Eskirmaydigan tizim – bilimlar ruhiy quvvatga pardami?


Saqlash
11:11 / 22.11.2021 1790 0

Inson erki, haq-huquqi, qadr-qimmati buyuk mutafakkirlar diqqat markazidagi eng muhim masalalardan bo‘lib kelgan. Atomistik nazariya asoschilaridan biri Demokrit inson baxti yuksak axloqiy sifatlarga ega bo‘lishda, mehnat, jasorat, vafo, aql va do‘st orttirishda deb ta’kidlaydi. Buyuk faylasuf Suqrot ham butun e’tiborini insonga qaratgan edi. Uning “O‘zingni angla” degan mashhur iborasi antik davrdan to hozirgi kungacha ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.

 

O‘rta Osiyo mutafakkirlarining ma’naviy va moddiy boyliklar ijodkori bo‘lmish insonni o‘rganishdagi xizmatlari ham tahsinga loyiq. Abu Nasr Forobiyning ijtimoiy-falsafiy qarashlari markazida insoniy baxt-saodat g‘oyasi turgani fikrimiz tasdig‘idir. O‘zgalarga yaxshilik qilishni hayotiy a’molga aylantirgan kishilardan iborat shahar fazilatli shahardir, o‘shanday jamoa fazilatli jamoadir. Mutafakkir fikricha, inson o‘z-o‘zidan baxtli bo‘la olmaydi, bu uning harakatlari, mehnati, kasb-hunari, bilimiga chambarchas bog‘liq.

 

Sharqning buyuk mutafakkiri Jaloliddin Rumiy esa insonni mikrokosmosga mengzaydi, insonning ichki dunyosini kashf etish orqali koinot sirlarini ochish mumkin deydi. Inson misoli bir dahliz, shu dahliz orqali koinotga boqish, uning mohiyatini anglash mumkin. Uning fikricha, inson ijodkorligi bilan boshqa jonzotlardan ajralib turadi.

 

Mutafakkir Abu Homid G‘azzoliy esa botiniy ilmlar va aqli kullga katta e’tibor qaratdi. Botiniy ilmlar insonning ruhiy yuksalish va hayratlanish holatidagi tuyqus obrazlar, tasavvurlar olamidir. Ayni shu tuyqus obraz va tasavvurlar tasviriy san’at, musiqa va adabiyot manbaidir. Ularning vujudga kelish tarzi tabiiy fanlardagi fikr yuritish uslubidan tubdan farq qiladi. Tabiiy fanlar zamirida mantiqiy fikr, tadrijiylik yotsa, san’at va adabiyot, gumanizm falsafasida dunyoqarash o‘zgacha yo‘singa ega. Uning zaminini rang-barang obrazlar tashkil etadi. Bu obrazlar quyosh nuri yanglig‘ inson qalbidan taraladi. Ular inson ruhiyatiga, tasavvuriga kuchli ta’sir eta olishi bilan tabiiy fanlardagi tushunchalardan farq qiladi. Shu bois, gumanizm falsafasi antik davrdan hozirgi kungacha san’at va badiiy adabiyotdagi go‘zal obrazlardan samarali foydalangan. Ushbu falsafiy-obrazli dunyoqarash millionlab insonlar qalbiga bevosita kirib borish quvvatiga egadir. Masalan, G‘arbiy Yevropadagi “Hayot falsafasi”ning buyuk vakillaridan bo‘lgan F.Nitshening falsafiy qarashlarini olaylik, uning ta’limoti inson ongostiga ta’sir etuvchi go‘zal obrazlar yordamida ifodalangan.

 

Insonni kosmik fenomen sifatida ulug‘lash milliy falsafamizning ham o‘zagini tashkil etadi. Fan-texnikaning rivoji inson tafakkurini yuqori bosqichga ko‘tarmoqda, unga yangi imkoniyatlar yaratib bermoqda. Inson zamonaviy texnika orqali osmon, yer va suvda hukmronlik qilmoqda. sivilizatsiya bergan shart-sharoit, qulayliklarsiz o‘z hayotimizni tasavvur eta olmaymiz. Lekin har bir narsa-hodisaning ijobiy tomonlari qatori salbiy jihatlari ham borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Masalan, sivilizatsiya rivoji ekologik muammolar, yadroviy urush xavf-xatarini kuchaytirdi, jamiyatdagi individualizmni yanada alangalatdi. Insonning jamiyatdan begonalashuvi ro‘y berdi. Tabiatdan faqat boylik orttirish maqsadida foydalanmoqdamiz. Inson tabiatdan ajralar ekan, u o‘z jismoniy va ruhiy quvvati manbayini yo‘qota boshlaydi. Oqibatda zaif mavjudotga aylanib, ijodkorlik qobiliyatidan mahrum bo‘lib borayotganini sezmay qoladi. Bu ijodkorlik va yaratuvchanlik qobiliyati ruhiy quvvat bo‘lib, ushbu quvvat orqali inson o‘z ongida barcha mavjudotlarning obrazlari va badiiy timsollarini yaratadi. Shu obrazlar orqali u koinot bilan birlashadi va uyg‘unlik kasb etadi. Ijodkorlik, yaratuvchanlik qobiliyati manbayi inson qalbida, uning borliqqa muhabbatidadir. Insonning ruhiy muhabbati uni koinotdagi barcha narsa va jonzotlar bilan birlashtiruvchi yagona rishtadir. Bu rishta inson qalbida rango-rang kamallakka aylanar ekan, uning nurlari koinot yog‘dusi bilan qo‘shiladi. Demak, inson o‘z xayollari hamda tasavvurlari orqali butun olam bilan qoimdir va bu xayollarning o‘zi ham olamning nuridir. Lekin inson qalbidagi xudbinlik, nopok o‘y-xayollar uni bu olam yog‘dusidan ajratib, qalbni pardalab qo‘yadi. Pardalangan qalb esa ijodkorlikdan mahrumdir. U hayotiy manbayidan ajralar ekan, mexanik sistema murvatiga aylanadi. Shunda inson hayot gultoji emas, vayron etuvchi kuchga, to‘fonga evriladi. Shunday qilib, inson tabiatida bir vaqtning o‘zida ham yaratuvchanlik, ham vayronkorlik mavjud. Qay biri ustun kelishi esa jamiyatimizdagi ma’naviy va axloqiy qadriyatlarga bog‘liqdir.

 

Oliy mavjudot bo‘lmish insonni madh etish, uning kelajagi uchun qayg‘urish Mag‘rib-u Mashriq mutafakkirlarini mushohadaga chorlab kelgan ekan, bugun ham ushbu masala dolzarbdir. Insonning ruhiy erkinligi, xalq farovonligi, jamiyatimizdagi barcha qatlamlarning jipsligi davlatimiz siyosatining asosiy tamoyillaridan biridir. Bu tamoyillarni har bir vatandoshimizning nafaqat aqliga, ayni chog‘da, qalbiga ham yetkazish milliy falsafamizning birlamchi vazifasidir.

 

Hozirgi zamon G‘arb va Sharq falsafasida insonning ichki dunyosi va ongi borasida shunga o‘xshash fikrlarni uchratish mumkin. G‘arbda inson masalasini ko‘proq irratsional falsafiy oqimlar o‘rganib keldi, jumladan, F.Nitshe, A.Bergson, Z.Freyd, K.Yung kabi faylasuf va ruhshunoslar ruhiy quvvatning inson tabiatidagi rolini alohida tahlil qildi.

 

Insondagi anglanmaganlik holatini tushuntirish uchun Karl Yung fanga “arxetip” tushunchasini kiritadi. Arxetip deganda u butun insoniyatga xos bo‘lgan botiniy, anglanmagan ruhiy quvvatni nazarda tutadi. Inson ongida arxetiplar asosida timsollar paydo bo‘ladi. Garchi ular anglanmagan tarzda yuzaga kelsa-da, ma’nosiz emas. O‘z hayoti davomida inson shu ramz va timsollar ta’sirida yashaydi. Arxetip insonda ming yillar davomida tabiat bilan munosabat va hayot uchun kurash asnosida shakllangan. Arxaik timsollar insoniyatning g‘oyat ko‘hna ruhiy quvvatini o‘zida mujassam etgan va saqlab qolgan. Qizig‘i shundaki, Karl Yung arxitiplarni nafaqat inson ongiga, balki butun tabiatga xos hodisadir, deydi. U inson ruhiyatidagi “jamoaviy” va “individual” anglanmaganlik holatlarini ajratadi. “Individual anglanmaganlik” insondagi avval-boshda anglangan, keyinchalik ongdan siqib chiqarilgan mayl-istaklar holatidir.

 

 “Kollektiv anglanmaganlik” tushunchasi esa insoniyat hamda jamiki yashagan va yashayotgan jonzotlar xotirasini anglatadi. U insonning butun ijtimoiy faoliyati, hatto genlarining tartibini ham qamrab oladi. Aynan “kollektiv anglanmaganlik” barcha arxetiplar ildizidir. Shunday qilib, “kollektiv anglanmaganlik” va “arxetip” tushunchalari butun insoniyatning ruhiy holatini ifodalovchi g‘oya va timsollardir.

 

K.Yung mansub analitik psixologiyaning asosiy tushunchalaridan biri “kompleks” konsepsiyasi bo‘lib, u anglanmagan ruhiy quvvatning aniq bir shaklga kirishini bildiradi. Bularga oilaviy, siyosiy va ojizlik kompleksi kiradi. Komplekslar aslida ruhiy shaytoniy kuch-quvvat bo‘lib, ular insonning osuda hayotini izdan chiqazib yuboradi. Komplekslar nazariyasini ishlab chiqib, Karl Yung va uning izdoshlari anglanganlik va anglanmaganlik o‘rtasidagi munosabatlarning ruhiy faoliyatga ta’sirini o‘rgandilar.

 

Bu masalani hind faylasufi Bxagvan Rajnish ham tahlil qilgan. Uning fikricha, inson doimo atrofidagi hayotga bee’tibor yashaydi. U shunchalar mexanik ravishda harakat qiladiki, hatto o‘z amallari ma’nosini anglab yetmaydi. Bu harakatlar avtomatik va mexanik ravishda sodir bo‘ladiki, inson o‘zining insonligini, ongli bir maxluq ekanini unutadi. Rajnish fikricha, agar inson aqlgagina tayansa, uning ongi yo‘qoladi, aql bu – uyqu, shovqin va mexanik harakatdir. Binobarin, inson aqldan voz kechib yana ongga qaytishi kerak. Inson o‘z tafakkuridan barcha bilimlarni chiqarib tashlamog‘i lozim. Bilimlar uni g‘aflatda ushlab turadi, inson qanchalar bilimli bo‘lsa, shunchalar g‘aflatdadir.

 

Rajnish bunday deydi: “Sodda qishloq ahli olimlar va ruhoniylardan ko‘ra sezgir va zehnlidir (Bxagvan Rajnish. Jizn i smert. Moskva, “Nirvana”, 2004. Str. 24). Tabiat bilan hamnafas yashovchi dehqonlar, bog‘bonlar, kosiblar, hunarmandlar, san’atkorlar va rassomlar universitetlardagi tadqiqotchilardan ko‘ra zehnliroqdir. Rajnish fikricha, inson hayoti nafas olish, yurak urishi, tomirlarda oqayotgan qon bilan belgilanmaydi. Hayot – uyg‘oqlikdir, onglilikdir. Faqat uyg‘oq odamlargina tirikdir. Hayot esa yagona xudo – o‘zga xudo yo‘qdir.

 

Buni qanday tushunmoq kerak? Nega inson to‘g‘ri yo‘ldan toyadi? Nima uchun adashadi? Inson o‘zini kuzatishi kerak. Insonda aniqlik, ravshanlik, his qilish qobiliyati zaif. U ziyrak, fahm-farosatli emas. U eshitolmaydi, ko‘rolmaydi. Insonda ko‘z, quloq bor, biroq, ayni chog‘da, uning botinida zaiflik ham bor. U o‘zining kimligini bilmasa ham, o‘zini ongli hisoblaydi. Inson o‘zining ongliligi haqidagi e’tiqodidan voz kechishi lozim. Shundagina u chinakam onglilikka eltuvchi yo‘lni topadi.

 

Gulchehra QOBULNIYOZOVA,

O‘zMU dotsenti

Lola YO‘LDOSHEVA,

O‘zDJTU dotsenti

 

“Tafakkur” jurnali, 2017 yil 2-son.

“Karvon o‘zing, sarbon o‘zing” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19060
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19060
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15754
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi