Bahodir Yalangtoʻsh filmi tahlili – Mutaxassislar nima deydi?


Saqlash
12:06 / 04.06.2024 498 0

Assalomu alaykum, Oyina.uz kanali kuzatuvchilari, bugun yaqinda premyerasi oʻtkazilgan “Bahodir Yalangtoʻsh” filmining tahliliga bagʻishlangan audio-chatimizni boshlayapmiz. Biz bejiz bu mavzuni tanlamadik. Chunki oxirgi vaqtlarda oʻzbek kinosida tarixiy shaxslar, voqealarga bagʻishlangan filmlar koʻpayib qoldi. Bu quvonarli hol, albatta. Ammo son koʻpayishi bilan birga sifat masalasi qay darajada ekani koʻrib chiqilishi kerak, deb hisoblaymiz. Va ayni shu maʼnoda audio-chat shu mavzuga bagʻishlandi. 

 

Bugungi chat mehmonlari bilan sizni tanishtirib oʻtaman:

Baxtiyor Yoqubov – Sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsent

Maftuna Muhammadaminova – sanʼatshunos, jurnalist

Hasan Toshxoʻjayev – “Bahodir Yalangtoʻsh” filmi senariy muallifi

 

Maftuna opa, marhamat, film haqidagi fikrlaringizni birinchi boʻlib sizdan eshitsak.

 

Maftuna Muhammadaminova: Assalomu alaykum, yaqinda koʻrgan filmimiz haqida koʻpchilikda yaxshi fikrlar, yaxshi taassurotlar eshityapmiz. Umuman olganda, kino koʻrish har doim ham oson tomoshabin uchun. Ammo film olish, ayniqsa, u tarixiy film boʻlsa, ancha murakkab, masʼuliyatni talab qiladi. Yomon kino chiqdi deb aytolmaymiz. Chunki bir qancha omillar borki, yomon film deb keskin fikr bildirishga imkon bermaydi, yutuqlari ancha. Umuman, oʻzbek kinosida tarixiy film ishlash yangi tajriba sifatida kirib kelyapti. Jahongir Ahmedov bu yoʻnalishda ancha qoʻli kelib qolganini, professional ish qilishga harakat qilgani, filmda katta jamoa ishlagani koʻrinib turibdi. Film nega koʻpchilikda nima uchun yaxshi taassurot qoldirdi, bu savolga bir nechta fikrlarim bor edi:

 

Birinchidan, qiziqarli kino norrativ yaratilgan, dinamikaga qurilgan, yaxshi syujet. Yaʼni filmning 15 daqiqasini koʻrib, “Boʻldi, davomi bunaqa boʻladi, bunaqa tugaydi”, deb boʻlmaydi. Ikkinchidan, biz uchun, bu avlod uchun yangi, notanish, yopiq sahifalardan yangi qahramonlarni sahnaga olib chiqilgani tomoshabinlar uchun qiziq boʻloladi. Kartinada kitoblar qatida qolayotgan yangi qahramonlarga murojaat qilingani ijodkorlarning yutugʻi. Uchinchidan, bizda biroz oqsagan, jahonda allaqachon qoʻllanilayotgan texnik amaliyotlar, grafikadan foydalanilgani jihatidan ham bu film ancha yaxshi chiqqan, deb oʻylayman. Kartinani tomoshabin sifatida koʻrganda, umumga taʼsir qilayotgan, yaxshi taassurot qoldirayotgan jihatlar deb shu omillarni koʻrdim. Lekin mutaxassis sifatida filmga ayrim tanqidiy mulohazalar ham paydo boʻldi. Kinoning yaxlitligi va izchilligi borasida ayrim jihatlarda fikr-mulohazalar uygʻondi… Hasan aka, senariyni rejissyor bilan birga yozgansiz. Tarixiy obyektivlikdan qochmaslikka harakat qilinib, oltin oʻrtalikni topib va buni filmdayam aks ettirishga baholi-qudrat urinilgan. Va rejissyorning menga koʻproq aktyorlar tanlashdagi…

 

H.T: Baholi-qudrat urinilganmi yoki haqiqatda zoʻrmi?

 

M.M: Gaplashaylik, Hasan aka, gaplashaylik. Gapirishga imkon bersangiz gaplashaylik.

 

H.T: Imkon beraman, ammo gapingizda menda savol paydo boʻldi. Urinilgan degani bu qoʻlingdan kelmadi, ammo harakat qilgansan degani.

 

M.M: Gapimni oxirigacha eshitishingizni istardim…

 

Baxtiyor Yoqubov: Hozir yuqoridagi tortishuvlarni eshitib turdim. Shu bois oldindan bir narsani aytishim kerak, muhokamada, hech kimning gapi oxirgi haqiqat gap boʻlmaydi. Mutlaq haqiqatga kelaman, degan fikrgayam kelish kerakmas, qaysi tomon boʻlishidan qatʼi nazar. Maftuna toʻgʻri aytdi, fikrlar birlamchi koʻrgandagi taassurot bilan aytiladi. Ammo bir tasdiqlangan gap bor, agar koʻpchilik tomonidan filmdagi bir yutuq aytilayotgan boʻlsa, bu yutuq haqiqatda bor. Ammo bir kamchilik koʻpchilik ijodkorlar tomonidan aytilsa, buyam bor va bu narsa ijodkorlarni keyingi kartinalarda hisobga olishi kerak boʻlgan jihat, deb qaralishi toʻgʻri boʻladi.

 

Film koʻp tarmoqli ekani bilan murakkab. Ijodkorlar oldida judayam katta muammo turadi: tarixiy jarayonni tarixiy aniqlikda va badiiy talqinda, uzviy bogʻliqlikda berish. Bu filmda tarix boʻyicha mutaxassislar bilan birga ishlangan va ular tarixiy aniqlikni talab qiladi. Bu yaxshi, ammo shu yerda bir xavf turadi – badiiy kino kitob yoki hujjatli kinomaski, aniq-tiniq koʻrsatib berish birinchi planga chiqsa. Va ikkinchi masala, bularning taʼsirida badiiy talqin qanday koʻrsatiladi. Ikkinchidan, istaymizmi-yoʻqmi, hamma tarixiy asarlar bugungi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning inʼikosi sifatida koʻriladi. Jumladan, bu film ham 17-asrda yuz bergan tarixiy jarayonlar misolida bugungi dunyoda, mintaqada, mamlakatimizdagi boʻlayotgan maʼlum bir mafkuraviy-siyosiy holatlarni qaysidir jihatlarini koʻrsatadi va bugungi tomoshabinga aytadigan gapiyam mana shu bilan belgilanadi. Uchinchi murakkab liniya shuki, real qahramonlar va toʻqima obrazlarning sintezi…

 

…Film premyerasida Tomoshabinlar Sherdor, Tillakori madrasalarni qurdirgan shaxsni tanimasligini koʻrdim. Va koʻpchilik, “Ha, bunaqa narsalarni qilganakan-da”, degan hayrat boʻldi va oʻylaymanki, ana shu hayratni qondirish uchunam, hali Maftuna aytgan, filmning boshi va oxiridagi hikoya shakli paydo boʻlib qoldi. Va afsuski, bu badiiy kinoning xususiyatlariga putur yetkazadi. Chunki bu hikoya, bayon boʻlib qolgan. Biz bilamizki, badiiy film har doim voqealar va xatti-harakatning ifodasi boʻlishi kerak. Shu jihatdan bu narsaga keyingi ishlarga ahamiyat berish kerak. Qoʻpol qilib aytganda, film “plakat” xarakterga ega boʻlib qolgan. Ayniqsa, oxirdagi faxr tuygʻularni uygʻotishga qaratilgan kadrlar...

 

H.T: Uzr, gapingizni boʻlaman, Baxtiyor.

 

B.Y: Gapimni boʻlmang, odam fikridan chalgʻib ketadi.

 

H.T: Bir ogʻiz aytmoqchi edim, professional tahlil ketyapti deb, rahmat.

 

Qizgʻin bahs-munozaralar bilan oʻtgan, mutaxassislar tomonidan asosli fikrlar va ularga senariy muallif tomonidan qaytarilgan javoblarni ushbu havola orqali tinglashingiz mumkin.

 

Mavzuga doir: Byudjeti 31,5 milliard soʻm boʻlgan Bahodir Yalangtoʻsh filmining premyerasi boʻlib oʻtdi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 284
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17502
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//