O‘zbekiston tarixiga doir yangi manba  topildi, uni kim yozgan?


Saqlash
16:06 / 21.06.2024 633 0

Buxoro Amirligi tarixi va Markaziy Osiyoning 1920-yildan keyingi tarixi borasida o‘rganilishi kerak bo‘lgan mavzular va bizga noma’lum manbalar oz emas. Ularning aksariyati mustamlakachi hukumatlar tomonidan turli yo‘llar bilan yo‘q qilingan yoki xorijga olib chiqib ketilgan. Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda mahalliy aholimizda saqlanib qolgan manbalarning yangilari ma’lum bo‘lmoqda. Xususan Mirzo Muhammad Rahimbekka tegishli “Esdaliklar” kitobi uning o‘g‘li Ismoil Salimovning shaxsiy kutubxonasida mavjud ekanligi ma’lum bo‘ldi. 

 

Ushbu asar Mirzo Rahimbekning hayoti davomidagi shaxsiy xotiralari asosida yozilgan bo‘lib, unda Buxoro amirligi va Turkiston general-gubenatorligining so‘nggi davrlari bilan bog‘liq voqealar va mazkur hududlarda keyinchalik tashkil etilgan siyosiy birliklar, xususan, 1918-yilgi Buxoro inqilobi, Buxoro amirligining tugatilishi, BXSRnig tashkil etilishi, bolsheviklar hukumati va sobiq Sovet Ittifoqining salkam yarim asrlik tarixi bilan bog‘liq  ijtimoiy-siyosiy jarayonlar o‘z aksini topgan.

 

Mirzo Rahimbek garchi otasi kabi yirik tarixchi sifatida katta hajmdagi tarixiy asar yozishni rejalashtirmagan bo‘lsa-da, uning “Esdaliklar”ida keltirilgan xotiralari mamlakatimizning 1902–1970-yillar bilan bog‘liq tarixini to‘ldirishga xizmat qiladi. Unda tarix fani uchun hanuzgacha noma’lumligicha qolayotgan Buxoroning so‘nggi tarixchisi Mirzo Salimbek hayotining oxirgi yillari, xususan, vafot kunlari batafsil yoritilgan.

 

Asarda shuningdek, inqilobchilar tomonidan qo‘lga olingan Amirlik amaldorlarining keyingi taqdiri, oilalarinig sarson-sargardonlikdagi hayoti, Markaziy Osiyo aholisining mustamlaka siyosatidan chekkan zahmatlari haqida ham yoritilgan.

 

“Esdaliklar” maxsus tarixiy asar sifatida yozmaganligi muallif tomonidan bir necha o‘rinda eslatib o‘tilgan bo‘lsa-da, u salkam bir asrlik tarixiy jarayonlarni to‘ldiruvchi ma’lumotlarga ega. Mazkur kitobning ijtimoiy-siyosiy tomonlama ma’lumotlarini alohida mavzu sifatida qoldirgan holda, ushbu maqolada muallifning hayot xaritasiga to‘xtalmoqchimiz.

 

 

Mirzo Muhammad Rahimbek

 

Muhammad Rahimbek ibn Muhammad Salimbek Salimiyning tarjimai holi o‘z “Esdaliklar”i va qisman otasi Mirzo Salimbekning “Tarixi Salimiy” asarlari hamda o‘g‘li Ismoil Salimovning “Mirzo Salimbek” nomli risolasi orqali ma’lum. Uning taxallusi “Qoribek” bo‘lib, Salimbekning Toshkentlik ayolidan dunyoga kelgan. 1906-yil 8-fevral va 9-mart oralig‘i (hijriy 1319-yilning zulqa’da oyi)da Mirzo Salimbek Boysun bekligida hokimlik chog‘ida (1902–1905) shu shaharda tug‘ilgan (Mirzo Rahimbek tavallud topgan sanasi haqida “Faqirul Haqir bo‘lgan bu ojiz banda hijriy-qamariy 1319-yilning zulqa’da oyida hijriy-shamsiy 1273-yili mezon oyida va milodiy sananing 1899-yilida Boysun shahrida tavallud topdim” deb, qayd etgan. Lekin hijriy-qamariy 1319-yilning zulqa’da oyi milodiy sanada 1902-yilning 8-fevral – 9-mart oralig‘iga, hijriy-shamsiyda esa 1280-yilga to‘g‘ri keladi. Ko‘rinib turibdiki muallif tomonidan keltirilgan sanalar bir-biriga mos emas. O‘sha davrda hijriy qamariy taqvim rasmiy muomalada bo‘lganligi inobatga olinsa, mazkur 1319-yil (1902-yil) sanasini Rahimbekning tug‘ilgan vaqtiga nisbatan aniqroq sana deb qabul qilish mumkin. Zero, Mirzo Salimbek ham ayni 1902-yilda Boysunga bek sifatida tayinlanib, shu yildan u yerda yashay boshlagan edi).

 

Mirzo Rahimbek o‘zi qayd etishicha, 10 oylik paytida oyog‘idan yara chiqib, xastalik uzoq muddat davom etadi va jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi, shuning oqibatida bir oyog‘i cho‘loq bo‘lib qolgan. Uning 3 yoshgacha davri Boysun bekligida o‘tadi va otasi Sherobod bekligiga tayinlangach (1905), oilasi bilan 1909-yilga qadar o‘sha yerda yashaydi. Ilk ta’limni Sherobod bekligida Boysunlik Mullo Orif ismli shaxsdan olib boshlagan (5 yoshida). 1910-yilda otasi Shahrisabzga hokim etib tayinlangach esa o‘sha yerdagi eski maktabda ta’limni davom ettiradi.

 

Muhammad Rahimbekning ta’kidlashicha, u 8 yoshda bo‘lgan vaqtida (taxminan 1910-yil) Shahrisabz taraqqiyparvarlaridan Islomqul To‘qsabo, Mirzo Yunus Miroxur Rojiy, qori Tursun jome’ masjidi imom-xatibi Imom Qo‘rg‘on va Mirzo Umar Boqiylar Samarqanddan Avliyoqul ismli bir muallimni olib kelib u yerda yangi usulidagi maktab ochadilar. Bu xabarni eshitgan Mirzo Salimbek mazkur jadid maktabini Qo‘rg‘on dahasiga olib kelib ochishlarini va maktab muallimining kunlik maoshi hamda boshqa ehtiyojlarini o‘zi ta’minlashini aytadi. Shu tariqa mazur maktabni Qo‘rg‘on dahasiga ko‘chirib, unda 20–25 tolibi-ilm tahsil oladi, ular orasida Rahimbek va uning akasi Azimqulibek ham bo‘lgan. Yangi usuldagi jadid maktabida 4 yil tahsil olgach, 1914-yilda otasi Buxoroga yana sarkardalik lavozimiga tayinlanadi va oilasi bilan Buxoroga qaytib keladi.

 

Muhammad Rahimbekning qayd etishicha otasi uni yoshligidan murattab qori bo‘lishini istagan, shu sababdan unga Qoribek deb murojaat qilgan va arab tili, fiqhdan savod chiqarishi uchun sharoit yaratgan. Shuningdek, husnixat va imloni ham kamoliga yetkazganini ta’kidlab o‘tadi.

 

1920-yili mart oyida Mirzo Salimbek zakot ishlariga mas’ullik vazifasidan olib, Chorjo‘y hukumatiga tayinlanadi. Mirzo Rahimbek ham o‘sha vaqtda otasining xizmati uchun u tomonga yo‘lga chiqadi. Avgust oyi oxirida qizil askarlarning Chorjo‘yga hujumi natijasida ularning qo‘liga tushib Chorjo‘y viloyatidagi Devonbegi guzaridagi Devonabog‘ zindonida hibs qilinadi. O‘sha vaqtda Chorjo‘y shahri hech qanday ziddiyat va qarshiliklarsiz qizil askarlar tomonidan bosib olingan edi. Hibsga olinganlar orasida viloyat hokimi bo‘lgan otasi Mirzo Salimbek, Chorjo‘yning katta qozisi, raisi, zakotchisi va boshqa amaldorlar bo‘lib, ular Toshkentdagi mahbuslar zindoniga olib borib qamoqqa solinadi. 1920-yilning 2-sentabrida sho‘ro hukumati tomonidan Buxoro davlati butunlay ishg‘ol etilib, amirlik hukumati barham topadi va uning o‘rniga Buxoro xalq sovet jumhuriyati tashkil qilinadi.

 

Birozdan so‘ng qo‘lga olinganlarning bir qismi ozod etiladi, shu tariqa Mirzo Rahimbek ham kichik jussali va biroz ozg‘inroq bo‘lganligi sabab jazodan qutilib qoladi va onasining oldiga Buxoroga qaytadi. Buxoro inqilobidan so‘ng, Mirzo Salimbek hibsga olinib uning barcha mol-mulklari yangi hukumat tomonidan musodora qilinadi, natijada uning oilasi tang ahvolda qoladi, barcha xizmatkorlari-yu yor-u birodarlari yuz o‘giradilar, ular o‘zlariga ijara uy olib yashashga majbur bo‘ladilar. 

 

Mirzo Rahimbek otasi kabi ilmli bo‘lgan, amirlik hukumatining so‘nggi yillarida turli hududlarda mirzolik ishlarida ishlagan bo‘lsa, o‘tgan asrimizning 30-yillaridan boshlab Buxoroning bir necha qishloq sovetlarida (xususan Kogonda) bosh kotiblik lavozimlarida fa’oliyat yuritgan.

 

Mirzo Rahimbek 1938-yilda Naimjon ismli o‘g‘il ko‘radi, ammo u ikki yoshida betob bo‘lib olamdan o‘tadi. 1941-yilda Ibrohimjon, 1946-yilda Ismoiljon ismli ikki o‘g‘li dunyoga kelgan. Ismoiljon aka hozirda hayot, u otasining ko‘pgina kitoblari va shaxsiy buyumlarini saqlab kelmoqda.

 

Mirzo Rahimbek jismoniy holatida biroz zaiflik bo‘lsa-da, doim halol mehnat qilib ro‘zg‘or tebratishga harakat qilgan. U 1920-yildan keyingi pul chiqarish korxonasida banderolchi, soliq idorasida hisobchi, vaqf idorasi qoshida tuzilgan kutubxonada yordamchi, poyafzal sotish do‘konida sotuvchi, teri-po‘stin savdosi bilan shug‘ullanuvchi shirkatda jallob, misgarlik sexida tunukasoz, kovushdo‘zlar artelida hisobchi va bir qator do‘ppido‘zlik sexlarida tikuvchi bo‘lib ishlagan. O‘sha vaqtlarda Buxoroning boy kishilari turli xil shirkatlar tashkil etib, ish yuritar edilar. Mirzo Rahimbek ishlagan joylari haqida ma’lumot berish asnosida o‘sha davrdagi ko‘plab ishlab chiqarish fabrika va sexlarning ish tartibi va mehnat intizomi haqida ham “Esdaliklar”ida batafsil ma’lumot berib o‘tad.

 

Muhammad Rahimbek idoraviy va hujjat ishlarida ham yetarli tajribaga ega edi, 1930-yilda Kogon tumanining Mallabo‘sh guzaridagi Kalenin nomli, 1935-yilda esa Sovet nomli qishlog‘ida bosh kotib vazifasida faoliyat yuritadi. Shu orada u ikki marta qattiq betob bo‘lib, xizmat vazifasidan ariza yozib bo‘shab ketishga majbur bo‘ladi. Mazkur yillarda har bir kishi shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport) olishi to‘g‘risida farmon chiqarilgan edi. U kotiblikdan bo‘shab ishsiz yurgan kezlarda, hujjat ishlarini yaxshi tushunganligi bois Buxoroning Guzarkom idorasida odamlarga anketalarini to‘ldirishga yordam berib tirikchilik o‘tkazadi. Undan so‘ng Toqi tepakdo‘zon bozorida kichik idora ochib aholining turli masaladagi ariza va so‘rovnoma kabi hujjatlarini yozib berish ishlari bilan shug‘ullanadi.

 

Ikkinchi jahon urishi boshlangan vaqtda Mirzo Rahimbek Jo‘ybor guzaridan bir kichkina hovli olib, u yerga ko‘chib o‘tadi. Urushning shiddati kuchaygan sari yashash ham qiyinlashadi. Rahimbek qarzga botadi. Qarzlaridan qutilish uchun uyidagi ro‘zg‘or buyumlarini sotadi, keyinchalik korxonada oddiy ishchidan to sex mudiri lavozimiga qadar faoliyat yuritadi. Buxorodagi sartaroshxonalardan biri va fotografiya markazida hisobchi, qulf-kalit yasash sexida mudir, Kolxoz bozorida pul teruvchi (1943-yilda), maktabda xo‘jalik mudiri, artelda tabelchi (1946-yil) lavozimlarida ishlagan.

 

1946-yilda jiyanining turmush o‘rtog‘i qo‘lida omborxona mudiri bo‘lib ishlaydi. Ko‘p kirim-chiqim hujjatlariga kuyovinig aldovlariga ishonib imzo qo‘yadi, oqibatda 24 ming kamomad hisobiga sud qilinib 25 yilga ozodlikdan mahrum etiladi. U “jazo muddatini” Angren (1951-yilga qadar), Bekobod (8 oy), Toshturma va Jizzax (1952-1953-y.y.) Chirchiq (1954-y.) hibsxonalarida o‘taydi. Mirzo Rahimbek qamoqxonada ham mahbuslar va nozirlarning kiyimlarini tikib berar va shu yo‘l bilan pul  ishlab olar edi. 1953-yil mart oyida Stalinning vafotidan so‘ng mahbuslarning ko‘pchiligiga amnitsiya e’lon qilinadi. 25 yilga qamalganlar orasida yoshi 60 dan oshganlar ozodlikka chiqariladi, Mirzo Rahimbekning yoshi 60 ga yetmagani sabab uning muddati yarimga kamaytiriladi, xolos.

 

Mirzo Rahimbek nihoyat 8 yildan so‘ng, 1954-yilgi amnitsiya hukmi bilan Chirchiq qamoqxonasidan ozodlikka chiqadi. U yerdan Toshkentga, so‘ngra Buxoroga kelib pochchasi Nurullohbekning uyiga boradi. Xotini u sudlanganidan so‘ng qornidagi homilasini oldirib, boshqa kishiga turmushga chiqib ketgan edi. Buxoroga qaytganidan so‘ng o‘g‘illari Ismoiljon va Ibrohimjonlar otasining oldiga kelib yashashadi va onalarini badfe’lligi sabab uni ko‘rishga boshqa bormaydilar. Uzoq muddat turli joylarda ikki o‘g‘li bilan ijarada yashaydi.

 

Mirzo Rahimbek 1955-yili to‘rtinchi marta uylanib, Muborakxon ismli ayolni o‘z nikohiga oladi. Muborakxon mehnatkash va oilaparvar bo‘lganligi bois o‘gay farzandlar tez orada unga mehr qo‘yadilar. 1959-yilda Gorkomxoz tomonidan davlat ishchilariga beriladigan ijara uylardan biriga ega bo‘lib, may oyida u yerga ko‘chib o‘tadi.

 

Mirzo Rahimbek ko‘p mashaqqatlar chekib bo‘lsa-da ikki farzandining ta’lim-tarbtyasiga jiddiy etibor qaratadi. Katta o‘g‘li Ibrohimjon 1961-yilda Moskvaga harbiy xizmaga chaqiriladi va xizmat vazifasini avval Moskvada, so‘ng esa Kuba Respublikasida ado etib qaytadi. Buxoroga kelgach 1965-yilda uylanib, shu yerda o‘z mehnat faoliyatini boshlaydi. Ismoiljon esa 3 yil Buxoro Politexnika institutida va yana 3 yil Toshkent politexnika institutida tahsil oladi, undan so‘ng harbiy ta’lim tayyorgarligini o‘tab, 1969-yilda Ukrainaga leytenant injiner bo‘lib xizmatga boradi.

 

Muhammad Rahimbekdan yagona “Esdaliklar” asari meros qolgani ma’lum. Uning bir qancha mashhur kitoblarni o‘z xatida ko‘chirgan daftarlari ham saqlanib qolgan. Ular orasida madrasalarda darslik sifatida o‘qitilgan “Chahor kitob”dan ko‘chirgan qo‘lyozmasi yaxshi holatda yetib kelgan. Meros ayni damda o‘g‘li Ismoil Salimovning shaxsiy fondida saqlanmoqda.

 

Mirzo Rahimbekning tarjimai holidan ko‘rdikki uning butun umri  tahlikali davrlarning mashaqqatli ijtimoiy hayoti bilan hamohang kechgan. Shu boisdan u otasi kabi komil ilm va yuqori lavozim egasi bo‘la olmagan bo‘lsa-da, ziyoli oilaning farzandi sifatida o‘z davrining sanoqli xat-savod egalaridan biri bo‘lgan. U 1977-yilda hujjat bo‘ycha 78 (aslida 75) yoshida vafot etadi.

 

Fayzullo FAROMARZI,

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi

Abu Rayhon Beruniy nomidagi

Sharqshunoslik instituti

kichik ilmiy xodimi

 

Malohat VOHIDOVA,

erkin tadqiqotchi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 286
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17503
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//