Ayollarini qutqarishning yagona yo‘li – ularga zamonaviy ta’lim berish. Jadidlarni qiynagan bugunning og‘riqlari


Saqlash
10:05 / 22.05.2024 423 0

Jadid ma’rifatparvarlari asarlarida xotin-qizlar savodxonligi, oila bilan bog‘liq masalalar muhim o‘rin tutadi. Ularni tahlil qilish va hayotga tatbiq etish inson ma’naviy barkamolligini ta’minlashda zarur ahamiyatga ega. 

 

Muhammadsharif So‘fizodaning “O‘qunglar, onalar”, Tavalloning “Hamshiralar tilindin” she’rlarida Turkiston ayollari “mute joriyalar”ga aylanib qolgani, ularning ma’rifatli bo‘lishiga qarshilik ko‘rsatayotgan johillar tanqid qilinadi, ma’rifatni keng yoyish targ‘ib etiladi.

 

Abdulla Avloniy xotin-qizlarni ilm olishga, kasb-hunar o‘rganishga undab bunday yozadi: “Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur?” degan savol keladur. Bu savolga “Birinchi uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidur. Ikkinchisi – maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur” deb javob bersak, bir kishi deyurki, “Qaysi onalarni aytursiz, bilimsiz boshi paxmoq, qo‘li to‘qmoq onalarmi? O‘zlarida yo‘q tarbiyani qaydan olib berurlar” der (Avloniy A. Tanlangan asarlar. 2 jildlik. II jild. Toshkent, “Ma’naviyat”, 1998. 37-bet). Chunki, deydi u, “onalarimiz bilim va tarbiya o‘rnig‘a erlari ila urushib-talashub qizlarig‘a mol qilmakni yaxshi ko‘rurlar”. U bu holga tushishimizga “ilmsizligimiz, dunyodin xabarsizligimiz”ni sabab qilib ko‘rsatadi va qizlarga turli ziynatlar emas, aksincha ilm, hunar lozimligini uqtiradi: “Juda aqchangiz tashlabilmay turg‘on bo‘lsangiz, mahallangizdan biror qizlar maktabi ochib durustroq bir muallima keltirungiz”. U o‘g‘il bolalarga nisbatan qiz bolalarga ilm, hunar ko‘proq zarurdir, deb hisoblaydi.

 

Rauf Muzaffarzoda milliy matbuot qanday bo‘lishi, qaysi yo‘nalishda rivojlanishi haqida fikr bildirar ekan, “Erlarimiz ham, xotin-qizlarimiz ham maishat, tarbiya va dunyo ila tanishtursun va onlarning fikrlarini ochub ahvoli olamdin xabar bersun” (Muzaffarzoda R. Yangi yildan eski tilaklar // Sadoi Turkiston. 1914-yil 2-yanvar) deb yozadi. Quvonarli jihati shundaki, ushbu murojaatga javoban ayol mualliflarning Turkiston xotin-qizlari hayoti, kundalik turmushi bilan bog‘liq voqelikni kengroq yoritgan maqolalari vujudga keldi. Masalan, Sora Muzaffariya o‘lka xotin-qizlarining haq-huquqlari haqida bunday yozadi: “Bizda iste’dod ham bor, qobiliyat ham bor. Ong va fikr ham bor. Bir uy ichigina emas, ba’zi erlar ham o‘rniga keltira olmaydigan, mamlakatlar idora qiladurg‘on quvvat ham bor” (Muzaffariya S. Ayb o‘zimizda // Sadoi Turkiston. 1914-yil 23-avgust). U chor devor asirasiga aylangan, mute, kundosh azobidan ezilgan Turkiston ayollarini birlashishga, eskicha hayot tarzini buzib, yangicha hayot kechirishga chaqiradi. “Ammo xotin-qizlarimiz ko‘p qo‘zg‘olmaydurlar, qo‘zg‘olsalar ham matlub darajada emas. Ey islom xotunlari! O‘n uch asrlik tajriba bizga bunday yashashning natijasi nima va qanday bo‘lishini emdi ko‘rsatdi”.

 

Is’hoqxon Ibrat “Tarixi madaniyat” asarida qizlarni o‘qitish borasida quyidagilarni yozgan: “Ammoki qizlar maktabig‘a kelsak, bu qiyinroq ko‘rinadur. Xalqni vahshiyot va ota-onalar qizlarini ehtiyot qilishi, odamg‘a, bir yerga yubormasligi, xalqni ilm qudratini bilmagani, xusus, xotunlarda taassufga g‘arq bo‘lub, bular bu taassufni yo‘qotishga ellik yillar kerak bo‘lishi ko‘runadur. Munga ham yo‘llar tofsa bo‘lurki, otunbibilarni erlari targ‘ib qilsalar, muallimalarda bir-ikki oylar yozuv va hisoblarni bilib olub, andin so‘ng o‘zlarini mahallasiga otunbibilardan muallima qilib, oncha-muncha oylik berib tursalar. Bularga vaqti-vaqti ila katta muallima tefasidan qarab tursa, besh-o‘n yillar ichinda har qishloqda besh-o‘n muallima tayyor bo‘lishini umid qilsa bo‘lur” (Is’hoqxon Ibrat. Tarixi madaniyat // O‘zFA ShI qo‘lyozmalar fondi. Inv. №10117. To‘raqo‘rg‘on, 1925. 137-bet).

 

Jadidlar oila va jamiyatda o‘qimishli ayolning o‘rni hamda mavqei o‘zgacha ekanini tushuntirishga harakat qilganlar. Bu haqda manbalardan quyidagilarni bilish mumkin: “...xotunlarni o‘qitmoq va alarning aqllariga jilo bermoq va erlari birla yaxshi muomala qilmoq va bolalarini tarbiyat qilmoq va zindakorchilikni yaxshi bilmaklari xususida ta’lim albatta zarurdir” (Bir musulmon // “Turkiston viloyati” gazetasi, 1912 yil 20 sentyabr).

 

Jadid maktablarida ta’lim olgan ayollar o‘zbek xotin-qizlarining ahvoli haqida qayg‘urganlar. 1906-yilda qo‘qonlik Tojiyaxon birinchi turk tili ayollar jurnaliga o‘zbek ayollari nomidan xat yozib, turkistonlik muslimalarning ahvolidan shikoyat qilgan: “Hammaga ayon bo‘lsa kerak: bugunda Rossiyada erkinlik, huquqlar, o‘sish va islohotlarga katta ahamiyat berilyapti. Musulmon ayollari ham o‘ziga xos haftalik nashrga ega va ular o‘z fikr-mulohazalari, savollari va takliflarini yozib yuborishga qodirligi ma’lum. Bunga faqat barakallo deymiz! Ammo biz Rossiya markazida faoliyat ko‘rsatayotgan musulmon ayollariga minnatdor holda bu yerda o‘z vazifalarimizni ayni darajada bajara olishga imkonimiz yo‘qligidan afsusdamiz. Boshqalar astoydil harakat qilarkan, biz Sartiya musulmon ayollari ko‘p narsadan bexabar, hamon uyqudamiz. Ro‘znomaning faqat bir necha satrlarida biz Sartiya musulmon ayollarining Qirim va Qozon ayollariga nisbatan o‘z huquqlarimiz haqida bilimga ega emasligimiz haqida yozilsaydi! Agar bizning ahvolimiz haqida bayon qilinsa, kelajagimiz islohotlar orqali yaxshilanishi mumkin va biz o‘z huquqlarimizga ega bo‘lardik... Biz hammamiz ilm va ta’limga muhtojmiz! Hozir bilim olmasak, kelajakda ham buning iloji bo‘lmaydi. Faqat yuzdan bir musulmon ayoli yozish va o‘qishni bilishini ta’kidlash lozim... Biz o‘z farzandlarimizni o‘zimiz kabi ilmsiz qilib tarbiyalashni istamaymiz. Biz farzandlarimiz uchun qizlar maktabi ochishga urinayotgan no‘g‘ay o‘qituvchilariga yordam qila olmayapmiz. Bizning ilm olishga bo‘lgan urinishlarimiz bizga yo‘l ochib bermay, qiyinchilik tug‘dirib, dong qotib qolganimiz tan olinishi zarur. Agar shu yo‘lda davom etadigan bo‘lsak, bir kun biz musulmon ayollarining nomi tarix sahifalarida nafrat bilan tilga olinishi tayin”.

 

Muharrirga yo‘llangan maktubda jadidlar tomonidan o‘sha kezlar muhokama qilinayotgan muammolar ko‘tarilgan, ammo ular Tojiyaxon tomonidan ayollar muammosi sifatida ta’kid etilgani noyob holatdir. Tojiyaxon Sartiya (ya’ni o‘troq turkistonlik yoki o‘zbek) ayollarining o‘z huquqlarini bilmasligi va ularni qutqarishning yagona yo‘li – ularga zamonaviy ta’lim berish ekaniga alohida urg‘u beradi. Uning murojaati islomiy ta’limni zamonaviy G‘arb ta’limiga munosib tarzda o‘zgartirishga undaydi. U o‘z murojaatida Rossiyadagi musulmon ayollari, ya’ni tatar millatiga mansub ayollarni nazarda tutgan.

 

Tojiyaxon muhojirlar oqimini ko‘rgan Qo‘qon shahrida yashagan. Shahar Rusiya imperiyasi temir yo‘l xizmatiga bog‘langandan so‘ng ko‘plab rus va tatar musulmonlarini qabul qilgan edi. Qo‘qonda paxta va don eksportiga sarmoya kiritilgan, bank tizimi rivojlangan. 1900-yilda Qo‘qonda to‘rtta nashriyot uyi, bir necha kitob do‘koni mavjud bo‘lib, yangi uslubdagi jadid maktablari maktab va madrasalar qatoriga qo‘shilgan edi.

 

Jadidlarning ayollarni yangi, zamonaviy ta’limga targ‘ib qilish harakatlari ba’zilar tomonidan ma’qullanmagan. Ayrimlar ularni ayollarning paranji-chachvonini yechib tashlash, savodxon bo‘lib, dindan uzoqlashishda ayblagan. Bu harakatlar diniy konservativ guruhlarning noroziligiga uchragan. 1907-yili yana bir turkistonlik ayol Nojiyaxon Duma musulmon a’zolariga maktub yozadi. U musulmon ayollarining erkaklar tomonidan to‘rt devor orasida qamab qo‘yilganidan shikoyat qiladi. Istanbul va Misrda xotin-qizlar tijorat bilan shug‘ullanish, hajga borish huquqiga ega ekani haqida yozib, Dumaning musulmon a’zolaridan turkistonlik ayollarga ham bu huquqlar berilishi lozimligini talab qiladi.

 

Sayyora TO‘YCHIYEVA,

                 falsafa fanlari doktori, professor

 

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 1-son.

“Ayol savodxon bo‘lsa” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 277
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17498
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//