“Ular Germaniyada o‘qigan edilar” – otuv hukmi va 27 yildan keyingi oqlov


Saqlash
13:11 / 17.11.2021 2080 0

 

 

XX asr boshlarida Turkistonda madaniy-ma’rifiy islohotchilik harakati jonlanib, yangi usul maktablari, milliy matbuot, adabiyot va teatr san’ati maydonga keldi. Jahondagi ilg‘or mamlakatlarning tajribalarini, ilm-fan va texnika sohalarida erishilgan yutuqlarni o‘rganish uchun ko‘plab ma’rifatparvarlar turli davlatlarda bo‘ldilar. Lekin o‘lkani ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy qoloqlikdan chiqarish va uni chor istibdodidan qutqarish uchun tahsil olishning o‘zigina kifoya qilmadi.

 

1917-yil rus “Fevral inqilobi”dan so‘ng chor hukumati o‘rniga kelgan Muvaqqat hukumat va Oktabr to‘ntarishidan keyin Rossiyadagi inqilobiy voqealar ta’sirida o‘lkada vaqtincha bo‘lsa ham, imkoniyat vujudga kelgan edi. Vaziyat sababli mamlakat rivoji uchun bir nechta davlatlarga bir qancha iqtidorli yigit va qizlarni o‘qishga yubordilar. Ammo ularning taqdiri kutilganidek bo‘lmadi.

 

Bugun 17-noyabr – Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan Germaniyaga o‘qishga yuborilgan ma’rifat va ilm shaydosi, fidoyi vatanparvarlarning hayoti va faoliyati, keyingi achchiq qismatlari bilan tanishamiz.

 

Ruqiya Xo‘jayeva (Rahimova) 1908-yil Qrimda savdo ishi bilan shug‘ullanuvchi, ma’rifatli Qayum Rahimov oilasida tavallud topadi. 1913-yilda u ota-onasi bilan birga Turkiyaning Istanbul shahriga ko‘chib ketishadi. Ruqiya ham o‘sha yerdagi mashhur turk adibasi Xolidaxonim nomidagi maktabda o‘qiydi. Birinchi jahon urushi boshlanganidan keyin Germaniyadagi musulmon harbiy asirlariga yordam ko‘rsatish jamiyatida ishlab turgan Olimjon Idrisiy Istanbulga keladi. U Gulsum va Ruqiyaning otasi bilan uchrashib, u bilan muloqotda bo‘ladi. Qayum Rahimov Turkiyadagi ayollar ta’limidan yetarli qanoatlanmagani uchun o‘z qizlarini Germaniya kabi taraqqiy etgan Yevropa mamlakatlarida o‘qitish orzusini aytib, undan bu borada yordam berishni so‘raydi. Olimjon Idrisiy ham unga musulmon harbiy asirlarga yordam fondlari orqali madad qo‘lini uzatishga va’da beradi. Va shu tarzda Ruqiya opasi Gulsum bilan 1918-yilda Germaniyaga o‘qishga boradi.

 

Ular dastlab ikki yilcha Berlinda yashaydilar. So‘ng 1920-1921-yillarda Drezden shahriga borib, u yerdagi maktabgacha ta’lim-tarbiya bilim yurtida o‘qiydilar. Gulsum Rahimova moddiy qiyinchilik orqasida nemis tuprog‘ini tark etib, Finlandiyaga boradi va 1923-1924-yillarda o‘sha yerdagi tatar maktabida dars beradi. U moddiy-maishiy ahvolini o‘nglab olgach, singlisini bu yerga kelib dam olib ketishga taklif etadi va buning uchun unga pul ham yuboradi. 1925-yilda Gulsum Rahimova o‘qishni tugatib, SSSRga qaytadi. Ko‘p o‘tmay, Ruqiya ham o‘qishni yakunlab, 1926-yilda SSSRga qaytib keladi va opasi bilan birga bir muncha fursat Qrimda ota-onasining bag‘rida yashaydi.

 

Oradan taxminan ikki oy o‘tgach, Ruqiya opasi bilan birga otasining yaqin tanishlaridan Badri Sayfulmulyukovning taklifi bilan Toshkentga keladi. So‘ngra dastlab Buxoroga borib, o‘sha yerdagi internatda ta’lim-tarbiya ishlari bilan shug‘ullanadi. Bu yerdagi qisqa muddatli xizmatdan keyin yana opasi Gulsum bilan birga Samarqandga boradi va u yerda ham shu soha bo‘yicha xizmat qila boshlaydi. U 1927-yilda Tojikiston avtonom respublikasining poytaxti – hozirgi Dushanbe shahriga boradi va Tojikiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi qoshida ochilgan mahalliy mashinist kadrlar tayyorlov kursida dars beradi hamda lotin alifbosini o‘rganuvchi tojik xotin-qizlarini ham o‘qita boshlaydi. Ruqiya Rahimova 1932-yilda Tojikiston xalq maorif noziri Nisor Muhamedovga o‘z sohasi bo‘yicha ishga o‘tkazishni so‘rab ariza beradi. Ruqiya opa nemis tilini yaxshi bilgani uchun uning iltimosi qabul qilinib, Samarqanddagi O‘zbekiston Oliy pedagogika institutiga nemis tili o‘qituvchisi qilib yuboriladi. Ruqiya opa u yerda bir yilcha assistent vazifasida ishlab, 1932-yilda Samarqand Meditsina institutiga o‘qishga kiradi va 1934-yilgacha shu yerda o‘qib, o‘sha yili Tojikiston respublikasining Moskvadagi vakolatxonasida rahbar bo‘lib xizmat qila boshlagan Isa Xo‘jayevga turmushga chiqadi, u bilan birga Moskvaga ko‘chib borib, 1937-yilgacha o‘sha yerda yashaydi.

1937-yilning yanvar oyida Isa Xo‘jayev Moskvadan Dushanbega zudlik bilan chaqirib olinadi va u Dushanbedan qaytib kelmaydi. Bundan tashvishlangan Ruqiya Xo‘jayeva (Rahimova) yosh chaqalog‘i Gulnahor bilan Dushanbega kelib, erining qamoqqa olinganidan xabar topadi. U shahar qamoqxonasidan eri haqida biror xabarni bilmoqchi bo‘lganida NKVD xodimlari unga eri haqida ma’lumot berish o‘rniga uning o‘zini ham qamab qo‘yadilar. 27-may kuni Tojikiston SSR NKVDsi xodimi A. uni tintuv qilib, qo‘l va cho‘ntak soatlarini, pasportini, 50 so‘mlik zayomini, 4 ta fotosurat va qo‘l chemodanini tortib oladi. 29-may kuni zudlik bilan Samarqand shahridagi universitet yotoqxonasining 10-korpusida yashovchi qarindoshi Iskandarovaning uyida tintuv o‘tkazilib, Ruqiya Xo‘jayevaning yozishmalari, chet eldan keltirgan kitoblari qidiriladi. Unga aloqador bo‘lgan ikki chemodanning kaliti bo‘lmasa ham yotoqxona komendanti va Ruqiya opaning qarindoshi Iskandarova oldida buzib ochishadi va 14 dona nemis tilidagi kitoblar, 33 ta otkritka, 30 ta konvertsiz, 22 ga konvertli yozishmalar va boshqa materiallar olib kelinadi. Ularni ham Tojikiston NKVDsi qamoqxonasidagi Ruqiya Xo‘jayevaning ayblov ishiga ashyoviy dalillar sifatida tirkab qo‘yadilar. Ruqiya Xo‘jayeva «xalq dushmani»ning xotini bo‘lishidan tashqari, Germaniyada o‘qigan yillarida u yerdagi sovetlarga qarshi Turkiston mustaqilligi uchun kurashuvchi allaqanday millatchilik tashkilotining faol a’zosi bo‘lganlik, Germaniyadagi Olimjon Idrisiy, shuningdek, u yerda o‘qib, Toshkentga kelgan Badri Sayfulmulyukov va boshqalar bilan aloqada bo‘lganlik, Germaniya manfaatiga josuslik ishlari bilan shug‘ullanganlikda ayblanadi. Tergovchilar uni shu «ayblar»ni bo‘yniga olishga majbur qiladilar.

 

Ruqiya Xo‘jayeva haqiqatni mardonavorlik bilan himoya qilishga, o‘ziga qo‘yilgan ayblarning mutlaqo tuhmat ekanligini isbotlashga harakat qiladi. Lekin shunga qaramay, tergovchilar o‘z so‘roqnomalarida uning bu javoblarini o‘zlari bilganlaricha, ayblarini qisman yoki asosan bo‘yniga oldi qabilida rasmiylashtiradilar.

 

Shunday so‘roqnomalardan biri 1937-yil 26-iyulga oid bo‘lib, unda quyidagi savol-javoblarning qayd etilganini ko‘ramiz:

«SAVOL: – SSSRga qaytayotganingizda sizni Berlin vokzalidan kim kuzatib qo‘ygan?

JAVOB: – Men o‘zim jo‘nab ketganman. Meni hech kim kuzatmagan.

 

SAVOL: – Yolg‘on gapiryapsiz, tergovdagi ma’lumotlarga qaraganda, SSSRga qaytayotganingizda sizni kuzatuvchilar bo‘lgan, o‘sha kuzatuvchilarning kimlar bo‘lganini aytib bering.

JAVOB: – Ha, esladim, men bilan birga o‘sha vaqtda oilasi bilan kurortga borayotgan Berlindagi muhojir millatchilarning rahbari Olimjon Idrisiy ham borgan edi...

 

SAVOL: – Siz yana yolg‘on gapirayapsiz. Tergovga shu narsa ma’lumki, SSSRga qaytayotganingizda Idrisiy sizga bir qancha topshiriqlar bergan.

JAVOB: – Ha, esimga tushdi, Idrisiy menga Toshkentdagi Sayfulmulyukovning adresini bergan va unga salom aytishni hamda Idrisiyga xat yozib turishni tayinlagan edi. Idrisiy (shaxsan) menga hech qanday topshiriq bermagan.

 

SAVOL: – Siz Germaniyadagi tanishlaringizdan yana kimlar bilan uchrashgansiz?

JAVOB: – 1927-yilda Germaniyadagi talabalardan To‘lagan Mo‘minov, Sattor Jabbor, yana bir kishi (familiyasini bilmayman) Samarqandda ishlab turganimda meni ko‘rish uchun internatga kelishgan.

 

SAVOL: – Sayfulmulyukov bilan yana qayerda va qachon uchrashgansiz?

JAVOB: – Men u bilan 1936-yil iyul oyida Jeleznovodskda, kurortda uchrashganman, suhbatimiz faqat oilaviy xarakterda kechgan. Shundan keyin men Sayfulmulyukovning qamalganini eshitdim-u, sababini bilmadim».

 

Ruqiya Xo‘jayevaning «Ha, esladim» degan so‘zlariga e’tibor bergan kishi uning tergovchining mazkur savollariga dastlab ijobiy javob bermagani, keyin qiynoq ostida u tuzgan so‘roqnomaga qo‘l qo‘yishga majbur bo‘lganini sezadi. Ruqiya Xo‘jayevaning Badri Sayfulmulyukovning 1936-yilda kurortda ko‘rganligi haqidagi javobi esa tergovchilar tomonidan to‘qib, qo‘shib qo‘yilgan. Chunki, Badri Sayfulmulyukov 1930-yil Toshkentda OGPU xodimlari tomonidan Germaniya josusi sifatida qamoqqa olinib, 1935-yildayoq tergov qiynoqlaridan o‘lgan va buni Ruqiya opa bilar edi.

 

Tergov hujjatlarini varaqlar ekanmiz, Germaniya va Turkiyada oqib qaytgan koplab buxorolik va turkistonlik talabalar kabi Ruqiya Xojayevaning orqasidan ham ancha avvalroq aygoqchilik ishlari olib borilganini sezamiz. Bizning bunday xulosaga kelishimizga 1906–1909-yillarda Germaniyada o‘qib, 1926-yildan to 1935-yili qamalguniga qadar Tojikistonning Toshkentdagi vakolatxonasida ishlagan, asli germaniyalik Gofman Gugo Iosifovich (1888-yilda tug‘ilgan)ning 1935-yil 16-oktabrdagi Tojikiston NKVD tergovchilarining savollariga quyidagi javoblari ham asos beradi.

 

«SAVOL: Germaniyadan Sovet Ittifoqiga qaytib kelgan shasxlar bilan Xo‘jayevaning aloqalari haqida nimalarni bilasiz?

JAVOB: Isa Xo‘jayev va uning rafiqasi bilan tanishligim vaqtida ularning uyida boshqa biror shaxsni uchratmaganman va shu vaqt ichida Isa Xo‘jayevning uyiga faqat xizmat yuzasidangina borganman va uning rafiqasi bilan besh marta ko‘rishganman, xolos. 1931-32-yillar bo‘lsa kerak, Stalinobodga Germaniyadagi sotsialistik gazetalarning ikki muxbiri kelib, Isa Xo‘jayev xonadonida bo‘lishgan. Men buni Isa Xo‘jayevning o‘zidan eshitganman va u menga ularni «Rote-Fane» gazetasining muxbirlari, deb aytgan. Menga faqat shu narsa ma’lumki, ular ikki kishi, ya’ni biri erkak, ikkinchisi ayol bo‘lib, o‘zlarini fotomuxbirlar deb tanishtirishgan.

 

SAVOL: Siz mazkur muxbirlar bilan Isa Xo‘jayevning uyida uchrashganmisiz?

JAVOB: Uchrashganman. O‘sha uchrashuvda Isa Xo‘jayev, uning rafiqasi va menga notanish bir nechta mehmonlar ham ishtirok etishgan. Mazkur muxbirlarni men bir oz bilganim uchun ular bilan, ayniqsa, muhim gan (masala)larda gaplashganim yo‘q. Ular Stalinobod shaharining ko‘rinishi, sanoatini rasmga tushirishgan, hukumat a’zolari ularni hukumat mashinalarida olib yurgan, zotan, ularning kelishi rasmiy ravishda bo‘lgan edi. Ularni, shuningdek, Vahsh qurilishiga olib borishdi, hukumat nomidan ularga o‘rtoq Perskiy (u Tojikiston Xalq Komissarlari Kengashida ishlardi) birkitilib qo‘yilgan ediki, balkim u kishi ular haqida batafsilroq gapirib berar. Ular Moskvaga qaytishda bir necha kun Toshkentda ham bo‘lishgan va u yerdagi Tojikiston vakolatxonasining yotoqxonasida yashashgan».

 

Mazkur savol-javobdan shu narsa ayon bo‘ladiki, Tojikisgon NKVDsi 1935-yildayoq garchand sovet davlatining rasmiy ruxsati bilan 1931-1932-yillarda SSSRga kelgan va Tojikistondagi sotsialistik o‘zgarishlar haqida hikoya qiluvchi suratlarni olgan bo‘lsalar-da, har holda chet ellik jurnalistlarning Isa Xo‘jayevning uyida bo‘lgani, uning rafiqasi Ruqiyaxonim bilan uchrashgani, u bilan hamsuhbat bo‘lgani haqida Ruqiya va Isa Xo‘jayevlarga qarshi materiallarni to‘play boshlagan. Va bunday materiallar 1937-yilda Ruqiya va Isa Xo‘jayevlar qamoqqa olinishlari bilan ularning «jinoiy ishlari»ga tirkab qo‘yilgan.

 

Ruqiya Xo‘jayevaning tergov materiallariga tirkalgan hujjatlar ichida, bundan tashqari, O‘zbekiston NKVDsining 1936-yil 26-oktabrda Moskvadagi SSSR NKVD rahbarining o‘rinbosari Gorbga yozgan bir xati ham borki, uni o‘qib, yoqa ushlaysan kishi. Mazkur maxfiy xatda Germaniyada o‘qib SSSRga qaytgan o‘rtaosiyolik mahalliy yigit va qizlarning qanchasi qaysi shaharlarda yashayotgani, ulardan B.Sayfulmulyukov, A.Murodiy, To‘lagan Mo‘min, Sulton Matqul, Xayrinisa Majidxonova, Sherahmedov, Sattor Jabbor kabi Gulsum va Ruqiya Rahimovalar izidan «Ahmadbek», «Sharq», «Hamid» kabi laqabli ayg‘oqchilar qo‘yilganligi va ular hozir Germaniyadan o‘qib qaytgan mazkur talabalar orqasidan faol yashirin kuzatuv olib borayotganliklari, bu haqda O‘zbekiston NKVDsining maxsus bo‘limlari Moskvadagi SSSR NKVD rahbarlariga oyda ikki marta xabar yetkazib turajaklari yozilgan. Bundan tashqari, o‘ta maxfiy hisoblangan mazkur xatda Germaniyada o‘qib qaytgan Gulsum va Ruqiya Rahimovalarning SSSRga qaytgach, Germaniyadagi Olimjon Idrisiy bilan shubhali yozishmalari, so‘nggi davrda Ruqiyaning germanparastlik ruhida gaplar yurita boshlaganligi alohida qayd qilinib, uning hozir Toshkentdagi opasi Gulsum Rahimovaning uyida ekanligi va aniq adresi shipshitilib: «Ruqiya Rahimova keyingi vaqtlarda Germaniyaga nisbatan xayrixohlik ruhidagi so‘zlarni gapirib, germanparastlik kayfiyatini ko‘rsata boshladi. Hozirgi vaqtda Ruqiya vaqtincha Toshkentda bo‘lib, opasi Gulsum Rahimovaning uyida (Toshkentdagi Shyolkovichniy ko‘chasi, 18-uy, 3-xonadonda) mehmon bo‘lib turipti», – deb yozilgan.

 

Shunday qilib, mazkur ig‘vo va tuhmatlar, ayg‘oqchilik materiallari asosida Germaniyada o‘qib vataniga qaytgan ko‘plab mahalliy o‘zbek, tojik, qozoq yoshlari kabi endigina 29 bahorni ko‘rgan Ruqiya Xo‘jayeva (Rahimova) ham 1937 yil 16 oktyabrda Tojikiston NKVDsi qoshidagi «uchlik» qarori bilan sudsiz, guvohlarni chaqiruvsiz oliy jazo – otuvga hukm qilinadi va 5 oydan ko‘proq NKVD zindonlarida ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan qiynoqlar ostida sog‘lig‘idan ajralgan, og‘ir kasal holdagi Ruqiya Xo‘jayeva (Rahimova) 21-oktabr kuni kechasi soat 24 da otib tashlanadi. Lekin bu mudhish voqea uning oilasidan uzoq yillar davomida sir saqlanadi, haqiqiy ahvol ulardan yashirib kelinadi. Ruqiya opaning ota-onasi va qarindosh-urug‘lari buni mutlaqo bilishmay, hayot bo‘lsa, bir kun chiqar, degan umid bilan uni oqlash borasida yelib-yuguradilar. Uning keksa otasi Qayum Rahimov har ikki qizi Gulsum va Ruqiyalarning, kuyovlari Haydar va Isabeklarning begunohliklariga ishongan holda Tojikiston va O‘zbekiston NKVDsi rahbarlariga shikoyat xatlarini yozadi.

Lekin bu tashkilotlardan rad javobi keladi. Chunonchi, uning 1940-yilda Tojikiston SSR prokuraturasiga qizi Ruqiya Xo‘jayevaning aybdorligiga ishonmasligi, shuning uchun uning tergov hujjatlarini qayta ko‘rib, qamoqdan ozod qilish haqida yo‘llagan arizasiga 1940-yil 29-aprelda Tojikiston SSR prokurori yordamchisining maxsus ishlar bo‘yicha o‘rinbosari F.Dubsov rad javobini yuboradi:

«Rahimov Qayum Sobirovich o‘z shikoyatida, – deb yozadi u, – qizi Ruqiya Xo‘jaevaning jinoiy ishi hujjatlarini qayta ko‘rib, uning qamoqdan ozod etilishini so‘raydi, uning fikricha, qizi hech qachon xalq dushmani bo‘lmagan va sovet hukumatiga qarshi hech qanday millatchilik tashkilotida ish olib bormagan.

Shikoyatchi xatda boshqa dalillarni keltirmaydi. Hujjat materiallari bilan tanishilgandan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, Xo‘jayeva Ruqiya haqiqatan ham Berlin (Germaniya)da o‘qigan va xalq dushmani Olimjon Idrisiy bilan aloqada bo‘lgan. U 1927 yildan boshlab Tojikistonning Stalinobod shahrida yashay boshlaganida nemis muhojirlari Lobi Yakobi Ernst va boshqalar bilan aloqada bo‘lgan va bunga aybdorning o‘zi ham iqror bo‘lgan. Mazkur faktlar asosida bunday qarorga kelindi:  Ichki Ishlar Xalq Komissarligi qoshidagi uchlikning qarorini o‘z kuchida qoldirib, jazo muddati haqidagi hukm tergov hujjatlariga muvofiq fuqaro Rahimov Qayumning shikoyati oqibatsiz qoldirilsin». Shundan so‘ng Qayum Rahimov va uning qarindoshlari Ruqiya Xo‘jayevani oqlash haqidagi urinishlarining befoydaligi va hatto xavfli ham ekanligini o‘ylab, shu haqda og‘iz ochmay keldilar. Ular hatto Stalin vafotidan keyin ham shu haqda yurak yutib birorta yuqori doiraga murojaat qilmadilar.

Nihoyat, uzoq viloyatlarga ketib, tasodifan omon qolgan qizi Gulnahor Isayeva 60-yillarning boshlarida markazqo‘m qoshidagi partiya kontrol qo‘mitasi raisi N.M.Shvernik nomiga xat yozib, otasi Isa va onasi Ruqiya Xo‘jayevlarning taqdiri haqida xabar berishni so‘raydi. Shundan keyin Tojikiston SSR Oliy sudi jinoyat ishlar bo‘yicha sud kollegiyasining 1964-yil 26-yanvarda Dushanbe shahrida S.Qurbonov raisligida o‘tkazilgan yopiq majlisi Ruqiya Xo‘jaeva ishi bo‘yicha Tojikiston SSR NKVDsi qoshidagi «uchlik»ning 1937-yil 16-oktyabrdagi hukmini qayta ko‘rib, uni bekor qiladi. O‘sha yilning 8-fevralida Ruqiya va Isa Xo‘jayevlarning Samarqand shahrida yashab turgan qizi Gulnahor Raqimova Tojikiston SSR Oliy sudi raisi S.Rajabov imzosi bilan shu haqdagi oqlov qog‘ozini oladi.

Ruqiya Xo‘jayevaning rasman oqlanishi garchand sovet davrida, 60-yillarning boshlarida bo‘lgan bo‘lsa ham, uning haqiqiy millat farzandi, begunoh inson sifatida qadr-qimmat topishi 1991-yil O‘zbekiston va Tojikiston mustaqillikka erishganidan keyin ro‘y berdi. 30-yillar oxirida stalincha qatag‘on qurbonlari bo‘lgan o‘zbek va tojik xalqlarining ko‘plab begunoh farzandlari qatori Ruqiya Xo‘jayevaning ham tamomila begunoh ekani aniqlanib, uning totalitar tuzum davridagi achchiq qismati xolisona o‘rganila boshladi.

Biz shu munosabat bilan yaqinda Ruqiya opaning hozirda Toshkentda istiqomat qilayotgan qizi – mehnat faxriyasi Gulnahor Isayevna bilan uchrashib, onasining qismati haqidagi xotiralarini so‘radik. U kishi bizga shu haqda bunday hikoya qildi:

«Majruh etilgan yoshlikdagi hayotim haqida biror narsa deyishim juda og‘ir. Ota-onam qamalgach, men ota-onasiz qoldim. Meni ajoyib va saxovatli inson bo‘lgan onamning otalari Qayum bobom tarbiyalab o‘stirdilar.

 

Biz 1934-yili Moskvaga borib, Gorkiy ko‘chasidagi uylarning birida yashay boshlagan edik. 1937-yil yanvarida otamni Stalinobodga chaqirib qolishdi va u yerdan otam qaytib kelmadilar. Shundan so‘ng uyimizda ketma-ket tintuv boshlandi. Kechalari forma kiygan kishilar uyimizga kelishib, onamni ham so‘roq qila boshladilar. O‘sha yilning dekabr oyida esa uyimizdan haydab chiqarishdi va biz Samarqanddagi O‘zbekiston Davlat universitetida ishlayotgan qarindoshimiznikiga panoh izlab keldik. Onam shu yerda ishga kirib, otam haqida Moskva va Dushanbega ariza yoza boshladilar. Biz may oyida otam haqida biror xabar topish maqsadida Dushanbe shahriga bordik.

Onam bir kuni: «Bu safar otangni ko‘ramiz», dedilar. Ertalab NKVD idorasiga bordik. Ular bundan avvalroq xabardor bo‘lgan bo‘lsalar kerakki, bizni yaxshi kutib olishdi. Lekin ichkariga onamning bir o‘zlarini kiritib, meni ostonada ushlab qolishdi va «u yerda tomosha ko‘rsatiladi», deyishdi. Men shu yerda onamni kechgacha kutdim. Lekin onam NKVD idorasidan qaytib chiqmadilar. Amakim meni Samarqandga olib borib qo‘ydi. Bobom qizi va kuyovining ozod etilishini so‘rab, turli idoralarga murojaat qilsa ham natija chiqmadi. Kimdir unga endi boshqa yozmaslikni, meni esa uzoq yerga yashirib qo‘yishni maslahat berdi. Chunki, «xalq dushmani» bo‘lib qamalganlarning bolalarini ham 16 yoshgacha yetimxonada asrab, so‘ng ularni ham qamab yubora boshlagan edilar.

Shundan so‘ng biz biror joyda qo‘nim turmay, turli joylarga – Qoradaryoga, Xatirchiga, Samarqandga, yana qandaydir kichik bir stansiyalarga borib, bekinib yashadik. Va men shu yillar davomida, ya’ni 1956-yilgacha biror kishiga ota-onam haqida to‘g‘ri gapni aytmay yashirib yurdim. 1949-yili Xatirchida o‘rta maktabni tugatib, Samarqand Meditsina institutiga o‘qishga kirdim. 6 yil o‘qib, Surxondaryo viloyatining Angor tumanida ishladim. Shubhasiz, shu yillar davomida onamning erkalab suyishlari va otamning esa mehr-muruvvatlarini sog‘inib yashadim.

Onam nihoyatda kamtar va muloyim, ma’lumotli ayol bo‘lib, meni nihoyatda sevar va ardoqlar edilar. Men axir onamning yakka-yu yagona farzandlari bo‘lganim uchun meni balki haddan ziyod sevardilar. Onam Turkiyadan Germaniyaga ketgan vaqtlarida bor-yo‘g‘i 10 yoshli qizaloq edilar. Shuning uchun ham qanday qilib nemislarning josusi bo‘lsinlar. Mening fikrimcha, onamning tergovda bergan ko‘rgazmalarining hammasi ham tergovchi jallodlarning uydirmasi yoki qiynoqlarning natijasidir. Onam begunohdan-begunoh jabrlanganlar, onamning umrlarini yoshlik chog‘laridayoq xazon qildilar. Onam, axir, hali 30 yoshga, otam bo‘lsalar, endigina 35 yoshga kirgan edilar. Mustabid tuzum meni ota-onadangina emas, oddiy bir bolalikdan ham mahrum qildi.

 

Ota-onam mening xotiramda hamisha yosh, begunoh, hayotsevar, vatanparvar, o‘z davrining eng ilg‘or kishilari bo‘lib qoladilar».

Gulsum Rahimova-Ashrafiy va Ruqiya Xo‘jaeva (Rahimova) singari Germaniyada tahsil ko‘rgan talabalar o‘z vatanlarining gullab yashnagan, iqtisodi va madaniyati rivojlangan mamlakat bo‘lishini orzu qilib, shu yo‘lda halol yashagan va fidoyilarcha ishlagan edilar.

Sherali TURDIYEV,

“Ular Germaniyada o‘qigan edilar” kitobi, 131–140-betlar

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

14:05 / 21.05.2024 0 192
Layk gadolari yoxud xatarli inkubator





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19480
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16908
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi