O‘quvchining formasi, o‘qituvchining hujjati muhim – bizning pedagogikamiz shular ustiga qurilgan. Ta’limdagi muammolar tahlili


Saqlash
12:05 / 14.05.2024 3138 2

 

Hayotdagi muammolar ildizi doimo ilmsizlik bo‘lgan. Chunki faqat yaxshi bilim, keng dunyoqarashga ega shaxslargina jamiyatni taraqqiy ettiradi. Shunday shaxslargina millat sha’nini baland tuta oladi. Bugun bizni qiynayotgan masalalar ham aynan ilmsizlik, yanayam aniqrog‘i, ta’limdagi kamchiliklarimiz bilan bog‘liq. Xo‘sh, nega bizda yuqori malakali kadrlar kam? Nima uchun yoshlarimiz o‘qishga emas, diplom olishga ko‘proq qiziqadi? Umuman, bilimsiz, didsiz talabalar qanday paydo bo‘layapti kabi savollarga javob topish uchun pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev va filologiya fanlari doktori, professor Uzoq Jo‘raqulovni suhbatga chorladik.

 

 

Boboravshan G‘oziddinov:

 

– Bizda qiziq bir ziddiyat bor. Ishsizlik ko‘pgina yoshlarning muammosi. Doimiy ishga ega bo‘lganlarning ham aksariyati oddiy ishchi hisoblanadi. Bu tomondan qarasangiz, korxona, tashkilot rahbarlari malakali kadrlar yo‘qligidan noliydi. Kadrlar bilan bog‘liq muammoga shaxsan guvoh bo‘lganim uchun aytayapman. Buning sababi nimada?

 

 

Qozoqboy Yo‘ldoshev:

 

– Biz doim ish o‘rinlari yo‘q deb bilardik. Savolingizdan ma’lum bo‘layaptiki, bor ish o‘rinlariga munosib kadrlar ham yetishmas ekan. Buning sababi yoshlardagi, balki butun millatdagi o‘zini hayotga tayyorlay bilmaslik illatidadir. Bolalar 11 yil maktabda o‘qiyotganida men nega o‘qiyapman, ertaga kim bo‘laman degan savolni o‘ziga kamdan-kam beradi. Tasodifan to‘g‘ri kelsa, kimdir qayergadir joylab qo‘ysa, shunda davom ettiraman degan yondashuv bor. Jurnalistikani bitirib boradi-yu, tahririyatda ishlashga tayyor emas. Chunki yoshlarning katta qismi bilim emas, diplom olish uchungina o‘qiydi. Kun o‘targa yurish, o‘zining oldiga aniq maqsad qo‘ya olmaslik epidemiyasi yoyilib ketgan. Shuning uchun ham bir tomonda ishsizlar, boshqa yoqda kadr yetishmasligi...

 

 

Hatto xorijdagi yoshlarimiz ko‘p hollarda malaka talab qilinmaydigan qora ishlarni bajarayapti. Lekin millat bolalari qora ishchi bo‘lib qolmasligi kerak. Bundan chiqib ketishning birgina yo‘li bor: har bir odam o‘zining saviyasini yuksaltirsa, o‘tirgan joyida ish topadi. Kerak bo‘lsa boshqalar uchun ish o‘rni yaratadi. Yoshlarimiz yalqovlikka barham berib, o‘z ustida ishlashi, intellektual salohiyatini ko‘tarishi shart deb o‘ylayman.

 

 

Uzoq Jo‘raqulov:

 

– Boboravshan, siz aytganday ish o‘rinlari ko‘p deb o‘ylamayman. O‘zim eshitgan-bilgan ba’zi zavodlarga ishga kirish uchun falon so‘m so‘rashadi. Bilasizmi, xorijda ishlab yurganlar bilan ko‘p gurunglashaman. Ular orasida o‘ttiz yildan beri xorijda yurgan tengdoshlarim bor. Yoshim ellik yetti-da! Ular bilan dildan suhbatlashib amin bo‘lganmanki, umrining eng gullagan davrini uydan uzoqda qora mehnatda o‘tkazib, bunday yurishdan bezib qolgan. Lekin uy ta’mirlash, bolalarini o‘qitishga o‘xshagan katta ehtiyojlar sabab majbur yuribdi. Agar yaxshi ish o‘rinlari yetarlicha yaratilsa, yurtdoshlarimiz mustaqil ta’lim olib ham o‘rganadi.

 

 

Yuqoridagi fikrga kelsak, to‘g‘ri, yaxshi mutaxassislar ko‘p emas. Lekin bilimi, saviyasi yaxshi mutaxassislarni ham ba’zi korxonalarda quchoq ochib kutib olishmaydi-da! Afsuski, tanish-bilishchilik kuchli. Bu barcha sohada bor. Buni endi ochiq aytmasak va bunga qarshi turmasak bo‘lmaydi.

 

 

Qozoqboy Yo‘ldoshev:

 

– Hatto farroshlarni pora evaziga ishga qabul qilmoqchi bo‘lganlar qo‘lga tushgani haqida rasmiy xabarlar berildi-ku!

 

 

Uzoq Jo‘raqulov:

 

– To‘g‘ri aytdingiz, Qozoqboy aka! Farroshki pora berib ishga kirayotgan holatda kadrlar yetishmaydi degan masala biroz bahsli. Ayni paytda masalaning ta’limga bo‘lgan munosabatimiz bilan bog‘liq jihati ham borligini inkor etmaymiz. Gap shundaki, o‘zbekni intellektual va boshqa jihatlardan orqaga tortayotgan jihat bizda oliy ma’lumot olish xo‘jako‘rsinga aylanib bo‘lgani. Oltmish-yetmish foiz talaba mutaxassis bo‘lish niyatida emas. O‘qiyapti degan gap uchun unversitetga hujjat topshiradi. Ularning xarajatini qoplash uchun esa ota xorijda qora mehnat qiladi, ona uyda mol boqadi. Bu ham muammoning katta omili. Yoshlar o‘z istagi bilan, shu sohada mutaxassis bo‘laman deb kelsa, o‘zgarish bo‘ladi. Ana shunday niyatdagi kam sonli yoshlarni ishga oladigan mard ham, ish ham yetarli emas. Inson qadr topmasa, uning intellektual darajasiga yarasha e’tibor berilmasa, najotni tashqaridan izlashi tabiiy.

 

Yoshlarning ko‘pi chetda o‘qib, o‘sha yerda ishlashni orzu qiladi. Lekin yana o‘sha gap: chet elda o‘qib ishlayapti degan gap uchun qiziqishadi. Shundan kattaroq maqsadni mo‘ljallaydigan yoshlar oz.

 

 

Boboravshan G‘oziddinov:

 

– Nega yoshlar faqat diplom olish uchungina o‘qiydi? Bu illat qanday paydo bo‘ldi? Undan qanday qutulish mumkin?

 

 

Qozoqboy Yo‘ldoshev:

 

– Yoshlar ongidagi bu tushunchani qanday yo‘qotish borasida taklif berish qiyin. Sabablarini bir qadar aytishga harakat qilishimiz mumkin. Gap shundaki, biz o‘zimiz uchun emas, atrofdagilar uchun yashaymiz. Ich-ichimizdan yaxshi bo‘lishga emas, atrofdagilarga yaxshi ko‘rinishga harakat qilamiz. Mehmon kelganda zo‘r dasturxon yozamiz, yigirma-o‘ttiz kishi bilan o‘tkazsa bo‘ladigan to‘yni ming kishilik qilamiz. “Alpomish”ni eslang, Boysari Qalmoqqa yo‘l olganda har to‘xtagan joyida namoyish uchun yashil o‘tov yoptirib, to‘p ottirib ketadi. Shu ildiz bugun yomon ko‘rinish oldi.

 

Bizning davrda yoshlar haddini, o‘zining darajasini bilib, oliy maktabga hujjat topshirishni ham o‘ylab ko‘rardi. Hozir esa omadim kelsa o‘qiyveraman deb hujjat topshiradi. Nima uchun o‘qishga kirishim kerak, bu orqali nimani amalga oshiraman degan savol qo‘yish yo‘q. Ota-onalar ham diplom olib qo‘y, bir kun kerak bo‘lib qolar deydi. Sovet davrida odamning o‘quvi emas, hujjatga egaligi muhim edi, shu qarash bugun yana ham yoyilib ketayapti. Qizig‘i, uddali odam yaxshi yashashini ko‘rib, bilib turishibdi.

 

Nima qilish kerak? Menimcha, millatning har bir vakilida o‘ziga hurmat tuyg‘usini shakllantirish lozim. Oilada o‘zimizcha odob deb atab, ota-onaga betgachopar bo‘lmaydigan bola tarbiyalashga harakat qilamiz, lekin ulardagi shaxslikni sindirib boramiz. Biz tashqi effektlarga mahliyomiz, maktab direktori uchun o‘quvchining formasi muhimroq. Aslida o‘quvchining qobiliyatini, bilimini forma belgilamaydi. Lekin bizning pedagogikamiz shuning ustiga qurilgan, bilim berish, shaxs erkining ustiga emas. Imkon qadar talabga bo‘ysunuvchi, qolipga tushuvchi o‘quvchilar yaratishga uriniladi. Shu stereotiplardan qutulib, odamga betakror shaxs sifatida qarab, shunga yarasha muomala qilishim kerak degan qarash shakllanishi lozim. Umuman, maktabda o‘quvchiga, oliy maktabda talabaga, oilada bolaga, ishda xodimga nisbatan shunday munosabat shakllanishi zarur.

 

 

Uzoq Jo‘raqulov:

 

– Maktabda kim bo‘lasan deb so‘rashganda, doim o‘qituvchi bo‘laman deganman. Chunki muallimlarga havas qilganman. Sababi ularning faoliyati, yashash-turishi shu havasni uyg‘otadigan bo‘lgan.

 

Talab va taklif degan narsa ham bor. Bizda qaysi sohada kadrlarga ehtiyoj borligini bilish uchun aniq bir platforma yo‘q. Kasb tanlolmay yurgan yoshlar shunga qarab yo‘nalish olishi mumkin. Yuqorida o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilib mo‘ljal olganimni aytdim, boshqalar ham xuddi shunday kimgadir qarab mo‘ljal olgan, masalan, bir sinfdoshim “nachalnik” bo‘laman derdi.

 

Hozir oliy ta’limni bitirib chiqayotganlarni ish bilan ta’minlash past darajada. Diplomini sandiqqa tashlab, boshqa ish qilib yurganlar qancha?

 

Faqat o‘zbeklarga xos emas bu vaziyat, boshqalarda ham shunday. Bir o‘ris qo‘shnim bo‘lardi, doim ichib, bir balo bo‘lib yurardi, lekin juda o‘qimishli, adabiyotdan bemalol men bilan bahslasha olardi, uyida ham kitoblari ko‘p edi. “Nega shu salohiyating bilan bunday yuribsan?” deganimda, “O‘zimning intellektual darajamga yarasha qadr ko‘rmadim” degan. Uning xulosasi juda qoyilmaqom emasdir, lekin inson tafakkurida shunday hodisa bo‘ladi. Faqat milliy emas, butun insoniyatga xos hodisa bu.

 

 

Boboravshan G‘oziddinov:

 

– Baribir meni “Ko‘pgina yoshlar nega shunday layoqatsiz bo‘lib qoldi?” degan savol qiynayveradi...

 

 

Qozoqboy Yo‘ldoshev:

 

– Hozirgina shu savolga javob berdik. Yana takrorlaydigan bo‘lsak, buning sabablarini etnik kodlardan qarash kerak dedik. Keyin yana bir jihat, 1990-yillardagi taloto‘plar vaqtida butun mamlakatda qiyomat boshlanadiganday tala-tala avj oldi. O‘zim ishlagan kolxozda 50 dan oshiq yuk, 4 ta yengil va 28 ta paxta teradigan mashina, 600 dan ortiq qoramol bor edi. Bir kuni borsam, hech narsa yo‘q. Qayerga ketdi desak, atrofdagilar bilmaymiz deydi. O‘sha vaqtlarda o‘qiydigan, halollikni o‘ylaydiganlar chetda qolib, kim ko‘proq mol-dunyo yiqqan bo‘lsa, shallaqi, uyatsiz bo‘lsa, o‘shalar ko‘proq amalga keldi. Bolalar shuni ko‘rdi. Uzoqning ideali o‘qituvchilar bo‘lgani kabi, ular intilgan odamlar yulg‘ichlar edi. Shu davr, 1990-yillardan boshlangan avlod shafqatsiz realist bo‘ldi. Ular otamga o‘xshay deb ham orzu qilmaydi. Nevaralarim filolog emas, menejer bo‘laman deydi. Chunki ular yaxshi yashar ekan. Ya’nikim, jamiyatdagi holat bolalar psixologiyasiga ta’sir qilgan. Ular o‘ylayotgani oson narsalar, o‘qish esa eng og‘ir mehnat.

 

Talabalar kamida yetti-sakkiz million so‘m pul to‘lab o‘qimasdan yuradi. Nimaga borayapman, kun o‘tib ketayapti deb o‘ylamaydi. O‘ylasa ham, endi qilolmaydi, qo‘ldan boy bergan bo‘ladi.

 

Bugun mo‘ljal yo‘qolmadi, u o‘zgardi. Mana, Uzoqlar o‘qib yurgan davrda ham poraxo‘rlik avj olgan edi, ko‘pchilik nimaga o‘qiyotganini bilmasdi. Lekin har tugul adabiy kechalarda zalga odam sig‘may ketardi. Hozir Navoiy tirilib kelibdi, falonchi xonada hazrat bilan uchrashuv bo‘lar ekan desa, besh-oltita bola keladi, xolos.

 

 

Uzoq Jo‘raqulov:

 

– Biz aytayotgan illatlarning ildizi ancha chuqur. Buning uchun faqat sho‘ro davrini, mustaqillikning ma’lum yillarini ayblab bo‘lmaydi. Millatimiz boshiga qachon mustamlaka zulmi kela boshlagan bo‘lsa, shundan boshlangan bular.

 

Qozoqboy aka aytganday, millatimiz ruhiyati o‘zgargan. Afg‘onistonga bordik. Biz ularni ezilgan, bechora deb bilardik. Chunki shunday o‘rgatishgan, ko‘rsatishgan bizga. Lekin o‘sha yerdagi o‘zbeklar bilan gaplashib ko‘rganimda ulardagi erkinlik, o‘zbeklik, menlik ruhi baland ekanini ko‘rdim. Qodiriy eng kir va qora davr deb ta’riflagan vaqtda ham o‘zbekning millatlik ruhi baland bo‘lgan.

 

Ildizlarni aniq belgilab olib, ruhiy rag‘bat beradigan narsalarni o‘ylash kerak.  Jadidlar ham shu masalalarni ko‘p o‘ylagan. Ular millat ulkan xato ustida yashayotganini anglagan va savollarga javob izlagan. Siz bilan biz gaplashayotgan savollar ular qo‘ygan masalalar oldida ancha kichik.

 

Fitratning “Temur sag‘anasi” piyesasidagi sahnalarni olsak ham, u obrazni tiriltirib o‘sha davrlarda Turkiston, millat qanday bo‘lganiga javob berishga harakat qilgan. Ular millat maydalashib, ruhi sinib borayotganini bilgan. Jadidlar o‘tmishdan shunchaki maqtanish uchun emas, balki millatning kimligini ko‘rsatish maqsadida foydalangan. O‘sha jadidlar davridagi ijtimoiy odam bugungi ijtimoiy odamdan ancha baland edi. Lekin ular shuni ham tanazzul deb bilgan. Ko‘rayapsizmi, millat qanday bo‘lgan! O‘zbekning ori, shaxsiyati bo‘lgan, bemalol yurgan, xohlagan joyda gapini o‘tkazgan, o‘zini ko‘rsatolgan, lekin shu ham jadidlarni qoniqtirmagan. Bu millat shonli tarixni boshdan o‘tkazgan, shunday ruhga qaytish kerak deb hisoblagan.

 

Jadidlarning qo‘lida mablag‘, kuch bo‘lmay turib, katta ishlar qilishgan. Oddiy misol, ular chiqargan darsliklarni oling, hozirgidek ega-kesim, falonchi qachon tug‘ilgan degan narsalar emas, balki yoshlarning birinchi navbatda o‘zini anglashi, jamiyatda, dunyoda qanday yashashini ko‘rsatolgan darsliklar bo‘lgan.

 

Loqaydlik avj oldi. Yuqorida Qozoqboy aka aytganday Navoiy tirilib kelib uchrashuv bo‘layapti desa ham talabalar kirmaydi. Ularni ilmiy konferensiyalarga majburlab olib kelamiz. Ommaviy madaniyat, internet madaniyati degan narsalar avj olib, juda og‘ir bir ahvolga tushib qoldik.

 

 

Boborashan G‘oziddinov:

 

– Milliy uyg‘oqlik uchun nimalar zarur bo‘ladi?

 

 

Qozoqboy Yo‘ldoshev:

 

– Millatning uyg‘ongan davri ham bo‘ldi. Til uchun kurash ketayotgan paytda Sirdaryoda o‘qituvchi bo‘lib ishlardim. Shunda til himoyasi uchun Toshkentga kelar edik. Men-ku filolog o‘qituvchiman, aloqam bor. Lekin menga qo‘shilib podachi ham, kolxozchi ham – bir avtobus odam kelardik. Chunki o‘sha oshkoralik davrida odamga odam deb qarash bo‘ldi. Kishilar o‘zining odam ekanini, o‘zining gapi qayerdadir eshitilishini, u bilan hisoblashishlarini bilib qoldi va birdan uyg‘ondi. Lekin o‘shanda ham foyda izlovchilar bor edi. O‘sha paytda odamlar uzoq viloyatlardan siyosiy partiyalar, harakatlar majlisiga ham kelardi. Menam o‘z so‘zimni aytishim, kimdir menga hisob berishi kerak degan tafakkur shakllangandi. Odamga hurmat bilan qaray boshlanishi bilan odam o‘zgaradi.

 

 

Uzoq Jo‘raqulov:

 

– Abdulla Oripovning misralari bor:

“Men buyuk hikmatga oxir yuz burdim:

Siylangan joyida azizdir inson”.

 

 

Boborashan G‘oziddinov:

 

– O‘qituvchining obro‘sini ko‘tarish maqsadida hozir yaxshi harakatlar bor. Shu o‘rinda biz uchun bahsli mavzulardan biri haqida so‘ramoqchiman. Hozir maktab o‘qituvchisi o‘quvchiga qo‘l ko‘targani uchun omma oldiga chiqib uzr so‘rayapti. Sababini so‘rasangiz, o‘quvchining xarakteriga umuman chidab bo‘lmaydi degan javobni eshitasiz. Bunday vaziyatda qanday yo‘l tutish kerak? O‘qituvchi o‘quvchini urishi to‘g‘rimi?

 

 

Qozoqboy Yo‘ldoshev:

 

– Shaxsni sindirmaslik kerak. Qanday holatda bo‘lsa ham bolalarni urmaslik kerak. Ancha yillar oldin maktabda o‘qituvchilik qilganman. O‘ylasam, o‘qituvchi emas, “jallod” bo‘lgan ekanman. Hamma o‘quvchidan adabiyotchi tayyorlamoqchi bo‘lganman o‘zimcha, urib o‘qitardim. Ota-onalar ham indamasdi. Faqat bir safar militsiyada qanaqadir kattakon bo‘lib ishlaydigan odamning bolasini urganim uchun meni qamab qo‘yishgan edi (kuladi). Maktabda yetti yil ishlagan bo‘lsam, namunali dars o‘tadigan o‘qituvchi bo‘lib tanilganman. Komissiya kelsa ham mening darsimga kiritilardi. Lekin o‘sha o‘quvchilarim orasidan birorta filolog shogird chiqmadi. Chunki men bu qattiqqo‘lligim bilan adabiyotga nafrat uyg‘otganman. Bola o‘qituvchisini yaxshi ko‘rsa, fanni o‘rganadi. Agar yomon ko‘rsa, o‘qimaydi va shu bilan o‘zicha o‘qituvchini jazolaydi.

 

 

Uzoq Jo‘raqulov:

 

– Kim qanday vaziyatda urgani ham rol o‘ynaydi. Bir marta suvga tuflagan paytimda otam meni bir shapaloq urgan, keyin qaytib suvga tupurmaydigan bo‘ldim. Vaqt o‘tib bildimki, bu katta gunoh ekan. O‘shanda otam shunchaki nasihat qilganda esimdan chiqib, yana tuflab yurgan bo‘lardim balki. Hozir ham kimdir suvga behurmatlik qilsa, birdan otamning shapalog‘i esimga tushib, tanbeh beraman. Ya’ni, har qanday kaltak ham shaxsiyat sinishiga olib kelmaydi. Urayotgan odam urishga loyiq yoki gapi bilan amali bir odam bo‘lishi kerak. Urib o‘qitishga loyiq o‘qituvchi bormi-yo‘qmi – gap shunda. O‘qituvchi o‘zi amal qiladigan, ishonadigan gapni aytsa, bola ishonadi. Balki shu narsani mushohada qilib ko‘rmas, lekin o‘quvchi chin dildan eshitib, shu narsani eslab qoladi. Har qanday voiz o‘zi amal qiladigan, ishonadigan gapni aytsagina gaplari odamlarga yuqadi. Xotinim ham o‘qituvchi, unga ham shuni maslahat beraman doim. Aytadiki, eng to‘polonchi sinf o‘quvchilari ham uning darsida jim bo‘lib, yomon qilig‘ini to‘xtatib turar ekan, bo‘lmasa ayolim urishmaydi, juda ko‘ngilchan.

 

Toshkentdagi maktablardan birida dars berardim. Yaxshi eslayman, 32 ta bola o‘qiydigan sinfda 28 ta bola “O‘tkan kunlar”ni yod olib yuborgan edi. Bo‘lmasa, men ularga o‘qi ham, yodla ham demaganman. Yettinchi yo sakkizinchi sinf o‘quvchilarim shu darajada qiziqqanidan Natan Mallayevning “Adabiyot tarixi” kitobini, yana besh tomlik “Adabiyot tarixi”ni o‘qib chiqishgan. O‘quvchilarim insholarni ham bexato yozardi. Men ularga shunchaki samimiyat bilan dars o‘tardim, urmasdim, so‘kmasdim, lekin hurmat qilishardi. Bir marta o‘quvchilar qaysidir fandan past baho chiqqani uchun sinf jurnalini yoqib yuboribdi. Jurnalning ichida esa mening baholar qo‘yilgan ro‘yxatim turardi. O‘sha ro‘yxatni olib qolib, menga keltirib berishdi, topib oldik deb. Ehtimol, xato qilgandirman, ammo o‘sha vaqtda menga ishonib o‘sha ro‘yxatni olib kelib bergani uchun bu haqida hech kimga aytmaganman. Vaziyatdan kelib chiqib ularning aybini boshqalarga aytmaslikni ham tarbiya deb o‘ylaganman.

 

Avvalo kasb o‘z egasini topsin ekan. O‘qituvchi auditoriyaga kirishdan oldin bu ishlarimning ham savol-javobi bor deb o‘ylashi kerak.

 

 

Boboravshan G‘oziddinov:

 

– Universitetlardagi muammolar, kadrlar masalasi haqida gaplashdik. Maktabdagi ta’lim, muammolarimiz haqida so‘ramoqchi edim...

 

 

Qozoqboy Yo‘ldoshev:

 

– Pedagogik innovatsiya pastdan yuqoriga qarab o‘smasa, hech qanday foyda bo‘lmaydi degan qoida butun dunyoda bor. Talabalarga dars o‘tib turganimda, yuqoridan bittasi kelib, menga qanday dars o‘tishni o‘rgatadi. Qanday qilib u mening sohamni mendan yaxshiroq bilishi mumkin?

 

Bugun Yaponiya ta’lim tizimiga, ertaga Finlandiya yo boshqa davlatning ta’lim tizimiga taqlid qilamiz. Nega o‘zbekning o‘z ta’lim tizimi bo‘lmasligi kerak? Biz shu tizimni yaratishimiz zarur.

 

Birovga bir narsani o‘rgatadigan odam erkin bo‘lishi shart. Chunki har bir o‘qituvchining o‘z yo‘li bo‘ladi. Men dars bergan guruhga boshqasi kelib xuddi mendek dars berishi kerak emas, o‘z uslubida, imkoniyati doirasida dars bersin. Oilada ham bolalarga noto‘g‘ri mo‘ljal beriladi. Har bir o‘zbek bolam oliy ma’lumotli bo‘lishi kerak deb qaraydi. Lekin buning uchun nimadir qilish kerak degan masalaga e’tibor bermaydi. Bolalar o‘rta maktabda faqatgina oliy maktabga kirish uchun o‘qiydi. Men bunga qo‘shilmayman. Maktab o‘quvchini oliy maktabga emas, avvalo hayotga tayyorlasin. Birinchi kundan boshlab o‘qituvchilar ham sizlar yaxshi o‘qisangiz, oliy ma’lumotli bo‘lasiz deb uqtirishni boshlaydi. Oliy maktabda o‘qishni istamagan bola esa bu fanlar ham, o‘qish ham kerak emas deb tashlab qo‘yadi. Bir toifa esa men falon yo‘nalishda o‘qiyman deb boshqa fanlarni o‘qimay qo‘yadi. Men adabiyotni, Navoiyni o‘qimayman degan bolaga esa o‘qituvchilar go‘zal javob berolmaydi. Navoiyni bilmasang, qanday odam bo‘lasan deyishi mumkin.

 

Mayli, oliy ma’lumotli bo‘lish ham maqsad bo‘lib turaversin. Lekin bolaga dunyoda zarur bo‘lmagan birorta kasb yo‘qligini uqtirish darkor. Farroshning zarurligi yuristning zarurligidan birlamchiroqdir. Ko‘chada plastik idish terib yuradiganlar ham, fermer ham kerak. Lekin bolaga sen qassob bo‘lsang, faqat mollarning ichida bo‘lmaysan, farrosh bo‘lsang, faqat supurgini quchoqlab yurmaysan, sen odamsan, kimgadir ota yoki ona, er yoki xotin, kimgadir qo‘shni bo‘lasan – shularning gapini tushunish, o‘z gapingni yetkazib berish uchun matematikadan ham, fizikadan ham, ona tili, adabiyotdan ham xabardor bo‘lishing kerak, biz seni oliy maktabga emas, hayotga tayyorlashimiz zarur degan masala qo‘yilishi lozim.

 

Qandaydir sertifikatlar olish, chet eldan mutaxassislar chaqirib tajriba almashib o‘rganish kerakdir. Bundan ham muhimi, o‘zimizdagi o‘qituvchilarni saralash, yaxshilarini topish shart. Tekshiradiganlar darslarga kirishi, ko‘rishi kerak. Hujjatini zo‘r qilib qo‘yib, o‘zi o‘quvchilar bilan ikki og‘iz gaplasholmaydigan muallimlar bor. O‘zi iqtidorli o‘qituvchilar qog‘ozbozlikni uncha xushlamaydi ham. Shu sabab direktorning tavsiyasiga qarab o‘tirmay, yuqoridan boradiganlar darslarga kirishi kerak. Hozir shu darsga kirib tekshirish degan narsa kamayib, ehtimol, yo‘qolib ketgan. Jonli darsga kirsa, direktor alday olmaydi, odatda qog‘ozbozlikni joyiga qo‘yadiganlar direktorning erkasi bo‘ladi, darsda esa kimning kimligi ma’lum bo‘ladi.

 

Xulosa shuki, hamma gap o‘qituvchilarning saviyasi va salohiyatida. Iqtidorli o‘qituvchilar qanchalik ko‘p bo‘lsa, ta’lim sohasi shuncha rivojlanadi.

 

Suhbatni Boboravshan G‘OZIDDINOV uyushtirdi.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 1-son.

“Ta’lim shaxsni tarbiyalasin!” maqolasi

2 Izohlar

Vasliddin

17:05 / 16.05.2024

Najot talim va tarbiyada ekanligini ota onalarga ham targib qilish kerak. Kasbiga sadoqatli, malakali ustozlarning xozirda kamayib ketganligi achinarli. Juda haqli gaplar aytilibdi.

Reymbayeva

14:05 / 14.05.2024

Zo'r maqola bo'libdi. Meni ancha o'ylashga majbur qildi..

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 284
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17502
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//