Layk gadolari yoxud xatarli inkubator


Saqlash
14:05 / 21.05.2024 384 0

Shaharga allaqachon oqshom cho‘kkan. Markazdagi zamonaviy yemakxonada yigit va qiz turli noz-ne’mat, salat va ichimliklar did bilan terilgan dasturxon boshida o‘tirishibdi. Kutilmaganda qosh-ko‘ziga pilikday surma tortgan, yelkasiga tushib turgan sochi yarim sariq, yarim qoraga bo‘yalgan, zamondan orqada qolmaslik vajidan tirnoq o‘stirib, qirmizi labiga mos buyoq surgan, so‘nggi rusumda ustibosh kiygan qizning qo‘lidagi sanchqi tushib ketdi.

 

– Ofitsiant, – qiz qo‘lini boshi uzra ko‘tarib, osh-ovqatidan xabar olib turgan girgittonni chaqirdi. – Qaravoring!

– Labbay, – yigirma yoshlardagi yarashiqli soqol qo‘ygan bir yigit yugurib keldi. – Nima xizmat?

– Mana buni almashtirib bering, – xo‘randa oyoq ostida yotgan sanchqini ko‘rsatdi.

– Hozir, – girgitton mayin jilmayib, qo‘li ko‘ksida ortga chekindi. – Bir daqiqa.

 

Yigitga qizning buyrug‘i yoqmadi chog‘i, sanchqini ko‘tarib hovliga chiqdi. Avvaliga sanchqini bostirmadagi somonga rosa sanchdi, keyin mobil telefon kabeliga bog‘lab yerga sudradi. Yetmaganiga oyog‘i tagiga olib, tepkiladi. Qilmishidan ko‘ngli hedaganda to‘lavermagan girgitton sanchqini hojatxonaning tos tovog‘idagi suvga botirib-botirib, qizga keltirib berdi.

 

– Kabel nima uchun? – qiz lutf ila jilmayib, girgittonning qo‘lidagi bir quloch simga ishora qildi.

– A, bumi? – yigit o‘zini xijolat chekayotgan kishiday ko‘rsatdi. – Qo‘limda qolib ketibdi.

 

So‘ngra girgitton devor panasiga o‘tib, xo‘randalarni yashirincha poylab turdi. Xuddi tog‘ni talqon qilganday uning og‘zi qulog‘ida edi. Bu nomaqbulchilikdan xabari yo‘q qiz sanchqi bilan salatni yeya boshladi. Quvonchi ichiga sig‘magan girgitton xursandligidan ishshaydi, juda masrur edi...

 

Bema’nilik ham evi bilan-da! Qalamga olingan bu voqea biror hikoya yo qissadan parcha emas. Ayrim zamondoshlarimiz telefoniga tasvirga olib, “Youtube” tarmog‘ida joylashtirgan minglab videolardan birining bayoni, xolos. Uni o‘n besh yarim ming obunachiga ega @Fozil13 degan akkaunt tarmoqqa joylashtirgan, mazkur video ikki-ikki yarim oyda uch yarim million marta ko‘rilgan, qariyb bir yarim million kishiga yoqqan! Demak, bunday xildagi, mazmun va saviyadagi videolarning o‘zbek internetida oshig‘i olchi, ya’ni talab yuqori. Yo‘qsa, bachkanalik, savodsizlik va saviyasizlikni targ‘ib qilayotgan bunday videolarga layk bosmagan, titrlardagi yozuvlarning imloviy xatolariga ko‘z yummagan bo‘lardi. Mazkur videoga peshlavha etib  qo‘yilgan “Afitsanlani ko`p horlamela” degan gapga tilmochlik qilmasak bo‘lmas.  To‘g‘risidan ko‘ra xatosi ko‘p bu jumlada savodi g‘ovlab ketgan mualliflar “Ofitsiantlarni ko‘p xo‘rlamanglar” demoqchi. Bu gapdagi uchta so‘zning hammasi xato yozilganidan ma’lumki, uni suratga olgan, rol o‘ynagan, internetga joylagan kishilarning saviyasi bir go‘r.

 

Qizig‘i, video oxirida xulosa deya berilgan matnda ham so‘zlar pesh yozilmagan. Faqat bu safar to‘rtta so‘zning uchtasi xato bitilgan: “Xulosa Afitsanlani ko`yniga Qarela” (“Ofitsiantlarning ko‘ngliga qaranglar” demoqchi).

 

Bugun urfga kirgan, davomiyligi bir daqiqadan oshib-oshmaydigan bunday tuturuqsiz videolar vayn deyiladi. Ularning mualliflari esa vaynerlar. Biroq ijtimoiy tarmoqlardagi bu videolarning barchasini birday vayn deb tushunish to‘g‘ri emas. Ularning aksariyati sketch, ya’ni kam sonli personaj qatnashuvchi bir pardali “komediyaviy spektakl”dir. Sketchlar ikki odamning, rejissyorni ham qo‘shganda uch kishining ijodi hisoblanadi.

 

“Vine” (vayn) dasturi 2013 yilda mobil telefonlar uchun yaratilgan bo‘lib, ularda o‘sha vaqtda atigi olti soniyalik video suratga olish mumkin edi. So‘nggi yillarda axborot texnologiyalari sohasidagi mislsiz yutuqlar sababli ushbu dastur boshqa ijtimoiy tarmoqlar bilan raqobatga dosh berolmay, 2016 yilda yopilib ketdi. Vaynerlar esa “Instagram”, “Tik-Tok” singari boshqa tarmoqlarni “egallab” oldi. Shuning uchun hozir ko‘pchilik vayn va sketchning farqiga boravermaydi. Ikkovini ham birday vayn deb ataydi.

 

Vine inglizcha so‘z bo‘lib, “yig‘lamoq” ma’nosini bildiradi. Odatda og‘zaki nutqda ko‘p uchraydi. Internetdagi onlayn o‘yinlarda yig‘lash, ayblash, hamma narsadan norozi bo‘lish kabi ma’nolarga ega. Zamonaviy dunyoda vayner degan otga ega chiqish o‘ta jo‘n. Buning uchun qo‘l uchida qisqa-qisqa videolar olib, ularni internetga joylashtirishning o‘zi kifoya.

 

Aslida vayn bo‘ladimi yoki sketchmi, ahamiyati yo‘q. Faqat ularni suratga olish uchun baribir, tirnoqcha bo‘lsa-da, did va saviya kerak. Ishi yo‘q eshak hurkitar qabilida yondashish noto‘g‘ri. Har bir odam qo‘lidan kelgan ishni qilgani, bilgan amalida sobit bo‘lgani durust. Illo, qisqa-qisqa videolar olib kun ko‘rayotgan yigit-qizlarimizning ko‘pchiligi qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarish bilan ovora. Ular go‘yo qo‘lidan kelgancha millatning obro‘sini to‘kishga, yoshlarimizning ongini zaharlashga bel bog‘laganday. Shu kunlarda elimiz orasida o‘zidan dramaturg, rejissyor yoki operator yasab olganlarning aqli yetgani ham, yetmagani ham o‘zicha allambalo videolar olib, qo‘lidan kelgancha internetdagi o‘zbek kontentini bachkanalik, savodsizlik, saviyasizlik botqog‘iga botirmoqda.

 

Galdagi misol fikrimiz nechog‘li asosli ekaniga zarracha shubha qoldirmaydi.

“Zamonaviy ustoz” nomli videodagi voqealarga, qahramonlarning og‘zidan chiqayotgan gap-so‘zlarga e’tibor bering:

 

“Ayni zamonda urf bo‘lgan avtomashina yonida yigirma besh-o‘ttiz yoshlardagi qiz mobil telefonini oyna o‘rnida tutgancha o‘ziga oro berib turibdi. Egnidagi kiyimi o‘qituvchi ayollarga xos bo‘lsa-da, soch turmagi muallimlarga mos emas. Kishiga boshqa soha odamini ko‘proq eslatadi. Burniga qo‘ndirilgan ko‘zoynagini demasa, o‘zini tutishi ham g‘alati: dengiz to‘lqini misol mavjlanib turgan bir quloch qora-sariq sochini bir u yonga, bir bu yonga tashlab qo‘yadi. Shu mahal patak sochi orasidan quloq-burni arang ko‘rinib turgan yigirma yoshlardagi yigit ko‘rinish berdi. U o‘zini dimog‘dor, katta boladay ko‘rsatish payida burnini yolg‘ondakam bir-ikki artib qo‘ydi:

 

“Ketdik!”. 

Qiz ko‘rsatkich barmog‘i bilan imo qildi:

“Menmi?”.

Yigit sochini silkillatib, soxta jilmaydi.

Qiz indamay mashinaga o‘tirdi. Yigit yugurib kelib, uning yonidan joy oldi.

– Qalaysiz, ustoz? – yigit boshini qashlab so‘rashdi.

– Yaxshi, – qiz qo‘lidagi elektron sigaretni yigitning qo‘liga tutqazdi. – Buni rus tili ustozing berdi. Yanagi safar berkitib chek.

– Hi-hi-hi, – yigit beo‘xshov kuldi. – Rahmat, ustoz! – Yetmaganiga ovoz chiqarib unga havodan o‘pich yo‘lladi.

– Ketdumi?

– Kettu...

Keyingi sahnada bular ikkovi kompyuterda miriqib onlayn o‘yin o‘ynayotgan bo‘ladi. Shogirdining aqli yetmagan joyiga ustoz beminnat yordam berib turdi. Muallimning epchilligini ko‘rib, o‘quvchining og‘zi ochilib qolar, angrayib bir muallimga, bir monitorga boqardi.

Ikkovi kompyuterxonadan chiqib, shaharning so‘lim go‘shasidagi bir o‘rindiqqa borib o‘tirdi. Muallim qutidan bir dona sigaret olib labiga qistirmoqchi bo‘ldi.

– Ustoz, chekasizmi? – o‘quvchi ko‘zlarini katta-katta ochib so‘radi.

– Nima? – muallim javob berdi. – Ustozlar odam emasmi?

– Voy, – o‘quvchi hayratini yashirmadi. – Mangayam bitta bering!

Sigaretni tutatgan yigit tamaki hidiga mast bo‘ldi shekilli, o‘rindiqdan turib, u yoqdan bu yoqqa yurib, o‘zicha nimanidir gapirgan, tushuntirgan bo‘ldi. Gal muallimga kelganda u ham o‘rnidan turib, o‘rindiqda yalpayib o‘tirgan o‘quvchiga qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, boshini lik-lik o‘ynatib so‘zladi.

– Vals tushishni bilasanmi? – muallim ko‘zoynagini to‘g‘rilab qo‘yib so‘radi.

– Yo‘q, – o‘quvchi hayron bo‘lib og‘zidan pag‘a-pag‘a tutun chiqardi.

– Kel, – muallim o‘quvchining qo‘lini beliga qo‘ydi. O‘zi esa qo‘llarini yigitchaning yelkasiga oshirdi. – O‘zim o‘rgatib qo‘yaman.

Yevropaning mashhur valsbop musiqasi yangradi. Kutilmagan baxtdan yigitchaning og‘zi qulog‘ida, borliqqa hayajon ila boqadi. O‘zini xuddi bo‘y yigitday tutmoqqa tirishadi”.

 

Internetga #azajony nomli akkaunt joylagan ushbu video juda kam vaqt ichida bir yuz to‘qson ikki ming kishiga yoqqan. Ajabki, biror kimsa yoqmadi degan belgini tanlamagan. Salkam uch millionga yaqin yurtdoshimiz turli mazmunda munosabat bildirgan. Rang-barang fikrlar orasida yengil-yelpi, oldi-qochdi videoni qo‘llab-quvvatlovchilar ham ko‘p. Jumladan, “Shunaqa ustozlar ko‘paysin deganlar, bitta layk”, “Shunaqa ustozlarni yaxshi ko‘radiganlar, bitta layk”, “Mening ingliz tili o‘qituvchim xuddi shunday. Birga ovqatlangani, aylangani boramiz. Prosta do‘st sifatida”, “Bunaqa ustozim bo‘lsa, sinfda qolib o‘qirdim”, “Bizga ham shunaqa ustozlar nasib etsin” singari gap-so‘zlarni o‘qib, odamning dili og‘riydi.

 

Shu bilan birga jamoatchilik orasidagi “Shunday videolarni ko‘rgan yoshlardan nimani kutish mumkin? Yana hamma yoshlarning tarbiyasi buzilib ketgan deb nolishni biladi. Muallimlar uchun og‘ir haqorat bu”, “Mana shunaqa betarbiya, bema’ni, qalang‘i-qasang‘ilarning ota-onasi qaerga qarayapti?”, “Ustozlarning ham qadri qolmayapti” kabi tanqidiy fikrlar qalbimizda umid chirog‘ini yoqqanday bo‘ladi.

 

“Zamonaviy ustoz” videosini ko‘rib, dunyo ayvonida insoniyat yangi-yangi ixtirolar, kashfiyotlar ustida bosh qotirayotgan bir zamonda bizning odamlar birovga foydasidan zarari ko‘p tegadigan bachkana yumushlarga o‘ralashib kun o‘tkazayotganiga odamning ichi kuyadi. O‘qituvchilarni ermak qiladigan kunlarga yetib kelganimiz xavotir uyg‘otadi. Xalqimiz orasida o‘qituvchilarni masxara qiladigan kishilarni olqishlaydigan kimsalarning borligi esa g‘oyat qayg‘uli.

 

Soxta mashhurlik ishtiyoqi, bir-ikki so‘m pul topish dardi odamlarning ko‘zini ko‘r qilib qo‘yganga o‘xshaydi. “G‘alchani izzat qilsang, chorig‘i bilan to‘rga chiqadi” deganlariday indamagan sari tuturuqsiz videolar ko‘payib ketayapti. Ularning aksariyatida ko‘tarilayotgan mavzularni tilga olishga hayo qilasan. Galdagi misolda xuddi shunday holatga guvoh bo‘lamiz:

 

“Kutilmaganda qo‘ng‘irog‘i chalingan eshikni qirq besh yoshlardagi ayol ochdi. Uzoq vaqtdan beri kasalxonada hushsiz yotgan o‘g‘lining ostonada tirjayib turganini ko‘rib, uning rangi-quti uchib, yuzi dokaday oqarib ketdi.

– O‘g‘lim, – to‘ladan kelgan, o‘rta bo‘yli ayol talmovsiradi. – Bu yerda nima qilayapsan?

– Oyijon, – shifo topgan bo‘z yigit jilmaydi. Uning qiyiq ko‘zlari quvonchdan porlab turardi. – Kasalxonadan javob berib yuborishdi. Sog‘ayib ketdim.

Ona hamon dovdirar edi. Eshitgan xabaridan xursand bo‘lishni ham, qayg‘uga botishni ham bilmasdi. Tiliga kalima kelmay, uzuq-yuluq gapirardi.

– E do‘stim! – yigit onasining ortidan ko‘ringan tengdoshiga yuzlandi. – Chin do‘stliging ayon edi. Rahmat senga! Onamni hech qachon yolg‘izlatib qo‘ymasligingni bilardim.

Do‘stini ko‘rib haligi yigitning ham kapalagi uchib ketdi. O‘zini o‘ng‘aysiz tutar,  gapirishga og‘iz juftlardi-yu, botinib bir so‘z aytishga kuch topolmasdi.

– Dadajon, – besh-olti yoshlardagi qizaloq haligi yigitning oyog‘ini quchoqladi. – Kim keldi?

– Uylandingmi, do‘stim?! – hali onasi va do‘stining qilgan ishlaridan xabar topmagan yigit chin dildan suyundi. – Tabriklayman! Baxtli bo‘linglar! Esiz, to‘yingda qatnasha olmadim.

– Oyijon, – qizaloq ostonada gangib turgan ayolga yaqin keldi. – Bu odam kim? Nega keldi? Nega uyga kirmayapti?

– Nima? – bu kunlarni ko‘rguncha kasalxonada yana yuz yil qolib ketishga ham rozi yigit baqrayib qoldi. – Bu qizcha nima deyapti?”.

 

Odamlarning e’tiborini jalb etish uchun suratga olingan mazkur video haqida, ochig‘i, biror so‘z aytmoq mushkul. Chunki bu haqda gapirish tugul, ko‘rishga ham odamning yuzi chidamaydi. Onaday aziz zot haqida bunday xayolga borishning o‘ziyoq gunoh. Onalar haqida na mentalitetimiz, na e’tiqodimizga mos keladigan videolarni suratga olib, vayn ishlash esa gumrohlikdir. Yetmaganiga qilgan ishini ko‘z-ko‘z qilib, internetga joylashtirish orsizlik, dayuslikdan bo‘lak narsa emas. Shu o‘rinda beixtiyor hazrat Alisher Navoiyning quyidagi satrlari esga tushadi:

 

Og‘ziga kelganni demoq – nodonning ishi,

Oldiga qo‘yganni yemoq – hayvonning ishi. 

 

Bugun internetning o‘zbek segmentiga joylashtirilayotgan videolarning hisob-kitobi yo‘q. Ularning atigi uchtasini qo‘limizdan kelgancha tahlil qilishga urinib ko‘rdik, xolos. Bunday tuturuqsiz, saviyasiz, buzg‘unchi vaynlarning barchasi haqida fikr bildirishga ojizmiz. Ular bir necha o‘n jildlik kitoblarga ham sig‘mas-ov. Faqat bir fikrni dangal aytish mumkin: o‘zbekcha vayn va o‘zbek vayneri deganda kishining xayolida eng avvalo didsiz, fahmsiz, kaltabin, ona tilini bilmaydigan bir avlod gavdalanishi kerakmi? Har holda, turli ijtimoiy tarmoqlardagi aksariyat videolarda aqli zaif kishilarning ustidan kulish, ayol va erkakning xiyonati, to‘shak va uyatsizlik targ‘iboti, o‘zidan mafiyachi yasab olgan yosh bolalar, tilimizni masxaralaydigan odamlar suhbati asosiy mavzu ekani kishini shunday xulosa qilishga undaydi. Bunday bema’niliklar minglab yoshlarning ongini zaharlashini unutmasligimiz kerak.

 

Azim RO‘ZIYEV

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024 yil 1-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 283
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17501
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//