Roʻzaga oid koʻp takrorlanadigan savollarga javoblar


Saqlash
12:04 / 01.04.2022 3174 0

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati ramazon oyida roʻzali kishi bilan yuz berishi mumkin boʻlgan turli holatlar yuzasidan beriladigan savollarga javob berdi.

Ramazonda saharlikka uxlab qolgan kishi uygʻonganidan keyin suv ichib, niyat qilib roʻzani davom ettirsa boʻladimi?

 

Ramazonda saharlikdan uxlab qolgan odam, uygʻongach oz boʻlsa ham biror narsa yeb-ichib, roʻzani niyat qilaman desa, niyati ham oʻsha kuni tutadigan roʻzasi ham toʻgʻri boʻlmaydi. Ramazon oyida saharlikka uxlab qolgan odam, uyqudan turgach, roʻzani buzadigan (yaʼni, yeb-ichish, er-xotinlik aloqasi kabi) ishlarni qilmasdan, shu kungi roʻzani tutishni niyat qiladi. Bunday niyatni toki quyosh tikkaga kelgungacha qilish mumkin. Demak, ramazonda saharlikka uxlab qolgan kishi, uygʻongach, hech narsa yemay-ichmay roʻza tutishni niyat qilishi lozim boʻladi.

 

Aytishlaricha, roʻzador odam oʻz soʻlagini yutsa roʻzasi ochilib ketishi mumkin ekan. Bu gap qanchalik toʻgʻri?

 

Roʻzador soʻlagi (tupugi)ni yutishi bilan roʻza ochilmaydi. «Muhitul Burhoniy» nomli kitobda bu haqida shunday deyiladi: «Roʻzador ogʻzida tupugini yigʻib keyin yutib yuborsa, roʻzasi buzilmaydi». Qasddan soʻlagini ogʻzida toʻplab yutish esa makruh boʻladi. Demak, tupukni qasddan ogʻizda yigʻib, yutishdan iloji boricha saqlanish kerak boʻladi. Odatdagi holatda esa soʻlakni ichga oʻtishi makruh emas.

 

Roʻzador kishi kunduz kunlari yuvinishi mumkinmi?

 

Bu mavzuda soʻz boshlashdan avval, kunduz kuni ehtilom boʻlib qolgan roʻzador gʻusl qilishi vojibligi, albatta, yuvinishi shart ekanini taʼkidlaymiz va bu borada hech qanday ixtilof yoʻq. Bizning mavzumiz gʻusl qilishi vojib boʻlmagan roʻzadorning yuvinishi haqida boʻladi.

 

Bu mavzuda “Al-Fatovol hindiya” kitobida shunday deyiladi:

 

«Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinishicha, roʻzador tahoratdan boshqa paytlarda ogʻiz va burun chayishi makruhdir. Shuningdek gʻusl qilish (choʻmilish), boshiga suv qoʻyish, suvga shoʻngʻish, namlangan kiyimga oʻranish ham makruhdir. Abu Yusuf rahmatullohi alayh aytadilar: “Yuqorida sanalgan ishlar makruh emas”. Mana shu gap ustunroq, «Muhiti Saraxsiy» kitobida shunday kelgan».

 

Demak, jiddiy zarurat boʻlmaganda tahoratdan boshqa paytlarda ogʻiz va burun chayish, gʻusl qilish (choʻmilish), boshiga suv qoʻyish, suvga shoʻngʻish, namlangan kiyimga oʻranish kabi ishlarni qilinmasa, bu ishlarni iftordan keyinga qoldirilsa, Imom Abu Hanifa rahimahullohning soʻzlariga amal qilingan boʻladi. Lekin, masalan, kun qattiq isib ketganda va boshqa shu kabi holatlarda yuqoridagi ishlarni qilish zarurati tugʻilsa va ibodatdan bezor boʻlish maʼnosida emas, balki ibodatga yordam olish maʼnosida bu ishlarni qilinsa, Imom Abu Yusuf rahimahullohning soʻzlariga, keyingi ulamolar ustun koʻrgan soʻzga amal qilingan boʻladi, makruh boʻlmaydi.

 

Roʻzador kishi tish oldirishi yoki milki qonashi natijasida ichiga qon yutsa, roʻzasi buziladimi?

 

Ichga qon yutish masalasining biroz tafsiloti bor. Tish oldirganda yoki milk qonaganda tupuk qondan koʻp boʻlsa, yutganda ham taʼmi bilinmasa, roʻzani buzmaydi. Agar qon tupukdan koʻp boʻlsa, roʻza buziladi. Agar tupuk va qon barobar boʻlsa, ehtiyotan, roʻza buziladi.

 

Oshqozonida yarasi bor odam roʻza tutishi farzmi yoki fidya berib yursa xam buladimi? Umuman olganda roʻzaning fidyasini kimlar beradi?

 

Fidya - kishi zimmasidagi narsani ado qilish maqsadida mol yoki shunga oʻxshash narsani berishidir. («Lisonul arab»). Shariatimiz ikki toifa kishilarni roʻza tutmasliklariga ruxsat berib, oʻrniga Ramazonning har bir kuni uchun fidya berishga buyurgan.

 

Birinchisi: Qarilik sababli umuman roʻza tutishga yaramaydigan, kundan-kunga jismonan zaiflashib borayotgan yoshi ulugʻ keksalar.

 

Ikkinchisi: Surunkali kasal boʻlib, odatda tuzalishiga umid boʻlmagan va roʻza tutish ularning salomatligiga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan bemorlar. («Bahrur roiq»).

 

Fidyani Ramazon oyi kirishidan oldin berilmaydi. Oy kirishi bilan xohlasalar, oʻttiz kunlik roʻzaning fidyalarini birdaniga jamlab beradi, xohlasalar har kuni boʻlib-boʻlib toʻlab beradi. («Fatovoyi Hindiya»).

Roʻza fidyasini bir kishiga ham yoki bir necha kishiga ham berish mumkin. («Raddul muhtor»).

 

Fidyani miskin, faqir, beva-bechora, yetim-yesir, nochor va zakot berishga qodir boʻlmaganlarga beriladi. Ammo otasi, onasi, farzandlari, nabiralari, eri, xotini va zakot berishga qodir boʻlganlarga berishi joiz emas.

 

Roʻza odam tishini tish pastasi bilan yuvsa boʻladimi?

 

Roʻzador kishi tishlarini tozalashda tish pastalaridan foydalanishi makruh sanaladi. Agar pastadan hosil boʻlgan koʻpiklarni yutib yuborsa, roʻzasi ochiladi. Chunki pasta bilan tish tozalash biror narsani tatib koʻrishga oʻxshaydi. Fiqhiy kitoblarimizda shunday deyilgan:

 

“Roʻzador biror narsani tatib koʻrsa, roʻzani ochuvchi surat va mohiyat topilmagani uchun roʻza ochilmaydi. Lekin bunday qilish makruh hisoblanadi. Chunki bunda roʻzani buzuvchi omilga yaqin keltirish bor” («Hidoya»).

 

Shunga koʻra koʻpchilik zamonamiz ulamolari roʻzador holda tish pastasidan foydalanmaslikni balki, uni saharlikdan avval yoki iftordan keyinga qoldirishni tavsiya etadilar. Zero, ibodat masalasida ehtiyotini olish avlo sanaladi.

 

 

Qolaversa, Ramazon oyining kunduzlari tishlarni toza saqlash uchun misvokdan foydalanish ham mumkin. Chunki, misvok ishlatish bilan roʻza ochilmaydi. Bunga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning roʻzador hollarida undan koʻp marta foydalanganlari dalil boʻladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 285
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17502
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//