“Koinotga energiya yo‘llash” va “pul bilan suhbatlashish” – psixologlar qanday gipnoz qiladi?


Saqlash
14:06 / 24.06.2024 737 0

Dunyodagi tadqiqot institutlarining ilmiy xulosalarida tojli virus chillasi (pandemiyasi) odamlarning ruhiy salomatligiga katta ziyon yetkazgani bot-bot ta’kidlanmoqda. 2020-yildan so‘ng yurtimizda ham aholining, ayniqsa, ayollarning ruhiyati, yaqinlari bilan munosabatida muammosi ko‘paygan. Ruhiy buzilish, vahima va xavotirlar soni ortib, psixologlarga ehtiyoj kuchaygan. Inson shifo istab mutaxassisga murojaat qilsa-yu davo topsa, nur ustiga nur. Ammo soxta mutaxassisga yo‘liqib, ahvoli battar bo‘lsa, bundan ortiq ko‘rgulik yo‘q.

 

Oxirgi paytlar O‘zbekistonda soxta psixologlar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday ko‘paygani xavotirli. Ular ham aslida oydan tushmagan. Ularga uch yil burungi chilla va erkaklarga nisbatan ayollarning ruhiy yordamga moyilligi ko‘proq qo‘l kelmoqda. Natijada ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini psixolog deb tanishtirayotgan firibgarlar  minglab ayollarni osongina chuv tushirayapti. Psixologik yordam ko‘rsatishni iddao qilayotgan shaxslarning aksariyati uquvsiz, tajribasiz, bilimsiz, zo‘rg‘a uch oylik kursni o‘qib chiqqan. Soxta psixologlarning nayranglarini bilib qolgan odamlar “Bizga psixologiya kerakmi?” degan savolni ham o‘rtaga tashlamoqda. Aslida psixologiya deganda nimani tushunish kerak? Keling, soha mutaxassislarining bu haqdagi fikrlarini o‘rganamiz.

 

 

Nargiza Sultonova (30 yosh), hisobchi:

 

– Oilaviy muammolarim sababli internetda mashhur bo‘lgan bir psixologning qabuliga yozildim. O‘zini psixolog atagan kimsa avvaliga muammolarimni eshitdi, hammasiga o‘zimni aybladi. Sizni o‘zgartiramiz dedi. Er va xotin munosabatimiz chetda qolib, atrofimda bo‘layotgan barcha dilxiraliklar, xotiralar tubida saqlanib yotgan ota-onam bilan aloqalarim, bolaligimdagi masalalar ko‘tarilib ketdi. Xullas, hammasiga kelib chiqishim, genim va hokazolar aybdor emish. O‘sha kuni yuragim og‘rib, ruhan ezildim.

 

O‘sha psixolog bilan uch dars ishlashim kerak edi. Ikki marta qabuliga bordim. Maslahatlarining ko‘piga tushunmadim. Boshida taqdirga tan berib yashash haqida rosa uqtirdi. Keyin hammasini o‘zgartirish o‘z qo‘limda ekanini tushuntirdi. Savol beray desam, “Meni eshitishni istamayapsiz, qarshi chiqayapsiz, muammolaringiz shuning uchun ham ko‘payib ketgan, yana ko‘payaveradi” deya og‘zimga urdi. Indamay eshitib o‘tirishdan boshqa ilojim qolmadi. Bir yarim soat vaqtni bir amallab o‘tkazdim. Bir million to‘rt yuz ming so‘m to‘ladim. Tag‘in bu chegirmali narx ekan. Aslida odamlar uning qabuliga bir soatga bir million so‘m to‘lab kirarkan. Uchinchi darsiga borib o‘tirmadim. Muammolarim o‘zim bilan qolaverdi. Hozir pulim va vaqtim bekor ketganiga achinib o‘tiribman.

 

 

Matluba Tosheva (64 yosh):

 

– Shayx  Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Baxtiyor oila” kitobidan bugungi kunda ko‘p psixologlar foydalanadi, hatto iqtiboslar keltiradi. Shu kitobni qo‘lingizga olib, bir marta e’tibor bilan o‘qib chiqing, azizlar. Najotni psixologdan izlashga ehtiyoj qolmaydi. Chin musulmon kishida aslida psixologga ehtiyoj sezilmaydi. Hozir din ahkomlarini biladiganlar ko‘p, amal qiladiganlar oz. Najot iymonda, sabr va qalb halovatida. Tushunaman, agar sizda qandaydir nasliy yoki ruhiy kasallik bo‘lsa, bu yordam bermaydi. Bunday hollarda psixiatr yoki psixoterapevtga murojaat qiling, ijtimoiy tarmoqlarda ulkan o‘zgarishlarni va’da qilayotgan lo‘ttibozlarga emas.

 

 

Zarifboy Ibodullayev, Toshkent tibbiyot akademiyasi professori, “Tibbiyot psixologiyasi” darsligi muallifi, tibbiy psixolog:

 

– Psixologiya o‘ta murakkab va mas’uliyatli fan. Psixolog doimiy izlanishga, o‘z ustida ishlashga majbur. Bugun asl psixolog bilan ezoterik, parapsixolog kabi tushunchalar qorishib ketdi. Buddizm, nasroniylik ta’limotlari asosiga qurilgan g‘oyalar, veda madaniyati guruhlari aqidalari ommaviy singdirila boshlandi. Unisidan bir chimdim, bunisidan bir chimdim olib, bo‘tqa pishirib yotgan kishilar o‘zlarini bexijolat psixolog deb atashmoqda. Har xil mavzudagi ma’ruzalarini internetga joylab, auditoriyaga ta’sir o‘tkazishga urinmoqda. Hozirgi axborot asrida insonlarning informatsiyadan ta’sirlanishi juda yuqori. Ko‘pchilik ko‘rgan va eshitgan axboroti ta’sirida uzoq vaqt qarama-qarshi fikrlar girdobida qolib ketayapti. Bir fikrga kelolmay, boshi berk ko‘chaga kirib qolmoqda. Inson ruhiyati juda nozik masala. Beqaror inson turli fikrlar girdobida qolib ketsa,  uni uyqusizlik, bezovtalik, vahima qurshab oladi. Hatto ayrim insonlar o‘sha ma’ruzalarga bog‘lanib, zombiga aylanib ulgurgan. Bora-bora ruhiyatni shunaqa yopishqoq g‘oyalar va fikrlar o‘rab oladi. Inson turli bema’ni axborotni doimiy eshitavergach, unga ko‘r-ko‘rona amal qilishga odatlanib qoladi.

 

O‘zbekistonda parapsixologiya, ezoterika, psixogenetika kabi yo‘nalishlar juda ommalashib ketdi. Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta shunday guruhni kuzatish mumkin. Ularda pulga minnatdorchilik bildirish, koinotga yuzlanish, quyosh, oy kabi osmon jismlaridan so‘rash kabi maslahatlar berilmoqda. O‘zi uch oylik kursda o‘qib chiqqan-chiqmagani noma’lum psixologlar xizmat ko‘rsatish bilan birga shogird tayyorlash kurslarini boshlab yuborgan. Bu kurslarda har oyda o‘ndan ortiq ayol professional bo‘lib yetishayotgan ekan. Vaholanki, oddiy bir kasbni mukammal egallash uchun yillar davomida o‘qish va malaka oshirish kerak. Qarangki, bu yerda inson ruhiyati bilan bog‘liq sohaga uch oy vaqt yetarli deb qaralmoqda. Ayniqsa, psixologiyada eng kamida fundamental bilimlar uchun universitetlarda professorlar to‘rt yil davomida talabalarga ta’lim beradi. Islom diniga mos kelmaydigan turli nazariyalar, mashqlar, seanslar o‘tkazish shunchalar oson ish bo‘lib qoldiki, “Instagram” yoki Telegram kanallarida obunachi yig‘ib olsa bo‘ldi.

 

 

Dildora Amirjonova, Toshkent tibbiyot akademiyasi doktoranti, tibbiy psixolog:

 

Ko‘pgina odamlar psixologlarga murojaat qilib yordam topmaganini aytishadi. Ayrimlar ma’lum vaqt o‘zgardim deb yurib, oradan bir yil o‘tib-o‘tmay yana battar tushkunlikka tushib qoladi. Bu odamlar psixologlar yoki psixoterapevtlarga emas, balki soxta ezoteriklarga duch kelgan. Psixologiya inson ruhiy jarohatlari va xafagarchilikdan xalos bo‘lishida yordam bersa, ezoterizm har qanday muammoga yechim topishni va’da qiladi.

 

Odatda bemorlar ichki dunyosini tahlil qilishni kutadi, biroq soxta ezoteriklar ularni butkul boshqa ko‘chalarga kiritib yuboradi. Ko‘pincha ezoterizm bo‘yicha kitoblar va treninglar psixologiya nomi ostida yashirinadi. Chunki inson ongida fan va tasavvur uyg‘unligidagi formulalar tez ishonch qozonadi va yaxshi daromad keltiradi. Odamlar ilohiyot, mo‘jiza kabi sirli bilimlarga bir tomondan qiziqsa, boshqa tomondan cho‘chib turadi. Bu yerda ularga sirli jumboqlarni fan bilan bog‘lab, muammolarni hal qilish taklif etiladi. Bu ongga ta’sir qilish, ishonch qozonishning samarali usuli.

 

Ezoterizm hayotning sirli mohiyati haqidagi qarashlar tizimi. Sehr va mo‘jizalarga ishontirishga usta. Bunday g‘oyalarga moyil va hayotning eng katta ma’nosini izlayotgan odamlar ko‘pincha ezoteriklarga aylanadi. Soxta ezoteriklar insonning zaif tomonlarini qanday topishni yaxshi biladi. Sehrni o‘rgatadi, hayotga fikrlar bilan ta’sir qilish, pulni jalb qilish, tana quvvatini boshqarish kabilar haqida gapiradi. Munajjimlar bashorati,  quyosh, oy, koinot va boshqa energiyalarga murojaat qiladi. Koinot qonunlariga rioya qilishni va tabiatga qaytishni so‘raydi. O‘tgan ajdodlar, ota-onalar ruhi bilan ishlaydi. Shu yo‘l bilan o‘zbek ayollarining soddaligidan foydalanib pul topadi.

 

Bugun psixologiyaga otilayotgan toshlar va ishonchsizlik kayfiyatining asl sababi sohada nazorat yo‘qligidir. Masalan, kardiolog shifokor deyilsa, universitetda ta’lim olgan, oliy ma’lumotli, diplomi, bilimi va malakasi bor mutaxassisni tushunamiz. Psixolog ham xuddi shunday mutaxassis. U ham oliy ta’lim maskanida o‘qishi, psixologiyaning asosiy ilmidan xabardor bo‘lishi kerak. Bu yerda umumiy psixologiya haqida gap borayapti. Odatda umumiy psixologiyada insonning ruhiyati qanday ishlashi, ruhiy tizimi, idrok etishi, sezgi, tafakkur, tasavvur kabi holatlari bo‘yicha tushuntirishlar beriladi. Jamiyat psixologiyasi, oila psixologiyasi, bolalar psixologiyasi, insonning xarakteri, temperamenti degan tushunchalar bor.

 

 

Madina Jo‘rayeva, “Muslimaat.uz” sayti psixologi:

 

– Din arbobi ilmni yaxshi o‘rganib, ma’lum bir ijozalarni qo‘lga kiritgach, odamlarga shariatni o‘rgatishi mumkin. Shu ma’noda psixolog ham avval insonning ruhiyatini yaxshi bilishi zarur. Ya’ni, insonning ruhiy salomatligi va ruhiy buzilishlarini ilmiy jihatdan puxta o‘rganmaguncha hech kimning psixologlikka da’vo qilishga haqqi yo‘q. Odam qalbini yanglish yo‘llarga burib yuborishning javobi juda og‘ir.

 

Qabuliga kelgan kishiga psixolog maslahat bermaydi. To‘g‘ri yo‘lni topishga yo‘nalish beradi, xolos. Bemorga tashxis qo‘yish uchun uni tinglaydi, muammolarini aniqlaydi va ruhiy yordam beradi. Psixologlardan bir soatda katta o‘zgarish yoki mo‘jiza kutish – bema’nilik. Afsuski, buni hamma ham bilavermaydi. 

 

Hozir ko‘pchilik psixolog deganda, “koinotga o‘zidan qandaydir energiya yo‘llash”, “har kuni oynaga qarab, “men baxtliman” deb tinmay takrorlash”, “pul bilan suhbatlashish” kabi tuturuqsiz maslahatlar beradigan mahmadonalarni ko‘z oldiga keltiradi. Tabiiyki, bu dunyobexabarlik soxta psixologlarga qo‘l keladi.  Ular hech bir javobgarlik his qilmay, ommaviy seanslar, turli terapiyalarni bosib o‘tkazaveradi. Ochig‘i, bunaqa ishlar zamonaviy firibgarlikning bir ko‘rinishidir. O‘zgalarning tashvishidan foydalanib, jaraq-jaraq pul qilayotganlar hech kimdan qo‘rqmayotgani xavotir uyg‘otadi kishida. Nima, odamlarni turli yolg‘onlar – “naslni tozalash”, “genetikani o‘zgartirish”, “pul chaqirish san’ati”ga o‘xshash yuzlab ahmoqona mavzular bilan jalb qilayotganlarga shahar bedarvozami? Ularning faoliyatini mutasaddi tashkilotlar qat’iy  nazoratga olishi kerak.

 

 

Shoira Isoqova, oila va bolalar psixologi: 

 

– Yurtimizda oliy o‘quv yurtlarida psixolog mutaxassislarni o‘qitish bo‘yicha talay ishlar qilinmoqda. Qisqa vaqtda mazkur muammolarning ijobiy yechimi bo‘ladi, albatta. Shu kunlarda aholining psixologiyaga munosabatini oladigan bo‘lsak, avvalo psixologiyaning hech qanday yo‘nalish yoki oqimga taalluqli emasligini aytib o‘tmoqchiman. Bu falsafadan ajralib chiqqan bir yo‘nalish va inson ruhiyatini o‘rganuvchi fan. Buni bilgan-bilmagan, o‘qigan-o‘qimagan odamlar ham omma oldiga chiqib, o‘zidan bir xaloskor yasay boshladi. Buning hisobiga ilmsiz, soxta psixologlar qatlami vujudga keldi. Ya’ni, ular pul evaziga biznes boshlab, inson ruhiyatini obyekt qilib olishdi. Aslida psixolog bo‘lish uchun oliy ta’lim muassasasida o‘qish, eng kamida bakalavr, bo‘lmasa magistr darajasi talab etiladi. Amaliyotda esa hech qayerda o‘qimagan yoki kimlarningdir ikki yo uch oylik kursida, seminarida qatnashib “sertifikat” olgan chalamullalar o‘zini psixolog sifatida tanishtirayapti. O‘zlarini psixolog, ezoterik, motivator yoki boshqa nom bilan atab, bemor qabul qilishayapti. Oqibatda ruhiy bemorlarning ahvolini battar og‘irlashtirib qo‘yishayapti. Pixologiyaning barcha uslublari ilmiy asosga ega, unda ko‘p yillik taqdiqotlar natijasida yo‘lga qo‘yilgan metodlar qo‘llanadi. Umuman, shaxsni o‘rganmay, uning individual xususiyatlarini, ijtimoiylashuv jarayonlarini bilmay bu sohaga kirishish mumkin emas. Chunki bu soha insonning ruhini, ongini nafaqat yaxshi tomonga, balki yomon tarafga o‘zgartirib yuborishi ham hech gap emas. Ilmdan bexabar, o‘zlarining o‘y-xayollari va fantaziyalari asosida bemorlarni davolamoqchi bo‘layotganlar katta xato qiladilar.

 

O‘zbekiston psixologlar assotsiatsiyasi a’zosi Shoira Isoqovaning bildirishicha, hozir Adliya vazirligi bilan hamkorlikda bu borada hujjat tayyorlangan. Shu kunlarda psixologlar faoliyatini nazorat qiluvchi me’yoriy hujjat ishlab chiqilishi kutilmoqda. Agar hujjat qonuniy kuchga kirsa, ijtimoiy tarmoqlardagi soxta psixologlar faoliyati o‘rganiladi va litsenziya masalasi o‘rtaga chiqadi. Ya’ni, soha qonun bilan qat’iy tartibga solinadi.

 

Feruza RAIMJON qizi

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 1-son.

“Inson qalbi bilan hazillshamang” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 278
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17499
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//