“Xon tepaligi”, “zanjirband sher”. Unutilayotgan tarix: Buxoroning oʻn bir darvozasi


Saqlash
14:05 / 16.05.2024 853 0

Insoniyat paydo boʻlgan ilk davrlardanoq xavfsizlik bilan bogʻliq masalalar doim birinchi oʻringa turgan. Shaharlar rivojlanishi, odamlar koʻpayishi ortidan qalʼalarni munosib himoya qilish dolzarb vazifaga aylanib borgan. Natijada koʻpchilik uchun yaxshi tanish boʻlgan katta, bahaybat devorlar bilan oʻralgan shaharlar barpo etilgan. Markaziy Osiyo, jumladan Oʻzbekiston qoʻrgʻonlari ham mustahkam devor va darvozalarga ega boʻlgan. Jumladan, bir necha asr davomida poytaxt vazifasini bajargan Buxoro shahri oʻzining mustahkam devorlari va darvozalari bilan mashhur boʻlgan.

 

Buxoro shahri miloddan avvalgi II asrda qalin devorlar bilan oʻralgan. Avval Kushonlar, soʻng Eftaliylar davlati tarkibiga kirgan bu qoʻrgʻon Varaxsha va Poykendni ortda qoldirib, Buxoro vohasining markaziga aylangan.

 

Manbalarga koʻra, Sugʻd ixshidlari zamonida Buxoroning afsonaviy Kampirak (maʼnosi: “kanpirak” – “xandaqli devor”) devori qurilishi boshlangan. Devor ostidan choh qazilib, u suv bilan toʻldirilgan. Bu usul qalʼani qamal qilishni qiyinlashtirgan.

 

 

Tarixchi Narshaxiyning yozishicha, Kanpirak devorining eni 2,5—3,5 metr, balandligi 1—3 metr, baʼzi yerlarda esa 4 metrgacha yetgan. Devorning umumiy uzunligi 336 kilometrni tashkil qilgan boʻlib, har 4-8 metrda soqchi minoralari joylashgan.

 

Xalq orasida “Kampir devori” deb atalgan ihotani qurish va taʼmirlash Ismoil Somoniy davrida toʻxtab qolgan. Afsonalarga koʻra, Ismoil Somoniy “toki tirik ekanman, Buxoroning devori oʻzim boʻlaman” degan va devor qurishni davom ettirmaslik haqida koʻrsatma bergan. Shundan soʻng bu ulkan devor asta-sekin vayronaga aylanib borgan.

 

XVI asrgacha turli hukmdorlar shaharning turli qismlaridagi devorlarni tiklagan yoki taʼmirlagan. Shayboniylar hukmronligi yillarida Buxoro shahri gʻarb tomonga sezilarli kengaygan. Natijada istehkom toʻsiqlari ham oldinga siljigan. Biroq, shundan soʻng XIX asrgacha yangi devorlar qurish toʻxtagan va faqat taʼmirlab turilgan. Har yilgi taʼmir ommaviy hashar tarzida oʻtkazilgan va aholining unda qatnashishi majburiy boʻlgan.

 

Tarixchilarning yozishicha, ilk vaqtlarda Buxoro qoʻrgʻoni 7 darvozaga ega boʻlgan. Keyinchalik shahar kattalashib borishi bilan ularning soni ortib borgan. Shayboniy Abdullaxon II davrida Buxoro darvozalari soni 11 taga yetgan va shundan soʻng boshqa koʻpaymagan.

 

Darvozalar turli zamonlarda turlicha nomlar bilan atalgan. Ushbu darvozalardan faqat ikkitasi (Qorakoʻl va Talipoch) hozirgi kungacha saqlanib qolgan. Toʻrttasi qayta tiklangan (Samarqand, Hazrati Imom, Shayx Jalol, Sallohxona), beshtasi esa butunlay vayron boʻlgan (Shergiron, Mozori Sharif, Oʻgʻlon, Namozgoh va Qarshi).

 

Talipoch darvozasi

 

Talipoch darvozasi Buxoro shahri devorining shimoli-gʻarbiy qismida joylashgan. Darvoza XVI asrning ikkinchi yarmida, qudratli oʻzbek hukmdori – Abdullaxon II tashabbusi bilan qurilgan. Darvoza nomi ham ushbu xon bilan bogʻliq. Shaharning gʻarbidan yangi xiyobon qurdirgan Abdullaxon shu yerdagi tepalik yaqinida darvoza ham bunyod ettirgan va bu darvoza “xon tepaligi” – “Talipoch” deb nomlangan.

 

 

Talipoch darvozasi orqali Buxoroning muqaddas qadamjolaridan biri – Chorbakr majmuasiga, shuningdek Romitandagi qishloqlar va Xorazmga yoʻl oʻtgan. Talipoch boshqa darvozalar bilan solishtirganda serqatnov boʻlmagan.

 

Talipoch darvozasi 1960 va 2005-yillarda restavratsiya qilingan. Bugungi kunga qadar darvoza va uning ikki “guldastasi” (aylana minoralari) hamda devorining bir qismi saqlanib qolgan. Talipoch darvozasi yonida hozirda Buxoro Markaziy bozori va xiyoboni joylashgan.

 

Qorakoʻl yoxud Haj darvozasi

 

Buxoroning eng mashhur darvozalaridan biri boʻlmish Qorakoʻl darvozasi shahar devorining janubi-gʻarbiy qismida joylashgan. Bu darvoza ham Abdullaxon II davrida, 1558-1575-yillarda qurilgan.

 

 

Darvoza nomi Qorakoʻl shahri nomidan olingan boʻlib, ushbu darvoza orqali Qorakoʻl shahriga, bundan tashqari Eron, Turkiya va Arabiston mamlakatlariga yoʻl olish mumkin boʻlgan. Qolaversa, buxoroliklar Haj safariga aynan shu darvoza orqali chiqqani uchun xalq orasida uni “Haj darvozasi” deb ham atashgan. Darvozadan to shaharning markaziy koʻchasigacha yoʻl boʻyida bozor rastalari, baqqollik doʻkonlari joylashgan va bu darvozani eng gavjum qopilardan biriga aylantirgan.

 

Qorakoʻl darvozasi erksevar Buxoro shahri tarixida muhim oʻrin tutadi. Qizil armiyaning 1920-yilgi Buxoro operatsiyasi doirasida Qorakoʻl darvozasiga katta kuch bilan hujum qilingan. 29-30 avgust kunlari boʻlib oʻtgan janglarda buxoroliklar Qorakoʻl darvozasini mardonavor himoya qilgan. Shundan soʻng bolsheviklar asosiy kuchni Qarshi darvozasiga tashlagan.

 

Qorakoʻl darvozasi 1975-yilda usta Ahror Asrorov boshchiligidagi mutaxassislar tomonidan taʼmirlangan. Bugungi kunda darvoza oʻz devorlaridan ajralib, kichik mahalla ichida qolib ketgan. Aksariyat mahalliy aholi bu darvozaning nomini ham bilmaydi.

 

Sallohxona darvozasi

 

Ushbu darvoza Buxoro hukmdori shayboniy Abdulazizxon topshirigʻi bilan 1540-1549-yillarda qurilgan. “Sallohxona” nomi ushbu darvoza yaqinida joylashgan kushxona va qassoblar mahallasi bilan bogʻliq boʻlib, “salloh” arabcha “qassob” demakdir. Darvoza qalʼa devorining janubiy qismida joylashgan.

 

 

Sallohxona darvozasining tashqi tomonida keng maydon boʻlib, bu yerda Buxoro amirligi askarlarining harbiy mashqlari oʻtkazilgan. Keyinchalik, SSSR davrida ham bu maydondan parad va mitinglar oʻtkazish uchun foydalanilgan. Bundan tashqari, buxorolik teri oshlovchi ustalar bu yalanglikda terilarni quritgan.

 

Sallohxona ikkita katta va mustahkam “guldasta” minora, 21 ta gultojga ega boʻlib, darvozaning balandligi 11 metrdan oshgan. 1939-yil 17-mayda kommunistlarning “varvarcha” siyosati doirasida Sallohxona darvozasini buzib tashlash haqida qaror qabul qilinadi va darvoza buziladi. Mustaqillikdan soʻng, 2009-yilda Sallohxona darvozasi avvalgi joyidan qayta tiklangan. Qurilish ishlarini usta-meʼmorlar Muzaffar Mirzayev hamda Sharif Rahimovlar olib borgan.

 

Samarqand darvozasi

 

Buxoroning eng gavjum darvozalaridan biri boʻlgan Samarqand darvozasi ham shayboniy Abdulazizxon davrida barpo etiladi. Ushbu darvozadan Samarqandga eltuvchi yoʻl oʻtgani bois darvozaga “Samarqand darvozasi” nomi berilgan. Shu bilan birga, bu darvozadan Toshkent, Fargʻona va Xitoyga yoʻl olgan savdogarlar ham oʻtgan. Sitorayi Mohi Xossa qurilgach, Buxoro amirlari ham Samarqand darvozasi orqali yozgi saroyga borib kelgan.

 

 

Darvozaning har ikki tomonida (kirish va chiqishda) savdo rastalari joylashgan. Bu yerda non, goʻsht, mato va meva-sabzavotlar sotilgan. Shu sababdan ham Samarqand darvozasi oldidagi koʻcha “Chorbaqqoli” (“toʻrt baqqol”, “toʻrt tomonda baqqollar bor” maʼnosida) deb atalgan.

 

Samarqand darvozasi ham Sallohxona qopisi kabi 1939-yilning 17-mayida “shaharda normal harakatga xalaqit berayotgani” vaji bilan buzib tashlashga mahkum qilingan. 2009-yilda Samarqand darvozasi oʻzining eski oʻrnida qayta tiklangan.

 

Hazrati Imom darvozasi

 

Hazrati Imom darvozasi Buxoro shahrining eng qadimgi darvozalaridan biri sanaladi. VIII asrgacha bu darvoza “Darvozayi Nav” (Yangi darvoza) deb atalgan. Soʻngra ushbu darvoza yoniga buyuk islom olimi, Markaziy Osiyoga hanafiy taʼlimotini ilk bor yoygan Abu Hafs Kabir dafn etilgach, uni “Darvozayi Imom” (Imom darvozasi) deb nomlashgan. Shahardan Abu Hafs Kabir maqbarasiga olib boruvchi yoʻl – Haqroh, yaʼni “haq yoʻli”, darvoza esa Dari Haqroh deb aytilgan.

 

 

Hazrati Imom darvozasi ancha gavjum qopi boʻlgan. Darvozadan shaharga kiraverishda yoʻlning oʻng tomonida savdo doʻkonlari joylashgan. Ularda ot-aravalar uchun anjomlar sotilgan. Yoʻlning chap tomonida esa shisha ishlab chiqaradigan korxona hamda yoʻlovchilarni suv bilan taʼminlaydigan quduq boʻlgan. Deyarli har kuni minglab insonlar Abu Hafs Kabir mozorini ziyorat qilish uchun Hazrati Imom darvozasidan oʻtgan.

 

Hazrati Imom darvozasi boshiga ham yuqoridagi ikki darvoza taqdiri tushgan. 1939-yilda buzib tashlangan inshootni 2009-yilda qayta tiklash ishlari boshlangan. Bugungi kunda Hazrati Imon darvozasi oʻzining asl oʻrnida qad rostlab turibdi, undan sal nariroqda Abu Hafs Kabir ziyoratgohi joylashgan.

 

Shayx Jalol darvozasi

 

Buxoro shahrining yana bir qadimiy darvozasi. XVI asrda ushbu darvozani taʼmirlatgan shayboniy Abdulazizxon “Darvozayi bobi Morkushon” (maʼnosi “ilon oʻldiruvchilar dahasi” darvozasi) nomi bilan atab kelingan bu darvozani oʻz ustozi (piri) shayx Jaloliddin sharafiga Shayx Jalol deb nomlashni buyurgan. Abdulazizxon darvozaga yaqinroq joyda hovuz, minora hamda hujralar ham qurdirgan. Biroq ushbu ansambl keyingi asrlardagi eʼtiborsizlik tufayli vayronaga aylangan.

 

 

Shayx Jalol darvozasi juda serqatnov darvozalardan biri boʻlmagan. Undan asosan Buxoro yonidagi qishloqlar, jumladan Losha qishlogʻiga hamda Shayx Jalol qabri ziyoratiga chiqishgan.

 

Amir Abdulahadxon davrida darvoza yoniga ruslar tomonidan pochta va telegraf binolari qurilgan. Keyinchalik pochta va telegraf shahar markaziga koʻchirilgach, ularning sobiq binolariga davolash korpusi joylashtirilgan hamda qoʻshimcha binolar barpo qilingan. Hozirda ushbu binolar Buxoro viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markazi ixtiyorida.

 

1968-yilda sovetlar tarafidan buzib tashlangan Shayx Jalol darvozasi 2008-2009-yillarda vayronalari ustidan qayta tiklangan. Darvoza bilan birga unga tutash devorlar ham restavratsiya qilingan.

 

Qarshi yoxud Qavola darvozasi

 

Ushbu darvoza baʼzi manbalarda Rangrez (matoga gul bosuvchi) darvoza deb ham aytilgan. Maʼlumotlarga koʻra, shayx Rangrez matolarga gul bosish bilan shugʻullangan va unga Buxoro atrofidagi qishloqlardan biri hadya etilgan. Qishloq shayx nomi bilan atalgan. Keyinchalik Abdullaxon II shaharni kengaytish chogʻida ushbu qishloqni ham shahar qoʻshib yuborgan va yangi darvoza qishloq nomi bilan Rangrez darvoza deb nomlangan.

 

 

Ammo shaharning sharqida joylashgan bu darvozadan asosan Qarshi va Keshga eltuvchi yoʻl oʻtgani bois uni mahalliy aholi Qarshi darvozasi deya atay boshlagan. XIX asrda Kogonga temiryoʻl tortib kelingach, Qarshi darvozasi eng serqatnov darvozalardan biriga aylangan. Bu darvoza oʻzining juda katta ikki “guldastasi” bilan ajralib turadi.

 

Amir Muzaffarxon davridagi hukmdorning yozgi saroyi – Shirbudinga yoʻl ham ushbu darvoza orqali oʻtgan. Amir Abdulahadxon zamonida Qavola darvozasidan Kogon vokzaligacha tosh yoʻl yotqizilgan.

 

Qarshi darvozasi 1920-yilgi Buxoro operatsiyasida asosiy oʻrin tutgan. Qizil armiya bir necha kun davomida darvozani artilleriyadan oʻqqa tutgan va shu darvoza orqali Buxoro shahriga kirib kelgan. Qavola darvozasi ham 1939-yilda Buxoroning boshqa bir nechta darvozasi kabi “shahardagi normal harakatga xalaqit berish” aybi bilan buzib tashlangan.

 

Mozori Sharif darvozasi

 

Mozori Sharif darvozasi Buxoroning shimoli sharqida, qadimgi Gulobod (arabchada Kalobod) darvozasi yaqinida barpo qilingan. Ushbu darvoza ahamiyati undan Buxoroning eng muqaddas maskanlaridan biri – Bahovuddin Naqshband ziyoratgohi va qabristoniga yoʻl oʻtgani bilan belgilangan. Ushbu qabristonga Naqshbandiydan tashqari, koʻplab Buxoro hukmdorlari ham dafn qilingan.

 

 

Darvoza nomi ham ushbu yoʻlga bogʻliq boʻlib, “muqaddas mozor yoʻli” maʼnosini anglatgan. Bundan tashqari, Buxoro aholisi “qizil atirgul sayli” (Sayri guli surx) bayramida Mozori Sharif darvozasidan chiqib, ziyoratgohgacha boʻlgan hududda turli sayllar uyushtirgan.

 

1939-yilda Mozori Sharif darvozasini ham “transport harakatiga xalal bermoqda” vaji bilan buzib tashlash haqida qaror qabul qilingan. 1941-yilda darvoza butunlay yer yuzidan yoʻq qilingan.

 

Namozgoh darvozasi

 

Buxoroning qadimgi darvozalaridan biri boʻlgan Namozgoh darvozasi aynan qachon bunyod etilgani nomaʼlum. Faqatgina 1540-1550-yillarda shayboniy Abdulazizxon buyrugʻi bilan ushbu darvoza qayta taʼmirlangani manbalarda saqlanib qolgan. Qopi shahar devorlarining janubiy qismida joylashgan.

 

 

Namozgoh darvozasi undan uncha uzoq boʻlmagan Namozgoh masjidi nomi bilan atalgan. Chunki Buxoro aholisi har yili Ramazon va Qurbon hayiti namozlarini Namozgoh masjidida oʻqigan va bu masjidga boradigan yoʻl Namozgoh darvozasidan oʻtgan. Namozgoh darvozasining tashqi tomonidagi katta maydonda qoʻy bozori boʻlgan va bayram kunlari bu yerda koʻpkarilar uyushtirilgan.

 

Darvoza 1950-yillarda buzib tashlangan.

 

Shergiron darvozasi

 

Buxoro devorining gʻarbiy qismida qad rostlagan Shergiron darvozasi oʻtmishi ancha uzun. Darvoza shahar qalʼasi bilan birga bunyod etilgan boʻlishi mumkin. Uning nomlanishi haqida ikki xil taxmin bor.

 

Birinchi nazariyaga koʻra, ushbu darvoza oldida qadimda sherlar saqlanuvchi zindon boʻlgan. Bu sherlardan urushlarda va xazinani qoʻriqlashda foydalanilgan.

 

Ikkinchi taxmin esa shoh Ismoil Somoniy bilan bogʻliq. Tarixchi Narshaxiyning yozishicha, Ismoil Somoniy Amudaryo boʻyida ov qilayotganda amirlari Tabaristonda unga qarshi isyon koʻtarganidan xabar topadi va xavotirga tushib, behalovat boʻladi. Oʻsha kuni amir uyquga ketganda unga yaqin kishilar doimgidek amir xobgohi oldiga sher bogʻlab qoʻyishni unutadi. Qoidaga koʻra, sher eshik yoniga zanjirlanishi va ichkariga kirmoqchi boʻlgan begona odamni burdalab tashlashi lozim edi. Biroq oʻsha kuni amir holidan tashvishga tushgan mulozimlar sherni olib kelishni yoddan chiqaradi. Natijada tunda bir guruh fitnachilar amir yotogʻiga kirib, uni oʻldiradi.

 

 

Amirning jasadi Buxoroga aynan Shergiron darvozasidan olib kiriladi va Somoniylar maqbarasiga dafn etiladi. Shu boisdan mahalliy aholi bu darvozani “Shergiron”, yaʼni “sherni daf qilganlar” deb atagan.

 

Shergiron ikki marta: Abdullaxon II davrida hamda XIX asrda taʼmirlangan. Darvozaning har ikki tomonida yopiq bozor boʻlgan. Aholi bu darvozadan asosan Chor Bakr maqbarasiga hamda Jondor qishloqlariga borish uchun chiqqan.

 

Darvoza 1937-yilda tanish vaj-korson bilan buzib tashlangan.

 

Oʻgʻlon darvozasi

 

Ushbu darvoza Talipoch darvozasi kabi Buxoroning shimoli-gʻarbida joylashgan va Talipochdan uncha uzoq boʻlmagan. Shu sabab ham bu darvozadan qatnov nisbatan kam boʻlgan. Asosan, amir Nasrulloning yozgi saroyi – Chorbogʻi Xossa hamda qoʻshni qishloqlarga otlangan insonlar Oʻgʻlon darvozasida oʻtgan.

 

 

Darvoza oʻz nomini mashhur buxorolik avliyo – Oʻgʻlon Ato ismidan olgan. Chunonchi, darvoza yonida Oʻgʻlon Ato mozori, masjidi va madrasasi joylashgan. Boshqa bir nazariyaga koʻra esa, ushbu darvoza nomi oʻzbek urugʻlaridan biri – oʻgʻlon urugʻi nomidan kelib chiqqan.

 

Oʻgʻlon darvozasi ham Buxoroning boshqa darvozalari kabi 1950-yillarda buzib tashlangan.

 

Aksariyat manbalar va xaritalarda Buxoroning oʻn bir darvozasi boʻlgani koʻrsatilgan boʻlsa-da, baʼzi mutaxassislar shaharning oʻn ikkinchi darvozasi – Xoʻja Ismat (Xoʻjayon) ham boʻlganini taʼkidlaydi. Ammo bu darvoza joylashgani aytiluvchi hudud Buxoro qoʻrgʻoni devorlari chizmasiga mos kelmaydi va uning suratlar hozirgacha saqlanmagan.

 

Shunday qilib, Oʻzbekistonning qadimiy va muhim shaharlaridan biri boʻlgan Buxoro juda mustahkam devor va darvozalarga ega boʻlgan. Ularning aksariyati shayboniy Abdulazizxon va Abdullaxon II nomi bilan bogʻliq boʻlib, Buxoro mudofaasi ushbu ikki xon davrida katta oʻzgarishlarni boshdan kechirgan. Keyingi hukmdorlar asosan taʼmirlash va tiklash ishlarini olib borgan, lekin koʻp hollarda himoya inshootlariga yetarlicha eʼtibor qaratilmagan. Oqibatda XIX asrga kelib, ularning katta qismi vayrona holiga tushib qolgan va Qizil armiya hujumi vaqtida qulagan. Omon qolganlarini esa sovetlar buzib tashlagan.

 

Muhammadqodir Sobirov 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 284
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17502
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//