Uyat sanalmayotgan boqimandalik,  andishasizlikka chiniqayotgan millat – muammoning ildizi qayerda?


Saqlash
19:06 / 05.06.2024 658 0

 

Rassom bir asarini bir oy, bir yil yoki undan ko‘proq vaqtda chizadi. Bir inson ortidan yaxshi nom qoldirmoqchi bo‘lsa o‘z qiyofasini yaratish uchun umr bo‘yi harakat qiladi. Chekilmish zaxmat yaratilayotgan narsaning qiymatiga yarasha bo‘ladi. Millat, yurt qiyofasini yaratish, dog‘ tushirmay o‘z holida saqlash esa ibtidodan intihoga qadar millat farzandlarining mas’uliyati.

 

Ashxobod saylgohida tekin muzqaymoq ortidan kelib chiqqan mashmasha millatni uyg‘otishi, mulohazaga chorlashi, qayg‘uga solishi kerak. Or-nomus degan meros oldida joni ko‘ziga ko‘rinmagan ajdodlarning avlodlari qachon bu qiyofadagi millatga aylandi? Millat madaniyatini ko‘tarish uchun nima qilish kerak? Oyina.uz shu mavzu atrofida ziyolilar va ijtimoiy faollardan munosabat oldi.

 

 

Alisher NAZAR, jurnalist:

 

 

Uyat yo‘qolib qolgan

 

Insonning ichi iymon bilan, ilm bilan nurlanmas ekan, u hech qachon  to‘g‘ri yashay olmaydi. Insonni insoniylik chegarasida ushlab turadigan kuch ilm va iymondir! Busiz insonning hayotida muvozanat yo‘qoladi! Muvozanati buzilgan odamdan esa har narsani kutish mumkin. Agar butun boshli jamiyatda bu muvozanat buzilsa-chi, bu endi juda xatarli. Afsuski, biz bugun buzilgan bir muvozanat ichida yashayapmiz. Odamlarimizda iymon bilan bog‘liq tuyg‘u – uyalish hissi yo‘qolib bormoqda. Albatta, buning ma’naviy, ijtimoiy sabablari bor.

 

Birinchidan, odamlarimiz ommatan dindan, ilmdan uzoqlashib qoldi. Halol-harom masalasi kun tartibidan tushdi. Nima bo‘lsa ham qo‘lga kiritsam bo‘ldi, degan tushuncha onggiga o‘rnashib qoldi. Iymon shuning uchun kerakki, u doim insonni tergab turadi:

 

– Uyalmaysanmi, birovning narsasini tekin olishga? – deydi. – Balki sendan haqliroq odamlar bordir?

 

Insonni ichidan nazorat qilib turadigan bunday “qo‘riqchi” yo‘qolib qolsa, nafs bilan yakama-yakka qolgan inson baribir mag‘lub bo‘ladi.

 

Ikkinchidan, davlatning o‘zi odamlar orasida boqimandalik kayfiyatini shakllantirib qo‘ydi. Bitta hayotiy misol keltiraman. Ijtimoiy tarmoqlarda bir video tarqaldi. Yoshi elliklarni qoralagan bir ayol to‘shakda o‘tiribdi. Qarshisida mahalliy hokimiyat vakillaridan uch-to‘rt kishi qo‘l qovushtirib turibdi.

 

– Men kasalman, erim hech qayerda ishlamaydi, beshta bolamni qanday boqaman? – deydi ayol vajohat bilan.

– Mahallada “temir daftar”da turasiz, hokimiyat 2-3 marta yordam puli ajratdi, imtiyozli kredit beramiz deyapmiz, yana nima qilishimiz kerak? – deydi hokimiyat vakili. – Voyaga yetgan farzandlaringiz bor ekan, ish o‘rinlariga taklif qildik, nega borishmadi?

– Hokimiyat ajratgan 2-3 million so‘m nima bo‘ladi? Qizimga taklif qilingan ish uzoq joyda, qatnab ishlay olmaydi...

 

So‘nggi paytlarda bunaqa voqealarga tez-tez duch keladigan bo‘lib qoldik. Eng yomoni, bu hol so‘z erkinligi, o‘z haq-huquqlarini talab qilish, adolat uchun kurash, deb ta’riflanadigan bo‘ldi. Aslida esa bu xalqimizning ma’naviy ahvoli qay darajaga kelib qolganidan darak beradi. Hatto nochor odamning ham hadeb nolishi, imkon qadar davlatdan foydalanishga urinishi, faqat imtiyoz olish payida bo‘lishi, yaxshilik alomati emas. Vaholanki, tuppa-tuzuk odamlar mahallalarda joriy etilgan “temir daftar”ga kirib olishni omad sanay boshladi. G‘urur va hamiyat o‘ldi! Odamlarda “kerak bo‘lsa davlat meni boqadi”, degan tushuncha o‘rnashib olgandek... O‘z navbatida hukumat “temir daftar”larning joriy qilinishi aholini ijtimoiy himoya qilish yo‘lidagi eng muhim qadam, deb hisobot bera boshladi. Vaholanki, odamlarni “temir daftar”ga kiritish emas, “temir daftar”dan chiqarish muhimroq emasmi? Chunki hammani “temir daftar”ga kiritib boqib bo‘lmaydi.

 

Xulosa shuki, biz faqat qaysidir parkda tekin “marojniy” olaman, deb ur-yiqit qilayotgan olomonni ko‘ryapmiz, xolos. Hayotga tikilibroq qarasangiz, shon-shuhrat, mansab-martaba uchun o‘zini ne ko‘ylarga solayotgan, xalqning ko‘ziga baqirayib turib yolg‘on aytayotgan “ziyolinamo”larimizning tekin “marojniy” talashayotgan olomondan nima farqi bor? Farqi yo‘q! Ularni birlashtirib turgan xususiyat esa bitta: uyat yo‘q! U yo‘qolib qolgan!

 

 

Hilola NAZIROVA, “Yangi O‘zbekiston” universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori:

 

 

 

Tekin kitobga ham shunday talato‘p bo‘larmidi?

 

Albatta bu noxush holat. Har bir tadbir rejalashtirilishdan oldin uni qayerda o‘tadi, odamlar sig‘imi qancha va qaysi oqimda kelib, qaysi oqimda ketadi degan savol turishi kerak edi. Avvalombor, har tadbirning boshida turgan tashkilotchi bu narsani o‘ziga belgilab olishi lozim ediki, hozir endi “yaxshilik qilaman deb yomonlik qilindi” degan iddao aytiladi.

 

Bolalar bilan vaqtini o‘tkazyotgan ota-onalar farzandining xavfsizligi uchun asosiy ma’sul odam hisoblanadi. Xalqimizning bolajonligi bunday paytda bizga faqatgina pand beradi, ya’ni yaxshi niyatda bolasini ko‘chaga aylantirishga olib borgan ota-ona taxminiy holatni ko‘rgan bo‘lishi kerak. Umumiy holatda navbat kutish odobimizning sustligini ta’kidlash lozim, bu borada ota-onalar bolalari uchun o‘rnak bo‘lishi shart.

 

Xalqning madaniyati avvalombor har ota va har ona orqali shakllanadi, to o‘zimiz millat kelajagi – yoshlarga o‘rnak bo‘lmas ekanmiz, boshqalar o‘rnak bo‘ladi. Tekin kitobga ham shunday talato‘p bo‘larmidi, degan savolni o‘rtaga tashlash ham kerak. Biz farzandlarimizning o‘qimishli va o‘qishi uchun ham tekin kitobga talato‘p bo‘lib yig‘ilarmidik, shunday holat bo‘larmidi?

 

 

Barno SULTONOVA, jurnalist:

 

 

Bolaga rad qilishni ham o‘rgatish kerak

 

O‘shanda ijarada ikki oila yashardik. Biz va  hovlining u burchida yana bir oila. Tovug‘imiz kunda 2-3 ta tuxum qilar, bolalarim ularni chelakchaga solib qo‘yardi. Bir kuni qo‘shnimizning o‘smir o‘g‘li, bolalarimning tuxumni qo‘yayotganini ko‘rib hayron qoldi: “Nega yig‘ib qo‘yasizlar buni, yevormaysizlarmi?”, dedi.

 

Men aytdim:

– Bir joyga yig‘ilib turadi, har kuni ertalab o‘zlariga pishirib beraman.

– Bizda unaqa emas, ukam va men tovuqning katagini poylab talashamiz, qaysimiz birinchi topsak, o‘sha pishirib yeydi.

– Agar sen uch kun tuxumni topsang,  uch kun ham o‘zing yeysanmi, boshqalarga-chi, – deyman.

– Ee, boshqalar bilan nima ishim bor...

 

Tekin narsaga odamlarning talashishi biz uchun juda oddiy holga aylandi. Bolalar kunidagi tekin o‘yinchoq va tekin muzqaymoq mashmashasi hammasidan oshib tushdi. Talashish, tekin narsaga yopishish – bularning barchasi bolalik bilan bog‘liq. Bolalikda deyarli ko‘pchilikning ota-onasi bolalarini “talashib katta bo‘ladi-da” deb o‘z erkiga qo‘ygan. Haqingni berma, yulib ol, deb o‘stirgan. Uyida bu akangniki, bu opangniki, bu ukangga deyilmagan. Bola bo‘lgandan keyin talashadi-da, deb go‘yoki mayda qiliqlardan ko‘z yumilgan.

 

E’tibor bersangiz, kichkina bolachalar bir-birining qo‘lidan narsani tortib oladi – o‘ziniki qilgisi keladi. Yana e’tibor bergan bo‘lsangiz, bolachalar doimo biron narsaga birinchi bo‘lib erishishga intiladi. Ongida “men olmasam quruq qolaman” degan tushuncha bor va bu doimo kattalar tomonidan rag‘batlantirilgan. Ko‘pincha bolalar uyga birov bilan urishib kelsa, ota-onalar “sen ham solmadingmi aylantirib, haqingni hech kimga berma” deb qayta-qayta uqtiradi. Juda kamdan kam uchratganman, birovning qo‘lidan narsani tortib olish noto‘g‘ri ekanligini tushuntiradigan ota-onalarni. Hammasi mana shu tortib olishlarning, uni ko‘rib turgan kattalarning “bunday qilish odobsizlik” demasligi oqibati. Tekin bo‘lsa mix yut, “Berganning betiga qarama degan maqollarimiz har doimgidek aktual. Bersa ham olmaydigan, och o‘tirsayam kerakmas deb, g‘ururi balanb keladigan odamlarni juda kam uchratdim. Bolalarga RAD qilishni ham o‘rgatish kerak...

 

 

Zafarjon PO‘LATOV:

 

 

“Soyuz”dan qolgan vasvasa

 

Rossiyada yurgan paytlarim turk firmada ishladim. Dushga suyuq sovun qo‘yilardi – teppa-tekin, yashil, qizil, sariq, ko‘k rangdagi. Ishchilar suyuq sovunni baklashkaga quyib oladigan bo‘ldi: biror qora kunga firmaning suyuq sovuni tugab qolsa ishlataman, boringki, ana, uyga olib ketaman deb. Sovun (men boshida shampun deb o‘ylagandim, bosh yuvsa bo‘ladi-ku) tez tugayotgani uchun kattalar gumonlanib tekshiradi deb, sumkamizga solmay ko‘chaga ko‘mib qo‘yardik.

 

Turklar hafsalamizni pir qildi, na tekshirdi, na sovun tugadi. Har kuni idishni to‘ldirib qo‘yaverdi, qo‘yaverdi – firmaning kattasi sovun zavodi direktorining qizini olganmi, bilmadim, xullas tugatolmadik. Oxiri sovunning tagi mo‘lligini, tugamasligini, uyga obketmoqchi bo‘lsak, magazinda suvtekin turishini tushunib yetdik. Kimdir yashirgan sovunini qaytarib olib kelib idishga soldi, kimdir yalqovlik qilib ko‘mgan joyini qayta ochmadi, xullas sovun boshqa o‘g‘irlanmadi.

 

Asli internetda tarqalgan muzqaymoq mavzusi haqida yozmoqchiydim, gapni aylantirdim-da. Bilasizmi, xalqimizda soyuzdan keyin “tugab qolsa-chi?”, “yetmay qosa-chi?” degan vasvasa mavjud, bu talato‘plar, sharmandaliklar asli shundan. Toshkentda boy kammi, hamma parkda o‘ntadan, yigirmatadan, boring ana, o‘ttiztadan tekin muzqaymoq tarqatadigan joy qilib tashlasin edi, shu sharmandalik bo‘larmidi...

 

 

Sanjar NAZAR, noshir:

 

 

Xalqni ayblamaslik kerak

 

Dunyoning hamma joyida, eng rivojlangan mamlakatlarda ham biror nima tekin tarqatilsa va tashkiliy ishlar to‘g‘ri qilinmasa shunaqa holatlar bo‘ladi. Internetda videomateriallar juda ko‘p bu haqda. Tekin oshda shunday muammo bo‘lganda tadbirkor Zafar Hoshimov qanday qilib olomonni boshqarish va bunday holatlarning oldini olish mumkinligi haqida yaxshi post e’lon qilgandi. Xalqni ayblamaslik kerak, xullas. Teparoqdan, chuqurroqdan – boshqa joydan asl sababni topib, o‘sha bilan kurashgan ma’qulroq.

 

 

Ilyos SAFARОV, jurnalist:

 

 

Jamiyatimizda juda ko‘p narsa xato ketyapti

 

Biz gapiramiz, yozamiz, lekin o‘sha besh ming so‘mlik muzqaymoq, o‘yinchoq uchun o‘zini, o‘ziga qo‘shib bolalarini olomon ichiga urayotganlar, arzoni deya ur-yiqit tashkil qilayotganlar bizni yoki shu kabi muammolarni ko‘tarayotgan saytlarni o‘qimaydi-da baribir. Qani o‘qisalar-u o‘zlari haqida yozilayotgan gaplardan uyalishsa, keyingi harakatlariga xulosa qilishsa. Afsus, o‘qishmaydi, o‘qishsa ham arzon kanallarning saviyasi, arzon mahsulotiga o‘rganishgan.

 

Kundalik turmushida kuniga hech bo‘lmasa, 5–10 bet kitob o‘qiydigan, millat, davlatchilik demaylik, mayli, gaplarimiz balandparvoz bo‘lib ketmasin, lekin g‘urur, or, uyat, insoniylik kabi har bir kishining o‘zigagina tegishli bo‘lgan masalalar, muammolar haqida yozilgan kitob, maqolalarni o‘qiyotganlar bunday sharmandagarchilikni qilmaydi, menimcha.

 

Tarmoq foydalanuvchilari o‘sha ur-yiqitda ko‘proq pulsiz, kambag‘al kishilar bo‘lgani haqida gapiryapti. Yo‘q, qo‘shilmayman, u yerda faqat kambag‘allar emas, moddiy to‘qlar, qimmat mashinasini park atrofida qoldirib kirganlar ham bo‘lgan. Guvohlarning so‘zlaridan eshitdik. Demak, bu o‘rinda ur-yiqitni ma’naviy kambag‘allar tashkil qilgan deyish o‘rinli. Inson molk-mulkli bo‘lishi mumkin, lekin mol-mulk undagi ma’naviy qashshoqlikni to‘ldirolmas, to‘yintirolmas ekan-da. Umuman, ham moddiy va ham ma’naviy kambag‘allik bugun o‘zbek jamiyatida juda urchib ketdi. Bu jamiyat hech tarbiyasi, madaniyati, insoniyligi, or-nomusi, g‘ururi bilan maqtana oladigan jamiyat bo‘lmay qoldi. Odamlar bu narsalar haqida o‘ylamay qo‘ydi. Borgan sari cho‘kib, quyilashib borayotgan millatdekmiz.

 

Endi shu tekin muzqaymoq mashmashasiga, shu kunlarning boshqa bir mashmashasi – poytaxtlik bo‘lgani uchungina viloyatlarda yashovchilarni “xarip” deya haqorat qilayotganlar, shundaylar jazolansa, jazolanganning tarafini olib chiqayotganlar ko‘pligi masalasini qo‘shib ko‘ring-chi? Bilmadim, jamiyatimizda juda ko‘p narsa xato ketyapti, xato ishlayapti.

 

Nargiza ODINAYEVA,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 280
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17501
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//