Taraqqiyot uchun nimalarni o‘zgartirishimiz kerak?


Saqlash
17:06 / 14.06.2024 363 0

Jeyms Joys. Musavvirning yoshlikdagi shamoyili. Toshkent, “Akademnashr”, 2021.

 

“Gapirilgan gap yolg‘on, rost gap ko‘ngilda bo‘ladi”, deydi G‘arb faylasuflari. Dildagi hamma rost gapni tilga ko‘chirsangiz, yo telbaga chiqarishadi, yoki dushmanga. Bunga tarix shohid. Jeyms Joysning asarlari ham qarsak bilan qarshi olinmagan. Ularni aql emas, qalb bilan o‘qigan odamga adib telbadek tuyuladi. Chunki uning asarlarida voqealar ham, roviy ham mavhum, syujet bir necha chiziqda kechadi... Sirasi, o‘quvchisini aqliy mehnatga majbur etadigan Joys ijodiga xoslargina oshiq!

 

Yozuvchi “Musavvirning yoshlikdagi shamoyili” avtobiografik romani bilan katta ijodga qadam qo‘ygan. “Uliss” bosh qahramoni Stiven Dedalning ichki olami aks etgani inobatga olinsa, “Musavvirning yoshlikdagi shamoyili”ni o‘sha shoh asarning debochasi deyish mumkin. Yozuvchi hayotning mayda ikir-chikirlarigacha, hatto aytishga istihola etiladigan kechinmalargacha ochib tashlaydi, qahramonlarga-da shafqat qilmaydi. U Stiven timsolida nozik psixologik usullar orqali ong va ko‘ngildagi xastaliklarni muolaja etadi. Lekin asar shunchaki Stiven Dedalning hayoti va shaxs sifatida shakllanishidangina iborat emas. Oiladan boshlangan roman hodisalari jamiyat, hukumat darajasidagi masalalarga ko‘chadi.

 

Joysshunoslar irlandiyalik adib dunyo adabiyotida inqilob yasagan deydi. Haqrost, jahon adabiyotida bu qadar murakkab asarlar topilishi mushkul. Joys har bir qahramoni tiynatini daqiqlik bilan ochadi. Ayrim jumlalar unchalik ahamiyatli emasdek tuyuladi. Holbuki, asardagi har bir so‘zning o‘z yuki, missiyasi bor.

 

Hamma davrda ham tezhazm va syujeti qiziqarli asarlarning o‘quvchisi ko‘p bo‘lgan. Katta tafakkur mahsuli bo‘lgan asarlarni o‘qishga esa ma’lum tayyorgarlik kerak. Xo‘sh, biz – o‘zbek kitobxonlari, Joysni o‘qishga, uqishga tayyormizmi?

 

 

“...Asrlar mobaynida odamlar hozir u kuzatayotganday tepalarida uchib yurgan qushlarni kuzatishgan. Boshi uzra tizilgan qushlar safi unga eskidan qolgan ibodatxonani eslatadi, horg‘in suyanib turgan shumtol tayog‘i esa Avgurning mayishgan hassasini yodga soladi.

 

Horg‘in vujudida ro‘yo qarshisidagi qo‘rquv hissi g‘imirladi – bu timsollar, alomatlar qarshisidagi o‘zi ismini ko‘tarib yurgan qirg‘iysifat odam – tol shoxlaridan yasagan qanotlari yordamida tutqunlikdan ozod bo‘lgan inson ro‘parasidagi qo‘rquv edi...”

 

Mana, Joysning uslubi. Bir qarashda tushunarsiz, murakkab. Ayrim gaplardan ma’ni chiqarish ham qiyin. Qayta-qayta o‘qishga to‘g‘ri keladigan joylari bisyor. Lekin bularning hammasi insonning bizga ma’lum bo‘lmagan ichki dunyosiga nazar tashlash maqsadida yozilgan. Aksar kishilar o‘zi nima istayotganini aniq anglab yetmaydi, maqsadsiz yashaydi. Joys ana shu mavhumlikni qahramonlari timsolida gavdalantiradi, insoniyat tushuniksiz his-tuyg‘ular yetovida yashashiga kinoyaviy ishora qiladi. Roman voqealari tayin makon, aniq zamonda kechmaydi. Tarix, bugun va kelajak jamlangan Joys asarlarida. Balki shu bois u “topishmoq yozuvchi” deb atalar.

 

 

Ishonch ko‘priklari buzilsa

 

Vatslav Havel. Kuchsizlar kuchi. Toshkent, “Azon kitoblari”, 2021.

 

Mutolaa hamma muammolarga yechim degani emas. Boz ustiga, tafakkur faqat mutolaadan boshlanmaydi. Buning uchun insonning o‘zida uyg‘oq ruh, faollik, sog‘lom fikr bo‘lishi kerak. Mana shular insonni haqiqiy hayotga bog‘laydi, tafakkur sari yetaklaydi. Inson o‘z qiziqishi, tashvish-muammolariga ko‘ra kitob tanlaydi. To‘g‘ri tanlov esa insonni ma’nan chiniqtiradi, ojizlikdan xalos etadi. Ojiz inson esa qo‘rqoq va kuchsizdir.

 

Demak, endi davlat arbobi, Chexiya Respublikasining sobiq prezidenti Vaslav Havel qalamiga mansub “Kuchsizlar kuchi” asari haqida fikrlashamiz.

 

Mutolaa asnosida anglashiladiki, kuchsizlarning kuchi jonli hayotdan ajralmasligida. Ammo kuchsizlar hal qiluvchi qarorlar qabul qilishdan yiroq tutilgan. Ular bilan davlat o‘rtasida ko‘prik yo‘q. Binobarin, ular hech bir jarayonga ta’sir o‘tkazolmaydi. Shuning uchun ularni kuchsizlar deymiz, aslida ular juda kuchli... Ular qarorlar qabul qilishda ishtirok etolmasa-da, haq hayotda yashayotir, reallikka davlatdan ko‘ra ancha yaqin. Ular jamiyatning eng quyi qatlamidagi ob-havodan ham xabardor. Mana, ularning kuchi! Agar hukumat tepasida shu kabi “kuchsiz”lar bo‘lsa, bu davlat aniq rivojlanadi. Chunki muammoning ildizini bilgan odam unga yechim ham topa oladi.

 

Insonning o‘zi yashayotgan jamiyat ruhiyatidan xabardor bo‘lishi, ijtimoiy-siyosiy voqeliklarga o‘z fikri, munosabati bilan ta’sir etishi muhim. Sog‘lom va xolis fikr o‘z-o‘zidan tug‘ilmaydi. Sog‘lom fikrlar jamiyatshunoslik, siyosatshunoslik kabi fanlar orqali tadqiq etiladi. Bu fanlar jamiyatni bilishga intilishni kuchaytiradi, ongni o‘stiradi. Kuchli jamiyat qurish nechog‘li mashaqqatli ekanini hisobga olsak, bu fanlar bizga suv bilan havodek zarur. “Kuchsizlar kuchi” – turli nazariyalar, kuchli mulohazalar, xolis fikrlarni jamlagan asar. Unda davlatchilik, elitar qatlamning tanlovlari, jamiyat ruhiyati, ijtimoiy masalalar, yalpi kayfiyat, siyosiy ong haqida bahs yuritiladi. Tarjimon Hamid Sodiqning yozishicha, asarda insonlarni manipulyatsiya qilish ustiga qurilgan barcha tuzumlarning asl qiyofasi ochib berilgan. Har bir odam – mamlakat fuqarosi bo‘ladimi, mehmonmi – o‘zi bilan davlat o‘rtasida nozik manipulyativ chegara mavjudligini unutmasligi lozim.

 

 

Umumkayfiyat har qanday davlat uchun barometr vazifasini o‘taydi. Hukumat xalq bilan o‘zaro muloqotni ta’minlashni istaydi. Buni hukumat va xalq o‘rtasidagi ko‘prik deyish mumkin. Agar ko‘prik poydor bo‘lsa, hal qiluvchi qarorlar qabul qilishda oddiy odamlarning ham fikri inobatga olinsa, bu robita tobora mustahkamlanadi. Boya eslangan nozik manipulyativ chegaralar ham asta yo‘qqa chiqadi. Xalq ana shunday jonli, samimiy, adolatli va ishonchli muloqotni qadrlaydi. Mafkuraviy maqsadlar qanday ekani xalqning umumiy ahvol-ruhiyasi, ayniqsa, quyi qatlamning turmush darajasida ko‘rinadi.

 

“Kuchsizlar kuchi”da g‘ayriinsoniy tuzumlar hamda posttotalitar jamiyatlarda o‘zlikni saqlab qolish, sof hayotiy qadriyatlar asosida yashash shartlari ta’sirli misollar bilan ko‘rsatilgan.

 

Muallif V.Havelga ko‘ra, bugungi kunda ko‘zga ko‘ringan muqobil siyosiy modellarning hech biri, hatto eng jozibalisi ham “yashirin sfera”ni rasmana jonlantirish, odamlar va jamiyatni olovlantirish (olovlanish – siyosiy jonbozlik ko‘rsatish degani), real siyosiy faollikni vujudga keltirishga qodir emas. Buning uchun odamlar o‘zi mansub jamiyatdagi jarayonlarga befarq bo‘lmasligi kerak. Siyosiy modellar, hatto u muqobil bo‘lsa ham, yolg‘iz o‘zi yuksak maqsadlarga yetkaza olmaydi. Faol fuqaro bu – muxolif fikr egasi degan qarashdan qochish kerak. Elitar qatlam faol bo‘lsa, bu tabiiy hol deb qaraladi. Agar xalq ichida o‘z fikr-qarashiga ega odam chiqsa, unga o‘gay nigoh bilan qaraladi. Holbuki, tangada ikki tomon bor. Rivojlanayotgan mamlakatda ham qarama-qarshi fikrlar, g‘oyalar to‘qnashuvi kuzatiladi va bu tabiiy holdir.

 

An’anaviy siyosiy g‘oyalar jamiyatdagi vaziyatni haqiqiy va uzluksiz ijobiylik tomon o‘zgartira olmaydi. Negaki, an’anaviy siyosatga xos tushunchalar yuzaki, eskidir. O‘zgarishlar insonning o‘zidan, uning hayoti va mavqeini tubdan o‘zgartiradigan qadriyatlardan unib chiqishi, insonning o‘ziga, boshqalarga, borliqqa mustaqil munosabatidan kuch olishi kerak. Yanada mukammal siyosiy model jamiyatdagi ekzistensional o‘zgarishlardan oziqlanishi lozim. Kitob o‘quvchini ana shunday o‘y-xayollarga boshlaydi...

 

 

Qayta o‘qilishi kerak bo‘lgan asar

 

Rey Bredberi. Farengeyt bo‘yicha 451 daraja. Toshkent, “Nihol nashr”, 2022.

 

Bu asar qayta-qayta o‘qilishi kerak. AQSh adabiyotining durdonasi yoki dunyo sevib o‘qiydigan roman bo‘lgani uchungina emas, balki Rey Bredberi yuz yildan keyin ham ahamiyatini yo‘qotmaydigan mavzuni qalamga olgani, biz yuzlashishni xohlamaydigan haqiqatlar va ularning oqibatlarini ko‘rsatib bergani uchun ham. Birov bizga haqiqatni aytsa, uni xushlamaymiz. “To‘g‘ri gap tuqqaningga ham yoqmaydi” deyiladi-ku. Adib esa umrboqiy haqiqatlarni fantastik janrda qoyillatib ayta olgan. Bizga haqiqatning yoqmasligi sabablaridan biri – u nafsimizga xush yoqadigan mashg‘ulotlarning ziyonini har qadamda eslatadi, bizni hoyi havaslardan tiyilishga undaydi. Kitobga mehr qo‘ygan odam esa bulardan ongli ravishda voz kecha biladi. Fikrchan odam jamiyatdagi muammolarga yechimlar taklif etadi, jarlikka ketayotgan olomonni ogohlikka chaqiradi. Ammo Bredberi bunday uyg‘oq odamlar ertasi yo‘q jamiyatni qurmoqchi bo‘lgan vallamatlarga kerak emasligini biladi. Shu vajdan o‘z qahramonlariga fikrlash ne’matidan mosuvo, ongsiz, qalbi va aqli tushovlangan maxluqlar rolini beradi.

 

Adib o‘z qahramonlariga nega bunday sifat berdi, nega shafqat qilmadi, deyishingiz mumkin. Axir, fikrlamaydigan, ongi kishanband, o‘zi turg‘unlikka mahkum odamlar bilan qanday kelajak qurish mumkin? “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja”da tasvirlangan makonda istiqbol haqida o‘ylash mumkin emas. Fikrlashuv, suhbatlashish, ayniqsa, kitob o‘qish qat’iyan man etilgan. Uyidan kitob topilgan odam – yoshmi yo qarimi, ziyolimi yo avommi – farqi yo‘q, shafqatsizlarcha jazolanadi. Hatto kitob unikimi, yo‘qmi – so‘rab o‘tirilmaydi. Bredberi texnikaga asir kelajakdan xavotirga tushgan. U taraqqiyotning salbiy oqibati o‘laroq odamzodning fikrlamay qo‘yishi, mutolaadan yiroqlashib ketishi va tirik murdaga aylanishini taxmin qilgan.

 

 

Texnika asrida odamlarning qalbi ham “robotlashib” ketayotgandek tuyuladi menga. Qalbi o‘lgan kishilarning ongi birovlar tuzgan dastur izmiga tushadi. Hatto muhabbat, ishonch, mehr kabi tuyg‘ular yo‘qqa chiqadi. To‘g‘ri, avvaliga sezilmaydi, ammo diydaning qotishi, mehrni tuymaslik, qalb ko‘zining ko‘rmay qolishi sekin-asta kuchayib boradi. Bariga bilim, fikr, g‘oya va ularning doyasi bo‘lgan kitob nuqta qo‘yishi mumkin.

 

Sog‘lom, fikrchan inson uchun eng katta xavf bu – qoloqlik, turg‘unlik. Turg‘unlik va qoloqlik uchun esa katta xavf bu – fikrchan, sog‘lom kishilar. “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja” bu fantastika emas, reallik, nazarimda.

 

Kitobni ashaddiy dushman, uni yoqishni esa sharaf deb bilgan Gay Montegning mutolaaga munosabati Klarissa ismli qizni uchratganidan keyin keskin o‘zgaradi. Erining “qing‘ir yo‘l”ga kirib, uyga yashirincha kitob olib kelganini bilib qolgan ayoli bu haqda tegishli idoralarga xabar beradi. Ne tongki, uyda kitob saqlash katta jinoyat edi! Umrini kayf-u safoda o‘tkazayotganlar uchun Monteg kabi shaxslar g‘animning o‘zginasi. Taassufki, Bredberi olis yillardan turib bashorat qilgan kelajak tobora yaqinlashayotgandek...

 

 

Taraqqiyot qayg‘usi

 

Daron Ajemo‘g‘li, Jeyms Robinson. Mamlakatlar tanazzuli sabablari: qudrat, farovonlik va kambag‘allik manbalari. Toshkent, “Hilol nashr”, 2021.

 

“The New York Times” gazetasi eng yaxshi bestseller deya tan olgan mazkur kitobdan “Nima uchun ayrim mamlakatlar boy-u, ayrimlari kambag‘al?” degan savolga javob topasiz. Mualliflarga ko‘ra, mamlakatning boyib ketishi yoki kambag‘al bo‘lishiga asosiy sabab – mavjud siyosiy yoxud iqtisodiy institutlar, ya’ni o‘sha jamiyatdagi o‘yin qoidalaridir.

 

Yangi g‘oyalar eskisining o‘rnini bosa olsa va davlat o‘zgarishlarga tayyor bo‘lsa, taraqqiyotning boshlanishi shu. Siyosiy, iqtisodiy institutlar esa burilish nuqtalarida mamlakatning taqdirini belgilab beradi. Biz agar farzandlarimizning ilg‘or maktablarda o‘qishi, munosib hayot kechirishi, mamlakatda o‘lim darajasi past bo‘lishi, xullas, millat baxtli yashashini istasak, albatta yalpi ichki mahsulot haqida qayg‘urishimiz kerak. Chunki orzumizdagi hayot iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan chambarchas bog‘liq. Hayot darajasini yaxshilashni istaydigan davlatlar iqtisodiy taraqqiyotni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Siyosiy va iqtisodiy institutlar esa mana shu to‘kin hayotning asosiy omilidir.

 

Iqtisodiy taraqqiyotning universal modeli yo‘q. Mualliflar ilgari surgan bosh g‘oyaga ko‘ra, hammasi iqtisodiy va siyosiy institutlarga bog‘liq. Ammo ularning faoliyati qanday yo‘lga qo‘yiladi degan savol ochiq qolgan.

 

Asarda “burilish nuqtalari” degan istiloh qo‘llangan. Mualliflar ta’kidicha, Yevropada o‘latning tarqalishi birlashuv, inklyuziv institutlarning tashkil etilishiga sabab bo‘lgan. Burilish nuqtalari taraqqiyot sari o‘tishni osonlashtirar ekan, undan unumli foydalana olish ham hal qiluvchi vazifa sanaladi.

 

 

Ko‘pchilik, hatto iqtisodchi olimlar jug‘rofiy joylashuv mamlakat rivojida katta ahamiyatga ega deydi. Asarda esa bu hol taraqqiyot yoki tanazzulga sabab bo‘lmasligi aniq misollar orqali ko‘rsatib berilgan. Deylik, Nogales shahri devor orqali ikkiga bo‘lingan – bir qismi AQShning Arizona shtatida, boshqasi Meksikaning Sonora shtatida. Meksikaga qarashli qismda aholining daromadi birinchisiga qaraganda uch baravar kam, odamlarning aksari maktabni ham tamomlamagan, bolalar o‘limi va jinoyatchilik darajasi yuqori, umr davomiyligi qisqa, infratuzilma xarob, amaldorlarning salohiyati past, korrupsiya chuqur ildiz otgan... Devorning u tomonida esa buning butkul teskarisi. Nogales fenomeni taraqqiyot geografik joylashuvga bog‘liqligi haqidagi qarashni yo‘qqa chiqaradi.

 

XVI asrda Amerika qit’asini mustamlaka etish boshlandi. Ispanlar Janubiy Amerika aholisini ayovsiz taladi, oltin-kumushlar qo‘lga kiritilgach, mahalliy aholini ekspluatatsiya qilishga qaratilgan institutlar ta’sis etildi. Hindularning yeri olib qo‘yildi, o‘zi quldek ishlatildi, soliqlar oshirildi, ular yaratgan mahsulotlar tortib olindi... Zulm siyosati Lotin Amerikasini qoloq bir mintaqaga aylantirdi.

 

Inglizlar nazoratidagi Shimoliy Amerikada esa vaziyat boshqacharoq kechdi. XVIII asr avvalidayoq Buyuk Britaniyaning Amerikadagi koloniyalarida yer mulkdorlari rahbarligida assambleyalar tashkil topdi. Mustamlakachilar mahalliy aholiga qaraganda ko‘proq huquqqa ega bo‘lsa-da, aynan shu assambleyalar negizida dunyoning eng qudratli davlatlaridan biri – AQSh paydo bo‘ldi.

 

Ajemo‘g‘li va Robinson “Portga yaqin bo‘lish juda muhim” degan qarash yuzaki ekanini uqtiradi. Chindan ham, nima uchun dengizdan uzoq mamlakat rivojlanmaydi deb hukm chiqarish kerak? To‘g‘ri, mamlakat hududiga tovarlar dengiz orqali kelmasa, u boshqa qimmat transport xizmatlaridan foydalanadi, chegara osha yo‘l olislashadi, boj-xiroj miqdori oshadi. Lekin, baribir, mamlakatning joylashuvi, geografik xarakteristika taraqqiyotga yordam beradi yoki to‘siq bo‘ladi degan fikr har doim ham o‘zini oqlamaydi. Davlat o‘ziga boj, cheklovlar kabi sun’iy to‘siqlar qo‘yib olib, qoloqlikka geografik joylashuvni vaj-korson qilib ko‘rsatishi mantiqsizlikdir, deydi mualliflar. Kitobda, shuningdek, mamlakat taraqqiyotida iqlim, genetika, madaniyat, din va yana boshqa omillarning deyarli ahamiyati yo‘qligi qat’iy ta’kidlanadi.

 

2012-yildan beri dunyoning 40 dan ziyod tiliga o‘girilgan kitob o‘zbek tilida ham chop etildi. Mualliflardan biri Jeyms Robinson MDHning ko‘plab davlatlarida mehmon bo‘lgan. U 2023-yil mart oyida O‘zbekistonga ham keldi. Toshkentdagi uchrashuvda men ham qatnashdim. Olimning ma’ruzasida jamiyatning turli qatlami: iqtisodchilar, siyosiy elita vakillari va hatto talabalar ishtirok etgani, mavzuga qiziqish yuqori ekanini ko‘rib, shunchaki tomoshabin emasligimizni his etib, to‘g‘risi, quvondim. Demak, biz taraqqiyot qayg‘usidamiz, muammolarga befarq emasmiz, taklif etilayotgan yechimlar ham diqqat-e’tiborimizda. Lekin qiziqishning o‘zi bilan murod hosil bo‘lmasligini ham bilamiz. Jamiyat, odamlar o‘zini taftish qilib, “Taraqqiyot uchun aynan nimalarni o‘zgartirishimiz kerak?” deya savol berish vaqti keldi. Ko‘pchiligimiz shu haqda qayg‘uryapmiz ham. Mualliflar aytgan “burilish nuqtasi” ham shu bo‘lsa ajab emas.

 

Nigora HASANOVA,

telejurnalist

 

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 1-son.

“Burilish nuqtasi” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 288
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17503
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//