lgan edi gumrohlik,

Yetib kelib g‘oyibdan bir ogohlik.

 

Haq bog‘idan  unga nasim yetgandi,

Ko‘ngliga zo‘r quvvat ta’sir etgandi. 

 

Hijolatdan ko‘z yoshlarin to‘kardi,

Nadomat-u ohni bisyor etardi.

 

Zunnorini bellaridan yechdi u.

Kofirlarning libosidan kechdi u,

 

Ko‘ngli qora bo‘lib kufriy puturdan,

Endi yorug‘ edi yetgan u nurdan.

 

Kelganida bunga guruh yetishib,

Keldi shayxga ajib shukuh yetishib.

 

As’hob-murid shayxni ko‘rgan bir zamon,

Shukr aytib, bo‘lishdilar shodumon.

 

Dedilar: “Ey murshid, Haqdan boxabar,

Mujda keldi rasul bo‘ldi madadkor.

 

 Shayx o‘zi ham voqif edi bu holdan,

Va so‘z ochdi guruhga u ahvoldan.

 

Quchog‘ida edi shogird, farzona,

Hamjihatlik bobida u mardona.

 

Dedi: “Mening, ey baxtiyor farzandim,

Jonlarimga joni bo‘lgan payvandim.

 

Sadoqatda holing o‘zga etmading,

Yorlig‘ingdan sira uzoq ketmading.

 

Qay til bilan uzrim bayon qilaman,

Va ajrini Allohdan deb bilaman.

 

To‘kar shogird shodumonlik yoshini,

Pir poyidan ko‘tarmasdi boshini.

 

Bu holatdan chekishardi iztirob,

Ne qilarin bilmaslikdan har as’hob.

 

Biri shunda gap boshladi: “Ey rahbar,

Bu davlatni nasib etdi bir-u bor.

 

Xatar to‘la bu joylarlan ketaylik,

Ka’ba tomon azmi safar etaylik”.

 

Shayx xirqani kiyib, g‘usl qildilar,

Sahobalar zavq-u shavqqa to‘ldilar.

 

Jam bo‘lishib joylaridan turishdi.

Sadoqat-la Ka’ba sari yurishdi.

 

Shayx ketardi endi Batho tomonga,

Bizlar esa mahvash tarso tomonga.

 

U parivash noz uyquda yotardi,

Uyqusida ajib bir tush ko‘rardi.

 

Iso unga yuborardi bir payg‘om:

“Ey vafoda pishmagan va notamom!

 

Manzilingga tashrif qildi Shayx San’on,

Butxonangda senga bo‘ldi u mehmon.

 

Mezbonlikning qoidasin bilmading,

Shunday zotga, ayt, nimalar qilmading.

 

Butxonangning mehmonligin tark etdi,

Mezbonlikka Ka’ba sari u ketdi.

 

Musharraf bo‘l, kirgil uning diniga,

Haqqing halol etgin borib yoniga”.

 

Turgach oydin edi tarso qiziga,

Boshlarini qo‘ymoq shayxning iziga.

 

O‘ylar edi shayx boshiga solganin,

Shayx bechora ne kunlarga qolganin.

 

Oh urdi-yu, ayladi u yo‘lga azm,

Ka’baga yuz urmoqlikni qildi jazm.

 

Ko‘z yosh to‘kdi, yulduz sochgan gardundek,

Yig‘lar Layli, go‘yo u shayx Majnundek.

 

Borardi tez jo‘nab ketgan el kabi,

Toza gulni tez uchirgan yel kabi.

 

Bir ahvolda u qadamlar tashlagan,

Go‘yo falak qasosini boshlagan.

 

Biyobonlar ichra oshib shiddati,

G‘olib bo‘lib vahima-yu hayrati.

 

Nihoyasiz edi sahro, biyobon,

O‘zin sezib lahza sayin notavon.

 

Dedi: “Rabbiy, men ojiz-u sargashta,

Ko‘z-u ko‘nglum qonlarimga og‘ushta.

 

Ojizman-u bechoraman, rahm qil,

Kimsasiz-u ovoraman, rahm qil.

 

Mening bor-u yo‘g‘im faqat gunohim

Ammo Sendan o‘zga hech yo‘q panohim”.

 

Kimsasizlik, yolg‘izlikdan yig‘ladi,

Chorasini bilmaslikdan yig‘ladi.

 

Azoblardan jism-u joni yoqildi,

Holdan toyib tuproq uzra yiqildi.

 

Tuproq uzra xor-u dardmand yotardi,

Goho hushda, goho hushdan ketardi.

 

Ayon bo‘ldi ulug‘ Shayxga bu xabar,

Hamda sodiq murid bo‘ldi boxabar. 

 

Bundan ogoh bo‘ldi oy yuz mahvash ham,

Mahvash emas, notavon-u g‘amkash ham.

 

Ortga qaytdi Shayx-u rind-u ishqparast,

Uning bilan katta-kichik, baland-past.

 

G‘ofil elning har birida yuz xayol,

Kim yo nima, sabab bo‘lgan bu ne hol.

 

Shayx va as’hob yetganida u yoqqa,

 Sho‘x yotardi boshin qo‘yib tuproqqa.

 

Garchi Shayx bu ne holligin bilmadi,

Yig‘lamoqdan o‘zni asray olmadi.

 

Mahvash boshin tizzasiga qo‘ydi u,

Ko‘zlaridan sel yoshlarni quydi u.

 

Gulbarglari uzra gulob sochildi,

Mast uyquda bo‘lgan nargis ochildi.

 

Shayx qo‘ynida ko‘rganida boshini,

Yuzlariga to‘kdi hasrat yoshini.

 

Zaiflikdan asta chiqdi nolasi,

Yuzi uzra sochib qonin jolasi.

 

Dedikim: “Ey taqvoshior, dinpanoh,

Qaysi yuz-la bo‘layin men uzrxoh.

 

Garchi daraxt boshga soya etarmish,

Lek bolalar unga toshlar otarmish.

 

Gulbutada magar yuz ming tikon bor,

Bulut sabab bahordan yuz nishon bor.

  

Gar gunohim bepoyondan uzundir,

Lutf-ehsoning sening undan uzundir.

 

Beadablik behad qildim, bildim men,

Avfing so‘rab, qora yuz-la keldim men.

 

Har ne qildim, yomon qildim, men yomon,

O‘zim yomon, tabiatim, din yomon.

 

Aytar gapim juda ko‘p, lek vaqt o‘tar,

Umr bitar, fursat ketar, vaqt ketar”.

 

Bayon qildi islom dinin shavqin ham,

Iso bergan nishonalar zavqin ham.

 

Mayli, har xil gaplarimni qilay bas,

Iymon arz qil, qoldi zero bir nafas”.

 

Ko‘z yosh to‘kib Shayx notavon zoriga,

Arzi iymon etdi tarso yoriga.

 

Va shundayin oshno qilib iymonni,

Oh uraroq Haqqa berdi qiz jonni.

 

Din ahliga soldi behad g‘avg‘olar,

Faryod ila tortib yana savdolar.

 

Kufr va din kelishdilar fahm sabab,

Va bunday ish sodir bo‘ldi, voajab.

 

Ishq aro ko‘p buning kabi holatlar,

Ajib, g‘arib maqsadlar-u odatlar.

 

Ishq dengizdir, unga sira yo‘q poyon,

Har qatrasi bamisoli bir osmon.

 

Ishq bir olam, lekin erur g‘oyat keng,

Ishq bir osmon, ammo yetti ko‘kka teng.

 

Falakni ters qilgan kichik yulduzdir,

Hatto anqo pashshadan ham ojizdir.

 

Ishq o‘tidan yetsa agar bir uchqun,

Bunday zarar yetkazolmas yuz chaqin.

 

Bir qatraning seli shunday behisob,

Bor olamni qila olar u xarob.

 

Ishq tig‘idan kelsa yuz ming qatliom,

Ma’no bermas na qasos-u, intiqom.

 

Ishqdan yetsa yuzlab ofat joniga,

Chora topar qilib minnat joniga.

 

Taajjubli erur ishqning bo‘stoni,

Suvlar rangi begunohlar pok qoni.

 

Har bir kiprik qotil erur ming jonga,

Bilki, hindu shunday qotil har jonga.

 

Yuz tuman ko‘z mardumini bir xoli,

Yo‘q aylaydi, go‘yo nuqta misoli.

 

Ishq mulkida gado va shoh barobar,

Butxonada rahbar, gumroh barobar.

 

Ishq aro dard, balolardan o‘zga yo‘q,

Zulm-u bedod, jafolardan o‘zga yo‘q.

 

Kimsan Shayxni shunday shaydo etdi ishq,

Olam ahli ichra rasvo etdi ishq.

 

So‘ngra menga g‘avg‘olarni soldi u,

Qalb mulkimga yag‘molarni qildi u.

 

Mayli, holim birov ortiq demasdir,

Ortiq emas, lekin kam ham emasdir.

 

Kel, Navoiy, so‘zni endi yakun qil,

Lek ishq aro da’vo izhor qilmagil.

 

Agar bir kun bo‘lib tursam men omon,

Ishq sharhidan tuzsam deyman bir doston.

 

Kimda bo‘lsa, diyonatmi, insofmi,

Albat, bilar, so‘zim chinmi yo lofmi.

 

Alqissa, Shayx ayriliqqa duch keldi,

Ka’ba sari ketmoq lozim deb bildi.

 

Dafn joyi bo‘ldi ishqqa mos ayvon –

Din-u iymon ahli uchun go‘riston.

 

Butxonaga yo‘l olgandek nogahon,

Ka’ba sari qaytar edi shu zamon.

 

Uzr aytdi kechmish ishning boriga,

Va qazo ham qo‘shdi uni yoriga.



[1] Junayd Bag‘dodiy.

[2] Boyazid Bistomiy.

1 Izoh

Ibragimov Sardor

16:04 / 20.04.2024

Faqat qoyil deyish kerak bekorga nomlari bizning zamonamizgacha yetib kelmagan ekan

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

14:07 / 26.07.2024 0 162
Tomoshabinni teatrga qaytargan rejissyor





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20037
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17733
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//