Yovvoyi bozor raqobatiga qurilgan davlatda ijtimoiy tenglik quruq gap yoki xayoliy istakdir. Bizga ijtimoiy davlat nega kerak?


Saqlash
17:05 / 20.05.2024 474 0

Ijtimoiy-siyosiy adabiyotlarda, hatto kratologiyaga (hokimiyat haqidagi fan) oid manbalarda ham “ijtimoiy davlat” kategoriyasi uchramaydi. Maxsus darsliklarda davlatning sharqona, quldorlik, feodal, burjua va sotsialistik turlari, totalitar, avtoritar, liberal va demokratik ko‘rinishlari borligi ta’kidlangani holda, ijtimoiy davlat zikr etilmaydi (qarang: Теория государства и права. Учебник. Мос­ква, “Норма”, 2001. Стр. 168-169). Biroq bu hol davlatning ijtimoiy sifatini rad etishga asos bo‘lolmaydi.

 

Ijtimoiylik mudom davlatning atributi, funksional xususiyati va institutsional belgisi bo‘lib kelgan. Binobarin, tarixda mutlaq totalitar yoki mutlaq demokratik davlat bo‘lmagan. Quldorlikning tipik ko‘rinishi – Rim imperiyasi yoki despotik monarxiyaning Sharqda ko‘p uchraydigan shakli – Xan saltanatida (Xitoy) ham davlat aholi, ayniqsa, qo‘shin, amaldorlar, hunarmandlar, qullar huquq va burchlariga oid qonunlar orqali idora etilgan. To‘g‘ri, u davrdagi qonun-qoidalarda markaziy boshqaruvni mutlaqlashtirish, monarxni muqaddaslashtirishga intilish ustuvor, ammo davlat keng aholi qatlamlarining talab-ehtiyoji bilan hisoblashmasligi, ularning ijtimoiy hamkorligiga tayanmasligi mumkin emas edi. Aynan shuning uchun ham ijtimoiylik har qanday davlatning o‘zak (immanent) xususiyati sanaladi.

 

Yashirmayman, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2023-yil may oyida boshlangan konstitutsiyaviy islohotlar menda ijtimoiy davlat kategoriyasini “ixtiro qilish”ga, davlatning tarkibiy xususiyati bo‘lgan ijtimoiylikni alohida ta’kidlashga, uni Konstitutsiyaga kiritishga hojat bormidi degan savollarni uyg‘otgan.

 

Konstitutsiyaviy islohotlarga qadar mazkur kategoriya ilmiy, siyosiy va falsafiy-huquqiy jihatdan tadqiq etilmagan. Bu, aslida, ilmiy kratologik tafakkurimizning amaliyotdan ham, jahondagi siyosiy ta’limotlardan ham ortda bo‘lganidan dalolatdir. Vaholanki, ijtimoiy davlat nafaqat ilg‘or G‘arb davlatlari konstitutsiyalariga kiritilgan, uning falsafiy-siyosiy, huquqiy asoslari yarim asrdan beri muhokama ham qilib kelinadi. Bizdagi ilmiy muhofazakorlik va turg‘unlikni jamiyatimizdagi o‘zgarishlarning ba’zan anglab bo‘lmayotgan shiddati va ko‘lami bilan ham bog‘lash mumkin...

 

O‘zbekiston Prezidenti 2022-yil 20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda keyingi olti yil ichida jamiyatimiz hayotida keng transformatsiya amalga oshirilgani, o‘zgarishlar markazida inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu g‘oya mujassam ekani, inson huquqi, erkinligi va qadr-qimmati masalasi ustuvor vazifaga aylanganini ta’kidladi. Mazkur vazifa 1992-yili qabul qilingan Konstitutsiyada ham markaziy o‘rin tutgan. Unda belgilangan normalar jamiyatimizni huquqiy modernizatsiyalashda katta ahamiyat kasb etganini inkor qilish mumkin emas. Lekin eng oliyjanob va yetuk normalar ham hayotning barcha talablarini, ayniqsa, inson tabiatidagi murakkabliklar, ziddiyatlarni qamrab ololmas ekan. Yaqin o‘tmishimizda konstitutsiyaviy normalardan chekinish, korrupsiya, mulk orttirishga qaratilgan iqtisodiy jinoyatlar, oddiy kishilarning huquqlarini mensimaslik, amaldorga sig‘inish kabi “Sharq despotiyasi”dan (Hegel) qolgan illatlar huquqiy islohotlarga xalal bergani sir emas. Davlat va uning institutlari xalqdan uzoqlashdi, natijada “davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab” faoliyat yurgizadi degan konstitutsiyaviy tamoyil unutildi. Zero, davlat institutlari faoliyatini demokratlashtirish, xalq manfaatlariga xizmat qildirish balandparvoz bayonotlarni emas, ko‘proq amaliy chora-tadbirlarni taqozo etardi. Shuning uchun ham O‘zbekiston Prezidenti “Inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i shart. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ushbu tamoyillar aniq ifoda etilishi, o‘zining mukammal huquqiy yechimini topishi zarur”, deb uqtirdi. U, shuningdek, “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyilni Asosiy qonunimizga kiritishni taklif etdi. Shavkat Mirziyoyev ta’rificha, “ijtimoiy davlat har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat prinsiplari asosida munosib yashash sharoitlarini yaratib beradi. U – ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish bo‘yicha samarali siyosat olib boradigan davlat modelidir”.

 

Ijtimoiy yo‘naltirilganlik tamoyili ilg‘or G‘arb davlatlarida alohida e’tirof etilgan. Mazkur tamoyil, xususan, AQSh, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya konstitutsiyalarida qayd etilgan. Shveysariya davlatning ijtimoiy modelini keng tarzda tatbiq etgan ilk o‘lkadir. Ushbu mamlakatda byudjet va davlat idoralariga sarflanadigan xarajatlar aholi va mutaxassislar o‘rtasida keng muhokama qilinadi, boshqaruv apparati faoliyatining samaradorligi ijtimoiy siyosat nuqtayi nazaridan baholanadi. Boshqaruv idoralariga ishga qabul qilinadigan mutaxassis aynan ijtimoiy siyosat bo‘yicha sinovdan o‘tadi. Ba’zi munitsipalitetlarda 5/2, ya’ni besh soat aholi orasida, ikki soat idorada bo‘lish tartibi amal qiladi. Sirasi, chopa-chop qilmay, batartib ish yuritish odat, qadriyatga aylangan.

 

Ijtimoiy davlat siyosiy model sifatida taqdim etilayotgan ekan, u aniq prinsiplarga tayangan holda faoliyat yuritmog‘i lozim. Bu sirada ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik, ijtimoiy himoya, ijtimoiy hamkorlik kabi prinsiplarni alohida ta’kidlash kerak.

 

Ijtimoiy adolat falsafiy-axloqiy kategoriya ekani ma’lum. Adolat g‘oyasi Suqrot-u Aflotun davridan beri tildan tushmaydi. Yunon faylasuflari adolatni ezgulik va fozillikda deb biladi. Abu Nasr Forobiyning fozil odamlar shahri g‘oyasi ildizi yunon faylasuflarining ushbu utopik qarashiga borib taqaladi. Adolat murakkab falsafiy-axloqiy tushuncha ekanini Suqrotning Frasimax bilan dialog-bahsidan aniq idrok etish mumkin (Платон. Государство. Москва, “АСТ”, 2022. Стр. 4–47). Suqrot suhbatdoshini nafaqat mot etadi, shu bilan birga, adolat kategoriyasining cheki-chegarasi yo‘q, ziddayn voqeliklardan ekanini isbotlaydi. Alhol, ijtimoiy adolat haqida mushohada yuritish zavqli, ammo unga to‘la-to‘kis yetishgan davlat yo‘q, chunki “Menga adolat bo‘lib ko‘ringan holat sizga adolatsizlik bo‘lib ko‘rinishi mumkin” (Suqrot). Ezgulik va yovuzlik haqidagi bahslar tayin xotimaga olib kelmaganidek, adolat va adolatsizlik haqidagi mushohadalar ham aniq yakunga olib kelmagan, biroq insoniyat adolat va ezgulik haqida orzu qilishdan, odil jamiyat, fozil odamlar shahri, ideal davlat haqida fikr yuritishdan, falsafiy-siyosiy modellar yaratishdan to‘xtamaydi.

 

Ijtimoiy tenglikning siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va axloqiy jihatlari mavjud. Ilg‘or davlatlar, masalan, Germaniyada ijtimoiy tenglik moddiy boyliklarni aholining barcha qatlamlari o‘rtasida baravar taqsimlanishi orqali ro‘yobga chiqadi. Bu keskin tabaqalanishning oldini oladi. Ijtimoiy tenglik Karl Marks nazarda tutgan “ekspluatatorlarni ekspropriatsiya qilish” emas, balki ekspluatatsiyani, sinfiy kurashni avj oldirmaslik usulidir. Fuqarolarning saylovlarda qatnashishi, uyushmalar tuzib, irodasini namoyon etishi, mahalliy tizimni manfaat va ehtiyojiga muvofiq boshqarishi, mehnat turlarini erkin tanlashi ijtimoiy davlatdagi tenglik prinsipi ifodalaridir. Bu o‘rinda ijtimoiy tenglikning inson huquq va erkinliklari bilan chambarchas bog‘liq ekanini ko‘ramiz. Shu sababli ayrim tadqiqotchilar ijtimoiy davlat – huquqiy davlat degan g‘oyani ilgari suradi (Кочеткова Л. Социальное государство. Опыт философского исследования. Москва, “Норма”, 2009). Biroq yovvoyi bozor raqobatiga qurilgan davlatda ijtimoiy tenglik quruq gap yoki xayoliy istakdir. G‘arb liberalizmi jon-jahdi bilan qo‘llab-quvvatlaydigan yovvoyi bozor ijtimoiy tenglik nimaligini bilmaydi, u faqat mulkdorlar manfaatini himoya qiladi. Mulk shunchaki kichik korxona emas, u ishlab chiqarish munosabatlarini yo‘naltiruvchi kuchdir. Bunda inson qadri yanada ko‘p foyda keltiruvchi tovar va xizmat turini, aqlini sotish usullarini kashf etish orqali baholanadi. Shunday usullarni yaratmasangiz, bozor raqobatiga muvofiq qadr-qimmatga ega emassiz...

 

Siyosiy jarayonlar tahlili ko‘rsatadiki, fuqarolarning saylovlarda yoki munitsipial boshqaruvda ishtiroki ijtimoiy tenglikka kuchli ta’sir qilmaydi. Siyosatshunos Robert Dalning fikricha, xususiy mulk egasi har qanday o‘zini o‘zi boshqarish yoki iqtisodiy demokratiyani yo‘qqa chiqarishi mumkin (Даль Р. Введение в экономическую демократию. Москва, “Наука”, 1991). Xususiy mulk mulkdorlar manfaatiga xizmat qiladi, demokratiyaga emas. Ijtimoiy davlat xususiy mulkni inkor qilmaydi, ammo tadbirkorlar, xususiy mulk sub’ektlari har doim ham ijtimoiy tenglik tarafdori bo‘lmaydi. Nima uchun ming mashaqqat bilan topgan pulini hayotda o‘z o‘rnini topolmagan yoki topishga intilmaydigan kishilarga berishi kerak? Odam suv, gaz, elektr energiyasi va kommunal xizmatlarga yuridik shaxs sifatida jismoniy shaxslardan bir necha baravar ko‘p haq to‘lasa-yu, tag‘in topgan daromadini ehtiyojmandlarga ajratsa? Axir, bu ijtimoiy tenglikka emas, balki ijtimoiy boqimandalikka olib keladi-ku?! Olim Tilo Sarratsion bu bahsli fikrni Germaniya tajribasi asosida dastaklashga harakat qiladi (qarang: Саррацион Т. Германия: самоликвидация. Москва, “Литрес”, 2016).

 

Ijtimoiy davlat konsepsiyasida moddiy boyliklarni, ijtimoiy adolat prinsipiga muvofiq, yordamga muhtoj aholi qatlamiga taqsimlash ko‘zda tutilgan. G‘arb davlatlarida badavlat kishilarga progressiv soliqlar qo‘llanadi, yig‘ilgan mablag‘ moddiy ahvoli og‘ir qatlamga yo‘naltiriladi. Darvoqe, bizda ham bir necha yildan beri davlat xizmatchilarining deklaratsiya topshirish tartibi haqida gap-so‘z yuradi, lekin u to‘liq amalga kiritilgani yo‘q. Nima uchun katta amaldor dang‘illama saroy, tog‘ yonbag‘rida maxsus qo‘riqlanadigan dacha quradi, ajnabiy mashinalar oladi, uyida xizmatkor ishlatadi-yu, biroq daromadi yuzasidan deklaratsiya topshirmaydi? Ijtimoiy tarmoqlarda bot-bot tarqalayotgan videolavhalarda amal va mulk egalari to‘yxonalardagi oilaviy marosimlarda sozanda-yu raqqosalar ustidan dollar sochayotganini ko‘rib, deklaratsiya tartibi qanchalik muhim ekaniga yana bir karra ishonch hosil qilasiz...

 

Xo‘sh, bizda ijtimoiy tenglik haqida aniq tasavvur shakllanganmi? Afsuski, sovet davridagi “boshqaruv davlatning ishi” degan aqida hamon o‘yimizda. Shubhasiz, ijtimoiy tenglikni davlat ishtirokisiz ta’minlash mushkul. Ammo xalq, aholi, ijodiy va intellektual kuchlar, yoshlar tashabbuskormi, shaxsiy iroda va dadillik mavjudmi? So‘nggi oylarda matbuotimiz orqali ijtimoiy davlat haqida fikr bildirgan mutaxassislarimiz bu masalani chetlab o‘tmoqda. Vaholanki, ijtimoiy tenglik ushbu subyektlarning irodasi, ideali va hayot tarziga aylangandagina ro‘yobga chiqadi. Kishilar o‘rtasidagi tabiiy notenglikni ijtimoiy tenglik yo‘li bilan bartaraf etish qanchalar oliyjanob maqsad! Ijtimoiy davlat aynan ushbu konseptual g‘oyani mujassam etgani bilan qadrli.

 

Adolat ham, tenglik ham, avvalo, ijtimoiy himoyada tajassum topadi. Ijtimoiy davlat modeliga singdirilgan maqsad-muddao ijtimoiy himoyani kundalik tajribaga aylantiradi. U siyosiy va boshqaruv institutlarining kimga, nimaga va qanday xizmat qilishini ko‘rsatib, oydinlashtirib turadi. O‘zbekiston Prezidenti ijtimoiy himoyani “Ijtimoiy davlatda hech kim e’tibordan chetda qolmaydi, o‘z muammolari bilan yolg‘iz tashlab qo‘yilmaydi” deya lo‘nda ifoda etgan. Bu o‘zbek xalqiga xos jamoa bo‘lib yashash qadriyatining ayni o‘zidir.

 

Ijtimoiy himoyaga ustuvor ahamiyat qaratgan davlat ikki jihatni esdan chiqarmasligi lozim. Birinchisi, ijtimoiy himoya adolat va tenglik buloqlaridan suv ichishi shart, aks holda jamiyatdagi baynalmilal ahillikka putur yetadi. Deylik, ko‘cha-ko‘yda sadaqa so‘rab yurgan bolalar, ayollar va qariyalar uchrab turadi. Tartib posbonlari tilanchilar bilan “shug‘ullanadi”, lekin ularning turmushi va ijtimoiy himoyasiga har doim ham e’tibor berilavermaydi. Bahsli bo‘lsa-da, Dostoyevskiyning mashhur gapini eslagimiz keldi: “Jamiyatda bironta ko‘zi yoshli go‘dak bor ekan, bu jamiyatning insonparvarligiga ishonib bo‘lmaydi”. Ikkinchidan, ijtimoiy himoya boqimondalik, davlat yordamiga qaramlik sindromini shakllantirmasligi lozim. Siyosatshunos T.Sarratsionning yozishicha, Germaniya hukumati ijtimoiy himoyaga ajratadigan mablag‘ bo‘yni mehnatga yor bermaydigan muhojirlarning bemalol kun ko‘rishiga imkon beradi. Bu esa olmonlarning genofondi, mentaliteti va tirishqoqlik, mas’ullik, ixtirosevarlik kabi milliy sifatlariga aks ta’sir etmoqda deb hisoblaydi olim. Hatto migrantlar bilan birga ta’lim olgan bolalarda aniq fanlarga, ayniqsa, matematikaga qiziqish sezilarli darajada susaygan. Fojiali tomoni shundaki, aholi soni muhojirlar hisobiga oshib boryapti, ammo olmon oilalarining o‘zida tug‘ilish har bir avlodda 15–20 foizga qisqarib bormoqda (o‘sha manba, 7–12-betlar).

 

O‘zbekistonda ijtimoiy himoyaning barqaror tizimi shakllantirilgan. Aholini uy-joy bilan ta’minlash, mehnatga jalb qilish, ta’lim, madaniy boyliklardan bahramand bo‘lish, ijod qilish, nafaqa, maosh, ta’til va tibbiy yordam olish shular jumlasidandir. Bugun mamlakatimizda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” tizimi ishga tushirilgan. Ijtimoiy yordam ko‘lami 5 barobarga oshirilib, 2 milliondan ziyod oila qamrab olingan. Ko‘mak miqdori 18 trillion so‘mdan ko‘proqdir. Nafaqa miqdori o‘rtacha 1,5 barobar, ishsizlik nafaqasi esa 3,2 barobar oshirilgan. Ammo mutaxassislarning fikricha, “Ijtimoiy himoya pul berish bilan cheklanib qolmoqda. Aslida, bu tizimning vazifasi aholini og‘ir ahvoldan chiqarish va jamiyatda o‘z o‘rnini egallashi uchun ko‘makdan iborat bo‘lishi kerak. Bu esa, o‘z navbatida, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini to‘liq qayta ko‘rib chiqish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishni taqozo etmoqda” (Xo‘jayeva M., Xolmahmatova Sh. Ulug‘vor maqsadimiz – insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish // “Yangi O‘zbekiston”, 2023-yil 8-iyun).

 

Yaqin o‘tmishimizda “Sen Mustaqillikka nima berding?” degan bahsli shior ommaviy psixoz tarzida boshqaruv tizimi va axborot vositalari faoliyatiga singdirilgan edi. Keyingi yillarda g‘ayriinsoniy va g‘ayrihuquqiy tartib-tutumlardan voz kechildi, lekin ayrim zamondoshlarimiz ongida “biz eng baxtiyormiz” singari havoyi shiorlar, ommaviy psixoz sindromi saqlanib qolayotgandek. G‘arbdagi ijtimoiy davlatlarda o‘rtacha ish haqi bir necha ming dollar, bizda esa hali kamtarona darajada. Bunday mehnat haqi bilan kishi o‘zini baxtiyor sezadimi? Farovonlik haqidagi va’zlarga ishonadimi?

 

Yaqinda bo‘yoqchilar sexiga ishchi qidirilayotgani haqidagi e’lonni o‘qib qoldim. Maoshi 2-3 million so‘mgacha ekan. Bunday ishchilar Yevropa davlatlarida 5-6 ming, Rossiyada 2-3 ming dollargacha maosh olarkan. Qiyosni yana davom ettirish mumkin. Biz hozircha ilg‘or G‘arbdagi ijtimoiy davlat modelini qabul qildig-u, ijtimoiy himoyani talab darajasida yo‘lga qo‘yganimiz yo‘q. Shoshqaloqlik bizni havoyi shiorlarga mute qilib qo‘ymasligi kerak. Bir qaror bajarilmasidan ikkinchisini, bir konsepsiya nihoyasiga yetmay boshqasini qabul qilamiz. Tan olmoq kerak, davlatimiz ijtimoiy himoyani izchil amalga oshirmoqda, inson qadrini ulug‘lash prinsipi, vazminlik va ikkilanishlar bilan bo‘lsa-da, qaror topmoqda. Ammo bu jabhada faqat siyosiy iroda va boshqaruvdagi izchillik yetarli emas, “etnos passionarligi” (Lev Gumilyov iborasi), ya’ni xalq tashabbusi, ommaviy qo‘llab-quvvatlash va umummilliy iroda ham suv bilan havodek zarur.

 

AQSh ijtimoiy himoyani xalq pragmatizmi bilan uyg‘unlashtira olgan. Shveysariya va Shvetsiyada ijtimoiy himoyani tashkil etishga munitsipial institutlar, aholining o‘zini o‘zi boshqarish organlari faol ta’sir ko‘rsatadi. Finlyandiyada ijtimoiy himoyaga oid dasturlar aholi o‘rtasida keng muhokama qilinadi, kezi kelganda elektorat ularni rad etadi. Dastur mualliflari bilan aholi o‘rtasidagi bahs, tortishuv odatiy hol. Eng muhimi, bu muloqotlar boshqaruv organlarini xalq manfaatlariga xizmat qilishga o‘rgatadi. Bizdagi mahalla va fuqarolar yig‘inlari ham faollik ko‘rsatsa, G‘arb modellari kabi ta’sirchan institutga aylanishi mumkin.

 

Ijtimoiy hamkorlik jamiyatda ahillik, birlik, baynalmilallik va demokratizm prinsiplarining ifodasi hisoblanadi. Jamiyat a’zolarining ijtimoiy hayotda, iqtisodiy munosabatlarda, madaniy boyliklar yaratishdagi ishtiroki ana shu hamkorlik mahsulidir. Oila instituti ham ijtimoiy hamkorlik prinsipiga muvofiq yaratiladi. Ijtimoiy davlatda bunday hamkorlik demokratizm va inson huquqlarini ta’minlash negizida amalga oshiriladi.

 

Mamlakatimizda tadbirkorlik iqtisodiyotni rivojlantiruvchi asosiy kuch deb baholanmoqda. Soha mutasaddilariga ishbilarmonlik rivojiga xalal berayotgan barcha to‘siqlarni olib tashlash yuklangani bejiz emas. Mutaraqqiy davlatlarda, masalan, AQShda tadbirkorlar ulushi iqtisodiyotda 90–95 foiz, Germaniyada 75–80 foiz, Fransiyada 70–75 foizni tashkil etadi. Iqtisodiyotdagi demokratizm kishilarni erkin mehnat qilish, moddiy ne’matlar va tovarlar yaratish, xizmatlar ko‘rsatish orqali ijtimoiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga undaydi. Odamlar ixtiyoriy tarzda, o‘z manfaatlariga muvofiq mehnat munosabatlariga kirishadi. Manfaatlar qancha rang-baranglashsa, ijtimoiy hamkorlik ham kengayadi. Binobarin, davlatning asosiy vazifasi manfaatlarni shakllantirish va ularni umumijtimoiy manfaatlar bilan uyg‘unlashtirish siyosatini amalga oshirmoqdir. Manfaatlar uyg‘unlashmagan joyda manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga keladi. Bu esa ijtimoiy hamkorlik prinsipiga ziddir. Mana, ijtimoiy hamkorlikning siyosiy mohiyati nimada!

 

Ijtimoiy davlat konsepsiyasining xususiyatlari, xorijiy va milliy modellari, falsafiy-kratologik talqinlari haqida hali ko‘p bahs-munozara bo‘lishi tabiiy. Ammo, shubhasizki, etnosiyosiy tariximiz “ijtimoiy davlat” degan yangi fenomen bilan boyimoqda.

 

Konstitutsiyaviy komissiya raisi, akademik Akmal Saidovning fikricha, ijtimoiy davlat O‘zbekistonni ilg‘or demokratik huquqiy mamlakatlar qatoriga olib chiqadi. Ayni choqda, ijtimoiy borliq siyosiy utopiya va bashoratlarga ergashishda ehtiyot bo‘lmoqqa undaydi. Aqlning cheklanganidan qo‘rqib orzu qilmaslik va hayotni yangilashga intilmaslik ojizlikdir. “Tarixning bejilov, suronli oqimi ichida turib” (Henri Kissenjer ta’biri) yangi hayotni yaratishga jasoratli aql va jur’atli iroda egalarigina qodirdir.

 

Viktor ALIMASOV

 

Tafakkur” jurnali, 2024-yil 1-son.

“Ijtimoiy davlat nima?” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 286
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17502
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//