Antirus tamg‘asi bosilgan film, surgun va otuvga hukm etilgan rejissyor – Sulaymon Xo‘jayevning umr xaritasi


Saqlash
12:12 / 14.12.2021 1326 0

Sulaymon Xo‘jayev 1892-yil Toshkentning Kamolon mahallasida o‘rtahol dehqon Umarxo‘ja xonadonida dunyoga kelgan. Sulaymon uch yoshida otasidan yetim qoldi. 1910-yilgacha onasi Oftob xonim hamda tog‘asi homiyligida maktab va madrasa ta’limini olib, arab, fors tillarini puxta o‘rganadi. Sulaymon Xo‘jayev 191114-yillarda Marg‘ilonda prikazchik bo‘lib Orenburg va Moskva shaharlari bilan savdo ishlarini olib borgan. 1914-yil Toshkentga qaytib kelib baqqollik do‘koni ochadi. 1915-yil yana madrasada o‘qishni davom ettiradi. “Turon” truppasida Munavvar qori Abdurashidxonov rahbarligida Sa’dulla Tursunxo‘jayev, Nizomiddin Xo‘jayev, G‘ulom Zafariy, Shokirjon Rahimiy kabi jadid taraqqiyparvarlari safida faoliyat olib bordi.

 

Sulaymon Xo‘jayev 1917-yil apreldan Beshog‘och militsiyasida ishlaydi. 1918-yil boshida bir guruh taraqqiyparvarlar bilan Qo‘qonga boradi. Ular Qo‘qon shahri yaqinidagi qishloqlardan biriga joylashib, Turkiston Muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlash va tashviqot qilish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Muxtoriyat qonga botirilgach Toshkentga qaytib, 1923-yilgacha Eski shahardagi “Behbudiy” maktabida o‘qituvchilik qiladi.

 

1924-yil Toshkent pochta, telegraf kursiga o‘qishga kiradi. So‘ng o‘g‘li Hamid bilan Moskvaga borib, kino maktabida o‘qiydi. Sulaymon Xo‘jayev 1926-yildan Toshkent kinofabrikasida ish boshlaydi. 1927-yil uning ishtiroki va maslahatchiligida dunyoga kelgan “Ravot qashqirlari” Sulaymon Xo‘jayevga ulkan muvaffaqiyat keltiradi.

 

1928-yil 14-noyabr o‘g‘li Hamid Sulaymon Moskvadan Berlin universitetida tahsil olayotgan Ahmadjon Ibrohimovga yo‘llagan xatida o‘zi haqida: “... Har holda mamlakatim uchun bir ilmiy xodim bo‘lish istagidaman. Qanday bo‘lsa ham qorong‘uliqdag‘i xalqimizni yorug‘liqqa chiqorish niyatidaman. Maqsadim madaniyat uchun kurash, yorug‘liq to‘squni bulutlar bilan kurash. Bulardan tashqari o‘zbek san’ati, adabiyoti ruhiga qarshi boruvchilar bilan kurashaman. Shunday kurashlar uchun Siz aytganingizdek kuchlik-bilimlik bo‘lish lozim. Shunday bo‘lg‘och Sizdek o‘zbeklar ichidan chiqib oliy tarbiya topqon olimlarimizning so‘zlarin qabul etish bilan o‘z ilmimni-da takomillashtirib, xalqimizning turli ehtiyojlarig‘a javob berarlik darajada tayyorlanishga o‘zimning qat’iy va’dalarimni berib qolaman”, deydi. Xat mazmunidan Sulaymon Xo‘jayev Ahmadjon Ibrohimov orqali Germaniyadan bir muncha kino uskunalarni olib kelganini va Hamid Sulaymonning ham Germaniyada o‘qish niyatida bo‘lganini anglash mumkin.

 

Sulaymon Xo‘jayev Butunittifoq Davlat kinematografiya instituti (VGIK)ning birinchi tanlovidayoq o‘qishga qabul qilindi. 1932-yili o‘qishni tamomlab, ssenariynavis va rejissyor diplomini olib qaytib keladi. Shu vaqt O‘zbekiston hukumatidan “inqilob” haqida filmlar yaratish topshirig‘i bo‘ladi. Film 1916-yilgi O‘zbekistondagi qo‘zg‘olonlarning tub mohiyatini ochishga qaratilgan murakkab syujetli bo‘ldi. Sulaymon Xo‘jayev bu filmning ssenariy muallifi, rejissyori va bosh qahramon ijrochisi ham edi. Bu davrda o‘sha qo‘zg‘olonga qatnashgan odamlarning ko‘pi tirik edi. U Jizzax, Toshkent atrofi, Janubiy Qozog‘iston, Qirg‘izistonga chiqib materiallar yig‘ib, taniqli olim Fitrat, Shohid Esonlar bilan maslahatlashgan holda kinofilmni ishlashga kirishadi.

 

Qisqa muddatda 1916-yilgi Jizzax qo‘zg‘oloni haqida hujjatli kino yaratiladi. Biroq, 1932-yil mazkur Tong oldidan filmini komissiya birinchi ko‘rishidayoq “фильм антирусский, нельзя показовать” degan xulosa beradi. 1933-yil filmga bir qancha o‘zgarishlar kiritgan holda qayta ishlashadi, ammo film ekran yuzini ko‘rmay qolib ketadi. Aksincha, 1934-yil 11-noyabrda Toshkentdagi kinofabrikada rejissyor bo‘lgan o‘zbek kinodarg‘asi Sulaymon Xo‘jayev ishdan olinadi. Uni 1934-yil 4-dekabr kuni do‘stlari davrasida aksilinqilobiy targ‘ibot olib borgan degan ayblov bilan qamoqqa olishib, 1935-yil 4-aprelda O‘zSSR NKVD qoshidagi “uchlik” tomonidan 6 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm etiladi. Jazoni avval O‘rta Osiyo lagerining (САзлаг) birinchi palatka va ikkinchi baraklarda o‘tagan. 1936-yil dekabridan Malik sovxozida boshlagan. 1937-yil 14-avgustda O‘zSSR NKVD qoshidagi “uchlik” tarkibida Sulaymon Xo‘jayev, Xudoyorxonning nabirasi Mansurbeklar bo‘lgan yetti kishini qandaydir aksilinqilobiy tashkilot tuzganlikda ayblab otuvga hukm qiladi. 1937-yil 20-avgustda barchalari Malik sovxozi atrofida maxsus obyektda otib tashlangan.

 

Sulaymon Xo‘jayev 1957-yil 30-dekabrda oqlangan. Biroq, o‘g‘li taniqli olim Hamid Sulaymonovga, 1943-yil 20-iyun – jazoni o‘tash davrida vafot etgan, degan yolg‘on ma’lumotnoma tutqazishgan.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

14:05 / 21.05.2024 0 195
Layk gadolari yoxud xatarli inkubator





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19482
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16908
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi