Odamga baxtni jamiyat bermaydi. “Fozil shahar” yoxud “utopiya oroli” hamisha xomxayol bo‘lib qolaveradi


Saqlash
11:05 / 10.05.2022 1965 0

Bu yorug‘ dunyoda yashamoqdan maqsad-muddao nima? Istisnosiz o‘lim bilan yakun topar ekan, hayot nimaga kerak o‘zi? Shu xil savollar mutafakkirlarni azal-azaldan qiziqtirgan. Bu sof falsafiy masaladek ko‘rinadi, lekin Yerdagi hayotning davom etishidan tortib jamiyat rivoji-yu oddiy kundalik turmushgacha bo‘lgan barcha jabhalarga ta’sir ko‘rsatadi. Deylik, hayotni o‘tkinchi, uning qarshisida o‘zini ojiz-chorasiz deb bilgan odam biron ishga astoydil qo‘l uradimi? To‘rt kunlik dunyo deb, sidirg‘asiga aysh-u ishratga berilib ketmaydimi? Tap tortmay zo‘ravonlikka qo‘l urmaydimi? “Baribir hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi”, degan kimsa nohaqlig-u adolatsizlikka, zulm-u haqoratga ko‘nib ketavermaydimi?

 

Ha, hayotning asl ma’nosini anglamaslik tushkunlik, loqaydlikka olib keladi. Umrida falsafaning ko‘chasidan o‘tmagan kimsa ham kuni kelib “e, shu dunyo nimaga kerak menga?” deb yuborishi mumkin. Kezi kelganda, bu kayfiyat o‘zini imtiyozlarning badalsiz egasi – xos tabaqa sanaydigan, tasavvurga sig‘mas mol-mulk, shon-shuhrat sohiblarini ham chetlab o‘tmaydi. Negaki, hech birimiz hayot sinovlari, g‘am-kulfat va yo‘qotishlardan emin emasmiz. Zohirda turmushi to‘kisdek ko‘ringan zotlarga ham tiriklik goho og‘ir yukka aylanib, yashash nihoyatda zerikarli mashg‘ulot bo‘lib qolishi bor gap.

 

Farang faylasuf adibi Alber Kamyu (1913–1960) tafakkur iste’moliga olib kirgan absurd ta’limoti ham yuqoridagi savollarga javob izlaydi. Absurd umr ma’nosi, baqo va fano, baxt va inson ixtiyori singari barcha zamon-u makonlarga daxldor falsafiy masalalarga bag‘ishlangandek ko‘rinadi. Ayni choqda, bu ta’limotning XX asr birinchi yarmida paydo bo‘lgani ham tasodif emas. Bu – dunyoning mutloq hokimi bo‘lmoq harakati avj olgan, urush va zo‘ravonlik siyosati mazlumlarni ham,  zolimlarni ham mahv etayotgan bir davr edi.

 

Absurd “balo”si milliy ziyolilarimiz e’tiboriga o‘tgan asrning so‘nggi choragida tushdi. U chog‘ bizda kommunizm ideali chirikligi fosh bo‘lib, hammasini yangilash ehtiyoji tug‘ilgan edi. Qarangki, ushbu qarash hali-hanuz zehn-u idrokimizni jodulab turibdi. Negaki, absurd degani turmushning ovozi yetib borolmaydigan yuksaklardagi mavhum taxayyulot emas. U aslida jahondagi keskin ijtimoiy voqealar turtkisidan tug‘ilgan. Uning tegrasidagi munozara va xulosalar kundalik turmush bilan qattiq bog‘langan.

 

Absurd – ko‘lamdor, ayni choqda munozarali mavzu; shunga ko‘ra, biz Sizif timsoliga oid kuzatuvlari-la cheklandik. Bir jihati, rasmona bahslarga sabab bo‘lgan “Donishmand Sizif” romani, adabiyotshunos olim Yo‘ldosh Solijonovning jurnalimizda e’lon qilingan maqolasi ham fikrimizni qog‘ozga tushirmoqqa undadi.

 

Gunohkormi yoxud qahramon?

 

Qadim yunon afsonasining variantlari turlicha bo‘lsa-da, umumiy qolip bitta: Sizif og‘ir gunohga yo‘l qo‘yadi-yu ma’budlar qahriga uchraydi. Qay yo‘sinda jazolangani ma’lum. U qanday gunohga yo‘l qo‘ydi – turlichalik mana shu nuqtada.

 

Talqinlarning eng mashhur va qadimiysi buyuk Homerning “Odisseya”sida uchraydi: makkorlig-u zehni o‘tkirlikda tengi yo‘q Sizif dunyo-dunyo mol-u davlat yig‘adi. Vaqti-soati yetib qariydi. To‘plaganlarini tashlab ketgani ham, birovga bergani ham ko‘zi qiymay, ajalga qanday chap berishni rejalaydi. Sirasi, u “o‘lim ma’budi” Tanatni kishanband qiladi. Oqibatda Yer yuzida o‘lim sodir bo‘lmay, dabdabali motam marosimlari taqqa-taq to‘xtaydi, yerosti saltanati ma’budlariga qurbonlik keltirilmaydi – “bosh xudo” Zevs yerliklar hayotiga joriy etgan qoidalarga putur yetadi. Shunda Sizif kuch bilan marhumlar o‘lkasiga olib ketiladi. Lekin o‘shanda ham bo‘sh kelmaydi: xotiniga jasadini ko‘mmaslik, qurbonlik keltirmaslikni tayinlaydi. Ma’budlar g‘azab otiga minadi. Sizif “meni qo‘yib yubor, xotinimga sening sharafingga zo‘r qurbonlik qilishni tayinlayman-u huzuringga qaytaman” deya Aidni yana aldaydi. Ayonki, u marhumlar o‘lkasiga qaytmaydi. Kayf-u safo qilib, u dunyodan qaytishni faqat men uddaladim deya maqtanib yuraveradi. Pirovardida, osiyning joni ikkinchi bor olinadi va makr-hiyla, shakkoklik uchun abadul­abad og‘ir jazoga mustahiq etiladi.

 

Sizif negadir bora-bora ayyor, ochko‘z, osiy kimsadan tanti va yurtparvar qahramonga, olijanob shaxs timsoliga aylangan...

 

Absurd va isyon

 

Oliymaqom Nobel mukofoti sovrindori, “Ovrupo vijdoni” deya ulug‘langan Alber Kamyu absurd nazariyasi bilan dunyoni larzaga soldi. Adibni o‘qib-o‘qib, shunday xulosaga keldim: absurd – o‘limga mahkumlik, odamning abadiy hayotdan mahrum ekani (aslida unday emas, bu haqda keyinroq so‘z yuritiladi). Shu hol go‘yo inson umrini ma’nisiz qilib qo‘yadi. Boyagi gap: muqarrar o‘lim bilan yakun topar ekan, hayot nimaga kerak o‘zi? Axir, vayron bo‘lishini bila turib imorat qurmaydi-ku odam. Bu dunyoda qilingan yaxshilig-u yomonlik-chi – o‘lim bilan hammasining ustiga qizil chiziq tortiladimi? Kamyu faylasuf va gumanist sifatida ham, “yashayman” deb dunyoga kelgan odam sifatida ham bunga aslo rozi bo‘lmaydi. U taqdirga mahkumlikdan ma’no axtaradi va Sizif timsoliga murojaat qiladi.

 

Inson umri “jarlik – cho‘qqi – jarlik...” aylanasidagi kabi natija va mazmundan mahrum jarayon. Ustiga-ustak, hayot go‘yo odamning o‘ziniki-yu, lekin bir nimani o‘zgartirish vajhida unda inon-ixtiyor yo‘q! Shu diqqinafaslik aro faqatgina absurdni, ya’ni o‘limga mahkumlikni tan olgan bandai ojizgina erkindir – odam bolasi borliqdagi holatini o‘zi uchun shu taxlit ayin etgandan keyin “hayot ma’nisizligi”ga qarshi kurashishi, uni yengishi mumkin bo‘ladi. Ajalga mute ekanman, deb harakatsizlikni kasb qilib olmaydi. Turmush yukini yengillatish, ma’nisiz jarayonga ma’no bag‘ishlash mumkinligidan ogoh bo‘ladi – kamyucha absurdning lo‘nda tavsifi shu.

 

Faylasuf adib yashagan zamonda o‘zini oqsuyak sanagan ozchilik tomonidan ommaning hayoti – qashshoqlikka, mehnati – natijasizlikka, orzulari – halokatga, umri – zulm va urush quchog‘iga uloqtirilgan edi. Odam odam sanalmasdi. Kamyu zulm, haqsizlik va notenglik alamlarini o‘z boshidan kechiradi. Fikrchanlik va kuyunchaklik bilan bu holdan qanday qutulish mumkin, deb o‘ylaydi. Yechim topolmagach, dunyo ilm-u donishini mukkasidan ketib o‘rganadi. Yo‘l axtarib kommunistik partiyaga kiradi, markscha g‘oyalarning maftuni bo‘ladi; o‘sha oliyshon shiorlarning-da amalga mutlaqo tersligini ko‘radi... Ulardan ham ketadi. Yana o‘zicha yechim axtaradi.

 

“Sizif haqida afsona”ga oid ilk tezis 1936-yilda yozilib, asar 1942-yilda to‘liq nashr etiladi. O‘sha 30-yillar adib uchun og‘ir keladi: xastaligi sabab Ekol Normal oliy maktabiga qabul qilinmaydi, turmushidan ajraladi, moddiy ahvoli tanglashib, o‘pkasidagi sil zo‘rayib ketadi. Yaqinlarining shohidlik berishicha, mazkur esse g‘oyasi va xudkushlik mavzusi ayni shu shaxsiy turmush muammolari zaminida paydo bo‘lgan. Lekin uni o‘shanda ham umidvorlik, nekbinlik tark etmagan. Na turmushda maza-matra, na ertangi kunga umid qolgan kunlar tafakkur dahosini yashash ma’nosi haqida o‘ylashga majbur etgan. Qorong‘ilik – nur borligining dalili-ku! Kamyu bu haqiqatni, ehtimol, o‘sha kunlardakashf etgan va ko‘rgilik ichidanshodlik axtargan.Bularningbariodamdanqanchairoda,qanchayuksak ruhiykuchtalab qiladi!So‘qir turmushningarzir-arzimas sabablari bois o‘zi yo o‘zganing joniga zomin bo‘layotganlarni ko‘rib turibmiz-ku! Esse, balki Kamyuning o‘z-o‘ziga taskini bo‘lgandir...

 

So‘ngroq, 1948-yilda esa: “Shak-shubhasiz, bizning avlod chekiga shunchalar ko‘p ko‘rgilik tushdiki, ular ko‘zidagi “qirmizi oynak”lar yechilib ketdi. Ular qamoqxona nimaligi, tong mahalidagi qatllarni, gunohing yo‘qligi e’tiborga olinmasligi va yolg‘onning muzaffarligini bilishadi. Lekin bu – umidsizlik emas! Bu – bor haqiqat. Haqiqiy umidsizlik – so‘qirlik demak. U nafrat, zo‘ravonlik va qotillik bilan murosa qiladi. Bu xil umidsizlik bilan men hech qachon kelisholmayman”, deb yozadi adib.

 

Alhol, mutafakkir yozuvchi real voqelik bilan qat’iy isbotlanib turgan, “odam hayoti hech nimaga arzimaydigan ma’nisizlikdir” qabilidagi tushkun xulosaga duch keldi. Bu xulosa adibni hamisha ruhlantirib turgan “inson – oliy mavjudotdir” degan haqiqatga zid edi. Zidmi, demak, bu yerda boshqa gap bor... Kamyu o‘sha “boshqa gap”ni izladi, topdi; uni Sizif misolida hammaga tushunarli tilda aytmoqchi bo‘ldi.

 

Bizningcha, tafakkuri zang bosmagan har bir inson vaqti kelib absurdni anglab yetadi. Gap – uni qanday yengishda. Kamyuga ko‘ra, odam o‘shanda tanlov qarshisida qoladi: yo absurdga bo‘ysunib yashamoq, yo unga qarshi isyon. Albatta, fikrlovchi odam o‘zi mantiqsiz sanagan hodisaga bo‘ysunib yashayolmaydi. U holda, ikkinchi yo‘l – isyon qoladi. Xo‘sh, isyon nima? Axir, o‘limga mahkumlikdek qudratli haqiqatni o‘zgartirib bo‘lmasa... Unda isyon degani – xudkushlikmi? Yo‘q, Kamyuga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilmoq yechim emas; bu – absurd oldidagi chorasizlikdir.

 

Falsafaning asosiy masalasi – “Hayot yashashga arziydimi?” degan savolga javob topishdir; “olam uch o‘lchovlimi, boshqami; aql-idrok to‘qqiz yo o‘n ikki tabaqalimi” qabilidagi mulohazalarning bari ikkinchi darajali, deydi adib. Uning uchun hatto eng ulug‘vor g‘oyalar ham hayotingizni tikishga arzimaydi. “Galiley ilmiy haqiqatni muhim deb bildi, lekin hayotiga xavf tug‘dirishi bilan o‘z g‘oyasidan osongina voz kechib qo‘yaqoldi, – deb yozadi adib. – Bu xil haqiqat o‘tda yonish badali bo‘lolmaydi. Yer Quyosh atrofida aylanadimi yoki aksinchami – nima farqi bor? Bir so‘z bilan aytganda, bu arzimas masala”. Ha, muqarrar o‘lim tufayli ma’nisiz tuyuladigan inson hayoti Kamyu uchun shu qadar ulug‘ qadriyat edi. Shuning uchun ham u absurdni xudkushlik bilan yengishga qat’iy qarshi bo‘ldi.

 

Absurd go‘yo o‘limning muqarrarligidan tug‘ilar, butkul yo‘q bo‘lib ketish tayin ekan, unda yashash – ma’lum muddat mavjudlik – ma’nisizlikmi? O‘lim bilan tugaydigan hayot aslida yo‘qlik yoki o‘limning ayniyati emasmi? Bu kabi savollarning barchasiga “yo‘q” degan javob – absurdga qarshi isyon sanaladi. Kamyudagi isyon – umrni uning ma’nosizligiga qarshi o‘laroq ma’no bilan to‘ldirish, chorani chorasizlik ichidan topmoq, demak. Xalqona aytganda, sopini o‘zidan chiqarmoqdir.

 

Mantiqan tahlil etilsa, urush, kasallik yo muhtojlik bo‘lmaganda ham odam baribir bir kun olamni tark etadi. Baribir ketar ekanman, hayotning nima keragi bor, qabilidagi tushkunlik isyonni, kurash tuyg‘usini so‘ndiradi. Boz ustiga, o‘zini “elita” sanaganlarning hukmronligi dastidan yashash ko‘pchilik uchun mashaqqatga aylanadi. Butun jamiyatni-ku qo‘yaturaylik, oddiy kundalik turmushning bir qadar yaxshilanishiga-da ishonch yo‘qolishi, chorasizlik odamni hayotdan bezdiradi. Ruhiy quvvatni sezdirmay yemira boradi. Kishini og‘ir xasta kabi hafsalasiz qilib qo‘yadi.

 

Tushunishimcha, mutafakkir shunday qarashda bo‘lgan: jamiyatdagi tengsizlik va zulmning oxiri yo‘q; tabaqalanish, yuqori-quyi o‘rtasidagi ziddiyat yo‘qolmaydi. Odamga baxtni jamiyat bermaydi. “Fozil shahar” yoxud “utopiya oroli” hamisha shirindan-shirin xomxayol bo‘lib qolaveradi. Bunga tarix shohid. Xulosa: bu yechimsizlikka qarshi isyon – baxtsizlik ichidan baxt topa olishdir.

 

Baxtning kamyucha formulasi

 

Farang mutafakkiri diqqatini tortgan voqelik – ijtimoiy faoliyat namoyandalarining turli-tuman idora-yu mahkamalarda odamlarga sariq chaqalik foydasi bo‘lmagan yumushlar bilan bandligi. Uningcha, shu yumushbozlik – absurd, uni anglash esa fojiadir. U bosh-keti yo‘q shu benaf mashg‘ullikni majozan maqsaddan mahrum etilgan “Sizif mehnati”ga muqobil qo‘yadi.

 

Alber Kamyuning ko‘pchilikni maftun aylagan kashfiyoti – tosh dumalab pastga tushgan muddatda Sizif xayolidan kechgan o‘ylar. Qahramonning mahkum bo‘lsa-da, o‘zini ozod his etishi. Tafakkur qilishi, abadiy jazo ichidan mazmun topishi! Sizifning Kamyu kashf etgan isyoni, iroda kuchi, erkinligi mana shu.

 

Adibga ko‘ra, hayotda insonga baxt-saodat uchun berilgan muddat – toshning cho‘qqidan pastga tushish vaqtiga teng. Atigi shu, xolos. Odam bolasi o‘ziga atalgan ana shu baxt lahzalari mavjudligini fahm-u idrok etsa, umri mazmun kasb etadi.

 

Aynan Sizif o‘sha fursat – fikr yuritish lahzasi ekanini bilib qoladi. Adoqsiz mashaqqat ichidan hayot barq urgan daqiqalarni topa oladi. Jazo zulumoti shu muddat xayoli bilan yorishib turadi. Ha, Sizifning baxti – o‘sha yashirin imkonni topa olgani, sanoqli lahzalarning sohibiga aylanganida. Yo‘q, bu lahzalar unga berilgan emas. Uni Sizifning o‘zi – poyonsiz ko‘rgilik halqalarini uzib, o‘ziniki qilib olgan.

 

Kamyu Sizifni bizga oliy inson timsoli o‘laroq o‘rnak qilib ko‘rsatadi: qismat ro‘baro‘ qilgan har qanday voqelikka so‘qirlarcha itoat – odamiyatdan emas. Inson yashashdan zavqlanmog‘i, o‘z qarori va xatti-harakatlarida ozod bo‘lmog‘i kerak. G‘ofillik – baxtsizlikdir; insonning baxti – tafakkur qilishida. Baxtning kamyucha formulasi shu. Adib, ta’bir joiz bo‘lsa, haqiqatning afsona satrlari orasida uchib yurgan ko‘rinmas qushini tutib oladi va uni kaftiga qo‘ndirib bizga shoyon ko‘rsatadi.

 

Sizif nega jazolandi? U qismatga ko‘nmadi. O‘lim muqarrarligi tufayli yuzaga kelguvchi absurdga qarshi isyon qildi. Lekin yana ma’nisizlikka mahkum etildi. U bu “yangi absurd”dan ham ma’no topdi, unga bo‘ysunmadi – mana, Sizif xazinasidan Kamyu topgan durri yatim!

 

To‘g‘ri tushungan bo‘lsak: absurdga qarshi isyon – xudkushlik bilan o‘limni dog‘da qoldirish emas. Bil’aks, o‘tkinchi bo‘lsa-da, hayotni har qanday holatda ham zavqli, foydali jarayonga aylantirishdir.

 

Sizifga sharqona qarash

 

Islomiy haqiqatga ko‘ra, inson hayoti – muqarrar ravishda abadiy; fano – shu mangulikning bir qismidir; ikki dunyo chegarasini o‘z xohishi bilan belgilashga bandaning haqqi yo‘q. Berilgan umrni munosib yashab o‘tish kerak. Fano – baqoga tayyorgarlikdir, xolos.

 

“Tirik qolmoq yo o‘lmoq” – mazkur masalaning yechimi e’tiqodimizga ko‘ra ham, Kamyuga ko‘ra ham bizning ixtiyorimizda emas. Bu birinchi holda – shakkoklik, ikkinchisida – irodasizlikdir. “Dunyo mashaqqati ichidan qanday qilib baxt topsa bo‘ladi?” – mana absurd ta’limotidagi asosiy masala. Shu nuqtada Kamyu falsafasining Uyg‘onish davri tomoshanavisiga qaraganda nihoyatda balandligi oliy gumanizm bilan izohlanadi.

 

Ammo... Sizifni irodali, o‘jar, maqsad sari sobit intiluvchi qahramon sanaydiganlar unutmasinlarki, uning gunohi – o‘limni tan olmagani, qazo-qadardan bosh tortgani, foniy hayotda abadiy yashamoqchi bo‘lganida. Ilohiy aqidaga ko‘ra, bu – kibr, shakkoklikdir. Demak, Sizif – avvalboshdayoq salbiy timsol bo‘lgan. U bu dunyoda bandalikni tan olmagani uchun u dunyoda jazolangan. Tosh – bu jazo, boshqa narsa emas. Buni unutsak, “Sizif hodisasi”ning tub mohiyatidan uzoqlashamiz. Jazo nohaq berilgan, ma’budlar isyonkor qahramondan o‘ch olgan, deb talqin qilish zo‘rakilikdan boshqa narsa emas.

 

Gap shundaki, Sizifning zamonlar o‘tishi bilan gunohkordan qahramonga aylanishi sababi fano va baqoning chalkashtirib yuborilganida – o‘rtadagi uzilgan halqa ana shu. Ijod ahli jozibali afsonani o‘z maqsadiga moslab chimdim-chimdim o‘zgartirib ketaverganga o‘xshaydi.

 

Ovrupolik adib taqdirni – o‘limga mahkumlikni tan olgani, qolaversa, inson hayotida tafakkurning o‘rni masalasida ruhimizga juda yaqin. Ammo u odamzod hayoti bu dunyo bilan tugaydi deb ishongan. Uningcha, afsonadagi jami voqealar fanoda sodir bo‘ladi, tosh bilan bog‘liq jazo ham bu dunyodagi hodisa o‘laroq talqin qilinadi. Sirasi, maftunkor absurd falsafasi chegarasi fano tugagan joygacha – baqo unga begona.

 

Agar Kamyu talqinidagi Sizifda ruhiyatimizga zid nimadir his etayotgan bo‘lsak, uni o‘rnak o‘laroq qabul qilmoqni g‘ayri­shuuriy istamayotgan bo‘lsak, gap – shu chegarada, Sizifning u dunyodagi hayoti odam bolasining bu dunyodagi hayoti o‘laroq talqin etilganida. Shakkoklik uchun berilgan haqli jazodan zaminiy ma’no axtarilganida, ilohiy hukm taftish qilinganida...

 

Bizning vazifamiz – berilgan umrni imkon deb bilib, uni yaxshi amallar bilan munosib yashab o‘tishdir. Shunda yaxshi-yomon qilmishlarimiz mas’uliyatini taqdir zimmasiga yuklashdan tiyilamiz. Xatolarimizni “peshonaga yozilgan” deya xaspo‘shlamay, mudom javobgarlikni his etamiz.

 

Qanchalik g‘alat tuyulmasin, “aqllar hukmdori” deb ulug‘langan adibdan farqli o‘laroq, biz Sizif toshi qarshisida bosh egamiz. Sizifga berilgan jazo haqli va abadiy – ilohiy hukmga boshqa ma’no-mohiyat yuklab bo‘lmaydi.

 

Ha, turli ta’limotlar-u falsafalar o‘z yo‘liga. Ammo to‘g‘ri yo‘l o‘laroq yuborilgan qonun-qoidalar bilan yashab, umumjahon tinchligiga erishmoq ham, o‘zimiznikimi, o‘zganikimi – hayotning qadriga yetmoq ham mumkin. Ana shunda balki bir-birimizga mehr-u shafqat ko‘zlari bilan qararmidik? Yaxshilikka kalit, yomonlikka qulf bo‘larmidik? Tunda jigargo‘shamizning ustini ko‘rpa bilan yopib qo‘yishni din yo‘lidagi jihoddan ulug‘roq amal deb bilarmidik?

 

Islom Sharqining Sizifdan jozibador, hayot nafasi ufurib turgan timsollari naqadar ko‘p, desak, umidvormizki, mahdudlik deya tushunilmas...

 

Lirik chekinish

 

Folklorshunoslar g‘alati bir qonuniyatni ilg‘aganlar: dunyoning turli nuqtalarida yashaydigan xalqlar og‘zaki ijodining qadimiy namunalarida mushtarak motivlar, o‘xshash qahramon va uyqash kechmishlar tez-tez uchrab turadi. Mushtariy “Xalqlar qadim-qadimdan o‘zaro qizg‘in robitada-ku! Elchilar, savdogar-u qaroqchilar – dunyo kezib, matal, afsona va cho‘pchaklarni ellararo doston qilib yuravergan. Buning nimasi g‘alati?” deb e’tiroz bildirishi mumkin. Gap shundaki, olimlarning aniqlashicha, bu g‘aroyib hodisot – yo‘llari tarixda aqalli bir marta ham kesishmagan, bir-birining boridan bexabar elatlarni ham chetlab o‘tmagan ekan. Tadqiqotchilar tekshira-tekshira, shunday farazni ilgari surgan: bu o‘xshashlik yo shunchaki tasodif, yo o‘sha xalqlarning tarixiy rivoji bir-biriga monand bo‘lgan.

 

Men ham o‘zimcha turli tasavvurga berilaman. Lekin ulardan so‘z ochmakka jur’at yetmaydi. Negaki, ular o‘ta munozarali, o‘ta bahstalab...

 

Menga dunyoning barcha qadim xalq asotirlari ilohiy kitoblardan ibtido olgandek tuyuladi. Faqat... og‘izdan-og‘izga o‘tib o‘zgarib ketgan. Darvoqe, Sizif afsonasidagi bu dunyo hayotining o‘tkinchiligi, o‘limning muqarrarligi, gunoh uchun jazolanish va jazoning abadiyligi... kabi motivlarning bari ilohiy kitoblarda bitib qo‘yilmaganmi? Tantalning ma’budlarni ziyofat qilmoq uchun o‘z o‘g‘lini so‘yishi tanish qissani eslatmayaptimi? Dunyo to‘foni haqidagi yunon afsonasi-chi?

 

Mayli, qadim ilohiy kitoblar asliyatini tiklash imkoniyati endi yo‘q. Lekin aniq isbotlash mumkin bo‘lgan misollar bor-ku. Nima sabab bo‘lganini bilmadik, lekin odam bolasi o‘z xayolida Iso alayhissalomni Xudoning o‘g‘liga aylantirib, Ayyub alayhissalomning vujudini jirkanch qurtlarga talatmadimi? O‘sha qiyshiq ko‘zgu Yusuf alayhissalomni Zulayxo bilan “qo‘sha qarit”madimi? Sizif voqeasi ham “tahrirchilar” qo‘liga tushmagan deb kim ayta oladi? Vikipediya ensiklopediyasida yozilishicha, davrlar o‘tishi bilan “Sizif obrazi odamlarda hamdardlik, achinish tuyg‘ularini uyg‘otadigan bo‘ldi.... Uning gunohlari unutildi, yunon aristokratiyasi taomilida esa Sizifni o‘zining afsonaviy ajdodlaridan bilish shon-sharaf sanaladigan bo‘lib qoldi. Og‘ir jazo endi gunohga yarasha ajr emas, xudolarning o‘ch va qasoskorligi ramziga aylandi”. Kim bilsin, nafsi ammora hukmiga tobe o‘sha zodagonlar og‘ir gunohlarini el ko‘zida oqlash uchun shakkok Sizifdan qahramon yasab olishgandir? Agar bu faraz to‘g‘ri bo‘lsa, sevimli yozuvchimiz ham timsolni to‘g‘ri tanlamagan bo‘lib chiqadi. Nachora...

 

Buyuk gumanist

 

Alber Kamyu kommunizm, fashizm kabi g‘ayriinsoniy ta’limotlarning mohiyatini o‘z vaqtida angladi. Urush va sinfiy zulmni qattiq qoraladi. Odam bolasini oliy mavjudot sanagani uchun ham, baxt talabidagi kurashda iroda va tafakkurni hal qiluvchi o‘ringa qo‘ydi. Tengsizlik hukm surgan dunyoda og‘ir qismatga mubtalo bo‘lganlarni ko‘r-ko‘rona bosh egmaslikka, kurashga chorladi. Yozuvchining “Inson o‘limga mahkum, hech kim bundan istisno emas. Umrni hayotsevarlik, tafakkur qilmoq kabi ma’no bilan to‘ldirish lozim. Xudkushlik – ojizlikdir” singari qalbga umid va qanoat bag‘ishlovchi fikrlari talaygina. Kamyu gumanizmi Yer kurrasida zulm va zug‘umlar hamon avj olib turgan bizning asrda yanada qadrlidir. Fikrlaydigan ziyolini bu mutafakkirga mubtalo qilgan jozib kuch – jamiyat boyliklari yaratuvchisi bo‘lgan, ammo mehnati mahsulidan mahrum etilgan oddiy odamlarga mehr-u muhabbat, hamdardlikdir. Kamyu “Sizifni baxtli sanamoq joiz” deyish ila og‘ir jismoniy mehnat, muhtojlik va zulmga mahkum etilganlar ham tafakkur ila saodat topadilar, demoqchi. Baxtga limmo-lim istiqbolga umid uyg‘otmasa-da, harqalay, hayotning har lahzasida yorug‘lik bor, demoqchi. Lev Tolstoy ta’biri bilan aytganda: “Hayot bor joyda baxt-saodat ham bor”.

 

Nodira OFOQ

 

“Tafakkur” jurnali 2019-yil 3-son.

“Men Sizif toshiga egaman boshim” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19060
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19060
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15751
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi