Olov tekkan narsa bilan ogʻiz ochish mumkinmasmi? – Fatvo hayʼati roʻza bilan bogʻliq turli tushunchalar yuzasidan berilgan savollarga javob berdi


Saqlash
17:04 / 04.04.2022 2378 0

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati xalq orasida keng tarqalgan roʻza bilan bogʻliq turli tushunchalar yuzasidan berilgan savollarga javob berdi.

 

Olov tekkan narsa bilan ogʻiz ochish mumkinmas deyishadi shu toʻgʻrimi?

 

Olov tekkan narsa bilan ogʻiz ochish mumkinmas degan qatʼiy dalillar yoʻq. Imkon boʻlsa, xurmo bilan, agar xurmo boʻlmasa suv bilan ogʻiz ochish sunnatga muvofiq boʻladi. Lekin, bu narsalar boʻlmaganda biror meva yoki olov tekkan narsa bilan ochsa ham zarari yoʻq.

 

Roʻza tutgan odam kun boʻyi dam olib yoki vaqtni uxlab oʻtkazsa bu odamning roʻzasi qay darajada qabul boʻladi?

 

Roʻzador inson roʻzani oxirigacha yetkazish va kechki ibodatga quvvat hosil qilish uchun kunduzi dam olishi joiz. Agar qurbi yetsa, kunduzlari ham ibodat va Qurʼon oʻqish bilan mashgʻul boʻlsa, nur ustiga nur. Ammo kunduzlari koʻproq uxlagan insonning roʻzasi qabul boʻlmaydi, degan gap yoʻq.

 

Ramazondagi saharlik yoki iftorliklarda tuxum yeyish mumkinmi?

 

Albatta, saharlik va iftorlikda tuxum yeyish joiz. Chunki iftordan keyin roʻzador halol taomlardan xohlaganini yeyishi mumkin, jumladan, tuxumni ham. Bu borada birorta taʼqiq yoʻq. “Tuxum yeb boʻlmaydi”, deyish uchun kamida bitta qatʼiy dalil kerak. Bunday dalil esa yoʻq.

 

Ramazon oyida tugʻilgan farzandlarga xoslab ism qoʻyish shartmi? Masalan, Roʻzivoy yoki Ramazon singari ismlarni.

 

Shariatimizda Ramazonda tugʻilgan bolaga roʻzaga moslab ism qoʻyish shartligi haqida koʻrsatma yoʻq. Baʼzilarning: “Bola Ramazon oyida tugʻilsa, Ramazon, Roʻzi va Hayit ismini qoʻyish kerak” degan va yana shunga oʻxshash gaplari asossiz va dinimizga aloqasi yoʻqdir. Musulmonchilik anʼanalariga koʻra Alloh taologa bandalik maʼnosini ifodalovchi, paygʻambarlar, sahobalar, allomalar, solih kishilar va taqvoli onalarimizning ismlarni qoʻyish maqsadga muvofiqdir.

 

Roʻzador tahoratda ogʻiz-burnini chayishi mumkinmi?

 

Roʻzador ham tahorat qilganda ogʻiz va burnini chayishi joiz, lekin mubolagʻa qilib, gʻargʻara qilmaydi, burniga qattiq suv tortmaydi. Tahorat paytida roʻzadorning ogʻzidan va dimogʻidan ichiga suv oʻtib ketsa, roʻzasi buziladi. Ramazondan keyin bir kun qazo roʻzasini tutib beradi.

 

Men bilmasdan oʻn minut avval roʻzamni ochib qoʻyibman, buning hukmi qanday boʻladi?

 

Agar kishi roʻzador ekanini unutgan holda biror narsa yesa yoki ichsa roʻzasi ochilmaydi. Agar siz ham roʻza ekaningizni unutib narsa yegan boʻlsangiz, buni zarari yoʻq. Lekin, ogʻiz ochadigan vaqt boʻldi deb, ogʻiz ochish paytidan oldin yeb-ichgan boʻlsangiz, Ramazondan keyin bir kun qazo roʻza tutib berasiz.

 

Roʻzador odam chanqagan vaqtida ogʻziga suv olib yutmasdan gʻargʻara qilsa boʻladimi?

 

Zarurat boʻlsa, roʻzador odam ogʻizini ohista chayishi mumkin. Lekin gʻargʻara qilib, ogʻiz chayish makruh boʻladi. Chunki bunda suv yutilib ketib, roʻzani ochib yuborish xavfi bor. Agar qattiq chayish oqibatida ichga suv ketib qolsa, roʻzasi buziladi va Ramazondan keyin qazosini tutishi shart boʻlib qoladi.

 

Roʻzador odam qon analizi topshirsa boʻladimi?

 

Ha, roʻzador odam turli maqsadlarda qon topshirishi mumkin, bu ish bilan uning roʻzasi ochilmaydi. Chunki roʻza ichga kiruvchi narsalar sababli buziladi. Lekin roʻzador qon topshirsa, zaiflashib qoladigan boʻlsa, makruh boʻladi. Bu holatda qon topshirishni iftordan keyinga qoldirish maqsadga muvofiq boʻladi.

 

Saharlikni taqvimda koʻrsatilgan vaqtdan 10-15 minut oʻtkazib qilsa boʻladimi?

 

Yoʻq, boʻlmaydi. Taqvimda koʻrsatilgan vaqtdan oʻtkazmaslik kerak, iloji boʻlsa ehtiyotini olib, koʻrsatilgan vaqtdan 5-10 daqiqa oldin yeb-ichishni toʻxtatish zarur. Chunki tong otgandan keyin saharlik qilgan kishi roʻzani buzgan boʻladi va Ramazondan keyin bir kun qazo tutib beradi. Agar kishi oʻygʻonganda saharlik qilishga vaqt qolmagan boʻlsa, hech narsa yemay-ichmay, roʻza tutishni niyat qiladi. Saharlikdan quruq qolgan boʻlsa ham, roʻzasi durust boʻladi. Baʼzilar saharlikdan kech qolgan boʻlsa ham, nimadir yeb yoki ichib ogʻiz yopish kerak, deb xato qilishadi. Chunki saharlik qilish farz emas, buning ustiga saharlik vaqti oʻtgandan keyin biror narsa yeb yo ichib ogʻiz yopsa, oʻsha kungi roʻzasini buzib qoʻygan boʻladi. Natijada Ramazondagi bir kunlik roʻzaning savobidan mahrum boʻladi. Bu savobni boshqa oylarda qancha roʻza tutsa ham topa olmaydi. 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:06 / 11.06.2024 0 92
“Chetdagi odam”

Ma’naviyat

12:06 / 10.06.2024 0 333
Insoniylikning “propiskasi” bo‘lmaydi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19671
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17202
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//