Eynshteyn ilhomlangan faylasuf – Kant o‘limi oldidan nega “Bu yaxshi” degandi?


Saqlash
14:05 / 31.05.2024 557 0

Hayratomuz...

 

Olimning hayoti va faoliyati hozirga qadar mutaxassislar bilan birga keng jamoatchilikni ham qiziqtirib keladi. Binobarin, unga munosabat ham turlicha: ba’zilar Kantni maydakash, zerikarli faylasuf deb baholasa, boshqalar uning hayot yo‘li barchaga ibrat bo‘la oladi, deb hisoblaydi. Chunki olim o‘z hayotini hayratomuz tamoyillar-u, qat’iy talablar asosida tashkil qilgan edi (В. Асмус. Иммануил Кант. Москва, “Наука”, 1973. Стр. 7).

 

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, deyarli butun umr har kuni bir vaqtda – soat 5.00 da uyg‘onish va 22.00 da uyquga ketish, bu tutumni buzmay yashash hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Kant ko‘p uyquni “kasalliklar uyasi” deb bilgan, faqat tunda uxlashnigina foydali hisoblagan. Nonushtadan so‘ng uch soat tanaffussiz ijod qilgan, uch soat universitetda ma’ruza o‘qigan. Olim juda och qolgandan keyin tamaddi qilgan – uningcha, ovqat ana shunda tanaga yaxshi singadi. Yolg‘iz o‘zi ovqatlanmagan, har doim hazil-mutoyibaga o‘ch, o‘tkir zehnli, hozirjavob suhbatdoshlar bilan birga o‘tirgan. “Qovun tushirib” qo‘yadigan saviyasi haminqadar kimsalar davraga minba’d taklif etilmagan. Tushlikdan so‘ng har kuni bitta xiyobondagi so‘qmoq bo‘ylab sayr qilgach, bir vaqtda uyga qaytgan (o‘sha xiyobon hozir Kant xotirasiga “Faylasuf xiyoboni” deb ataladi). U qo‘shnilar uchun “tirik soat” edi. Ishga ham har kuni bir vaqtda yayov qatnagani bois shahardagi binolar peshtoqiga o‘rnatilgan soatlar ham Kantning o‘tib-qaytishiga qarab to‘g‘rilangan. Bundan o‘ta ta’sirlangan buyuk Heyne “Kyonigsberg ibodatxonasi peshtoqidagi soat ham kundalik vazifasini Kantchalik aniq va bir maromda bajara olmagan bo‘lsa kerak”, deydi.

 

Olim yolg‘iz yashab o‘tmoqni ixtiyor etgan. Hayotini temir tartibga bo‘ysundira olgani bois bo‘lsa kerak, o‘ta nimjon va kasalmand bo‘lgan Kant oz emas-ko‘p emas 80 yil umr ko‘rdi. Butun umrini tug‘ilgan shahridan bir qadam ham tashqariga hatlamay o‘tkazdi. Bu bilan u dunyo kezmasdan turib olim bo‘lish qiyin deydigan zamondoshlarimizning fikrini chippakka chiqardi.

 

Kant barcha davrlarning buyuk faylasufi sifatida Aflotun va Arastular qatorida turadi. Bizningcha, u o‘z ta’limoti bilan insoniyat dunyoqarashini o‘zgartira oldi va taraqqiyotga ko‘plab qirollar-u harbiy qo‘shindan ko‘proq foyda keltirdi.

 

 

Ma’rifat – mashaqqat demak

 

Immanuil Kant 1724-yil 22-aprelda Sharqiy Prussiyaning Boltiq dengizi bo‘yida joylashgan Kyonigsberg (hozirgi Kaliningrad) shahrida tug‘ilgan. Hunarmand va dindor, ammo o‘ta kambag‘al oilada voyaga yetgan. Nasroniylikning o‘sha davrda keng tarqalgan pietizm oqimi an’analari ruhida tarbiya topgan. Bu – axloqiy me’yorlarni ustun qo‘yadigan diniy yo‘nalish edi.

 

O‘ta qiziqqon, xayolparast va o‘yinqaroqlikdan yiroq Immanuilda o‘qish va ilm olish istagi juda kuchli bo‘lgan. Soddadil dehqon bo‘lmish onasi Anna Regina Reyter xonim bolasidagi bu fazilatlarni rag‘batlantirgan, uning puxta ta’lim olishi uchun qayg‘urgan. Ayol bolalariga tabiat to‘g‘risida hayajon bilan so‘zlab bergan, ularning “nega”, “nima uchun” qabilidagi behisob savollariga Injildan iqtiboslar keltirib erinmay javob qaytargan.

 

Otasi Yohann Georg egar-jabdug‘ yasovchi hunarmand-sarroj edi. Olim mehnatkash oila muhitida voyaga yetganidan doimo faxrlanib gapirgan. Nimjongina farzandining sog‘lig‘idan xavotirga tushgan onaizor bolasining hunarmandchilik bilan shug‘ullanishiga monelik qilgan. Teologiya doktori, oilaning qadrdon do‘sti bo‘lgan F. Shuls bilan obdan maslahatlashgach, ota-ona yosh Immanuilni Fridrix diniy kollegiyasiga o‘qishga beradi. U gimnaziyadagi ma’ruzalar bilan birga ruhoniy Shulsning pand-nasihatlarini ham katta qiziqish bilan tinglaydi. Kant ezgulik, donishmandlik, abadiylik kabi hayotiy tushunchalarning mazmun-mohiyatini, amalsiz e’tiqod o‘lik ekanini ilk bor shu insondan o‘rganadi va buning uchun bir umr ustozidan minnatdor bo‘lib yuradi.

 

Tabiatan erkinlikni hamma narsadan ustun qo‘ygan Kantga gimnaziyadagi temir intizom yoqmaydi. Aslida ta’limda zarur natijaga erishishda qattiqqo‘llikdan ko‘ra o‘qituvchi shaxsi muhimroqdir. Aks holda, Kant mantiq va matematika o‘qituvchilarini bolalarda fanga qiziqish uyg‘otish o‘rniga iste’dod uchqunlarini ham yo‘q qilishdi, deya xotirlamagan bo‘lardi. Yetti yillik tahsil davrida ruhoniy Shulsdan tashqari faqat lotin tili o‘qituvchisigina unda ijobiy taassurot qoldirgan, xolos.

 

Maktabda tinmay teologiya bilan shug‘ullanish yosh Immanuilning tez joniga tegadi va u o‘zida o‘sha vaqtda gimnaziyada o‘rgatilmaydigan fizika, tabiatshunoslik kabi fanlarga kuchli qiziqish sezadi. Aslida bunga atoqli ingliz olimi Isaak Nyuton asarlari bilan tanishish turtki bergan edi. Aynan Nyuton asarlari keyinchalik Kant tomonidan Quyosh sistemasining dastlab tuman holatdan paydo bo‘lgani to‘g‘risidagi mashhur gipotezasining yaratilishiga asos bo‘ldi.

 

Moddiy yetishmovchilik, kambag‘allik yosh izlanuvchini muttasil ta’qib qilgan, 13 yoshida onasidan ham judo bo‘lgan. Kant mushkul sinovlarga faylasuf nigohi bilan boqib, “Men o‘zimni narsalarga emas, narsalarni o‘zimga bo‘ysundirmoqqa intilganman”, deya o‘ziga taskin bergani ma’lum.

 

1740-yilda Kyonigsberg universitetiga o‘qishga kiradi. XVIII asrda Yevropa universitetlaridagi mashg‘ulotlar, matematika, mantiq, falsafa saboqlari ham asosan ruhoniy muallimlar tomonidan olib borilgan. Dastlabki yillarda ma’ruzalarni ishtiyoq bilan tinglagan Kantda ko‘proq tabiatshunoslikka qiziqish ustun kelgan. Aytish mumkinki, universitetdagi tahsil undan kelajakda buyuk faylasuf chiqishidan darak bermagan.

 

Talabalik yillari otasidan judo bo‘lgach, moddiy ahvoli yanada og‘irlashadi. O‘qishdan voz kechishga majbur bo‘ladi, magistrlik dissertatsiyasini ham himoya qilishga imkon topa olmaydi. Ro‘zg‘or tebratish va singillarini boqish maqsadida badavlat oilalar farzandini o‘qitish uchun yollanma uy o‘qituvchisi sifatida ishlaydi. Hunarmand tog‘asi Rixter ro‘zg‘orga qarashib turadi. 1755-yildagina metafizik bilim tamoyillari to‘g‘risidagi dissertatsiyasini himoya qilib, universitetda dars o‘tish huquqini bergan doktorlik darajasini oladi. Biroq bu imkoniyat ham osongina kelmaydi. Kafedrada professorlik lavozimini egallash uchun bergan arizasi javobsiz qoldiriladi va yana 15 yil kutishiga to‘g‘ri keladi! Yosh olim tirikchilik vajidan privat-dotsent sifatida ma’lum haq evaziga tinglovchilarga ma’ruza o‘qiydi. Saboqlar qiziqarli bo‘lishi uchun soatlab vaqtini kutubxonada o‘tkazadi.

 

1770-yilga kelibgina 46 yoshli I. Kant Kyonigsberg universitetining logika va metafizika professori lavozimiga tayinlanadi. Yevropadagi boshqa universitetlardan ham takliflar bo‘lgan, biroq ona shahrini tark etishni istamagan faylasuf barchasiga rad javobi bergan edi. Kant mazkur universitetda qariyb o‘ttiz yil falsafa, metematika va fizika fanlaridan dars beradi. Uni butun dunyoga tanitgan asosiy falsafiy asarlari ham ushbu dargohda yozilgan.

 

 

Balog‘at fasli

 

Kantning hayoti “tanqidgacha” (1770-yilgacha) va “tanqid” (1770-yildan umrining oxirigacha) davrlariga bo‘linadi. Ularning har ikkisida faylasuf qarashlarining muhim xususiyatlari mujassamlashgan.

 

Ilk davrdagi ilmiy izlanishlari markazida tabiat falsafasi muammolari turgan. Bu davrdagi inobatli asari ham “Umumtabiiy tarix va osmon nazariyasi” bo‘lib, unda koinot ibtidosi haqidagi gipoteza ilgari surilgan. Sayyoralar tizimining dastlab tumanlikdan paydo bo‘lgani haqidagi faraz koinot sir-asrorlarini anglash va astronomiya ilmi taraqqiyotida ulkan burilish yasadi. Kant, shuningdek, Yer sayyorasi tarixi va uning istiqboli, harakatning xususiyatlari, zilzilalar, suv ko‘tarilishi-pasayishi sabablari va ta’siri masalalari ustida ham ilmiy izlanish olib borgan, bular haqda qiziqarli fikrlarni bayon qilgan. Kant Yerdagi hayotning boshlanishi Oliy Aqlning irodasiga bog‘liq ekaniga qattiq ishongan. Uning ta’kidlashicha, materiyaning mavjudligi Xudoning borligidan dalolatdir. Shuning uchun barcha moddiy narsalarning ortida Yaratuvchi Parvardigor turadi, deb hisoblagan. “Xudoning mavjudligi dalili” asarida shu masalalar yoritilgan.

 

Kant faoliyatining ilk davrida tabiatshunoslik ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. “Harakat va sokinlikning yangi nazariyasi” (1758) risolasida harakatning nisbiyligi to‘g‘risidagi Rene Dekart fikrini rivojlantirib, jismning har qanday harakati uning o‘z joyini o‘zgartirish jarayonidan iborat, degan xulosaga keladi. Bu borada Kant Dekartdan o‘zib ketadi: mutlaq sokinlik va harakatsizlik bo‘lishi mumkin emasligi, harakat tabiatning universal hodisasi ekaniga oid g‘oyani asoslaydi. Bu davrdagi Kant qarashlarida Gotfrid Leybnis ratsionalizmi ta’siri ham yaqqol sezilib turadi. Gap shundaki, Leybnis qarashlari predmetni bilish asoslari predmet borlig‘ining asoslaridan farq qilmaydi, degan tezisga tayangan. Kant esa, undan farqli o‘laroq, bilish asoslari bilan borliq asoslari o‘rtasida farq mavjudligi g‘oyasini ilgari suradi. Uning fikricha, narsalarning mohiyatini bilish ularning asl mohiyatini bilishdan farq qiladi. Boshqacha qilib aytganda, bilish va uning asosida olingan bilimlar o‘z obyektidan tubdan farq qiladi, ular subyektiv hodisalardir. Bunday farqni topish faylasuf ijodining keyingi – tanqidiy davri uchun zamin bo‘lib xizmat qildi.

 

1770-yildan Kant faoliyatida yangi bosqich – “tanqidiy davr” boshlanadi. Bu vaqtga kelib olim “Barcha falsafiy izlanishlar tanqidga asoslanishi zarur” degan tamoyilga tayanib ijod qiladi. U qolgan umrini insonning bilish qobiliyati va bilimlari qamrab oladigan chegaralarni tanqidiy tadqiq etish lozimligini asoslash uchun sarflagan. Bu davrda u gnoseologiya, etika, estetika muammolarini o‘ta sinchkovlik bilan o‘rgandi va “Sof aqlni tanqid” (1781), “Amaliy aqlni tanqid” (1788), “Muhokama qobiliyatini tanqid” (1790) kabi asarlarni yaratdi. Bularning har biri insoniyat tafakkuri tarixidagi qimmatli asarlar qatoridan joy olgan.

 

 

Kantcha to‘ntarish

 

Kantgacha falsafa “fanlarning malikasi”, “donishmandlik ilmi” hisoblangan bo‘lsa-da, biroq antik davrdayoq Aflotun va Arastu tomonidan aniqlangan muammolar to‘g‘risida bosh qotirish bilan band edi. Kant esa inson aqlining eng nozik jihatlarini anglash bobida ungacha hech kimning e’tibori tushmagan jihatlarni ko‘ra olgan ilk faylasuf bo‘ldi. Uning butun ta’limoti “nima uchun” va “qanday qilib” degan savollarga berilgan javoblardan iborat deyish mumkin. Nima uchun bizning olam to‘g‘risidagi bilimlarimiz mavjud? Qanday qilib insonda yangi bilim hosil bo‘ladi? U nimaga asoslanadi? Bilish jarayoni qanday boshlanadi va uning mohiyati nimadan iborat?.. Kantning tafakkur tarixidagi asosiy xizmatlaridan biri bilish nazariyasi haqidagi ta’limot bo‘lgan gnoseologiyani falsafiy fan darajasiga ko‘targanidir. Falsafiy fikr rivojida butunlay yangi davrni boshlab bergan bu ta’limotni “kopernikona to‘ntarish”ga qiyoslash mumkin. (qarang: С. Катречко. Кантовский “коперниканский переворот”: синтез эмпирического реализма и трансцендентального идеализма. “Вопросы философии”, 2022, №6. Стр. 131 – 141).

 

Bilishda haqiqiy bilim chegaralarini o‘rganish muammolari, agar shunday deyish joiz bo‘lsa, Kant ta’limoti uchun umumiy maxraj rolini o‘taydi. Olim aql va inson tajribasining o‘zaro bog‘liqligini tushuntirib berishni maqsad qiladi va bundan tashqariga chiqishni an’anaviy falsafa va metafizikaning xatosi deb hisoblaydi. Bu bilan u inson tajribasi to‘g‘risidagi samarasiz va quruq muhokamalarga asoslangan qarashlarga barham bermoqchi bo‘ladi.

 

Bilish jarayonida inson aqli imkoniyatlariga turlicha baho berish Kant faoliyatidagi ikki davrning tub tafovutini tashkil qiladi. Agar faylasuf tanqidgacha bo‘lgan davrda inson aqli yordamida bilish imkoni bo‘lmagan narsalarga ham erishish mumkinligiga ishongan bo‘lsa, tanqidiy davrga kelib aqlning bilish borasidagi imkoniyatlariga bo‘lgan ishonch o‘rnini ishonchsizlik egallaydi. Natijada Kantning bilish nazariyasida agnostitsizm – dunyoni bilish mumkinligini inkor etish g‘oyasi hukmronlik qila boshlagan. Uning ta’kidlashicha, olam va bizni o‘rab turgan voqelikni bilib bo‘lmaydi.

 

Kantning o‘tmishdoshlari olamni bilish mumkin emasligini uning cheksizligi hamda muttasil o‘zgarishda ekani, bunday murakkab mohiyatni bilishda inson sezgi a’zolarining imkoniyatlari cheklangani bilan izohlagan. Jumladan, inson a’zolari yordamida ultrabinafsha va infraqizil nurlarni payqashning iloji yo‘q, ultratovushlarni eshitish mumkin emas, qurollanmagan ko‘z bilan mikrodunyoni ko‘rishning imkoni yo‘q...

 

Kant esa o‘zgacha fikrni ilgari surgan: bilishning sababini bilimda aks etgan obyektga emas, balki subyektning o‘ziga qaratish lozim deb hisoblagan. Unga ko‘ra, bilishdagi qiyinchiliklarning sabablari tashqi voqelik, ya’ni obyekt bilan emas, balki bilish jarayonining asosiy subyekti bo‘lgan inson, aniqrog‘i, uning aqli bilan bog‘liq. “Agar bizning hissiyotlarimiz predmetlarning xususiyatlariga muvofiq bo‘lsa, men ushbu xususiyatlar haqidagi aprior narsalarni qanday bilishim mumkin; aksincha, agar predmetlar (hissiyot obyektlari sifatida) bizning his qilish qobiliyatlarimizga muvofiq bo‘lgandagina men aprior bilimlar mumkinligini bemalol tasavvur qila olaman”, deb yozadi u (Immanuel Kant. Critique of Pure Reason. Cambridge University Press, 1998).

 

Faylasufning xulosasiga qaraganda, aql imkoniyatlari cheklangan bo‘lib, inson undan tashqariga chiqish bilan hal etib bo‘lmas ziddiyatlarga duch keladi. Bunday ziddiyatlarni u antinomiyalar deb atagan. Masalan, makon va zamonda cheklanganlik, ya’ni olam zamonda boshlanish muddatiga ega va makonda esa cheksiz; olam zamonda boshlang‘ich davrga ega emas va cheksizdir... Bir-birini istisno etadigan bunday ziddiyatlarni tasdiqlash ham, inkor etish ham mumkin emas.

 

Faylasuf agnostik qarashlarini asoslash uchun uch xil turdagi bilimlarni ajratib ko‘rsatgan: aprior – tajribagacha bo‘lgan bilim, u avval-boshdanoq inson aqlida mavjud bo‘ladi va tajriba yordamida isbotlash talab etilmaydi. Masalan, Xudoning mavjudligini tajriba yordamida isbotlash mumkin emas. U har qanday tajribadan avval ma’lum bo‘lgan bilimdir. Shuning uchun aprior bilim – ishonchli va umumiydir. Aposterior – tajriba yordamida hosil qilingan bilim, taxminiy bo‘lganidan ularning har birini tekshirib ko‘rish kerak. Tajribada hosil qilingan bilimda xatolar uchrashi mumkin, binobarin, uni ishonchli va umumiy bilim deb bo‘lmaydi. “Narsa o‘zida” ko‘rinishidagi bilim. Kant talqinidagi “narsa o‘zida” predmetning ichki mohiyati bo‘lib, inson aqli yetib borishga qodir emas va u odamzod uchun anglangan narsaga aylana olmaydi. Ana shu tarzda “narsa o‘zida” tushunchasi Kantning nafaqat bilish nazariyasida, balki butun falsafasida ham eng asosiy kategoriyaga aylangan.

 

Faylasuf olamni bilishga bunday yondashuv orqali dunyoni ikkiga ajratgan: “narsa o‘zida”dan iborat dunyo va “biz uchun narsalar”dan iborat dunyo. Kant ta’limotida noumen deb atalgan “narsa o‘zida” dunyosi bizning ongimizdan tashqarida va unga bog‘liq bo‘lmagan holdagi obyektiv voqelikni anglatadi. Mazkur dunyoga xos narsa va predmetlar a’zolarimizga ta’sir qilib sezgi uyg‘otadi. Aql esa ushbu sezgi va hissiyotlarni tizimlashtiradi va shu tariqa inson aqlida tashqi dunyo haqida yaxlit manzara hosil bo‘ladi. Biroq, Kant fikricha, bu dunyo haqiqiy dunyo bilan hech bir umumiylikka ega emas. U faqat zohiriy dunyodir.

 

“Biz uchun narsalar”dan iborat dunyo esa tashqi dunyo obrazlaridir. Kant bu dunyoni fenomenlar dunyosi deb atagan. Inson faqat fenomenlar dunyosinigina bila oladi, real dunyoni esa aql tomonidan mutlaqo bilib bo‘lmaydi. Kant bu kabi 30 ta yangi falsafiy kategoriyani ilmiy muomalaga kiritdi.

 

Olim aprior bilimlarning turli tiplarini ham tushuntirib berdi. Ulardan makon va zamonni hissiyot dunyosiga daxldor birlamchi bilimlar qatoriga kiritdi. Ya’ni makon ham, zamon ham insondan tashqarida mavjud emas, ular insonsiz bor bo‘la olmaydi, ular ko‘zoynak misol olamni ko‘rish hamda uni yaxshiroq anglashda qo‘llanadigan nisbiy vositalardir. Ular orqali inson dunyoni yaxshiroq ko‘radi, anglaydi va his qiladi. Kant falsafasiga ko‘ra, agar hissiylikning aprior shakli matematik bilimlarning ishonchlilik sharti hisoblansa, tabiatshunoslikning ishonchlilik sharti mantiqiylikning aprior shaklidir. Masalan, matematik tenglamalar o‘rganilayotgan predmetni yoki fazoni sof his qilish (geometriya) yoki vaqtni sof holda mushohada etish (arifmetika) natijasida namoyon bo‘ladigan bilishdir.

 

Kantning uqtirishiga ko‘ra, makon va zamon – oddiy intuitsiya shakllaridir, ular tajriba asosida quriladi va shu bois ham tajribaga hissa qo‘shadi; shunga qaramay, tajriba obyektlaridan farq qiladi. Bundan shunday xulosa kelib chiqadi: tajriba obyektlari – oddiy ko‘zga sharpasimon tashlanib turadigan narsalardir va, demak, narsalarning tabiati o‘z-o‘zida narsa bo‘lgani bois biz uni bila olmaymiz. Kantning makon va zamonga xos xususiyatlarni ana shu tarzda izohlashi ulug‘ olim Albert Eynshteynga nisbiylik nazariyasi tamoyillarini asoslashda ilhom bag‘ishlagan.

 

Kant hissiyot obyektlari intuitsiyamizning makon va zamon shakllariga mos kelishi zarurligi to‘g‘risidagi va, binobarin, hissiyot obyektlariga oid aprior bilimlarga ega bo‘lishimiz mumkinligi to‘g‘risidagi fikri bilan falsafada chinakamiga to‘ntarish qildi. Chunki unga qadar barcha bilimlar predmetlarga mos kelishi bilishning asosiy mezoni deb hisoblanar edi. Biroq predmetlarga nisbatan ular haqidagi bilimlarni kengaytirishi mumkin bo‘lgan tushunchalar orqali biron bir apriorlikni o‘rnatish borasidagi urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchrab kelayotgan edi. Predmetlarning bizning bilimlarimizga mosligi haqidagi taxminlarga tayansak, metafizikadagi muammolarni hal eta olishimiz mumkinligini aniqlashga harakat qilsak, bu predmetlar bizga ma’lum bo‘lmasdan oldinroq ular haqidagi aprior bilimlar berilganini aniqlash imkonini tug‘dirgan bo‘lar edi. Kantning aynan shu fikrini koinot ilmida inqilob qilgan Kopernik mushohadalariga taqqosan ravshanroq anglash mumkin. Kopernikkacha olamning markazida Yer turishi mutlaq haqiqat edi. Polyak olimi fikricha, zamindan kuzatilganda barcha samoviy jismlar tinch holatda turgan Yerning atrofi bo‘ylab harakatlanayotgandek tuyuladi. Biroq Kopernik barcha yulduzlarning go‘yoki kuzatuvchining atrofi bo‘ylab harakatlanayotgani haqidagi gipoteza osmon yoritqichlarining harakatlanishini yetarli darajada tushuntirib bera olmaydi, deb hisobladi. Buning o‘rniga kuzatuvchining o‘zi harakatlanayotganini e’tirof etib, yulduzlar tinch holatda turibdi deb tasavvur etilsa, ko‘proq muvaffaqiyatga erishsa bo‘ladi, deydi. Masalaga ana shunday noan’anaviy yondashuv pirovardida olimga geliotsentrik nazariyani yaratish yo‘lini ochdi. Kant ham taxminan shunday yo‘l tutdi, ya’ni predmetlarni his etish uchun shunga o‘xshash pozitsiyani metafizikada ham sinab ko‘rdi va insonning bilish qobiliyatlarini tanqidiy o‘rganib chiqib, o‘ziga xos gnoseologik ta’limot yaratdi.

 

Maqolamiz lison-uslubi ancha murakkablashib ketganini sezib turibmiz. Aziz jurnalxonlar buni ma’zur tutadilar degan umiddamiz. Ulug‘ faylasuf ilmiy merosining mazmun-mohiyatini ochib berish istagi ana shuni taqozo etdi. Kantning ummon kabi boy va teran falsafasiga doir mulohazalarimizni yakunlab, olimning umr shomi haqida hikoya qilamiz.

 

 

“Er ist Gut”

 

XVIII asr oxirlariga kelib, keksayib qolgan Kant universitetdagi saboqlarni to‘xtatdi va umrining qolgan qismini osuda uy sharoitida kechirishga qaror qildi. Zotan, uning umri ham, ijodiy imkoniyatlari ham poyoniga yetib borar edi. 1802-yildan xotirasi zaiflasha boshladi, keyingi yil o‘z ismini ham yozolmaslik, ta’m sezgisini yo‘qotish kabi nuqsonlar bo‘y ko‘rsatdi... Olim 1804-yil 12-fevralda vafot etdi. Faylasufning o‘limi oldidan aytgan oxirgi gapi “Bu yaxshi” (“Er ist Gut”) bo‘ldi. Bu jumla zamirida, ehtimol, olimning sermazmun umr uchun shukronalik tuyg‘usi yashirindir. Ehtimol, insonning qanday yashashi lozimligi to‘g‘risida butun bashariyatga qarata aytilgan xitobdir...

 

Buyuk olim yorug‘ dunyo bilan ham kamtarona xayrlashishni ixtiyor etdi: uning vasiyatiga ko‘ra, mutafakkirning jasadini imi-jimida, yaqin qarindosh-u yor-birodarlar ishtirokida, dabdabalarsiz tuproqqa qo‘yish lozim edi. Biroq amalda buning mutlaqo teskarisi ro‘y berdi – 16 kun davomida buyuk vatandoshi bilan vidolashish uchun kelib turgan hamshaharlarning qadami uzilmadi. Shundan so‘nggina u orkestr sadolari ostida millat qahramoni singari mangulik manziliga kuzatib qo‘yildi.

 

Kant murakkab falsafiy ta’limot qoldirdi. Uning qarashlari o‘z davrida shov-shuv uyg‘otdi. Mutafakkir asos solgan ta’limot, garchi turli munozara va tanqidlarga sabab bo‘lsa-da, falsafiy fikr rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi va butun insoniyatning ma’naviy mulkiga aylandi. Uning hamfikrlari dastlab kantchilar, keyinchalik esa neokantchilar maktablari tegrasida birlashdilar.

 

Afsuski, bugun “tishi o‘tmaslik” vajidan Kant qarashlarini o‘rganish va o‘rgatish achinarli ahvolga kelib qolgan. Unutmaylikki, nainki olmon milliy falsafasini, balki butun jahon falsafasini Kantsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. “Kant bo‘lmaganida Fixte ham, Shelling ham, Hegel ham bo‘lmas edi” degan fikr bejiz aytilmagan. Hozirda murakkab davrni boshdan kechirayotgan o‘zbek milliy falsafasi rivoji uchun “Kantdan qochish” o‘rniga “Kantga qaytish” foydaliroqdir. Zero o‘qib, mag‘zini chaqish qanchalik qiyin va murakkab tuyulmasin, olmon mutafakkiri merosini puxta o‘rganmay turib haqiqiy faylasuf bo‘lish mumkin emas.

 

Ismatulla TO‘XTAROV,

Farg‘ona Politexnika instituti dotsenti,

falsafa fanlari nomzodi

 

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 1-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 286
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17503
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//