“Har doim tanlov bor, har doim yoʻl bor”. Oila davrasida koʻriluvchi shedevr filmlar


Saqlash
16:06 / 14.06.2024 1133 0

Kino sanoatining paydo boʻlishi insoniyat tarixidagi yirik voqealardan biri edi. Soha juda tez rivojlandi va katta takliflar bozorini yaratdi. Natijada minglab betakror kartinalar suratga olindi. Quyida ana shunday zamon va makon tanlamaydigan, har koʻrgan insonni oʻylantiruvchi, dunyoga boshqacha nazar bilan qarashga “majbur” qiladigan va eng muhimi oila davrasida koʻrish mumkin boʻlgan bir nechta katta yukli filmlar haqida hikoya qilamiz.

 

“Yomgʻir odam”, 1988-yil.

 

Film autizm bilan kasallangan (aniqrogʻi, Savanta sindromi – aqli zaif tugʻiluvchi, ammo qaysidir sohalarda katta iqtidorga ega boʻluvchi) insonlarning ichki dunyosi, kechinmalarini ochib berish bilan birga jamiyatning ularga munosabatini ham koʻrsatadi.

 

 

Shuningdek, kartinada avlodlar oʻrtasidagi keskinliklar haqida ham hikoya qilinadi. Ota va bola oʻrtasidagi kelishmovchiliklar deyarli har bir oilada kuzatiladi. “Yomgʻir odam” kartinasida ham bosh qahramon arzimas sabab tufayli otasidan arazlab yuradi va vafot etguniga qadar u bilan umuman koʻrishmaydi. Ammo film yakunida otasi va oʻzi haqidagi hamma haqiqatni anglab yetadi…

 

Juda koʻp insonlar baxt faqat pulda deb oʻylaydi. Boyib ketish istagi odamlarni turli nooʻrin, axloqsiz harakatlar qilishga undaydi. Biroq haqiqiy baxt oilaviy rishtalar, doʻstlik va sevgi kabi nomoddiyliklar orqali keladi. Barri Levinsonning “Yomgʻir odam” kartinasi bu haqiqatni yana bir bor, ammo betakror kino tilida taʼkidlagan, deyish mumkin. Kartina ikki aka-uka oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar orqali odamlarni solipsizm(oʻzini mutlaq haq deb bilish)dan qutqarishga yordam beradi, fikrlash moslashuvchanligi va murosaga kelish qobiliyatini rivojlantiradi hamda boshqalar bilan yarashish uchun turli xil muloqot usullaridan foydalanishga “oʻrgatadi”. Bir soʻz bilan aytganda, ushbu film bemalol oila davrasida koʻrish mumkin boʻlgan, oilaviy aloqalarni mustahkamlaydigan kartina.

 

“Dengiz sohilidagi Manchester”, 2016-yil.

 

Film voqealari AQShʼning Massachusets shtatida boʻlib oʻtadi. Kartinaning asosiy gʻoyalaridan biri – “oʻzing hal qil”.

 

 

Bir qarashda “Sohil boʻyidagi Manchester” Hollivudning boshqa shu janrdagi kinolari kabi dahshatli tragediya va uning oqibatlari, taʼsiri haqida hikoya qiluvchi kartinadek koʻrinishi mumkin. Biroq “Manchester” – bu koʻproq inson hissiyotlari va kechinmalari, shuningdek, baʼzida bosh qahramonlarning ichki dramasini aks ettiruvchi filmdir.

 

2016-yilda ekran yuzini koʻrgan kartina koʻplab reytinglarda yilning eng yaxshi filmi deb topilgan. Kino ikki yoʻnalish (“Eng yaxshi ssenariy” va “Eng yaxshi erkak roli” nominatsiyalari)da “Oscar” haykalchasini qoʻlga kiritgan. Bundan tashqari Bafta va “Oltin globus” mukofotlariga ham laureat boʻlgan.

 

“Dengiz sohilidagi Manchester” – inson bugun bilan yashashni oʻrganishi kerakligini uqtiruvchi film: oʻtmish ortda qolishi, vijdon insonni butun umr azoblovchi jallodga aylanmasligi lozim.

 

 

“Chizish uchun maydon”, 2013-yil.

 

Drama yoʻnalishidagi filmlar borasida dunyoda oldingi qatorlarda turadigan Eron kinoijodkorlarining yana bir shedevri. Kartinada soqov ota-ona va ularning sogʻlom farzandi, jamiyatning ularga boʻlgan munosabati haqida hikoya qilinadi. Film ssenariy jihatdan 2021-yilda Oscar mukofotiga sazovor boʻlgan “CODA” filmni oʻxshaydi.

 

Rejissyor Maziyar Miri ekranda imkoniyati cheklangan ota-onaning ichki ogʻriqlarini soʻzsiz aks ettirishni maqsad qilgan. U nafaqat rivojlanishida nuqsoni bor, kambagʻal oilaning portretini, balki oilaviy muhabbat, ota-onaning masʼuliyati va har doim band jamiyat bu his-tuygʻularni qanday qabul qilishini nozik chizgilar bilan koʻrsatadi.

 

 

“Chizish uchun maydon” – insonni ota-onasini, farzandini mahkam quchoqlashga, nega yonidagi qimmatli boyliklarni hayotda ikkinchi oʻringa qoʻyishi haqida oʻylashga majbur qiluvchi filmdir.

 

“Baxt ortidan quvib”, 2006-yil.

 

Oʻzbeklarning katta qismiga allaqachon tanish boʻlgan, rejissor Gabriel Muchchinoning ushbu kartinasidagi har bir kadr chuqur maʼno va hissiyotga toʻla. Film real voqealarga asoslangan boʻlib, tomoshabinni taqdir qiyinchiliklari va mashaqqatlari bilan kurashayotgan Kris Gardnerning hayotiga olib kiradi. Bosh qahramon rolini ijro etgan Uill Smit oʻz rolini mukammal gavdalantirgan, qiziq tomoni ikkinchi bosh qahramon – oʻgʻil rolini Uill Smitning haqiqiy farzandi Jeyden Smit oʻynagan.

 

Kris Gardner hikoyasi hayot sinovlariga duch kelgan va baxtga yoʻl izlayotganlar uchun ajoyib yoʻriqnoma. Filmda qatʼiyat, oʻziga ishonch va iroda muvaffaqiyatning asosiy kaliti ekani ochib berilgan. Gardner va uning oʻgʻli Jeyden orasidagi munosabatlar aks etgan epizodlar filmning eng kuchli sahnalaridan hisoblanadi. Bu lavhalar nafaqat inson ruhiyatiga taʼsir qiladi, balki eng ogʻir vaziyatlarda ham oila va muhabbat kuch-quvvat manbai boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi.

 

 

Umuman olganda, “Baxt ortidan quvib” filmi tomoshabinlarga nafaqat kino zavqini, balki shaxsiy oʻsish, oʻzini-oʻzi kashf qilish va maqsadi yoʻlida tinimsiz harakat qilishga ilhom beradi. Kartina har birimizga “Hayotda eng muhimi – seni baxtli qiladigan ish bilan shugʻullanish”, “Har doim tanlov bor, har doim yoʻl bor”, deydi.

 

Muhammadqodir SOBIROV,

Oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 283
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17501
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//