Navoiy kodeksi yoxud besh yarim asr oldingi konstitutsion monarxiya


Saqlash
12:12 / 06.12.2021 1017 0

Navoiy Xuroson mulkida adolat qaror topishi uchun shunchaki kurash bilan cheklanmagan, balki temuriylar saltanati barqarorligini ta’minlaydigan poydevor bo‘lishi lozimligini ichdan his etgan. U mazkur poydevorni, bugungi istiloh bilan aytganda, konstitutsion monarxiya shaklida tasavvur qilgan. Tabiiyki, bu tushuncha Navoiy davrida aynan uchramasa-da, davlatni muayyan nizom asosida idora etish Sharq davlatchiligi tajribasida bo‘lgan. Saljuqiylar bosh vaziri Nizomulmulkning “Siyosatnoma”sida davlat boshqaruviga oid talay qoidalar bayon qilingan. Chingiziylarda amal qilgan ya’sa hamda “Temur tuzuklari” ana shunday nizom namunalaridir. Lekin so‘nggi ikki hujjat asosan harbiy tartibotga qaratilgan. Ayniqsa, davlat tizimida korrupsiyaga qarshi kurash muammosiga sayoz yondashilgan – “poraxo‘rning qo‘lini kesish lozim” kabi gaplar bilan cheklanilgan. Tarix esa davlat va millat taqdiri hukmdorning shaxsiyati va irodasiga bir daraja bog‘liq bo‘lsa, uning atrofidagilar va qo‘l ostidagilarga o‘n darajada bog‘liqligini ko‘rsatadi.

 

Tarixni ham, temuriylar kechmishini ham chuqur bilgan Navoiy davlat boshqaruvidagi ana shu bo‘shliqni aniq ko‘rgani bois tegishli nizom joriy etishga intilgan. Bunday nizom qoidalari ayri-ayri holda uning ko‘plab asarlarida uchraydi. Masalan, “Mahbub ul-qulub”ning uchinchi qismidagi 32-34 raqamli tanbehlar hukmdor va amaldorlar o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan.

 

Biz bu o‘rinda ikki hujjatga murojaat etamiz. Bular – “Munshaot” asaridagi 55 va 57 raqamli maktublardir. Insholar o‘sha davr uslubida yozilgani uchun ularning mazmunini bugungi kun nuqtayi nazaridan talqin etishga sa’y qildik. Hujjatlarning o‘ta muhimligidan kelib chiqib, ularda bayon etilgan prinsiplar tizimi “Navoiy kodeksi” deb ataldi.

 

55 raqamli inshoga mazkur kodeksning preambulasi (muqaddimasi) sifatida qarash mumkin. U nomi zikr etilmagan hukmdorga Navoiyning nasihati yo‘sinida bo‘lib, mazmunan katta-yu kichik – har bir mansabdorga taalluqlidir: Har bir mansabdor Tangri taoloning buyurganlari bo‘yicha o‘z vazifasini ado etmog‘i hamda Tangri taolo man etgan xatti-harakatlardan saqlanmog‘i lozim. Davlat tepasidagi sultondan tortib eng kichik mansabdorgacha o‘z lavozimiga munosib tarzda boshqalar ustidan hukm yuritish imkoni berilgan. Ularning shunga yarasha ehtiyojlari bo‘lishi va ularni qondirishga moyilliklari ham tabiiy. Faqat unutmaslik lozimki, mansab qancha yuqori bo‘lsa, uning Haq taolo amriga itoati shu qadar qattiqroq va qat’iyroq bo‘lishi kerak. Yetti iqlimga hukmi o‘tadigan sulton bilan bir tanga ilinjidagi gadoning ehtiyoji orasidagi tafovut naqadar bo‘lsa, ularning Olloh taologa itoat qilishidagi tafovut ham shu qadar bo‘lishi kerak. Bu qoidaga amal qilinsagina mansabdorlar Olloh taoloning inoyatiga sazovor bo‘ladilar va boshiga tushishi mumkin bo‘lgan tarix sinovlarida Ollohning inoyati va raiyatning duosiga erishadilar. Aks holda raiyatning badduosi-yu tarixning adolatli hukmiga duchor bo‘ladilar.

 

57-inshoda hukmdor faoliyatini tartibga soluvchi qoidalar bayon qilingan. Biz ularni moddalarga bo‘lib tabdil etamiz:

 

1. Har kunni Olloh taologa ibodat bilan, uning buyurganlarini dildan o‘tkazishdan boshlash lozim;

 

2. So‘ng devonda o‘tirib mamlakatda adolatga qay darajada amal qilinayotganini surishtirish bilan davom ettirish, zulmdan norozi bo‘lib murojaat etuvchilarni qabul qilib arzlarini tinglash, qachon, qayerda adolatga xilof ish qilingan bo‘lsa, darhol uni tiklash choralarini ko‘rish, chunonchi, surishtirib tagiga yetish va bu borada boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan hukm chiqarish, jumladan, raiyatga zulm o‘tkazgan zolimga shunday siyosat qilish kerakki, boshqalar jur’at etishdan qo‘rqadigan bo‘lsin;

 

3. Undan keyin bevosita bo‘ysunuvchi amaldorlarni chorlab, tashqi siyosat va iqtisodiyot masalalarini ko‘rib chiqish, bu sohalardagi har bir muammoning mag‘zini chaqib, kechiktirmay hal etish choralarini ko‘rish;

 

4. Shundan so‘ng barcha mansabdor va mulozimlardan avval berilgan topshiriqlarning ijrosi haqida hisobot talab etish, oxiriga yetmagan yoki amalga oshirish to‘siqqa uchragan ishlar bo‘lsa, sababini surishtirish, qilinishi lozim ishlarni ijro muddati bilan birga tayin etish;

 

5. O‘ziga yaqinlar bilan munosabatda Olloh buyurganiga zid ishlar qilmaslik. Xususan, zimmadagi burchni ado etishga xalal bermaydigan tarzda hordiq chiqarish;

 

6. Kundalik ishlardan vaqt orttirib imkon qadar har kuni o‘z ma’rifatini yuksaltirishga sa’y ko‘rgizish, xususan, qisqa bo‘lsa-da, manfaatli kitoblar mutolaasiga fursat ajratish;

 

7.(Dinning jamiyatda tutgan o‘rnini hisobga olib) Katta-kichik lavozimdagi sadrlarga buyurilishi kerakkim, imom-u qorilar musulmonlarning imonini mustahkamlash yo‘lida sa’y ko‘rsatsinlar. Bu oyin birinchi navbatda hukmdorning o‘ziga ham taalluqlidir;

 

8. Hukmdor muntazam ravishda nafsini tiyib olgan olim, fozil va boshqa akobirni o‘z huzuriga yig‘ib, har ikki dunyo saodati yo‘lida balog‘atga erishish borasida majlislar uyushtirib turishi foydalidir;

 

9. Saltanatga xavf kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shni mamlakatlarga fahm-farosatli, es-hushli kishilarni (xufyalar) yuborib, u yerdagi vaziyatdan boxabar qilib turishlarini yo‘lga qo‘yish, yetkazilgan xabarlardan muhimlarini kechiktirmay bildirib turish qoidasini joriy qilish va bunday ma’lumotlardan tashqi siyosat masalalarida istifoda etish;

 

10. Shaharlarda sharobxona, baytullataf (fohishaxona), qimorxona va shularga o‘xshash shariat axloqig‘a zid maskanlarni batamom taqiqlash;

 

11. Mutasaddilar har haftada ikki marta bozor aylanib, narx-u navodan, savdo-sotiq qay darajada to‘g‘ri olib borilayotganidan voqif bo‘lib turishi lozim;

 

12. Mahallalarda ma’rifiy ishlar uchun mas’ullar tayinlab, ularning faoliyatini nazorat qilib boorish;

 

13. Mahallalarda bolalarni yoppasiga o‘qitishni tashkil etish. (Bu moddada Navoiy, agar yanglishmasak, insoniyat tarixida birinchi bo‘lib yalpi umumiy ta’lim g‘oyasini ilgari surmoqda!);

 

14.Mamlakatdagi barcha ma’muriy birlik mutasaddilaridan ushbu nizomda qayd etilgan tartibda ishlashni talab qilish;

 

15. Hamma bo‘g‘inlarda kirim-chiqim to‘g‘riligini qat’iy nazorat qilish; qayerda buzilgan bo‘lsa tuzatib o‘rniga qo‘yish;

 

16. (Har jamiyatning har davrida odamlar yaxshi bilmaydigan ulug‘) Olimlar qadriga yetish, ularning ilmidan el-u yurt manfaati yo‘lida foydalanish;

 

17. Devonning mas’ullari har kuni raiyat ishlari bilan shug‘ullanishi kerak;

 

18.Joylarda ham mas’ullar raiyat ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishi, muammolarni imkon boricha o‘zlari hal etishlari, o‘zlari hal etishga ojizlik qilsalar, devonga arz qilishlari kerak;

 

19.Oliy farmonlarni joylarga yetkazish va ularning ijrosini nazorat qiluvchi mulozimlar o‘z vazifasini qat’iy qonun-qoida asosida bajarishini tashkil etish;

 

20. Dorug‘alar, beklar va boshqa mas’ullardan o‘z vakolatlari darajasidan ortiq yoki kam ishni talab etmaslik, rag‘bat va jarimalar ham shunga mutanosib tarzda bo‘lishiga erishish;

 

21. Har kun qilingan har bir ish, topshiriq va boshqalar yozib boriladigan daftar yurituvchi mas’ul tayinlash;

 

22. Davlatning barcha bo‘g‘inidagi mansabdor va amaldorlar, raiyat ishlari bilan shug‘ullanadigan, qo‘lida imzo va muhr tutadigan barcha mas’ullar murojaat etuvchilarning ishlari ertangi kunga qoldirilishiga yo‘l qo‘ymasliklari kerak, tama maqsadida paysalga soluvchilar muqarrar jazolanishi lozim;

 

23. Hukmdor qatnashadigan tor doiradagi yig‘inlarga o‘z nafsini tiyib olgan kishilargina taklif etilishi lozim;

 

24. Hukmdorning har bir farmonini, uning ko‘lamidan qat’iy nazar, mas’ul xodimlar darhol bajarishga kirishishi, boshqa ishlar bunga xalal bermasligi lozim; farmon bajarilgani haqida ham, agar ijroning iloji bo‘lmasa, sababi haqida ham o‘z vaqtida xabar yetkazilishi shart;

 

25. Devondan chiqadigan har bir insho aniq va tushunarli tarzda bitilishi, sanasi ko‘rsatilib raqamlangan bo‘lishi lozim;

 

26. Mamlakatning turli joylaridan kelgan insholarni qarab chiqish paysalga solinmasligi, ularning javobini kutuvchilar mahtal qilinmasligi, aksincha, ularga iltifot ko‘rsatilishi lozim;

 

27. Chegara hududlarning mustahkamligi, tinchligi, u yerda yashovchi aholining farovonligi davlat idorasining eng muhim ishlaridan biri deb qaralishi lozim, toki biron xavf-u xatar tug‘ilguday bo‘lsa, darhol chorasini ko‘rishga tayyor turilsin;

 

28. Umuman, davlat ishlarida shunday tartib-nizom o‘rnatilishi kerakki, amaldorlar o‘z burchini belgilangan tartibda qat’iy ado etsin, shaxsiy rohat-farog‘atini deb davlat manfaatiga putur yetkazmasin;

 

29. O‘z navbatida hukmdor ham shaxsiy hayotida me’yorga amal qilsin, shaxsiy hayoti Olloh taolo unga yuklagan burchni ado etishga to‘siq bo‘lmasin;

 

30.Ma’muriy idoralar harbiy xizmatchilarni izzat qilishi lozim, shu bilan birga, harbiylar tomonidan qonunbuzarlik holatlari sodir bo‘lsa, jazosiz qoldirilmasligi kerak. (Bu modda Navoiy davrida harbiylarning davlatdagi o‘rni hozirgiga qaraganda bir necha barobar yuqori bo‘lgani bilan izohlanadi.)

 

31.Qo‘riqchilar, qorovullik xizmatidagilar o‘z vazifasini sidqidildan, qat’iy intizomga rioya qilib bajarishi kerak va bu doim nazoratda tutilishi lozim;

 

32. Boshqa o‘lkalardan kelgan savdogar va sayyohlar alohida muhofaza ostida bo‘lishi kerak. Ulardan turli noqonuniy soliqlar undirilishi qat’iy kesilishi lozim; shariat qoidalariga asoslangan holda, ularning zakotdan ham ozod qilinishi maqsadga muvofiq; xorijlik savdogarlar qay darajada erkin savdo-sotiq qilayotgani nazoratchilar tomonidan muntazam tekshirib turilishi, ularga qay yo‘sinda bo‘lsa ham tazyiq o‘tkazilgan hollar aniqlansa, aybdorlar jazolanishi va buning ovozasi keng yoytilishi lozimki, u boshqa mamlakatlargacha yetib borsin, toki buning natijasida saltanatda savdo-sotiq rivoj topsin;

 

33. Bu nizomdan chetda qolgan holatlarda shunday ish tutilishi lozimki, u Tangri taoloning buyurganiga va hukmdorning tarix oldidagi burchiga muvofiq bo‘lsin.

 

Abdulla A’ZAM

 

“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 1-son,

Buyuk armon” maqolasidan

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

14:05 / 21.05.2024 0 192
Layk gadolari yoxud xatarli inkubator





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19480
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16908
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi