Dunyo hadiksirayotgan "Xitoy orzusi" – unda kelgusi 100 yillikka nimalar rejalangan? (Birinchi maqola)


Saqlash
14:05 / 06.05.2024 468 0

“Bir belbog‘, bir yo‘l” tashabbusining yuzaga kelishi

 

Bir belbog‘, bir yo‘l” nomli Xitoy tashabbusining yuzaga kelishi 2013-yilda hokimiyatga kelgan amaldagi XXR raisi Shi Jinping (习近平) ismi bilan bog‘liqdir. Ushbu tashabbus quyidagi vaziyatda paydo bo‘lgan:

 

1) Iqtisodiy rivojlanishda, jumladan yoshlarni chet ellarda o‘qitib zamonaviy texnika va elektronika sohasida yetuk mutaxassislar tayyorlash muammosini hal qilishda[1]  XXR katta yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Shu asosda turli mahsulot va asbob-uskunalar, jumladan, kiyim-kechak, zamonaviy elektron apparaturalar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyo fabrikasiga aylangan XXR hukumatining “Xalqaro sahnaga chiqish” yoki “Tashqaraga qarab yurish” strategiyasi ijobiy natija bera boshlagan [Sidikova M. 12. 1921];

 

2) Xitoy “shyaokang” (小康)[2] deb nomlangan jamiyat hayotini o‘rta hol darajaga yetkazish programmasini amalga oshirishning so‘nggi davriga yetib kelgan;

 

3) Mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportining va zarur bo‘lgan turli xomashyo, yoqilg‘ilar importining o‘sishi yuqori darajaga yetgan;

 

4) Xorijiy valyutalar zaxirasi[3] ko‘paygani hisobiga XXR kapital eksport qiluvchi davlatga aylangan va global iqtisodiy krizis paytidan foydalanib talaygina Yevropa kompaniyalarining aksiyalarini va qarzlarini sotib olishni faollashtirgan;

 

5) Yoqilg‘ilar iste’molining yil sayin oshib borishi, yoqilg‘i tanqisligi kuchaya boshlagani tufayli mamlakatdagi ishlab chiqarish sur’atini 8% dan pasaytirmay ushlab turish xavf ostida qolishi;

 

6) Yoqilg‘ilar import qilish masalasida XXRning RFga bog‘liligi kuchayib bordi;

 

7) Ijtimoiy hayot darajasining ko‘tarilishi, ishchi kuchining tadrijiy holda qimmatlashishi mamlakatda ishlab chiqariladigan mahsulotlarning tannarxi oshishiga sabab bo‘ldi. Bu esa jahon bozorlarida Xitoyning eksport mollari raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir qila boshladi. Natijada buning oldini olish, jumladan, Yevropaga va boshqa olis mamlakatlarga mahsulot eksport qilish logistikasini takomillashtirish, masofani qisqartirish va eng qulay marshrutlarini ochish zaruriyati tug‘ildi;

 

8) Xitoy bilan Yevropa va Yaqin sharq oralig‘idagi eng qisqa va qulay bo‘lgan tarixiy karvon yo‘li yo‘nalishi, ya’ni Qashqardan Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston va shimoliy Eron orqali o‘tadigan temir yo‘l yo‘lagini ochish rejasi ko‘pdan beri amalga oshmay keldi. Lekin Xitoy hukumati uchun bu rejaning dolzarbligi oshdi;

 

9) Afrika bozorlaridan va tabiiy boyligidan foydalanish zaruriyati kuchaydi. Bu zaruriyat yirik davlat bo‘lmish RF hududidan o‘tmaydigan tarixiy Buyuk ipak yo‘lini zamonaviy yo‘lga aylantirish rejasining ahamiyatini oshirdi;

 

10) Ishlab chiqarishning ko‘payishi va havoga turli zararli gazlarning tarqalishi, ichki daryo va kanallar suvlarining ifloslanishi, turli chiqindilarning ko‘payishi tufayli mamlakatning ekologiya holati yomonlashdi. Bu holatni tuzatish maqsadida amalga oshirilgan harakatlar kutilgan natija bermagani hukumatni yangi chora-tadbirlar izlashga majbur qildi;

 

11) Davlat oldida eksport miqdorini kamaytirmaslik uchun turli kontinentlardan yangi bozorlar topish, Xitoy kapitalini unumli ishlatish uchun yangi maydon izlash, xorijiy aloqalarni yana ham kengaytirish vazifalari ko‘ndalang turdi;

 

12) Xitoy mollarini turli kontinentlarga yetkazish maqsadida dengiz va yer yuzidagi oson va foydali logistika yo‘llarini ochish va zamonaviylashtirish zaruriyati oshdi;

 

13) XXR uchun AQSh dollariga hamda yevroga bog‘liklikdan chiqish maqsadida Xitoy yuanini xalqaro valyutaga aylantirish va xorijiy mamlakatlar bilan olib borilayotgan savdo aloqalarining aksariyat qismini shu valyutada amalga oshirish zaruriyati tug‘ildi;

 

14) Iqtisodiy islohotlarning chorak asrlik samarasi Gʻarb madaniyatiga zid tarbiyalangan ayrim XXR rahbarlarida Xitoyni dunyodagi eng yirik va qudratli davlatga aylantirish g‘oyasini paydo qildi. Bu g‘oya “Xitoy orzusi” (“Chjungo men”) deb o‘rtaga tashlandi va uning amalga oshadigan vaqti shu yuz yillikning o‘rtasi, XXR tashkil topganligining 100 yilligi deb belgilandi.

 

2013-yil sentabrida Qozog‘istonning Nazarbayev nomidagi universitetida so‘zlagan nutqida XXR raisi Si Jinping ilk bor “Buyuk ipak yo‘li iqtisodiy belbog‘” (Sichou chjilu jingji day 丝绸之路经济带)ni shakllantirish Xitoyning buyuk orzusidir deb aytgan. Oradan ko‘p o‘tmay ushbu fikr Indoneziyada ta’kidlab o‘tilgan.

 

O‘z ma’ruzasida Xitoy orzusi degan tushunchaga izoh berar ekan, XXR rahbari mamlakatlarning siyosatini yaqinlashtirish, yo‘llarni ochiqlash, tovarlarning va mablag‘larning erkin harakatlanishini ta’minlash, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish asosida iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish va buning uchun zarur bo‘lgan hududni kenggaytirish yotadi deb aytgan [Ma Yuan. 2014: 6.].

 

Si Jinpinning bu so‘zidan keyin XXRda Buyuk ipak yo‘li iqtisodiy belbog‘ining mazmun-mohiyati va istiqboli haqida jadallik bilan tantanali  turli tadbirlar va keng ko‘lamli xalqaro konferensiyalar o‘tkazildi.

 

Masalan, 2013-yil 28-noyabrida Urumchi shahrida Buyuk ipak yo‘liga aloqador 7 xorijiy davlat vakillari ishtirokida ilmiy-texnikaviy hamkorlikka bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazilgan. Ushbu anjuman Buyuk ipak yo‘li iqtisodiy belbog‘ini shakllantirishga, uning foydali tomonlari va istiqboliga bag‘ishlangan.  [Ma Yuan. 2014: 136-137].

 

2014-yil may oyida Sian shahrida Buyuk ipak yo‘liga bag‘ishlangan 18-xalqaro anjuman, XXRning sharqiy va g‘arbiy mintaqalari hamkorligi natijalariga oid ko‘rgazma, savdo-investitsion xalqaro yarmarkasi kabi tadbirlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar Birgalikda Buyuk ipak yo‘li iqtisodiy belbog‘ini shakllantirish – mintaqalararo hamkorlikni va rivojlanishni kuchaytirishning zaminidir degan shior ostida o‘tkazilgan [Ma Yuan. 2014: 159].

 

2014-yil 26-27-iyun kunlari Urumchi shahrida Buyuk ipak yo‘li iqtisodiy belbog‘ – qatnashuvchilari uchun birgalikda iqtisodiy rivojlanish, daromaddan teng foydalanish va ravnaq topishga yangi imkoniyat yaratish nomli xalqaro anjuman o‘tkazildi[4].

 

2014-yil sentabr oyida Buyuk ipak yo‘lidagi shaharlar boshliqlarining IX xalqaro anjumani – Buyuk ipak yo‘li iqtisodiy belbog‘ shaharlarining birgalikda rivojlanishi – 1014 nomli anjuman o‘tkazildi.  Unga 25 ta mamlakatdan 48 ta shahar vakillari taklif etildi.

 

XXR rahbariyati Buyuk ipak yo‘li iqtisodiy belbog‘ni shakllantirishni matbuotda va ommaviy axborot vositalarida keng tashviq qilishga katta e’tibor berdi.

 

Shu sohada qilingan ishlar qatorida Shin sichou chjilu – chungshin kayshi de lyuycheng (Yangi ipak yo‘li – yangi sayohat vositasi) nomli qisqacha izohlar bilan ta’minlangan katta formatdagi rangli fotoalbom nashr etilganini aytish mumkin. Bahosi 198 yuan  bo‘lgan ushbu albom xorijda keng tarqatildi. XXRga tashrif buyurgan mehmonlarga taqdim etiladigan muhim sovg‘alardan biriga aylantirildi.

 

Albom muallifi Ma Yun Buyuk ipak yo‘li iqtisodiy belbog‘i tarixning yangi sahifasini ochadi, xalqlarning o‘zaro hamkorlik qilishi va yo‘llardan teng huquqli asosda foydalanishiga yangi sharoit yaratdi deb ta’kidlagan  [Ma Yuan. 2014: 6].

 

Yirik davlatlar manfaati, maqsadlari va siyosiy-iqtisodiy imkoniyatidan kelib chiqib masalaga yondoshilsa, Ma Yunning fikriga qo‘shilish mumkin. Lekin Xitoy tarixida bunday teng huquqli munosabat misollarini topish qiyin. Ushbu mamlakat birlikka kelib qudrat topganida, unga hukmron bo‘lgan imperatorlar o‘zlarini Osmonning yer yuzidagi vakili va yer yuzidagi barcha yurtlarning egasi deb bilishgan. Xalqaro munosabatlarda o‘zga yurtlar elchilari olib kelgan sovg‘alarni itoatkorlik belgisi, o‘zlarining javoban bergan sovg‘alarini ularga ko‘rsatgan himmat deb bilishgan. Ayni zamondagi xalqaro munosabatlarda ham yirik davlat bilan kichik davlatlar orasida amalga oshirilayotgan aloqalarda, barcha masalalarda teng huquqli munosabat bo‘layapti va bo‘ladi deb aytish amrimahol. Chunki bunga, birinchi navbatda, ularning iqtisodiy, moliyaviy va texnikaviy imkoniyatlarining bir xil bo‘lmasligi ta’sir etadi.

 

Tilga olib o‘tilgan tadbirlar amalga oshirib bo‘lingandan keyin, ko‘p o‘tmay XXR rahbari Shi Jinping Bir belbog‘, bir yo‘l” (i-day i-lu / yi-dai yi-lu / 一带一路) tashabbusini o‘rtaga qo‘ydi. Amalda bu avval olg‘a surilgan Ipak yo‘li iqtisodiy belbog‘ni shakllantirish siyosatining davomi hisoblanadi. Lekin yangi tashabbus ancha takomillashtirilgan va Pekinning strategik maqsad va uzoq muddatli rejalarini o‘z ichiga olgan. Uni turlicha talqin qilish mumkin, ammo uning negizida yotgan asl ma’noni bilib olish qiyin. O‘z davrida Mao Szedun ham Xitoy bilimdonlarining an’analariga binoan, o‘z maqsadlarini sirli so‘zlar bilan shior yoki tashabbus shaklida ifodalashni yaxshi ko‘rgan. Shu so‘zlardan biri Dungfeng yadao Shifeng (Dongfeng yadao Xifeng 东风压倒西风) bo‘lgan. So‘zma so‘z tarjima qilganda u Sharq shamoli G‘arb shamolini bosib ketadi degan ma’noni anglatgan. Lekin uning zaminida kelajakda Xitoy G‘arbiy davlatlardan o‘zib ustunlikni egallaydi, degan ma’no yashirilgan.

 

Qadimgi xitoy donishmandlari odam o‘z faoliyatida haqiqiy maqsadni sir saqlashi kerak, o‘zidan boshqa inson bilmasligi kerak deb ta’kidlab o‘tgan. Lekin ular bu fikrni to‘g‘ridan to‘g‘ri aytmay, 4 ta iyeroglif bilan man Tyan guoxay (瞞天過海 dengizni kechib o‘tmoqchi bo‘lsang, buni Tangriga ham bildirmay qil) deb ifodalashgan. Bu so‘z qadimiy Xitoy siyosatchilari va bilimdonlari tomonidan bitilgan San shi lyu ji (三十六计 36 strategiya yoki 36 reja) asarida keltirilgan birinchi uqum hisoblanadi [Stefan.1999: 5].

 

 

Bir belbog‘, bir yo‘l” so‘zining lug‘aviy ma’nosi

 

Xitoy iyerogliflarining lug‘aviy ma’nolaridan kelib chiqqanda, ya’ni Shi Jinping ilgari surgan tashabbusda ikki marta ishlatitilgan yi (yi ) so‘zi  bir, yagona, day (dai) – belbog‘, kamar, lenta, sharf,  lu (lu ) – yo‘l, qoida ma’nolarini bildiradi. Yuzaki qaraganda, bu so‘zlar tashabbusning asl ma’nosini bildirmaydi. Shunga qaramay, bu tashabbus turli mamlakatlar vakillari tilida jaranglaydigan bo‘ldi. Xitoyliklar XXRning tashqi siyosati va aloqalari doirasidagi barcha harakatlarini shu 4 ta so‘zdan iborat tashabbus bilan bog‘lashadi.

 

Sinchkovlik bilan bunga bir nazar tashlansa, odamda bu sirli so‘zlar bilan ifodalangan tashabbus zaminida qanday ma’no va maqsadlar yotibdi degan savol tug‘iladi. Ko‘rsatilgan uchta iyerogliflarning lug‘aviy ma’nosidan, falsafiy an’analaridan, shu asrning o‘rtalariga amalga oshirilajak iqtisodiy programmasi, ya’ni Xitoy orzusi mazmunidan va XXRning so‘nggi davrida olib borayotgan ichki va tashqi siyosatidan kelib chiqqanda, ushbu davlat rahbariyatining tashabbusi zaminida Xitoy manfaatlariga xizmat qiladigan global iqtisodiy hudud shakllantirish degan ma’no yotganligini anglab olish mumkin. Ma’lumki, Xitoy orzusi – XXRning 100 yilligiga jahon miqyosida ushbu mamlakat eng qudratli davlatga aylanishi, uning mollari, pullari, texnikasi va ishchi kuchi erkin harakat qila oladigan yangi iqtisodiy hududni yuzaga keltirishdan iborat.

 

Ayrim o‘zbekistonliklar nutqida va o‘zbek tilli matbuotlarida  ushbu tashabbusning tarjimasini Bir makon, bir yo‘l shaklida ishlatish hollari uchrab turadi. O‘zbekcha makon so‘zi arabchadan kelib chiqqan bo‘lib, u  turar joy, yashash joyi, hudud, maskan, vatan, daraja, martaba manosida ishlatiladi [O‘zbek tili. 206. Jild 2. 531]. Xitoycha day (dai) so‘zini ma’lum bir sharoitda qoida ma’nosida ham ishlatish mumkin.  Shulardan kelib chiqib yiday, yilu tashabbusiga ta’rif berilsa, u yagona hududda yagona qoida degan jumboqli tushunchani beradi. Bu XXR rahbari olg‘a surgan  tashabbusning asl ma’nosiga to‘g‘ri kelmaydi.

 

Atoqli xitoy olimi va Bir belbog‘, bir yo‘l” tashabbusining faol tashviqotchisi Vang Yivey (Wang Yiwei王义桅)ning tushuntirishiga ko‘ra,  ushbu so‘zdagi  yi (yi ) iyeroglifi boylik, doimiy ko‘paytirish, day (dai ) – boylikni Xitoy modeli asosida odillik bilan teng bo‘lish, lu (lu ) esa XXI asrda  barcha mamlakatlarni Xitoy modeli yo‘lidan yurishga qiziqtirish va yordam ko‘rsatishdan iborat [Vang Yivey. 2016: 157].

 

Internet ma’lumotlarida yozilishicha, XXR rahbari Shi Jinpingning Bir belbog‘, bir yo‘l” tashabbusi ilk bor Xitoy Tashqi ishlar vaziri Vang Yining nutqida aytilgan. So‘ng u rasmiy siyosiy hujjatlarda, jumladan  XXRning 2015-yil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish rejasi, Hukumat xizmati haqida kabi ma’ruzalar matnida aks ettirilgan. So‘ng ushbu tashabbus davlat programmasi sifatida XXR yangi hukumatining muhim va dolzarb vazifalari qatoriga kiritilgan [Wikipedia. Poyas i put].

 

 

Bir belbog‘, bir yo‘l” tashabbusining paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan omillar

 

Xitoy matbuotida XXR rahbari tashabbusining yuzaga kelish sababi quyidagi faktorlarga bog‘liqligi aytiladi:

 

1) ushbu tashabbus doirasiga dunyo aholisining 63% va iqtisodiy hajmi 21 trln AQSh dollariga teng va nihoyatda boy tabiiy boylikka ega bo‘lgan hududni o‘z ichiga oladi, bu esa katta imkoniyat;

 

2) xalqaro hamkorlikning yangi modelini yaratish, Xitoy yordamida mavjud mintaqaviy ikki tomonlama va ko‘p tomonlama munosabatlar tuzilmalari faoliyatini yaxshilash uchun munosib yo‘l topish zaruriyatining yuzaga kelishi;

 

3) mazkur tashabbus iqtisodiy omillarning erkin va tartibli harakatlanishini ta’minlashga, tabiiy boyliklarni unumli ishlatish, bozor munosabatlari doirasidagi hamkorliklarni kengaytirish va chuqurlashtirish, rag‘batlantirish usuli bilan Buyuk ipak yo‘li iqtisodiy belbog‘i doirasiga kiradigan mamlakatlarning iqtisodiy va siyosiy harakatlarini koordinatsiya qilish zaruriyatining oshib borishi;

 

4) mintaqaviy aloqalarni kengaytirish va boyitish, birgalikda mintaqaviy munosabatlarning yangi qurilmasini barpo etish, uning doirasida barcha mamlakatlar rivojini teng huquqli va foydani teng bo‘lish asosini yaratish zaruriyatining yuzaga kelishi [Vang Yivey. 2016: 157].

 

Bir belbog‘, bir yo‘l” tashabbusining paydo bo‘lish sababini Vang Yivey quyidagi holatlar bilan asoslaydi:

 

1) Xitoy islohotlari insoniyatning yangi yutug‘i sifatida namoyon bo‘ldi [Vang Yivey. 2016: 9];

 

2)Xitoydagi ichki munosabatlarni takomillashtirish, aholida yakdillikni shakllantirish, fuqorolarning bir-birini anglash va tushunish onggini oshirish ishlarining yakuniga yetishi;

 

3) Xitoy uchun ochiq bo‘lgan yangi dunyoni shakllantirish uchun asos yaratish vaqti yetib kelganligi [Vang Yivey. 2016: 19];

 

4) Sung sulolasi (9601279) hukmronligi davridan keyin jahon miqyosidagi iqtisodiy markaz Sharqdan G‘arbga ko‘chganligi, ayni paytda esa  buning teskarisi bo‘layotganligi va 2025-yilda iqtisodiy rivojlanishning markazi to‘laligicha G‘arbdan Sharqga ko‘chib o‘tishi aniq bo‘lib qolganligi;

 

5) XXI asrning dastlabgi 10 yili Xitoy uchun eng tez sur’atda rivojlanish davri bo‘lgani jahonda nafaqat iqtisodiy markazning, balki siyosiy markazning G‘arbdan Sharqqa ko‘chishining namoyon bo‘lishi va bu jarayonda asosiy og‘irlik Xitoy zimmasiga tushayotganligi;

 

6) Xitoy mollari, mablag‘i va ishchi kuchining erkin harakatda bo‘lish zaruriyati oshib borishidir [Vang Yivey. 2016: 9].

 

(Davomi bor)

 

Ablat XO‘JAYEV,

tarix fanlari doktori



[1] Masalan, 2005-yilning o‘rtaliriga qadar 400 ming nafar xitoy yoshlari rivojlangan davlatlarda talim olgan, shulardan 160 ming kishi vataniga qaytgan [Shazamanov Sh. 2014. 71 Shazamanov Sh. 2014. 71]. Qolganlar xorijda turli tashkilotlarda ishlab Xitoy uchun o‘z hissasini qo‘shgan.

[2] So‘zma so‘z tarjima qilganda “shyaokang” (小康) atamasi sog‘lomlikning pastki darajasi ma’nosini anglatadi.

[3] 2012-yilda XXRning valyuta zaxirasi 3.5 trilion AQSh dollarini tashkil etgan [Sharapov A. 2014. 17].

[4] Xitoy tilida ushbu anjuman nomi “Sichou zhilu jingji dai gongjian gongxiang gongying gongrong dexin jiyu (丝绸之路经济带 共建共享与共赢共荣的新机遇), inglpiz tilida esa The Silk Roud Economik Belt: An Opportunity tu Work, Share, Prosper and Succeed Together” deb yozilgan [Ma Yuan. 2014: 174].

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19970
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17623
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//