Turkiylar dunyoning eng yirik va qadimiy xalqlaridan biri hisoblanadi. Buyuk xunnlar avlodi bo‘lmish turkiylar tarixda Buyuk Turk, Xazar, Avar, Uyg‘ur va Bulg‘or xoqonliklari, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Usmoniylar, Temuriylar, Boburiylar, Mamluklar, Safaviylar va Shayboniylar kabi sulolaviy saltanatlarga asos solgan. Keng dasht-u dalalarda ot choptirgan turkiylar nafaqat katta imperiyalar barpo etdi, balki betakror va o‘ziga xos madaniyat ham yaratdi.
Ammo, turli shart-sharoitlar sabab bir paytlar yaxlit, ulkan xalq bo‘lgan turkiylar bir qancha millatlarga bo‘linib ketdi. Hozirgi kunda butun jahon bo‘ylab jami o‘ttizga yaqin turkiy xalq mavjud. Ularning ba’zilari o‘z mustaqil davlatlariga, aksariyati esa hududiy-ma’muriy birliklariga ega. Xo‘sh, madaniyati, urf-odatlari, tashqi qiyofasi va tili bir-biriga yaqin bo‘lgan turkiy xalqlar qaysilar va ularning nomlari qanday ma’no anglatadi? Oyina.uz turkiy xalqlarni sizga yaqindan tanishtirib boruvchi turkum maqolalarining birinchisini ushbu savollar atrofiga qurdi.
Turklar
Turklar – bugungi kunda aholisi eng ko‘p turkiy xalq hisoblanadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab turk tilida so‘zlashuvchi insonlar soni jami 65-80 millionga yetadi. Ularning asosiy qismi Turkiyada istiqomat qiladi, shuningdek Germaniya, Iroq, Kipr va AQSHda ham yirik turk diasporalari mavjud.
Turk millatining paydo bo‘lishi, shubhasiz, Usmoniylar imperiyasi bilan chambarchas bog‘liq. XI-XII asrlarda Markaziy Osiyodan Anadolu, Kichik Osiyo tomon siljigan saljuqli turkmanlar avlodlari bugungi turk xalqining yadrosini tashkil qiladi. Chunonchi, turk tili turkman tili kabi turkiy tilning o‘g‘uz lahjasiga kiradi.