“Oʻzim haqimda koʻp vaysab yubordim. Kel, endi senga oʻtaylik. Men haqimda sen qanday fikrdasan?” – Narsistlarni taniysizmi?


Saqlash
11:05 / 29.05.2024 514 0

“Ona, siz uchun hech qachon yetarlicha yaxshi farzand boʻla olmayman…yoki bu notoʻgʻrimi?” Kitob debochasi shunday boshlanadi. Doktor Karl Makbreyd qalamiga mansub “Boʻsh oyna” asari narsistik shaxs buzilishiga chalingan insonlar bilan munosabatda boʻladigan, yaqin birodari narsist boʻlgan insonlar oʻqishi tavsiya etiladigan kitobdir.

 

Onamiz bilan oʻzaro munosabatlarimiz biz dunyoga kelishimiz bilan boshlanadi. Hayotining ilk nafasini olishimiz bilanoq, himoya va mehrga muhtojligimiz sabab unga bogʻlanamiz. Uning qornida va tugʻruq stoli ustida biz bir butun insonga aylanamiz. Shu ayol, bizning volidamiz, aslida u kim boʻlishidan qatʼiy nazar, bizni hayotga keltiradi. Tugʻilgan paytimizdan boshlab, u bilan boʻlgan aloqamiz butun umrga tatigulik psixologik yuk yaratadi.

 

Ushbu kitob bir necha yillik tadqiqotlar samarasi va baʼzi haqsizliklarni sezib tursa-da, ularni tushuna olmagan jajji qizaloqqa toʻgʻri ruhiy yoʻllanmadir. Kitob muallifi bu haqida shunday deydi: “Boshdan kechirganlaringizda zarracha boʻlsa-da, onangizni ayblamoqchi emasman. Bu yoʻlga gʻazab, gina-adovat va alamzadaliklarni ortib yurish uchun emas, balki, oʻzligimizni anglash uchun otlandik. Men jabrdiyda insonlar borligiga ishonmayman. Biz oʻz hayotimiz va his-tuygʻularimiz uchun faqat oʻzimiz javobgarmiz”.

 

Narsissizm oʻzi nima?

“Ruhiy buzilishlarga oid tashxis va statistik qoʻllanma” (DSM) narsissizmni 9 belgi asosida taʼriflaydi. Amerika Psixoanalitik Assotsiatsiyasi tomonidan qariyb 1,5 million amerikalik ayollarda narsissistik buzilish borligi aniqlangan. Bundan tashqari, klinik darajaga yetmagan narsissizm ham koʻp uchraydi, bu uning naqadar keng qamrovli muammo ekanini koʻrsatadi. Aslida, har birimizda bunday illatlarning u yoki bunisi boʻlishi mumkin, spektrumning quyida qolganlar butkul sogʻlom deb baholanadi. Spektrumda yuqoriga koʻtarilgan sari, muammolar ham shunga yarasha orta boshlaydi.

 

Narsistlar:

 

1.     Oʻzining qadr-qimmati yuqoriligiga shak-shubhasiz ishonishadi. Misol uchun, yutuqlari va qobiliyatlari haqida koʻpirtirib gapirishadi. Buyukligini boshqalar ham tan olishini kutadi. Oddiy misol. Ona faqat oʻzi va oʻzining boshidan oʻtgan voqealar haqida tinimsiz vaysaydi. Qizini esa sira tinglamaydi.

 

2.     Ular cheksiz yutuqlar, hashamat, kuch-qudrat, goʻzallik va ideal sevgi xayollarida suzib yurishadi. Misol uchun, uy bekasi boʻlgan ayol oʻzining taniqli mijozlari koʻpligidan hademay oʻzi ham mashhur boʻlib ketishiga ishonadi.

 

3.     Oʻzining yakka-yu yagonaligi va noyob inson ekanligiga, uni faqat yuqori saviyali insonlargina tushuna olishiga va faqat shunday odamlar bilan munosabat qura olishiga ishonishadi. Masalan, ona oʻz oilasidagilarni kechki ovqatga restoranga olib boradi va u yerdagi xodimlarga oʻz quliday muomala qiladi.

 

4.     Odamlarni hayron qoldirishga oʻzida muhtojlik his qiladi. Oddiy misol: siz uchun qilgan har bir ishida sizdan iltifot, mulozamat va maqtov kutadi.

 

5.     U oʻzini oliy martabaga loyiq deb hisoblaydi. Mantiqsiz umidlarga beriladi. Uning talablari zudlik bilan bajarilishini istaydi. Oʻzini navbatda turib kutishga teng koʻrmaydigan odamlar bunga misol boʻla oladi.

 

6.     Suiisteʼmol qiladi va boshqalardan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanadi. Oddiy misol. Oʻz maqsadlariga erishishiga yordam beradigan odamlarni izlaydigan ayol/erkak.

 

7.     Atrofdagi insonlarga hamdardlik bildira olmaydi (empatiya qura olmaydi). Boshqalarning ehtiyojlarini tushunish va his-tuygʻulariga sherik boʻlishni xohlamaydi. Misol, qizi aytib berayotgan har bir hikoyaga aralashib, uni tuzatadigan ona.

 

8.     Boshqalarga hasad qiladi va odamlar unga hasad koʻzi bilan qarashiga ishonadi. Masalan, hech qachon dugonasi boʻlmagan onaning “Ayollar menga hasad qilishadi” deyishi mumkin.

 

9.     Oʻzini hammadan yuqori his qiladi, yaʼni kibrga beriladi. Misol uchun, farzandiga kambagʻal bolalar bilan oʻynashga ruxsat bermaydigan ona.

 

Qisqacha aytganda, narsistlar empatiya va mehr koʻrsatishga ojiz insonlardir. Ular goʻyoki, xayoliy bir hislar dunyosida yashayotgan insonlarga oʻxshaydilar va oʻzlariga haddan tashqari bino qoʻyishadi.

 

Kitobdan ayrim iqtiboslar:

 

Jamiki hayot, butun insoniyat tarixi inson tanasida jonlanadi. Men meni ichida koʻtarib yurgan ayolni yaxshi taniyman”.

 

“Oʻzim haqimda koʻp vaysab yubordim. Kel, endi senga oʻtaylik. Men haqimda sen qanday fikrdasan?”

 

“Narsissistik oila koʻpincha ichiga qurt tushgan qirmizi olmaga oʻxshab ketadi. Toki, olmani tishlab yeyishni boshlaganda qurtni koʻrmaguningcha, tashqaridan bekam-u koʻst koʻrinadi. Olmaning qolgan qismi yeyishga yaroqli boʻlishi mumkin, lekin uni yeyishga ortiq ishtahang boʻlmaydi”.

 

“Necha yillardir qayoqqa bormay hayotimga ogʻu soladigan qattiq tanbehlar meni tinchi qoʻymaydi. Nimani uddalamay, qancha harakat qilmay, bir yonda ular ham bu ishga mos emasligimni va hech qachon yaxshi bajara olmasligimni aytib turishardi”.

 

“Biz oʻzimizni sevmas ekanmiz, oʻzimizni boshqalarning mehr-muhabbatiga ham noloyiq koʻraveramiz”.

 

Aziza POʻLATOVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 278
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17499
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//