Ismi majburlab o‘zgartirilgan “Turk Gerkulesi”


Saqlash
18:06 / 20.06.2024 816 0

Naim Sulaymono‘g‘li (1967-yil 23-yanvar – 2017-yil 18-noyabr) Bolgariyaning Kirjali viloyati Ptichar shahrida etnik turk oilasida tug‘ilgan. Og‘ir atletika bo‘yicha yetti karra jahon chempioni, uch karra olimpiada oltin medali sohibi. Qirq olti bor jahon rekordini o‘rnatgan. Uning bo‘yi 147 sm. Naim Sulaymono‘g‘lining past bo‘yi va katta kuchi unga Mitti Gerkules laqabi qo‘yilishiga sabab bo‘lgan. 

 

1980-yillarda Bolgariya hukumati “Uyg‘onish jarayoni” deb nomlangan dasturni joriy qildi. Oqibatda etnik ozchiliklar slavyan nomini qabul qilishi va ona tilini unutishi talab qilindi. Natijada Naim Sulaymono‘g‘li 1985-yilda ismini Naum Shalamanov (bolgarcha: Naum Shalamanov) deb o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.

 

1986-yili Melburnda bo‘lib o‘tgan jahon kubogi finaliga safar qilgan Naim Sulaymono‘g‘li Bolgariya maxsus xizmatidan yashirinib, Turkiyaning Kanberradagi elchixonasiga yetib bordi. Elchixona xodimlari vaziyatni Turg‘ut O‘zalga bildirganida, bosh vazir uni darhol olib kelishni buyurdi. Istanbulga yetib olganidan so‘ng ism-familiyasini asliga qaytardi.

 

– Tasavvur qiling, hozirgina turk edingiz, ona tilingizni, ajdodlaringizning kimligini bilasiz. Ammo boshqa mamlakatda yashaysiz. Taqdiri ilohiy shunday bo‘lgan. Xullas, kunlarning birida oldingizga nihoyatda jiddiy odamlar keladi va uqtiradi: “Sen endi turk emassan”. Buning ustiga bu odamlar sizga bolgar ekanligingizni tasdiqlab imzo qo‘yib berishingiz uchun oldingizga bir parcha qog‘oz ham qo‘yadi. Demak, siz endi bolgarsiz. Bu zo‘ravonlar ikki million kishining ismini zo‘rlik bilan o‘zgartirdilar. Bu juda qiyin davr edi. Voqealarning guvohi bo‘lgan odamlar bilishadi. Men hayotimda hech qachon o‘sha kuni qabul qilgan qarorimni o‘zgartirmagan bo‘lardim. Agar vaqt orqaga qaytsa ham Bolgariyadan qochib ketardim. Chunki turk xalqi sifatida biz Bolgariyada juda qattiq tazyiq ostida qolgan edik, – degan edi u “Sport ekspress”ga bergan intervyusida.

 

Sulaymono‘g‘li o‘z vaznidan 2,5 barobar og‘ir toshni ko‘targan birinchi va yagona og‘ir atletikachi bo‘lib, o‘z vaznidan uch barobar ko‘p yukni siltab ko‘targan yetti nafar sportchining ikkinchisidir.

 

U 2001-yil Olimpiya ordeni bilan taqdirlandi. 20002004-yillarda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining “Shon-sharaf zali”ga a’zo etib saylandi. U barcha davrlarning eng kuchli sportchisi, olimpiada og‘ir atletikachisi va eng buyuk olimpiya og‘ir atletikachilaridan biri hisoblanadi. U Turkiya milliy qahramoni edi.

2017-yil 25-sentabrda jigar yetishmovchiligi sababli shifoxonaga yotqiziladi va 18 noyabrda vafot etadi. O‘limidan so‘ng uning hayoti va faoliyati haqida “Cep Herkülü: Naim Süleymanoğlu” filmi suratga olinib, Turkiyada 2019-yil 22-noyabrda namoyish etildi. Ushbu film o‘zbekchaga “Naim Sulaymono‘g‘li (Turk Gerkulesi)” nomi bilan dublyaj qilingan.

 

 

Naim Sulaymono‘g‘lining BMTda so‘zlagan nutqi

 

Bu hayotda bor narsangizdan ayrilib qolishingiz hech gap emas: uyingizdan, ishingizdan va hatto yaqinlaringizdan, lekin eng oxirida yo‘qotadigan narsangiz o‘zligingizdir. Bolgariyada yashovchi ikki million turkning ismlarini o‘zgartirishdi. Ular juda ko‘p zulm ko‘rishdi. Yagona istagimiz dunyodagi qolgan insonlarga o‘xshab o‘z huquqimizdan foydalangan holda tug‘ilgan joyimizda emin-erkin yashash edi. Agar Bolgariya kommunistik partiyasi buni ta’minlab bera olmas ekan, u holda Kirjalida yashayotgan ikki million turk aholisiga o‘z ona vatani – Turkiyaga qaytishga izn berishsin. Men, Naim Sulaymono‘g‘li, bugundan boshlab har bir rekordimdan so‘ng, erishgan har bir yutug‘imdan keyin faqat ozodlik, ozodlik deya hayqiraman. Buni faqat zulmga uchragan turk xalqi uchun emas, insoniy haqlari poymol etilayotgan bani bashar uchun qilaman. Bir kuni o‘lib ketishim mumkinligini bilsam ham jar solishdan hech qachon to‘xtamayman...

 

Damin JUMAQUL tayyorladi

 

Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 1-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 287
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17503
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//