Yevropoid qiyofasidagi turkiy tilli qarachaylilar – ular bugun qanday yashaydi?


Saqlash
18:06 / 25.06.2024 585 0

Qarachay-Cherkas va Qabardin-Balqar respublikalarida istiqomat qiladigan qarachaylilar Elburs tog‘ini Mangutov deb ataydi. Uning janubi-g‘arbiy etaklaridan Qo‘ban daryosi boshlanadi. Daryoning ikki qirg‘og‘i bo‘ylab Qo‘ban tarixiy viloyati joylashgan. Uni ruslar Kuban shaklida ishlatgani uchun hozir ko‘pchilik shunday ataydi. Aslida daryoga qarachaylilar nom bergan. Qo‘ban qipchoqcha “qo‘pqan” (qarachaycha: qo‘pxan) – qo‘padigan, toshadigan daryo ma’nosini beradi, ya’ni bu nom daryoning fe’lini anglatadigan toshmoq fe’lidan yasalgan. Qo‘ban daryosiga quyiladigan barcha o‘zanlar turkiycha nomlangan.

 

Qarachay tog‘li o‘lkasi Qo‘banning yuqori qismidagi Teberda[1], Aqsavut[2], Qum kabi o‘zanlar atrofida joylashgan bo‘lib, hozirgi kunda Karachevsk shahar okrugi shu yerda barpo etilgan.

 

Qarachaylilarni xuddi balqarlar kabi tavli(q)lar deb ham atashadi. Bunda ularning millatiga emas, balki tog‘da yashashiga nisbat berilgan bo‘lib, aslida kelib chiqishi va mental xususiyatlariga ko‘ra qarachaylilar balqarlardan farq qiladi. Balqarlar to‘liq islom dinida, ammo qarachaylilarning bir qismi nasroniylikda qolgan. Buning asosiy sababi – qarachaylilar juda kech, aniqrog‘i, XVIII asrga kelib islomni qabul qila boshlagan[3]. Qarachaylilarning eng taniqli islomshunos olimi Aysandir Dudov (1612–1722) XVIII asrning o‘rtalarida Buxoro va Samarqandda tahsil olib, keyin o‘z eliga asl dinni o‘rgatgan[4].

 

Qarachaylilar e’tiqodida tangrichilik dini unsurlari saqlanib qolgan. Is chiqarish, yetti, qirq, yil kabi motam marosimlari o‘tkazish keng tarqalgan. Chunki ular islomgacha Tangri[5] bilan bir qatorda Ulkan, Jer Anasi, Su Anasi, Qaya qizi (Tog‘ qizi) kabi ilohlarga ham sig‘inishgan. Qurbonliklar qilishgan[6].

 

Xazar xoqonligi davrida barcha Kavkaz xalqlari qatori qarachaylilar ham yahudiylikni qabul qilgan bo‘lishi mumkin. Balki bir qismi qabul qilgandir, ammo keyinchalik yana nasroniylikka qaytishgan. Nasroniylik elementlari Qarachay o‘lkasidagi arxeologik yodgorliklarda, shuningdek, leksikada ham saqlanib qolgan.

 

Qarachaylilarning etnik shakllanishi XIII-XIV asrlarga to‘g‘ri keladi. Bu davrda ular yashagan joylar Alaniya deb atalgan. Yerli xalq IV asrda nasroniylikni qabul qilgan. Qarachayli millatining to‘liq shakllanishi XIV asrda yakunlangan va unda alanlar, xazarlar va qipchoq turklari ishtirok etgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, qarachaylilar orasida bo‘ylari va qo‘llari uzun yevropoid kishilarni ham, ko‘zlari qisiq qipchoqlarni ham uchratish mumkin.

 

 

Turmush tarzi

 

Turkiy anglashimda “irisqi” degan tushuncha bor. Buni ko‘pchilik arabchadan o‘zlashgan “rizq” so‘zi bilan adashtiradi. Biroq bunday emas. “Rizq” arabcha so‘z bo‘lib, undan Razzoq, ya’ni rizq beruvchi Alloh tomonidan har bir maxluqqa beriladigan ham moddiy, ham ma’naviy boyliklar tushuniladi. “Irisqi” turkiy so‘z bo‘lib, Tangri tomonidan insonlar va hayvonlarga beriladigan ne’matlardir[7]. Uni inson o‘zi topishi kerak va shuning uchun “eskicha fikrlaydiganlar” hozirgacha irisqisini qandaydir hayvonda yoki o‘simlikda degan e’tiqodda yuradi. Shu tushuncha qarachaylilarning maqollarida ham saqlangan ekan:

 

Qarachayni irisxisi – malda.

 

Darhaqiqat, qarachaylilar qadimdan asosan chorvachilik bilan shug‘ullanib kelgan va irisqini chorvadan topgan. Mangutovning etaklaridagi adir-qirlar, Qo‘ban daryosining bo‘ylari qo‘y boqish uchun juda qulay bo‘lgan. Bu yerlarda asosan qo‘y, buyvol va ot yetishtirilgan. Qarachayli qo‘ylari sermahsulligi  bo‘yicha dunyoning eng yaxshi o‘ntaligiga kiritilgan[8].

 

Qarachaylilar turmush tarzi asosan chorvachilik bilan bog‘liqligi diniy e’tiqodi, jumladan, duolarida ham aks etgan:

 

Ulu Teyri, xan Teyri,

bulutlarni iy, Teyri!

Javunlarni javdur, Teyri,

jilqilarni to‘ydur, Teyri!

Teyri, Teyri, bilebiz

kuchungni, qaruvungni, Teyri[9].

 

Qarachaylilar Tangrini Teyri shaklida talaffuz qilishadi va bunday duolarni “Teyri alg‘ish” deb atashadi. Ayni duolar nasroniylikni yoki islomni qabul qilgan davrlarda ham o‘zgarmagan.

 

Qarachaylilar jun ishlatishga mohir bo‘lishgan. Bunda ularning zotdor qo‘ylari muhim o‘rin tutgan. Qarachay yerlarida uch xil zotli qo‘ylar yetishtiriladi: qora myuyyuz, ya’ni qorashoxli qo‘ylar. Ularning tusi qora, tanasi baquvvat va katta bo‘ladi. Tumaq zotli qo‘ylar ham jundor, ammo tanasi kichikroq, eti shirin bo‘ladi. Ko‘kbosh qo‘ylarining tusi ko‘k, go‘shtdor va juda gavdali bo‘ladi[10].

 

Kiyiz (kigiz) azaldan qarachaylilarning milliy brendi sanalgan. Kiyizlarning tuurluq, alacha, oyuvlu (naqshli) va jiyma (yig‘ib qo‘yiladigan bezakli) turlari ommalashgan. Qora myuyyuz qo‘ylarning dag‘al junidan to‘shama tuurluq kiyizlar tayyorlanadi. Alacha kiyizlar uchun esa tumaq va ko‘kbosh qo‘ylarning juni ishlatiladi. Ko‘kboshning junidan jiyma va alachalarni tayorlashda bezak uchun foydalaniladi.

 

Qarachayli oilasida o‘rmak, urchuq, iyna, biyiz (bigiz), chinday iyne, irchiq iyne bo‘lishi shart bo‘lgan. Ularda ayollar junro‘mol va turli kiyimlar to‘qishda usta bo‘lishadi. Qarachayli ayollarining to‘qigan junro‘mollari butun dunyoga mashhur bo‘lib kelgan. 1990-yillarda Toshkentning Eskijo‘va bozorida ham qarachay ro‘mollari sotilar edi.

 

Qarachaylilarning jauliq – yengil ro‘molchasi juda mashhur. Men dastavval jauliq qo‘lni artadigan moysochiq bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim. Keyin o‘rganib ko‘rsam, ajoyib tarixi bor ekan. Bu ro‘molni faqat balog‘atga yetgan qizlar to‘qir va qaysi yigitni sevsa, o‘shanga atar ekan. Keyin unga oshiq yigitlar o‘zaro yovlashib qolsa, ro‘molchani olgan yigit kuyov bo‘lar va shu bilan nomzodlar orasidan yovlik ko‘tarilar ekan. Jauliqning kattaroq o‘lchamdagisi ham bo‘ladi va uni ko‘pincha yoshi katta ayollar yopinib yuradi.

 

Qarachaylilar hamma turkiylar qatori naqshni oyma (o‘yma) deydi. Ularning bezaklari orasida muyiz nusxa, baliq dum va o‘simlik gulli naqshlar ko‘p uchraydi. Ko‘plab bezaklarning markazida turkiylik ramzi – O‘g‘uzxon yulduzi – sakkiz burchak o‘rin olgan. Ammo ayrim ornamentlarda oltiburchak – Dovud yulduzi va xoch ham ko‘zga tashlanadi.

 

 

Qarachay taomlari

 

Qarachaylilar go‘shtli va sutli mahsulotlarni xush ko‘radi. Ular go‘shtli ovqatlarni “qish taomi”, sutli ovqatlarni esa “yoz taomi” deb atashadi. Ko‘pincha yozda so‘yilgan qo‘y, mol, ot go‘shti tuzlanib, quritilib qishga saqlanadi. Qarachaylilarning hamma go‘shtli taomlari ajoyib, ammo ular orasida quritilgan go‘shtdan tayyorlangan shulum shorpa (sho‘rva) alohida ajralib turadi.

 

Qarachay bovursoqlari ham juda shirin. Ayniqsa quvvat manbai sifatida qaraladigan bulamiq (atala) qarachaylilarning eng sevimli taomi. Qarachaylar ayron, pishloq, bo‘za, qimiz tayyorlashda ham usta. Ular vinoni chag‘ir deb atashadi.

 

 

Qarachayli tili

 

Qarachayli tili turkiy tillarning qipchoq tillari guruhiga mansub. Dastlab uni rus tilshunoslari “tavli tatar tili” (tog‘ tatarlari tili) deb xato nomlab kelishgan. Ammo XX asrning boshlaridan alohida til sifatida tan olingan. Sovet davrida kam sonli millatlarga nisbatan qo‘langan til siyosati sabab bugungi kunda qarachayli va balqar tili bitta til sifatida o‘rganiladi. XX asrning boshlarida va unga qadar ham ikkala til alohida o‘rganilgan. Bunga misol tariqasida I.Aqbayev, B.Shaumyan va U.Aliyevlarning tadqiqotlarini keltirish mumkin. Shuningdek, ikki til o‘rtasidagi farqlar Zuhra Qo‘rqmazovaning “Лексико-семантические различия между карачаевским и балкарским вариантами литературного карачаево-балкарского языка” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida ham o‘z tasdig‘ini topgan.

 

Qarachayli tili grammatik xususiyatlariga ko‘ra boshqa qipchoq tillaridan farq qilmasa-da, ayrim morfologik farqlar ko‘zga tashlanadi. Leksikasida oltoy plastidagi so‘zlar ham talaygina. Misol uchun aslan, altin, at, baba, babay, saqal, talqi, ag‘ach, bavur kabi so‘zlar umumoltoy so‘zlaridir. Ammo shunday bo‘lsa-da lug‘at fondining asosiy qismi turkiy qipchoq so‘zlaridan tarkib topgan. Shu bilan birga, ayrim holatlarda o‘g‘uzcha talaffuzdagi so‘zlar ham uchraydi. Eng qizig‘i, tilning shaklanishiga chig‘atoy tilining ham ta’siri bo‘lgan va bu albatta XVIII asrning o‘rtalarida Buxoro va Samarqandda tahsil olgan mullalar va so‘fiylarning ta’sirida shakllangan. Islomni qabul qilgandan keyin arab, fors tillaridan so‘zlar o‘zlashgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, qarachayli tiliga “tatar chag‘ataycha”si degan nom ham berilgan. XIX asrdan boshlab rus tilidan so‘zlar kirib kela boshlagan va hozirgi kunda lug‘at boyligining 20 foizi ruscha so‘zlardir.

 

Qarachayli tilida shevalar asosan j tovushining talaffuziga ko‘ra farqlanadi. Mangutovning shimoli-g‘arbiy etagida qarachay-basxan-chegem shevasi, janubi-g‘arbiy tomonida balqar shevasi keng tarqalgan. Shimolliklar “j”ni qattiq, janubda yashovchilar yumshoq talaffuz qiladi. Shu bilan birga, balqar shevasida ch o‘rniga s qo‘llanadi: chach – sas, chachqi – sasqi va h.

 

Qarachayli va balqarlar uchun bitta qilib yaratilgan adabiy tilni tushunish biroz qiyin. Chunki unda xalqona so‘zlardan kam foydalanilgan va natijada qipchoq tiliga xos xususiyatlari yo‘qolgan. Masalan, muomalada ishlatiladigan jo‘q (yo‘q) so‘zi adabiy tilda yo‘q. Adabiy tildagi jo‘q (yo‘q) “mavjud emas” ma’nosida qabul qilingan. Ammo qishloq shevalarida saqlangan[11].

 

Qarachayli tilini o‘rganish qiyin emas. Buning uchun qipchoq tillaridan birini yoki uning o‘ziga xos xususiyatlarini bilish kifoya qiladi. Shunda hatto so‘zlashgich ham kerak bo‘lmaydi. Keling, qarachaycha so‘zlashuvga e’tibor qaratamiz:

 

 

Salom

Sau kel (sog‘ kel)

Xayr

Sau bar (sog‘ bor)

Rahmat

Sau qal (sog‘ bo‘l)

Oq yo‘l

Jo‘lingiz bo‘sin

Yashashingiz qalay?

Jashauung qalaydы?

Nima yangiliklar bor?

Ne jangыlыq bardы?

 

Bu nimani ko‘rsatadi? Bundan ko‘rinadiki, qarachaylilar salomlashuvda sof turkiy so‘zlarni saqlab qolgan va bu o‘zaro muloqotni osonlashtiradi. Hozirgi kunda islomiy aqoidga ko‘ra qabul qilingan “assalamu alaykum”, “va alaykum assalam” shaklida salomlashish urfga aylangan. Ammo qishloqlarda “sau kel” ko‘proq ishlatiladi.

 

Bu tilda fe’l orqali gap yasalishi ham umumturkiy qolipda:

 

Ovqat ye – ashni asha, suvni ich – suuni ich, otni qo‘yvor – atni iy, otni egarla – atni jierle, otga min – atxa min, otdan tush – atdan tyush, egarni yech – jierni tesh.

 

Oxirgi jierni tesh (egarni yech) so‘ziga e’tibor qaratilsa, qipchoqcha chech (yech) so‘zida t va sh tovushlarining o‘zgarganini ko‘rish mumkin.

 

Qarachayli tilida ravishning qo‘llanishi ham turkiy qolipda va bu o‘rin-payt ravishlarida yaxshiroq ko‘zga tashlanadi:

 

o‘tgan yil – biltir;

bu yil – bijil;

kelasi yil – keli jil;

kecha – tyunene (tunovun);

bugun – byugyun;

ertangi kun – tambla.

 

Oxirgi tambla so‘zi turkiy so‘z bo‘lmasligi mumkin, chunki bu so‘z hech bir turkiy tilning lug‘atida yo‘q.

 

Qarachay tilida olmosh, son va sifat boshqa turkiy tillarniki bilan aynan bir xil. Faqat fonetik farqlar bor xolos:

 

Bu yuch sari alma (Bu uchta sariq olma).

 

Men tert say tabaq bishgen blamuq salib, adamlag‘a yuleshdim (Men to‘rt tarelka blamuq (atala) solib odamlarga ulashdim).

 

Arabcha va forscha so‘zlar islom dinini o‘rganish jarayonida o‘zlasha boshlagan va hozirgi kunda zaman زمان, tarix تاريخ, sag‘at ساعة, daqiyqa دقيقة, ustaz أستاذ, kitab كتاب, daftar دفتر, qalam قلم, ders درس, axir آخر, ramadan (ay) رمضان, jannet جنة, ummet أمة, din دين, namaz kabi so‘zlar leksikada faol qo‘llanadi. Ayniqsa, arab tilidan Muhammad, Fatima, Zuhra, Oyisha, Umar, Usmon kabi yuzlab ismlar o‘zlashtirilgan.

 

Qarachayli tilining lug‘at boyligida nasroniylikka xos ismlar ham saqlangan. Filologiya fanlari doktori Tamara Bittirovaning yozishicha, qarachaylilarda oy va hafta kunlarining nomlarida nasroniylikka oid so‘z va ismlar ko‘p uchraydi. Ammo bu ismlar buzib talaffuz qilingani uchun ularni bir eshitganda anglab olish qiyin kechadi. Misol uchun, hozirgi kunda grigoriy kalendari amalda bo‘lsa-da, hamon qarachaylilar eski oy nomlari sifatida nasroniycha nomlarni ham saqlab kelishadi.

 

Ammo shu bilan birga qadimdan qo‘llangan turkiy oy nomlari ham saqlangan:

 

Aqton ay (oq to‘n oyi) – yanvar.

Burul ay (buruladigan oy) – fevral.

Baldir ay (boldir oyi) – may.

Lukkul ay (yog‘och omoch oyi) – iyun.

Buzchachar ay (muzsochar) – iyul.

Qirqar ay (qo‘y qirqim oyi) – avgust.

Qirqavuz ay – sentabr.

Sog‘um ay (mol so‘yiladigan oy), yana bir nomi Etiyiq ay (et yeyiladigan oy) – oktabr.

Arg‘ish ay (qishga zaxira g‘amlash) – noyabr.

Altayg‘ir ay – dekabr.

 

Hafta kunlarida ham xuddi shunday holat ko‘zga tashlanadi:

 

Bash kyun – dushanba.

Gyurge kyun (avliyo Georgiy kuni) – seshanba.

Baraz kyun (avliyo Paraskeva kuni) – chorshanba.

Orta kyun – payshanba.

Bayrim kyun (muqaddas Mariya kuni) – juma.

Shabat kyun – shanba.

Iyix kyun (dam olish kuni) – yakshanba.

 

E’tibor berilsa, bu yerda faqat uch kun turkiyda nomlangan. Qolganlari nasroniylik bilan bog‘liq. Qarachaylilar nasroniy avliyolarni shiyix – shayx (shiyix Gyurge, shiyix Totur) deb atashgan. Cherkov popini esa – “kalisa qulluqchisi” degan. Troitsani (xristian dinida: ota xudo, o‘g‘il xudo va muqaddas ruhdan iborat yagona iloh) yucheulen, yucheu ya’ni uchovlon deb atashgan. “Kreshenie” so‘zini xach salirg‘a, ding‘a buru, iyman salu deyishgan. “Missiya”ni borch (burch), ish, jumush deb tarjima qilishgan. Umuman olganda, qarachaylilar uzoq muddat nasroniylik dinida bo‘lgani uchun lug‘atida shu dinga oid leksemalarning turkiy variantlari ham ko‘p saqlangan.

 

Qarachayli tiliga rus tilidan ham so‘zlar ko‘p o‘zlashgan. Masalan, qarachaylilar dunyo tomonlarining ikkitasini turkiyda aytib kelishgan: kyun chiqg‘an jani va kyun batxan jani. Ammo shimolni sever, janubni yug deb atashgan. Misol uchun: severdag‘i teyri jariq (shimol yog‘dusi) yoki Yug Amerika (Janubiy Amerika). Faqat islomni qabul qilgandan keyin janub ma’nosida qibla[12] qo‘llana boshlagan. XIX asrdan diniy ulamolar orqali janub va shimol so‘zlari o‘zlashgan. Bu so‘zlarning turkiy variantlari esa faqat ayrim lug‘atlarda saqlangan xolos. Hozirgi kunda bu so‘zlarning turkiy yoki islomiy variantlarini lug‘atga kiritish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

 

Qarachayli tiliga begona so‘zlar qanchalik o‘zlashmasin, o‘z qatlam so‘zlar tilning asliyatini saqlab qolgan. Ayniqsa, qipchoq tiliga xos bo‘lgan elementlar uni yanada go‘zal va ulug‘vor qilib ko‘rsata oladi: tav, sav (sog‘), jav (dushman), juzuk (uzuk), ayuv (ayiq), jariq (yorug‘), siyliq (sovg‘a), tiyirmanchi (tegirmonchi), torba (to‘rva), jamg‘ir (yomg‘ir), javun (yog‘in), jiyin (yig‘in) va h.

 

Qarachaylilarda boshqa turkiylarda uchramaydigan leksik birliklar ham uchraydi:

 

Ayuu uluchaq (Ayiq bolasi), qozlag‘an qatin (qo‘zilagan, bolali xotin), tuqum/tuxum (familiya), myuyyuzchyuk (muguz, kichik shox), chariqchi (etikdo‘z), toshgrob (toshtobut), jyulg‘uch (ustara), saqal jyulyuter (sartarosh), achilmag‘an chichek (g‘uncha), jengil juru (tez yurish), jengil ayaq (chaqqon) va h.

 

 

Qarachay maqol va topishmoqlari

 

Qarachaylilar tog‘ning baland joylarida yashagani uchun jamiyat bo‘lib birlashib yashash hayot-mamot masalasi sanalgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, birlik va eldan ayrilmaslik, o‘zaro ahillik g‘oyalari maqollarga singib ketgan:

 

Birlikde – tirilik.

Birikgen ish artxa (ortga) qalmaz.

Birlik bolmag‘an jerde nasib bolmaz.

Birikmegen ish bishmez (pishmas).

Elinden ayirilg‘an – qanati sinngan (Eldan ayrilganning qanoti singan).

Eki qarg‘a jag‘alashsa bir quzg‘unga ash tyusher (Ikki qarg‘a yoqalashsa, bir quzg‘an ularning oshini oladi).

 

Umuman olganda qarachayli maqollarida turkona ruh, qalbga yaqin bir shukuh hukmronligi seziladi va bu ularning bizning yaqin qardoshlarimizdan biri ekanini his qilish imkonini beradi. Shuning uchun qarachayli maqollari orasidan saralangan quyidagi maqollarga e’tibor qaratamiz:

 

Ach ash ayirmaydi (Och kishi ovqat tanlamaydi).

Ach qarnim, tinch qulag‘im.

Adam – tuvg‘an jerinde, it – toyg‘an jerinde (Odam tug‘ilgan yerini, it to‘ygan yerini vatan tutadi).

Aqilli erkishi atin maxtar, aqilsiz erkishi qatinin maxtar (Aqlli erkak otini maqtar, aqlsiz erkak xotinini).

Ana qoynu – balag‘a jannet.

Ana quchag‘i balag‘a beshik.

At erkeshining qanati (Ot er kishining qanoti).

Ata jurtumu bashi bolmasam da, bosag‘asini tashi bolayim (Ota yurtimning boshi bo‘lmasam-da, bo‘sag‘asining toshi bo‘layin).

Atlig‘a bir ayt, jayaug‘a eki ayt (Otliga bir ayt, yayovga ikki ayt).

Ayibni suu bla juualmazsan (Aybni suv bilan yuvolmassan).

Bay arbazinda qoyan tutar (Boy aravasida turib ham quyon tutar).

Bildirib kelgen jaudan qorqma, bildirmey kelgen jaudan qorq (Bildirib kelgan yovdan qo‘rqma, bildirmaganidan qo‘rq).

Bireu seni tash bla ursa, sen anы ash bla ur (Birov seni tosh bilan ursa, sen uni osh bilan ur).

Byoryu bir kyozyu bla juqlar (Bo‘ri bir ko‘zi bilan uxlar).

Byoryu da adjashxan malni ashar (Bo‘ri ham adashgan molni oladi).

Jangiz bala jilauuq bolur (Yolg‘iz bola yig‘loqi bo‘ladi).

Jangiz balasi barni chig‘ar-chiqmaz jani bar (Yolg‘iz bolasi borning chiqar-chiqmas joni bor).

Jau syoz bla yolmez (Yov so‘zlaganga o‘lmas).

Jaug‘a janingi berseng da, siringi berme (Yovga joningni bersang ham siringi berma).

Jer tausuz bolmaz, el jausuz bolmaz (Yer tog‘siz, el yovsiz bo‘lmas).

Jilanni bassang, bashindan bas (Ilonni bossang, boshidan bos).

Ilker batmay, tang atmaz (Hulkar botmay tong otmas).

It qutursa iesin qabar (It qutursa egasini qopar).

Kyok jashnamay, kyok kyukyuremez (Osmonda yashin bo‘lmasa, o‘t ko‘karmas).

Qayg‘isi joq quru suudan semirir (Qayg‘usi yo‘q faqat suv ichsa ham semiradi).

Qizim, sanga aytama, kelinim, sen eshit.

Qilich jara bitelir, auuz jara bitelmez (Qilichning jarohati bitadi, og‘izniki bitmaydi).

Oynay bilmegen oyun buzar (O‘ynay bilmagan o‘yin buzar).

Eki anani emgen buzounu tili tatli (Ikki onani emgan buzoqning tili shirin).

Eki xarbiz bir quuuchxa siyinmaz (Ikki tarvuz bir quchoqqa sig‘mas).

 

Hamma qipchoq xalqlari kabi qarachaylilar ham topishmoq to‘qishda usta. Inchunin, ularning topishmoqlari juda ham mazmunli va odamni topqirlikka undaydi. Eng asosiysi, ularda ham o‘zbeklarga tanish ruh, xalqona ulgilar ko‘zga tashlanadi:

 

Bir altin juzugum bar, bar dunyani jaritar (Bir oltin uzugim bor, bor dunyoni yoritar) (quyosh).

Bir anani ming balasi (oy va yulduzlar).

Bir atim bardi da, chapsa jerni k’irtishin k’obaradi (Bir otim bor, chopsa yerning terisini shilib oladi) (randa).

Bir tyobede jeti teshik (bir tepalikda yetti teshik) (Bosh va undagi ikki ko‘z, ikki quloq, ikki burun va og‘iz).

Beti ak’, chachi burma (oq qayin).

Bir syuryuuyum bardi da, jatsam da birge, qo‘bsam da birge (Bir suruvim bor, yotsam ham birga, tursam ham) (munchoq).

Bir k’ara kishichik taudan auub baradi (Bir qora kishi, tog‘dan og‘ib boradi) (qo‘ng‘iz).

Bir k’izim bardi da, iyneli chepken kiedi (Bir qizim bor, ignali chepkan kiygan) (kirpi).

Bir terekde – besh butaq, besh butaqda – besh chapraq (Bir daraxtda – beshta shox, beshta shoxda besh yaproq) (barmoqlar va tirnoqlar)

 

 

Xulosa o‘rnida

 

Tilshunoslar, xususan qarachay tilshunoslari qarachayli tilining “Qumanlar qomusi” tiliga yaqinligini ta’kidlab keladi. To‘g‘ri, boshqa qardoshlardan farqli o‘laroq, to XVIII asrga qadar nasroniylik dinini saqlab kelgani uchun ularda “Qumanlar qomusi”ga yaqinlik bo‘lishi mumkin. Ammo shuni unutmaslik kerakki, “Qumanlar qomusi”ning tili qirim tiliga yaqinligi bo‘yicha olimlarning fikri mushtarak.

 

Mazkur maqolani o‘qigan o‘quvchi anglab yetgan bo‘lsa kerak, qarachayli tili o‘zbek tilining qipchoq lahjasiga o‘xshaydi. Ikki tilning bir-biridan farqlari esa sovet davrida yaratilgan alifbolarning turlichaligi sabab kelib chiqqan. Shuning uchun mazkur maqolada qarachayli maqollari va topishmoqlariga alohida e’tibor qaratildi. Chunki tilshunoslikda yangi davrda amalga oshirilgan o‘zgartishlar ko‘proq zamonaviy leksikaga ta’sir qilgan, ammo folklorda o‘z qatlam so‘zlar, so‘zlardagi milliy ruh saqlanib qolgan.

 

Anvar BO‘RONOV,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 1-son.

“Mangutovning manguligi” maqolasi



[1] Qarachaycha: Teberdi tub yer, tub yur.

[2] Oqsovut.

[3] Семенов П. Карачай // Географическо-статистический словарь Российской империи. Санкт-Петербург, 1865. Т. II. С. 505.

[4] Игнатенко А.А. Ислам в современном мире. Ислам в Карачае: гомогенные и гетерогенные факторы. Дисс. раб. на соиск. доктора философии.; Койчуев А.Д. Карачай: вопросы истории, культуры и религии. – Ставрополь: Изд-во КЧГУ, 2006.

[5] Qarachaycha: Teyri.

[6] Bittirova T.Sh. Karachaevo-balkarskaya dukhovnaya literatura: rukopisnoe nasledie. [Karachay-Balkar Spiritual Literature: Manuscript Heritage] / Nalchik, 2016 [in Russian]

[7] Bo‘ronov A. Tangrichilik ma’naviyatga tahdid sifatida.Toshkent: Ma’naviyat, 2019. – 34-b.

[8] Государственный реестр селекционных достижений, допущенных к использованию (Породы животных) (по состоянию на 08.04.2015 г.)

[9] Карачаево-балкарский фольклор. Хрестоматия / сост., вступ. ст., коммент. Т.М.Хаджиевой. Нальчик: Изд. центр «Эль-Фа», 1996. 592 с.

[11] Русско-карачаево-балкарский словарь. Под редакцией X. И. Суюнчева и И. X. Урусбиева. М: «Сов. энциклопедия», 1965. 744 стр.

[12] Ka’ba Kavkazning janubida joylashgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 284
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17501
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//