“Amr qildimki, gʻanim tomonidan qoʻlimizga har qanday sipohiy asir boʻlib tushsa, uni oʻldirmasinlar” – Amir Temurning tolerant siyosati


Saqlash
18:05 / 27.05.2024 574 0

Tolerantlik tushunchasi adabiyotlarda turlicha talqin qilinadi. U “Oksford lugʻati”da “shaxsni yoki buyumni noroziliksiz, aralashuvisiz qabul qilishga tayyorgarlik va qobillik” deb taʼriflanadi. Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasida esa “Bagʻrikenglik, oʻzgalarning turmush tarzi, xulq-atvori, odatlari, his-tuygʻulari, fikr-mulohazalari, gʻoyalari va eʼtiqodlariga nisbatan toqatli boʻlish – tolerantlik”, deyilgan. Shunga koʻra, uni hurmat-ehtirom, bagʻrikenglik maʼnolariga ega soʻz sifatida izohlash mumkin. 

 

Amir Temur davridagi tolerantlik sohibqironning boshqa elatlar va xalqlarga nisbatan hurmat-ehtiromi va bagʻrikengligida oʻz aksini topadi. Sohibqironning hukmronligi ostida yigirma yetti mamlakat boʻlib, ularda turli diniy eʼtiqoddagi xalqlar istiqomat qilgan. Temur islom dini vakili oʻlaroq, xalqlarni diniy eʼtiqodlariga qarab guruhlarga ajratmagani, ularning milliy xususiyatlariga hurmat bilan munosabatda boʻlgani turli manbalarda keltiriladi. “Temur tuzuklari”da bu borada shunday yozilgan:

 

“Mening dargohimga iltijo qilib, panoh istab kelgan turk-u tojik, arab-u ajam toifalaridan boʻlganlar… agar sipohiylar toifasidan boʻlsalar, xizmat oʻrinlarini belgilab, hol-ahvollariga yarasha ehtiyojlari ta'minlansin... Har toifa va har sinfdan kimki oʻz ixtiyori bilan sipohiylik xizmatiga kirishni istasa, uni harbiy (xizmat)ga olsinlar”.

 

Amir Temur har bir harbiy yoki maʼmuriy amaldorni qaysi xalq yoki elat vakili boʻlishidan qatʼiy nazar davlat oldidagi xizmatlarini inobatga olgan holda taqdirlagan. Bu haqda tuzuklarda shunday deyiladi: “Uluslar, qoʻshinlar va tumanlarning amirlarini tayinlash tuzuki”da “Qaramogʻimdagi qirq aymoqdan oʻn ikkitasiga – barlos, tarxon, argʻin, jaloyir, tulkichi, doʻlday, moʻgʻul, sulduz, toʻqay, qipchoq, arlot, totorga tamgʻa berilsinkim, bular mening xos navkarlarim boʻlib hisoblansinlar”. Qoʻshin shu tariqa toʻxtovsiz toʻldirib borilgan. “Yana amr qildimki, gʻanim tomonidan qoʻlimizga har qanday sipohiy asir boʻlib tushsa, uni oʻldirmasinlar. Unga ixtiyor berilsin, yoʻq desa, uni ozod etsinlar”, deyiladi askarni eng quyi martabadan oliy martabagacha tarbiyalar koʻtarish tuzukida.

 

Amir Temur qoʻshinida turli mamlakatlarning dongdor, nom chiqargan pahlavonlari xizmat qilgan. Jumladan, Afgʻonistonning shimoli-sharqiy qismida istiqomat qiluvchi apardi qabilalari, Afgʻonistonning Xuroson viloyatida, Yettisuv hududlari, Termiz atroflarida yashagan arlot urugʻlari, Moʻgʻulistonda Otboshi atroflarida yashagan makritlar, Chagʻoniyon, Hisor vodiysi va Shimoliy Afgʻonistonda Balx viloyatida yashagan sulduzlar, turkmanlar, uygʻurlar, Dashti Qipchoq va Oltin Oʻrdada yashagan oʻzbeklar urugʻ-qabilalari va koʻplab Markaziy Osiyo hududidagi xalqlar ishtirok etishgan. Qoʻshinda xizmat qilgan mazkur etnoslarning hammasi ham islom diniga eʼtiqod qilmagan. Ular orasida turkiy va moʻgʻul xalqlarining qadimiy dini hisoblangan tangrichilikka eʼtiqod qiluvchilar ham talaygina edi. Negaki, Chigʻatoy ulusining sharqiy qismida istiqomat qiluvchi etnoslarning katta qismi bu davrda tangrichilikka eʼtiqod qilgan. Bu yerdagi xalqlarning bir qismi Tugʻluq Temur davrida islom dinini qabul qilgani manbalarda taʼkidlanadi. Chigʻatoy xonzodalaridan Tugʻluq Temur 1348-yil Sharqiy Chigʻatoy ulusi hududida hokimiyatni qoʻlga olganidan keyin Moʻgʻuliston davlatiga asos soladi. U tuzgan davlat tasarrufiga Sharqiy Turkiston, Janubiy Sibir va Yettisuv kirgan. Tugʻluq Temur 1360-1361 yillardagi harbiy yurishlar natijasida Movarounnahrni ham egallaydi. Mirzo Haydarning “Tarixi Rashidiy” asarida keltirilishicha, Tugʻluq Temur Moʻgʻulistonda hokimiyatni qoʻlga olgandan keyin bir muddat oʻtgach, islom dinini qabul qiladi. Manbada aytilishicha, xon bilan birga bir kunda 160 ming kishi islom dinini qabul qilgan. Ammo, Tugʻluq Temurdan keyin uning avlodlari davrida ham mintaqada tangrichilikka eʼtiqod qiluvchi turk-moʻgʻul xalqlari mavjud edi. Amir Temurning Moʻgʻulistonga qilgan bir necha yillik yurishlari davomida urushda asirga tushgan yoki oʻz xohishi bilan sohibqiron qoʻshini safiga kelib qoʻshilgan qabilalarning barchasi ham islom dinida boʻlgan deb boʻlmaydi. Negaki, Moʻgʻulistonda yashagan turk-moʻgʻul etnoslari Movarounnahrga kelib oʻrnashgan turk-moʻgʻul xalqlariga qaraganda uzoq yillar ajdodlarining diniy eʼtiqodi sanalgan tangrichilikka eʼtiqod qilishni davom ettirgan.

 

Amir Temur islom dinining yorqin vakili sifatida koʻplab xalqlarni bir davlat ostida birlashtirgan boʻlsa ham, hech bir xalqni zoʻravonlik bilan islom diniga eʼtiqod qilishga majbur qilgani toʻgʻrisida manbalarda maʼlumotlar keltirilmaydi. XV-XVI asrlarda yaratilgan manbalarda Temur bunyodkorlik yoʻlini tutgan hukmdor boʻlgani qayd etiladi. Shuningdek, islom dini ulamolarini juda qadrlagani, ular dafn etilgan maskanlarni obodonlashtirgani toʻgʻrisida soʻz yuritiladi. Xususan, 1375-yili oʻz qoʻshini bilan Xoʻjanddan ilk bor oʻtgan Amir Temur Shayx Muslihiddin dafn etilgan joyga alohida eʼtibor qaratadi. 1376-yilning qishida Fargʻonaga Qamariddinning bosqinchi qoʻshinlarini quvib chiqarish uchun ikkinchi bor Xoʻjanddan oʻtayotgan Temur shayxning qarovsiz qabriga befarq boʻlolmaydi. Temur qabrni ziyorat qilarkan, avliyo uchun yangi maqbara qurishga buyruq beradi.

 

Manbalarda Amir Temur tasavvuf tariqatiga doir tolerantlikning amaliy jarayoniga bogʻliq boʻlgan, oʻzining bevosita hayotiy faoliyatiga aloqador yana bir misol keltiriladi: “…xalqqa yordam-u madad maqsadida, men ham Tuqluq Temurning oʻgʻli Ilyosxoʻjaga vazirlik hamda sipohsolorlik qilishga rozi boʻlgandim. Tangri taoloning bandalariga yordam qilganimdan boʻlsa kerakki, Olloh taolo meni saltanat martabasiga yetkazdi”. Ilyosxoʻjaga vazir boʻlib xizmat qilish qanchalik ogʻir boʻlsa-da, muvozanatni saqlashga, totuvlik bilan murosa qilishga majbur boʻlganini eʼtirof etadi.

 

Chingiziylar hukmronligining soʻnggi yillarida xalqni birlashtirish uchun siyosiy vositalarga nisbatan diniy birdamlik, murosa qilish, hamkorlik xislatlari koʻproq rol oʻynardi. Amir Temur islomga katta quvvat berish barobarida, boshqa dinlar bilan murosa qilish, urf-odat, rasm-rusumlarga va diniy arboblarga nisbatan hurmat saqlashni amaliy faoliyatga aylantiradi.

 

Amir Temur oʻnlab muvaffaqiyatli harbiy yurishlar va olib borgan siyosati natijasida kuchli markazlashgan davlat qurdi. U mamlakat obodonchiligiga, madaniy yuksalishga katta eʼtibor qaratdi. Amir Temurning Tabrizga, Ozarbayjonga, Xorazmga, Oltin Oʻrdaga, Hindistonga, Rumga qilgan yurishlari natijasida koʻplab oʻlkalardan olim-u fuzalolar, hunarmandlar va boshqalarni koʻchirib kelib, Movarounnahrning shahar va qishloqlariga joylashtirdi. Ularga shart-sharoit yaratib, mamlakat rivojiga hissa qoʻshishlari uchun zamin yaratdi. Bu jarayon temuriylar tomonidan ham davom ettirildi. Jumladan, Umarshayx Mirzo Qoshgʻarni egallagach, yerlik aholisi va aslzodalarini Oʻzganga keltirdi va ular uchun Raboti Sarhang nomli kasaba bunyod etdi. Koʻchirib kelinganlarning umumiy soni ispan elchisi Klavixoning yozishicha, yuz mingdan oshiqroq boʻlgan.

 

Amir Temur va temuriylar koʻchirib keltirilgan xalqlarga oʻz xalqi kabi munosabatda boʻlgani, ularga shart-sharoitlar yaratib bergani toʻgʻrisida manbalarda turli maʼlumotlar keltiriladi. Ayniqsa, ilm ahli va hunarmand, usta-meʼmorlar doimo sohibqironning himmatidan bahramand boʻlishgan. Bu haqda Ibn Arabshoh “Ajoyib ul-maqdur fi tarixi Taymur” asarida sohibqiron hayotini yoritishda tanqidiy munosabatda boʻlish bilan birga baʼzi voqealarni, xususan, koʻchirib keltirilgan xalqlarga munosabatini ham qayd etib oʻtgan. U 1401-yil Shom zabt etilgach, Samarqandga koʻchirilgani, bu yerda istaganicha bilim olgani va keyinchalik boshqa oʻlkalarga sayohat qilgani haqida yozadi. Jumladan, u Samarqandda fors, turk va moʻgʻul tillarini oʻrgangan, Idiku Temur madrasasida Sayyid Sharif Muhammad Jurjoniy (1339-1413) va Shamsuddin Muhammad al-Jazariy (1350-1449) kabi mashhur olimlardan taʼlim olgan.

 

Amir Temur va temuriylarning koʻchirib keltirilgan yoki bu yerda yashagan boshqa etnoslarga munosabati xususida yana koʻplab misollarni keltirish mumkin. Jumladan, Gʻiyosiddin Koshiyning Samarqanddan Koshonga, otasiga yozgan maktubida bunga doir muhim maʼlumotlar bor.

 

Gʻiyosiddin Koshiy XIV-XV asrlar riyoziyot va falakiyot ilmlarining buyuk allomasi, Samarqandda Ulugʻbek maktabining yetakchi olimi boʻlib, riyoziyotchilar, tabiblar va hunarmandlari bilan shuhrat qozongan Koshondan edi. Koshiy qadimgi Yunoniston, Eron va Oʻrta Osiyolik mashhur olimlarning asarlarini tarjima qilib, ularga sharh yozar, tabobat fani bilan ham shugʻullanardi. Gʻiyosiddin Koshiyning ijodi Oʻrta va Yaqin Sharqda shuhrat topadi. Hayotining soʻnggi yillarini Samarqandda oʻtkazib, taxminan 1429-yilda vafot etadi. U otasiga yozgan maktubida Samarqandga boshqa mamlakatlardan kelib ilmiy faoliyat olib borayotgan oʻzi kabi olimlarga Ulugʻbek tomonidan koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor haqida yozadi.

 

Shuningdek, Temur va uning avlodlari moʻgʻullar davrida Movarounnahrdan boshqa oʻlkalarga koʻchirilgan xalqlarning avlodlarini oʻz yurtiga qaytarib kelgan. Xususan, Movarounnahrdan Xitoyning turli hududlariga oʻtkazilgan xalqlar oʻlkalariga qaytgan. Shu tariqa 1200 dan ortiq musulmon Samarqandga keltirilgan. Hayriniso Alan Temuriylar manbalariga asoslanib, qaytarilganlar sonini yuz ming atrofida boʻlgan, deb yozadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, Amir Temur Movarounnahrda yashovchi turli qavmlar va elatlarni dini, kelib chiqishi, millatidan qatʼi nazar ahil yashashi uchun barcha chora-tadbirlarni koʻrgan. Qavmlar va elatlar aro nizolarga yoʻl qoʻymagan. Kimki sadoqat bilan sidqidildan mamlakatga xizmat qilsa sohibqironning eʼtiboridan chetda qolmagan.

 

Sevinch ULASHEVA,

Toshkent amaliy fanlar universiteti dotsenti, PhD

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 284
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17502
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//