Oʻqituvchilarni eng “odobli” va “qanoatli” farzandlar deb bilishadi. Sobiq adabiyot o‘qituvchisi bilan ochiq suhbat


Saqlash
18:06 / 12.06.2024 1004 0

Insoniyatni yuksaltiruvchi, dunyoqarashini kengaytiruvchi tuyg‘ularning tarbiyasida adabiyotning o‘rni beqiyos. Shuning uchun ham aksarimizni adabiyot bilan ilk bor tanishtiradgan kishilar – o‘qituvchilar yelkasidagi mas’uliyat katta, deyish mumkin. Birgina uning mahorati va sevgisi bilan o‘quvchiga umuman yangi bir dunyo eshiklari ochiladi. Xo‘sh, ana shunday katta vazifani ortmoqlab borayotgan adabiyot o‘qituvchisining buguni qanday? Bozor iqtisodiyoti o‘zining qonun-qoidalarini yaratgan. U bilan hisoblashmagan zamondoshning umri unadi, yo‘li unmaydi! Bugun adabiyot o‘qituvchisi zamon bilan qanday kelishyapti? Uni qanday muammolar qiynayapti? Shu kabi savollar atrofida sobiq adabiyot fani o‘qituvchisi Oybek Mamataliyev bilan ochiq suhbatga kirishdik.

 

– Jamiyatimizdagi aksar sohalarda asosiy ishlar qolib, dekoratsiya uchun vaqt olishdek buzilmas an’ana shakllangan. Yoki ishga qabul qilishda tajriba va mahоrat qolib, xorijiy til sertifikati, uzoq yillik ish staji, ijtimoiy ahvol kabi talablar birlamchi omil sifatida ko‘riladi. Bu vaziyatlar ta’lim sohasiga ham begona emas. Aytingchi, bugun adabiyot o‘qituvchilarini qanday muammolar qiynamoqda?

 

Ijozatingiz bilan bu savolga batafsil javob bersam. Yutuqlarni boshqalar gapirib boʻlishgan. Ular gapirmasak ham oʻzimizniki boʻlib qolaveradi. Ammo xatolarimizga nazar solish bizni kuchaytiradi. Adabiyot o‘qituvchilari bir necha yildan beri ona tili va adabiyot fanining bo‘lib o‘qitilishi haqidagi qarorni kutishadi. Chunki u qiyinlik darajasi yuqori fanlardan biri hisoblanadi. Ustiga ustak, milliy til va adabiyot davlatning asosiy belgilaridan biri bo‘lgani uchun bu fanga davlat siyosati darajasida qaralishi shart. Ammo amalda ingliz va rus tili o‘qituvchilariga berilgan ko‘plab ustunliklar, imtiyozlar ona tilimizni o‘rgatadigan pedagoglarda yo‘q. Qolaversa, bu fanlar sinfni ikkiga boʻlgan holda oʻqitiladi. Ona tilimiz esa 40–50 ta bolani bir xonaga toʻplab oʻtiladi. 30–40 ta o‘quvchi bilan sifatli dars o‘tish haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas. So‘zlarim biroz keskinroq yangrayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin haqiqiy holat shunday. Ayniqsa, Toshkent shahrida bu yaqqol seziladi.

 

Imtiyozlar haqida gap ochilsa, jiddiy siljish bor deb aytolmayman. Avvallari ham chet tili fani muhimroq hisoblanardi va yaxshiroq ustama toʻlanardi. Hozir ham shunday. 2-3 yil ilgari har oy bir nechta oʻqituvchi yaxshi ishlayotgani uchun moddiy ragʻbat olardi. Endi esa u ham bekor qilinib, oʻrniga quruq rahmat qoldi. Milliy sertifikat imtihonlariga kam vaqt berilganligi uchun sanoqli pedagog sertifikat olishga ulgurdi. Lekin bu umumiy oʻsishni anglatmaydi.

 

Keyingi muammo bu ish joyi uchun tanlov yoki fan o‘qituvchisini baholaydigan mezon masalasi. Yaxshi bilasiz, universitetlarda ona tili va adabiyot fani mutaxassisligiga boshqalarga nisbatan ancha ko‘p kvota ajratilgan. Shu boisdan bitta ish joyi uchun raqobatlashadigan universitet bitiruvchilari va ishsiz bo‘lgan nomzodlar yetarlicha topiladi. Xo‘sh, ko‘plab maktablar qanday yo‘l tutadi, deb o‘ylaysiz? Bitirib kelgan kadrda katta ehtimol bilan tajriba ham, toifa ham bo‘lmaydi. Talabalik vaqtidan ishlab kelganlar juda kam. Direktor go‘yoki yosh kadrni ishga olib, o‘zining mulkiga aylangan maktabni tajriba maydoniga aylantirib qo‘ygisi kelmaydi. Chunki undan ham toifali pedagoglari nechtaligi so‘raladi. Eshik ortida esa sinfxonaga adabiyot ruhini singdirib yuboradigan yosh kadrlar qolib ketgan bo‘lishi ham mumkin. Eng qo‘rqinchli variant – vakant haqida e’lon berib, birinchi qo‘ng‘iroq qilgan odamni ishga olish. Bunisi juda ko‘p uchraydi. Vakant haqidagi e’lon joylanganiga besh daqiqa bo‘lmay, qo‘ng‘iroq qilganingizda “kadr olib bo‘ldik” degan javobni eshitishingiz mumkin. Direktor besh daqiqada telefon orqali adabiyot fani masalasini hal qilib qo‘ya qoladi. Hech qanday tanlov o‘tkazilmaydi. Shuning uchun ham ishga qabul qilish jarayonini biroz tartibga solish zarur. Eng yaxshi nomzod toifasi yoki tajribasi yo‘qligi, kimdandir testni kamroq ishlagani yoki biroz keyinroq qo‘ng‘iroq qilgani tufayli maktab tashqarisida qolib, muhim fan sohadan uzoq kishiga topshirilishi kerak emas.

 

 

Adabiyot o‘qituvchisining bilimi asosiy va ba’zi o‘rinlarda yagona talabga aylanib qolgani ham bor gap. Alaloqibat, darslik va testlarni yodlab olgan repetitorlar adabiyotni his ettiradigan maktab o‘qituvchisidan afzal ko‘rilmoqda. Bu biz uchun yomon signal. O‘zim ham repetitorlik bilan shug‘ullanib kelaman. Ammo atrofimdagi insonlar meni repetitor sifatida emas, o‘qituvchi sifatida qabul qilishini istayman. Chunki adabiyot o‘qituvchisining vazifasi yuksakroq. U jamiyatning hislarini, didini, qalbini tarbiyalaydi.  Bunday pedagogning salohiyatini testlar, sertifikatlar toʻla namoyon etib berolmaydi. Afsuski, bizning ta’lim shuni mezon qilib ushlab olgan.

 

8-9 yil muqaddam men ham adabiyot ustozi darslikni nuqta-verguligacha yoddan bilishi shart, deb hisoblardim. Chunki o‘zimiz barcha sinf darsliklarini “suv qilib ichib” o‘qishga kirgandik. Keyinchalik “diplomli bo‘lib olsam bo‘ldi, organga ishga kirib olaman” deb reja qilgan va umidi puchga chiqqach ona tili va adabiyot fanidan dars soati olib, “maktabdan qo‘nim topgan” adabiyot ustozlari ko‘payib qolganiga guvoh bo‘ldik. O‘sha paytdagi eng asosiy talab shu bo‘lib qoldi. Navoiyni kalaka qiladigan, kitob ko‘targan odamga masxaraomuz ohangda “aqlli”, “botanik” deb nom qo‘yib oladigan, bitta ham she’r yod olmagan “begona”lar safi ancha kengaydi. Ba’zi direktorlar 2-3 ta nomzodni test ishlatib ko‘rib ishga olishardi. Shunday tanlovlarda testni boshqalardan kam ishlagan adabiyotsevar, shoirtabiat kadrlarning yuziga eshik qattiq yopilib, “to‘tiqushlar” ishga olingan holatlarga shohid boʻlgach va 2-3 yil o‘quvchilar dunyosida yashagach, adabiyot o‘qituvchisi uchun darslikni o‘zlashtirish birinchi talab bo‘lishi kerak emas, adabiyotni his etish va buni o‘quvchiga yuqtira olish asosiy mezon bo‘lishi kerak, degan xulosaga keldim. Savolingizga uzoqdan olib kelib javob berishimning boisi shuki, ta‘limga nisbatan bunday noto‘g‘ri yondashuv bugun ham ko‘plab maktablarga ijodkor, adabiyotsevar, kitobxon muallim kirib borishiga to‘siq bo‘lmoqda.

 

– Bugun yana bir og‘riqli tomonimiz – darsliklar. Buni ijtimoiy tarmoqlarda kunora trendga chiqayotgan yangi “qovunlar” sotib turibdi. O‘qituvchi sifatida bugungi darsliklar haqida ham mulohazalaringizni bildirsangiz. Masalan, men o‘quvchiligimda 7-8-sinf darsiliklari edi, adashmasam, “Bahor qaytmaydi”, “O‘tkan kunlar”dan berilgan parchalarni o‘qib, doskaga chiqib gapirib berishga uyalganman. Keyinchalik bu asarlarning to‘liq variantini o‘qiganimda vatanparvarlik, insoniylik balqib turgan sahnalari bor ekan-ku, shu parchalardan ham qo‘yishganda bo‘larkan-ku, degan e’tirozlarim bo‘lgan.

 

– Darslik tuzilayotganida bolaning yosh xususiyati, qiziqishlari inobatga olinishi shart. Demak, bugunning oʻquvchisini yaxshi oʻrgangan, u bilan doimiy muloqotda boʻlgan, sodda qilib aytganda, ayni paytda maktab havosidan nafas olib turgan insonlar darslik yaratish ustida bosh qotirsalar yaxshi boʻlar edi. Lekin bizda darslikni asosan oliygohlarda faoliyat yuritadigan olimlar tuzadi. Ular esa yaqin kunlarda maktab oʻquvchisiga dars bermagan. Tabiiyki, bolaning ehtiyojlaridan bexabar, asosan talabaning ongiga moslashgan. Butun respublika maktablarining adabiyot oʻqituvchilari oʻzlari oʻqitadigan darslikni tuzishda bamaslahat qatnasha olishmaydi. Buni ham adabiyot muallimlarini qiynayotgan muammolar roʻyxatiga qoʻshib qoʻysangiz boʻladi. Axir, bola nimani sevib oʻqishini u bilan har kuni gaplashadigan ustozlari yaxshiroq biladi.

 

Men har bir chorak va yil yakunida oʻquvchilar bilan darslikdagi eng yorqin asarlar boʻyicha soʻrovnoma oʻtkazaman. Savol oddiy: esingizda qolgan asarlarni yoddan ayting. Bolalar yodida qolgan asarlarni sanaydi. Kimdir 10 ta, kimdir 5 ta, yana kimdir 15 ta asarni eslaydi. Bular orasida 2-3 tasi barcha uchun birdek sevimli asar hisoblanadi. Said Ahmadning “Qochoq”, A.Qahhorning “Dahshat”, Oʻ.Hoshimovning “Urushning soʻnggi qurboni”, Odil Yoqubovning “Muzqaymoq” hikoyasi, Asqad Muxtorning “Chinor” romanidan olingan parcha, “Asrga tatigulik kun” romani kabilarni oʻquvchilar cheksiz hayajon bilan oʻqib chiqishgan. Toʻgʻri, oʻquvchiga xush kelmaydigan, u anglayolmaydigan, ammo adabiyotning sara asarlari ham koʻp. Lekin darslik – bu oʻquvchiga tegishli hudud. Agar bola qalbidan joy olmasa, uning ruhiyatiga hamohang kelmasa, manaman degan klassik asarga ham darslikda joy yoʻq, deb oʻylayman.

 

 

Masalan, Ernest Heminguey dunyo tan olgan adib. Uning “Chol va dengiz” qissasi dunyo adabiyoti durdonalaridan hisoblanadi. Ammo 7-sinf uchun tuzilgan yangi darslikda bu asardan berilgan parchani koʻrib taʼbim xira boʻldi. Chunki bu qissani oʻquvchi hazm qila olmaydi. Asar syujeti bugungi oʻquvchi uchun haddan ziyod zerikarli va oddiy tuyuladi. Bugungi oʻquvchi oʻtkir syujetning shaydosi. Bolani adabiyotga oshno qilishda dastlab u bilan hisoblashishga majburmiz. “Chol va dengiz” maktabda dars bermaydigan mutaxassis tomonidan darslikka kiritilgani shundoq sezilib turibdi. Bir necha xatboshidan soʻng asar boʻyicha bitta savol berib ketilishi esa asar matnini oʻqiyotgan bolani chalgʻitadi. Izohlar sahifaning yon tomonida emas, tagida boʻlsa ancha qulayroq boʻlardi. Oʻquvchi mutolaa paytida chalgʻimasligi lozim.

 

Bundan tashqari, 7-sinf darsligida badiiy jihatdan oʻta boʻsh, havaskor adib darajasidagi 2-3 ta hikoya kiritilgan. Oʻquvchilar bu mavzulardan tezroq oʻtib ketishni intiqlik bilan kutishdi. Bu hikoyalarni oʻqib hech qanday taassurot uygʻonmagani, yuragi jiz etmagani haqida ochiq aytishdi. Darslikni varaqlab koʻrishingiz bilan bular qaysi asarlar ekanligini darhol tushunasiz. Zoʻrma-zoʻraki, sunʼiy hikoyalar. Abdulla Qahhor xuddi shu darajadagi hikoyalarni oʻz maqolalarida  ayovsiz “savalagan”. Bugun esa bunday xom-xatala narsalar darsligimizdan oʻrin egallayapti.

 

Baʼzi mualliflarning asarlari shunday kulgili tarzda almashtirilganki, beixtiyor darslik tuzuvchilarning maqsadini tushunolmay xunob boʻlasiz. Eski darslikda Asqad Muxtorning 2-3 ta sara she’rlari berilgan edi. Oʻquvchilar bu sheʼrlarni hayrat va hayajon bilan oʻqib yod olardi. Yangi darslikda esa bu misralar oʻrnini shoirning oʻrtamiyona sheʼrlari egallagan. Asqad Muxtor sheʼrlariga nisbatan oʻrtamiyona sifatini ishlatish, balki, odobdan emasdir. Biroq bu sheʼrlar shoirning haqiqiy darajasi emas. Men adabiyot fanidan har bir ijodkorning eng yuksak ijod namunalari oʻrin olishi kerak, deb oʻylayman. 6-sinf darsligida Odil Yoqubovning hamma uchun sevimli boʻlgan “Muzqaymoq” hikoyasi oʻrniga “Yaxshilik” hikoyasi kiritilibdi. “Muzqaymoq” hikoyasidan parcha keltirilib, davomini CR kodni skanerlash orqali oʻqish mumkinligiga izoh berilgan. “Muzqaymoq” hikoyasi ikkinchi planga tushgan. Ota-ona farzandidan telefonni olib qoʻyib, dars tayyorlashni buyurmoqda. Bolasi kitobni qoʻliga olib, oʻqishi kerak. Lekin kitobda Odil Yoqubovning eng yaxshi hikoyasi boʻlmish “Muzqaymoq” yoʻq.

 

 

9-sinf darsligidan Abdulla Oripovning joʻshqin sheʼrlari gʻoyib boʻlib, asosan katta yoshdagi kitobxonlarga moʻljallangan “Sohibqiron” dramasining oʻrin olishi oʻquvchilar ongida shoir siymosining xira tortishiga sabab boʻlib kelyapti. Abdulla Oripov ijodining choʻqqisi mazkur drama emasligi hammaga maʼlum. Qolaversa, Oʻtkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasidan berilgan parchalar haqida ham shuni aytish mumkin. Toʻgʻri, katta yoshdagi kitobxon uchun “Dunyoning ishlari” qissasidagi har bir hikoya qadrli. Ammo bola barcha asarning qaymogʻiga munosib. Hatto umuman oʻqimaydigan oʻquvchi ham darslikni ilk bor qoʻliga olgach, bir necha daqiqa varaqlab, titkilab koʻradi. Ana oʻsha daqiqalar bolani adabiyotga qiziqtirib olish uchun bizga berilgan muhlatdir. Agar bola kitobni ochishi bilan “Chol va dengiz” yoki “Ota” hikoyasini koʻrsa, u kitobni batamom yopib qoʻyishi tayin.

 

6-sinf darsligidagi Lengston Xyuzning “Rahmat sizga, xonim” hikoyasi ham omadsiz tanlov, deb ayta olaman. Menimcha, tarjima maromiga yetmagan boʻlsa kerak. Bu hikoyada badiiy til jozibasi yoʻq. Kitobda bunday ortiqcha asarlar koʻplab topiladi. Musa Jalilning oʻquvchilar qalbini zabt etgan sheʼrlari darslikdan olib tashlanishi esa oʻquvchining qadrli narsasini tortib olishdan boshqa narsa emas. Buyam mayli, “Oq kema”ning darslikdan chiqarib tashlanganiga nima deysiz?! “Susambil” ertagi 5-sinf adabiyotining bezagi edi. Menimcha, darsliklarda “teginib boʻlmaydigan” sheʼrlar, hikoyalar boʻlishi shart. Ularni barcha avlod vakillari oʻqishi kerak. Nega mening jiyanim “Oq kema” asaridan bahra olmasligi kerak? Millatning oʻzligi boʻlgan “Ravshan” dostoni nega adabiyot kitobidan yulib olindi? Menimcha, baʼzi asarlar adabiyot darsligida muqim qolishi shart.

 

Oʻquvchilik kezlarimizda har oʻquv yilining boshida yangi darsliklar olishimiz bilan adabiyot kitobini varaqlab koʻrardim. Deyarli har bir sahifada oʻzimga tanish boʻlgan sheʼr, ertak va hikoyalarni koʻrib hayratimni yashirolmasdim. U yerdagi baʼzi sheʼrlar 3-4 yil avval akalarim yodlab yurganida qulogʻimga singib qolgandi. Qaysidir ertakni esa allaqachon dadam yoki onamdan eshitgan bo‘lardim. Boshqa bir hikoyani esa bobom gapirib bergan. Biz oʻqiyotgan asarlarni katta avlod ham oʻqigani uchun bemalol muhokama qilolardik. Bir qarashda arzimas tuyulgan bu jihat orqali avlodlar oʻrtasida umumiy ruh, hamohanglik paydo boʻlishi aniq. Ustiga-ustak bu omil mashhur sotsiolog Annet Laro tomonidan ilgari surilgan “Birgalikda rivojlanish” modeliga toʻla mos keladi. “Birgalikda rivojlanish” taʼlimdagi eng samarali model hisoblanib, u ota-ona va farzand oʻrtasidagi uygʻunlikka asoslanadi. Koʻryapsizmi, noyob asarlarni bir necha avlod oʻqishi va muhokama qilishi orqali qanday uygʻunlik hosil boʻlishini?!

 

7-sinfligimizda boshqa fan oʻqituvchisi adabiyot darsida bizni “tinchlantirib turish uchun” kirib qoldi. Doskaga Abdulla Qahhorning “Dahshat” hikoyasi deb yozdi va asarni shavq bilan soʻzlab berdi. Butun sinf hikoyani miriqib tingladik. Oʻqituvchimizning asar haqidagi xulosasi esa bir umrga xotiramga muhrlandi: “Yozuvchi asarni nomlaganida zim-ziyo qabriston dahshatlarini emas, Unsinning toʻrt devor orasidagi erksiz hayotini nazarda tutgan. Inson uchun haqiqiy dahshat – oddiy buyum kabi qadrsiz va erksiz yashashdir”. Ehtimol, bizning qalbimizda ayollarga nisbatan rahm-shafqat tuygʻusi oʻsha darsdan kurtak ota boshlagandir. Bu voqeadan ikkita xulosa chiqarish mumkin:

 

1. Oʻqituvchi oddiy metod bilan ham oʻquvchilarda asarga nisbatan qiziqish uygʻotib, ularning qalbini oʻzgartira oldi.

2. “Dahshat” hikoyasi ustozimiz oʻqigan darslikka ham, bizning darslikka ham kiritilgani bois u boshqa fan oʻqituvchisi boʻla turib oʻquvchilarni asar ichiga olib kira oldi.

 

Qisqasi, oʻzbek xalqining sevimli, yuksak asarlari barcha avlod darsligida boʻlsa bundan faqat yutamiz. Bu bilan yangiliklar kiritilmasin, demoqchi emasman. Yangiliklar ham kiritilsin, biroq “Oq kema” va “Urushning soʻnggi qurboni” oʻrniga emas. Bularni bizlar, farzandlarimiz, nabiralarimiz ham oʻqishi zarur. Bu orqali avlodlar bir-biriga ruhan bogʻlanib halqa hosil boʻladi. Xalq esa mustahkam halqalardan tashkil topadi.

 

Kezi kelganda bir narsani aytib qoʻyay: adabiyot kitoblaridagi tarjimayi hollar yaramaydi. Yangi darsliklarda shoirlarning tarjimayi hollari juda qisqarib ketgan. Lekin men yaramaydi, deganda asosan ularning yozilish uslubini koʻproq nazarda tutdim. Bolalikda akamlarning darsligida o‘qiganim ijodkorlarning tarjimayi hollari birinchi shaxs tilidan edi. Toʻgʻri, hamma ijodkordayam oʻzi yozgan tarjimayi hol topilavermaydi. Ammo borlarini jamlasak ham darsliklarimiz gul-gul yashnab ketardi. Menga Abdulla Oripovning, Erkin Vohidovning tarjimayi hollari qattiq taʼsir qilgan (U darsliklar hozir men uchun orzudagi darsliklar boʻlib qoldi). Agar mualliflarning oʻzi yozgan tarjimayi hollarni kiritsak, oʻquvchilar Bill Geyts va Stiv Jobslarning muvaffaqiyat haqidagi hikoyasini axtarib yurmasdi. Buyuklarning hikoyasi, sarguzashtlari bolalarni koʻproq maftun etadi.

 

Yana bir gap: darsliklar chop etilishi zinhor-bazinhor xususiy nashriyotlarga topshirilishi kerak emas. Biznesmenlarning darsliklarga “bakovul” bo‘lishining oqibatlarini ko‘rdik hammamiz. Hatto taʼlimdan yiroqroq ota-ona ham kitoblardan nuqson topib, internetda namoyish qildi. Darsliklar reklama joylanuvchi eʼlon taxtasidek koʻrina boshladi. 10-sinf oʻquvchilari yangi adabiyot darsligini koʻrmasdan 11-sinfga oʻtdi. Men yil boʻyi ularga mavzuni “havodan olib” oʻtdim. Faqat men gapiraman, ular eshitadi, oʻqib kelishi uchun darslik yoʻq.

 

– Insonlar robotga aylanib borayotgan bugungi kunda adabiyot o‘qituvchisining vazifasi va unga qo‘yiladigan talablar haqida gaplashsak. Siz bugunning haqiqiy adabiyot o‘qituvchisini qanday tasavvur qilasiz?

 

– Nazarimda, har qanday jamiyatga, avvalo, adabiyotni biladigan emas, his qiladigan oʻqituvchilar kerak. Haqiqiy adabiyot oʻqituvchisi deganda mening koʻz oldimda shunday ustoz gavdalanadi: U auditoriyaga kirib kelishi bilan mutlaqo boshqacha atmosfera paydo boʻladi. Oʻquvchilar undan “yana biror qiziqarli asarni gapirib bering”, deb soʻrashni kanda qilmaydi. Ular adabiy qahramonlarning ismini oʻziga laqab qilib olishi, hatto Robinzon Kruzoning sarguzashtlarini oʻz talqinida yozishi ham mumkin. Tortinchoq oʻquvchilar ham doska yonida, maktab sahnasida tez-tez koʻrina boshlaydi. Oʻquvchilarda yumor hissi kuchayadi. Fantaziyasi kengayib, kundalik va xotira daftarlar tuta boshlaydi. Umuman biron satr yozmagan oʻquvchi ota-onasi haqida nimadir qoralab qoladi. Mahoratli muallim tufayli ularning qalbi uygʻonadi. Oʻquvchilar sheʼr-u hikoyalar, ertaklar yozib qolishi shundan. Bir soʻz bilan aytganda, butun sinf adabiyot ruhi bilan yashay boshlaydi. Qaysidir adabiyot oʻqituvchisi kelgach, oʻquvchilar romantik boʻlib qoldimi, demak, yaxshi ustoz kelibdi, deb hisoblayvering. Mening doʻstlarim orasida shunday pedagoglar bor.

 

 

Professional adabiyot o‘qituvchisining o‘quvchilari olimpiadada o‘rin egallay olmasligi mumkin, lekin maktabni bitirib ketgandan keyin ham farzandlari bilan birgalikda kitob o‘qishni kanda qilmaydi. Uning o‘quvchilari insoniy fazilatlari, dunyoqarashi va saviyasi bilan boshqalardan ajralib turadi. Maktab darsligida o‘qigan asarlari, ustozining o‘gitlaridan tortib she’r o‘qishlarigacha xotirasida muhrlanib qoladi. 

 

– 2-3 yildan beri pedagogning ahamiyati haqida gapirilayotgan iliq gaplar kishini quvontiradi. Biroq oʻqituvchilarni tanqid qilish, hatto unga qo’l ko’tarish ham avj oldi. Maktablarimizda istagan kishi darsni buzib kirishi, o‘quvchi oldida ustozini mulzam qilishi-ku oddiy hol. Bugun pedagogning turli muhokamalarga nuqta qoʻyishiga kimlar yoki nimalar toʻsqinlik qilmoqda?  

 

 – Nimalar toʻsqinlik qilishi kimlar toʻsqinlik qilishiga bogʻliq. Ayrim odamlar kemadagi yoriqlarni oʻqituvchilar bilan berkitishga oʻrganib qolgan. Iqtisodiy muammolar bormi – marhamat, pedagoglardan tejash orqali yopamiz. Qisqartirish kerakmi – taʼlim sohasidan qisqartirib qoʻya qolamiz. Oʻqituvchilar davlatning eng “odobli” va “qanoatli” farzandlari. Hamma joyga “oʻqituvchiga yarashmaydi” degan qizil hoshiya tortib qoʻyilgan. Shu boisdan ustozlarning dardi ichida. Oxirgi yillarda oʻqituvchining maqomini oshirish haqida qancha gap gapirilgan boʻlmasin, bunga moddiy oʻlchovlarsiz yetib boʻlmaydi. Achchiq haqiqatni tan olaylik: XXI asr kishisi quruq rahmatga ishlamaydi. Bunday anoyi odamlar anqoning urugʻiga aylanib boryapti. Qachonlardir sevimli kasb tufayli oila, roʻzgʻor ikkinchi darajaga tushgan boʻlishi mumkin. Ammo bugun emas. Bugun Vatan – bu oila, har bir inson oʻz oilasi obodligiga masʼul degan qarash chuqur ildiz otgan. Endi siz 50 yil oldingi qadriyatlar bilan oʻqituvchini ishlatolmaysiz. Sharafli kasb degan soʻzning oʻzi pedagogni maktabda bir umr ushlab turolmaydi. Bugun insonning sharafini belgilashda moddiy oʻlchovlar ham hakamlik qilmoqda.

 

 

Erkak kishi sifatida vaziyatga asosan erkak oʻqituvchilarning nigohi bilan qarayapman. Kecha butun umrini maktabga bagʻishlab, hech narsa orttirolmagan ustoz ulugʻlangan boʻlishi mumkin. Lekin bugun kimdir shunday yashasa, bu odamdan, avvalo, oilasi ranjiydi. Jamiyat esa u haqida oʻz qadriga yetmagan, oilasini abgor holatda qoldirgan degan xulosa chiqaradi. Va koʻp hollarda unga oʻz mehnatini, vaqtini, salohiyatini atigi 3 millionga baholagan inson deb qaraladi. Mantiqan oʻylab koʻraylik: farzandlarining toʻla-toʻkis ulgʻayishi, oila farovonligini 3 million soʻm bilan cheklab qoʻygan erkak oʻqituvchi kimdandir hurmat talab qilishga haqlimi? Axir, bugun oilaning moddiy taʼminoti uchun imkon qadar koʻproq daromad topayotgan, farzandlariga shart-sharoit yaratib berayotgan inson koʻproq qadrlanadi-ku?! Shunday holatimizda ham bugun oʻqituvchilarni bir necha omil maktabda ushlab turibdi:

 

1. Kasbga va bolaga boʻlgan telbalarcha mehr;

2. Shuncha yillik mehnati, tanlagan kasbini tashlab ketishga koʻzi qiymayotgani;

3. Bundan boshqa ish topolmaslik, topsa ham eplolmaslik qoʻrquvi;

4. Shuncha salohiyat bilan savdo-sotiq yoki kirakashlikda “gʻimirsib” yurishdan uyalish hissi.

 

Hozir bu toʻrtta katta omil tobora oʻz kuchini yoʻqotishni boshladi... Shu sabablar ham zaiflashsa va pedagog haqiqatga tik boqishni oʻrganib olsa,  maktabda hech kim qolmaydi. Endi hukumat sergak tortishi kerak: kasbini oilasidan ustun qoʻymaydigan, moddiyat qoniqtirmasa, boshqa sohaga hech tortinmay oʻtib ketadigan, boshqa ish topa olishga koʻzi yetadigan avlod oliygohlarni tamomlab kelmoqda. Bu avlod  farzandlari uchun har qanday kasbdan voz kechishga tayyor. Bu avlod moliyaviy mustaqillik bermaydigan joyda bir kun ham qolmaydi. Chunki bu guruh bugungi kunda insonning ochilmagan qirralari moliyaviy mustaqillikdan soʻng ochilishini yaxshi anglaydi. Farzandingizga kompyuter kerakmi, unda siz koʻproq pul topishingiz kerak. Balki, unga alohida xona, tugʻilishi bilan Tolstoy, Remark, Daniel Defolar bilan suhbatlashib ulgʻayishi uchun shaxsiy kutubxona kerakdir. Unda ham sizga koʻproq daromad zarur boʻladi. Agar sizning maoshingizning choʻgʻi kam boʻlsa, farzandlaringiz yaxshi bogʻcha, oliy, xususiy maktablarda oʻqishi haqida oʻylamasangiz ham boʻladi. Bugun farovon oilaning oʻlchovlari shu qadar oshib ketganki, oʻqituvchining maoshi uni quvib yetolmayapti. Oqibatda oʻqituvchiga oʻquvchilari: “Boshqa yaxshiroq ish qilsangiz boʻlmaydimi, ustoz?” deb savol bera olishi tabiiy hol. Pedagoglar shunday dahshatli bosim ostida ishlamoqda. Shunday sabablar bilan bir doʻstim magistr diplomi boʻla turib, taʼlim tizimidan butkul bezdi va kuryerlikni afzal bildi. Magistr darajasini olgan yigitga kuryerlik qilish osonmas. Lekin maktab tizimi uning salohiyatini koʻrib koʻrmaganga oldi. Oliygohda kimningdir jiyani ishga olinayotganini ochiq aytib, uzr soʻrashdi.  Bir ozdan soʻng Rossiyaga ketdi. Afsuski endi u salohiyatining ulkan qismini rus oʻrmonlariga koʻmib qaytadi.

 

 

Pedagoglar moddiy ragʻbat bobida davlatning oʻgay farzandiga oʻxshab turishi kerak emas. Yana bir eʼtiborli jihat bor: kam pul topayotgan insonning kun sayin oʻziga nisbatan hurmati va ishonchi pasayib boradi. Oʻqituvchilarning videosini tarqatib, gʻarb pedagoglarini misol keltiradigan ota-onalarga soʻzim: sizning bolangizga 3 million soʻm oladigan muallim dars bermoqda, Yevropadagi kabi 3-4 ming dollar olayotgan pedagog emas. Qanchalik keskin eshitilmasin, asl vaziyat shunday. Bunday shiddatli davrda haqiqatni pardozlab, qogʻozga oʻrab aytishga ham vaqt yoʻq. Siz aytishingiz mumkin, 1000 dollar olayotgan ustozlar ham bor deb. Men esa sizdan soʻrayman: ular nechta? Necha foizni tashkil qiladi? Biz kamchilikka qarab xulosa chiqarsak, adashamiz. Umumiy manzara minglab odamlarning qismatidan kelib chiqib chiziladi. Umumiy xulosa ozchilikka emas, koʻpchilikka qarab chiqariladi.

 

Savolingizga uzoqdan olib kelib, atroflicha javob berishimning boisi – bugungi manzara tasvirlanmasa, masalaning tub mohiyatiga yetib borolmaymiz. Oʻqituvchi salohiyatini toʻliq namoyon qilishiga moddiy yetishmovchilik xalal beradi. Piyozni qaysi rastadan olsa arzonroq tushishini oʻylayotgan inson buyuk kelajak yaratolmaydi. XXI asrda roʻzgʻor tashvishlariga oʻralashib yurgan kishidan oliy maqsadlarni va yuksak natijalarni kutmang. Muallimlar kartoshkaning narxi oshganidan ham siqilyaptimi, demak, ularga yaxshi maosh kerak. Oʻqituvchining oyligi shu qadar yaxshilanishi kerakki, narx-navo oshganida ham pinagi buzilmasin. Shunda uning asablari tinch boʻladi. Xayoli qimmatlagan goʻsht bilan emas, ertangi dars rejalari bilan band boʻladi. Afsuski, holat hozircha koʻngildagidek emas.

 

– Adabiyot fanini oʻqitishning samarasini oshirish uchun nimalar qilish kerak, deb o‘ylaysiz?

 

– Menimcha, kitob oʻqitishni oʻrgatishning eng samarali usuli shaxsiy namuna boʻlish – o‘zingiz kitob o‘qishingiz kerak. Keyinchalik bolani kitob doʻkonlariga, kutubxonalarga olib borasiz. Har oy uning kitobiga pul sarflaysiz. Har kuni u oʻqiyotgan narsalar haqida suhbatlashasiz. Sekin-sekin musobaqa ruhida mutolaa qila boshlaysiz. Oʻqiganlaringizni oila davrasida sahnalashtirasiz. Mushoiralar uyushtirasiz. Bularning deyarli barchasi bizning oilamizda bor edi. Va yana albatta, har bir oʻquvchining kitob javoni, mutolaa vaqti boʻlishi kerak.

 

Yana Mashrabning ruhini yetkazishda chiroyli gʻazal oʻqishdan koʻra Xurshid Rasulov ijrosidagi “Yorga yetar kun bormu, yoronlar” qoʻshigʻini birgalikda tinglash va kuylash ancha samarali deb bilaman. Har tugul, darslarimizda sinab koʻrib, bunga bir necha bor amin boʻlganmiz. Shu ma’noda Lutfiy, Bobur, Atoyi gʻazallariga murojaat qilgan Ozodbek Nazarbekov esa mumtoz shoirlar ijodini keng jamoatchilikka targʻib qilishda jamiyki adabiyotshunoslardan koʻra salmoqliroq ish qildi, deyish mumkindir. Demak, adabiyot oʻqitishni tubdan yaxshilash masalasida hamma yuk faqat oʻqituvchilar zimmasiga tushishi kerak emas. Bu barchamiz bel bogʻlab, birgalikda bajaradigan ulkan ish.

 

Adabiyot muallimi Nazarbekovning Lutfiyxonlik, Boburxonlik konsertlarida foydalanib dars oʻtsa, birgalikda ijro qilinsa, adabiyot tom ma’noda san’at darsiga aylanadi. Asar asosida film yoki kino ishlangan boʻlsa, unga, albatta, murojaat qilinishi kerak. Telekanallarda kitoblar reklamasi ham yoʻlga qoʻyilsa, yaxshi boʻlardi. Marhum soʻz ustasi Hojiboy Tojiboyev iborasini biroz oʻzgartirib aytadigan bo‘lsak,  “U kanalga olsang ham kitob, bu kanalga olsang ham kitob, oʻchirib qoʻysang ham kitob” boʻlishi kerak. Eng muhim jihat esa bu xalqning adabiyotga boʻlgan eʼtiboridir. Xalq qanchalik sayoz narsalarga ruju qoʻysa, arzimas insonlarni qahramon qilib boshiga koʻtarsa, bu xalqqa mingta shoir, mingta adabiyot oʻqituvchisi ham yordam berolmaydi...

 

Nargiza ODINAYEVA suhbatlashdi.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 286
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17502
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//