“Xudo ko‘nglimga soldi” – immanent va transsendent hodisalar


Saqlash
15:02 / 10.02.2022 3131 1

Ma’naviyat murakkab tizim o‘laroq qisman transsendent unsurlardan tashkil topgan. Kamina shu paytgacha maqolalarim va kitoblarimda masalaning ushbu jihatini chetlab o‘tganman. Mistik va irratsional qarashlarga moyil, ularni ratsional yondashuvlar bilan qorishtirib yuboradigan eklyektik tadqiqotchi va publitsistlar soni bizda doimo ko‘p bo‘lgan. Mustaqillikning dastlabki yillarida ma’naviyat, ayniqsa, tasavvuf adabiyoti va falsafasiga bag‘ishlangan maqolalar va kitoblarda bu yaqqol sezildi. Bunday notayin yondashuvlarni beixtiyor qo‘llab-quvvatlamaslik maqsadida ma’naviyatdagi transsendentlik holatlari ustida to‘xtalmaslikka qaror qilgan edim. Albatta, men yozganlarimni ortiqcha baholab, ularni, ijtimoiy fikrga qandaydir ta’sir ko‘rsatadi, deb hisoblashdan yiroqman. Ammo o‘quvchining tasavvurlarini aralash-quralash qilib yubormaslikka intilganman.

 

Qat’iy ishonchimga ko‘ra, ma’naviyat inson va jamiyatning ichki ajralmas, uzviy xossasi (immanenti) hisoblanadi. Inson hayvondan, jamiyat tabiatdan ma’naviyati bilan ajralib turadi, degan fikrni olg‘a surib, ma’naviyatni ijtimoiy hodisa sifatida qat’iy ilmiy-ratsional tahlil qilishga uringanman. Transsendentlikni ma’naviyatda ba’zan ancha muhim, lekin, baribir, ikkinchi darajali unsur deb hisoblaganman. Hozir ham shunday metodologik yondashuv tarafdoriman.

 

Bugun ma’naviyatga dunyoviy yondashuv sezilarli darajada mustahkamlandi, ma’naviyatni, sof diniy, ilohiy yoki g‘ayriijtimoiy – mistik, inson va jamiyat faoliyatidan, tajribasidan mutloq tashqaridagi hodisa deb baholash xiyla kamaydi. Endi ma’naviyatdagi transsendentlikni tahlil qilmaslik uni o‘rganishda bilinar-bilinmas kemtiklik qolib ketishiga, notugallikka sabab bo‘layotir. Unutmaslik kerakki, mazkur hodisani o‘rganish yoki o‘rganmaslik ma’naviyat mohiyatini o‘zgartirmaydi. Faqat ba’zi bir tasavvurlarga aniqlik kiritib, uni boyitadi, xolos.

 

Dastavval transsendentlik tushunchasi to‘g‘risida. Mazkur tushuncha lotincha “transendens” – chegaradan o‘tuvchi (chiquvchi) so‘zidan olingan. Undan o‘rta asr Yevropa aqidaparastlari “transsendentallar” atamasini yaratgan. Atama borliqning umumiy, oliy sifatlarini bildiruvchi tushunchalarni anglatgan. Masalan, mavjudlik, mohiyat, birlik, haqiqiylik, xayrlilik, baraka, ne’mat kabilar transsendentallar hisoblangan. Ibn Rushdning davomchilaridan biri Duns Skot ularni ikkiga bo‘lgan: oddiy transsendentallar – birlik, haqiqiylik kabilar, ajratuvchi transsendentallar – tasodif va zaruriyat, sabab va oqibat, voqelik va imkoniyat kabilar (Философский энциклопедический словарь. Москва, 1983. Стр. 693).

 

Buyuk olmon faylasufi Immanuel Kant transsendental tushunchasini insonning olamni bilish jarayoni va mexanizmlari bilan bog‘lab, unga gnoseologik mazmun bag‘ishlagan. U tushunchaga bunday ta’rif beradi: “Men ko‘proq ashyolar bilan emas, balki ashyolarni bilib olishimizning ko‘rinishlari bilan shug‘ullanadigan har qanday “a priori” (tajribagacha) mumkin bo‘lgan bilishni transsendental deb atayman” (Кант И. Сочинения. Т.3. Москва, 1964. Стр.121). Kant fikricha, transsendentallar tajribadan, o‘qib-o‘rganishdan, amaliyotdan kelib chiqmaydi, ular tajribagacha mavjud. Masalan,inson hissiy idrokining narsa va voqealarni makon va zamonda ketma-ketlikda qabul qilishi yoki inson aqliga oid narsavahodisalar,olamning negizi, asosi, sababiyat kabi kategoriyalar transsendental tushunchalardir.

 

Kant transsendental va transsendent tushunchalarini farqlashga uringan, ammo aksar o‘rinda ularni bir mazmunda qo‘llagan. Transsendentlikni u mavjud va ehtimoldagi tajriba chegarasidan chiqadigan hodisa hisoblaydi: “Qo‘llanishi to‘liq ehtimoldagi tajriba doirasida qoladigan asos-hollarni “immanentlar” deymiz, chiqadigan asos-hollarni esa “transsendentlar” deb ataymiz” (o‘sha manba, 338-bet). Faylasuf, shuningdek, ilmiy-nazariy jihatdan bilish mumkin bo‘lmagan, biroq e’tiqod mohiyatini tashkil etuvchi tushunchalarni (Xudo, qalb, abadiyat, boqiylik va hokazo) transsendentlikka kiritgan. Ayni fikr bizni ma’naviyat ontologiyasini tahlil etishda unga ortiqcha diniy tus bermaslik, diniylikka moyil publitsistlar diqqatini qaratmaslik uchun transsendentlik masalasini chetlab o‘tishga undagan sabablardan biri edi.

 

Transsendentlik bilish nazariyasi bilan bog‘liq tushuncha bo‘lgani sababli uning ma’naviyatdagi unsurlarini, avvalo, ma’naviy ong, ya’ni tafakkurdan izlash lozim. Ongdagi transsendentlik dastlab insonning qiziqishlari, qobiliyati ko‘rinishida yuzaga chiqadi. Birov san’atga, birov ilm-fanga, boshqa birov dunyo ajoyibotlariga qiziqadi. Shu sohadagi bilimlarni tezroq va osonroq o‘zlashtiradi, o‘zini majburlab, zo‘riqmaydi. Qiziqqan sohasida yaratuvchilik salohiyatini, iste’dodini to‘liqroq namoyon etadi. Qiziqish va iste’dod insonda tug‘ma bo‘lsa-da, tajribada, mehnatda yuksaladi, ya’ni inson uchun ular immanent hodisalarga aylanadi. Lekin ular bevosita tajribadan kelib chiqmaydigan insonning “a priori” xislatlaridir. Tajriba faqat ularni kuchaytiradi yoki zaiflashtiradi. Qiziqish va iste’dod, mohiyatiga ko‘ra, tajribadan mustaqilligi, undan chetga chiqishi, tadriji davomida ba’zan kutilmagan dohiyona kashfiyotlarni maydonga keltirishi tufayli transsendent hodisadir.

 

Iste’dodli shaxs tafakkurining evrilishlari, parvozi, taxayyuli, umuman, ijod jarayoni, san’at va ilm-fan asarining tug‘ilishi mantiq andozalariga, tajriba doirasiga sig‘maydi. Ularni chiziqli sabab-oqibat bog‘liqligida ko‘rsatish, bayon etish imkonsiz. Ularda o‘ziga xos mo‘jiza, sir-sinoat bor. Bunga kompyuterdagi nomutaxassis oddiy kishilar tasavvur qilolmaydigan jarayon – “qora quti” fenomeni to‘g‘ri keladi: kirayotgan axborot, berilayotgan vazifa ma’lum; chiqayotgan axborot va oqibat ham aniq, lekin “qora quti” ichida kechayotgan jarayon noma’lum. Yaratilgan asar, qadriyatning o‘zi – real, ya’ni muayyan hodisa, ammo yaratilish jarayoni – hissiyot va aql doirasidan chiqib ketadigan g‘ayrioddiylik, ya’ni transsendentdir.

 

Ilmiy va badiiy intuitsiya ham, qiziqish va iste’dod singari, transsendent hodisalardir. Ammo ular hali ma’naviyatning alohida qismi yoki tarkibiy unsurlari emas, balki birlamchi ruhiy-aqliy shart-sharoitlaridir. Tasavvufda intuitsiya haqiqatni, voqelikning yashirin jihatlarini, sirli aloqalarini “qalb ko‘zi” bilan ko‘rish deb atalsa, intuitiv favqulodda qaror qabul qilish va unga asoslangan faoliyat esa “Ollohga tavakkal qilish” deb talqin etiladi. Ilm-fan, badiiy ijod, siyosiy faoliyat, amaliy hayot hamda biznesda intuitsiya, qo‘qqisdan miyaga kelgan fikr, evristik tafakkur (topag‘onlik) kabi transsendent holatlar sezilarli mavqega ega. Tavakkalchilik ham to‘liq inkor qilinmaydi, ma’lum darajada dastaklanadi.

 

Kishi ko‘pincha xayoliga favqulodda fikr qanday kelgani yoki nega tavakkal qilganini tushuntirib berolmaydi. Odamlar oddiygina qilib “Xudo ko‘nglimga soldi” deb qo‘yaqoladi. “Qalb ko‘zi”ning ochilishi, “Xudo ko‘ngilga solgan” nostandart fikrlar, qarorlar transsendentlikdir. Lekin ular ushbu maqomda qolib ketmaydi, balki ashyoviylashadi, inson faoliyatida yuzaga chiqadi. Intuitiv ilmiy, badiiy kashfiyot   –   qadriyatga aylangan asar o‘laroq, yuzaga chiqqan g‘oya – amaliy ixtiro o‘laroq endi transsendentlik alomatlarini yo‘qotib, real ijtimoiy hodisaga aylanadi va ijtimoiy tajriba doirasiga qaytadi, “o‘z-o‘zidagi narsa” “biz uchun narsa”ga aylanadi (I.Kantning ushbu atamasi rus tiliga “вещь в себе”, o‘zbekchaga esa ”narsa o‘zida” deb tarjima qilingan. Biz o‘zbek tili xususiyatlarini va muallif fikrining asl mazmunini hisobga olib, tarjimaga bir oz tahrir kiritdik).

 

Transsendentlikning ong, tafakkurdagi turli ko‘rinishlari haqida ham shunday deyish joiz. Bilish, ayniqsa, shaxsiy bilish jarayonida subyektivlik kuchli namoyon bo‘lishi; unga odamning qiziqishlari, aqliy qobiliyati, ruhiy va ijtimoiy mo‘ljallari, hatto o‘tkinchi kayfiyati ta’sir etishini hisobga olsak, ijtimoiy tajriba, umumqabul qilingan andozalar subyektivlikning, unga asos bo‘lgan transsendentlikning ta’siridan xoli emas. Boshqacha aytganda, obyektiv voqelikning, jumladan, ma’naviy borliqning inson ongida aks etishi va o‘zlashtirilishi subyektivdir. Binobarin, shaxsning obyektiv borliq va subyektiv in’ikos negizida shakllanadigan dunyoqarashi, e’tiqodi qisman transsendentdir.

 

Ongning har xil shakli, tafakkur va bilishning asosiy tushunchalari tarkibidagi transsendent unsurlarning alohida tadqiqi yirik asar yozishni taqozo etadi. Biz aytilganlar bilan cheklanamiz. Transsendentlik, shunday qilib, ma’naviy qadriyatlar tizimiga emas, balki birinchi galda va asosan qadriyatlarning anglanish, yaratilish jarayoniga taalluqli.

 

Lekin ma’naviy ong faqat tafakkur, aqldangina iborat emas. U, shuningdek, insonning his-tuyg‘ularini, ko‘ngil dunyosini ham o‘z ichiga oladi. Ko‘ngil dunyosining istak-xohishlarini, harakatlari va hodisalarini doim ham aqlan tushuntirib bo‘lmaydi, ular ko‘pincha bevosita tajribadan kelib chiqmaydi.

 

Sevgi-muhabbat ham insondagi transsendent tuyg‘udir. Hech bir oshiq sevgan kishisini nega, nima uchun yaxshi ko‘rib qolganini jo‘yali tarzda tushuntirib berolmaydi. Nega sevgilisi tushlariga kirib chiqadi, unga qandaydir g‘ayritabiiy kuch-qudrat, ilhom bag‘ishlaydi? Umrida she’r yozmagan oshiq so‘zlarni qofiyaga sola boshlaydi; ashula aytmagan oshiq nimalarnidir xirgoyi qiladi, dala-dashtga, qir-adirga chiqib hayqirgisi keladi. Ayrim hollarda oshiqlar bir-birini hatto yaqindan bilmaydi, ikki-uch marta uchrashgan, xolos. Sevgi-muhabbat – ma’naviy ong unsuri, demak, ma’naviy qadriyat. Ayni choqda, u go‘zal asarlar, buyuk jasorat va ezgu ishlar manbaidir. Har ikki ko‘rinishda ham u transsendent hodisadir.

 

Binobarin, ayrim ijobiy va salbiy tuyg‘ular – qalb amri, vijdon azobi, zavq-shavq, fidoyilik yoki nafrat, nafs, hirs ham transsendent mazmunga ega. Manmanlik, maqtanchoqlik, shuhratparastlik, tagi puch ambitsiyalar – o‘z imkoniyatlarini ortiqcha baholash, buyuklikka yoki alohida imtiyozlarga da’vo qilish, o‘zgalar fikriga toqatsizlik, mutaassiblik, ochko‘zlik, ziqnalik, maishatparastlik, shahvatparastlik – bular hammasi inson ma’naviyatini yemiruvchi, ijtimoiy zaruratga zid, jamiyat qabul qilgan me’yorlar xorijidagi irratsional va transsendent tuyg‘ulardir. Demak, insondagi nafaqat ijobiy, ayrim salbiy illatlar ham transsendent hodisalar sanaladi.

 

O‘zlikni anglash bilan bog‘liq milliy g‘urur va or-nomus kabi tuyg‘ular ham – shunday. Aslida, g‘urur va or-nomus inson, ayniqsa, jamoaning tug‘ma xislatlari emas. Ular tarbiya jarayonida shakllanadi, binobarin, mohiyatiga ko‘ra, tarbiya va tajriba mahsuli bo‘lib, transsendent xislat emas. Biroq individual va jamoaviy (jumladan, milliy) g‘urur hamda or-nomusda arxetip, irratsional unsurlar ham uchraydiki, ular shaxs yoki jamoaning xulq-atvori, faoliyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi; uni ba’zan tajriba, tarbiya davomida shakllangan andoza chegaralaridan chiqarib yuboradi. Natijada inson (yoki jamoa) o‘z qadr-qimmatini, manfaatlarini himoya qilish, qaror toptirish uchun zarur hollarda o‘ylab o‘tirmasdan, qo‘qqisdan, stixiyali harakat sodir etadi. Bunda irodaning transsendent jihatlari namoyon bo‘ladi. Irodada (erkda) transsendentlik ma’naviyatning boshqa tarkibiy qismlariga nisbatan kengroq tarqalgan.

 

Transsendentlik ong ostida kechadigan jamoaviy va individual ongsizlik ko‘rinishlari bilan ham bog‘liq. Jamoaviy va individual anglanmay sodir etiladigan xulqiy unsurlar, sa’y-harakatlar, ijobiy yoki salbiy mazmunidan qat’iy nazar, agar bevosita biofiziologik instinktlardan kelib chiqmasa, transsendentlikka misol bo‘la oladi. Masalan, urushda guruhiy qahramonlik yoki uch-to‘rt o‘smirning bir-biridan “qo‘rqoq” degan so‘zni eshitmaslikka harakat qilib, o‘zlari istamagan holda jinoyatga qo‘l urishi transsendent xulq-atvordir. Bunda jamoaviy birdamlik instinkti   – arxetip yuzaga chiqmoqda.

 

Arxetiplar, ayniqsa, ularning ijobiy ommaviy irodani namoyish etadiganlari – ma’naviyatdagi transsendent hodisa. Ammo Zigmund Freyd fanga kiritgan “libido”ning individual ongsizlik sifatida ma’naviyatga aloqasi yo‘q. Chunki u tabiiy instinkt bilan bog‘liq – shahvoniy istak ma’naviy emas, fiziologik ehtiyoj; ammo uni qondirish jarayoni ma’naviy ong va madaniyat ta’sirida yuz beradi. Individual va jamoaviy ko‘rinishdagi erk, or-nomus, sha’n, muhabbat yo‘lida fidoyilik, mardlik, jasorat – ma’naviyat unsurlaridir. Ularda ongsizlik va onglilik, hissiy va aqliy xohish-istak, intilish aralashib ketgan; bevosita tajribadan kelib chiqmaydigan hissiyot, ehtiroslar ba’zan ustunlik qiladi.

 

“Erk”dan “erkinlik” tushunchasi yasalgan. Unga turlicha ta’rif berish mumkin. Insonning jamiyatdagi o‘rni va yashash tarzini hisobga olib, erkinlikning falsafiy, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, diniy, madaniy va boshqa jihatlarini ajratib ko‘rsatsa bo‘ladi.

 

Fransuz faylasuf-adibi Jan-Pol Sartr erkinlikni ontologik nuqtayi nazardan ta’riflab, uni transsendent hodisa va ekzistensiya – insonning mavjudlik sharti hisoblaydi. Erkinlik doirasi transsendent Mutloq ong doirasi tomonidan belgilanadi va insonning ijtimoiy ahvoli va vaziyatiga bog‘liq emas. U barcha mohiyatlarning poydevoridir. Erkinlik tufayli inson dunyoni o‘z imkoniyati darajasiga ko‘taradi va dunyo ichidagi mohiyatni ochadi. Ushbu fikrni tadqiq etilayotgan mavzuga nisbatan qo‘llasak, ma’naviyat shakllanishi, rivojlanishi asosida insonning ongli faoliyatida namoyon bo‘ladigan transsendent erkinligi yotadi. Bu fikrga qisman qo‘shilish mumkin. Ammo erkinlikning transsendent hodisa ekanligi ancha bahsli.

 

Erkinlikda, tafakkur va iroda bilan bog‘liq jihatdan tashqari, ijtimoiy taraqqiyot darajasi bilan bog‘liq jihat bor. Tafakkur bilan bog‘liq jihatni ham to‘liq transsendent hodisa deb bo‘lmaydi. U orttirilgan, o‘zlashtirilgan bilim va ijtimoiy tajriba ta’siridan xoli emas. Tafakkur va insonning o‘z shaxsini, imkoniyatlarini yuzaga chiqarish bilan bog‘liq erkinlik shakllari “ijobiy erkinlik” deb ataladi. Ayni choqda, unga jamiyat, davlat iqtisodiy, axloqiy, huquqiy, siyosiy shart-sharoit yaratadi. Bular vijdon erkinligi, ijod erkinligi, shaxsning o‘z yaratuvchilik, yuksalish, yangilanish, tevarak muhitini takomillashtirish imkoniyatlarini to‘kis yuzaga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlardir.

 

Ayonlashmoqdaki, ijobiy erkinlikni to‘laligicha “transsendent hodisa” deya olmaymiz. U ijtimoiy tajriba mahsuli hamdir. Bundan tashqari, “salbiy erkinlik” tushunchasi ham bor. U insonning jamiyatdagi salbiy omillar – qaramlik, iqtisodiy va ijtimoiy qullik, ekspluatatsiya, majburiy mehnat, zo‘ravonlik, ijtimoiy qo‘rquv va hokazolardan xalos bo‘lishini anglatadi.

 

Salbiy erkinlik deyarli to‘liq ijtimoiy tajriba, ya’ni jamiyatning taraqqiyot darajasi, davlat va huquqning samarali faoliyat ko‘rsatishiga bog‘liq. Lekin unda ham tafakkurga oid transsendent unsurlar uchraydi. Tafakkurdagi totalitarlik (totalitar tafakkur) yoki liberallik unsurlari shular jumlasidandir. Demak, erkinlik, Sartr talqin etganidek, to‘liq transsendent hodisa emas. U inson va jamiyatningijtimoiy tajribajarayonidashakllanganimmanentxossasidir. Undatranssendentlikfaqattafakkurningayrimunsurlariko‘rinishidagina uchraydi.

 

Ma’naviyat,umuman,jamiyat,hatto butun koinot, mavjud borliqqatranssendent qarashlar turli ezoteriknazariyalar,konsepsiyalar, an’anaviyvazamonaviy ilohiy ta’limotlar,noan’anaviy diniy mazhablar dasturi va amaliyoti shaklida ham rivojlanmoqda.Ularni o‘rganishalohida tadqiqotlarnitalab qiladi.Transsendent yondashuvlar, ayniqsa, postmodernistik qarashlarda ko‘payib borayotir. Ba’zan ular ezoterizm bilan ham uyg‘unlashib ketyapti.

 

Xulosa qilsak, manaviyatda, shak-shubhasiz, transsendentlik unsurlari mavjud, lekin ular yetakchi orin tutmaydi. Transsendent unsurlar ko‘proq ma’anaviy ongda – his-tuyg‘ular, tafakkur hamda irodada uchraydi. Ma’naviy madaniyat va ma’naviy muhitda ular juda kam. Zero, ma’naviyat va ma’naviy muhit – yuzaga chiqqan, ashyoviylashgan qadriyatlar majmuidir. Ular tajriba, amaliyot doirasidan deyarli chetga chiqmaydi.

 

Transsendentlik, asosan, ko‘ngil evrilishlari, voqea-hodisalarni hissiy baholab,ulargao‘zmunosabatinibelgilashhamdama’naviyqadriyat yaratish jarayonidaongda sodirbo‘ladigan ijodiyshu’lalanish,bezovtalik, intuitiv oniy kashfiyot,beqarorlik, ikkilanish,nochiziqliijodiyg‘alayon, to‘lqinlanish,favquloddahamdaboshqa tasodifiyfaoliyat bilan bog‘liq hodisa sanaladi.Ma’naviy ongninghissiydarajasidagiayrim unsurlar,irodadagi arxetiplar,ijodiy tafakkurningintuitiv, evristik to‘lqinlanishitranssendentunsurlardir.

 

Abdurahim ERKAYEV

 

“Tafakkur” jurnali, 2019-yil 3-son.

“Ilohiy tuyg‘ular tutashuvi” maqolasi

1 Izoh

Madraximov Jahongir Botirjon o'g'li

06:01 / 01.01.1970

Assalomu alaykum maqolani o'qib mazza qildim. Fikirlar ketmaketligi, o'qilish ravonligi taxsinga loyiq. ILMINGIZGA XAVAS QILDIM.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 292
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17504
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//