Musulmonga boshpana bergan ateist, toqatsizlik uchun birlashgan singapurliklar, xorijlik bilan turmush qurgan oʻzbeklar – tolerantlik bizga nega kerak?


Saqlash
19:06 / 13.06.2024 799 0

Boshqalar kabi boʻlma, oʻzgalarning ham boshqacha boʻlishiga qoʻyib ber

Xenrik Yagodzinskiy

 

– Ruslarning muqaddas bayrami – Pravoslav pasxasida tayyorlanadigan yeguliklar zoʻr-da! Turli ranglarga boʻyalgan tuxumlarni uni yoqtirmaydiganlar ham ishtaha bilan yeyishadi. Kulich shirinligining takrorlanmas taʼmi, ajoyib koʻrinishi sabab koʻpincha uyimizda talash boʻlib ketadi…

Rusparastmisan?! Har ikki gapning orasida ruscha qoʻshib ketishing, relokantlar haqida ortiqcha qaygʻurishing yetmaganday, endi xristian bayramlarida sherik boʻlishing gʻalati!

 

***

 

– Jamoat transportlarining ayollar va erkaklar uchun alohida qismlarga ajratilishi ayollarning har tomonlama xavfsizligi uchun foydali boʻladi.

Radikal boʻlib ketyapsiz!


***

 

– Bugun biram betayin haydovchi uchradi-yey! Uzundan uzoq tirbandlikda turib qoldik. Svetoforda “Eshikni ochib yuboring, namozga ulgurishim kerak”, desam ham mumkinmas, deb turib oldi.

– Rost-da! Svetoforda yoʻlovchilarni tushirib qoldirish qoidani buzish sanaladi-ku! Qolaversa, hayot uchun ham xavfli. Keyin ibodat masalasi jamoatchilik oldida eʼlon qilinadigan amal emas, u qoidabuzarliklarga sabab boʻlib qolmasligi ham kerak. Umuman olganda, haydovchi amaki haq boʻlgan!

Tavba, islomofoblar borgan sari ortib ketyapti…

 

Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda oʻzgacharoq fikrlarga nisbatan betoqatlik kuchayib, kishilarni yoppasiga radikal, islamofob, gʻarbparastlikda ayblash koʻpayib borayotganini kuzatish mumkin. Oʻzining fikriga qoʻshilmagan ikkinchi tomonga turli tamgʻalarni yopishtirib, haqorat qilishgacha oʻtadigan ayrim tarmoq foydalanuvchilarining oʻzlariga nisbatan bosim boʻlganida bagʻrikenglik haqida yozishlari esa aslida tolerantlik tushunchasi qanchalar muhim ekanini koʻrsatadi. Biroq u faqat doʻppi tor kelganda qoʻllaniladigan tushuncha emas. Tolerantlik oʻzidan boshqalarning shaxsiy xususiyat va qarashlariga nisbatan sabrli va bagʻrikeng boʻlishni nazarda tutadi. Uning  millati yo dini yoʻq va har bir davlat hamda fuqaroning muhim xususiyatlaridan sanaladi. Shunday ekan, bu borada dunyodagi vaziyat qanday, bizdagi kabi vaziyatlarda mamlakat tashqarisida qanday munosabatda boʻlishadi? Oyina.uz xorijda yashaydigan va boshqa millat vakili bilan turmush qurgan vatandoshlarning tolerantlik borasidagi fikrlari bilan qiziqdi. 

 

Yosh germaniyaliklar koʻproq millatlararo madaniy uygʻunlikni istashadi

 

Dilshod Rahmatov – 1982-yil Toshkent viloyatida tugʻilgan. “Digital Career Institute GmbH” maʼruzachisi, falsafa fanlari doktori. 2012-yildan buyon turmush oʻrtogʻi va 4 nafar farzandi bilan Germaniyada istiqomat qiladi.

 

 

Tolerantlik men uchun oʻzgacha dunyoqarash, turmush tarzi, xulq-atvor va urf-odatlarga nisbatan bagʻrikenglikni bildiradi. U befarqlik yoki boshqacha qarashlarni qabul qilish kerakligini emas, balki boshqalarning shaxsiy eʼtiqodi va qadriyatlariga koʻra yashashiga toqatli boʻlishni anglatadi. Bu xususiyat dunyodagi turli xalqlar, millatlar va dinlarni hurmat qilish uchun ham muhim. Shuningdek, tolerantlik insonning turli nuqtai-nazarlarga ochiqligini va oʻziga ishonchi yuqoriligini bildiradi.

 

2014-yil Germaniyaga bir qator musulmon mamlakatlaridan qochqinlar kela boshlagan. Koʻplab nemis oilalari urush va notinchlikdan qochgan oilalarga boshpana berishadi. Shular qatorida bir nemis doʻstim ham boʻlgan. Ular oilaviy ateist boʻlishiga qaramay, qochqin musulmonlarga oʻz xonadonidan joy bergan, alohida idish-tavoqlar sotib olib, ibodatlari uchun qulay sharoit yaratgan. Doʻstim oʻzining qozon-tovogʻini qochoqlar bilan boʻlishmagani sababini esa unda choʻchqa goʻshti tayyorlashlari bilan izohlagandi. Men bu holatni nemislar boshqa din vakillarining eʼtiqod va madaniyatini hurmat qilishi va bagʻrikenglik belgisi, deb tushunganman.

 

Boshqa xalqlarning eʼtiqod va urf-odatlariga nisbatan bagʻrikenglik masalasi Germaniyada keng muhokama va tadqiqot mavzusi sanaladi. Garchi, ochiqlik va izolyatsiya tarafdorlari oʻrtasida qutblanish kuchaygan boʻlsa-da, baʼzi tadqiqotlarga koʻra, nemislar madaniy xilma-xillikka koʻproq ochiq boʻlib bormoqda. Ularning taxminan yarmi “muhojirlar jamiyatning asosiy madaniyatiga moslashishi kerak”, deb hisoblaydi, 36 foizi esa madaniyatlar uygʻunligini maʼqullaydi. Yoshlar orasida madaniyatlarni bir-biriga yaqinlashtirish zarurligi haqidagi mulohaza yuqori.

 

Mamlakatda mintaqa va fuqarolarning yoshiga qarab bagʻrikenglikka boʻlgan munosabatda farqlar mavjud. Misol uchun, 25 yoshgacha boʻlgan yoshlar madaniy uygʻunlikni koʻproq qoʻllab-quvvatlasa, 70 yoshdan oshgan odamlar immigratsion moslashuvni maʼqullaydi. Bu esa jamiyatda madaniy xilma-xillik sharoitida, muvaffaqiyatli birga yashash boʻyicha kelishuvga erishish zarurligidan dalolat beradi.

 

Umuman olganda, Germaniya madaniy xilma-xillikni hurmat qilish va eʼtirof etishga intiladi, lekin ayni paytda integratsiya va ijtimoiy hamjihatlik bilan bogʻliq muammolar ham yoʻq emas.

 

Gruzinlar azaldan tolerant xalq boʻlgan

 

Farzona Qudratillayeva – 1994-yil Toshkent shahrida, musiqa sanʼati boʻyicha professor Rifatilla Qosimov oilasida dunyoga kelgan. Hozir tugʻruq taʼtilida, undan avval musiqa fanidan dars bergan. Turmush oʻrtogʻi va farzandi bilan Gruziyada yashaydi.

 

 

Tolerantlik mendan farqli insonlarning fikrini, dunyoqarashini va tuygʻularini qabul qilib, hurmat koʻrsatish, ularga bagʻrikenglik bilan munosabatda boʻlishdir. Shaxsan oʻzim birinchi navbatda, insonning millati yoki boshqa shaxsiy xususiyatlariga emas, insoniy jihatlariga ahamiyat beraman. Yaxshi yoki yomon insonlar hamma millatda – gruzinlarda ham, oʻzbeklarda ham uchraydi.

 

Gruzinlar azaldan tolerant xalq boʻlganini bir tarixiy voqea bilan ifodalamoqchiman. Bu meni Gruziya va gruzinlarga boʻlgan hurmatimni yanada kuchaytirgan voqealardan biri.

 

Tbilisi shahriga V asrda asos solingan, lekin VIII asrda shahar arablar tomonidan zabt etilib, to XI asrgacha ularning hukmronligi ostida boʻlgan. Gruzinlar Tbilisini endi qaytarib ololmasak kerak, deb oʻylagan. Lekin Qirol David IV (quruvchi) 4 asrdan soʻng Tbilisini gruzinlarga qaytara oladi. Ammo arab xalqini shahardan haydamaydi, ularning hak-huquqlarini ham kamaytirmaydi, aksincha, gruzin xalqiga qaraganda ular uchun soliq toʻlovlarini minimal darajaga kamaytiradi. Aksariyat aholisi musulmonlardan tashkil topgan baʼzi tumanlarda esa choʻchqa soʻyish, goʻshtini isteʼmol qilishni ham taqiqlaydi.

 

Gruzin millatining boshqalarga nisbatan bagʻrikengligini oilam misolida aytadigan boʻlsam, ular meni birinchi kundanoq oʻz qizidek qabul qilgan. Saba (umr yoʻldoshi)ning oila aʼzolari tilla, doʻstlari ham oʻta oq koʻngil insonlar. Ular menga turmush oʻrtogʻim bilan urishib qolgan taqdirimda, kim haq boʻlishidan qatʼiy nazar, men taraf boʻlishlarini, ularga bemalol suyanishim mumkinligini aytishgan. Oʻylashimcha, bu gruzinlarning nafaqat tolerantligi, balki Gruziyada ayollarning hurmati haqida ham koʻp narsani bildiradi.

 

Urf-odatlarga keladigan boʻlsak, ikkimiz ham bir-birimizning milliy madaniyatimizni qadrlab, hurmat qilamiz. Biz uchun eng muhimi – bu sevgi! Sevgisiz na hurmat, na bagʻrikenglik, va na sabr boʻladi.

 

Birgina toqatsizlik uchun butun Singapur aholisi birlasha oladi

 

Jasurbek Tursunov – 1983-yil Andijon shahrida tugʻilgan. Toyota kompaniyasi mutaxassisi. 2009-yildan buyon oilasi bilan Singapurda yashaydi.  

 

 

Tolerantlik deganda, boshqa insonlarda mavjud aqliy, jismoniy yoki ijtimoiy qarashlarga bardoshlilikni tushunaman. Kimdir bizdan farqli oʻlaroq, fikri yoki hayotga yondashuvi uchun kamsitilishi – eng kamida insoniylikka toʻgʻri kelmaydi. Singapurliklar millat va din jihatidan turlicha boʻlsa ham, odamiylik jihatidan birlashgan. Bunga ikki voqeani misol keltirish mumkin.

 

2011-yili bir singapurlik oila ijtimoiy tarmoqda qoʻshnisi ustidan  “shikoyat” qilgan. Unda muallif qoʻshnisi uyida tez-tez Kari (Curry — juda koʻp ziravorlar qoʻshiladigan hind milliy taomi) pishirishi va uning hidi hamma joyga tarqab ketishi haqida aytib, bu ovqatni ortiq uyda tayyorlamasliklarini soʻragan. Postni koʻrgan barcha singapurliklar – irqi, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼiy nazar, uyida Kari pishirib tarmoqqa joylay boshlagan. Birgina toqatsizlik uchun butun Singapur aholisi bir boʻlib, har bir millatning milliy taomlarini hurmat qilishga chaqirganini koʻrish juda yoqimli boʻlgandi.

 

Meni hayratlantirgan ikkinchi voqeada esa malay millat vakillari uyida toʻy bazmini oʻyin-kulgilar bilan nishonlayotgan vaqtda, oʻsha koʻchadan xitoy millatiga mansub oila marhum tobutini olib oʻtadi. Shu payt holatdan xabar topgan toʻy egalari musiqani toʻxtatib, tobut oʻtib ketgunicha sukut saqlab turishgan. Mana buni oʻzgalarga hurmat, desa boʻladi.

 

Singapur aholisining 76 foizini xitoyliklar tashkil qiladi. Mamlakat 15% malay millati , 7% hind millati  va 2% qolgan millat vakillaridan iborat. Mamlakatdagi har bir millatning dini, yashash tarzi, tili bir-biridan tubdan farq qiladi. Lekin bu tafovutlar odamlarni ajratuvchi emas, balki birlashtiruvchi omil boʻlishi uchun maktab darsliklariga “Milliy uygʻunlik” fani kiritgan. Unda millatlar oʻrtasidagi farqlar aniq tushuntirib beriladi. Yana bu yerda turli millatlarning bayramlari ham doimiy ravishda nishonlab kelinadi.

 

Oʻzbekistonda-chi?…

 

Oʻzbekiston koʻp millatli mamlakat boʻlib, unda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Ularning qadriyatlari, shaxsiy xususiyatlari va eʼtiqodi mamlakatning milliy aholisi bilan bir qatorda hurmat qilinadi va kamsitilishiga yoʻl qoʻymaydi. Jamiyat ham ular bilan normal hayot kechirishga moslashgan. Masalan, biz koʻchamizdagi yagona rus qoʻshni bilan juda ahil edik. Ular bizga oʻzbek tilida salom berar, biz esa bu hurmatga javoban suhbatni ularning tilida davom ettirardik. Xayit bayramlarida oʻzbek qoʻshnilari qatori, ularga ham arafa oshini ulashganmiz. Ular esa Pravoslav pasxasida bizga kulich, rangli tuxum va boshqa shirinliklar olib chiqardi. Tushunganingizdek, munosabatlarda oʻzaro hurmat ustunlik qilgan va bu, hech qanday rusparastlikdan emas, shunchaki odamiylikdan darak edi. 

 

 

Malika Azimova (respondent istagiga koʻra ismi oʻzgartirilgan) – 1998-yil Qashqadaryo viloyatida tugʻilib, turkiyalik insonga turmushga chiqqan va Namanganga kelin boʻlgan.

 

- Turmush quradigan insonim musulmon boʻlsa, millatining ahamiyati boʻlmagan. Oʻylashimcha, turmush uchun asosiysi sevgi, tushunish, ishonch, sadoqat va qoʻllab-quvvatlash. Bobom ham buvimni sevib qolib, Litvadan kelin qilib olib kelganlar. Til begona, millat begona, lekin bir-birini tushunib, sevganlari uchun yaxshi umr kechirishgan, deb oʻylayman.

 

Turkiyalik yigit bilan turmush qurishimizga qarshilik asosan, masofa yuzasidan boʻlgan, yaʼni uzoqqa qiz berishni xohlashmagan. Uzoqda boʻlsang turli vaziyatlarda yelkama-yelka turolmaymiz, deb xavotirlanishgan. Keyin uzoqdagi odamlarning qanaqa ekanini bilish qiyin, degan hissiyot ham oilamdagilarni qiynagan boʻlsa kerak. Lekin shukrki, baxtli oilada yashab kelyapman, menimcha muhabbat, tushunish va ishonch boʻlsa, masofalar hech narsa emas.

 

Jasurbek Tursunov: Singapurda millatlar yoki dinlararo turmush rishtalarini bogʻlash yangilik emas, bunday oilalarni juda koʻp uchratish mumkin. Shu sababli boʻlsa kerak, singapurlik oilam meni yaxshi qabul qilib olgan. Men bu yerdagi oilaviy anʼanalarda doimiy ishtirok etganimdek, singapurlik qarindoshlar Oʻzbekistonga borganda bizning urf-odatlarimizni bajonidil bajarishadi.

 

Ota-onam bolaligimizdan har bir qarorimizni hurmat qilib kelishgan. Chet elda taʼlim olgach, vaqti kelib Oʻzbekistonga qaytib, uylanishni niyat qilgandim. Taqdir ekan, singapurlik qiz bilan turmush qurdim. Bunga ota-onam umuman qarshilik qilmagan. Yashaydigan inson sensan, baxtli yashasang bizga shuning oʻzi kifoya, deb rozilik berishgan. Oiladagi tushunmovchiliklarda ochiqchasiga suhbat qilib, oldimizda turgan muammoni birga hal qilamiz. Uchinchi shaxslarni umuman oraga aralashtirmaymiz. Har bir masalada fikrlarimizni hurmat qilamiz, qayerdadir yordam kerak boʻlsa, buni ayol kishi yoki erkak kishi boʻlganing uchun sen qilishing kerak, demaymiz. Shuningdek, farzand tarbiyasi yoki uyni ozoda tutish borasida ham.

 

Oʻtgan vaqtlarga nazar tashlaydigan boʻlsak, oʻzbek tarixda ham yetarlicha bagʻrikeng millat boʻlganini koʻrish mumkin. Oddiy misol, Rahmat Fayziyning “Sen yetim emassan” asari asosida olingan filmini eslang. Unda toshkentlik temirchi Sovet ittifoqining turli hududlaridan boʻlgan 14 nafar bolani oʻz qaramogʻiga oladi. Yo boʻlmasa, buvi-buvalarimizning yoshlikdagi hikoyalariga eʼtibor bersak, ularning aksariyatida 2 yoki undan ortiq elat vakili muhim inson sifatida tilga olinadi. Ularni avvaliga, manzillar birlashtirgan boʻlsa, keyinchalik, umumiy maqsad, qiziqishlar yo boʻlmasa shunchaki, insoniy munosabatlar qadrdonga aylantirgan. Irq, eʼtiqod va urf-odatlardagi rang-baranglikka qaramasdan, oila rishtalarini bogʻlaganlar ham kam emas. Tolerantlik aslida ham mana shu – maʼlum maqsad atrofida turli insonlarning ahil birlasha olishidir. Bunda nafaqat din yoki irq, millat masalasi, balki fikrlar, qarashlar, hamda tomonlarning ona tilidan qatʼiy nazar, umumiy “til” topisha olishi muhim sanaladi. 

 

Butun dunyoda tolerantlik turli xalqlarni birlashtirib, bir millatni yana-da jipslashtirarkan, biz oʻzbeklar bir-birimizning fikrlarimiz va dunyoqarashimizga toqatli boʻlolishimiz, hurmat koʻrsatishimiz butun jamiyat uchun faqat foyda keltiradi. Yer yuzida milliardlab aholi boʻlsa, ularni faqat geografik chiziqlargina ajratib turadi. Boshqalar biz ishongan narsaga ishonmasligi, biz kabi fikrlamasligi va hatto, bizdek koʻrinish va xususiyatlarga ega boʻlmasligi ham mumkin, biroq ular ham biz kabi inson. Mana shuning oʻzi insoniy munosabat uchun yetarli boʻlishi kerak.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 284
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17501
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//