Inson ruhining ijodiy kurashi – fandan ajralgan falsafa haqida


Saqlash
11:12 / 02.12.2021 4123 0

 

Yangi falsafaning orzusi – fan yoki fannamo bo‘lmoqdir. Bu soha ahli, qanday bo‘lmasin, uni fanga aylantiray deb joni halak. Pozitivistlar va metafiziklar, materialistlar va krititsistlar shu masalada yakdil, hamfikr. Barcha – Kant va Hegel, Kont va Spenser, Kohen va Rikkert, Vundt va Avenarius falsafa fan yoki fannamo bo‘lsa deydi. Falsafa azaldan fanga havas qiladi. Fanda – faylasuflarning azaliy orzulari mujassam. Faylasuflar hech ham o‘zligiga sodiq emas: olimlarga o‘xshashga urinadi, ularga taqlid qiladi. Faylasuflar falsafadan ham fanga ko‘proq ishonadi. O‘ziga va o‘z ishining ahamiyatiga shubhalanib boqadi – yomoni, bu ishonchsizlik odatiy holga aylangan.

 

Faylasuflar bilishga faqat fan borligi uchun ishonadi – falsafiy bilimlarni fannamo bo‘lsagina qabul qiladi. Nafaqat pozitivist va krititsistlar, balki yangi davr metafiziklarining aksari ham shu nuqtayi nazarni ma’qullaydi. Metafiziklar ham olimlarga taqlid qilishga urinsa-da, ammo buni qoyillata olmay dillari g‘ash. Bugunning faylasuflari falsafani mustaqil sohaga aylantirish uchun uni tugal, maxsus fanga aylantirmoq zarur deb biladi. Zamonaviy inson ongi “ilmiy” falsafa g‘oyasiga mubtalo, u “ilmiy”lik g‘oyasiga bandi. Bunda aytarli yangilik yo‘q – eski sxolastika yana bir turlanyapti, xolos. Metafiziklaro‘zicha olimnamo bo‘lishni istaydi. OlimnamolikdaDekartvaLeybnis, Kohen va Husserldan qolishmaydi. FannamolikniyoqlagansoddadilHekkelilmiy monizmniyaratish uchuno‘zigaeski metafizikSpinozaninamuna qiliboldi. SpinozaninggeometrikmetodiKantning fannamolikka da’vogar transsendental metodi kabidir. O‘rta asrning sxolastik falsafasi vakillari nafaqat falsafa, hatto teologiyani ham fannamo qilishga urindi.

 

O‘rta asrlar ilmiy tafakkuri hozirgidan xiyla farq qilgan. Antik davrning eng olimnamo faylasufi Aristotelning obro‘si bejiz yuksak emas edi. Foma Akvinskiy ham Kohen kabi olimnamo faylasuf, ammo har qaysisi o‘z davri uchun va o‘z davriga monand olimnamodir. Kohenning ilmiy falsafasi sxolastik falsafaning izdoshi, merosxo‘ridir. Neokantchilik esa bilish masalasini yanada chuqurlashtirgan yangi sxolastikadir. Foma Akvinskiy metafizikani mavjudlik va uning qoida-tartiblari haqidagi tugal fan deb bilgan. U sof ratsional fan edi, qat’iy mantiqqa asoslanardi. Foma Akvinskiy yangi falsafaning jami tanqidiy shubhalaridan bexabar edi, uning ta’limoti ham dogmatik edi. Foma Akvinskiyning “fan”i teologiya ustidan ham, hayot ustidan ham hokimlik qildi. O‘sha kezlar falsafa teologiyaning xizmatkori edi. Buni falsafa teologiyani ilmiy, fannamo qildi, deb tushunish mumkin.

 

Yangi falsafaning barcha tanqidiy shubhalaridan so‘ng Kohen bilish nazariyasini metafizikaning yangi turiga aylantirdi – u tushunchalar haqidagi fanga, ilgari Hegelda bo‘lganidek, mohiyat va uning tartiboti haqidagi fanga aylandi. Ilmiy falsafa, sxolastik falsafa da’vo qilganidek, hayot ustidan hukmronlikka intiladi. Axir, sxolastika ilmiylik, ratsionallikni falsafa va o‘sha davr madaniyati ustidan hukmron qilishni ko‘zlagan emasmidi?! Fannamo ratsionallik mazmuni o‘zgardi, ammo mohiyat – o‘sha-o‘sha. Aristotel, Foma Akvinskiy, Dekart, Spinoza, Kant, Hegel, Spenser, Avenarius, Kohen, Husserllar falsafani fannamo sxolastikaga aylantirdilar. Falsafaning universal fan bo‘lish istagi – sxolastik istakdir. Falsafiy tafakkur shu tariqa azaldan bulg‘angan, u fannamo bo‘lish uchun g‘ayrifalsafiy ideallar va me’yorlarga tayanadi, qul xojaga xizmat qilganidek soxta, aldamchi g‘oyalarga xizmat qiladi.

 

Falsafa mutlaqo fan emas va mutlaqo fannamo bo‘lishi ham kerak emas. Qiziq, nega falsafaning fan yoxud fannamo bo‘lgisi kelib qoldi? San’at, axloq, din – fan bo‘lishi shart emas-u, nega falsafa fan bo‘lishi lozim? O‘z-o‘zidan ma’lumki, dunyoda fanning o‘zidan boshqa soha fan bo‘lolmaydi. Ilmiylik faqat fanga xos va fan uchun me’yordir. Demak, axloq – axloqiy, din – diniy, san’at – badiiy bo‘lganidek, falsafa ham fan yoki fannamo emas, balki falsafiy bo‘lmog‘i darkor. Falsafaning yoshi ulug‘roq, fandan qadimroq, u donishmandlikka hamnafas. Keyin u fanni o‘zidan ajratdi. Endi esa navbat fan o‘zini falsafadan butkul ajratishiga yetdi. Fan falsafadan butkul ajralib chiqsa, bu falsafa uchun ayni muddao, zero, bu bilan u o‘ziga xosligini saqlab qoladi. Taassufki, bu ajralish falsafa oyog‘iga boshqa bir tushovni solayotir. Agar falsafani boshqa fanlar qatori bir fan deb e’tirof etsak (masalan, mavjudlik yoki bilish tamoyillari haqidagi fan), uning ma’naviy hayotga daxldor soha ekanini unutishga to‘g‘ri keladi. U holda falsafani din, san’at, axloq qatorida sanash noo‘rin bo‘lib qoladi. Falsafani riyoziyot, fizika, kimyo, fiziologiya kabi fanlar qatoriga qo‘shishga to‘g‘ri keladi. Falsafa fanning emas, madaniyatning mustaqil sohasidir. Vaholanki, faylasuflarda falsafani fanga aylantirishga, uni ilmiy qilishga intilish kuchli.

 

* * *

Fanning ahamiyatini hech kim inkor qilmaydi. Fan inson uchun naqadar zarurligiga shubha yo‘q. Ammo fannamolik kerakmi – bu borada bahslashish mumkin. Fan va fannamolik ayni bir narsa emas. Fannamolik – fan mezonlarini fanga begona boshqa ma’naviy sohalarga ko‘chirishdir. Fannamolik fan – ruhiyat uchun oliy mezon, u o‘rnatgan tartibga barcha itoat etmog‘i shart, uning ijozati va taqiqi barcha joyda beistisnodir, degan ishonchga tayanadi. Ilmiylik yagona metodni talab etadi. Fanda ilmiy talablar bo‘lishiga hech kim qarshi emas. Bu o‘rinda turli fanlar bo‘lgani kabi turfa ilmiy metodlar ham borligini aytmoq zarur. Masalan, tabiiy fanlar metodini psixologiya yoki ijtimoiy fanlarga ko‘chirish mumkin emas. Buni olmon gnoseologiya nazariyotchilari ko‘p marta isbot qilgan. Biroq bu nazariyotchilar fannamolik idealini mustahkamlashga ham yordam berdilar. Olmon tanqidiy ongida fannamolikka jo‘shqin intilish bor. U butun madaniyatni fanga yo‘naltirishni istaydi. Olmon tanqidiy ongidagi ilmiy falsafa ideali fransuz va ingliz pozitivizmidagidek dag‘al emas, xiyla nazokatli va murakkab. Lekin olmon tanqidiy ongi nafaqat falsafaning ilmiyligini, shu bilan birga, fannamolik axloq, estetika, ijtimoiy sohalar ustidan hukm yuritishini ham tan oldi.

 

Madaniyatni ilmiy-tanqidiy darajalash, ilmiy tartiblash zarur. Fannamolik me’yori istasa, hammasini bandi qiladi, istasa ozod etadi. Aql-idrok doirasidagi din, ratsional protestantizm – fannamolikning diniy hayot ustidan hukmronligidir, bu esa uni qoralashga yo‘l qo‘ymaydi. Biroq fannamolik fan emas, u fan talabi ham emas. Hech bir fan o‘ziga begona sohaga fannamo bo‘l, deb ko‘rsatma bermaydi. Astronomiya, fizika, geologiya yoki fiziologiya falsafaning fannamo bo‘lishidan, madaniyatning ilmiy tartiblanishidan manfaatdor emas. Fannamolik (fan emas) ruhning tubanlashuvi, ruhning qulligidir, u har yerda zaruriyat hokimligini, har narsa dunyo ta’siridaligini urg‘ulovchi qaysar ong demak. Fannamolik – erkini yo‘qotgan ijodkor ruh in’ikosi. Shu ma’noda, fannamolik kasallik alomati kabidir. Olmon krititsizmi ruhni fannamolik bilan tartiblashni, uni boshboshdoqlikdan xalos etishni istaydi. Bu hamma narsa ilmiy yo‘l bilan anglanishi zarur, deguvchi “asl” olmon g‘oyasidir. Har sohada ildiz otgan fannamolik ruh qulligi va ruh parokandaligi belgisidir. Olmon faylasuflari hatto nikohni ham fannamo qilish va buni metodologik jihatdan asoslash tarafdori. Bunda tizginsiz german ratsionalizmi o‘zini namoyon etadi. Fan – dunyoga inson ruhining o‘ziga xos munosabati. Uni insonning dunyoga bo‘lgan boshqa munosabatlariga majburan qo‘llamoq ruh qulligidir.

 

Fan, aslida, insonga foniy dunyoning zulmat o‘rmonida o‘zini asramog‘i uchun bir chora-tadbirdir. Bu dunyoda yashash va rivojlanish uchun inson anglangan, maqsadli chora ko‘rishi darkor edi. O‘z-o‘zini himoyalash yo‘lida chora ko‘rish uchun esa inson o‘zini dunyoviy mavjudlik, dunyoviy zaruriyatga moslashi talab etildi. Fan – dunyoviy mavjudlikka, zaruriyatga moslashuvning takomillashgan qurolidir. Fan – dunyoviy mavjudlikka moslashish orqali zaruriyatni anglashdir. Shuningdek, fan – dunyoviy zaruriyatga maqsadli chora-tadbir va o‘z-­o‘zini asramoq uchun berilgan muxtasar, tejamli nizomdir. Ilmiy tafakkur maqsad qurolidir, u mudom dunyoviy mavjudlikka moslashgan, muvofiqlashgan bo‘ladi. Mazkur moslashuv nafaqat ilmiy eksperimentda, balki fandagi diskursiv mulohazalarda ham ko‘rinadi. Ilmiy mantiq zaruriyatga moslashuv quroli, demak, unda dunyoviy zaruriyatga itoat bor, unda shu zaruriyat va mavjudlikning mahdudligiga ishora bor. Formal mantiqning cheklovchi dilemmalari dunyoviy zaruriyatning cheklovchi dilemmalariga moslashuvdir aslida.

 

Cheklangan mantiqda bu dunyoning cheklanganligiga uyg‘un munosabat bor. Fikrlashdagi zaruriyat dunyo zaruriyatiga moslashishda o‘z-o‘zini asrash demak. Dunyoviy zaruriyat anglanishi uchun inson tafakkurida unga muvofiq keluvchi zaruriyat yaratilishi darkor. Pragmatizmning ayrim shakllariga tanqidiy yondashish mumkin, ammo fanning pragmatik tabiatini, uning g‘arazli-hayotiy, biologik xususiyatini inkor qilish qiyin. Bekon fanning g‘arazli-pragmatik tabiatini allaqachon ochib bergan. Maxning ilmiy bilish nazariyasida bartaraf etib bo‘lmas, faktik haqiqat mavjud. Chinakam olimlar, ilm darg‘alari yaratgan fan Kohen va krititsistlarni emas, Max va pragmatistlarni oqlaydi. Universal fan haqida faqat faylasuflar orzu qilgan, olimlar bu borada doim kamtar bo‘lgan. Olimlar dunyoviy mavjudlikni alohida sohalarga ajratgan, shu sohalarning muxtasar tavsifini bergan va bu tavsifni tabiat qonuni deb atagan. Tabiat qonunlarining qimmati, avvalo, tabiatdan amaliy chora topish va shu chora, ya’ni moslashuv orqali tabiatni bo‘ysundirishda namoyondir. To‘g‘ri, fanda mudom ikki ruh yashagan va o‘zaro kurashgan, ulardan biri dunyo sirlarini anglashga mushtoq edi. Bu ruh fanni yaratmagan, u falsafa, teosofiya va magiyaga yon bosgan. Keyin fanning magiya bilan aloqasi ko‘zga tashlangan.

 

Ilmiy falsafa keraksiz ekani, bunday narsa aslida yo‘qligini asoslash uchun fan zaruriyatga mutelikdir, degan xulosani ta’kidlash joiz. Fan – ijod emas, bo‘ysunish, uning stixiyasi – erk emas, zaruriyat. Ko‘rinib turibdiki, fan o‘z diniy mohiyatiga ko‘ra, Qadimgi ahd va ilk gunoh bilan bog‘langan. Fan inson ruhining erkin ifodasi bo‘lolmaydi. Chunki hammavaqt insonning zaruriyatga bandiligi ifodasi bo‘lgan. Lekin u zaruriyat dunyosida mo‘ljal olmoq uchun kerak va odamning o‘z gunohi oqibatlarini ilohiyona anglashidir. Fan o‘z mohiyati va maqsadiga ko‘ra, dunyoni zaruriyat tarzida anglaydi, “zaruriyat” tushunchasi mavjudlikka qaratilgan ilmiy tafakkurning asosiy tushunchasidir. Fan dunyoda erkni ko‘rmaydi. Fan so‘nggi sirlarni bilmaydi, chunki fan – bexavotir bilish. Shuning uchun fan Haqni bilmaydi, faqat haqiqatlarni biladi. Fan haqiqati borliqning juz’iy holatini ifodalaydi va unda yo‘l topish – mo‘ljal olishda asqatadi. Fan o‘z voqeligini vujudga keltiradi. Falsafa va din esa butkul o‘zgacha voqeliklar yaratadi.

 

* * *

Modomiki, fan dunyoviy mavjudlikka moslashish va dunyoviy zaruriyatga itoat etish ekan, u holda nima uchun va qaysi ma’noda falsafa fanga bog‘liq va fan bo‘lishi zarur? Eng avvalo, falsafa  mo‘ljalni umumiy oladi, u borliqning xususiy holatidagi xususiy mo‘ljal olish emas. Falsafa Haqni izlaydi, haqiqatlarni emas. Falsafa – donishmandlikni sevishdir. Sofiya chinakam falsafani yaratadi. Falsafiy ong cho‘qqisida Sofiya insonga ko‘chadi. Fanning asoslari va qoida-tartiblari, negizi falsafaga bog‘liq, aksincha emas. Fan falsafasi bo‘lishi mumkin, biroq falsafa fan bo‘lmaydi. O‘z mohiyati va vazifasiga ko‘ra, falsafa zaruriyatga moslashish bo‘lmagan, chin faylasuflar dunyoviy mavjudlikka itoat etmagan, chunki ular bu dunyodan yuqori turuvchi haqiqatni qidirgan.

 

Sajdago‘ylik – falsafaga yot. Falsafaning azaliy maqsadi mudom erkni anglash va erkin anglash bo‘lgan. Falsafaning stixiyasi – erk, zaruriyat emas. Falsafa inson ruhini zaruriyat tushovidan ozod etishga intilgan. Falsafa dunyoviy zaruriyatga muvofiqlashgan tafakkur mantig‘ini tadqiq qilishi mumkin, ammo uning o‘zi ushbu mantiqqa qullarcha itoat etmaydi. Donolikni anglash – mantiqiy bilishdan a’lo. Falsafa bilim orqali dunyoviy mavjudlikdan yuksalish, dunyoviy zaruriyatni yengib o‘tish, fahm etmoq demakdir. Falsafa dunyoga fandan ko‘ra o‘zgacha munosabatda bo‘ladi, o‘zgacha manbadan tug‘iladi, o‘zgacha yo‘nalishda kechadi. Falsafaning fanga bo‘ysunishi erkning zaruriyatga bo‘ysunishi demak. Ilmiy falsafa o‘z erkini zaruriyat hukmiga taslim qilgan falsafadir. Dunyoviy mavjudlikdagi erksizlik fan uchun majburiyat, falsafa uchun inqiroz va erkka tashna irodaga xiyonatdir. Dadil aytish joizki, dunyoviy mavjudlik sarhadlari va dunyoviy zaruriyat hukmlari falsafa uchun majburiy emas. Falsafa dunyo bizga hadya etgan nimarsalarga qarab qolmagan.

 

Chunki u dunyoning zohirini emas, botinini, haqiqatini izlaydi. Dunyo moddiylikdangina iborat bo‘lsa, falsafa ham moddiyunchi bo‘lishi shart emas. Falsafaning chin istagi, zaruriyat va borliq sharoitiga mardona qarshi turuvchi ijodkorlik kabi, mudom transsenzus – mavjudlik sarhadidan o‘tish bo‘lgan. Takror bo‘lsa-da aytish joiz, falsafa hech qachon fan bo‘lmagan, bo‘lolmaydi ham. Bilish erkak-ayol munosabatiga o‘xshaydi – unda fidoyi retseptivlik va yorug‘ faollik bor. Falsafa haqiqatni bilish yo‘lini obyektga yo‘nalgan quyosh nuri kabi yoritadi. Bilishda biluvchi – erkak, ya’ni logosdir. Falsafagina bilishning shu faol, erkakona tomonini ochib beradi. Falsafa – ijod demak, u moslashish ham, itoatgo‘ylik ham emas. Falsafaga ijod sifatida erkinlik berish – uni fanga tobelikdan ozod qilish va fan bilan aloqadan xalos etish, ya’ni zaruriyat va mavjudlikka dadil qarshi turishini tan olishdir.

 

Falsafada insonning mavjudlikka va zaruriyatga moslashishi emas, mavjudlik va zaruriyatdan o‘zini xalos etishi ro‘y beradi. Falsafa – fan emas, san’at demak. Falsafa adabiyot, musiqa yoki rangtasvirdan farq qiluvchi alohida san’at, bilish san’atidir. Falsafa – san’at, chunki u – ijod. Falsafa – san’at, chunki u – ilohiy ne’mat va qismat, chunki unda shoir va musavvirdan qolishmaydigan ijodkor shaxsi inkishof etiladi. Lekin falsafa borliq obrazlarini emas, unga daxldor g‘oyalarni yaratadi. Falsafa – dunyoviy mavjudlik va zaruriyatga qarshi, dunyo sarhadlarining nariyog‘idagi sirlarga yetishni ko‘zlagan g‘oyalar vositasida erkin bilish san’atidir. San’atni fanga, ijodni moslashuvga, erkni zaruriyatga bog‘lab qo‘yish to‘g‘ri emas. Falsafa fan bo‘lsa, o‘z qafasini buzib chiqish, zaruriyatdan erkni ajratishdek maqsadiga yetolmaydi.

 

Falsafaning g‘alabasi inson ruhining faol qarshiligi va ijodiy kurashidadir. Fanning g‘alabasi esa mavjudlikka moslashish va zaruriyat talablariga bo‘ysunishdadir. Fanda odamning olamga bandi ehtiyoji mujassam, falsafada ruhiy quvvat toshqini, ohanrabo bor. Falsafaning hayotiyligi fannikidan kam emas, ammo bu mavjudlikka moslashish orqali o‘zini asrab qolishga qaratilgan hayotiylik emas, mavjudlik doirasidan tashqari chiqish ko‘zlangan ijodiy bilishning hayotiyligidir. Falsafa tabiatiga muxtasarlik, lo‘ndalik xos emas. Falsafa fandagi muxtasarlik, lo‘ndalikdan ko‘ra serxarjdir. Falsafada, xuddi utilitaristlar nazdidagi san’atda bo‘lganidek, qandaydir bayramonalik bor. Dunyoda yashash uchun falsafa fandek zarur emas, u dunyo doirasidan chiqish uchun zarur. Fan insonni zaruriyatga, dunyo bema’niligiga duchor etadi, biroq o‘sha ma’nisiz dunyoda himoya quroli ham beradi.

 

Falsafa dunyo mohiyatini anglashga intiladi, zaruriyatning bema’niligiga qarshilik ko‘rsatadi. Chin falsafaning asl niyati mohiyatning mavjudligini va shu mohiyat haqiqatini anglashdir, bema’nilik orqali mohiyatga yorib kirishdir. Buni Kant ham e’tirof etgan, kantcha falsafada eski metafiziklardagiga o‘xshash sustlikni yo‘qotuvchi ijodiy shiddat borligini kim ham rad etardi! Bu ijodiy shiddat Fixteda yanada kuchli edi. Dunyoviy mavjudlikning bema’niligiga moslashish esa mohiyatni anglashga xalal beradi, xolos. Ilmiy falsafa tarafdorlari aynan shu moslashishni talab etadi, ya’ni falsafaning ijodiy tabiatini inkor qiladi. To‘g‘ri, ular fanning o‘zini yuqori pog‘onaga ko‘tarishga tirishadi, uni ijodiy faoliyat deb e’tirof etadi va fan qo‘llaydigan mantiqiy tushunchalarda logos, oliy mohiyatni ko‘radi. Ammo fanni yuqori pog‘onaga ko‘tarish va oliy ma’volarga tatbiq etishga falsafani bilib-bilmay fanga olib kirish orqali erishiladi.

 

Fanda falsafa unsurlari borligini, ilmiy farazlarda falsafiy ilhom mavjudligini, gohida olim-faylasuflar ham uchrab turishini inkor qilib bo‘lmaydi. Biz uchun bosh masala – nima fannikiyu nima falsafaniki ekani masalasidir. Fanda falsafiylik uchragani uchun falsafadan ilmiylik talab etish to‘g‘ri emas. Ilmiy bilish asoslari sanalgan mantiqiy tushunchalarning nisbiy ahamiyatini rad qilish mumkin emas, lekin ularga oliy va mutlaq ontologik mohiyat berish – zaruriyat ta’siridagi dunyoviy mavjudlik asir etgan soxta falsafaning o‘zidir.

Nikolay BERDYAYEV

 

Rus tilidan

Viktor ALIMASOV tarjimasi

 

 

“Tafakkur” jurnali 2018-yil,  3-son.

“Falsafa – erkin ijoddir” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19060
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19060
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15752
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi