Toshkentdan Xorazmgacha...


Saqlash
11:08 / 25.08.2021 1621 0

 

Yurtimizda ichki turizm yildan yilga ommalashib bormoqda. Pandemiya davrida ham karantin qoidalariga amal qilgan holda aksariyat yurtdoshlarimiz ta’til va bayram kunlarida qo‘shni viloyatlarga safar uyushtirishni kanda qilmaydilar. Har bir viloyatning o‘ziga xos inshootlari, tabiati, tarixiy yodgorliklari mavjud. Agar O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishni dilingizga tukkan bo‘lsangiz, u holda ushbu ma’lumotlar sizga as qotadi.

Qoraqalpog‘iston

Maydoni jihatdan ancha katta bo‘lgan respublikaga tashrif buyurganlar eng avvalo, Orol dengizini ko‘rishga oshiqishadi. Bu yerda Kemalar qabristoni ham diqqatga sazovor joydir. Sayohatchilar Ellikqal’a, Tuproqqal’a, Chilpiq qal’ada tarixiy xarobalarga guvoh bo‘lishlari mumkin. Qoraqalpoq davlat universiteti qoshidagi Berdaq milliy muzeyi, Nukus shahridagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat san’at muzeyi ayniqsa, qimmatli nodir buyumlar bilan to‘ladir. Avangard uslubidagi rasmlari soni bo‘yicha Saviskiy muzeyi mashhur Sankt-Peterburg muzeyidan keyingi o‘rinda turadi. Bundan bir necha yil muqaddam "New York Times" gazetasi "bu joylarni ko‘rmabsiz, bu dunyoga kelmabsiz" nazdida Saviskiy muzeyini — "Dunyoning eng yaxshi 29 joylari" ro‘yxati safiga qo‘shdi. Muzey bu qatorda 7 chi o‘rinni egalladi. Bu o‘lkada Sudochye ko‘li, Sulton Uvays bobo majmui ham ommabop maskan sanaladi.

 

Xorazm

Xorazmning boy ko‘p qirrali tarixi qadim zamonlardan buyon xorijiy va yurtdosh olimlarning diqqatini o‘ziga jalb qilib keladi. Viloyat hududida ko‘plab tarixiy yodgorliklar mavjud. Ayniqsa, Xiva shahridagi me’moriy obidalar bugun dunyo ahlining e’tiborini tortib kelmoqda. Bu yerda Ark, Kaltaminor, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Dishanqal’a yodgorliklari alohida ajralib turadi. Xivadagi Ichanqa’la yodgorlik majmui esa UNESCOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 

 

Buxoro

Buxoro – jahonning eng qadimiy shaharlaridan biri: 1997 yilda shahar o‘zining 2500 yillik yubileyini nishonladi. Siz Buxoroning tor ko‘chalarida kezishingiz va ko‘k gumbazli hashamatli binolar hamda kichik loysuvoq uylardan zavq olishingiz mumkin. X asrda qurilgan Ismoil Somoniy maqbarasi Buxorodagi eng qadimiy va chiroyli yodgorliklardan biridir. Ark qal’asi yuz yillar davomida Buxoro hukmdorlarining rasmiy yashash joyi bo‘lgan. Odamlar uni “shahar ichida shahar” deb atashgan, chunki unda odatdagi shaharning hamma narsalari: ko‘chalar, tor ko‘chalar, saroy, masjidlar, ustaxonalar bor bo‘lgan. Minorai Kalon me’moriy majmui – barcha mehmonlar e’tiborini jalb qiladigan joy. Masjidi Kalon – Samarqand shahridagi Bibixonim masjididan keyin O‘rta Osiyodagi ikkinchi eng katta masjid. Labi Xovuz – Buxoro ahli va mehmonlarining sevimli joyi. Shahardan taxminan 4 km. tashqarida Buxoro so‘nggi amirlarining yozgi saroyi joylashgan. Saroy “Sitorai Moxi xosa” – Oy va yulduzlar o‘rtasidagi joy deb, shoirona nomlangan.

 

Samarqand

Jahon sivilizasiyasining qadimiy o‘choqlaridan biri, yer yuzining sayqali nomini olgan Samarqand mustaqil O‘zbekistonning yirik iqtisodiy va ilmiy-madaniy markazlaridan biri hisoblanadi. Shahar ichkarisi va tashqarisida Bibixonim Jome masjidi, Go‘ri Amir maqbarasi, Shoxi Zinda majmuasi, Ulug‘bek madrasasi, rasadxonasi kabi ko‘plab mashhur me’moriy obidalar yaratilgan. Imom al-Buxoriy kompleksi ayniqsa musulmon mamlakatlaridan tashrif buyurgan sayyohlar uchun bag‘oyat qadrlidir. Qadimiy Samarqandga tashrif buyurgan sayyohlar bu muazzam shaharning yuragi bo‘lmish Registon maydoni va unda qad rostlagan uch madrasaning ko‘rki, salobatidan hayratga tushadilar.

 

Navoiy 

Navoiy viloyatida ham so‘lim maskanlar va tarixiy majmualarni uchratish mumkin. Bu yerda ayniqsa, Nurota ziyoratgohi mashhur. Bu ziyoratgoh yilning to‘rt faslida ham odamlar bilan gavjum bo‘ladi. Mazkur nurli maskanda yurtimizning shahar-u qishloqlaridan, balki dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayohatchilarni uchratish mumkin. Tiniq va musaffo suvda suzib yurgan baliqlar haqida to‘xtalmasdan iloj yo‘q. Sababi bu baliqlarni mahalliy xalq va ziyoratchilar muqaddas deb bilishadi. Dengiz sathidan 524 metr balandlikda joylashgan muqaddas chashma butun O‘zbekiston xalqining ardoqli go‘shasidir. Chashma suvining rangsiz, hidsiz, yumshoq va shirinligi, haroratining muttasil qishin-yozin +19,5 S darajada bir xilligi, har lahzada 360-400 litr sig‘imda qaynab chiqib turishi, sersuvligi, tarkibida turli shifobaxsh mikroelementlarining mavjudligi bir qator xastaliklarga shifodir.

 

Jizzax

Jizzax deganda ko‘z oldimizga Zomin tumani keladi. Bu yerlar o‘zining noyob tabiati, ignabargli o‘rmonlari, shifobaxsh havosi bilan alohida ajralib turadi. Xalq bog‘i hududi esa tabiiy shifoxona sanalib, mazkur o‘lka aholisining sevimli dam olish maskaniga aylangan. Qo‘riqxonaning diqqatga sazovor joylaridan biri Qizil o‘toqsoy dalasidagi sfinkslarni eslatuvchi g‘alati shakldagi katta qizil xarsangtoshlardir. Mahalliy aholi bu joyni “Qirq qiz” deb ataydi. Dam olish va turizmning sog‘lomlashtirish hududi “Zomin” sihatgohi va o‘nlab pansionatlar, dam olish uylari va bolalar oromgohlarini o‘z ichiga oladi. "O‘rikli" dam olish maskani juda barhavo tog‘ yonbag‘rida joylashgan. Sharof Rashidov nomidagi Jizzax viloyat universal ilmiy kutubxonasi yoshlarning sevimli maskani. Jizzaxda o‘rnatilgan Sharof Rashidov haykali ham gavjum maskanga aylanmoqda.

 

Sirdaryo

Viloyat tarixi haqida guvohlik beruvchi yodgorliklardan biri Sardoba yodgorligidir. Shuningdek, Sirdaryoda shu davrgacha Mustaqillik bosh maydonining rekonstruksiyasi, Xotira maydoni, Markaziy va tijorat banklari binolari, “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi, “Kemping” tipidagi majmua, zamonaviy vokzal, ko‘p qavatli turar-joy binolari, “Alpomish” sport saroyi, Boks saroyi, Markaziy o‘yingoh, Suzish havzasi va boshqa sport komplekslari bunyod yetildi. Viloyat hududida bitta muhofaza etiladigan hudud mavjud. U ham bo‘lsa, Sirdaryo bo‘yidagi to‘qayzorlarda tashkil etilgan va noyob yovvoyi qushlarni ko‘paytirishga ixtisoslashgan “Sayxun” xo‘jaligidir.

 

Toshkent

O‘zbekistonning poytaxtida zamonaviy ruhda qad rostlagan ko‘plab baland binolarni uchratish mumkin. Amir Temur haykali, Mustaqillik maydoni, Xotira maydoni, Teleminora sayyohlarning asosiy maskanlari sanaladi. Bu yerda shuningdek, turli istirohat bog‘lari, muzeylar, teatrlar, konsert zallari, favvoralar, xiyobonlar hamisha odamlar bilan gavjum. Toshkentdagi Ko‘kaldosh, Hazrati imom masjidlari, Zangi ota ziyoratgohi ham ziyoratchilar bilan to‘la bo‘ladi. Markazdagi turli galereya va ko‘rgazmalar hamisha tomoshabinlar uchun xizmat ko‘rsatadi. Toshkent viloyatidagi Chorvoq, Beldirsoy, Xumson kabi so‘lim maskanlar tabiatni sevuvchi sayohatchilarni qishin yozin qabul qiladi.

 

Farg‘ona

“O‘zbekiston shveysariyasi” deb nom olgan vodiy gavhari go‘zal tabiati bilan ajralib turadi. Bugungi kunda Ahmad Farg‘oniy nomidagi Farg‘ona viloyat axborot- kutubxona markazi – Respublikadagi eng yirik kutubxonalardan biridir. Rishtondagi Burhoniddin al-Marg‘inoniy maqbarasi yil davomida ziyoratchilar bilan to‘la bo‘ladi, sayyohlar ham bu yerni qiziqish bilan tomosha qiladilar. Shahardagi  Ahmad al-Farg‘oniy majmuasi ham yoshlar bilan to‘la, bu yerda istirohat bog‘i, yirik do‘konlar, bozor joylashgan. Qo‘qonning O‘rda maydoni turistlarni jalb etadigan eng yetakchi maskan hisoblanadi. U Qo‘qon xonligi tarixidan qolgan asosiy yodgorlikdir. Bu yerda tashkil etilgan muzey yil bo‘yi odamlarni qabul qiladi.

 

Namangan

Gullar shahrida ziyoratgohlar va xiyobonlar bisyordir. «Axtam Saxoba» ziyoratgohi, Bibi Naima (sutli buloq) ziyoratgohi va masjidi, "Zirkmozor" ziyoratgohi hamisha mahalliy aholi bilan gavjum bo‘ladi. Z.M.Bobur nomli madaniyat va istirohat bog‘iga 1884 yil asos solingan.  "Kamolot" yoshlar madaniyat va istirohat bog‘i va “Kichkintoy” bolalar bog‘idagi gullar va daraxtlar manzarasi sayohatchilarning yodida qoladi. “Kosonsoy” sixatgohi va “Chortoq” sanatoriysida yurtimizdan kelgan mehmonlar dam olib qaytishadi.

 

Andijon

Vodiyning eng katta viloyati o‘n beshga yaqin istirohat bog‘lari borligi bilan ajralib turadi. Jumladan, Alisher Navoiy, Bobur, Nodirabegim, Cho‘lpon kabi bog‘lar Andijon yoshlarining sevimli maskani. Bu yerdagi Cho‘ntak choyxonasi respublikaga dong‘i taralgan tamaddixona sanaladi. Tarixga qiziquvchilar uchun Mingtepa yodgorligi, Qal’a majmuasi, Qutayba ibn Muslim maqbarasi muntazir. Bibi Seshanba ziyoratgohida shifobaxsh buloqlar mavjud.

 

Surxondaryo

Vohada me’moriy yodgorliklar, zamonaviy binolar, xiyobonlar va ziyoratgohlar yetarlicha topiladi. Masalan, Hakim at-Termiziy maqbarasini turli davrlar me’morchilik san’atining guldastasi deb atash mumkin. Temuriy shaxzodalar tomonidan o‘rnatilgan bu sag‘ona benihoya yuksak sangtaroshlik asari hisoblanadi. Butun islom dunyosida unga teng keladigan, u bilan bellashadigan marmar yodgorlik yo‘q. Uning devoriga o‘yib bitilgan jimjimador Qur’oniy suralar, yozuvlar kishini hayratga soladi. Qirq qiz yodgorligi ham surxon ahlining tez-tez tashrif buyuradigan maskanlaridan biridir.  

 

Qashqadaryo

Qashqadaryo viloyatida bugungi kunda jami 1022 ta moddiy-madaniy meros obyekti bor. Ana shunday ziyoratgohlardan biri Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida xushmanzara tog‘ bag‘ridagi Hazrati Bashir qishlog‘ida joylashgan. Ziyoratgoh qishloqning o‘rtasida Niyoztepa nomi bilan atalgan tepalikda qad rostlagan. Niyoztepadan qaynab chiqayotgan buloq  dunyoning turli chekkalaridan tashrif buyuradigan minglab ziyoratchilarga kuch bag‘ishlab, bu yerda o‘sgan ulkan chinorlar, yong‘oq, bodom daraxtlari kishining bahri-dilini ochadi. Langar ota me’moriy majmuasi Qamashi tumanidagi Langar qishlog‘ining qadimiy qabristonida joylashgan. Xo‘ja Jarroh yodgorlik majmui Qarshi shahrining Xudoyzod mahallasida joylashgan. Mustaqillik yillarida bu maqbara to‘liq ta’mirlanib katta ziyoratgohga aylantirildi.

Nodirabegim IBROHIMOVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:05 / 24.05.2024 0 68
Ma’naviyat – inson bo‘lib yashash degani





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19492
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16931
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi