San’at sotiladigan buyum yo musobaqa maydoni emas


Saqlash
18:05 / 13.05.2024 623 0

“Ovoz” loyihasi paydo bo‘lganidan beri kuy-qo‘shiq haqida yana o‘ylay boshladim. O‘tgan asr Yevropa estradasi va operasini tinglashga kuchli ehtiyoj uyg‘ondi. Va uyda tinglab yurish, bahonada bolalar qulog‘ida qolishi uchun qo‘shiqlar ro‘yxatini tuzishim zarurligini tushunyapman. Negaki, bugungi yarador dunyo buyuk toqatga, kenglig-u birodarlikka, o‘zligidan kechmagan kosmopolit tafakkurga nihoyatda muhtoj. Sara kuy-qo‘shiq ruhiy to‘siqlarni yengadigan, ichki hurriyatga olib boruvchi, “men” degan mayda qobiqchani yoruvchi oson yo‘llardan biri.

 

Masalan, Kris Ri yoki Demis Russos nolalarida dard va sayqallangan ovozdan tashqari cheksizlik, oliy uyg‘unlikka intilish bor. Yuksak san’atni yaratish uchun dard va ovozning o‘zi kifoya emas, hurlik hissi, samo sog‘inchi ham havodek zarur. O‘shandagina xonanda ishqida jahonni sig‘dira olish holatini chiqarib bera oladi. Botir Zokirovning “Maro bibus”ida shu kayfiyat chiqqan, ya’ni koinot o‘z sirini ochgan, tuyg‘ular buyuk ma’no tomon talpinadi, ichingdagi qul quviladi.  

 

* * *

Tansen Akbarshoh saroyidagi musiqachi edi. Hukmdor eng yaxshi hofiz-u mashshoqlarni, sara shoir-u faylasuflarni faqat o‘z dargohida ko‘rishni xohlardi. Minglab musiqachilar orasidan Tansenni tanlab oladi. Qayerdaki Tansen bo‘lsa, o‘sha atrofda hech kim hech narsa ijro etmasin, deya farmon chiqariladi. Kimki uning san’ati bilan bellashishga jur’at topib, bahsda yutqazib qo‘ysa, o‘sha zahotiyoq yo zindonband qilinadi, yo saroydan badarg‘a etiladi. Ko‘plab musiqachilar bu savdoga giriftor bo‘lgandi.

 

Bauju Bavara esa taqdirga tan bermadi. Bauju ismi, Bavara taxallusi edi. Bavara – telba degani. Uning hayotdagi birdan bir orzusi san’atda qo‘l yetmas yuksaklikka ko‘tarilsa, hatto Tansen ham taslim bo‘lsa… Tansen uning uchun raqobat mezoniga aylangandi. Kuniga yigirma to‘rt soat ishlardi. Oxiri sabog‘ini mukammal qilish maqsadida murabbiy Xaridasning huzuriga boradi. U Tansenning ham ustozi edi.

 

– Bir kun kelib Tansendek san’atkorning ustozi bo‘lishim mumkinligini hecham o‘ylamagandim, – deydi faxrlanib Xaridas. – Sen ham ajoyib musiqachisan. Yagona kamchiliging, kimdandir o‘zishni xohlaysan. Axir, bu istakning musiqaga hecham aloqasi yo‘q-ku. Mana shu narsa iste’doding kuchini kesadi. To‘g‘ri, noyob ovozing bor, mahorat bilan chalasan, lekin yuraging musiqaga tegishli emas, orzu-havasga qaram. Agar noma’qul niyatingdan ozod bo‘la olmasang, hech qachon Tansen bilan bo‘ylasha bilmaysan. Unda raqobat tuyg‘usi bo‘lmagani bois ham hamisha g‘olib.

 

Bauju Bavaraning o‘zini yengishi oson emas edi. Mayli, so‘qir orzu bo‘lsa-da, azbaroyi shu tufayli hayotini san’atga bag‘ishladi. Lekin ustozning tanbehi ham o‘rinli. Vaqt kerak, bu-da bir riyozat… Bora-bora asta-sekin Tansenni unuta boshladi…

 

Oradan yillar o‘tdi. Qariya Xaridasning ikki oyog‘i ham ishlamay, yurolmay qoldi. Ostona hatlab chiqolmasdi. Qaniydi, hech qursa uyi yaqinidagi Krishna ibodatxonasiga bora olsa… Chunki Krishnaga yukunmasdan, tuz totishni o‘ziga ep ko‘rmasdi. Qanchadan qancha hakimlar bu zotning dardiga darmon izladi, baribir tuzalmadi.

 

Ustozining ahvolidan darak topgan Bauju Bavara o‘sha zahotiyoq qishlog‘idan yetib keladi. Erta tongda, aynan Xaridas uyg‘onadigan mahalda ibodatxona devoriga suyangancha xonish qila boshlaydi. Bauju kuylayotgan qo‘shiqdan shunday ma’no sizib chiqardi: “Diydoringni ko‘rmoqqa intizor ko‘zlarim… O‘tinaman, oyog‘imga kuch ber. Ayt, aybim nima, nega seni ko‘rishdan mahrumman? Mendan yuz o‘girma…”

 

San’atkorning moʻjizakor navosidan kuch olgan Xaridas oyoqqa turadi, shukrona aytmoq uchun ibodatxonaga qadar yurib boradi. Ibodatdan so‘ng uyiga qaytayotib shogirdiga yuzlanadi:

 

– Endi Tansenning yonida bemalol qo‘shiq aytishing, bellashishing mumkin. Chunki sen musobaqalashish xohishidan, ya’ni birinchilik istagidan xalos bo‘libsan. Tabrigimni qabul et. San’a­ting xasta oyog‘imniki davolay oldimi, demak, har qanday qulfga tushadigan sehrli kalit sohibisan.

 

Bauju Bavara ustozi Xaridasning nigohiga o‘ychan boqqancha, taajjub ohangida javob berdi:

 

– Buni qanday tushunmoq kerak?.. Men faqat musiqani sevaman, yolg‘iz kuyga oshuftaman. Tansen degan ismni mutlaq unutdim. Kim bilandir bellashmoq istagi bolalarcha g‘o‘r xohishim bo‘lgan. Siz haq edingiz – o‘shanda men mag‘lub edim. Hozir ham haqsiz. Lekin qalbimda g‘oliblik da’vosining o‘zi yo‘q.

 

Xaridas mamnun holda shogirdini bag‘riga bosadi:

 

– Bauju, o‘g‘lim, sen chindan bavarasan! Mening telbamsan! Hozir shu daraja yuksalgansanki, ishon, Tansendan ham o‘zgansan!

 

OSHO,

hind faylasufi

 

* * *

 

San’at sotiladigan buyum yo musobaqa maydoni emas, mezonlarga sig‘maydigan tilsim ekanini anglagan Shaxsgina turfa xil kimo‘zar o‘yinlarni inkor etadi. “Men” degan dahshatli zanjirdan ozod bo‘lmas ekansan, o‘zingni xoh o‘tga ur, xoh cho‘g‘ga, baribir ko‘lankasan, xolos. Buning uchun ijod muroqabaga aylanishi zarur.

 

Iqbol QO‘SHSHAYEVA

 

“Jadid” gazetasi, 2024-yil 20-son.

O‘zingdan o‘zding o‘zgadan o‘zdingmaqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 284
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17501
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//