Tarozibon Yunus Xojizoda qanday qilib milliy armiya asoschilaridan biriga aylangandi?


Saqlash
14:04 / 22.04.2024 388 0

Yunus Narimonov 1898-yil 25-sentabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Muso hoji Toshkent shahrining Sebzor dahasidagi taniqli tikuvchi-hunarmandlardan bo‘lib, o‘g‘lining yaxshi ta’lim olishiga alohida e’tibor qaratgan. Yunus Muso o‘g‘li avval yangi usuldagi jadid maktabida o‘qib savod chiqardi. Rus-tuzem maktabini 1913-yil bitirib, mehnat faoliyatini boshlaydi. 1913-1914-yillarda Toshkent temiryo‘l stansiyasida tarozibon, 1914–1917-yillarda esa toshkentlik Abdumalikboy ismli savdogar qo‘lida ishchi bo‘lib ishlagan. 

 

Toshkent jadid taraqqiyparvarlari ta’sirida Yunus Muso o‘g‘lining dunyoqarashi shakllandi. U 1917-yil avgustdan 1918-yil fevral oyigacha Toshkent shahridagi Ishchi va xizmatchilar kasaba uyushmasida kotib vazifasida faoliyat yuritdi. Turkiston muxtoriyati qonga botirilgach, bolsheviklar Turkistonda o‘z hokimiyatlarini saqlab qolish maqsadida mahalliy yoshlarni ham qizil qo‘shinga jalb etishga kirishadilar. Shunday bir sharoitda Yunus Muso o‘g‘li Toshkent jadid taraqqiyparvarlarining yetakchilaridan Nizomiddin Xo‘jayevning tavsiyasi bilan kompartiyaga kiradi. Keyin esa, Hojizoda Yunus Musayevich nomi balan Turkiston frontiga xizmatga otlanadi.

 

 

Yunus Hojizoda 1918-yilning fevral-avgust oylarida Turkiston fronti partiya drujinasida vzvod komandiri bo‘ldi. U 1918-yilning avgustidan 1919-yil sentabriga qadar Toshkent shahridagi Turkiston fronti harbiy instruktorlar kursida tahsil olgach, 1919-yilning sentabridan 1920-yilning dekabrigacha Turkiston fronti hududiy polkining rota komandiri vazifasida faoliyat yuritadi. 1920-yilning dekabridan Turkiston frontiga qarashli 29-Мusulmon piyoda qo‘mondonlik kursi komissari, 1921-yil sentabridan 1923-yilgacha esa O‘rta Osiyoda sovet hokimiyatiga qarshi boshlangan Qurolli qarshilik harakatiga qarshi kurashuvchi Turkiston fronti ko‘ngilli otryadining siyosiy qo‘mondoni vazifasida ish olib bordi. Yunus Hojizoda 1923–1925-yillarda 2-otliq brigadasi siyosiy bo‘lim boshlig‘i va maktab instruktori, 1925-yil aprelidan 1927-yil martigacha alohida birlashgan o‘zbek brigadasi va Turkiston fronti alohida o‘zbek o‘qchi batalonining harbiy komissari kabi mas’ul lavozimlarda xizmat qiladi.

 

Yunus Hojizoda 1927-yil martidan 1929-yilning iyun oyigacha alohida birlashgan o‘zbek brigadasi bosh kotibi, 1929-1930-yillarda o‘zbek birlashgan milliy brigadasi harbiy prokurori, 1930-yildan esa ushbu brigadada siyosiy bo‘lim boshlig‘i kabi lavozimlarda ishlagan. Umuman, Yunus Hojizodani o‘zbek milliy armiyasining asoschilaridan deyish mumkin. U mas’ul lavozimlarda ishlar ekan muttasil zamonaviy armiya asoslari haqida o‘ylar va bir vaqtlar jadid taraqqiyparvarlari orzu qilgan milliy hurriyat va milliy qo‘shin orzusida yonar edi. Uning maqsadidan xabardor O‘zbekiston hukumati rahbariyati harbiy harakatlardagi ishtiroki va jangovar namunasi uchun 1928-yil “Mehnat Qizil bayroq” ordeni bilan mukofotlaydi.

 

 

Yunus Hojizoda harbiy ilmlarini yanada oshirish maqsadida 1931–1934-yillarda Leningraddagi N.G.Tolmachev nomli Ishchi-dehqon qizil qo‘shini harbiy-siyosiy akademiyasining quruqlikdagi qo‘shinlar fakultetida ta’lim oladi. O‘qishni tamomlagach, Yunus Musayevich Narimonov nomi bilan 19-О‘zbek tog‘-otliq diviziyasi siyosiy bo‘lim rahbari yordamchisi hamda keyinroq shu bo‘lim rahbari vazifasida ish olib boradi.

 

Yunus Musayevich Narimonov 1937-yil 9-sentabrda 1935-yildan 19-O‘zbek tog‘-otliq diviziyasi Mirsharapovning aksilinqilobiy guruhida bo‘lgan, degan ayblov bilan O‘zSSR JKning 66-, 67-moddalarini qo‘llab qamoqqa olishga qaror chiqariladi. 1937-yil 12-sentabr kuni 19-O‘zbek tog‘-otliq diviziyasi siyosiy bo‘limi rahbari Hojizoda Yunus Musayevich – Narimonov Yuriy Mixaylovich O‘rta Osiyo Harbiy okrugi maxsus bo‘limi tomonidan Samarqand shahri, Sovet ko‘chasi 22-uydan hibsga olinadi. Tintuv vaqtida uyidan topilgan Yunus Musayevich Narimonovga tegishli barcha hujjatlar, ordenlar musodara qilinadi. Bu vaqtda oila a’zolari turmush o‘rtog‘i – Respublika ko‘z kasalliklari shifoxonasi shifokori Mariya Viktorovna, 15 yoshli Raisa hamda 13 yoshli Klaralardan iborat edi.

 

 

Yunus Musayevich Narimonov 1937-yil 17-sentabr kuni ilk so‘roqda o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etadi. 1937-yil 22-sentabr kungi so‘roqda 1921-yil o‘zining chap qo‘liga kalimai shahodatni yozdirgani va qamoqqa olinishidan 5 kun avval operatsiya yo‘li bilan o‘chirtirganini tan oladi. Mirkomil Mirsharapovni o‘zining 19 yillik do‘sti ekanini aytadi.

 

Muntazam jismoniy va ruhiy tahqirlar ostida kechgan tergov 1937-yilning 29-dekabriga qadar davom etdi. Yunus Narimonov o‘zining aybsizligini isbotlashga intildi. Biroq hammasi bekor ketdi. U aksilinqilobchilik, Turg‘unpo‘lot Qirg‘izov bilan birga Yaponiya foydasiga josuslik, dindorlik va sovet hokimiyatiga qarshi istiqlolchilik harakatiga xayrixohlikda ayblanib, O‘zSSR JKning 56-2, 64- va 67-moddalari qo‘llandi. Yunus Narimonov ishi 1938-yil 10-oktabr kuni soat 11:45 dan 12:10 gacha ko‘rib chiqildi. Mash’um “uchlik” yig‘ini uni “xalq dushmani” sifatida oliy jazoga hukm qildi va shu kunning o‘zida otib tashlandi.

 

 

Totalitar tuzumning manfur diktatori Stalin vafotidan so‘ng boshlangan “iliqlik” davrida qatag‘onga uchragan o‘zbek zamonaviy armiyasining ko‘plab jabrdiydalari qatorida Yunus Narimonovning ishi ham qayta ko‘rib chiqishga topshirildi. Guvoh sifatida so‘roqqa tortilgan sobiq 19-O‘zbek diviziyasi 41-polk eskadron komandiri Nurmurod Bekmurodov (1900) 1956-yil 24-fevral kuni: “Narimonov Kimyani degan bir yahudiy bilan tortishib qolgan edi, hamma balo shundan so‘ng boshlandi”, deydi. 1956-yil 25-fevral kuni boshqa guvoh Mahmudjon Yahyoboyev (1898): “Narimonov 1929-yilgacha Hojizoda edi, keyin Narimonov bo‘lib Leningrad harbiy-siyosiy akademiyasini o‘qib kelgan”, deydi.

 

 

1956-yil 3-mart kuni boshqa guvoh, sobiq quroldosh do‘sti Ibragim Bekjonov Paskayevich so‘roqqa chaqirildi: “Yunus Narimonov 1929–1931-yillar alohida o‘zbek brigadasida partkomissiya kotibi, 1930-1931-yillar alohida o‘zbek brigadasi prokurori edi. 1931–1934-yillar Leningrad harbiy-siyosiy akademiyasida o‘qib, 1935–1937 yillar 19-O‘zbek tog‘-otliq diviziyasida siyosiy bo‘lim boshlig‘i bo‘ldi. Yunus Narimonov juda intizomli xodim, o‘ta talabchan rahbar edi. Ayni paytda nihoyatda mehnatkash va doimo o‘z ustida ishlovchi faol xodim, askarlarga g‘amxo‘r rahbar edi. Men Narimonov bilan bir hovlida yashaganman. Oilasi, farzandlari juda tarbiyali, hamma havas qilar edi. Yunus oddiy odamlar orasida ham kamtarligi va dilkashligi bilan katta obro‘ qozongan edi”, deydi. Yunus Musayevich Narimonov 1956-yil 13-oktabrda oqlandi. Xushxabar bu vaqtda Sochi shahri, “Правда” sanatoriyasi ko‘chasida yashayotgan turmush o‘rtog‘i va farzandlariga yetkaziladi.

 

Oradan qancha zamon, qancha yillar o‘tdi. Zamonaviy o‘zbek armiyasining ilk zobitlaridan bo‘lgan Yunus Narimonov xotirasi har bir vatandoshimiz uchun azizdir.

 

Bahrom IRZOYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 283
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17501
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//