Sun’iy intellekt kimlarni ishsiz qoldiradi? – Ilmiy tadqiqot


Saqlash
10:05 / 30.05.2024 652 0

Dunyo ko‘z o‘ngimizda o‘zgarmoqda. Zamonaviy texnologiyalar turmushimiz, qadriyatlarimiz, gohida e’tiqodimizni yangi o‘zanlarga burmoqda. Ayniqsa, jadal taraqqiy etayotgan sun’iy intellekt sohasi insoniyatga aql bovar qilmas yutuqlarni va’da etmoqda.

 

Azaldan intellekt, ong, aql-faqat insondagina mavjud va u biologik va ijtimoiy asosga ega hodisa deb hisoblanar edi. Ammo mazkur tushuncha keyingi yuz yilda ancha o‘zgardi.

 

Dastlab chex fantast yozuvchisi Karel Chapek XX asrning 20-yillarida sun’iy intellektga ega robotlar haqida yozgan edi. O‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab robotlarning turli avlodlari yaratildi. Darhaqiqat, badiiy adabiyot gohida bashorat va yangi g‘oyalarni ilgari surishda ilm-fandan ham o‘zib ketishi mumkin.

 

Sun’iy intellekt yuqori darajadagi psixika va tafakkur asosidagi tabiiy ongdan farqli o‘laroq, mashinalar tomonidan avvaldan belgilangan algoritmlar paradigmasi va dasturlar kombinatsiyasiga asoslanadi. Ya’ni bu – inson aqliga tayanib bajaradigan jarayonlarning mashina va kompyuter tizimlari tomonidan bajarilishi, simulyatsiya qilinishi. U mustaqil, tabiiy ravishda shakllanmagan, balki inson faoliyati mahsulidir. Shu bois ham “sun’iy” deb sifatlanadi.

 

Mutaxassislarning fikricha, universal kuchli sun’iy intellekt mustaqil holda ma’lumot yig‘adi, xotirasida saqlaydi, o‘zini o‘zi dasturlaydi, mustaqil fikrlaydi, o‘zi xulosa chiqarib, o‘zi qaror qabul qiladi. Hozircha bunday salohiyatga ega sun’iy intellekt mavjud emas, ammo uning ba’zi unsurlari va xususiyatlari paydo bo‘layotir.

 

Hozircha o‘rta darajada bo‘lgan sun’iy intellekt bugungi kunda takomillashib bormoqda. Google onlayn-tarjima tizimi ilgari bir tildan ikkinchisiga tarjima qilishda so‘zlar va gaplarni bo‘lib-bo‘lib o‘girar edi. Bu tarjimaning sifatiga salbiy ta’sir qilar edi. Shu sababli tarmoq mustaqil ravishda bu usuldan voz kechib, jumlani to‘laligicha tarjima qilishga o‘tdi. Natijada tarjima sifati va maromi ortdi.

 

Olimlar sun’iy intellektning dastlabki ko‘rinishlaridan bo‘lgan – botga muzokara olib borish, muloqot qilishni o‘rgatmoqqa kirishdi. Shunisi qiziqki, sinovni o‘tkazayotgan ekspertlar dastlab kompyuter bilan muloqot qilayotganini sezmay ham qolgan. Bot suhbatdoshini chalg‘itib, o‘zini kelishuvga kelayotgandek qilib ko‘rsatishga uringan. Kompyuterning mustaqil va ayyorona harakat qilayotganidan xabar topgan mutaxassislar hayratdan yoqasini ushlagan. Taniqli tadbirkor va ixtirochi Ilon Mask ham sun’iy aqlga ega bo‘lgan temirtanlar insoniyatga katta xavf solishidan ogohlantirgani bejiz emas. “Bizga sun’iy intellektning keragi yo‘q, katta hajmdagi ma’lumotlarni   yodida tutadigan sun’iy xotira bo‘lsa bas” deydi u.

 

Kompyuter dasturi allaqachon shaxmat bo‘yicha eng iste’dodli grossmeysterlarni ham osonlik bilan yengmoqda. Ular inson yordamisiz yangiliklar yetkazib bermoqda, matnni qayta ishlab tahrir qilmoqda. Dunyoning ko‘plab media markazlari, teleradiokompaniyalar, axborot agentliklari sun’iy intellekt yordamidan foydalanmoqda.

 

Hayratlanarli yana bir jihat shuki, inson hayotlik davrida uzoq muddat muloqotda bo‘lgan, uning tarjimai holi, kechmishidan xabardor bo‘lgan, uning fe’l-atvorini ma’lumotlar bazasida saqlab qolgan robot uning o‘limidan keyin ham qisqa-qisqa jumlalar bilan muloqotga kirisha oladi. Mashina bakidagi yonilg‘i miqdorini maxsus ko‘rsatkichga qarab aytib bera olganingizdek, sun’iy intellekt ham inson organizmidagi hayotni ta’min etuvchi kuch-quvvat, resurslar holatini aytib beradi. Shu tariqa sun’iy idrok insonni uning sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan hissiy, ruhiy azoblardan, stresslardan muhofaza qiladi.

 

Inson organizmiga ulangan datchik uning yurak urishi, qontomirlarning holatini nazorat qilib, ma’lumotlarni poliklinikadagi shaxsiy ma’lumotlar bazasiga yetkazib turadi. Olingan ma’lumotlar sun’iy intellekt dasturida tahlil qilinadi. Shifokor shu natijalarga tayanib kerakli maslahat beradi. Hozir bu usul Xitoyda kosmonavtlar salomatligini nazorat qilishda qo‘l kelmoqda.

 

Zamonaviy dasturlar insonning yuz tuzilishi, barmoq izlari, nutq, ovoz tembrini bexato aniqlaydi. Mutaxassislarning fikricha, yaqin kelajakda haydovchisiz avtomobillar ommalashadi. Og‘ir xastaliklarga tez va aniq tashxis qo‘yadigan tibbiyot uskunalari ishga tushadi. Robotlar hovlilarimizni supurib, uylarimizni yig‘ishtiradi.

 

“Biz besh-o‘n yildan keyin kompaniyamiz byudjetining katta qismini insonning ko‘z nurini o‘tkirlashtiradigan, eshitish qobiliyatini yaxshilaydigan, til boyligini oshiradigan, fikrlash doirasini kengaytiradigan, bir so‘z bilan aytganda, uni yashartiradigan va baxtli yashashiga xizmat qiladigan sun’iy intellekt yaratishga qaratamiz” deydi “Facebook” platformasi asoschisi Mark sukerberg.

 

Tobora ommalashib borayotgan robot-androidlarning intellektual salohiyati o‘rtamiyona maktab bitiruvchisining bilim darajasichalik emasdir. Shunga qaramay, intellektual tizimlar hozirdanoq inson og‘irini yengil qilib, kuchli aqliy zo‘riqishga sabab bo‘luvchi yumushlarni ado etayotir. Bunga misol sifatida aeroportlarda parvozlarni muvofiqlashtirishga xizmat qiluvchi axborot-tahlil tizimlarini keltirish mumkin. Ular vaziyatni meteorologik sharoit, samolyotlarning uchish-qo‘nish jadvali, masofa, tezlik singari yuzlab parametrlarni umumlashtirgan holda nazorat qiladi hamda insonga – muhandisga maqbul ma’lumotlarni taqdim etadi. Samolyotlardagi avtopilot imkoniyatini ham shu siraga qo‘shish mumkin. U laynerni boshqaradi, lekin algoritmda ko‘zda tutilmagan favqulodda vaziyatlarda mustaqil, noodatiy qaror qabul qila olmaydi.

 

Fantast adiblar shunchaki g‘aroyib “aqlli mashinalar”, robotlar, avtomat qurilmalarni qalamga olib qolmay, ular tug‘diradigan xavf, inson erki va hayotiga ehtimoliy tahdidlar haqida ham yozgani ma’lum. Yaqin-yaqingacha badiiy asarlarda tasvirlangan ziddiyatlar real hayotdan uzoq, fantastik asar uchun zarur dramatik kolliziya deb qabul qilinardi. Ammo odamzod ertaklar haqiqatga aylanadigan zamonga yetib keldi. Sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalar, “chapek robotlari” real xavf tug‘dirishi mumkinligi tobora oydinlashmoqda.

 

“Facebook” mutaxassislari sun’iy intellekt dasturi o‘rnatilgan kompyuterlar begona tilda mustaqil ravishda muloqotga kirishganidan xabar topib, tizimni o‘chirib qo‘ygan. Gap shundaki, faqat ingliz tilida gapiraverish sun’iy intellekt dasturlarining “jon”iga tegib, odamlardan yashirin ravishda yangi til yaratgan.

 

Albatta, har qanday texnologiya kabi sun’iy intellekt ham inson nazorati ostida rivojlansa, jamiyat koriga yarashi aniq. Ammo u tajovuzkorlik, dunyoga hukmronlik qilish kabi g‘arazli maqsadlarga yo‘naltirilishi ham mumkin. Qolaversa, u odamlarga bo‘ysunmay qo‘ysa, fantastik asarlar, filmlardagi kabi vayronkorlik sodir etsa-chi?! Sun’iy intellekt yordamida kar-soqov va ko‘zi ojizlar, falaj bo‘lib qolgan bemorlar davolangani yaxshi, ammo superqotilni, superterrorchini yaratishga urinish bo‘lmaydi deb kim kafolat beradi?

 

Sun’iy idrokning jadal ravnaqi jamiyatning iqtisodiy, huquqiy va axloqiy asoslariga ta’sir ko‘rsatishi, yangi-yangi muammolarga doyalik qilishi ham mumkin. Deylik, ishlab chiqarish jarayoni avtomatlashuvi ish o‘rnining muntazam qisqarishiga olib keladi. Bir tomondan, inson og‘ir mehnatdan qutuladi, ikkinchi tomondan, texnologiyalar uni ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishdan siqib chiqaradi. Ilm-fan taraqqiyoti bo‘yicha Amerika assotsiatsiyasining Vashingtonda o‘tgan yillik yig‘ilishida ishlab chiqarishda band bo‘lgan xodimlarning 70 foizi robot texnikasining rivojlanishi sababli ishsiz qoladi degan xulosaga kelingan.

 

Sun’iy intellekt texnologiyalari dunyodagi jami ish joylarining qariyb 40 foiziga to‘ldirish va almashtirish yo‘li bilan ta’sir ko‘rsatadi, deydi Xalqaro valyuta jamg‘armasi direktori Kristalina Georgieva. XVJ ma’lumotlariga qaraganda, iqtisodiyoti rivojlangan davlatlarda sun’iy intellekt ta’sir etishi mumkin bo‘lgan ish o‘rni ulushi 60 foizni tashkil etadi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 40 foiz, daromadi past mamlakatlarda esa 26 foizga to‘g‘ri keladi.

 

Boshqa bir guruh olimlar esa xavotirga o‘rin yo‘qligini uqtirmoqda. Ularning fikricha, odamlar sun’iy idrok sababli ishsiz qolishdan qo‘rqmasligi lozim. Avvalo, ish hammaga yetadi. Qolaversa, yangi texnologiyalar zamonida yangi kasblar paydo bo‘ladiki, odamlar ularni o‘zlashtirishiga to‘g‘ri keladi. Sun’iy idrok har qanday holatda ham shogird, dastyor rolida qolaveradi, inson esa unga murabbiylik qiladi (Paul Daugherty, James Wilson. Human+machine: Reimagining Work in the Age of AI. Harvard Business Review Press, 2018).

 

Ulug‘ mutafakkir Jaloliddin Rumiy “Har nechuk mahrumiyat – muyassariyat” deya o‘git berganidek, davr muammolari odamzodga yangi imkoniyatlar eshiklarini ham ochadi. To‘g‘ri, an’anaviy kasb-hunarlarning avtomatlashtirilishi yoki robotlar tasarrufiga o‘tishi mutaxassisliklar nomenklaturasini qayta ko‘rib chiqishga majbur qiladi. Ammo pirovardida odamlarning ish vaqti qisqarib, bo‘sh vaqti ko‘payadi. Tejalgan vaqtni esa inson jismoniy va ma’naviy yuksalish yo‘lida istifoda etmog‘i lozim.

 

Intellektual deb ataladigan mashinalar inson kabi fikrlash salohiyatiga ega emas. Ammo ular uzoq vaqt talab qiluvchi vazifalar, jumladan, minglab fakt-hodisalarni tahlil qilish, shu asosda ilmiy farazlarni ilgari surish, matematik teoremalar, murakkab jumboqlarni tezkorlik bilan tekshirish imkoniga ega. Ixtirochilar bu hali boshlanishi degan fikrda. Po‘latdan ikki yuz barobar kuchli va soch tolasidan million marta yupqaroq nanomateriallar, 3D texnologiyasi asosida yana qancha alomat jihozlar allaqachon ishlab chiqilmoqda.

 

Hisob-kitoblarga qaraganda, o‘ta murakkab operatsiyalarga qodir bo‘lgan sun’iy intellekt 2029-yilga borib yaratiladi. IBM konserni hamda Shveysariyaning Lozanna Politexnika instituti 2025-yilda inson bosh miyasining sun’iy modelini ishlab chiqishni ko‘zlagan. Bu borada AQShdagi bir necha ilmiy laboratoriyalarda ham izlanishlar olib borilmoqda.

 

Sun’iy idrok global xavfsizlikka qanchalik ta’sir ko‘rsatadi? Ushbu masala BMT tuzilmalarida ham muhokama qilinmoqda. Xalqaro hamjamiyat yaqin va uzoq istiqbolni xavotir va hadik bilan baholayotgani bejiz emas. Sun’iy intellekt texnologiyalarining terrorchilar, transmilliy jinoiy to‘dalar qo‘liga tushishi global xavfsizlik uchun qaltis oqibatlarga olib kelishi tayin. Ekspertlarning bong urishicha, insoniyat sun’iy intellekt sabab ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan xavf-xatarlarga ro‘baro‘ bo‘lishi mumkin. “Biz tahdidlarni bartaraf etish choralarini ko‘rmas ekanmiz, hozirgi va kelgusi avlodlar oldidagi burchimizni ado etmagan bo‘lamiz” deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.

 

Sun’iy intellekt tizimi taraqqiy etar ekan, mualliflik huquqi, umuman, intellektual mulk huquqi jabhasida ham bahs-munozaralar kuchaymoqda. Xo‘sh, sun’iy intellektning ijod mahsuliga kim egalik qiladi? Mualliflik patenti kimga beriladi? AQSh okrugi sudi qaroriga binoan, sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan asarlar mualliflik huquqi bilan himoyalanmaydi.

 

Yangi texnologiyalar plagiat, ko‘chirmachilik illatining avj olishiga yo‘l ochmoqda. 2022-yil 30-noyabrda ishga tushirilgan “ChatGPT” muloqot boti turli savollarga javob qaytarishi, talabalarga insho va nazorat ishlari tayyorlab berishi mumkin.  Mazkur bot hatto she’r ham yozadi. Mutaraqqiy mamlakatlarda o‘quvchi va talabalar allaqachon sun’iy idrok dasturi yozib bergan matnni o‘z ijod mahsuli sifatida taqdim qilmoqda. Bu hol mualliflik huquqini himoya qilishni yanada qiyinlashtiradi. Qolaversa, ushbu texnologiya sababli kopirayterlar, jurnalistlar, o‘qituvchilar, huquqshunoslar va boshqa soha vakillari ishsiz qoladi degan xavotir ham mavjud.

 

To‘rtinchi sanoat inqilobi ko‘lami va murakkabligiga ko‘ra insoniyat ilgari guvoh bo‘lgan biror tarixiy hodisaga o‘xshamaydi. Biologik va raqamli dunyoni birlashtiradigan yangi texnologiyalar barcha sohalar, jumladan, siyosat, iqtisodiyot va madaniyatga ta’sir ko‘rsatmoqda. To‘rtinchi sanoat inqilobining asosini esa sun’iy idrok tashkil etadi. “Sun’iy intellekt insoniyat saodatimi yoki halokati?” degan savol barchani o‘ylashga majbur qilmoqda. Texnologiyalarning nazoratsiz rivojlanishi yadro urushi, pandemiyalar kabi hatto insoniyat sivilizatsiyasiga xavf soluvchi fojialarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois mutaraqqiy mamalakatlarda sun’iy intellektni nazorat qiluvchi qonunchilikni ishlab chiqishga urinishlar allaqachon boshlangan. Yevropa Ittifoqi sun’iy intellekt xavfini to‘rt toifaga ajratuvchi qonun hujjati hozirlamoqda. Xitoyda 2023-yilda qabul qilingan qonunda siyosiy jihatdan nozik kontentni cheklash hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishdan avval ishlab chiqaruvchilardan ruxsat olish talabi belgilangan.

 

To‘rtinchi sanoat inqilobi nafaqat kundalik hayotimiz, yumushlarimizni, balki asl “men”imizni ham o‘zgartirmoqda. Inson shaxsiyati, o‘zligiga ta’sir ko‘rsatayotgan yangi voqelik murakkab falsafiy-ontologik muammolarni ham kun tartibiga chiqarmoqda.

 

Shu vaqtgacha aql, ong Olloh tomonidan insonga ato etilgan ne’mat yoki yuksak materiyaning xossasi, voqelikning, olamning inson ongida ideal aks etishi, deb ta’riflanar edi. An’anaviy qarashlarga ko‘ra, inson ongi olamni, voqelikni shunchaki passiv, mexanik tarzda ko‘zgu kabi aks ettirib qolmay, uni faol tahlil qiladi, zamonda (voqealar xilma-xilligida) va makonda (narsa-hodisalarning yonma-yon, ketma-ket joylashuvida) idrok etadi, baholaydi. Zarur holda u voqelikni o‘zgartirishga, takomillashtirishga harakat qiladi, ya’ni unga yaratuvchilik xos. Ong, aql faqat insonda mavjud, u inson bilan birga ijtimoiy-tabiiy evolyutsion tarzda shakllangan va takomillashgan, degan qarash ustun edi. Jahoniy aql, absolyut (mutlaq) g‘oya, absolyut ruh ongning, aqlning manbai degan idealistik nuqtai nazar ham diniy qarashlarning ilmdagi ifodasi edi.

 

Ilm-fan taraqqiy etgach, maymunlar, otlar, delfinlar kabi hayvonlarning rivojlangan turlarida murakkab psixika, ong bo‘sag‘asi (ongoldi) mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Lekin ular ong bo‘sag‘asidan o‘ta olmasligi, tafakkur darajasiga yeta olmasligi ham oydinlashdi. Sirasi, ong mohiyatiga doir qarashlar o‘zgarmay qoldi.

 

Sun’iy intellekt maydonga chiqqach, aql va ongga doir an’anaviy qarashlar oddiy odamlarni ham, ilm-fan vakillarini ham qoniqtirmay qo‘ydi. Ayniqsa, yaqin kelajakda kvant kompyuterlari yordamida kuchli sun’iy intellekt yaratilsa, ong, aqlga nainki inson miyasida olamning in’ikos etishi, shuningdek, sun’iy qurilmalarning o‘z-o‘zini boshqarish asosidagi xulosalari deb ta’rif berish lozim bo‘ladi. Sun’iy intellekt tili mazmunan inson jonli tilidan qanday farqlanadi? Dastlabki farazlarga ko‘ra, u faqat hissiyot uyg‘ota olmaydi, xolos. Biz bu o‘rinda inson ongi va sun’iy ong o‘rtasidagi farq, ularning murakkab xususiyatlari va ziddiyatlari, u tug‘dirayotgan ontologik, funksional-metodologik, kreativ-pragmatik va boshqa falsafiy masalalarga to‘xtalib o‘tirmaymiz. Bu alohida tadqiqot mavzusidir.

 

Xulosa shuki, qudratli texnologiyalar, smart-mashinalar, robotlarning inson aqliy va kasbiy tayyorgarligiga talablari yildan-yilga ortib bormoqda. Ayni choqda, bu jarayon inson aqliy va hissiy dunyosi o‘rtasida asrlar davomida shakllangan muvozanatni buzib, tafovut va ziddiyatlarni kuchaytirmoqda. Bu hol “Taraqqiyot, sevaman seni, / Taraqqiyot, sendan qo‘rqaman!..” degan satrlarni yodga soladi. Insoniyat sog‘lom tafakkur va boy tajribaga tayanib yangi asr jumboqlariga yechim topishiga shubha yo‘q.

 

Iqboloy FAYZULLAYEVA,

Toshkent davlat Transport universiteti tayanch doktoranti

 

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 1-son.

“Taraqqiyot, qo‘rqaman sendan!..” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 286
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17502
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//