Ismoil Somoniy avlodlari. Bir vaqfnoma tarixi


Saqlash
16:04 / 19.04.2024 989 0

Boshlanma

 

Buxoro shahrida 1920-yildagi ruslar bosqiniga qadar Ismoil Somoniy avlodlari yashagan bir mahalla bo‘lib, ular goyoki Ismoil Somoniyning oʻz avlodlariga qoldirgan vaqflardan kelgan daromadlar evaziga kun kechirganlar. Bu Ismoil Somoniy avlodlari kimlar edi, ular vaqf mulkiga bo‘lgan huquqlarini oqlash uchun qanday hujjatlarni saqlaganlar? Ushbu maqola ana shu va u bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim boshqa masalalarga bag‘ishlangan.

 

 

Ismoil ibn Ahmad as-Somoniyning vaqflari

 

Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida Ismoil Somoniy xayriya maqsadlarida Buxorodagi juma masjidi va katta rabotning ehtiyojlarini qondirish uchun, kambag‘allar foydasiga, islomda e’zozlanuvchi kishilar (Ali, Ja’far va boshqalar) avlodlarining ehtiyojlarini ta’minlash uchun, shuningdek, o‘zining “mavlo”, ya’ni mijozlari, va o‘zining avlodlariga atab yerlar sotib olib, ularni vaqf mulkiga aylantirgani haqida ma’lumot keltirilgan. Xususan, asarning Buxoroga tutash hududlar bo‘limida amir Ismoil Somoniyning Somjan (سامجن) rustoqidagi Sharg‘ (شرغ) qishlog‘ini barcha mulklari va yerlari bilan birga sotib olganligi haqida yozilgan. Bularning barchasini u shahar ichida Samarqand darvozasi yonida o‘zi qurdirgan katta rabotning ehtiyojlarini ta’minlash uchun vaqfga bergan [Наршахи: 29]. O‘sha rustoqning o‘zida u Barkad (بركد) qishlog‘ini sotib oldi, bu qishloq Barkad-i Alaviyon (بركد علويان) deb ham atalgan, chunki Amir Ismoil Somoniy uni vaqf mulkiga aylantirib, uning ikki qismini Ali va Ja’far avlodlari foydasiga, ikki qismini kambag‘allar foydasiga va yana ikki qismini o‘zining vorislari foydasiga ajratgan [Наршахи: 29]. Asarning Juy-i Muliyon haqidagi bo‘limida bu mulk ilgari Buxor-Xudot Tug‘shada avlodlariga qarashli bo‘lgan deb yozilgan. Amir Ismoil Somoniy uni xalifa al-Musta’in ibn al-Mu’tasim (hukmronligi 248–252/862–866)ning sarhangi, ya’ni harbiy qo‘mondoni bo‘lgan Hasan ibn Muhammad ibn Tolutdan sotib olgan. Amir Ismoil Juy-i Muliyonda saroylar qurdirib, bog‘lar solib, ularning ko‘pini o‘zining mavlo (مولى)lariga vaqf mulki qilib berdi. U doimo o‘zining mavlolari haqida qayg‘urar edi. Shundan keyin bu yerlarni Juy-i Mavoliyon (جوي مواليان) deb atay boshladilar, oddiy odamlar esa Juy-i Muliyon (جوى موليان) deb atagan [Наршахи: 38]. Buxoroda Hisorga tutash Dashtak degan tekislik bor edi. Bu yerning hammasi qamishzor edi. Amir Ismoil u yerni ham Hasan ibn Tolutdan 10 ming dirhamga sotib oldi. Birinchi yilning o‘zida u qamish sotishdan 10 ming dirham foyda ko‘rdi. Amir Ismoil bu joyni jum’a masjidiga vaqf mulki qilib berdi. Amir Ismoildan keyin uning amir boʻlgan barcha avlodlari Juy-i Muliyonda oʻzlariga bogʻlar barpo etib, saroylar qurganlar, chunki bu yer “juda ham goʻzal, gullab-yashnagan va salqin” edi. Amir Ismoil Somoniy mulklariga shaharning Nav darvozasi (دروازه نو) yaqinidagi hudud ham kirgan, u yer Korak-i ‘Alaviyon (كارك علويان), ya’ni “Alaviylarning ekin yerlari” deb atalgan. U yerda 356/966-67-yilda amir Mansur ibn Nuh juda go‘zal qasr (ko‘shk) qurdirdiki, uning go‘zalligi haqida ovoza tarqalgan edi. Juy-i Muliyon va Korak-i Alaviyon Somoniylar sulolasi hukmronligining oxirigacha obod bo‘lib kelgan. Hokimiyat Somoniylar qo‘lidan ketgach, u saroylar vayron bo‘ldi [Наршахи: 38-39].

 

Bu maʼlumotlarning barchasi Ismoil ibn Ahmad as-Somoniyning haqiqatan ham yirik yer egasi boʻlganligi va oʻz yerlarining bir qismini xayriya maqsadlarida vaqfga aylantirganidan dalolat beradi. Lekin mol-mulkining asosiy qismini u o‘zining merosxo‘rlari, avlodlari va mijoz (mavlo)lariga qoldirib, ular uchun maxsus vaqflar ajratgan.

 

 

Ismoil Somoniyning vaqf guvohnomalari

 

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar jamg‘armasida 527a sonli 931/1524-25-yilda fors tilida yozilgan va hech qanday muhr bilan tasdiqlanmagan nomi yo‘q hujjat saqlanadi. Fihrist kitobida u shartli ravishda “Ismoil Somoniy vaqfnomasi” deb atalgan. Bu hujjatda Ismoil Somoniy oʻz avlodlariga vaqf mulki qilib qoldirgan Buxoro viloyatidagi ayrim qishloqlar haqida soʻz boradi. Hujjatda Ismoil Somoniyning vaqf mulkini tashkil etgan jami 13 ta hudud nomlari keltirilgan. Hujjatga koʻra, Ismoil Somoniy oʻz avlodlariga Nahr-i Navkanda (نهر نوکنده), Parkat (پرکت), Xoja Ubon (خواجه اوبان), Mazra'a-i Alishoh (مزرعهء علیشاه), Arbob-i Kata (ارباب کته), Tall-i Garmoba (تل گرمابه) qishloqlarini, va Hazorbog‘ (هزارباغ), Sabuq (سبوق) va Bosandiq (باسندق) yerlarini vaqf qilib qoldirgan, Juy-i Muliyon (جوی مولیان) hududlari, Katta Chorbog‘ (چارباغ بزرگ) va Registon-i Buxoro (بخارا رگستان) yerlarini esa nafaqat o‘z avlodlariga, balki mijoz (mavlo)lariga, shuningdek, kambag‘al musulmonlarga (fuqaro) vasiyat qilgan. Faqihlar (fuqaho), ilohiyot olimlari (ulamo) va musofirlar (matnda “kelib-ketuvchilar”) uchun Varaxsha (ورخشه) hududida yerlar vaqf qilib ajratilgan, bu yerda qadimda 12 ta sugʻorish ariqlari va sug‘oriladigan yerlar boʻlgan. Hujjatning yakuniy qismida amir Abdulmalik ibn Mansur davrida (hukmronligi 389–390/999–1000) Xurosonda Somoniylar hukmronligiga barham berilganligi qayd etilgan. Bu vaqtda Qoraxoniylar hukmdori Ilikxon qo‘shinlari butun Movarounnahrni egallagan. Shundan keyin Somon xonadoniga mansub sultonlar sulolasi barham topdi. Bu xonadon avlodlarining bir qismi savdo-sotiq bilan shug‘ullangan bo‘lsa, yana bir qismi ilm-fan va taqvo sohalarida faoliyat olib bordi. Ularning hammasi oddiy odamlarga aylandi. Hujjat so‘nggida yozilishicha, bu hujjat hijriy 931-yil rajab oyining 20-kunida Buxoro shahrida “Bahr ad-durar” asaridan ishonchli kishilar huzurida ko‘chirilgan” [Камолиддин, Мусаметов 2017: 6–12].

 

1-surat. O‘zR FA Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan 527a sonli hujjatning bir qismi (XVI asr boshi).

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivining 323-sonli asosiy jamg‘armasida 758/6-7-raqam ostida Ismoil Somoniy avlodlariga berilgan vaqf hujjatining keyingi asrlarda ko‘chirilgan nusxasi saqlanadi. Fors tilida yozilgan bir-biriga yopishtirilgan qog‘oz varaqlarning uzun o‘rami ko‘rinishidagi ushbu hujjat “Vaqfiya-i avlod-i podshoh-i Ismoil Somoniy” (“Podshoh Ismoil Somoniy avlodlarining vaqf hujjati”) deb nomlanadi. Hujjatning haqiqiyligini tasdiqlash uchun o‘ramdagi varaqlarning bir-biriga yopishtirilgan joylarida varaqlarning har ikki tomoniga 2,5 sm aylanali dumaloq shakldagi jami 13 ta muhr bosilgan.

 

2-surat. O‘zR Markaziy davlat arxivining 323-sonli asosiy jamg‘armasida saqlanayotgan 758/6-7-raqamli hujjatning boshlanish qismi (XVIII asr).

 

Muhrda amir Shoh-Murod (hukmronligi 1785–1800) ismi yozilgan va 1198/1784-85-yil ko‘rsatilgan. Hujjat matnida uning 254/868-yilda Ismoil Sоmоniy tomonidan tuzilganligi qayd etilgan. Hujjatda Somjan (سامجن) arig‘i atrofidagi yerlarning Ismoil Somoniy avlodlariga vaqfga o‘tkazilishi haqida so‘z boradi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan 527a sonli hujjatdan farqli o‘laroq ushbu hujjatda vaqfga aylantirilgan barcha yerlar, qishloqlar va aholi maskanlarining aniq chegaralari ko‘rsatilgan. 1287-sonli va 758/6-7-sonli hujjatlarga koʻra, Ismoil Somoniyning vaqf mulklari shaharning oʻzida va 4 tuman – Somjan, Xutfar, Rud va Po-yi Rud yerlarida joylashgan.

 

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Madaniy meros yodgorliklarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bosh boshqarmasining arxivida 3499–3510-raqamlar ostida fors tilida tuzilgan bir hujjatning fotonusxasi mavjud bo‘lib, uning asl nusxasi ilgari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida saqlangan, ammo hozirda yo‘qolgan. Arxivning Buxoro vaqf hujjatlari jamg‘armasi qayd kitobida bu hujjat 1287-raqam ostida “Ismoil Somoniy vaqf hujjati” sifatida qayd etilgan. Mazkur hujjat matni mazmun jihatdan 758/6-7-sonli hujjat matni bilan bir xil bo‘lib, unda jiddiy tafovutlar yo‘q. Hujjat matniga ko‘ra, go‘yoki u 254/868-yilda yozilgan asl nusxadan ko‘chirilgan, ko‘chirish sanasi hijriy 676-yil Muharram oyining 4-kuni (mil. 1277-yil 7-iyunga to‘g‘ri keladi) deb ko‘rsatilgan. Biroq buni hujjatning qoʻlyozmasi xususiyatlari tasdiqlamaydi. U oddiy nastaʼliq xatida yozilgan bo‘lib, bu yozuv turi XVII asrdan XIX asrgacha Oʻrta Osiyoda keng tarqalgan. O‘ramning 17 joyida 1800–1826-yillarda Buxoroda hukmronlik qilgan “Sulton Amir Haydar” ismi yozilgan, uzunligi taxminan 2,5 sm bo‘lgan bodomsimon muhrlar bosilgan. 6 oʻrinda boshqa hujjatlardan ham maʼlum boʻlgan Mirzo Muhammad Aminning oʻgʻli Oliy qozi Mirzo Muhammad Fozil ismi yozilgan dumaloq shakldagi muhrlar bosilgan. Shunday qilib, hujjatning yozuvi xususiyati va muhrlardagi yozuvlarning mazmuni ushbu nusxa XIX asr boshlarida ko‘chirilgan deb xulosa chiqarishga imkon beradi. Hujjatga 1332/1914-yillarda tuzilgan dehqonlarning majburiyatlari ko‘rsatilgan 6 ta to‘liq nizom va 1 ta nizomning yarmi, ilova qilingan [Чехович 1950: 259–270].

 

3-surat. O‘zR Madaniyat va sport ishlari vazirligi Madaniy meros yodgorliklarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bosh boshqarmasining arxivida 3499–3510-raqamlar ostida saqlanayotgan 1287-raqamli hujjat fotonusxasi (XX asr boshi).

 

O.D.Chexovich Ismoil Somoniyning vaqf hujjatida keltirilgan ma’lumotlarni batafsil tahlil qilib, natijada shaxsiy muhrlarning yozuvi va mazmuniga asoslanib, shu xulosaga keldiki, bu soxta hujjat XVI asr boshida tuzilgan (527a sonli hujjat), XVIII asr oxirida yangilangan (758/6-7-sonli hujjat) va XX asr boshlarida qayta tiklangan (1287-sonli hujjat) [Чехович 1950: 265–267; 1951: 266–268].

 

Shu bilan birga O.D.Chexovich Ismoil Somoniyning haqiqiy vaqf guvohnomasining mavjud bo‘lganligini inkor etmasdan, o‘z xulosasida shunday yozadi: “Faqat ikki ma’lumot sir bo‘lib qolmoqda: Navkanda arig‘i va Registon maydonining eski nomi – Koh-furushon tilga olinishi, va bu yerning ilgari qamishzor bo‘lganligidir. Ikkala nom ham Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida uchraydi. Bunga asoslanib, u soxta hujjat matnini tuzuvchi undan ham qadimgi hujjatdan manba sifatida foydalangan bo‘lishi mumkinligini tan oladi.

 

Qanday bo‘lmasin, bu o‘ta shubhali hujjat 1914-yilda dehqonlarni Ismoil Somoniyning “avlodlari” foydasiga pul to‘latish uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Buxoroda 1920-yildagi ruslar bosqiniga qadar Ismoil Somoniy avlodlari istiqomat qilib, shu vaqflardan kelgan daromad hisobiga yashaganlar [Чехович 1950: 260, 266]. O.D.Chexovich oʻzining keyingi asarlaridan birida (1979) Ismoil Somoniyning vaqf hujjatlarini “kechki nusxalar (yoki bayonlar)” deb ifodalaydi, va ulardagi maʼlumotlarni XIII asrga mansub haqiqiy vaqf guvohnomasidagi maʼlumotlar bilan solishtiradi [Бухарский вакф: 26].

 

Qadimgi hujjatning mavjudligiga amir Sayyid Muhammad ibn Amir Sulton Husaynning Buxoro qozisiga uning Ismoil Somoniy avlodi ekanligini tasdiqlovchi hujjat ko‘rsatganligi haqidagi xabar ham dalolat beradi. Hujjatlarda Nahr-i Navkanda arig‘i va Koh-furushon (Registon) maydonidan tashqari IX-X asrlarda mavjud boʻlgan yoki kelib chiqishi oʻsha davr bilan bogʻliq boʻlgan Arbob-i Kata, Parkat, Varaxsha, Juy-i But, Juy-i Muliyon, Kaqishtuvon, Qorako‘l, Sabuq, Salor-i Haj,  jan, Tarnau(z), Hubb-i Kalkon va Xutfar joy nomlari ham qayd etilgan. 527a sonli hujjatda “hozirgacha Siston Banu Lays oilasiga mansub” (280-satr) deyiladi. Safforiylar sulolasi Sistonda taxminan XV asr oxirigacha hukmronlik qilganini hisobga olsak, ushbu hujjat ma’lumotlari ko‘chirilgan “Bahr ad-durar” asarining matni shu vaqtda tuzilgan deb taxmin qilishimiz mumkin.

 

Bu maʼlumotlarga asoslanib, shu xulosaga kelish mumkinki, ushbu hujjatning 3 nusxasida keltirilgan maʼlumotlar Ismoil Somoniy tomonidan arab tilida tuzilgan matnga asoslangan boʻlib, u 527a sonli hujjatdagi faqat vaqfga oʻtkazilgan yerlar bilan bogʻliq boʻlgan qismni, yaʼni 24–41-satrlar, 1287-sonli hujjatning 2, 3 va 4-qismlarini va 758/6-7-sonli hujjatning boshlanish qismini o‘z ichiga olgan. Keyingi asrlarda bu matn, ehtimol, fors tiliga tarjima qilingan, biroz o‘zgarishlarga uchragan va bizgacha yanada o‘zgargan va kengaytirilgan shaklda yetib kelgan. Ismoil Somoniyning vaqf mulklari, shuningdek, ayrim joy nomlari, masalan, Koh-furushon faqat Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida tilga olinganidan kelib chiqadigan bo‘lsak, aynan shu asar keyinchalik ushbu vaqf hujjatlari matnini tuzishda asosiy manbalardan biri bo‘lib xizmat qilgan. Narshaxiy maʼlumotlaridan kelib chiqadiki, Ismoil Somoniyning Somjan arig‘i bo‘ylarida joylashgan vaqf mulklari XII asrda mavjud boʻlmagan, bizgacha yetib kelgan vaqf hujjatida esa Ismoil Somoniyning vaqf mulklari orasida 3 ta qishloq yerlari bilan mazkur ariq boʻyida joylashganligi ko‘rsatilgan. Bu vaqflar moʻgʻullar istilosidan keyingi davrda, ya’ni XIV-XV asrlarda tiklangan deb taxmin qilish mumkin.

 

 

Ismoil Somoniy avlodi Jandiy-bek

 

“Ismoil Somoniy vaqfnomasi” (527а raqamli hujjat)da yozilishicha, Somon uyining sultonlari sulolasi tugagandan so‘ng bu oila a’zolarining ba’zilari hunarmandchilik bilan, boshqalari esa ilm-fan yoki xayriya ishlari bilan shug‘ullandilar. Ularning hammasi o‘rta hol odamlarga aylandilar [Ismoil Somoniy vaqfnomasi: 456-457-satrlar]. Lekin ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Somoniylar sulolasining ayrim avlodlari mahalliy boshqaruv tizimida qolib, XIV asrgacha oʻz nasl-nasabini saqlab kelgan.

 

Xususan, XVI asrda o‘zbek tilida noma’lum muallif tomonidan yozilgan “Tavorix-i guzida-yi Nusratnoma” nomli asarda “Ismoil Somoniy avlodi” bo‘lgan Jandiy-bek haqida ma’lumot keltirilgan. Bu asarda yozilishicha, Jandiy-bek Jo‘chiylar sulolasi bilan qarindosh-urug‘chilik aloqasi bog‘lab, o‘z qizini Jo‘chi Buka nevarasi va Shaybonxonning 4-nasldagi avlodi bo‘lgan Ming Temurxonga nikohlab bergan. Bu nikohdan El-bek va Po‘lad ismli o‘g‘illar dunyoga kelgan. Ming Temurxonning Jandiy-bekning qizidan tug‘ilgan 4-nasldagi avlodi Abu-l-Xayrxon edi, uning nabirasi esa Shayboniyxon edi [Таварих-и гузида: 34-35].[1] Xuddi shu ma’lumotni XVII asr muallifi Mahmud ibn Valiy ham keltiradi, unga ko‘ra, Jandiy-bek “Somon avlodlaridan bo‘lgan, Somon esa Bahrom Chubin urug‘idan bo‘lgan” [Махмуд ибн Вали 1969: 348].

 

Ming Temurxon Oltin O‘rdaning Shaybon ulusida taxminan 1340–1359-yillarda hukmronlik qilgan. Shaybon ulusi Sharqiy Qozog‘iston va G‘arbiy Sibir yerlarini o‘z ichiga olgan edi. Uning poytaxti Ural daryosining o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan Saraychiq shahrida edi [Костюков 2010]. Shunisi diqqatga sazovorki, XIV asr o‘rtalarida Ming Temurxonning Jandiy-bekning qiziga uylanishidan oldin Jo‘chiylar shajarasida birorta ham arab-musulmon ismi bo‘lmagan, va aynan shu nikohdan keyin Jo‘chiylarning keyingi avlodlari shajarasida Pulod, Ilyos, Tavakkul-Xoja, Ibrohim, Arabshoh, Xizr, Davlat-Shayx, Baxtiyor, Hamza, Mahdiy, Muttalib, Sufyon, Yodgor, Qul-Ahmad, Mahmud, Abu Said, Iso, Muso-Rizo, Mustafo, Murtazo, Qosim, Turdi-Muhammad, Kel-Muhammad, Muhammad-so‘fi, Mustash, Ja’far-Sodiq, Navruz kabi arab va fors ismlari paydo bo‘lgan. Shunday qilib, agar X asrda Somoniylar Qoraxoniylarning islomlashuvida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan bo‘lsa, XIV-XV asrlarda ularning avlodlari Jo‘chiylar va Dasht-i Qipchoq o‘zbeklarining islomlashuvida xuddi shunday ahamiyatga ega bo‘lgan.

 

Ismoil Somoniy avlodining ismi (Jandiy-bek)ni Sirdaryoning quyi oqimidagi Jand (جند) shahri yoki oʻgʻuzlar tomonidan Buxoro atrofida asos solingan Turk-i Jandiy  (ترك جندي) mahallasining nomi bilan bog‘lash mumkin. Maʼlumki, Somoniylar Sirdaryoning quyi oqimida yashagan o‘gʻuzlarning iltimosini qanoatlantirib[2], ularga Zarafshon vodiysidagi Nur atroflari va Buxoro atroflariga koʻchib kelishga ruxsat berganlar [ал-Хусайни: 164; Байхаки: 823]. Bu oʻgʻuzlarning avlodlari bugungi kungacha Buxoro viloyatining Nurota hududida istiqomat qilayotgan turkmanlar hisoblanadi [Шаниязов 1973: 5]. Ma’lumki, o‘g‘uzlar nafaqat shahardan tashqaridagi yerlarda, balki Buxoro shahriga bevosita tutash yerlarda ham o‘rnashgan. Xususan, Buxoro yaqinida Jand atroflaridan kelgan turkman koʻchmanchilari al-Qariya al-Jadida (القرية الجديدة) – “Yangi qishloq” nomli qishloqqa asos solganlar [аs-Sam‘oniy III: 319]. Keyinchalik bu qishloq shahar tarkibiga kirgan va Turk-i Jandiy deb atalgan[3] [Сухарева 1976: 91-92]. Oralaridan keyinroq Saljuqiylar sulolasi yetishib chiqqan bu o‘gʻuzlar Somoniylarni ko‘p marta qoʻllab-quvvatlaganlar, ularning eng yaqin ittifoqchilari sifatida harakat qilganlar. Masalan, al-Utbiyning yozishicha, 382/992-93-yilda Somoniylar amiri Nux II ibn Mansur (hukmronligi 365–387/976–997) davrida Buxoroda hokimiyatni qoʻlga olgan Bugʻroxon kasal bo‘lib qolib, shaharni tark etganda[4], uning yo‘li o‘g‘uzlarning yerlaridan o‘tdi. O‘g‘uzlar uning ketidan bir necha chaqirim ta’qib qilib, qo‘shinidan ortda qolgan va kuchsizlangan jangchilarni o‘ldirganlar [ал-‘Утби 1939: 223; ал-‘Утби 1988: 26-27]. Ilikxonning oʻgʻli Horun Somoniy amirlaridan biriga qarashli chekka hududlarning bir qismini qoʻlga kiritganda, Horun oʻgʻuzlar hukmdori Saljuqqa yordam soʻrab murojaat qiladi va Saljuq unga yordamga o‘z oʻgʻli Arslonni qoʻshin bilan yuboradi [Ибн ал-Асир 2006: 198]. 391/1000-01-yilda Somoniylarning so‘nggi amiri al-Muntasir Qoraxoniylarning Oʻzganddagi zindonidan qochib, Xorazmga yoʻl oladi [ал-‘Утби 1939: 223; ал-‘Утби 1988: 37], chunki aholining salmoqli qismini o‘sha paytda Xorazm o‘g‘uzlari tashkil qilar edi [Hudud al-‘Alam: 121–122]. Oxirgi Xorazmshoh Abu-l-Abbos Maʼmun ibn Maʼmun (hukmronligi 399–407/1009–1016) saroyida bir qancha Somoniy shahzodalari boʻlgan [Байхаки: 808-809, 812–817].

 

 

Somoniylar sulolasining oxirgi amiri al-Muntasir

 

Ma’lumki, Somoniylar sulolasining soʻnggi amiri al-Muntasir nomi bilan mashhur boʻlgan Abu Ibrohim Ismoil ibn Nuh as-Somoniy (vafoti 395/1004-05) Gʻuz turklari yetakchisi Yabgʻuning qiziga uylanib, u bilan qarindosh tutingan [Gardizi 1939: 229]. Al-Muntasirning atrofidagi unga soqiq odamlarning deyarli barchasini uning turk amirlari va hojiblari – Arslon Yalu (Balu), Abu-l-Qosim Simjur, Husam ad-Davla Tosh, Abu Nasr Hojib va ​​boshqalar tashkil qilgan, uning eng ishonchli himoyachisi va tayanchi, do‘sti va yordamchisi esa Tuztosh Hojib edi [ал-‘Утби 1939: 224-225; ал-‘Утби 1988: 37, 39, 40, 43]. Xurosonda amir Nasr qoʻshinlari tomonidan magʻlubiyatga uchragan al-Muntasir himoyasiz qolib, o‘gʻuzlar huzuriga qochib ketadi, chunki ular doim “Somoniylar sulolasiga qilgan xizmatlari bilan maqtanar, bu xonadonga muhabbat va doʻstlik tuyg‘ularini his qilar edi”. Ular al-Muntasirga yordam va madad berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar va 393/1002-03-yilda u bilan birga Ilikxonga qarshi yurish qilib, uning qoʻshinini magʻlub etdilar [ал-‘Утби 1939: 224; ал-‘Утби 1988: 41]. Keyinchalik, 394/1003-04-yilda al-Muntasir Nur qal’asida berkinganida, uning tarafdorlari orasida samarqandlik turk g‘ulomlari va yana o‘g‘uzlarning qo‘shinlari qayd etiladi [ал-‘Утби 1939: 225-226; ал-‘Утби 1988: 43]. Somoniylarning so‘nggi amiri al-Muntasir 395/1004-05-yilda Zamm qal’asi yaqinida joylashgan ko‘chmanchi arablarning lashkargohida o‘ldirilgan [Ибн ал-Асир 2006: 174–177]. Rivoyatga ko‘ra, u hozirgi Kerki shahrining shimoli-g‘arbidagi Ostona Bobo qishlog‘ida joylashgan “Alambardor” maqbarasiga dafn etilgan [Pugachenkova 1983: 19].

 

 

O‘g‘uzlarning nasabnomalarida Somoniylar

 

Ayrim dalillar al-Muntasir bilan oʻgʻuzlar boshligʻi Yabgʻu oʻrtasida oilaviy aloqalarning oʻrnatilishi, shuningdek, oʻgʻuzlarning Somoniylar bilan yaqinligi tasodifiy emasligini koʻrsatadi. Xususan, oʻgʻuzlarning oʻrta asr rivoyatlarida Somoniylar ularning ajdodlari sifatida namoyon boʻladi. Masalan, qadimgi oʻgʻuzlarning afsonaviy hukmdorlari qatorida Somon Xudot ham tilga olinadi. Rashid ad-Dinning “O‘g‘uz-noma” asariga ko‘ra, To‘quz (Dukur) Yavkuy ismli xondan keyin Movarounnahrda Somon Yavkuy deb atalgan Aslzoda xon hukmronlik qilgan, u yana Somon Xudot deb ham atalgan va barcha Somoniylarning ajdodi bo‘lgan [Rashid ad-Din: 94]. [5] Abu-l-G‘oziy asarida o‘sha xon (ya’ni Somon Yavkuy) “Aslzoda” nomi bilan tilga olinadi va uning 20 yil hukmronlik qilgani qayd etiladi. Unga koʻra, Somon Xudot 10 yil hukmronlik qilgan Arslonxondan keyin va Saljuqiylarning bobosi Arslonxondan oldin hukmronlik qilgan [Kononov 1958: 69]. Xuddi shu rivoyatning keyingi davrda yozilgan nusxasiga ko‘ra, “yavkuy” so‘zi “qabila boshlig‘i” ma’nosini bildirgan va sulolaviy nom sifatida xizmat qilgan [Muxamedova 1978: 169–171].

 

Muslih ad-Din Muhammad al-Loriy (XV asr)ning “Mir’ot al-advor va mirhot al-ag‘yor” (“Zamon va o‘zgarishlar shodligi ko‘zgusi”) asarida ham Rashid ad-Dinning Somoniylarning o‘g‘uzlardan kelib chiqishi haqidagi xabari keltirilgan, va Rashid ad-Dinning “Jomi’ at-tavorix” (“Yilnomalar to‘plami”) asariga ishora qilingan. Al-Loriyning yozishicha, Somoniylarning ajdodi Somon Yabgʻu[6], uni Aslzoda deb ham ataganlar, oʻgʻuz turklari oilasidan kelib chiqqan. Islom dini tarqalishining boshida uning oilasidan Toʻgʻrul ismli hukmdor boʻlgan, undan keyin Somon Yabgʻu hukmronlik qilgan [аl-Loriy: 234a]. To‘g‘rul ismli xuddi shu hukmdor Rashid ad-Dinning yuqorida tilga olingan “O‘g‘uz-noma” asarida Tokuz (Dukur) Yavkuy deb qayd etilgan. Somoniylar ajdodlarining Sirdaryoning quyi oqimi havzasidagi oʻgʻuzlar bilan aloqasi yana bir rivoyatda aks etgan. Unga koʻra, Somon Xudotning otasi islomga qadar lashkarboshi boʻlgan. Arablar istilosidan keyin Somon otasining mavqei o‘zgarib, Xuroson zodagonlaridan biriga tuya yo‘lboshchisi bo‘lib qoladi. Biroq bu uning uchun haqoratli edi, chunki u asilzoda edi. Islomgacha bo‘lgan davrda Bahrom Chubin avlodlari butun Movarounnahrning hukmdorlari bo‘lgan. Shuning uchun u Turkistonga borib, u yerda talonchilik bilan shug‘ullanadi. Biroz vaqt o‘tgach, u kuchli qo‘shin to‘plab, Ashnos (اشناس) [7] shahrini egalladi va uning hukmdori bo‘ldi [Mustawfi-i Qazwini: 379]. Xondamir (XV asr) asarida ham shunday ma’lumotlar keltirilgan [Xvandamir II: 352]. Eslatib o‘tamizki, Turkistonning Ashnos shahrida ilk o‘rta asrlarda aholining ko‘pchiligini o‘g‘uz turklari tashkil qilgan, bunday shaharda hokimiyatni faqat o‘sha muhitning o‘zidan chiqqan kishi qo‘lga kiritishi mumkin edi. Noma’lum muallif tomonidan 611/1214-15-yilda arab tilida yozilgan bir qo‘lyozmada keltirilgan yana bir rivoyatda Sayxun daryosi (Sirdaryo) haqida so‘z yuritiladi, unga ko‘ra, bu daryo Ma’ Jand (ماء جند), ya’ni “Jand suvi” deb ham atalgan.[8] Bu daryoda Somoniylarning vatani Ashnos (اشناس) shahri joylashgan, Somon (سامان) esa uning ‘omili (عامل), ya’ni noibi bo‘lgan [Togan 1964: 63].

 

 

Xulosa

 

Yuqoridagi ma’lumotlarga asoslanib[9], taxmin qilish mumkinki, yuqorida tilga olingan XIV asr o‘rtalarida yashagan “Somon va Bahrom Chubin urug‘idan bo‘lgan Ismoil Somoniy avlodi” Jandiy-bek Somoniylar sulolasining so‘nggi vakili Abu Ibrohim Ismoil ibn Nuh al-Muntasirning o‘g‘uzlar yetakchisi Yabg‘uning qizi bilan turmush qurishi (Gardizi)dan qolgan avlodi bo‘lgan. Jandiy-bek Jo‘chiylar sulolasi bilan qarindoshlik aloqasi o‘rnatib, oʻz qizini Jo‘chi Bukaning nabirasi, Shaybonxonning toʻrtinchi nasldagi avlodi boʻlgan Ming Temurxonga nikohlab beradi (Tavarix-i guzida, Maxmud ibn Vali). Ming Temurxonning Jandiy-bekning qizidan boʻlgan toʻrtinchi nasldagi avlodi Dasht-i Qipchoq oʻzbeklarining bevosita ajdodi Abu-l-Xayrxon edi. XVI asrda O‘rta Osiyoda hukm surgan Shayboniylar sulolasining asoschisi Shayboniyxon esa uning nabirasi edi. Bu maʼlumotlar shundan dalolat beradiki, Somoniylar oilasining soʻnggi vakilining qoni Dasht-i Qipchoq oʻzbeklari ajdodlarining qoniga qoʻshilgan.

 

Aftidan, XVI asr boshlarida Temuriylarga qarashli yerlarda hokimiyat tepasiga kelgan Shayboniyxon Buxoroni oʻziga bejiz poytaxt qilib tanlamagan. Chunki bu shahar uning uzoq ajdodlari bo‘lgan Somoniylarning poytaxti bo‘lib, ularning oilaviy maqbarasi ham shu yerda joylashgan edi. Aynan shu davrda Buxoroda Ismoil ibn Ahmad as-Somoniy vaqfnomasining yangi matni tuzilgan, uning qoʻlyozmasi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Aynan oʻsha paytda Buxoroda “Ismoil Somoniy avlodlari” istiqomat qiluvchi mahalla tashkil etilgan boʻlib, ular keyinchalik 1920-yildagi ruslar bosqiniga qadar shu vaqflardan tushgan daromad evaziga yashab kelganlar. Ehtimol, bu “Ismoil Somoniy avlodlari” aslida yuqorida tilga olingan Jandiy-bekning avlodlari bo‘lib, u esa o‘z navbatida so‘nggi Somoniy amiri al-Muntasirning avlodi bo‘lgan.

 

Shamsiddin KAMOLIDDIN,

tarix fanlari doktori, professor

 

Foydalanilgan adabiyot

 

Manbalar

 

Hudud al-‘Alam – Hudud al-‘Alam, the Regions of the World, a Рersian geography / Translated and explained by V. Minorsky. London: E. J. Brill, 1970.

Ismoil Somoniy vaqfnomasi – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar jamg‘armasida saqlanayotgan 527a sonli hujjat.

аl-Loriy – Muslih ad-Din Muhammad al-Loriy. Mir’ot аl-аdvor va mirhot аl-аg‘yor (“Zamon va o‘zgarishlar shodligi ko‘zgusi”) / Istanbul universiteti qo‘lyozmasi (Тurkiya), tartib raqami: F 725. 

Mustawfi-i Qazwini – Hamdallah Mustawfi-i Qazwini. The Tarikh-i Guzida or Select History, compiled in A.H. 730 (A.D. 1453) / Ed. by E. G. Browne with indices of the fac-simile text by R. A. Nicholson, vol. 1, Text (“E. J. W. Gibb Memorial” Series, XIV). Leiden – London: E. J. Brill, 1910.

Mustawfi of Qazwin – Hamdallah Mustawfi of Qazwin / The geograpghical part of the Nuzhat al-Qulub (composed in 740/1340) / Ed. by G. le Strange (“E. J. W. Gibb Memorial” Series, XV). Leiden – London, 1915.

аs-Samoniy Abu Sa‘d ‘Аbd al-Karim ibn Muhammad аs-Sam‘oniy. Аl-Аnsob / ‘Аbd аr-Rahmon ibn Yahyo аl-Mu‘аllimiy аl-Yаmoniy nashri, 12 jildlik. Bayrut: Muhammad Аmin Damaj, 1981.

Xvаndamir – Ghiyath аd-Din ibn Humam аd-Din аl-Husayni Хvandamir. Та’rix habib аs-siyar fi аxbor аfrod vа bashar, 3 jildlik. Теhron: Intishorot-i kitobxona-yi Хаyyom, 1333 shamsi.

 

Байхаки – Абу-л-Фазл Байхаки. История Мас‘уда (1030 – 1041) / Пер. с перс., введение, комментарий и приложения А.К.Арендса. Издание второе, дополненное. М.: Наука, 1969.

Бухарский вакф – Бухарский вакф ХIII века / Факсимиле, издание текста, перевод с арабского и персидского, введение и комментарий А.К.Арендса, А.Б.Халидова, О.Д.Чехович (Памятники письменности Востока, LII). М.: Наука, 1979.

Гардизи – Абу Са‘ид Гардизи. Зайн ал-ахбар. Украшение известий. Раздел об истории Хорасана / Пер. с перс. А.К.Арендса. Введение, комментарии и указатели Л.М.Епифановой. Ташкент: Фан, 1991.

Гардизи – Гардизи. Извлечения из «Зейн ал-Ахбар» / Пер. с перс. А. А. Ромаскевича // Материалы по истории туркмен и Туркмении. Том 1. VIIXV века. Арабские и персидские источники. М.; Л.: Изд-во АН СССР, 1939. С. 227–233.

Джувейни – ‘Ала ад-Дин Атамелик Джувейни. Извлечения из «Тарих-и Джеханкуша» / Пер. с перс. под ред. А.А.Ромаскевича // Материалы по истории туркмен и Туркмении. Том 1. VIIXV века. Арабские и персидские источники. М.; Л.: Изд-во АН СССР, 1939. C. 442–449.

Ибн ал-Асир Ибн ал-Асир. Ал-Камил фи-т-та’рих / Пер. с араб., примечания и комментарии П.Г.Булгакова. Дополнения к переводу, примечаниям и комментариям, введение и указатели Ш.С.Камолиддина. Ташкент: Ўзбекистон, 2006.

Махмуд ибн Вали – Махмуд ибн Вали. Бахр ал-асрар фи манакиб ал-ахйар / Пер. с перс. З.Н.Ворожейкиной // Материалы по истории казахских ханств XVXVIII веков (Извлечения из персидских и тюркских сочинений). Алма-Ата: Наука, 1969. С. 320–368.

Наршахи – Мухаммад ан-Наршахи. Тарих-и Бухара. История Бухары. Вступительная статья Д.Ю.Юсуповой. Перевод, комментарии и примечания Ш.С.Камолиддина. Археолого-топографический комментарий Е.Г.Некрасовой. Ташкент: SMI-ASIA, 2011.

Рашид-ад-Дин – Рашид-ад-Дин. Сборник летописей. В 3-х частях / Пер. с перс. Л.А.Хетагурова, О.И.Смирновой, Ю.П.Верховского и А.К.Арендса. М.; Л.: Изд-во АН СССР, 1946, 1952, 1960.

Рашид ад-Дин – Фазлаллах Рашид ад-Дин. Огуз-наме / Пер. с перс., предисловие, комментарии, примечания и указатели Р.М.Шукюровой. Баку: Элм, 1987.

Таварих-и гузида Таварих-и гузида-йи Нусрат-наме / Перевод с узбекского В. П. Юдина // Материалы по истории казахских ханств XVXVIII вв. (Извлечения из персидских и тюркских сочинений). Алма-Ата: Наука, 1969. С. 9–43.

Та’рих-и Систан – Та’рих-и Систан (История Систана) / Перевод, введение и комментарий Л.П.Смирновой (Памятники письменности Востока, ХLII). М.: Наука, 1974.

ал-‘Утби 1939 – Извлечения из «Тарих ал-Йамини» Абу Насра ал-‘Утби / Пер. с араб. С. Волина // Материалы по истории туркмен и Туркмении. Том 1. VII–XV века. Арабские и персидские источники. М.; Л.: Изд-во АН СССР, 1939. С. 223–227.

ал-‘Утби 1988 – Извлечения из «Тарих-и Йамини» ал-‘Утби / Пер. с перс. М. А. Салахетдиновой // Материалы по истории Средней и Центральной Азии Х–ХIХ веков. Ташкент: Фан, 1988. С. 24–57.

ал-Хусайни – ал-Хусайни, Садр ад-дин ‘Али. Ахбар ад-даулат ас-салджукиййа или Зубдат ат-таварих фи ахбар ал-умара’ ва-л-мулук ас-селджукиййа («Сообщения о сельджукском государстве» или «Сливки летописей, сообщающих о сельджукских эмирах и государях») / Издание текста, перевод, введение, примечания и приложения З.М.Буниятова. М.: Наука, 1980.

 

Ilmiy adabiyot

 

Акрамов 1967 Таварих-и Гузида Нусрат-наме / Исследование, критический текст, аннотированное оглавление и таблица сводных оглавлений А.М.Акрамова. Ташкент: Фан, 1967.

Будагов 1869 – Будагов Л.З. Сравнительный словарь турецко-татарских наречий, с включением употребительнейших слов арабских и персидских и с переводом на русский язык. В двух томах. Санкт-Петербург, 1869. [М., 1960].

Гафурова 1992 – Гафурова Р.Л. Китоб-и Мулла-заде. Ташкент: Фан, 1992.

Камолиддин, Мусаметов 2017 – Камолиддин Ш., Мусаметов Б. Вакфные документы потомков Исма‘ила Самани. Текст. Перевод. Комментарии. Saarbrücken: LAP, 2017.

Кононов 1958 – Кононов А.Н. Родословная туркмен. Сочинение Абу-л-Гази хана хивинского. М.; Л.: Изд-во АН СССР, 1958.

Костюков 2010 – Костюков В. П. Улус Шибана Золотой Орды в XIII–XIV вв. / Под ред. И.М. Миргалеева. Казань: Изд-во «Фэн» АН РТ, 2010.

Мухамедова 1978 – Мухамедова З.Б. Несколько слов об антропонимах в «Огуз-наме» из сочинения Салар Баба // Ономастика Средней Азии. М.: Наука, 1978. С. 169–171.

Пугаченкова 1983 – Пугаченкова Г.А. Хорасанские мавзолеи // Художественная культура Средней Азии IX–XIII веков / Отв. ред. Л. И. Ремпель. Ташкент: Изд-во литры и иск-ва им. Г. Гуляма, 1983. С. 14–29.

Сухарева 1976 Сухарева О.А. Квартальная община позднефеодального города Бухары (в связи с историей кварталов). М.: Наука, 1976.

Чехович 1950 – Чехович О.Д. Крестьянские обязательства 1914 г. на основании мнимой грамоты Исмаила Самани // Исторические записки Академии наук СССР, том 33 / Отв. ред. Б. Д. Греков. М.: Изд-во АН СССР, 1950. С. 259270.

Чехович 1951 Чехович О.Д. Новая коллекция документов по истории Узбекистана // Исторические записки Академии наук СССР, том 36 / Ответственный редактор Б.Д.Греков. М.: Изд-во АН СССР, 1951. С. 263268.

Шаниязов 1973 – Шаниязов К. Древние элементы в этногенезе узбеков // IХ Международный конгресс антропологических и этнографических наук (Чикаго). Доклады советской делегации, 15. М.: Наука, 1973.

Togan 1964 – Velidi Togan A.-Z. Peygamberin zamanında Şarkı ve Garbi Türkistan’ı Ziyaret eden Çinli Budist rahibi Hüen-Çang’ın bu ülkelerin Siyasi ve Dini Hayatına ait kayıtleri // İslam Tetkikleri Enstitüsü Dergisi, IV / 1-2.  Ankara, 1964. S. 21–128.

 

ILOVA

 

Ming Temurxon shajarasi

 

Shaybonxon, Jo‘chining 5-o‘g‘li

Bahadur

Jo‘chi-Buka

Badagul

Ming Temurxon + “Bahrom Chubin va Somon urug‘idan bo‘lgan Ismoil Somoniy

 avlodi Jandiy-bekning qizi (XIV asr o‘rtalari)

Pulod-sulton

Ibrohim-sulton

Davlat-Shayx-sulton

Abu-l-Xayrxon (1428–1468-yillarda hukmronlik qilgan),

Dasht-i Qipchoqda O‘zbek xonligi (1428–1524)ga asos solgan

Shoh-Budag-sulton

Abu-l-Fath Muhammad Shayboniyхon (1500–1510-yillarda hukmronlik qilgan),

Buxoroda Shayboniylar sulolasi (1500–1599)ga asos solgan.

 



[1] Bu maʼlumotlar Osiyo xalqlari instituti Leningrad bo‘limining B 745-sonli qoʻlyozmasida keltirilgan. Ularning tarjimasi A.M.Akramov tomonidan tayyorlangan asarning tanqidiy matni nashr etilgunga qadar amalga oshirilgan, tanqidiy matnda mazkur qoʻlyozma ma’lumotlari hisobga olinmagan [Акрамов 1967: 25-26].

[2]  Arab tilidagi manbalarda oʻgʻuz turklari “al-g‘uzz” (الغز) deb atalgan.

[3] XV asrda bu yer qabriston boʻlib, unda Xoja Jandiy nomi bilan shuhrat qozongan Abu Nasr Ahmad ibn Fadl Muso mazori joylashgan. U hanafiy mazhabining mashhur faqihi shayx Abu Bakr Muhammad ibn Ishoq Kalobodiy al-Buxoriyning (vafoti 380/990-91 yoki 385/995-96) shogirdlari va safdoshlari (ashoblaridan)dan edi [Гафурова 1992: 70].

[4] Ibn al-Asirning yozishicha, bu voqea 383/993-94 yilda sodir bo‘lgan [Ибн ал-Асир: 155 – 157].

[5] “O‘g‘uz-noma” – Rashid ad-Dinning “Jomi’ at-tavorix” (“Yilnomalar to‘plami”) tarixiy asaridan parcha bo‘lib, uning qo‘lyozmasi Istanbuldagi To‘pqapi saroyi kutubxonasida (Bag‘dod ko‘shku fondi) 282-raqam ostida “Majmu’a-i” Hofiz-i Abru” (vv. 590a – 601b va 641a) tarkibida saqlanadi.

[6] Matnda: سامان باوغي – Somon-bovg‘i. Fors tilidagi manbalarda yabg‘u unvoni turli shakllarda keltirilgan: biyog‘u (بياغو) [Наршахи: 23], boyg‘u (بايغو) [Джувейни: 444], boyku (بايكو) [Rashid ad-Din I (2): 274. ], biyg‘u (بيغو) [Та’рих-и Систан: 343 – 351], payg‘u (پایغو) [Байхаки: 576, 602, 646; Гардизи: 117 – 118], bovg‘i (باوغي) [аl-Loriy: 234a] va boshqalar boʻlib, “xalq yoki qabila oqsoqoli” maʼnosida qoʻllangan [Budagov 1869 I: 234].

[7] Ashnos (اشناس) – Sirdaryoning quyi oqimida, Jand va Signoq oraligʻida joylashgan turklarning shahri [Mustawfi of Qazwin: 261; Rashid ad-Din I (2): 200].

[8] Turkcha Jand suyi (جند سوي) yoki forscha Ob-i Jand (آب جند) nomining arabcha tarjimasi.

[9] Manbalarda Somoniylarning avlodlari haqida boshqa ma’lumotlar yo‘q.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 286
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17503
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//