Isoning xumi, piyolaga jo bo‘lgan shahar, “Xudo o‘ldi” iborasi ortidagi haqiqatlar


Saqlash
16:11 / 19.11.2021 1955 0

Taqlidchilik

Rashod Nuri Guntekinning yigirmanchi asr boshlaridagi turk ijtimoiy hayoti tasvirlangan “Choliqushi” romanida bir maorif chinovnigining og‘zini to‘ldirib “Ovrupo, Ovrupo!” deya qichqirganini eslaylik. Bu Yevropa madaniyati ta’siriga tushish, unga ko‘r-ko‘rona taqlid qilish, uni yagona najot yo‘li deb bilishning tipik namunasidir. Oradan bir asr o‘tib, yana bir turk serialidagi xususiy televideniye rahbarining og‘zidan bol tomib, “Globalizm, globalizm!” deya bong urishi-chi?!

 

Azaldan qudratli yoki hukmronlikka intilayotgan madaniyat zaif madaniyatlarni urushsiz, kuch ishlatmay mahv etadi. Bu jarayonda insondagi taqlid instinkti qo‘l keladi. Garchi aql, nutq, nozik his-tuyg‘u va boshqa ilohiy ne’matlardan bahramand bo‘lsa-da, inson biologik mavjudot sifatida instinktdan ham mosuvo emas. Muammo shundaki, instinktga bo‘ysunish, uning quliga aylanish bugungi davr kishisining a’moliga aylanib borayotgandek. Taqlid maymunlarda ko‘proq namoyon bo‘ladi. Ayni shu jihatdan aqli noqis odam tilsiz hayvondan farqi yo‘q hisobi. Siyosatshunos olim Narzulla Jo‘rayev olmon faylasufi Fridrix Nitshe fikrlarini tahlil qilib, bunday yozadi: “Nitshe inson haqida fikr yuritar ekan, ojiz, notavon odamlarni maymunga o‘xshatadi. Chunki bunday odamlarda aql kuchi, intellektual salohiyat yuqori bo‘lmaydi. O‘zini anglamaydi. O‘zini o‘zi himoya qilolmaydi. O‘zini o‘zi yo‘naltirib, aqliy salohiyatini ezgu maqsad sari safarbar etolmaydi. Bunday odamlar maymunga o‘xshab taqlidchilik bilan yashaydi, o‘zgalardan andaza olib, o‘zgalarning yo‘rig‘ida yuradi. Ularda mustaqil fikr bo‘lmaydi, iroda kuchi sust bo‘ladi. Bundaylar ruhiy erkinligini butunlay yo‘qotib, oddiy jonzotga aylanadi... Qat’iy iroda va ijodkorlik ruhi zaiflashgan inson tubanlashib boradi. Atrofimizga nazar solsak, irodasi bo‘sh odamlarning ayrimlari ichkilikka, giyohvandlikka berilib ketsa, ayrimlari sotqinlik, munofiqlik, tobelik kayfiyati bilan yashayotganini ko‘ramiz” (Jo‘rayev N. Taxayyul, tasavvur, tafakkur. Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2015. 153-bet).

 

Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Margaret Tetcher o‘zining motam marosimini sakkiz yil davomida butun ikir-chikiri bilan mashq qilgan ekan. Hollivud olami “yulduz”lari ham unga taqlidan o‘z motam marosimini o‘tkazmoqda (TV-3, “X Версии” ko‘rsatuvi, 2015-yil 11-mart). Hali keksalik ostonasiga yetmagan aktyor va aktrisalarni tobutga tushish, qabrga qo‘yilish kabi ruknlarni “hayotiy kino”ga aylantirishga nima majbur qilyapti? Bu qaysi din va e’tiqod me’yorlariga to‘g‘ri keladi?

 

Bunday odatlarga “o‘limga chap berish”, “o‘limni aldash” istagi – uzoq umr ko‘rish orzusi sabab bo‘layotganmish. Xo‘sh, bu kabi “zamonaviy urf-odatlar” yuqumli kasallikday butun Yer yuzi bo‘ylab tarqalsa nima bo‘ladi? Inson ojiz-u notavon maxluqqa aylanmaydimi? To‘g‘ri, ko‘pgina ilohiy ta’limotlarda, jumladan, muqaddas islom dinida ham “o‘lim” tushunchasiga katta ahamiyat beriladi. Mo‘minlarga o‘limni mudom eslash, qabristonlarni ziyorat qilish, o‘tganlar ruhini shod etib, Qur’on tilovat qilish tavsiya etiladi. Ushbu tavsiyada ulug‘ bir hikmat mujassam: inson hayotning g‘animat ekanini qalban chuqur his etsin, o‘limdan ibrat olsin, birovlarning qalbiga ozor yetkazmay ezgu va savobliamallarqilsin. Zero, o‘limhaqdir. Albatta, buni yuqoridagibema’ni odatlarga aslo qiyoslab bo‘lmaydi.

 

Darvoqe,boya biz misol o‘laroq keltirganmarosimlarma’naviy qashshoqlikbotqog‘iga botib borayotgan yevropalik “zamonaviy odam”ning zerikarli, ma’nisiz, hissiz hayotdan qutulishga bo‘lgan intilishi mahsuli emasmikan?..

 

Tafakkur quyoshining botishi

Faylasuf adib Jan-Pol Sartr “Inson – erkinlikka mahkum” degan edi. Bizningcha, erkinlik nisbiydir. Inson mudom muammolar, tashvishlar, ayniqsa, nafsi changalida eziladi. Biroq erkinlikka intilishni qo‘ymaydi. Ma’lum bir nuqtaga yetganda unga erishadi ham. Maqsadimga yetdim deganida yana boshqa bir muammo, hadik domiga tushadi. Shunday qilib, inson erkinlik sohilidan erksizlik sohiliga muttasil borib-kelib yuraveradi. Bu haqdagi fikrlarni yanada chuqurlashtirish, tadqiq qilish mumkin. Ammo ushbu qisqa mulohazadan ham ko‘rinib turibdiki, inson erkinlikka munosib, ammo mutlaq erkinlikdan mosuvodir. Uning erkinligi nisbiyligicha qolaveradi.

 

Insonni ham hur, ham bandi etuvchi boshqa bir muhim omil mavjud. Bu inson ongiga o‘rnashgan ko‘zga ko‘rinmas hokim – o‘y-xayollar, fikrlardir. Uzluksiz, poyonsiz fikrlar oqimi uni bir lahza bo‘lsin tark etmaydi. Inson hatto uyqusida – tush ko‘rayotgan chog‘ida ham undan ozod emas. Demak, inson – tafakkur qilishga mahkum jonzot. Shunday ekan, faqat tafakkurgina insonni biologik mavjudot holatidan yuksakka ko‘taradi. Ammo globallashuvning yana bir ayanchli asorati – g‘oyasizlik va fikrsizlik insoniyatning ko‘rkam orzular bog‘ini befayz va tashlandiq bir dalaga aylantirib qo‘yayotgani-da sir emas. Yengil-yelpi hayot kechirish, axloqiy qadriyatlarga bepisandlik, aysh-ishratga berilish, mehnatsiz mo‘may boylik topish istagi, loqaydlik – bularning bari g‘oyasizlikdan tug‘iladigan illatlardir.

 

Ongsiz, shuursiz, ma’naviyati tuban kimsalarning manhus obrazi, taassufki, ba’zi bir toifadagi yoshlarning “kumir”i, “ideal”iga aylanib borayotganining ham guvohi bo‘lyapmiz. G‘oyasizlik va tafakkursizlikning sabab va oqibatlari g‘arblik faylasuf olimlar – Osvald Shpenglerning “Yevropa quyoshining so‘nishi” va Patrik Byukenenning “G‘arbning o‘limi” kitoblarida atroflicha tadqiq etilgan. Ammo insoniyatni o‘z komiga tortayotgan illat qarshisida ne-ne olim-u fuzalolar ham ojiz qolmoqda. Bundan esa nainki Yevropa, balki butun insoniyat jabr ko‘rayotir. Xo‘sh, nima qilmoq kerak?

 

Fridrix Nitshening telba tilidan aytilgan “Xudo o‘ldi!” degan mashhur iborasi bor. Ushbu ibora zamiridagi ma’no bugungi insonning ma’naviy holatini aynan aks ettiradi: “Kunduzi chiroq yoqib, bozormaydonda tentiragancha “Xudoni qidiryapman! Xudo qayerda?” deya qichqirib yurgan telba haqida eshitganmisiz? Atrofida to‘plangan aksari dahriylardan iborat olomon uni mayna qilardi. “Xudoni yo‘qotib qo‘ydingmi?” deb so‘raydi ulardan biri. Boshqasi so‘z qotdi: “Xudo yosh boladay bo‘lsa, adashib qolgandir-da”. “Ehtimol berkinib olgandir? Yoki bizdan qo‘rqyaptimikan? Suvga tushib, cho‘kib ketgan bo‘lsa-chi? Yo ko‘chib ketdimikan?” deya usti-ustiga sharaqlab kulishardi. Shu payt telba ko‘zini chaqchaytirib ularga bir-bir qaraydi. “Xudo qani? – deb hayqirdi u. – Bilasizmi, sizlarga nima demoqchiman! Biz Uni o‘ldirdik – siz va men! Biz uning qotilimiz! Bu ishni qanday qildik? Dengizni qanday quritdik? Ufqdagi bo‘yoqlarni o‘chirish uchun kim qo‘limizga momiq tutqazdi? Zamindan Uning ziyosini so‘ndirib nima qilamiz endi? U endi qayga ketdi? Biz-chi, qayon ketayotirmiz? Nahotki Oftob ziyosidan mosuvomiz? Muttasil pastga qulamayapmizmi? Ortga ketyapmizmi yoxud olg‘a?.. Baayni cheksiz Yo‘qlik ichra tentirab qolmadikmi? Bo‘shliqdan nafas olmayapmizmi? Etingiz sovuqdan junjikmayaptimi? Bizni zim-ziyo va cheksiz tun domiga tortmayaptimi? Kunduzi chiroq yoqish fursati kelmadimi? Nahot go‘rkovlarning – Xudoni “dafn qilganlar”ning shovqinini eshitmayapsiz? Ilohiy buxur ifori nahot bizgacha yetib kelmadi? Ilohlar chirib bitdi! Xudo o‘ldi! Xudo tirilmaydi! Biz Uni o‘ldirdik! O‘zimizni qanday yupataylik, axir, biz qotillar qotilimiz! Ilohiy Zot, Sohibi qudrat Zaminda nima ham qilsin? Oyoqlarimizdan oqayotgan qonni kim ham tozalar? Bizni poklar suv bormi? Gunohimizni yuvish uchun yana qanday ilohiy o‘yinlar o‘ylab topamiz? Bu ishlarning nahot biz uchun zarracha qadri qolmadi? Unga munosib bo‘lish uchun ilohlarga murojaat qilish burchimiz emasmi? Xudoning ishidan mukammali aslo bo‘lmagan, bizdan so‘ng kim yaratadi, bordiyu bu amalga oshsa ham, barchasi O‘tmishning emas, Xudoning izmida!” Telba tin olib, somelariga nazar tashladi; ular sukut saqlagancha hayrat bilan qarab turishardi. So‘ng fonusni uloqtirib yubordi, chil-chil bo‘lgan fonusning nuri asta so‘ndi. “Men juda barvaqt kelibman, – dedi u, – hali fursat yetmagan ekan. Dahshatli voqea hali yuz bermabdi, ammo oz qoldi – uning daragi hanuz inson qulog‘iga yetib bormagan. Chaqmoq chaqishi, yashin urishi uchun ham, yorug‘lik va yulduzlarga ham vaqt kerak, mudhish falokatga vaqt kerak, barchasi ro‘y bergach, inson bundan xabar topadi, nigohi tushadi. Bu falokat hali bizdan ancha yiroq, eng olis yulduzdan ham narida, biroq siz buni albatta ko‘rasiz!” Aytishlaricha, telba o‘sha kuni yana bir necha cherkovga borib, u yerdagi qavmlarga xitob qilibdi. Uni quvib solishibdi, javobgarlikka tortishibdi, u bo‘lsa bir gapni tinmay takrorlarmish: “Butni bilmaganlarga cherkov na hojat?!” (Нитше Ф. Стихотворения, философская проза. Художественная литература, Санкт-Петербург, 1993. Стр.376-377).

 

Narzulla Jorayevning talqinicha, NitsheningXudo oldigoyasi dahriylik yoki etiqodsizlik mahsuli emas, bilaks, u boshqa fikrni aytmoqchi bolgan. “Xudoning o‘limi” bu – bevosita insonning o‘z o‘limi, aniqrog‘i, uning jismoniy emas, balki ma’naviy, ruhiy o‘limi g‘oyasidan kelib chiqqan o‘ta betakror, ayni paytda, insoniyat tafakkurida tub burilish yasaydigan, to‘ntarish qiladigan inqilobdir... Bu g‘oya insonning maydalashib borishi, ma’naviy mayib-majruh jamiyatning shakllanishi, ommaviy nasl-nasabsizlikning vujudga kelishi, genotsidning chuqurlashib borishiga yo‘l qo‘ymaslik har qanday davrda eng dolzarb, eng buyuk ehtiyoj ekanini ko‘rsatadi. Bunday da’vatning ta’sir kuchini oshirish va insoniyatni zulmatdan qutqarish, mudroq qalbini uyg‘otish maqsadida Nitshe o‘z g‘oyalariga ilohiy tus berib, Sharq insonparvar g‘oyalaridan najot izlaydi, unga tayanadi” (“Taxayyul, tasavvur, tafakkur”, 168-168-betlar).

 

Sir emas, globallashuvning moddiy-iqtisodiy taloto‘plari bugungi davr insonining tafakkuri, ruhiyati, e’tiqodi va his-tuyg‘ulari olamida keskin evrilishlar yasamoqda. Inson bundan buyon ham “tafakkur qilishga mahkum jonzot” bo‘lib qolaverarmikan yoki?..

 

Muhojirot g‘avg‘osi, tamaddunlar to‘qnashuvi...

Globallashuv ko‘rsatgan yana bir “karomat” tamaddunlar o‘rtasidagi munosabatning tig‘izlashuvi va buning ortidan kelib chiqayotgan turli chigalliklardir. Shunday ekan, yangi davr ostonasida milliy o‘zlik aksi bo‘lmish tamaddunimiz qay tomon rivojlanishi kerak? U rivojlanadimi yoki inqiroz xavfi ham bormi? Mutaxassislarning aniqlashicha, dunyodagi ikki mingga yaqin millat va elat tili butunlay yo‘qolib ketish arafasida. Ma’lumki, milliy til dunyodagi ko‘plab mamlakatlarning davlat tili hamdir. Agar milliy til yo‘qolsa, “davlat tili” degan tushuncha ham o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘lishi tayin. 

Harvard universitetining xalqaro masalalar va strategik tadqiqotlar kafedrasi professori Samuel Hantington 1993-yilda nashr etilgan “Tamaddunlar to‘qnashuvi” nomli kitobida sivilizatsiyalarni jug‘rofiy hududlar bo‘yicha tasniflaydi. Pirovardida olim XXI asr tamaddunlararo to‘qnashuv asri bo‘ladi, degan xulosaga keladi.

 

Tushkun kayfiyatni ifoda etgan ushbu “bashorat” jahon siyosatshunoslari, faylasuflari va madaniyatshunoslari o‘rtasida bahs-munozaralar uyg‘otdi. Kimdir uni jo‘shib yoqladi, yana kimdir keskin tanqid qildi. Keyingi o‘n yilda ro‘y bergan voqealar S.Hantington tadqiq etgan masala g‘oyat dolzarb ekanini tasdiqladi.

 

...2015-yil, sentabr. Xazonrezgi boshlangan bir pallada goh chinqirayotgan, goh hayqirayotgan olomon ummoni najot ilinjida Turkiya orqali Yevropa mamlakatlariga kirib borayotir. Xo‘sh, kim ular? Ne sabab ular vatangadolik, darbadarlikni ixtiyor etdi? Nahotki bu olomon tug‘ilgan makoni, ajdodlari ruhi kezib yurgan ko‘shk-u ayvoni, aziz vatanidan shunchalik bezgan bo‘lsa? Ma’lum shaxslar yoki guruhlarning biror sabab bilan issiq uyini tark etganini ko‘p eshitganmiz, ammo butun boshli xalq yoki millatning o‘z mamlakatidan bosh olib ketishi – aql bovar qilmaydigan hodisa. Buning jiddiy sababi bo‘lsa kerak.

 

Oxirgi yuz yilda dunyo xaritasi keskin o‘zgardi: Rossiya hududlarini kengaytirib, Boltiqbo‘yi, Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlarini o‘ziga bo‘ysundirdi; dunyo kapitalistik va sotsialistik qutbga bo‘lindi; Afrika qit’asida yangi davlatlar yuzaga keldi; Pokiston Hindistondan ajralib chiqdi (Kashmir mojarosi esa haligacha o‘z yechimini topmadi); Germaniya bir marta bo‘linib, yana birlashdi; Koreya ikki mustaqil davlatga aylandi; SSSR degan “buyuk davlat” parchalanib ketdi; sobiq sotsialistik davlatlar nomi yoki tuzumini o‘zgartirdi; Qrim bir marta Ukrainaga berilib, yana qaytib Rossiyaga qo‘shib olindi  va hokazo. Bo‘linish va birlashishlar faqat bugunning hodisasi emas, albatta. Biroq nahotki insoniyat haligacha bir joyda mustahkam qo‘nim topa olmagan bo‘lsa? Nahotki insoniyat urush va nizolardan, vayronkorlik va buzg‘unchiliklardan, vatangadolik va darbadarlikdan charchamagan bo‘lsa? Nahot sog‘lom aql va tafakkur mudom mag‘lub bo‘laversa?

 

To‘g‘ri, insoniyat doimo baxt izlab, farovon turmush, to‘kin-sochin hayot orzusida boshqa yurtlarga hijrat qilgan, butunlay yangicha muhit va sharoitga sekin-asta ko‘nikkan! Yangi yerlar, bepoyon va unumdor vohalarni zabt etib, o‘sha joylarda qo‘nim topib, vatan tutgan. Tabiiy ofatlar va qirg‘inbarotlar ham buyuk ko‘chishlarga sabab bo‘lgan. Jumladan, muzliklar davrida Shimoliy qutbda yashagan insonlarning janubga siljishi bunga misol bo‘la oladi. Umuman, muhojirot taraqqiyot aravasini harakatlantirib turgan, sifatiy o‘zgarishlar va yangilanishlarga yo‘l ochgan, yangi turmush va tafakkur tarzining yuzaga kelishini ta’minlagan ijtimoiy hodisadir. Masalan, miloddan avvalgi I asrda Yevrosiyoning keng hududlarida yashagan yirik ko‘chmanchi xalqlar – skiflar yoxud saklarning g‘arb tomonga siljib, hozirgi Ukraina va Qora dengiz shimoliy sohillarida qo‘nim topishi, miloddan avvalgi IV–I asrlarda yuechji qabilasining Janubiy Oltoy va Sharqiy Turkistondan ko‘chib kelishi, milodiy III–V asrlarda Janubiy Sibir, Jung‘o‘riya va Sharqiy Turkistondan O‘rta Osiyoning markaziy viloyatlariga xiyoniy, kidariy va eftaliylar kabi etnik qatlamlarning ko‘chishi yangi millat va elatlar, madaniyat va urf-odatlarni vujudga keltirgan. Alhol, urush, zulm va haqsizliklar bois xalqlarning o‘z yurtini tashlab ketishi doim kuzatilgan.

 

Ammo ma’rifat asridagi quvg‘inlarni qanday izohlash mumkin? Bir tasavvur qilib ko‘raylik: oxirgi ikki-uch yilda unchalik katta davlat bo‘lmagan Suriyadan besh millionga yaqin kishi chiqib ketgan. Ana shu qisqa davr mobaynida urush sababli 250 mingdan ortiq suriyalik (tabiiyki, ularning asosiy qismi bolalar, qariyalar va ayollardir) dunyodan ko‘z yumgan.

 

Demokratiya va inson huquqlari, insonparvarlik va tolerantlikdan butun bashariyatga “saboq” berib kelayotgan Yevropa Ittifoqi millionlab kishilarni bag‘riga olishga, ularga boshpana va non topib berishga tayyormi? O‘zi-da kundan-kun iqtisodiy buhronga botayotgan, egotsentrizm dardiga uchragan G‘arb olamining odami bunga qodirmikan? Najot istab ostonangizga bosh urib kelgan kishining ko‘kragidan itarish – oson, ammo bag‘ringizga olishingiz – qiyin... 

 

Isoning xumi

“Qisas ul-anbiyo” kitobida bunday rivoyat bor: Bibi Maryam Isoni bo‘yoqchilikni o‘rgansin deb bir rangrezga shogirdlikka beradi. Bir kuni ustaning yumushlari ko‘payib, liboslarni ranglashni Isoga topshiradi. Hazrati Iso barcha liboslarni bitta xumga solib qaynatadi. Rangchi kelib “Liboslarni nima qilding?” deb so‘raganida “Bo‘yab bo‘ldim”, deydi shogird. “Qani ko‘ray-chi”, deydi usta ishning bunchalik tez bitganidan hayron bo‘lib. “Hammasi mana bu xumning ichida”, degan javobni eshitib, ustaning fig‘oni ko‘kka o‘rlaydi va “Rasvo qilibsan-ku!” deydi. Iso “Shoshmang”, deydi-da, liboslarni birma-bir xumdan oladi. Turfa liboslarning har biri bitta xumda, ko‘ngildagidek bo‘yalganini ko‘rgan rangchi hayratda qoladi... Jaloliddin Rumiy “Masnaviyi ma’naviy”da riyokor vazir haqidagi hikoyatda “Isoning xumi” xususidagi rivoyatga murojaat etib bunday yozadi:

 

O‘zi yakrangii Iso bo‘ nadosht,

V-az mijozi xummi Iso xo‘nadosht.

...Jomai sadrang az on xummi safo,

Sodavu yakrang gashtiy chun ziyo.

 

Ya’ni: U (riyokor vazir) Isoning muhabbatini tushunmas edi. Iso xumining ahvolidan (siridan) bexabar edi. Iso xumga (poklik xumi) solgan barcha liboslar bir xil rangda bo‘lib chiqardi (ammo vazir ularning xilma-xil bo‘lishini istardi).

 

Rumiy aytmoqchi bo‘lgan fikr va globallashuv jarayonlari o‘rtasida bir qadar o‘xshashlik bor. Ammo globallashuv Hazrat Isoning turli rangdagi liboslarni bitta xumga solib, ularni bir rangga bo‘yashi yoki aksincha, riyokor vazirning yagona e’tiqoddagi nasroniylarga turlicha va’dalar berib, ular o‘rtasida qarama-qarshi fikrlar va nizolar keltirib chiqarishi haqidagi hikoyatning asl mazmun-mohiyatidan ancha yiroq hodisa. “Kasrat” va “vahdat” (birlik, yagonalik) tushunchalari islom falsafasi, ayniqsa, tasavvuf ta’limotida asrlar bo‘yi bahs uyg‘otib kelgan. Mutafakkirlarimiz ko‘plik olamida birlikni, birlik olamida esa ko‘plikni ko‘ra bilishni tavsiya etganlar. Ya’ni, Yaratuvchi yaratgan narsalarni ko‘rib, Uning borligi va birligiga iqror bo‘lish, Uni mushohada etib, borliqdagi barcha mavjudotlar haqida tafakkur qilish – kasrat va vahdatning ajoyib dialektikasi shu!

 

Globallashuv ko‘plik va birlik o‘rtasidagi muvozanatni tan olmaydi. Iskandar Maqduniyning yurishlari, Chingizxon va mo‘g‘ul istibdodi, Lenin va mustabid sho‘rolar saltanati, Hitler va fashizm bosqini... Bu rang-barang olamni bir rangga bo‘yash, butun dunyoni yagona siyosiy va iqtisodiy tizim va bir madaniyatga aylantirishga qaratilgan harakatlar emasmidi? Din-chi? Butun dunyo xalqlarini yagona e’tiqod va yagona axloq tegrasida va hatto bitta markaziy boshqaruv tizimida birlashtirish globallashuvning o‘ziga xos ko‘rinishi emasmi? Binobarin, globallashuv o‘ylaganimizchalik kechagina paydo bo‘lgan jarayon emas ekan-da!

 

Piyolaga jo bo‘lgan shahar

“Shunday azim shaharki... piyolaga sig‘ib ketadi. Shunday katta shaharki, bir bosh piyozday keladi. Piyolaga sig‘adigan azim va bir bosh piyozday katta shaharga o‘n shaharning aholisi sig‘adi, ammo unda bor-yo‘g‘i uch kishi yashaydi, yuzlari yuvuqsiz, chirkin uch kishi. Bu shaharning son-sanoqsiz xalqi bor, lekin unda... faqat uchta xomkalla yashaydi. Ulardan birining ko‘zi o‘tkir-u, lekin so‘qir. Sulaymonni ko‘rmasligi aniq, ammo chumolining oyog‘ini ko‘ra oladi. Boshqasining esa qulog‘i ding-u, ammo gung. Uchinchisi esa yalang‘och, lekin egnidagi to‘ni shu qadar uzunki, yerni supuradi. Ko‘r aytarmish: “Ana, hozir qo‘shin yetib keladi, qani, qaray-chi, ular qaysi qavmniki ekan?” Kar aytarmish: “Ha, men ham askarlarning ovozini, hatto shivir-shivirini eshitdim!” Yalang‘och kimsa aytarmish: “Askarlar kelib, to‘nimni uzunligi uchun kesib olmasa edi, deb qo‘rqib turibman!” Yana ko‘r aytarmish: “Nihoyat, askarlar yaqinlashib qoldi! Turing, bizni tutib, ziyon yetkazib, asir olmaslaridan burun juftakni rostlaylik!” Kar aytarmish: “Rostdanam, shovqin-suronlar yaqinroqdan eshitilyapti, shoshilmasak bo‘lmaydi, do‘st­lar!” Qip yalang‘och kimsa aytarmish: “Evoh! Endi to‘nimning etagiga ko‘z olaytirib, qirqib yoki yirtib tashlaydilar, nima qildim endi!”

 

Shunday deb uch hamtovoq shaharni tark etib, bir qishloqqa yetadilar. Qishloqda rosa semiz, lekin eti ustixoniga yopishgan tovuqni topadilar. Qarg‘aning changalidan yaralanib, o‘laksaday qotib qolgan tovuqning suyaklari qaqshab ketgan ekan. Ular tovuqqa tashlanib, o‘ljasini g‘ajiyotgan arslondek yeya boshlaydilar va semirib, fildek shishib ketadilar. Ular shu darajada semirib ketadilarki, butun olamga sig‘may qoladilar” (Mavlono Jaloliddin Rumiy. Masnaviyi ma’naviy. Daftari 3, Tehron, “Suxan”, 1379.  123-124-betlar).

 

Ushbu hikoyat ramziy-majoziy ma’noga ega. Rumiy sharhiga ko‘ra, “o‘ta katta shahar”dan murod “moddiy borliq”dir. Moddiyat mol-dunyo asirlari ko‘ziga o‘ta hashamatli, haqiqat ahli uchun esa mayda va ahamiyatsiz bo‘lib ko‘rinadi. Mustaqil fikri, sog‘lom dunyoqarash va mustahkam irodasi bo‘lmagan, nafs quliga aylangan ochko‘z shaxs hikoyatdagi o‘sha so‘qir, kar va yalang‘och kimsalarga o‘xshamaydimi? Bu uch hamtovoq bugun globallashuv bahonasida olomon madaniyati tegirmoniga suv quyayotgan buzuq g‘oyalar, axloqsizlikni targ‘ib etib, sodda va go‘l kishilarni “to‘r”ga ilintirayotgan, shu yo‘l bilan cho‘ntak qappaytirayotgan badnafs kimsalarning ajdodi emasmi? Nahotki insoniyat nafs degan baloga shunchalar mukkasidan ketgan bo‘lsa? Fridrix Nitshe inson – nafs quli, deydi. Nahotki u haq bo‘lib chiqsa? Nahotki asrlar bo‘yi nafs balosidan ogoh etgan aziz-avliyolarimizning chekkan tashvish-u iztiroblari bekor ketsa?

 

To‘g‘ri, globallashuv shitob rivojlanishni taqozo etyapti, zamon bilan hamnafaslik istagi yangidan-yangi moddiy ehtiyojlarni paydo qilmoqda. Barcha ko‘rkam mashina minish, badastir uy-joyda yashash, zamonaviy jihoz-u libos sotib olish, to‘y-hasham qilishni istaydi. Ammo bularga halol mehnat, peshona teri bilan erishilyaptimi? Buning uchun kimningdir haqqini yeyish, birovni aldash, kimgadir ozor berish, yana kimnidir bosib o‘tish shartmikan? Axir, inson yovvoyi tabiat qo‘ynida yashayotgan yirtqich hayvon emas-ku!

 

...Yigirma yilcha avval XXI asrning ko‘zni qamashtiruvchi ulkan qasri bo‘sag‘asida turib, ziddiyatli dunyo haqidagi almoyi-aljoyi tushlardan ta’bir izlay boshlagan edik: yangi asrning manzarasi, qiyofasi qanday bo‘larkan? O‘tgan asrning mantiqiy davomimi yoki butunlay boshqacha mazmun va shaklga ega zamonmi? XX asr zo‘ravonlik va xunrezlikka asoslangan dahshatli muhorabalar, undan keyingi qutblararo “sovuq urush” bilan yangi asrga aslo namuna bo‘lolmaydi. Shunday ekan, yangi yuzyillikda dunyo qanday boshqariladi?

 

...Bolakayning og‘zidagi pufak kattalashaveradi, kattalashaveradi. Bundan bolakay ham, uni kuzatayotganlar ham shod. Ammo havo bilan to‘lib, tap-tarang bo‘lib ketayotgan (ko‘zlarni quvontirayotgan!) pufak yorilib ketmasmikan?

 

Inson zoti borki, hayotda yangilikka, o‘zgarishga intiladi, har bir kunini umid-u quvonch ila kutib oladi. Ammo har kun ham bayram bo‘lavermaydi. Biz mingyilliklarning shafqatsiz sinovidan, beayov g‘alviridan o‘tib, bugungi kungacha sog‘-salomat yetib kelgan e’tiqodli xalqmiz. Biz qismat kitobini o‘z qo‘li bilan yozib, hayot kundaligini sog‘lom tafakkur va go‘zal tasavvur bilan to‘ldirayotgan bunyodkor millatmiz. Orzu shulki, Saodat manzili sari tashlagan qadamimiz sobit bo‘lgay!..

 

Ja’far XOLMO‘MINOV

 

“Tafakkur” jurnali, 2016-yil 2-son.

“Tuman ichidagi tumonat” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 290
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17504
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//