Abulg‘ozi Bahodirxon nomini soyadan yorug‘likka olib chiqish kerak


Saqlash
15:12 / 19.12.2021 1826 0

So‘nggi yillarda milliy meros, milliy qadriyatlar va buyuk ajdodlarimizga alohida e’tibor berilmoqda. Bunday e’tibor Xorazm viloyati va navqiron Xorazm tarixiga ham ko‘rsatilayotganligi "Lazgi" raqsining UNESCO umuminsoniy yodgorliklar ro‘yxatiga kiritilishi va Jaloliddin Manguberdi shaxsining ulug‘lanishida ko‘rish mumkin.

 

O‘zbekiston tarixida buyuk shaxslar, sarkardalar, olimlar, siyosiy va adabiyot arboblari ko‘p o‘tgan. Ular orasida Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsi ulug‘lanadi va davlat hamda "Bobur fondi" kabi fondlar orqali qo‘llab-quvvatlanadi. Bobur shaxsiga nafaqat Andijonda, balki Respublikaning barcha hududlarida alohida hurmat bajo keltiriladi, tavallud kunlari keng nishonladi.

 

Xorazmda tariximizda tutgan o‘rni va xizmatlari Boburnikiga qiyoslanadigan buyuk bir shaxs o‘tgan. Bu davlat rahbari, Xiva xoni, tarixchi, shoir, tarjimon Urganch shahrining asoschisi, Xorazmdagi bir necha kanallarni qazdirgan va binolarni bunyod ettirgan inson Abulg‘ozi Bahodirxon bo‘ladi. U haqda Ozod Sharofiddinov "Abulg‘ozi Bahodirxon binni Arabmuhammad o‘zbek xonlari ichida Boburdan keyingi muhim shaxsdir. Uning madaniyat tarixida qilgan ishlari ulug‘", deb bejiz aytmagan.

 

Men Parijda joylashgan eng nufuzli kutubxonalardan birida ishlaganman va uning fondidagi buyuk ajdodlarimizga oid kitoblarni o‘rganganman. Abulg‘ozi Bahodirxonning shaxsi va uning kitoblari o‘tgan asrlarda g‘arb tillariga tarjima qilingan kamdan-kam shaxslardan biri hisoblanadi. Hatto XIX asrda fransuz sharqshunoslari Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va Abulg‘ozi Bahodirxon asarlarini o‘qib o‘rganish uchun lug‘atlar yaratganlar.

 

Abulg‘ozi Bahodirxon shaxsi tarix kitoblarimizga kiritilgan, unga Urganch shahrining chekka mahallalaridan birida haykal qo‘yilgan. Ammo uning shaxsi butun o‘zbek davlatchiligi, tarixi, adabiyoti, milliy o‘zligi borasida hozirgi va kelgusi avlodlarga o‘rnak bo‘lishga arziydi. Abulg‘ozi Bahodirxon shaxsi dunyo ilm-fanida mashhurligi, uning asarlari dunyo bo‘ylab o‘rganiladigan asarlar ekanligi yurtimizni dunyoga tanitishga ham ulkan hissa qo‘shadi.

 

Shuni hisobga olgan holda, Abulg‘ozi Bahodirxonning shaxsini ulug‘lash, soyadan yorug‘likka olib chiqish va uning asarlarini yoshlarga o‘rgatish, u haqda kino va seriallar olish, tavallud kunlarini Respublika bo‘ylab keng nishonlash, barcha viloyatlar ko‘chalariga va hiyobonlariga uning nomini berish maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Bu ish avvalo, Bahodirxonning o‘zi asos solgan Urganch shahridan boshlansa yaxshi bo‘lardi. Urganch markazidagi Jaloliddin Manguberdi hiyobonidan Manguberdining eski haykali olib tashlanib, boshqa joyda uning yangi munosib haykali o‘rnatildi. Hozirda hiyobon bo‘shab qolgan. Xorazm ahli hiyobondagi daraxtlar, katta gujumlar kesib tashlanib, o‘rni tadbirkorlarga sotib yuborilishidan xavotirda.

 

Menimcha, Abulg‘ozi Bahodirxonning chekka mahhalada, mashinalar o‘tar yo‘li ustida qolgan haykalini Jaloliddin Manguberdining eski haykali o‘rniga qo‘yish va hiyobonni uning nomiga o‘zgartirish kerak. Agar haykal ko‘chirilib, hiyobon qayta nomlanadigan bo‘lsa, birinchidan, yangi hiyobon yaratish shart bo‘lmaydi, ikkinchidan, yangi haykal qurish shart bo‘lmaydi. Va nihoyat, tarixiy haqiqat o‘rnatilib, xorazmliklar va viloyatimiz mehmonlari Abulg‘ozi Bahodirxon haykalining poyiga bora oladigan bo‘ladilar.

 

Doniyor Ro‘zmetov

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

14:05 / 21.05.2024 0 192
Layk gadolari yoxud xatarli inkubator





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19480
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16908
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi