Ma’naviyat – inson bo‘lib yashash degani


Saqlash
18:05 / 24.05.2024 567 0

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek HASANOV bilan suhbat

 

– So‘nggi yillarda ma’naviyat haqida ko‘p va xo‘b gapirdik. Oqibatda bu so‘zni eshitgan kishining g‘ashi keladigan, ensasi qotadigan bo‘lib qoldi. Siz bu holatga qanday munosabat bildirasiz?

 

– Ma’naviyat tushunchasi atrofida doim bahs-munozaralar ko‘p bo‘lgan. Har kim o‘zicha fikr bildirgan, qarashlarini ilgari surgan. Hatto, ma’naviyat kerak emas, deb hisoblaydigan toifalar ham bor. Asl haqiqat esa shuki, odamlarning kundalik hayotida, jamiyatda ma’naviyatning o‘rni va ahamiyati beqiyos. Taniqli adibimiz O‘tkir Hoshimov ta’kidlaganiday, “odamzodni hayvonotdan ajratib turadigan chegara bor. Bu chegaraning nomi ma’naviyatdir”. Afsuski, bugun mazkur chegaraga urg‘u berilgani sayin unga yot ko‘z bilan qaraydigan toifalar uchrab turibdi. Ma’naviyat aslida har birimizning botinimizda bo‘ladi. Ma’naviyatli kishilar Vatanni ham, elni ham indamay sevaveradi. Xalqning tashvish-muammolariga yechim izlayveradi. Yolg‘on va puch va’dalarga uchib ketavermaydi. Shu ma’noda, millatning ma’naviyatini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan inson, eng avvalo, islohotlarni o‘zidan, oilasidan, yon-atrofidagi do‘stlaridan boshlashi kerak.

 

Odamlarni “ma’naviyatli” va “ma’naviyatsiz”ga ajratish ham mavhum tushuncha. Har kimning qalbida u yoki bu darajada ma’naviyat ildizlari mavjud. Chunki har bir odamning ko‘nglidagi ezgu orzu-niyatlari, xayrli amallari, uyi, qarindoshlari, Vatani – ma’naviyat. Faqat yon-atrofdagi muhit, turli axborot xurujlari, yovuz niyatli kimsalarning sa’y-harakatlari kabi omillar ko‘pchilikni yo‘ldan adashtirib qo‘yishi mumkin. Shu ma’noda ma’naviyat – inson bo‘lib yashash degani.

 

– Hozirgi zamon yoshlari uchun o‘n yil oldingi gaplar ham qiziqarli emas. Ular doim yangilikka intilib yashashni ma’qul biladi. Shu ma’noda, ma’naviyat deb faqat ajdodlarimiz yutuqlarini ko‘z-ko‘z qilaverish ham samarali natija bermasligi mumkin. Sohaga yangicha nazar bilan boqish fursati kelmadimikin?

 

– Ma’naviyat sohasida nafaqat zamon bilan hamnafas, balki Prezidentimiz ta’kidlaganiday, bugungi hayotdan o‘n qadam oldinda yurish shart. Bu – davr talabi. O‘tgan yili Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida davlatimiz rahbari “Biz bugungi keskin sharoitda g‘oyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlod tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi?” singari savollarni o‘rtaga qo‘ygan edi. O‘zini ziyoliman degan har bir millatdoshimiz bu savollarni har kuni, har soatda o‘ziga o‘zi berishi o‘ta muhim va dolzarb. Boisi, sohada qilinayotgan islohotlarining hammasi millat ertasiga, Vatan taqdiriga, yurt kelajagiga bevosita daxldor. Shu bilan birga barchamiz hamjihatlikda savollarga javob topishimiz, muammolarga yechim axtarishimiz zarur.

 

Chindan ham, axborot texnologiyalari rivojlangan, axborot almashinuvi tezlashgan hozirgi zamon bolasiga o‘n yil oldingi emas, hatto bir soat oldin aytilgan gap ham qiziq bo‘lmasligi mumkin. Ammo ularning shijoati, kuch-g‘ayrati, intiluvchanligini ko‘rib odamning havasi keladi. Shu bilan birga, ularning qiziqish va qarashlari juda o‘zgaruvchan bo‘ladi. Bunday yoshlarning kuchi noto‘g‘ri maqsad va g‘oyalarga yo‘naltirilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Jang maydonida ham raqiblar dushmanining eng zaif joyini topib zarba berishga harakat qiladi. Shu ma’noda, bugungi global axborot maydonida yoshlarimiz turli g‘arazli kuchlarning nishonida qolib ketmasligi lozim. Globallashuv sharoitida inson ongi va qalbini zabt etish masalasi o‘rtaga chiqmoqda. Shunday ekan, bu borada kurash keskin tus olayotgan davrda yoshlarimizni xavf va tahdidlardan asrash, ularning mustaqil fikri, e’tiqodi va qat’iy hayotiy pozitsiyasini shakllantirish shart.

 

 Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi turli davlat tashkilotlari, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda katta loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirib turibdi. Qolaversa, bugun faqat targ‘ibot tadbirlari bilan ko‘zlagan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Ayni paytda markaz faoliyatining 30 foizini an’anaviy targ‘ibotga, 40 foizini raqamli targ‘ibotga va 30 foizini amaliy-metodik qo‘llanmalar yaratishga yo‘naltirmoqchimiz.

 

Millat tarbiyasi va ma’rifatining rivojlanishida ziyolilarning o‘zaro birlashuvi va fidoyiligi juda muhim. Zero, Cho‘lpon aytganiday “millatni uyg‘otish – uyg‘onganlarning vazifasi”dir. Shu sababli markazimizda ziyolilarni yagona maqsad yo‘lida jipslashtirish, yoshlarni yo‘naltirish, jamiyat hamjihatligini ta’minlash, vatanparvarlik hissini kuchaytirish kabi qator yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirishni ko‘zlab turibmiz.

 

– Roppa-rosa bir asr burun jadid bobolarimiz “Najot – ta’limda” degan g‘oyani ilgari surib edi. Hozir oradan ko‘p vaqtlar o‘tib ketdi. Odamlarning hayotga qarashlari, tutumlari o‘zgardi. Xo‘sh, bugun ma’naviy kamolotning boshlang‘ich nuqtasi qayerda: ta’limdami yoki tarbiyada?

 

– Insonning qalbi o‘zgarsa, uning ma’naviyati ham o‘zgaradi. Jadidlar ham birinchi galda odamlarning dunyoqarashini o‘zgartirish orqali jamiyatni isloh qilishga intilgan. Ilmni ana shu ezgu maqsad yo‘lidagi najotkor kuch deya bilgan. Hozir ham bu fikr o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar ma’rifatparvar bobolarimizning orzu va maqsadlariga hamohang. Prezidentimizning “Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fani yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”, degan so‘zlari zamirida ayni shu haqiqat mujassam. Shu bois mamlakatimizda ta’limni tarbiya bilan birgalikda rivojlantirishga ahamiyat qaratilmoqda. Yanada sodda qilib aytsak, bir inson oilada tug‘ilib, mahallada ulg‘ayadi. Maktabda ilm olish orqali esa ma’naviy tarbiyaning uzviyligi ta’minlanadi.

 

Prezidentimiz Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida 5-sektor sifatida “Ma’naviyat sektori”ni tashkil qilish, bu borada “Surxondaryo tajribasi”ni o‘rganish vazifasini belgilab berdilar. Ilgari surilgan mazkur ezgu harakat bugun har bir hududda tashkil etilgan sektorlar jamiyatdagi mavjud muammolarga tizimli yondashib, sohadagi vazifalarni belgilab olishda qo‘l kelmoqda. Mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish bilan birga, aholi keng qatlamini kitobxonlikka jalb etish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, madaniyat va san’atga oshno qilish, milliy qadriyatlarimiz va an’analarimizni ommalashtirish hamda xalqimiz orasida mehr-oqibat tuyg‘ularini kuchaytirishga keng yo‘l ochilmoqda. Shuning qatorida tashkilot va korxonalarning mas’ul rahbarlari, ziyolilar biriktirilgan holda, hududlarning ijtimoiy-ma’naviy xaritasi yaratilmoqda. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tuzilgan olimlar, tadqiqotchilar, ziyolilar, soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh yangi sektorning ish samaradorligini o‘rganmoqda. Sektorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha namunaviy metodik qo‘llanmalar, tavsiya­viy yo‘riqnomalar yaratilmoqda.

 

Bugun ma’naviyat va ma’rifat ishini yangi pog‘onaga ko‘tarish uchun faol fuqarolarga ehtiyoj sezamiz. Shu sababli markazda olimlar, soha mutaxassislari tomonidan “Faol fuqaroni shakllantirish” konsepsiyasi loyihasi tayyorlanmoqda. Mazkur hujjatda go‘dakka ona qornidaligidan boshlab, to ulg‘aygunicha beriladigan e’tibor, tarbiya, ma’rifiy ozuqa asoslari yaratilmoqda. Shuningdek, konsepsiyada ziyolilarning o‘z bilganlarini o‘zgalarga o‘rgatishi masalasiga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda. Faol fuqarolar safining eng oldingi qatorida ziyolilar bo‘lishi haqidagi tashabbus ishlab chiqilmoqda. Agar u bugun “menga tinchlik kerak” desa, jamiyatda notinchlik ko‘payaveradi, u “men gapirmayman” desa, dushmanlarimizni “minbar”ga chiqargan bo‘ladi.

 

– Bugun odamlar kitob o‘qimayotgani ortidan ma’naviyatimiz ham qashshoqlashib ketayotganidan qayg‘uryapmiz. Dunyoda bu borada ahvol qanday? Markaz tomonidan jahon tajribalari ham o‘rganilyaptimi?

 

– Kitob – inson tomonidan yaratilgan eng katta moʻjiza. Chunki kitob orqali har kuni uyingizda yozuvchi, olim, donishmandlar bilan xayolan muloqot qilasiz.

 

Savolga keladigan bo‘lsak, kitob o‘qilmayapti, deb noligan bilan jamiyatda kitobxonlik shakllanib qolmaydi. Eng avvalo, nima uchun o‘qilmayotganini o‘rganib ko‘rish kerak. So‘rovnomalar o‘tkazib, tadqiqotlar uyushtirish zarurdir, balki. Xorijiy davlatlarda muntazam odamlarning qanday, qancha kitob o‘qigani haqida tadqiqot olib borib turiladi. 2022-2023-yillarda o‘tkazilgan so‘rovnomada Yevropa, AQSh, Osiyo, Avstraliya, Kanada, Afrika va Janubiy Amerika aholisi o‘zlarining kitobxonlik odati va sevib o‘qiydigan janrlari haqida fikr bildirgan. Ijtimoiy so‘rovnomada qatnashganlarning 27 foizi bir yilda 20 dan ortiq, 32 foizi 1-5 dona kitob mutolaa qilganini aytgan. Shuningdek, ularning 18 foizi 6 tadan 10 tagacha, 19 foizi esa 11 dan 20 tagacha turli mavzularda asarlar o‘qigan. Natijada amerikalik va britaniyalik kishilar ko‘p kitob o‘qigani oydinlashgan. 2022-yilda dunyodagi eng ommabop janrlar uchligiga tarixiy kitoblar (34 foiz), detektiv hikoyalar (33 foiz) va avtobiografik-memuar asarlar (31 foiz) kirgan.

 

Fikrimcha, bugun jamiyatda kitobxonlik darajasi pasayganini quruq gaplar bilan iddao qilmasdan amaliy ishlarga o‘tish fursati yetdi. Hozir markazimiz tomonidan “Kitob marafoni” loyihasini boshlash rejalashtirilmoqda. Shu yo‘l orqali jamiyatimizda kitobxonlar sonini aniqlash, qiziqish va talablarini o‘rganib, bu borada tahliliy ma’lumotlarga ega bo‘lishni o‘ylayapmiz.

 

Yoshlar orasida kitobxonlik kamaygani borasida bir mulohaza bor: bolalarda yoshlikdan kitobga mehr, kitob o‘qishga ishtiyoq uyg‘otish kerak. Afsuski, bugun bolalar uchun kitob yozadigan o‘zbek yozuvchilari juda kam. Bolalar qiziqib o‘qiydigan, turli yoshga doir rang-barang, sarguzashtlarga boy asarlar yo‘q hisobi. Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, bolalar yoshiga qarab asarlar toifalangan, ularning sevimli yozuvchilari ham talaygina. Shunday ekan, biz bolalar adiblarining safini kengaytirishimiz, ularni rag‘batlantirib, yangi avlod asarlarini yaratishiga shart-sharoit hozirlashimiz shart. Bugun kutubxonalardagi kitoblarning ko‘pi chet tillardan tarjima qilingani yoki o‘sha tilning o‘zida nashr etilganini ko‘rish mumkin. Farzandlarimiz ergashadigan, havas qiladigan qahramonlarning hech biri o‘zimizniki emas, barchasi begona siymolar. Shuni inobatga olib, biz bolalar adabiyoti yo‘nalishida qalam tebratadigan ijodkorlarni rag‘batlantirish uchun turli xil ko‘rik-tanlovlar tashkil etishni niyat qilganmiz.

 

– Yoshlarimiz kitob o‘qimayotgan bo‘lsa, yana qanday vositalar orqali ularning ta’lim-tarbiyasiga ta’sir ko‘rsatishimiz mumkin?

 

– Yoshlar butunlay kitob o‘qimayapti, degan fikrlarga qo‘shila olmayman. O‘qiyotgan yoshlarimiz ham ko‘p. Prezident tashabbusi bilan bunday kitobxon yoshlarga avtomashinalar sovg‘a qilinayotgani, turli rag‘batlar berilayotgani ortidan ham kitobga qiziqish, mutolaaga mehr, kitobxonlik yana ortmoqda. Kitob o‘qimaslik fojia bo‘lsa, yuzta kitob o‘qib, biron-bir xulosaga kelmaslik chinakam musibatdir. Bu – inson fikrlamayapti, degani. Shuning uchun bolalarga kitobxonlikni bolaligidan singdirib borish, bu borada ota-onalar farzandlariga o‘rnak bo‘lishi lozim. Imom Gʻazzoliyning shunday fikri bor: “Bola – ota-ona qo‘lidagi omonat. Uning qalbi turli naqsh va rasmlardan xoli. Qanday naqsh solinsa, qabul qiladi... Agar yaxshilikka undalsa va o‘rgatilsa, saodatli bo‘ladi”.

 

Hozir kitobdan boshqa tarbiya vositalari ham mo‘l. Masalan, kino, musiqa san’ati asarlari, bola yashaydigan muhit, oila, mahalla, u tahsil oladigan maktab – bularning barchasi tarbiyada katta ahamiyatga ega.

 

Bugungi kunda markaz tomonidan bolaga milliy, xalqona usulda tarbiya berishning aniq metodik asoslari ustida izlanish olib borilmoqda. Bu metodik asoslar qo‘llanma holida chop etilib, har bir ota-ona, mahalla, bog‘cha va maktablarga yetkazib beriladi.

 

“Biz bir bo‘lsak – xalq, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida hududlarda turli loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Xususan, Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda “Kinokarvon” ijodiy-madaniy loyihasi mahalla va ta’lim muassasalariga kirib bormoqda. Yoshlar o‘rtasida sevimli kino qahramonlari haqida insholar tanlovi o‘tkazilmoqda. Hozirga kelib, Navoiy, Sirdaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida loyiha qamrovi 43 ta tuman (shahar), 40 nafar “Ma’rifat” targ‘ibotchilari,

 

25 300 nafar aholini qamrab oldi. Shuningdek, markaz tomonidan ijtimoiy tarmoqlar uchun mo‘ljallangan animatsion roliklar, tarbiyaviy ahamiyatga ega vaynlar, qisqa metrajli filmlar yaratish ustida allaqachon ishlar boshlab yuborildi. Mana, kuni kecha muhtaram Prezidentimiz tomonidan Toshkentda o‘zbek estradasi asoschisi, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochildi. Kinochilar saroyida kino san’atimiz tarixiga bag‘ishlangan muzey hamda “Tirik tarix” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Aytilganidek, san’at va madaniyatga qaratilayotgan e’tibor ham aslida yuksak ma’naviyatli avlodni tarbiyalashning muhim sharti.

 

– Barcha tashkilot va ta’lim muassasalarida ma’naviyat va ma’rifat bo‘limlari bor. Ularning faoliyati aksariyat hollarda qog‘ozbozlik, hisobotbozlikdan iboratdek. Buning boisi sohada o‘z vazifasini yetarli darajada bilmaydigan xodimlar faoliyat yuritishidami yoki talab shundaymi?

 

– Har bir sohada ishga munosabat juda muhim. Ma’naviyat va ma’rifatga mas’ul inson bu mas’uliyatni yaxshi anglamasa, teran his qilmasa, bundan ortiq ko‘rgilik yo‘q. Markaz tomonidan ishchi guruh tuzilib, hududlarda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Bu boradagi dastlabki xulosalar ham hududlardagi ma’naviyat va ma’rifat bo‘limlarining eng katta kamchiligi aynan ko‘zbo‘yamachilikdan iborat ekanligini ko‘rsatmoqda. Topshiriqlarni xo‘jako‘rsinga bajarish, hatto qog‘ozbozlik va ko‘chirmakashlikka ruju qo‘yish holatlari ham uchramoqda. Albatta, bunaqa nojoiz holatlarning oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilmoqda.

 

Bugun turli yo‘nalishlarda ma’naviy-ma’rifiy sohaga mas’ul bo‘lgan 40 mingdan ortiq kishi bor. Buni bemalol katta bir armiya deyish mumkin. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazini faqatgina targ‘ibot tadbirlarini amalga oshiradigan tashkilot emas, balki ana shu katta guruhni amaliy-metodik qo‘llanmalar, uslubiy ishlanmalar bilan ta’minlab turuvchi tashkilotga ham aylantirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Ma’lumki, Prezidentimiz Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari mos ravishda ushbu kengashning joylardagi bo‘limlari rahbari hisoblanadi. Shundan ham bilish mumkinki, bugun tarbiya, ma’rifat masalasi muhim, e’tiborda, doimiy nazoratdadir.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan alohida ishchi guruh tuzilib, joylardagi ma’naviy-ma’rifiy ishlarning holati tizimli o‘rganilib, tahliliy-amaliy tavsiyalar berilmoqda. Ularni amaliy-metodik qo‘llanmalar, uslubiy ishlanmalar bilan ta’minlashga harakat qilinmoqda.

 

Hozirda barcha hududlar bo‘ylab o‘rganish ishlari davom etmoqda, ma’naviy-ma’rifiy ishlar holatini baholash tizimi joriy etildi. Xususan, Qashqadaryo, Sirdaryo, Toshkent viloyatlaridagi o‘rganish natijalari bo‘yicha viloyatlar hokimlari ishtirokida tanqidiy-tahliliy yig‘ilishlar o‘tkazildi. Shu o‘rinda ba’zi tumanlar hokimlari yilning bir choragi davomida biron marta ma’naviyat muammolariga e’tibor qaratmagani achinarlidir. Iqtisodiy muammolar yechim topishi mumkin, lekin odamlar ongidagi ma’naviy qashshoqlikning o‘rnini to‘ldirish qiyin bo‘ladi.

 

– Jadid ma’rifatparvarlari millat taraqqiyotini umummillat ma’naviyati, ma’rifati yuksalib, illatlardan xalos bo‘lishi bilan bog‘liq deb hisoblagan. Ayting-chi, o‘z davrida jadid bobolarimizni tashvishga solgan illatlardan qaysi birlari hamon millatimiz gardanida yuk bo‘lib yuribdi?

 

– Ma’rifatparvar bobomiz Behbudiy shunday yozgan: “Bizni qilaturgon aqlsizligimizni qaysi millat qilur? Nikoh, xatna, bu ikki balo shundog‘ qattiq bir illatki, o‘lmaguncha qutulub bo‘lmaydur. Shaharlarda o‘rtahol, ya’ni o‘turarg‘a xona va bog‘i bor bir kishi nikoh uchun ikki ming so‘m sarf etar va o‘g‘ul xatnasi uchun hech bo‘lmaganda ming so‘m. Har bir benavo kishi bu mavridlarga 200 so‘mdan 1000 so‘mgacha sarf etar. Boy va zo‘raki boylar esa besh ming, o‘n minglab sarf etar”.

 

Bugun ham isrofgarlik bilan o‘tkazilayotgan to‘y-hasham, o‘tkinchi orzu-havaslar va dabdabani jamiyatimizni kemirayotgan illatlar sirasiga kiritish mumkin. Aslida xalqimizga to‘yxona emas, katta-katta kutubxonalar yarashadi.

 

Yana illatlarimiz sifatida ta’lim olishdan ko‘zlangan maqsadlarimizni alohida ta’kidlamoqchiman. Haligacha ayrim yoshlarning ongida “Bu o‘qishga kirsam, erta soqqaliroq kasb egasi bo‘laman”, “Obro‘li ishda ishlayman” degan biryoqlama tushuncha mavjud. Aslida, ilm olishdan maqsad jadidlarimiz singari yurtning taraqqiyotiga hissa qo‘shish, rivojiga xizmat qilish emasmi?

 

Xullas, bizni kemiruvchi illatlar talaygina. Xususan, odamlarimiz orasida yolg‘onchilik, tarbiyada mas’uliyatsizlik, boqimandalik, milliy o‘zligimizdan yiroqlashish, befarqlik, tarqoqlik kabi millatimizga yarashmaydigan illatlar ham ko‘zga tashlanadi. Mana, masalan, bugun internetda o‘zgalarning fojiasini vosita qilib pul ishlash, layk to‘plash, obunachilar sonini oshirish urfga kirib borayotgani ham achinarlidir.

 

– Odatda ma’naviyat kattalarning shaxsiy namunasi, o‘rnagi asosida yoshlarga singdiriladi. Bugun quruq gaplardan amaliy harakatlarga o‘tish vaqti kelmadimikin?

 

– Albatta, tarbiya – avvalo amalda ko‘rsatiladi, keyin anglanadi, so‘ngra namoyon bo‘ladi. Qusurlar ham vaqtlar o‘tib ko‘zga tashlanadi. Tarbiya millat kelajagi, xalq ertasi ekan, bu jarayonda hech kim tomoshabin bo‘lmasligi, o‘quvchiga dakki bergan o‘qituvchini do‘pposlamasligi, u tashkilot yaxshi ishlamayapti, bu rahbar safsata sotyapti, deya “aqlmirzalik” qilavermasdan, birinchi galda o‘zi vijdonan ishlashi kerak.

 

Tarbiyaviy ishlarimiz samara berishi uchun muhit kerak. Bu – zanjirdek bir-biriga ulanib ketadigan jarayon. Tarbiya ishida begona yo‘q. Hammamiz bunga mas’ulmiz. Tarbiya ishida shoshmashosharlik, ura-urachilik, tezda natija kutish noto‘g‘ri. Bu shunday uzluksiz jarayonki, hech qachon to‘xtamaydi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, tarbiyada tanaffus bo‘lmasligi kerak. Albatta, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bu jarayonda muvofiqlashtirib turuvchi tashkilot sifatida amaliy harakatlarni olib bormoqda.

 

Kamchiliksiz odam, har tomonlama mukammal insonni topish imkonsiz. Ayniqsa, Oyning dog‘ini ham muhokama qiladigan virtual tanqidchilik kuchaygan bugungi kunlarda aniq bir zamondoshimizni “milliy ma’naviyatimiz pasporti” sifatida taqdim etolmaymiz. Shu sababli, oddiy odamlarning yaxshi amallari, yon-verimizda yashayotgan zamondoshlarimizning qaysidir ibrat bo‘lgulik ishini o‘rnak qilib ko‘rsatish ko‘proq natija beradi, deb o‘ylayman. Deylik, yaqindagina jazo koloniyasidan ozod etilgan sobiq mahkumning o‘z ko‘chasida nihol ekishi, qaysidir qassobning o‘zi o‘qigan maktabdagi isitish tizimini homiylik asosida tuzatib bergani kabi holatlar targ‘ib etilsa, odamlarga buyuk ajdodlarimizning shonli hayot yo‘liga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruzalardan ko‘ra ko‘proq ta’sir qiladi, deb o‘ylayman.  

 

– Siz oilangizdagi ma’naviyat masalasiga qay yo‘sinda yondashasiz, farzand tarbiyasiga-chi?

 

– Oiladagi farzand tarbiyasi an’analar asosiga qurilib, zamon bilan bog‘langani ma’qul. Bizning oilamizda ham bu borada an’analar shakllangan. Bunda otamning o‘rni katta. U kishi farzandlarini ham qattiqqo‘llik, ham ma’rifat, ham shaxsiy namuna asosida tarbiyalagan. Maoshining bir qismini kitob sotib olishga sarflardi. Faqat kitob olib berib, o‘qi, demay o‘zlari o‘rnak bo‘lib kelgan. Oilamizda haftada bir marta kitobxonlik kuni tashkil qilinardi. Uyimizda otam kutubxona ham tashkil qilgan.

 

Otamga bu fazilat bobo-momolarimizdan meros. Hozirda bu meros kaminaga ham o‘tgan. Faqat zamonga, bolalarim qiziqishiga qarab, ularni turli xil usulda rag‘batlantirib boraman. O‘qigan kitoblari uchun ularni rag‘batlantiraman. Agar kitob haqidagi xulosalarini o‘zbek tilida chiroyli ifodalasa, rag‘bat yana oshadi. Shu asar haqida zamonaviy texnologiyalardan foydalanib taqdimot qilib bersa, yanayam kattaroq rag‘batga loyiq bo‘ladi. Kimdir bolani pulga o‘rgatmaslik kerak, deydi. Lekin bolaga pul topishni, uni sarmoyaga aylantirish, ishlatish ko‘nikmalarini ham yoshlikdan o‘rgatib borgan ma’qul.

 

Oilaviy muzey, teatr, kutubxonalarga borib turamiz. Buni tarbiya haqida gapirmasdan bolalarni tarbiyalashning eng yaxshi usullaridan, deb hisoblayman.

 

– Ma’naviyatni bolaga bog‘chadan, maktabdan singdirishimiz kerak, deb ko‘p gapiramiz. Botinimizda ma’naviyatni uyg‘otish, shaxs bo‘lib shakllanishimiz, o‘zlikni qonimizga singdirish uchun nimalar qilishimiz kerak, deb hisoblaysiz?

 

– Botinimizda, qonimizda ma’rifat, ma’naviyat yuksak darajada bor. Bunga o‘tmishimizdan ko‘p misollar keltirib o‘tish mumkin. Ibn Sino, Muhammad Xorazmiy, Jaloliddin Manguberdi, Nodirabegim, Uvaysiylarni allaqachon jahon tan olgan. Ajdodlarimiz ilm-ma’naviyat yo‘lidan yurib, dunyo tarixida munosib iz qoldirdi. Bizga ma’rifat, ma’naviyat yo‘lini qoldirdi. Hozir bu yo‘l boshida turib, o‘sha yo‘ldan oldinga yurmaslik ularning merosiga xiyonatdan o‘zga narsa emas. Bugungi tahlikali zamonda qonimizdagi ajdodlarimizdan meros bo‘lgan jasorat, mardlik, vatanparvarlik, ilmga intilish xislatlarini, ma’naviy fazilatlarni tezroq uyg‘otish har qachongidan ham muhim va shart.

 

                                                                                    I. MIRZAALIYEV suhbatlashdi.

 

  “Jadid” gazetasi, 2024-yil 24-may, 22-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 282
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17501
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//