Toʻrtga boʻlingan Kurdiston. Oʻz davlatiga ega boʻlmagan dunyodagi eng yirik xalq tarixi va buguni


Saqlash
11:06 / 11.06.2024 7970 0

XIX asr oxirida polyak xalqi uch davlat: Germaniya, Avstriya-Vengriya, Rossiya imperiyalari tarkibida yashardi va oʻz milliy davlatiga ega boʻlmagan jahondagi eng katta xalq hisoblanardi. Oradan bir asr oʻtib, polyaklar oʻz davlatiga ega boʻldi, ammo Osiyoda yashovchi boshqa bir yirik xalq – kurdlar bunga erisha olmadi.

 

Kurdlar kim?

 

Buguni kunda umumiy adadi 40 milliondan oshuvchi kurd xalqi Yaqin Sharq mamlakatlarida yashovchi xalqlardan biri. Bu xalq tarixi miloddan avvalgi davrlarga borib taqaladi.

 

Qadimda Zagros togʻ tizmasi va Yuqori Mesopotamiyada yashagan qabilalar nomi “qahramon” maʼnosini bildiruvchi kurd xalqining shakllanishida asosiy rol oʻynagan. Bu qabilalar sirasiga karduxlar, xurritlar, mard(amard)lar, midyanlar, lullabilar va elamitlar kiradi. Ular Eronning markaziy qismidan Shimoliy Kavkazning qorli togʻlariga qadar boʻlgan hududlar istiqomat qilishgan va jangovar xalq hisoblangan.

 

 

Manbalarda ilk kurd davlati sifatida miloddan avvalgi II asrda tashkil topgan Kordeun (Bet-Kardu) qirolligi koʻrsatiladi. Ushbu qirollik hududi hozirgi shimoliy Iroq yerlariga toʻgʻri keladi. Qirollik aholisi qadimgi gʻarbiy eroniy tillarda soʻzlashgan va osmon xudosi Teshshubga sigʻingan. Hozirgi kurd xalqi qadimgi Kordeun qirolligi aholisining avlodi, “Kordeun” soʻzining oʻzi esa Kurdiston nomining ekvivalenti hisoblanadi. Kordeun qirolligi keyinchalik Armaniston, Rim imperiyasi va Parfiya davlati tarkibiga kirgan. Parfiya qulagach, ikki yuz yildan ortiq vaqt davomida Sosoniylar shahanshohligi kurd xalqi yerlarini nazorat qilgan. Oʻlkada Arab xalifaligi hukmronligi oʻrnatilgach, kurdlar arablardan keyin islomni qabul qilgan birinchi xalq boʻladi.

 

Kurd xalqi tarixidagi eng mashhur insonlardan biri – bu Salohiddin Ayyubiydir. Quddusni salibchilardan ozod qilgan sulton Salohiddin Iroqning Tikrit shahrida, kurd oilasida dunyoga kelgan. Aynan u asos solgan Ayyubiylar imperiyasi davrida yezid kurdlari (diniy guruh)ga nisbatan toqatlilik siyosati olib borilgan. Mintaqadagi boshqa hech qaysi sulola bunday yoʻl tutmagan: yezidlar doim taʼqib ostiga olingan. Saljuqiy sulton Sanjar davrida ilk bor Kurdiston nomli maʼmuriy birlik tuzilgan: 1120-yilda Janubiy Ozarboyjon va Baxtiyoriya hududlarini oʻz ichiga oluvchi Kurdiston viloyati tashkil qilingan.

 

 

Kurdlar Saljuqiylardan soʻng, avvaliga Safaviylar, soʻng Usmoniylar saltanati tarkibiga kirgan. Turklar hukmronligi paytida musulmon kurdlar emas, asosan yezid-kurdlar bosimga uchragan. 1606-yilda Ali Posho Yanpoʻlat boshchiligida boshlangan kurd xalqi qoʻzgʻoloni usmonli qoʻshinlari tomonidan bostirilgan. Usmoniylar imperiyasi Birinchi jahon urushida magʻlub boʻlgach, Yaqin Sharq mandatini olgan Fransiya va Buyuk Britaniya mustaqil Kurdiston davlati tuzishni rejalashtiradi. Biroq Turkiya respublikasi buni rad qiladi va kurdlar yashovchi sobiq sultonlik hududlarini oʻziga qoʻshib oladi. Britaniya va Fransiya nazorati ostida qolgan kurd yerlari Suriya va Iroq mamlakatlariga qoʻshib yuboriladi. Kurdlarning Safaviylar davlati tarkibida qolgan qismi Eron fuqarolariga aylanadi. Shu tariqa kurd xalqi va uning yerlari toʻrtga boʻlinib ketadi.

 

Kurd milliy davlatlari va qirgʻinlari

 

Kurdlar bugungi kunga qadar bir necha bor oʻz milliy davlatini tuzishga urinib koʻrgan. Jumladan, Turkiyadan qochib, Kavkazga (Togʻli Qorabogʻga) joylashgan kurdlar Janubiy Kavkazda oʻz maʼmuriy birligiga ega boʻladi: 1923-yilda Ozarboyjon Markaziy Ijroiya qoʻmitasi qarori bilan respublika tarkibida Kurdiston uyezdi tashkil qilinadi. 1930-yilda ushbu uyezd Kurdiston okrugiga aylantiriladi, ammo oradan 75 kun oʻtib, Kurdiston okrugi butunlay tugatiladi. 1936-1944-yillarda esa SSSRʼdagi deyarli barcha kurdlar Qozogʻiston va Sibirga majburan deportatsiya qilinadi. Ularning katta qismi ogʻir yoʻl va qiyin sharoitlar tufayli halok boʻladi.

 

Kurd xalqi Ikkinchi jahon urushi davrida qisqa umr koʻrgan milliy davlatga ega boʻladi. 1941-yilda SSSR qoʻshinlari Eron shimolini okkupatsiya qilgach, mintaqada Tehron taʼsiri zaiflashganidan foydalangan Eron kurdlari mamlakat gʻarbida “Kurd xalq respublikasi” yoxud “Mahabad respublikasi” tuzilganini eʼlon qiladi. Bu respublika 1946-yilgacha, sovet qoʻshinlari Erondan olib chiqilgunga qadar mavjud boʻladi va shu yili shoh armiyasi tomonidan tugatiladi. Respublika rahbari Qozi Muhammad va hukumat aʼzolari dorga osiladi, kurd ziyolilari taʼqibga olinadi. Erondagi qirgʻinlardan keyin kurdlarning bir qismi qoʻshni Iroqqa koʻchib oʻtadi.

 

Mahabad respublikasi e’lon qilinishi

 

Iroq Kurdistoni

 

1918-yili Buyuk Britaniya qurolli kuchlari asosan kurdlar yashovchi Mosul viloyatini egallab oladi. London dastlab mayda kurd qabilalarni birlashtiruvchi Mosul federatsiyasi tuzishni rejalashtiradi, ammo 1922-yili hududda katta neft quduqlari topilgach, inglizlar bu yerning boshqaruvini moʻrt qabilalar ittifoqiga emas, nisbatan mustahkam markaziy hokimiyatga ega Iroqqa topshirishga qaror qiladi. Shu tariqa kurdlar istiqomat qiluvchi muzofotlar Iroq tarkibiga kirgiziladi. Bu yerda yashovchi kurdlar bir necha oʻn yil davomida muxtoriyat va mustaqillik uchun kurash olib borgan. Ularga kurdlarning barzanji qabilasi rahbarlik qilgan. Xususan, 1960-yillar oxirida Mustafo Barzani qoʻzgʻolon koʻtarib, togʻli Kurdistonning barcha qismini oʻz nazorati ostiga oladi va Saddam Husayn bilan muxtoriyat boʻyicha muzokaralar oʻtkazadi. Rasmiy Bogʻdod Kurdiston avtonomiyasiga asosan kurdlar yashovchi, neftga boy Kirkuk tumanini berishdan bosh tortadi va bu yerdagi kurdlarni majburan deportatsiya qiladi. Natijada 1980-yil Eron-Iroq urushi boshlanishi bilan kurdlar Eron tomonda turib, Iroqqa qarshi urushadi. Bunga javoban, Saddam Husayn urush oxirida kurdlarni jazolaydi. “Anfal” nomini olgan operatsiya davomida Bogʻdod Iroq Kurdistonida etnik tozalash oʻtkazadi. Ikki yuz mingga yaqin kurd izsiz gʻoyib boʻladi, yuz minglab kurdlar esa maxsus lagerlarga joylashtiriladi. Faqatgina 2003-yilda, Saddam Husayn qulatilgach, kurdlar oʻzining deyarli mustaqil muxtoriyatiga ega boʻladi.

 

 “Anfal” operatsiyasi oqibatida halok bo‘lganlar xotirasi o‘rnatilgan yodgorlik

 

Iroq Kurdistoni keng vakolatlarga ega va deyarli konfederatsiya koʻrinishida Iroq tarkibiga kiradi. Muxtoriyat oʻz hukumati va prezidentiga ega. Bundan tashqari kurdlar vakillari Iroq gubernatorlar kengashida ham qatnashadi. Umuman olganda, Iroq kurdlari qolgan qardoshlari ichida eng koʻp imkoniyat va erkinliklardan foydalanadi. 2016-yilgi maʼlumotlarga koʻra, Iroqda 6-8 million atrofida kurd istiqomat qiladi.

 

Eron Kurdistoni

 

Bugungi kunda Eronning Kurdiston, Kirmonshoh, Elam, Luriston, Gʻarbiy Ozarboyjon va Hamadon viloyatlarida yashovchi kurdlar aholining asosiy qismini tashkil qiladi. Mamlakatdagi kurd xalqining jami adadi 9-10 million atrofida va ularning asosiy qismi mamlakat gʻarbida yashaydi. Bu yerda ham kurdlar va markaziy hokimiyat oʻrtasida kelishmovchiliklar bor. Tehron kurd faollarining milliy muxtoriyat haqidagi chiqishlarini muttasil bostirib keladi. Oʻz navbatida kurd elitasi Iroqdagi kabi vakolatlarga ega muxtoriyat uchun kurashmoqda. Bugungi jarayonda Oyatullohga qarshi muxolifat tarkibida kurdlar juda muhim oʻringa egaligini kuzatish mumkin.

 

 

Turkiya Kurdistoni

 

Turkiya – dunyodagi kurdlar eng koʻp yashovchi davlat boʻlib, oxirgi maʼlumotlarga koʻra, jumhuriyatda 20 milliondan ortiq kurd millatiga mansub inson bor. Turkiya kurdlari Anqara bilan doimiy, murosasiz kurashlari orqali tanilgan. Turkiya respublikasi tashkil topgandan buyon Kurdiston muammosi bilan shugʻullanib keladi. Kurdlar 1925-, 1927- va 1937-1938-yillarda Turkiyaga qarshi bosh koʻtargan, ammo ularning barchasi muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

 

 

Turkiyada kurdlarga koʻpincha alohida xalq emas, balki turk xalqining bir qismi – “togʻ turklari” sifatida qaralgan. Kurdlarga nisbatan siyosat hukumatlar almashinuvi bilan oʻzgarib turgan. Masalan, 1950-1960-yillarda prezidentlik qilgan demokrat Mahmud Jalol Bayar davrida kurdlarga munosabat ijobiy tomonga oʻzgaradi. Biroq, 1960-yilgi harbiy toʻntarishdan soʻng kurdlar masalasi yana “oʻtkirlashadi”. 1978-yili Anqaraga qarshi kurash uchun Kurdiston Ishchi partiyasi (KIP) tuziladi. Bu tashkilot dastlab kurd xalqi huquqlari uchun siyosiy kurash olib borgan boʻlsa, keyinroq terror yoʻlidan ham foydalanishni boshlaydi. Hozirda KIP Turkiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada va boshqa bir qancha davlatlarda terroristik tashkilot deb tan olingan. KIP 1984-yildan beri Turkiya bilan urush holatida boʻlib, Anqara kurd ayirmachilariga qarshi bir necha bor harbiy operatsiyalar oʻtkazgan. Turkiya qurolli kuchlari jumhuriyatdan tashqari Iroq va Suriya hududidagi kurd pozitsiyalariga ham zarbalar berib keladi. Anqara Suriyadagi kurd boʻlinmalari KIPʼga boʻysunishini taʼkidlaydi, ammo Suriyadagi kurdlar bu daʼvoni inkor etadi.

 

Suriya kurdlari

 

Suriya shimoli-sharqida 1,5 milliondan 2 milliongacha kurd istiqomat qiladi. Fransiya mandati ostiga oʻtgan bu xalq yerlarini Suriyani kelajakda federatsiyaga aylantirishni koʻzlab Suriya tarkibiga qoʻshib yuborgan. Biroq voqealar boshqacha rivojlandi. Suriydagi kurdlar muxtoriyati Damashq tomonidan doimiy ravishda inkor etiladi, chunki Suriyadagi hukmron Baas partiyasi arab millatchiligi mafkurasini targʻib qiladi. Suriya hukumati hatto kurdlar orasida keng tarqalgan Navroʻz bayramini nishonlashni ham cheklab qoʻygan. Teng huquqlar va muxtoriyat uchun Damashq bilan kurashgan kurdlar Suriyada fuqarolar urushi boshlangach, markaziy hokimiyat bilan yaqinlasha boshladi.

 

 

Kurdlar Bashar Asad armiyasiga Islomiy davlat bilan kurashda yordam berdi. Gʻarb davlatlari ISHIDʼga qarshi urushda kurdlarga tayana boshladi va ularni qurollantirdi. Tez orada ISHIDʼdan sezilarli hududlar tortib olindi va bu yerlarda kurd, turkman, ossuriy va boshqa xalqlarni birlashtirgan Rojava respublikasi tuzildi. Kurdlar Asadga qarshi harakatlarni qoʻllab-quvvatlamadi. Suriya armiyasi bunga javoban mamlakat shimoli-sharqidagi kurd qoʻshinlari nazorati ostidagi hududlarni egallab olishga harakat qilmadi. Suriya hukumati va kurdlarning aloqalari yana-da yaxshilanishiga Turkiya ham sezilarli taʼsir koʻrsatdi, deyish mumkin.

 

Turkiya va uning Suriyadagi ittifoqchi kuchlari Rojavaga qarshi operatsiyalar olib borgach, Rossiyaning Hmeymim bazasida Damashq va Rojava respublikasi oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi. Kurdlarning taklifiga koʻra, Rossiya harbiylari tomonidan dastaklanuvchi Suriya armiyasi Turkiya va uning ittifoqchilari tomonidan zabt etilishning oldini olish uchun mamlakat shimolidagi, kurdlar yashovchi chegara shaharlariga kiritildi. Hozirda dunyoviy, konfederativ Rojava respublikasi deyarli mustaqil siyosat olib bormoqda. Muxtoriyat kuchli dunyoviy, feministik qadriyatlarga ega. Suriya shimolidagi kurdlar nazorati ostidagi hududlarda AQSH va Yevropa davlatlari oʻquv lagerlari tashkil qilingan. Gʻarb kurdlarni Yaqin Sharqdagi xavfsizlik kafolatlaridan biri sifatida koʻradi.

 

 

Kurdlar yagona respublika tuzishga harakat qiladimi?

 

Toʻrt davlatdagi turli kurd tuzilmalari anarxizmga asoslanadi. Ularni biron markaziy tizimga birlashtirish murakkab vazifa. Qolaversa, gʻoya va qarashlar ham farqli.  Iroq, Eron va Suriya kurdlari mustaqil davlat tuzish borasida ikkiga boʻlingan: moʻtadillar va ayirmachilar. Barzoniy gʻoyasi tarafdorlari mustaqillik uchun kurashni ideal deb biladi, moʻtadillar esa, aksincha, muxtoriyatga erishish umidida Eron va Suriya tuzumlari bilan faol hamkorlik qilishni yoqlaydi.

 

 

Hozir kurdlarda mustaqillik orzusidan boshqa yagona mafkura yoʻq va buni ham aytilganidek, turli guruhlar oʻziga xos tarzda tushunadi: Turkiya kurdlari alohida davlat uchun, Eron kurdlari esa muxtoriyat uchun kurashmoqda. Suriya va Iroq kurdlari Rojava respublikasini tuzib, alohida hayotga intilmoqda, lekin ular ham baʼzida oʻz mamlakatlari hukumatlari bilan turli shakllarda birlashish imkoniyatlarini koʻrib chiqishni rad qilmaydi. Shundan kelib chiqib, kurdlarning birlashib yagona respublika tuzishi uzoq vaqtli yoki balki hali-beri yuz bermaydigan hodisa, deyish mumkin.

 

Muhammadqodir SOBIROV,

Oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 288
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17503
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//