Mintaqadagi eng baland, eng qadimiy minoralar. Turkiy xalqlar meʼmorchiligi yodgorliklari qanday qurilgan? 1-qism


Saqlash
17:06 / 26.06.2024 549 0

 

Oltoydan to Bolqon yarimoroligacha choʻzilgan ulkan hududlarda oʻnlab saltanat tuzgan turkiy xalqlar dunyo tarixiga sezilarli taʼsir oʻtkazgan edi. Ular nafaqat, oʻz davlatchilik tizimi va anʼanalariga, balki oʻziga xos meʼmoriy uslublariga ham asos solgan. Chunonchi, bugungi kunda turkiy davlatlarda butun jahon taniydigan, yiliga millionlab sayyohlar tashrif buyuradigan va deyarli mamlakat ramziga aylangan bir qancha mashhur obidalar bor.

 

Sulton Ahmad masjididan Rumiy maqbarasigacha. Turkiya

 

Zamonaviy Turkiya davlati oʻzining qadimiy yunon va Vizantiya davriga doir obidalari bilan dunyoga mashhur boʻlsa-da, bu yerda turkiylar qurgan binolar ham anchagina. Istanbul va butun Turkiya ramzlaridan biriga aylangan Sulton Ahmad yoxud Moviy masjid shunday inshootlardan biri. 1609-1616-yillarda usmonlilar sultoni Ahmad I tashabbusi bilan bunyod qilingan ushbu masjid oʻzining 6 ta minoraga ega ekani bilan musulmon olamidagi boshqa masjidlardan farqlanadi. Uning qurilishida eng sifatli marmar va keramikadan foydalanilgan. Inshoot arxitekturasi usmoniy va vizantiya meʼmorchilik uslublari qorishmasi hisoblanadi.

 

Sulton Ahmad masjidi

 

Turli hisob-kitoblarga koʻra, Sulton Ahmad masjidiga har yili 100 million atrofida sayyoh tashrif buyuradi. Turkiyada turkiylar qurgan yana bir mashhur bino – bu Koʻniyo shahridagi Mavlono majmuasidir. Saljuqiy sulton Alovuddin Kayqubod I taklifiga binoan Koʻniyoga kelgan Jaloliddin Rumiy bu yerda otasi qabri ustiga maqbara qurdiradi. Rumiyning oʻzi ham vafotidan soʻng aynan shu yerda dafn etiladi. Uning qabri ustiga qurilgan maqbara keyingi asrlarda soʻfiy darvishlarining asosiy manzillaridan biriga aylanadi va hozirga qadar bu anʼana davom etmoqda.

 

Mavlono maqbarasi yoniga keyinchalik, sulton Sulaymonning xotini Hurram sulton maqbarasi, darvishlar hujralari va favvoralar qurilgan. Bu obidaga yiliga 500 mingdan koʻproq turist keladi. Shuningdek, Turkiyada mashhurligi va goʻzalligi yuqoridagilardan qolishmaydiga Toʻpqopi saroyi, Shahzoda masjidi va Anitkabir kabi yana oʻnlab yodgorliklar mavjud.

 

Qozogʻiston. Buyuk avliyo mavzesi

 

Qozogʻiston tarixiy meʼmorchiligining eng yorqin namunasi, shubhasiz, Turkiston shahrida joylashgan Xoʻja Ahmad Yassaviy maqbarasidir. Yassaviy tariqati asoschisi hisoblanuvchi Ahmad Yassaviy nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun islom dunyosida oʻz oʻrniga ega olim va avliyo boʻlgan. 1395-yilda Toʻxtamish ustidan gʻalaba qozongan Amir Temur gʻalaba sharafiga Turkiston shahridagi Yassaviy qabri ustiga katta maqbara qurdiradi. Manbalarga koʻra, Temurning shaxsan oʻzi qurilish ishlarida qatnashgan va bino tarhini chizishda ishtirok etgan. Maqbara ajoyib arxitekturaga ega boʻlib, uning qurilishida hatto fil suyagidan foydalanilgan. Binoning asosiy gumbazi balandligi 44 metrga yetadi.

 

Maqbara yonida yana bir nechta binolar, xususan Ishimxon, Robiya sulton-begim, Tavakkalxon, Qosimxon maqbaralari, juma masjidi joylashgan. 1989-yilda, Qozogʻiston hukumati tomonidan ushbu inshootlarni birlashtiruvchi “Hazrat sulton” muzeyi tashkil etilgan.

 

Ahmad Yassaviy mavzesi

 

Qozogʻistonning yana bir qadimiy obidasi – Oysha-bibi mavzesi hisoblanadi. XII asrga oid ushbu qadamjo taxminlarga koʻra, qoraxoniylar sulolasidan boʻlgan hukmdor tomonidan qurilgan. Mahalliy aholi orasida Oysha bibi maqbarasi borasida turli xil afsonalar tarqalgan.

 

Eng koʻp tarqalgan afsonaga koʻra, Oysha bibi mashhur avliyo Sulaymon Boqirgʻoniyning qizi boʻlib, otasi vafot etgach qiz uning yaqin shogirdi qoʻlida qoladi. Oysha bibi ulgʻaygach, Taroz shahri hokimi Muhammad Qoraxonni sevib qoladi va yoshlar nikoh qurishga ahd qiladi. Biroq qizning vasiysi toʻyga rozilik bermaydi. Natijada Oysha bibi sevgisiga yetish uchun qochib ketishga majbur boʻladi. Yoʻlda Oysha bibi va dugonasi Bobodji xotun Assa daryosi boʻyida dam olish uchun toʻxtaydi. Qizlar uxlayotganda daryodan ilon chiqadi va Oysha bibining bosh kiyimiga kirib oladi. Uygʻonib, bosh kiyimini kiygan Oysha bibini ilon chaqadi va qiz uninh zahridan halok boʻladi.

 

Oysha bibi maqbarasi

 

Sevgilisining oʻlimidan xabar topgan Muhammad Qoraxon Oysha bibi vafot etgan yerga maqbara qurdiradi. Bobodji xotun bir necha yil ushbu maqbarada yashaydi. U vafot etgach, Oysha bibi maqbarasi yonidan Bobodji xotun maqbarasi ham barpo etiladi.

 

Qozogʻistonning Jambil viloyati joylashgan bu ikki yodgorlik mamlakat tarixi, madaniyati va meʼmorchiligi muhim oʻringa ega.

 

Manas ordosidan Boʻron minorasigacha

 

Qirgʻizistonning eng taniqli obidalaridan biri boʻlmish Manas ordo qurilishi XIII-XIV asrlarga borib taqaladi. Qirgʻiziston pul birligida tasvirlangan afsonaviy Manas mavzesi oʻzining oddiy, biroq maftunkor uslubi bilan tanilgan. Garchi rivoyatlarda, bu yerda qirgʻiz eposi qahramoni Manas qabri joylashgani aytilsa-da, tarixchilar aslida maqbara Qoraxoniylar hukmdorlaridan birining qizi qabri ustiga qurilganini taʼkidlaydi. Manas Ordo hozirda Qirgʻizistonning turizm markazlaridan biri.

 

 

Qirgʻizlarning yana bir tarixiy obidasi boʻlmish Boʻron minorasi ham Qoraxoniylar davriga oid boʻlib, inshoot X-XI asrlar barpo qilingan. Dastlab 44-48 metr balandlikka ega boʻlgan binoning boʻyi hozirda 21 metr. Minora yonida qadimgi turkiylarga xos boʻlgan balballar joylashgan. Boʻron minorasi bir paytlar Markaziy Osiyoning katta va mashhur shaharlaridan biri boʻlgan Balosogʻun shahri markazida joylashgan deya taxmin qilinadi. Balosogʻun shahri moʻgʻullar bosqini davrida vayron qilingan, biroq Boʻron minorasi Minorayi Kalon kabi bu va boshqa vayrongarchilikdan omon qolgan.

 

Qadimgi shaharlar mamlakati

 

Turkmaniston hududida bir vaqtlar gavjum, muhim geografik ahamiyatga ega boʻlgan, biroq bugungi kunda tashlandiq, kimsasiz hududga aylangan bir nechta shaharlar bor. Masalan, qadimgi Marv, Koʻhna Urganch, eski va yangi Niso. Qadimgi Marv shahri Turkmanistonning eng katta tarixiy kompleksalaridan biridir. Ushbu osmon ostidagi muzeyda Katta va kichik Qiz qalʼasi, sulton Sanjar maqbarasi, Sulton qalʼasi, Bayramalixon qalʼasi kabi oʻnlab obidalar joylashgan. Chunonchi, ular orasidan Katta Qiz qalʼasi yaxshi saqlanib qolgan va oʻzining salobatli koʻrinishini yoʻqotmagan. Umuman, qadimgi Marv shahri bir necha soat davomida kezish mumkin boʻlgan noyob tarixiy obidalar ansamblidir.

 

Katta qiz qal’asi

 

Turkmanistonda Markaziy Osiyodagi eng baland tarixiy minora ham joylashgan. 1320-1330-yillarda qurilgan “Qutlugʻ Temur”ning balandligi 60 metrga yetadi va u mintaqada eng baland minora hisoblanadi. Minora Oltin Oʻrda amaldorlaridan biri boʻlgan Qutlugʻ Temur tomonidan barpo qilingan. Unda arab harflarida yozilgan Qutlugʻ Temur va Oʻzbekxon ismlarini koʻrish mumkin.

 

Minoradan uncha uzoq boʻlmagan joyda Turkmanistonning yana ikki mashhur yodgorligi – Sulton Tekesh va Toʻrabek xonim maqbaralari joylashgan. Turkmanistonda yana bir qancha qadimiy yodgorliklar mavjud. Ular sirasiga eski va yangi Niso shahri, Najmiddin Kubro maqbarasi, Nodirshoh qoʻrgʻoni kabilarni kiritish mumkin.

 

Qiz qalʼasidan muhtasham saroylargacha

 

Ozarboyjon – qadimgi Kavkaz va turkiy madaniyat, arxitektura oʻzaro uygʻunlashgan mamlakat. Bu yerda qadimgi Vizantiya uslubidagi cherkovlar ham, oʻrta asr Eron uslubidagi madrasalar ham uchraydi. Ozarboyjonning eng asosiy tashrif qogʻozi, shubhasiz, Bokudagi Ichkari shahardir. Ichkari shahar bir nechta yodgorliklardan tashkil topgan. Ulardan eng mashhuri Qiz qalʼasi va Shirvonshohlar saroyi hisoblanadi.

 

Qiz qalʼasi qurilishi ikki bosqichda oʻtkazilgan. Birinchi bosqich VI asrdan oldin tugatilgan deya taʼkidlansa, ikkinchi bosqich qalʼadagi yozuvlarga asoslanib XII asrda amalga oshirilgan deb taxmin qilinadi. Istanbuldagi adashidan farqli oʻlaroq, Bokudagi Qiz qalʼasi balandroq (28 metr) va mahobatliroq. Ushbu bino dastlab mudofaa inshooti, keyinroq mayoq vazifasini bajargan. Hozirgi kunda Qiz qalʼasi Bokuning asosiy turistik markazlaridan biri boʻlib qolmoqda.

 

Katta qiz qal’asi

 

Ozarboyjon va Bokuning yana bir tarixiy ramzlaridan boʻlmish Shirvonshohlar saroyining katta qismi Xaliullhoh I davrida bunyod qilingan. Ushbu tarixiy kompleks shoh saroyi, devonxona, sayid Yahyo Bakuvi maqbarasi, saroy masjidi va minorasi hamda katta maqbaradan iborat. Ushbu binolar turli davrlarda, turli hukmdorlar tarafidan qurilgan. Shirvonshohlar saroyi dastlab saroy, soʻngra Safaviylar va Usmoniylar davrida maʼmuriy bino vazifasini bajargan. Urushlar sabab majmuaning katta qismi jiddiy shikastlangan va XX asrda restavratsiya qilingan.

 

Ozarboyjonda yuqoridagi obidalar bilan tarixiyligi va salobati borasida bemalol bahslash oladigan yana oʻnlab yodgorliklar mavjud. Ular mamlakatning Shamahi, Naxchivon, Ganja va Shusha kabi hududlarida joylashgan.

 

Oʻzbekiston: Registondan Minorayi Kalongacha

 

Turkiy sivilizatsiya markazi hisoblanuvchi Markaziy Osiyoda bu xalq tomonidan bunyod qilingan koʻplab tarixiy yodgorliklar mavjud. Bu obidalarning aksariyati uzoq vaqt mintaqaning siyosiy va madaniy markazi boʻlgan Samarqand, Xiva va Buxoro shaharlarida joylashgan.

 

Oʻzbekistonning tashrif qogʻoziga aylangan Registon ansambli turkiy Temuriylar va Ashtarxoniylar davrida qurilgan. Mirzo Ulugʻbek tomonidan 1415-1420-yillarda qurilgan Ulugʻbek madrasasi yoniga, Imomqulixon amirlaridan biri, Samarqand hokimi Yalangtoʻsh Bahodir yana ikkita madrasa (Sherdor va Tillakori) bino qildiradi. Bir-biriga qarama-qarshi joylashgan ushbu inshootlar ajoyib koʻrinish va uslub hosil qilgan. Registon keyingi asrlarda Samarqand shahri bosh maydoni boʻlib xizmat qilgan, ammo urushlar sabab zararlangan. Avvaliga Amir Shohmurod davrida taʼmirlangan Registon, XX asrda ham bir necha bor restavratsiya qilingan.

 

Registon ansambli

 

Oʻzbekistondagi yana bir mashhur obida, shubhasiz, Minorayi Kalon minorasidir. Bu minora nafaqat oʻzining balandligi (47,5 metr), balki qadimiyligi bilan ham oʻlkadagi boshqa yodgorliklardan ajralib turadi. Minora 1127-yilda qoraxoniy hukmdor Arslonxon buyrugʻi bilan qurilgan. Inshoot juda mustahkam poydevorga ega boʻlgani bois, asrlar davomida mustahkamligini yoʻqotmagan. Birinchi oʻzbek filmi ham aynan Buxoro shahrining ramziga aylangan Minorayi Kalon haqida olingandi (1925-yilda suratga olingan “Oʻlim minorasi” filmi). 

 

Bu binolardan tashqari, Oʻzbekistonda yana yuzlab muhtasham tarixiy obidalar mavjud boʻlib, ular turli meʼmorchilik uslublari va saʼnatlariga taalluqli. Masalan, Xivadagi Ichan qalʼa oʻrta asr sharq va islom meʼmorchilik anʼanalari namunasi boʻlsa, Buxoro, Qoʻqon va Toshkentda neoklassizm uslubidagi meʼmorchilik asarlari koʻplab uchraydi.

 

Shunday qilib, turkiy xalqlar qadimdan oʻzlari yashayotgan hududda oʻziga xos madaniyat, maʼmuriy tizim va arxitektura yaratgan edi. Ularning meʼmoriy uslublari yashayotgan hudud sharoitlari, qoʻshni xalqlar bilan munosabatlar faktorlari ortidan bir-biridan farqlangan. Afsuski, XVI-XVII asrlardan keyin turkiy sulolalar yirik qurilishlar amalga oshirishni deyarli toʻxtatib qoʻydi. Mavjud obidalar ham aksariyat hollarda beeʼtibor qoldi, koʻpchiligi, masalan Markaziy Osiyo va Ozarboyjondagi bir necha asrlik yodgorliklar sovetlar tomonidan buzib tashlandi. Shu tariqa turkiylar xalqlar meʼmorchiligi xazinasining sezilarli qismi yoʻq qilindi.

 

Muhammadqodir Sobirov 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 56
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19859
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17470
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//