Ey qarindoshlar!


Saqlash
18:04 / 18.04.2024 523 0

Ey qarindoshlarAlloh taolo biz, musulmonlarni sharifi islom ila boshqa millatlardan mukarram va musharraf qildi. Jumla kitoblarni afzali Kur’oni karimni bizga yibordi, hamma anbiyoi sarvari payg‘ambarimiz afandi hazratlarina bizni ummat qildi. Bas, biz na uchun Alloh amrini lozimincha tutmasmiz.

 

Payg‘ambarimiz va ul janobni xalifalari va as’hoblari va itbo’lari ko‘rsatkan va tutkan yo‘llarida biz na uchun sobitqadam o‘lmasmiz? Shariat amriga qarshulik qilib, boshqa millatlar nazariga o‘z din-u sharifimizni xor va zalil suratda ko‘rguzirmiz. Buni sababi ila olamni qaysi tarafiga nazar solsak, o‘z dindosh va millatdoshlarimizni xor va boshqa mutamarrin va mutaraqqiy millatlar qoshida sharmisor ko‘rurmiz. Buni sababi esa boshqa millatlarni ilm va ma’rifati, biz musulmonlarni g‘aflat va jaholatimiz emasmu? Agar bu esa, biz ham o‘zimizni bu safolat va razolatdan qutqarmak uchun g‘aflat va jaholatimizni tashlab ilm va maorifga na uchun ko‘shish va harakat qilmasmiz? Yoki boshqa millatlarda bor iste’dod va qobiliyat biz musulmonlarda yo‘qmu? Yoki biz musulmonlar o‘z din va shariatimizcha ilm va maorif tahsiliga va talabiga ma’mur emasmizmu?

 

“Bilg‘onlar ila bilmag‘onlar barobar bo‘lmaslar” degan oyati karima mazmunini nazari mulohazaga olib turib o‘z holimiz ila ko‘z oldimizda turg‘on rus, hamsoyalarimizni holini muqobila qilsak, har bobda bulardan kamligimiz va bular bizlarga xo‘ja, bizlar bularga qul suratda yashagonimizni sababi zamonaga muvofiq ilm va maorifdan mahrumligimiz edugini har birimiz iqror va e’tirof qilurmiz. Modomiki, hol bu ila ekan, na uchun “Bizga ul kerakmas, bul kerakmas” kalimalarini iste’moldan tashlab “kerak, kerak” lafzlarini virdi zabon etmasmiz.

 

Russiya davlatini jumla fuqarosi balki kurrai arzda insonni hammasi bu dunyoda rohat va saodatda yashamak uchun eng birinchi vosita hukumati mustabiddani nizom va qoidalarini fosihiy, hurriyat va ozodiyat qonunlarini ijrosini o‘ldig‘ini jon-u dildan qabul etub hukumat ham bunga lozim harakatlarda bo‘lundig‘i bir zamonda biz hamon istibdoddan o‘zimizga yetkan mehnat-u mashaqqatlarni rohat va saodat gumon qilub hurriyat dushmani o‘lg‘on chinovniklarga ixlos va e’tiqodimizni kundan-kunga ziyoda oshurmakda davom etmagimiz g‘aflat va jaholatimizning natijasi o‘lmasa na dur? Bu istibdod bizni boshimizga na qaro kunlarni soldi?

 

Nizomi olam har millatni o‘zidan va shari’ati iqtizosincha harakat qilmog‘iga musoida vermish ekan, na uchun biz musulmonlarni shariatimizga chang urilub qoziyi islomlarimiz hukmlarni “folojina” (положение) dasturil’amalga muvofiq qilmakg‘a majbur o‘ldilar. Musulmon qozilari martabada rus sudyalari ila barobar ekanlar, na uchun ko‘cha qarovuli hukmida o‘lg‘on folitsalarni (politsiyani) ta’zim qilmak va alardin haqoratlar eshitmak va ham uch yuz so‘mdan ziyodag‘a hukm qilolmaslik va shular kabi muxolifi adolat o‘lg‘on nizomlar joriy o‘ldi. Masjid va madrasalarimizni vaqflari xazinaga olindi. Dumaxona oqchasidin ruslar uchun zo‘r-zo‘r diniy maktab va madrasalar ochildi. Ammo musulmonlar uchun hech bir diniy maktab va madrasalar ochilmas, ochilg‘onlari esa yolg‘uz ruscha o‘qitmak uchun ochildi.

 

Musulmonchadan ham bir oz ta’lim berilmog‘i faqat musulmonlar xavf etmasun deb qurulg‘on tadbir ekanlig‘iga mazkur maktablarni idora va nazorati ruslar qo‘lida o‘lub, imtihon vaqtlarida ham yolg‘uz ruschadan imtihon olinmog‘i zo‘r bir dalil o‘lsa kerak. Chunki musulmonchani o‘ziga maxsus musulmondan bir nozir ta’min qilinmag‘oni uchun musulmonchadan olingan imtihon imtihon qatorida sanalmas. Rus nozirlari esa, musulmonchani lozimincha bilmaslar. Vaholanki, dumaxonag‘a musulmonlar ruslarg‘a ikki barobar aqcha to‘lamaklari har kimni ma’lumidur. Bas, na uchun musulmonlar ham o‘zlariga maxsus bir maktab yo madrasa ochub boshqa mamlakatlardan ta’lim va tadris ishlariga lozimincha muqtadir muallimlar kelturub alarni vazifalarini dumaxona aqchasidin berolmaslar. Yoki muslmonlarni aqcha to‘lamakda xaqlari o‘lub, u qoidai diniyya va dunyoviyyalariga sarf etmakda haqlari yo‘qmu?

 

Xayr, afandilarim… Bu xususda musulmonlarni haqlari ruslar ila barobardur… Lekin bu haqlarini talab qilmoqg‘a musulmonlarning tillari yo‘qdur. Chunki bir so‘zni tilg‘a olmoqg‘a avvalan dilg‘a kelturmak kerak. Dilg‘a kelturmak esa ul ishni foyda va zararini farq qilmoqg‘a mavqufdur. Foyda va zararni farq qilmoq esa zamonag‘a muvofiq, ilm va qonundan xabardor o‘lmag‘uncha hosil bo‘lmasligi tabiiydur.

 

Garchi ota-bobomizni odatlariga xilof o‘lsa ham, zamona iqtizosi o‘ldig‘i-chun telegrom, temir yo‘l, lamfa, puchta va bosma kitoblar kabi yangi asboblarni qabul etduk. Hammadan zarur va foydabaxsh o‘lg‘on zamona ilm va qonunlarini qabul etmay, hamon alkalimatani alif lomi ila shamsiyani salosho valiysi ila salash soniysini qaysi birin ziyodaligini bilmakg‘a umr o‘tkarmog‘imiz temir yo‘l ila hajga bormakdin parhez qilub eshak minib borib, yo‘lda qancha mehnat va mashaqqatlarni tortib oxiri cho‘ldami, daryodami, o‘lub ketmak kabi o‘z jonimizga muxolifatchilik o‘lmasun deb, lamfani qo‘yub qaro chirog‘ yokmog‘ durustmi?

 

Munavvarqori ABDURASHITXONOV

 

“Xurshid” gazetasi, 1906-yil, 21-sentabr

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 277
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17498
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//