Buyuk sulolalar davrida turkiy oʻzlik tushunchasiga qanday qaralgan?


Saqlash
18:05 / 21.05.2024 520 0

Yevroosiyo kengliklari va tutash oʻlkalarda deyarli ikki yarim ming yil ichida 250 ga yaqin sulola tuzgan turkiy ellarning eng ulkan yutuqlaridan biri – oʻzlik tushunchasini ardoqlab kelganliklaridir. Oʻzlik – bu har bir kishining, el-ulusning oʻz ona tilida soʻzlashishi, dunyoga oʻz soʻzini ayta olishi, oʻz yeriga, oʻz davlat boshqaruviga, oʻz qadriyatlariga ega boʻlishidir. Dunyoda qanchalab ellar, elatlar, oʻlkalar bugungacha yashab kelayotgan, saqlanib qolayotgan boʻlsa, uning negizida albatta oʻzlik tushunchasining u yoki bu darajada yetakchilik qilishi yotadi. Buni bir necha yuzlab sulolalarning tamal toshini qoʻygan turkiy el-uluslar oʻrnagida koʻra olamiz. 

 

Bugun 30 dan ortiq el va elatlarga uyushgan turkiylarning qay biri 50 milliondan koʻp, qay birlarining soni esa 10-15 mingdan oshmaydi. Buning boisi ularning turli tarixiy oʻzgarishlarni boshdan kechirgani, shuningdek, elining oʻzligini dunyoga koʻz-koʻz qiladigan yoʻlboshchilar – bahodirlar, boshqaruvchilar, bilgalarning yurt va davlat manfaatlarini tengma-teng yuritganliklari evazigadir.

 

Turkiy ellar davlatchiligining yuksak choʻqqilaridan biri Amir Temur va uning izdoshlari tomonidan deyarli yuz ellik yil yashatilgan Turon–Turkiston birligi oʻtmishimizning eng yorqin bosqichlaridan biri hisoblanadi. 1370-1507-yillar orasida hukm surgan ushbu saltanatda ota-bobolardan meros boʻlib kelayotgan oʻzlik tushunchasiga katta eʼtibor qaratilgan. Umuman, turkiylarning 2 500 yillik davlatchiligi bilan tanishib chiqilganda, qay bir sulolaning bu masalaga ancha teran yondashgani, qay birida yuzaki qaralgani anglashiladi. Miloddan oldingi soʻnggi mingyillik adogʻida xitoy yilnomalarida Syunnu deb tilga olingan, tub koʻrinishi esa Xun boʻlgan ilk turk saltanatida bu tushuncha koʻproq yer-suv, tuproq, yalpi olganda, ona yurtni asrash, Uzoq Sharqdan Sibirning kunbotarigacha choʻzilgan ulkan Vatanni saqlash tuygʻusini anglatgan. Oradan asrlar oʻtgani sari bu tushuncha yanada kengayib, bir necha oʻnlab urugʻlarga boʻlinadigan turkiylarni bitta etnik atama ostida birlashtirish, davlatning mangu yashashiga erishish, oʻz eliga bu kabi tushunchalarni singdirish yetakchilik qila boshlagan. Buni quyidagi oʻrnaklarda koʻrishimiz mumkin:

 

Miloddan oldingi II yuzyillikka tegishli xitoy yilnomalaridan biri “Xan-shu” (“Xan sulolasi tarixi”)da xunlar yetakchisi toʻgʻrisida shunday bilgilar keltirilgan: “Xunlar boshqaruvchisi Maodun (Bahodur), oʻta kuchli qoʻshiniga ega boʻlishiga qaramay, oʻz yurtida tinchlik boʻlishini istardi. Biroq qoʻshni Dung-xu elati xunlarni hali ham kuchsiz deb sanar edi. Bir kuni Dung-xu boshqaruvchisidan elchi keldi va xunlar yetakchisidan sevimli otidan voz kechishni talab qildi. Bahodur yurtidagi tinchlikni buzishni istamay, Dung-xu boshqaruvchisiga otini berib yubordi. Biroq ular shu bilan cheklanmadilar. Keyinroq ular xunlar boshqaruvchisidan uning sevikli xotinidan voz kechishni talab qilishdi. Bahodur ularga xotinini yubordi. Ularning istaklari birma-bir amalga oshar ekan, Dung-xu boshqaruvchisi tobora koʻproq narsani istay boshladi va soʻngra ularga chegaradagi taqir, shoʻr botqoq yerning kichik bir boʻlagi berilishini talab qildi. Bu talab Bahodurning shaxsiy gʻazabini oʻz xalqining gʻazabiga aylantirdi. Shu ondayoq u qurultoy chaqirib: “Ot oʻzimniki edi, berdim… xotinim meniki edi, u uchun oʻzim javob berdim, yurt tinchligi uchun undan kechdim”, dedi. Biroq ular talab qilayotgan bir parcha yer el-ulusniki, davlatimizniki. Bu yer quruq menga emas, barcha elimga tegishli. Biz ardoqli oʻlkamizning bir boʻlagini yovlarga bermaymiz! Shu yoʻsinda u yovlariga qarshi urush boshladi va gʻalabaga erishdi”.

 

Turkiylar dunyo boʻylab keng yoyilib, turli tillarda soʻzlashuvchi elatlar bilan qoʻshni boʻlarkan, ulusning oʻzgalarga qoʻshilib, aralashib ketishi, bu esa ona tilining unutilishiga olib kelishini, oqibatda ayri bir el oʻlaroq yashab qola olmasliklarini tushunib yetadilar. Shu bois, endilikda oʻzlik deganda birgina yer-suv, tuproq emas, ogʻzi birlik, ona til, kishi oti – ism, toʻra-tuzuk – urf-odatlar, yalpi olganda, elni el qiladigan barcha qadriyatlar tushunila boshlaydi. Buyuk Turk xoqonligi (552-744) chogʻining eng yorqin oʻrnaklari boʻlmish Kul Tegin, Bilga xoqon va Tunyuquq bitiktoshlarida bu toʻgʻrida oʻlmas soʻzlar oʻrin olgan: “Turk beklari turkcha oti – ismini tashlab, tabgʻach – xitoycha otlar bilan ataldi, xitoyga qaram boʻldi, shu yoʻsinda turk eli yoʻq boʻla bordi … Ey, Turk beklari! Tepadan Tangri bosmagan boʻlsa, tubanda yer yorilmagan boʻlsa, ey turk buduni, elingni — davlatingni, ulusingni kim buzdi?”

 

Yurt mustaqilligini saqlab, ozod bir el boʻlib yashab qolishni shu yoʻsinda taʼriflagan Turk xoqonligi chogʻida quyidagi tushunchalar oʻzlikning ulgisiga, oʻrnagiga aylanadi:

 

1) el-ulusning yalpi oti – “turk”;

2) barcha turkiylarning tarixiy yeri – “Turon – Turkiston”;

3) turkiylarning yengilmas oʻz davlati – “Mangu El”.

 

Turkiy oʻzlikni asrashga boʻlgan harakatlarni Oʻrxun bitiktoshlari, Choch (Toshkent) va Sugʻd (Samarqand)da chiqarilgan mis tangalar, sugʻdiy, pahlaviy (oʻrta fors), arman va tibet tillaridagi yozma manbalarda turkiylar yurti oʻlaroq tilga olingan “Turkiston”, “Drugu-yul”, yaʼni “Turk eli” toʻgʻrisidagi bilgilarda ham uchratish mumkin.

 

Ushbu tushunchalar xoqonlikdan keyingi oʻnlab turkiy sulolalarda u yoki bu koʻrinishda yashab, kuchayib bordi. Qoraxoniylar (960-1212) boshqaruvi chogʻida Yusuf Xos Hojib tomonidan yozilgan “Qutadgʻu bilig” (“Qut-barakaga eltuvchi bilim”)da quyidagicha bilgilar uchraydi: “Mochin (Ulugʻ Chin) bilagʻonlari bir toʻxtamga keldilarki, Mashriq viloyatida, Turkiston ellarida Boʻgʻraxon (Qoraxoniylar) tilida biror kimsa bugungacha bu kitobdan yaxshiroq kitob bitmaganlar … Turonliklar buni “Qutadgʻu bilig” deb atadilar”.

 

Qoraxoniylar bilan deyarli bir vaqtda yashab oʻtgan boshqa yirik turkiy sulolalar – Gʻaznaviylar, Saljuqiylar, Qipchoq xonliklari boshqaruvi chogʻida oʻzlik tushunchasiga qanday yondashilgani unchalik aniq emas. Teran izlanishlar olib borilmagani uchun bu toʻgʻrida yetarlicha bilgilarga ega emasmiz. Boshqaruvda “ilik-xoqon”, “boʻgʻra-xoqon”, “arslon-xoqon”, “boʻri-tegin”, “bitikchi”, “tamgʻachi” kabi yuzlab turkiy atoq – unvonu yumush otlariga urgʻu bergan, turkiy tilda kitoblar yozishga undagan Qoraxoniylardan birmuncha farqli, ushbu turkiy sulola yetakchilarining boshlangʻichda turkiy oʻzlikni qoʻllab-quvvatlashgani Alp-tegin, Sebuk-tegin, Chagʻribek, Toʻgʻrulbek, Alparslon kabi otlaridan koʻrinib turadi. Ammo, afsuski, keyinchalik ularda ham farzandlariga forscha, arabcha ismlar qoʻyish kuchayib ketgani koʻzga tashlanadi. Ushbu sulolalarning ish yuritishi, adabiyotda ona tiliga qanchalik urgʻu berganliklari ham qorongʻu. Ammo yana bir turkiy sulola – Xorazmshoh-Afrigʻiylar (1077-1231)ning koʻp yillar boʻyi bolalariga Anushtegin, Otsiz, El-Arslon, Takash, Manguberdi kabi turkcha ot qoʻygani, ularning turkiy oʻzlikka nechogʻlik yaqin boʻlganini koʻrsatadi. Anushteginiylar boshqaruvi chogʻida turkiy adabiyot ancha oʻsganini ham oʻzlik tushunchasi bilan bogʻlab tushunish kerak boʻladi.

 

Chingiziy sulolalar boshqaruvi chogʻida turk dunyosida oʻziga xos oʻrin tutadigan turk-moʻgʻul uluslari – Oltin Oʻrda, Chigʻatoy, Qozon, Qrim, Sibir, Qozoq xonliklari va Oʻzbek uluslaridagi turkiy oʻzlik yangi bir bosqichiga oʻtadi. Deyarli besh yuz yil boshqaruvda boʻlgan Chingiziylar ham turkiy tilda ish yuritishadi, yorliqlar yozishadi, yozishmalar olib borishadi, oʻz bolalariga turkcha yoki turkcha-moʻgʻulcha ot qoʻyadilar. Chingiziy sulolalar chogʻida turkiy adabiyot yanada oʻsib, Qrimda, Qozonda, Xorazmda oʻnlab tarixiy va badiiy ulugʻ-bitik (kitob)lar yoziladi.

Amir Temur va uning izdoshlari esa Turk xoqonligi va Qoraxoniylar singari turkiy oʻzlikka yanada keng urgʻu berishadi. Temuriylar chogʻida quyidagi tushunchalar tobora kengayadi:

 

1) bir vaqtlar yagona ona yurt oʻlaroq bilingan “Turon”, “Turkiston” tuygʻusi qaytadan jonlanadi;

2) turkiy el-uluslar yuzlab urugʻlarga uyushgan boʻlsada, ular uchun “turk” soʻzi qaytadan birlashtiruvchi atamaga aylanadi, shu bilan birga, yanada aniqlashtirish ehtiyoji tugʻilganda “rum turki” – Usmoniylar, “chigʻatoy turki” – Temuriylar, “turkmon” – Ozarbayjon, Iroq va Eron turkiylari, “qipchoq turki” – Dashti qipchoqliklar uchun qoʻllaniladi;

3) turkiy tilda goʻzal asarlar yozish davlat koʻlamidagi ulugʻ yumushlardan biri boʻlib qoladi.

 

Buyuk Temurning oʻzi Toʻxtamishxonga yurish qilib, Dashti Qipchoqning qoq oʻrtasi – Ulugʻtogʻ (Ulitau – bugungi markaziy Qozogʻiston)ga yetib borganda turkiy ellarga yuzlanar ekan, oʻsha chogʻlarda musulmon ellar orasida keng yoyilgan arab va fors tillarida emas, oʻz ona tilida bitik yozib qoldiradi. Yozganda ham arab yozuvi negizidagi turkiyda emas, eski turk yozuvi boʻlmish, ayrim oʻrinlarda “uygʻur yozuvi” deb atalayotgan yozuvda turonliklarga shu yoʻsinda yuzlanadi: “Turonning sultoni Temurbek uch ming cherik birla islom uchun Toʻxtamishxon Bulgʻor xoniga yuridi …”.

 

Amir Temur bitikni yozdirarkan, birinchi oʻrinda turkiylarning oʻzak yerlaridan biri – Dashti Qipchoq turgʻunlarining koʻpchiligi turkiy el-uluslar ekanini, bu gap barchaga tushunarli boʻlishini koʻzda tutgan boʻlsa, ikkinchidan, “Turon” soʻzi butun turkiylarni birlashtiruvchi qadimiy tarixiy atama ekanini yaxshi anglab, ota-bobolardan meros yozuvni qoʻllaydi. Bizningcha, Temurning bitikdagi soʻzlari va yozuv turi turkiy oʻzlikning oʻzi, uning qisqa va loʻnda ifodasi edi. Shuningdek, ayrimlar Temur bilan, ayrimlar uning izdoshlari bilan bogʻlaydigan dongdor ibora – “Biz kim, muluki Turon, amiri Turkistonmiz! Millatlarning eng ulugʻi turkning bosh boʻgʻinimiz!” soʻzlari temuriylar davridagi turkiy oʻzlikka yorqin oʻrnak boʻla oladi.

Temuriylardagi oʻzlik tushunchasi Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi”, Boburning turkiy sheʼrlari va “Boburnoma”sida, shuningdek, Alisher Navoiyning asarlarida ham oʻz koʻrinishini topgan. Bilamizki, ayniqsa, Navoiychalik hech bir turkiy el vakili oʻzlikni kuylay olgan emas: “Agar bir qavm, yuz, yoʻqsa mingdur. Muayyan turk ulusi xud meningdur. Olibmen taxti farmonimgʻa oson. Cherik tikmay Xitodin to Xuroson … Xuroson demagil Sherozu Tabriz”.

 

Bu toʻrtlik orqali Navoiy Xitoydan to Xurosongacha, undan ham naridagi Eronning Sheroz va Tabriz kabi turkiylar koʻp yashaydigan shahar va oʻlkalariga ham turkiy oʻzlikni tanitishga uringani va buni uddalaganiga urgʻu beradi. Navoiydan ancha oldin ham Temuriylarda turkiy oʻzlik kuchli boʻlganiga bir oʻrnak keltirib oʻtsak. Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asari temuriy boshqaruvchilarning qoʻllab-quvvatlashi bilan 1439-yili Hirot shahrida eski turk – uygʻur yozuvida koʻchiriladi. Tili birmuncha “eskirgan” ushbu asarning Temuriylar chogʻida koʻchirilib, ardoqlanishi, keyinchalik Usmoniylar saroyiga yetib borishi oʻz-oʻzidan boʻlmasa kerak. Buning negizida ajdodlarga hurmatdan tashqari boshqa narsalar ham yotgan deb oʻylaymiz. Bu albatta oʻzlikka intilish, uni ochiq ifodalash edi.

 

Boburiylar esa oʻzlari uchun butunlay yot bir madaniy muhitga tushib qolishlariga qaramay, “Turon”, “Turkiston”, “turk”, “chigʻatoy turki” degan tushunchalarni ancha keng qoʻlladilar, ona tilida toʻrtliklar bituvchi bilga kishilarga oʻz saroylarida oʻrin berib, oʻnlab turkcha-forscha, turkcha-hindcha soʻzliklar yaratilishiga turtki boʻldilar.

 

Negizi Xun saltanatiga borib taqaladigan turkiy oʻzlik tushunchasi ming yillar boʻyi yanada kengayib, yanada boyib bordi va Amir Temur va Temuriylar saltanati chogʻida oʻzining choʻqqisiga, yangi bosqichiga yetdi. Bu bosqich oʻz boshlanmasini Turk xoqonligidan olgan Qoraxoniylar chogʻidanda yorqinroq va yuksakroq edi. Albatta, bunda shubhasiz Amir Temurning buyukligi va bilgaligi katta oʻrin tutadi.

 

Gʻaybulla BOBOYOROV,

tarix fanlari doktori, professor

Feruza JUMANIYAZOVA,

OʻzR FA Sharqshunoslik instituti

katta ilmiy xodimi, dotsent.

 

Qoʻllanilgan adabiyotlar

Abdurahmonov Gʻ., Rustamov A. Qadimgi turkiy til. Toshkent: Oʻqituvchi, 1982.

Babayarov G., Kubatin A. К новому чтению и интерпретатсии легенд на некоторых доисламских монетах Самаркандского Согда // Tarix tafakkuri. “Barkamol avlod” yiliga bagʻishlangan Respublika tarixchi olimlarining ilmiy ishlar toʻplami. Masʼul muharrir va tuzuvchi: Ш.Ҳ. Vohidov. Buxoro, 2020. S. 22-32.

Koshgʻariy, Mahmud. Turkiy soʻzlar devoni (Devonu-lugʻot it-turk) / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi С.М. Mutallibov. 3 tomlik. Toshkent, 1960-1963. I tom.

Sodiqov Q. Temurbekning uygʻur yozuvli mangutoshi // Amir Temur tavalludining 660-yillik yubileyiga bagʻishlangan “Amir Temur davrida fan va taʼlim renessansi” mavzuidagi anjuman maʼruzalarining tezislari. Toshkent, 1996. B. 61-62

Ter­-Mkrtichyan L. X. Armyanskiye istochniki o Sredney Azii V – VII vv. M.: Nauka, 1979.

Babayar G. Kutadgu Biligʻte Geçen Türkistan ve Turan Terimleri Üzerine // JOTS, 2/2, 2018. S. 26-49.

Babayar G. Semerkantʼta Bulunan “Kağan” Ve “Hatun” Unvanli Eski Türk Sikke Ve Mühürleri Üzerine // GTTAD, Cilt/Volume 1, Sayı/Issue 2, Temmuz/July 2019. S. 177-202.

Uray G. The Old Tibetan sources of the Central Asia up to 751 A. D.: a Survey // Prolegomena to the History of Pre-Islamic Central Asia. Ed. by J. Harmatta. Budapest, 1979. 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 283
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17501
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//